Научная статья на тему 'MA’NAVIY BARKAMOL YOSHLAR SHAKLLANISHIDA IJTIMOIY FANLARNING TA’SIRCHANLIGINI OSHIRISH OMILLARI'

MA’NAVIY BARKAMOL YOSHLAR SHAKLLANISHIDA IJTIMOIY FANLARNING TA’SIRCHANLIGINI OSHIRISH OMILLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
ma’naviy yetuklik / axloqiy mas’uliyat / komillik / g‘oyaviy tarbiya / g‘oyaviy tahdidlar / mafkuraviy immunitet / kasbiy yetiket / etuk mutaxassis.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Quldoshev Asliddin Tursunovich

Maqolada yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan yosh avlod tarbiyasida ularning ma’naviy axloqiy qiyofasini shakllantirish va ta’lim – tarbiyaviy jarayonining uzviy bog‘liqligiga e’tibor qaratilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MA’NAVIY BARKAMOL YOSHLAR SHAKLLANISHIDA IJTIMOIY FANLARNING TA’SIRCHANLIGINI OSHIRISH OMILLARI»

MA'NAVIY BARKAMOL YOSHLAR SHAKLLANISHIDA IJTIMOIY FANLARNING TA'SIRCHANLIGINI OSHIRISH

OMILLARI

Quldoshev Asliddin Tursunovich

Samarqand Davlat Arxitektura Qurilish Universiteti dotsenti, f.f.d. https://doi.org/10.5281/zenodo.11213655

Annotasiya. Maqolada yangi O'zbekiston bunyodkori bo'lgan yosh avlod tarbiyasida ularning ma'naviy axloqiy qiyofasini shakllantirish va ta'lim - tarbiyaviy jarayonining uzviy bog'liqligiga e 'tibor qaratilgan.

Kalit so'zlar: ma'naviy yetuklik, axloqiy mas'uliyat, komillik, g'oyaviy tarbiya, g'oyaviy tahdidlar, mafkuraviy immunitet, kasbiy yetiket, etuk mutaxassis.

Аннотация. В статье уделяется внимание формированию духовно-нравственного облика молодого поколения, являющегося творцами нового Узбекистана, и целостной связи образовательного процесса.

Ключевые слова: духовная зрелость, нравственная ответственность, совершенство, идеологическое воспитание, идеологические угрозы, идеологический иммунитет, профессиональный этикет,зрелый специалист.

Abstract. In the article, attention is paid to the formation of the spiritual and moral image of the young generation, who are the creators of the new Uzbekistan, and the integral connection of the educational process.

Key words: spiritual maturity, moral responsibility, perfection, ideological education, ideological threats, ideological immunity, professional etiquette, mature specialist.

Kirish. Yangi O'zbekistonda taraqqiyot yo'limizni tanlab, mamlakatimizda keng qamrovli yangilanish va o'zgarishlar jarayonini qat'iyat bilan davom ettirib kelar ekanmiz, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan bir vaqtda jamiyatning ma'naviy yangilanishi masalasiga ham jiddiy yondashmoqdamiz. Har ikkala holatda ham asosiy e'tibor inson omiliga yo'naltirilgandir. Bu borada barcha sa'y-harakatlarimiz xalqimiz, xususan, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratish barobarida ularning dunyoqarashi va tafakkur tarzida mustaqillik g'oyalarining mustahkam o'rin egallashi uchun yo'naltirilgandir.

Shubhasiz, hozirgi davr taraqqiyoti mezonlari aqliy qobiliyat, ilmiy salohiyat va albatta, ma'naviyat yuksakligi bilan belgilanadi. Ushbu mezonlar mushtarikligini ta'minlab, uni ezgu maqsad sari yo'llovchi milliy g'oyaga ehtiyoj hamisha xalq ruhida aks etmog'i lozim. Binobarin, xalq milliy ruhiyatida uning mustahkamligi va sobitligining yorqin ifodasi bo'lgan milliy mafkuraning ezgu maqsadlari mujassamdir.

