MAKTABGACHA TA'LIMDA INKLYUZIV TA'LIMNI JORIY
ETISH ISTIQBOLLARI
Ergasheva Sarvinoz
Andijon davlat pedagogika institute Maktabgacha ta'lim yo'nalishi 2-bosqich talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.11278130
Annotatsiya. Ushbu maqolada jamiyatimizdagi alohida ta'limga ehtiyoji bor bo'lgan bolalar va sog'lom bolalar o'rtasidagi tenglik, nogironligi bor bo'lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish haqida fikr-mulohazalar bayon etilgan. Bolalarni mustaqil hayot kechirishlari uchun zarur bilim, kasb-hunarga oid malakalarni o'rgatish kabi fikrlar bilan tanishishimiz mumkin.
Kalit so'zlar: alohida ta'lim, maxsus maktab, korreksion, Brayl alifbosi, UNICEF, ruhiy madad, mehrli qo'llar, gospital pedagogika, cheksiz imkoniyat.
Аннотация. В данной статье представлены мнения о равенстве детей с особыми образовательными потребностями и здоровых детей в нашем обществе, защите прав и интересов детей с ограниченными возможностями. Мы можем познакомиться с такими идеями, как обучение детей необходимым знаниям и профессиональным навыкам для ведения самостоятельной жизни.
Ключевые слова: специальное образование, специальная школа, коррекция, Брайль, ЮНИСЕФ, духовная поддержка, любящие руки, госпитальная педагогика, неограниченные возможности.
Abstract. In this article, opinions about equality between children with special educational needs and healthy children in our society, protection of rights and interests of children with disabilities are presented. We can get acquainted with ideas such as teaching children the necessary knowledge and professional skills to lead an independent life.
Keywords: special education, special school, correction, Braille, UNICEF, spiritual support, loving hands, hospital pedagogy, unlimited opportunity.
O'zbekiston Respublikasi ta'lim sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlarga e'tibor bersak inklyuziv ta'lim ya'ni, alohida ta'limga ehtiyoji bor bo'lgan bolalarga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan: O'zbekiston respublikasi vazirlar mahkamasining qaroriga muvofiq alohida ta'limga ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida qaror qabul qilingan. Ushbu qarorga ko'ra Inklyuziv ta'lim sinflari va boshlang'ich tayanch korreksion sinflarga quyidagi toifadagi bolalar qabul qilinadi:
Eshitishda nuqsoni bo'lgan bolalar (eshitish qobiliyatining yo'qotilishi 60 Db gacha bo'lgan rivojlanishida qo'shimcha buzilishlar bo'lmagan bolalar);
Ko'rishda nuqsoni bo'lgan bolalar (ko'rish qobiliyatining buzilishi 0,1 gacha bo'lgan rivojlanishida qo'shimcha buzilishlar bo'lmagan bolalar);
Somatik kasalliklar (psixofizik va nutqning rivojlanish darajasi yoshiga mos kelmaydigan bolalar);
Nutqida og'ir nuqsonlar bo'lgan bolalar (alaliya, dislaliya, afaziya, rinolaliya, dizartriya, psixik-nutqiy rivojidagi sustlik, duduqlanish);
Tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo'lgan bolalar (bolalar tserebral falaji, skolioz, poliomiyelit, miopatiya, osteomiyelit, amputatsiya, bo'y o'sishining yetishmovchiligi — pakanalik);
Aqliy rivojlanishi saqlangan holda tayanch-harakat tizimidagi buzilishi bo'lgan bolalar;
