Ziyadullayeva M.M.
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, ingliz tili tarjima nazariyasi
kafedrasida ingliz tili o'qituvchisi
LISONIY BIRLIKLAR VA ULARNING LINGVISTIK TAVSIFI
Annotatsiya. Ushbu maqolada lisoniy birliklarning turlari, ularning xususiyatlari, bir-biridan farqlari va ularning lingvistik tasifi haqida mulofazalar yoritilgan. Bundan tashqari, maqola muallifning turli tilshunoslarning ushbu mavzudagi fikrlariga munosabati va shaxsiy xulosalarini ham o'z ichiga oladi.
Kalit so'zlar: til birliklari, fonema, morfema, leksema, so'z, gap, matn.
Ziyadullayeva M.M. english teacher department of english translation theory Uzbekistan State University of World Languages
LINGUISTIC UNITS AND THEIR LINGUISTIC DESCRIPTION
Annotation. This article discusses the types of language units, their characteristics, differences and their linguistic characteristics. In addition, the article reflects the author's attitude to the opinions of various linguists on this topic and his personal conclusions.
Key words: linguistic units, phoneme, morpheme, lexeme, word, sentence,
text.
Lisoniybirliklar deb lingvistik xabarlarni tahlil qilish mumkin bo'lgan birliklarga aytiladi. Ba'zi olimlar til birliklariga nutqqa xos birliklarni ham qo'shib tavsif qilishadi chunki tilshunoslikda til va nutq bir-biri bilan chambarchas bog'liq bo'lib, biri ikkinchisisiz mavjud bo'la olmaydi. Ba'zi olimlar esa til va nutq birliklarini bir-biridan ajratishadi. Lekin haligacha tilshunoslikda til va nutq birliklarini belgilashda aniq o'lchov mavjud emas. Ko'pgina tilshunos olimlar lisoniy birliklar sifatida fonema, morfema va leksemani, nutq birliklari sifatida esa tovush, harf, so'z, so'z birikmasi, gap va matnni e'tifof etishadi.
Lisoniy birliklarning eng kichigi fonema hisoblanadi va uning vazifasi so'zlarning ma'nosini farqlashdir. Fonemani boshqa mayda qisimlarga ajralmadi. U tildagi eng kichik birlik bo'lishiga qaramasdan, katta vazifa bajaradi. Hamma til birliklarining ichida fonema mavjuddir. Fonema nutqda tovush yoki harf sifatida voqelanadi. Hamma tovush yoki harf fonema bo'la olmaydi. So'zlarda ma'no farqlashga xizmat qilayotgan tovushgina fonema bo'la oladi. Masalan: bosh- tosh so'zlarida b tovushini o'rniga t tovushini
qo'ysak yangi boshqa ma'nodagi so'z hosil bo'ldi. Bu so'zda faqat t tovushigina fonema hisoblanadi chunki bu tovush ma'no farlash uchun xizmat qilayapti. Nutq tovushi va harf so'z va qo'shimchalar tarkibida keladi lekin fonema so'zlar yoki boshqa birliklar tarkibida mavjud bo'lmaydi. U til foydalanuvchilarining ongida yakka holda mavjud bo'ladi.
Fonemadan keying lisoniy birlik morfema hisoblanadi. Morfemaning vazifasi grammatik ma'no ifodalash yoki so'z yasash hisoblanadi. Fonema ma'no farqlovchi eng kichik birlik bo'lsa, morfema ma'no anglatuvchi eng kichik lisoniy birlik hisoblanadi. Shuning uchun ham morfemani boshqa kichik ma'noli qisimga bo'lishning iloji yo'q. Masalan: olam morfemasini olaylik, bu morfemani o-la-m deb yana kichik bo'laklarga bo'lganimizda o yoki la kabi qisimlar hech qanday ma'no anglatmaydi.