Bugun biz amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarimiz, islohotlar samaradorligi jamiyatning eng faol, tashabbuskor kuchi bo'lgan barkamol avlod tarbiyasi samaradorligi bilan uzviy bog'lanib ketgan. Shu bois, asosiy e'tiborni yoshlarimizning ma'naviy - axloqiy yetukligi, aqliy va jismoniy sog'lomligi hamda g'oyaviy-mafkuraviy tarbiyasiga qaratayotganligimiz bejiz emas. Ushbu mas'uliyatli vazifani o'z zimmasiga oladigan ta'lim tizimi, unda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, chuqur islohotlar doimiy diqqat markazimizda va davlat siyosati darajasidadir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyov o'zining Oliy Majlisga yo'llagan navbatdagi Murojaatnomasida ham aynan strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash masalasiga e'tibor qaratib, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o'zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo'lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligini ta'kidlab o'tdi.

Hech bir ikkilanishsiz aytish mumkinki, barkamol inson shaxsini tarbiyalash, sog'lom avlod kelajagi haqida qayg'urish-jamiyat va millat kelajagi bilan bog'liq jiddiy masaladir. "Yosh avlod tarbiyasi mamlakat rivojlanishining real talablariga mos yondashuvni, o'ziga xos aniqlikni taqoza etmoqda. Bu aniqlikda bizning millat va xalq sifatidagi zamonaviy o'zligimizni anglash darajamiz va zamonaviy taraqqiyot talablari taqoza etadigan milliy tafakkurimiz ifodalanishi kerak" [1].

Ayni shu ma'noda xalq va millatning o'zlikni anglash darajasi avvalo milliy tafakkurimiz zamin -poydevorini tashkil etuvchi milliy mafkuramizning xalq ishonchi va e'tiqodi qiyofasida namoyon bo'lishi bilan belgilanadi. Shu sabab ezgu maqsadlarimiz ifodasi bo'lgan barqaror taraqqiyotimiz mo'ljallari ham avvalo barkamol avlod ma'naviy yetukligi va mafkuraviy e'tiqodi bilan bog'lanib ketgandir.

Ajdodlarimiz ezgu maqsadlari ifodasi bo'lgan g'oyalarimiz tarixiga nazar solar ekanmiz, turli davrlarda ularga xos mushtaraklikning guvohi bo'lamiz. Ushbu holat manfaatlar uyg'unligida namoyon bo'lar ekan, ezgu maqsadlar uyg'unligi quyidagi jihatlar bilan belgilanadi:

- mamlakat mustaqilligi yo'lida turli qavmlar, urug' va elatlar birligi, totuvligi va hamkorligiga erishish;

- o'z tug'ilib o'sgan yurtiga sadoqat, uning tinchligi, xavfsizligi va taraqqiyoti yo'lida fidoyilik timsoli, vatanparvarlik tuyg'usini tarbiyalash;

- el-yurt, millat va xalqning kelajak istiqbolini, orzu-umidlarini ro'yobga chiqaruvchi yangi avlod tarbiyasi;

- mamlakat, millat, xalq istiqboli va taraqqiyotini belgilovchi muhim omil sifatida ilm-fan va ma'rifatga intilish, ma'naviyat yuksakligiga erishish;

- yurtning iqtisodiy qudratini oshirish, xalqning moddiy farovonligini qo'llab-quvvatlash.

Ko'rinib turibdiki, barcha intilishlar, maqsad - muddaolarning yagona mezoni el-yurt manfaatlaridir. Ayni shu maqsad bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, amalga oshirilayotan keng qamrovli o'zgarishlar va islohotlarning konkret inson omili bilan bevosita bog'liqligida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Kelajak istiqbolimizning oqilona mo'ljallarini ifoda etuvchi Taraqqiyot strategiyasi ana shu insonparvarlik g'oyalarimizning hayotiy namunasidir.

Biz hamisha milliy yuksalishimiz oldingi saflarida yuksak ma'naviyat va ma'rifat sohiblari bo'lgan bilimli, ilmiy salohiyatli mutaxassislarni, yangi avlod kadrlarini ko'ramiz. Shunday ekan, bugungi kun talablariga javob beradigan, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ularni yetuk mutaxassis, o'z sohasining bilimdoni, ilmiy salohiyat hamda amaliy ko'nikmalarga ega bo'lgan zamonaviy kadrlar sifatida eng ilg'or texnika va texnologiyalar bilan jihozlanayotgan sohalar va tarmoqlarni ta'minlash oliy ta'limning birinchi darajali vazifasidir.