Aqliy rivojlanishi saqlangan yoki ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar (o'zi harakat qila oladigan yoki qo'shimcha moslamalar va nogironlik aravachasida harakatlana oladigan bolalar tserebral falaji);
Intellektual rivojlanishning potensial buzilmagan imkoniyatlari bilan ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar;
Xulq-atvor va ruhiyatning qo'pol buzilishlarisiz autistik spektri buzilgan bolalar;
Intellektual rivojlanishi saqlanib qolingan, tutqanoq holatida bo'lgan bolalar (agar bola antikonvulsant dorisini qabul qilganda, tutqanoq 1 oyda 1-martadan oshmagan paytda). Ko'rishda nuqsoni bor bo'lgan bolalar Brayl yozuvidan foydalanishadi. Bu alifbo yordamida ko'zi ojizlar ham ilm-ma'rifat egallash imkonini qo'lga kiritgan. Bundan ko'rinib turibdiki, inklyuziv ta'limga ehtiyoji bo'lgan bolalar ham so'g'lom bolalar singari teng huquqliligini his qilgan holatda ta'lim olishi mumkin. Bu bo'yicha dasturlar ishlab chiqilib, alohida ta'limga ehtiyoji bor bo'lgan bolalarning qiziqishlarini inobatga olgan holda ularni qo'llab-quvvatlash va yordam ko'rsatish bo'yicha Maktabgacha ta'lim tashkiloti mas'ullariga qator vazifalar yuklatilgan. Maktabgacha ta'lim tashkilotida alohida ta'lim olishga ehtiyojlari bo'lgan bolani ta'lim olishi va rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash - bu MTTning direktori, pedagog va mutaxassislari tomonidan tashkil etiladigan jamoaviy ish. O'zbekiston respublikasida barcha bolalar teng huquqli tili, dini, irqi, millati, tanasining rangidan qat'i nazar. Birlashgan millatlar tashkiloti ham O'zbekistonda bolalar teng huquqqa ega ekanligini bildiradi. UNICEF bola huquqlari to'g'risida konvensiyaga amal qilib uning qoidalari bolalarga nisbatan etika tamoyillari va xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilishini ilgari suradi.
Inklyuziv ta'lim quyidagi yo'nalishlarni o'z ichiga oladi:
1. Aqlida kamchiligi bor bo'lgan bolalar.
2. Eshitishda kamchiligi bor bo'lgan bolalar.
3. Ko'rishda kamchiligi bor bo'lgan bolalar.
4. Nutqida kamchiligi bor bo'lgan bolalar.
5. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar.
6. Tayanch-harakat sistemasida kamchiligi bor bo'lgan bolalar.
7. Autizm spektrida kamchiligi bor bo'lgan bolalar. Har bir nuqsonida kamchiligi bor bo'lgan bolalar bilan mutaxasislar ish olib boradi. Aqlida kamchiligi bor bo'lgan bolalar oligofreniya kasalligiga chalingan bolalardir. Oligofreniya bolaning markaziy nerv sistemasining ona qornidaligi davrida, tug'ilish vaqtida shikastlanishi, kasallanishi natijasida kelib chiqadi. Agarda, turli sabablarga ko'ra, aqlan zaiflik bolaning 3 yoshidan keyingi davrida paydo bo'lsa, buni endi orttirilgan aqliy zaiflik - demensiya deb yuritiladi. Eshitishda kamchiligi bor bo'lgan bolalar bilan surdopedagoglar ishlaydi. Surdopedagoglar zaif eshituvchi bolalarni eshitish darajasini tekshiradi, bola bilan ishlaydi hamda davolaydi. Eshitish qobilyati buzilgan bolalar uchun ta'lim tizimini yaratishda, samarali ta'lim tarbiya berish usullarini tanlashda turli klassifikatsiyalarga e'tibor beradi.