Tilshunos olim Burling (1992) morfemalarni ikkiga ya'ni o'zak va qo'shimcha morfema kabi ajratgan va bunga boshqa tilshunoslar ham ittifoq qilishgan. Burlingning fikriga ko'ra, so'z sifatida yakka o'zi ma'no anglata oladigan morfemalar o'zak morfemalar, so'zga qo'shilib qo'shimcha ma'no berishga yoki yangi so'z yasashga xizmat qiladigan morfemalargar qo'shimcha morfemalar deyiladi. Masalan: lolazorda so'zida uchta morfema mavjud. Ular lola, -zor va -da morfemalaridir. Bu morfemalardan lola morfemasi o'zak ya'ni mustaqil morfema, -zor, va -da morfemalari esa qo'shimcha morfema hisoblanadi. Chunki ushbu qo'shimcha morfemalar so'zga qo'shilsagina ma'no anglatishi mumkin. O'zakka qo'shilmasdan turib yakka o'zi ma'no anglata olmaydi.
Keyingi lisoniy birlik leksemadir. Leksema deb tilning leksik ma'no anglatuvchi, grammatik ma'no bildiruvchi qo'shimchalarisiz, tilning lug'at tarkibiga xos birligiga aytiladi. Leksema va morfemalar o'rtasidagi farq shundaki, morfemalar grammatik vazifa bajarsa leksemalar lug'aviy ma'no anglatish vazifasini bajaradi. Masalan: -yapti morfemasi fe'lning hozirgi zamon, uchinchi shaxs birlikka tegishli ekanligini ko'rsatib beradi.
Leksema anglatadigan ma'no leksik yoki lug'aviy ma'no deb ataladi. Ilmiy manbalarda leksik ma'no semema deb ham yuritiladi. Biz leksemalarni asosan lug'atlarda uchratishimiz mumkin. Leksemani eshitganimizda bizning ongimizda shaxs, narsa-buyum, voqea-hodisa, belgi-xususiyat kabi lug'aviy ma'nolar hosil bo'ladi. Masalan: chaqaloq so'zini olaylik bu lexsema sifatida "endi tug'ulgan, onaning yordamiga muhtoj, kichkina odam bolasi" lug'aviy ma'nosini anglatadi.
Leksemaning o'zi nutqda mustaqil holatda namoyon bo'lmaydi. Chunki u butunga emas, qisimga teng holatda bo'ladi. Unga sintaktik belgi-xususiyat qo'shilgandan keyingina u butunga aylanishi va nutqda mustaqil holatda namoyon bo'lishi mumkin.
Leksik ma'no yasalish munosabatiga ko'ra quyidagi turlarga ajratilishi mumkin:
1. Asos ma'no
2. Yasama ma'no
Leksemaning boshqa ma'nolarini hosil bo'lishi uchun asos bo'lib xizmat qilgan ma'nosi asos ma'no deyiladi. Masalan: qosh so'zining "yuzning ko'z ustidagi yoysimon tuksimon qismi" ma'nosi asos ma'no hisoblanadi.
Leksemaning asos ma'nodan kelib chiqib hosil bo'lgan ma'nosi yasama ma'no deyiladi. Uni ba'zi manbalarda hosila ma'no deb ham uchratishimiz mumkin. Masalan: qosh so'zining "old qisim, turtib chiqqan joy" (ayvonning qoshi) ma'nosi yasamama'no hisoblanadi.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek lisoniy birliklar til birliklaridan tubdan farq qilib, ular o'z ichiga fonema, morfema, leksemani oladi. Bu lisoniy birliklar ishlatilish o'rni, vazifasi, tuzilishiga ko'ra bir biridan farqlidir. Fonema lisoniy birliklarning eng kichigi bo'lib, so'zlarning ma'nosini farqlashga xizmat qilib bersa, morfema ma'no anglatuvchi eng kichik lisoniy birlik bo'lib, grammatik ma'no ifodalaydi. Leksema ham eng kichik ma'no anglatuvchi birlik hisobladi va uning morfemadan farqi grammatik ma'no emas lug'aviy ma'no anglatishidadir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Sayfullayeva R., Mengliyev B., Boqiyeva G., Qurbonova M., va boshqalar Hozirgi o'zbek adabiy tili. - T.: 2009.
2. Ne'matov H., Bozorov О. Til va nutq. -Toshkent: 0 'qituvchi, 1993.
3. Ne'matov H., Rasulov R. 0 'zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari. -Toshkent: O'qituvchi, 1995.
4. Nurmonov A. Lingvistik belgi nazariyasi. - Toshkent: Fan, 2008.
5. Robbins Burling, Patterns of language: Structure, variation, change. San Diego: Academic, 1992.