Shu o'rinda oliy ta'lim tizimi sohasida belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish samaradorligini ta'minlovchi yana bir muhim omilni ta'kidlash joizki, aynan shu omil ta'lim tizimini tubdan yangilash borasida olib borilayotgan islohotlarimizning mazmun mohiyatini

belgilab beradi. Aniqlik kiritaylik, gap yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash haqida borar ekan, avvalo, eng ilg'or talablarga mos, zamonning intellektual, ilmiy - texnikaviy, ma'naviy-axloqiy va g'oyaviy-mafkuraviy shiddatlariga dosh bera oladigan mutaxassis shaxsi nazarda tutilmog'i lozim. Bunday moslik va tayyorgarlikni esa faqatgina mutaxassislik talablari bilan o'lchab bo'lmaydi. Shunday ekan, biz mutaxassis kadrga uning kasbiy tayyorgarligi, mahorati va qobiliyati bilan cheklanib ta'rif beradigan bo'lsak, u holda faqat o'z kasbiy manfaatlaridan kelib chiqib, vaziyatga baho beradigan, jamiyat uchun sarflanadigan bilimi va qobiliyati evaziga undan ikki hissa ko'proq naf ko'rishni rejalashtirgan "qashshoq mutaxassis" ta'rifidan nari o'tolmaymiz. Vaholanki, biz o'z mutaxassisligining ijtimoiy ahamiyatini mushohada qilib, professional mahoratini uzluksiz oshirib boradigan, uni jamiyat manfaatlari izmida milliy yuksalish maqsadlari sari safarbar etib, faxr va g'urur tuyg'usini, moddiy va ma'naviy qoniqish hissini anglab etadigan mutaxassis kadrni tarbiyalab berishni maqsad qilib qo'yganmiz. Demak, oliy ta'limga faqat oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlar etkazib beruvchi ta'lim muassasasi deb qaramasdan, ushbu tizimni yoshlarimizga ham bilim, ham kasb-hunar va ixtisoslik berish bilan bir vaqtda ularda erkin fikr madaniyati va mustaqil dunyoqarash ko'nikmalarini shakllantiradigan, ma'naviy-axloqiy qiyofasini qaror toptirib, ijtimoiy faollik, ijodkorlik va tashabbuskorlik sari yo'llaydigan, yuksak ma'naviyatli barkamol inson qiyofasidagi mutaxassis kadrlarni yetishtirib beruvchi ta'lim-tarbiya maskani deb bilmog'imiz kerak .

To'g'ri, oliy ta'limning, unga aloqador fan sohalari va tarmoqlarini rivojlantirish, uni jahon andozalari darajasiga ko'tarish uchun birinchi galda so'zsiz, o'z sohasining chuqur bilimdoni, nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarini uyg'unlikda olib bora oladigan, ilmiy salohiyatga ega mutaxassislar tayyorlash vazifasi rad etib bo'lmas haqiqatdir. Shuningdek, ta'kidlash kerakki, har qanday taraqqiyot va ilmiy faoliyat mahsuli shubhasiz, mushtarak maqsad sari - milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg'unligi negizida ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirish bilan birga milliy taraqqiyot uchun xizmat qilishi kerak. Shundagina biz tayyorlagan mutaxassislar qiyofasida yuksak ma'naviyat, kasbiy madaniyat, ma'rifat va milliy tarbiya xislatlarining ifodasini ko'ramiz.

Mutaxassis kadrlar ma'naviyati masalasiga to'xtalar ekanmiz, ta'kidlash kerakki, har bir mutaxassislik ta'limi o'zida individual va ijtimoiy fazilatlar uyg'unligini qamrab olmog'i lozimki, bu uyg'unlik mutaxassisning bilim saviyasi va kasbiy etiketini namoyon qilish omiliga aylanadi. Ushbu omil mutaxassis saviyasi va kasbiy madaniyatining ma'naviy-axloqiy mezonlarini belgilab beradi. Ular quyidagilar:

- tanlagan yo'nalishi bo'yicha o'z kasbining mas'uliyatini his qilgan holda aniq maqsad va rejalar asosida faol pozitsiyaga ega bo'lish;