Ko'rish nuqsoniga ega bo'lgan bolalarda nutq rivojlanishi o'tkir bo'ladi. Ko'r va zaif ko'ruvchilarda tovush talaffuzidagi kamchiliklar bilan bir qatorda nutq rivojlanishidagi kamchiliklarni ham ko'rishimiz mumkin. Lug'at boyligi kamligi umumlashtiruvchi tushunchalar asosida hikoyalar tuzishda xatolarga yo'l qo'yishga olib keladi. Normal ko'ruvchi va ko'rishda nuqsoni bor bolalarning nutqidagi nuqsonlarni solishtiradigan bo'lsak ularning o'xshashligini ko'rish mumkin. Shu bilan birga kamchiliklar darajasi va shakllanishi jihatidan katta farqqa ham
ega. Ko'rishida nuqsoni bor bo'lgan bolalar uchun Brayl alifbosi asosidagi darsliklar va maxsus moslamalar yaratilgan. Ushbu bolalar o'quv qurollari bilan to'liq ta'minlansa, ular uchun mashg'ulotlar ko'rishda nuqsoni bo'lgan, bugungi kunda kamsitishlarga uchragan oliy pedagogik ma'lumotli o'qituvchilar tomonidan o'tkazilsa, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga ehtiyoj qolmaydi. Nutqida kamchiligi bor bo'lgan bolalar bilan logoped ishlaydi. Nutqning buzilish sabablarini o'rganadi. Bola bilan ma'lum bir muddat faoliyat olib borib undagi kamchiliklarni bartaraf qilishga yordam beradi. Ilk yoshda har xil surunkali kasalliklar bilan tez-tez kasallanib turish natijasida bola yaxshi o'sib-unmay qolishi mumkin, bu esa o'z navbatida ruhiy jihatdan rivojlanishida orqada qolishga, kechikishga olib keladi, sust rivojlanganlikning somatik shakli deb shunga aytiladi. Bolada surunkali infeksiyalar, allergik holat tug'ma porok va shu kabi kasalliklar ayniqsa tez uchrab turadi. Ruhiy rivojlanishning somatogen sabablarga aloqador sustligi bolada asteniya holatini vujudga keltiradi. Ayrim bolalarda somatogen infantilizm kuzatiladi, ya'ni bola o'sib-unmagan, go'dak taxlit bo'lib qolaveradi. Bunda bola psixikasida nevrozga o'xshash holatlardan o'z kuchiga ishonmaslik, qo'rqoqlik, injiqlik, erkalik, qiziqishning pastligi va boshqalar kuzatiladi.
Bugungi kunda maktabgacha ta'limni ham shaklan, ham mazmunan yangilashga qaratilgan innovatsiyalar barcha pedagoglardan bola tarbiyasi, uning ta'lim olishga tayyorgarligiga zamon talablaridan kelib chiqqan holda yondashuvini talab etadi. Maktabgacha ta'lim tizimida inklyuziv ta'limni o'qitish bilan birga zamonaviy usullar bilan ta'lim jarayonlari tashkil etilmoqda. STEAM ta'lim texnologiyasi ta'limdan farqli ravishda bilimlarni alohida emas, o'zaro mutanosib holda olib borishni ta'minlab beradi. Bola o'zida nostandart fikrlash, muammoga bir nechta yechim topish va ijodkorlik ko'nikmalarini shakllantiradi va bu uning kelajakdagi faoliyatida juda qo'l keladi.