- o'z qobiliyati, bilimi va kasbiy mahorati, o'z o'rni va mavqeiga moslik darajasini namoyon qilish orqali hurmat va e'tiborga erishish;

- o'z fikri, g'oyasi va rejalarini aniq ravon nutqda bayon etib, atrofdagilarga ta'sir eta olish jur'ati bilan jamoaviy birlik va hamkorlikni qaror toptirish;

- zamonaviy bilimlar sohibi sifatida siyosiy ong va huquqiy madaniyat uyg'unligiga erishish;

- alohida ijtimoiy guruh vakili sifatida muayyan axloqiy me'yorlar doirasida o'z-o'zini idora etish orqali o'zgalarga o'rnak bo'lish;

- qabul qilgan har bir qaroriga o'zgalarni ishontirish, uyushtirish va o'z ortidan ergashtirib bora olish;

- ijtimoiy faollik va tashabbuskorlik, mas'uliyat, javobgarlik, burch va majburiyatlarni namoyon etish.

Belgilangan barcha mezonlar sub'ektning shaxsiy fazilatlari ustuvorligini taqozo qiladi. Demak, oliy ma'lumotli mutaxassisning shaxsiy fazilatlari va ma'naviyati haqida so'z yuritar ekanmiz, ta'lim sifatini belgilovchi yana bir muhim omilga e'tibor qilmoq lozim. Mutaxassisning bilim saviyasi, malaka va ko'nikmalarini oshirishda oliy ta'limning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash qanchalik zarur bo'lsa, bilingki, tizimning ma'naviy-ma'rifiy bazasini zamon talablariga moslashtirish va mustahkamlash shunchalik zarurdir. Ta'lim berish borasida ilg'or xorijiy tajribalarga qanchalik ahamiyat berayotgan bo'lsak, ma'naviy-tarbiyaviy yo'nalishda milliy qadriyatlarimiz ahamiyati va ta'sirchanligini yanada mustahkamlamog'imiz shart.

Mavzumiz mazmunidan kelib chiqib, biror-bir fan yoki ta'lim sohasiga ortiqcha baho bermagan holda ta'kidlash o'rinliki, ta'lim tarbiyaviy yo'nalishda o'z maqsad va vazifalarini talaba -yoshlarning dunyoqarashi, fikrlash madaniyati, ijtimoiy faolligi va hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga yo'naltirilgan ijtimoiy fanlar o'z mazmuniga monand mutaxassislik bilimlarining sifat samaradorligi va ijtimoiy yo'naltirilganligini mutaxassis ongiga singdirib, uning ma'naviy mas'uliyatini tarbiyalaydi [2]. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining - "Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi qarorida ta'kidlanganidek: "Oliy ta'limning ma'naviy-axloqiy mazmunini oshirish, talaba-yoshlarga mustaqillik g'oyalariga, yuksak ma'naviyat va insoniylikning milliy an'analariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot g'oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash bo'yicha keng ko'lamli ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarni olib borish" [3]. oliy ta'limni kompleks rivojlantirish va ijtimoiy fanlarni o'qitish samaradorligini oshirishga doir funksional vazifalari sifatida belgilab berildi.

Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar eng avvalo ta'lim sifati samaradorlgiga erishish, bu borada eng ilg'or va zamonaviy xorijiy tajribalarni o'rgangan holda ulardan ijodiy foydalanib, milliy ta'lim tizimimizga tatbiq etish maqsadi sari yo'naltirilgandir. Tizimning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, yetuk mutaxassislar, ilmiy - pedagogik kadrlar bilan ta'minlash, ilmiy salohiyatni ko'tarish va tajriba -konstruktorlik ishlarini izchil yo'lga qo'yish, hududiy iqtisodiy potensial imkoniyatlari bilan muvofiqlashtirish orqali "ta'lim-fan-ishlab chiqarish" integratsiyasini shakllantirish ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarining pirovard maqsadidir.

Oliy ta'limning ma'naviy-axloqiy mazmunini oshirish bilan bevosita bog'liq fanlar, xususan, ijtimoiy fanlarning mavqei va maqomini mustahkamlash, mas'uliyatini oshirish, dunyo miqyosida kechayotgan voqealar shiddatiga bilimi va g'oyaviy e'tiqodi bilan bas kela oladigan barkamol avlod tarbiyasida ushbu fanlarning ta'sirchanligi va amaliy ishtirokini ta'minlash uchun yetarlicha imkoniyat yaratish sohadagi ijobiy o'zgarishlarning muhim omilidir.

Darhaqiqat, ijtimoiy fanlarni o'qitishda ularning funksional vazifalaridan kelib chiqadigan o'ziga xoslikni alohida ta'kidlab o'tish kerak. Zero, ijtimoiy fanlar talaba yoshlarda tafakkur madaniyatini shakllantirish barobarida tashqi voqelikda sodir bo'layotgan o'zgarishlar, voqea-hodisalarga o'z munosabatlarini bildirish, shaxsiy qarorlar qabul qilish va xulosalar chiqarish sari yo'llaydi. Masalaning muhimligi shundaki, yoshlarimizning voqelik haqidagi umumiy dunyoqarashini shakllantirishda birinchi galda shu voqelik mazmun-mohiyatini to'g'ri izohlab, sodir bo'layotgan voqealar, ularni yo'nalishi, harakatlantiruvchi kuchlari va maqsad

mudaolari haqida aniq ma'lumotlar asosida yoshlarimiz fikrini oydinlashtirish lozim. Ana shunday mas'uliyatli vazifa ko'proq dunyoqarashlik maqomiga ega bo'lgan falsafiy fanlar zimmasiga tushadi.

Shuning uchun ijtimoiy fanlarni chuqur o'rganish tafakkur madaniyati orqali dunyoni anglash, uning mohiyati to'g'risida mantiqiy mushohada yuritish va shu orqali yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Shu ma'noda tashqi olam, bizni o'rab turgan borliq to'g'risida tushuncha va xulosalarimiz aqliy qobiliyatimiz mahsuli sifatida tizimli ta'sirning, ya'ni ta'lim jarayonining uzliksizligi va maqsadli yo'naltirilganligi natijasi deb qabul qilinishi mumkin. Binobarin, ta'lim tizimining yuqori bosqichlarida ushbu fanlarni o'qitishda fan dasturlari, o'quv adabiyotlari va ta'lim texnologiyalarida o'ziga xoslikka e'tibor qaratib, hech bir ayniylikka, o'xshashlikka va takrorlanishlarga yo'l qo'ymasligimiz lozim.

Ijtimoiy fanlarni o'qitishda biz avvalo fanning insonparvarlik mohiyatiga jiddiy e'tibor qaratmog'imiz lozim. Shu bois yoshlarimiz ongi va qalbiga singdirayotgan g'oyalarda insonparvarlik, vatanparvarlik, ma'rifatparvarlik, mehnatsevarlik, bag'rikenglik va fidoyilik fazilatlari ustuvorligini ta'minlamog'i miz zarur. Ana shu maqsaddan kelib chiqadigan bo'lsak, yoshlarimizning ijtimoiy fanlarga doir bilimlarini yanada chuqurlashtirish maqsadida ularning aqliy yetukligi, bilim darajasi va fikrlash saviyasini o'stirish maqsadida aqliy tarbiyani; ma'naviy-axloqiy, insoniy fazilatlarini shakllantirish bilan bog'liq axloqiy tarbiyani; huquqiy, siyosiy bilim berish orqali siyosiy hamda huquqiy onglilikni o'stirish, huquqiy madaniyatni oshirishga yo'naltirilgan huquqiy va siyosiy tarbiyani; estetik ongi va ijodkorlik mahoratini shakllantirishga yo'naltirilgan estetik tarbiyani amalga oshirish ta'lim- tarbiyaviy ishlarimizning bosh yo'nalishini tashkil qilish kerak.