STEAM ta'lim tizimi bu quyidagilar: S-science -fan T-technology- texnologiya E-engineering-inj inerlik A-art- san'at M-math- matematika
Maktabgacha yoshdagi bolalarda ijodkorlikni, kreativlikni rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, media ma'lumotlarni takomillashtirish asosida animatsion samarali foydali mustaqil faoliyatini tashkil etish, bolalarni mantiqiy va algoritmik fikrlashi, rejalashtirish va modellashtirish qobiliyatlarini shakllantirishda STEAM ta'lim texnologiyasi yuqori ko'rsatgich bermoqda. Maktabgacha yoshdagi bolalarning kommunikativ kompetensiyalarini shakllantirish jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotidagi faol jarayonlari bilan bog'liq bo'lib, maktabgacha ta'lim tizimida bola shaxsini shakllanishida zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, turli shakl, usul va vositalarini ishlab chiqishni, ularni har tomonlama rivojlanishi va ijtimoiy moslashuvini talab etadi. STEAM fanlarni va tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish kompetensiyalari va malakalarining rivojlanishiga alohida urg'u berishni hisobga olgan holda, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta'lim dasturlari va yangi davlat ta'lim standartlari joriy etiladi. Alohida ta'limga ehtiyoji bor bo'lgan bolalar ham sog'lom bolalar ham steam ta'lim texnologiyasi dasturida ta'lim olsa yuksalish yanada ko'proq natija beradi. Bugungi kunda o'qituvchidan ta'lim sohasida zamonaviylik, kreativlik talab qilinmoqda. O'qituvchi qanchalik bolalarga bilim berishga oshiqsa, ularni dars jarayonga mahorat bilan qiziqtirsa bolalarning ham IQ darajasi yuqori bo'ladi. Inklyuziv ta'limning maqsadi ham
nuqsonli bolalani hayotda o'z o'rnini topishi, kelajakda o'z mehnati evaziga hayot kechirishi, orzu-maqsadlariga o'z mehnatlari evaziga erishishini ta'minlash eng asosiy vazifa hisoblanadi. O'zbekistonda har bir bolaning yuqori darajada ta'lim olishi kafolatlangan. YUNISEF har bir bolaning huquqlarini himoya qilish uchun Yevropa va Markaziy Osiyoda ta'limga yordam beradi. U har bir bolaning himoyalangan, so'g'lom va bilimli bo'lishini ta'minlashga harakat qiladi, shu bilan birga, barcha iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot natijasida ortda qolgan bolalarga alohida e'tibor qaratadi zero, hech bir bolani bilimsiz qoldirmaslik kerak. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga ko'ra imkoniyati cheklangan yoshlar uchun markazlar tashkil etilga. Imkoniyati cheklangan yoshlarni qo'llab-quvvatlash markazining asosiy maqsadi imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, jumladan nogiron, ko'zi ojiz, eshitish qobilyati cheklangan, muomala layoqatiga ega bo'lmagan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga ko'maklashish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, jamiyatda teng imkoniyatlar yaratib berish, huquqiy, psixologik-pedagogik yordam ko'rsatish hamda xayriya faoliyatini amalga oshirishdan iborat. Bu mehrli qo'llar markazidir. Insonlarga mehr ulashish, bolalarga bir lahzalik shodlik baxsh etish insoniylikning oliy ko'rinishidir.
Maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarning rivojlanishida didaktik o'yinlar ko'proq ahamiyatga ega hisoblanadi. Bog'cha yoshidagi bolalar irodaviy harakatlarining rivojlanishida o'yin juda katta rol o'ynaydi. O'yin bolalar irodasini o'stiruvchi va mustahkamlovchi omillardan biridir. Sog'lom rivojlanayotgan bola didaktik o'yinlarning qoidalariga, harakatlariga rioya qilgan holda o'ynashga harakat qiladi. Alohida ta'limga ehtiyoji bor bo'lgan bolalarda his-tuyg'ulari o'zgarishi mumkin. Hozirgi kunda inklyuziv ta'limdagi bolalar ham sog'lom bolalar bilan raqobatlasha oladi. Chunki, barcha bolalar teng huquqliligini hisobga olgan holatda nuqsonli bolalarni tibbiy pedagogik-psixologik komissiya nazoratidan o'tkazgan holatda sog'lom bolalar bilan barobar o'qitilmoqda. Bu bolalar imkoniyati cheklangan emas imkoniyati cheksizlardir aslida.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 12.10.2021 yildagi 638-son
2. Ilk qadam davlat o'quv dasturi Toshkent 2022-yoil 13-bet.
3. https://www.unicef.org/uzbekistan/uz/biz-haqimizda
4. O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA'LIMI TIZIMINI 2030-YILGACHA RIVOJLANTIRISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TO'G'RISIDA 5712-sonli qarori
5. Z. Nishanova, G. Alimova. Bolalar psixologiyasi va uni o'qitish metodikasi. 0 'quv qo'llanma. -T.: 0 'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg'armasi nashriyoti, 2006-yil 97-bet.