Aynan ana shu nuqtada ijtimoiy fanlarning eng muhim va asosiy funksional vazifalaridan biri bo'lgan g'oyaviy-tarbiyaviy maqomi yaqqol seziladi. So'zsiz, mustaqil dunyoqarash, tafakkur erkinligi va sog'lom fikrni qaror toptirish bilan bir vaqtda yoshlarimiz ongu -shuurida turli zararli va yot g'oyalarga qarshi tura olish qobiliyatini rivojlantirish ijtimoiy fanlarning ta'lim -tarbiyaviy vazifasidir. Bir so'z bilan aytganda, mazkur fanlarni o'qitish yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishning talablariga to'la mos keladi. Ijtimoiy fanlarning ushbu vazifasi bugungi globallashuv jarayonlarida o'z dolzarbligi bilan yaqqol ajralib turibdi. "Ayniqsa, kundan - kunga xatar va tahdidlarning sonusanog'i, turi va shakllari tobora ko'payib, hayotimizga ichkaridan ham, tashqaridan ham yopirilib kelayotgan bugungi g'oyat murakkab va sertashvish dunyoda haqiqatdan ham, bunday sertahlika zamonda ogohlik tuyg'usisiz inson, jamiyat va xalq sezgirlikni yo'qotadi, ixtiyorini bilib bilmasdan yovuz kuchlar qo'liga berib qo'yib, hayotning, taraqqiyotning murakkab yo'llarida boshi berk ko'chalariga kirib, asosiy maqsadlardan chalg'ib ketadi" [4].

E'tibor qiladigan bo'lsak, Prezidentimiz o'zining har bir chiqishda ilm-fan taraqqiyotini ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishni birinchi galda ma'naviyat va ma'rifat yuksakligi, g'oyaviy-mafkuraviy e'tiqod mustahkamligi bilan bog'lamoqda. Bu demak O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tub o'zgarishlar, texnologik rivojlanish jarayonlari har tomonlama puxta ishlab chiqilgan kuchli milliy g'oyaga tayanadigan milliy dastur negizida ruyobga chiqishi lozimligini bildiradi.

Yana bir isbot talab qilmas haqiqat shuki, biz milliy yuksalish sari aniq maqsad va vazifalarni belgilab olgan ekanmiz. "Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo'lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini

tarbiyala-shimiz zarur. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma'rifat, yuksak ma'naviyat kerak" . [ 5 ]

Donishmand xalqimiz hikmatiga murojaat qiladigan bo'lsak, ayonki, ilm o'rgatmoq, ta'lim bermoqlikni ma'naviyat va ma'rifatdan, madaniyatdan va albatta tarbiyadan aro yo'lda tasavvur qilib bo'lmaydi. Faqat ta'lim va tarbiya birligida yoshlarimizning dunyoqarashini boyitamiz, fikrini teranlashtiramiz, maqsadi va intilishlarini oydinlashtirib dunyoga yangicha ko'z bilan, ilm-ma'rifat ko'zi bilan qarashga undaymiz. Ana shunday xislatlar bilan yoshlarimiz bugun islohotlar tashabbuskoriga, o'zgarishlar ijodkoriga aylanmoqda. Darhaqiqat "Inson o'zgarsa, jamiyat o'zgaradi" degan fikr ayni haqiqatdir.

Biz o'z sohamiz mazmunidan kelib chiqib, oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlarni tayyorlashda ijtimoiy fanlar ahamiyati qay darajada ekanligiga e'tibor qaratdik. YUqorida bildirilgan fikrlarga qo'shimcha qilib aytish mumkinki, agar mutaxassislik fanlari ta'limi yuqori malakali kadrni tayyorlash sari yo'naltirilar ekan, ijtimoiy fanlarni o'qitishdan ko'zlangan asosiy maqsad sog'lom fikr va tafakkurga ega, atrof voqelikka haqiqat va adolat ko'zi bilan qaraydigan, o'zining bilimi va kuchini jamiyat taraqqiyoti yo'lida milliy yuksalish sari yo'llashga qodir ma'naviy etuk, barkamol avlodni tarbiyalashdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. M.Munavvarova. Milliy g'oyaning ma'naviy ildizlari. T., "Ma'naviyat" 2011. 25-bet

2. Raxmonov A., Safarov A . O'zbekistonning milliy tiklanishdan yuksalish sari rivojlanish bosqichlari. T., "O'zbekiston faylasuflari milliy jamiyati" nashriyoti. 2020. 121 bet

3. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi - Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risidallgi PQ -2909- sonli Qarori.// lex.uz

4. Qalandar Abdurahmonov. O'zbekistonda inson omili va manfaatlari - eng oliy qadriyat. T., G'ofur G'ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi. Toshkent - 2017. 219 bet

5. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi. - // Xalq so'zi gazetasi, 2018 yil 23 dekabr.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.