Научная статья на тему 'LAVANDULA ANGUSTIFOLIA MILL NING ZARARKUNANDA VA KASALLIKLARI'

LAVANDULA ANGUSTIFOLIA MILL NING ZARARKUNANDA VA KASALLIKLARI Текст научной статьи по специальности «Фундаментальная медицина»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
kasallik / zararkunanda / lavanda / ildiz chirishi / zamburug‘ / virus / bakteriya / fitoplazma / nematoda.

Аннотация научной статьи по фундаментальной медицине, автор научной работы — Abdullayeva F, Ahmedova M, Obidov M

Ushbu maqolada dorivor ingichka bargli lavanda (Lavandula angustifolia Mill.) o‘simligining zararkunanda va kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishlari tahlil qilingan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «LAVANDULA ANGUSTIFOLIA MILL NING ZARARKUNANDA VA KASALLIKLARI»

LAVANDULA ANGUSTIFOLIA MILL NING ZARARKUNANDA VA KASALLIKLARI

1Abdullayeva F., 2Ahmedova M., 3Obidov M.

1,2FarDu 2-kurs magistri 3FarDu b.f.f.d., PhD https://doi.org/10.5281/zenodo.11210227

Annotatsiya. Ushbu maqolada dorivor ingichka bargli lavanda (Lavandula angustifolia Mill.) o'simligining zararkunanda va kasalliklarini o'rganish bo'yicha olib borilgan tadqiqot ishlari tahlil qilingan.

Kalit so'zlar: kasallik, zararkunanda, lavanda, ildiz chirishi, zamburug', virus, bakteriya, fitoplazma, nematoda.

Ko'plab ilmiy manbalarda lavanda o'simligi turli kasalliklar va zararkunandalarga chidamli ekanligi haqida ma'lumotlar keltirilgan. Fan-texnikaning rivojlanib borishi, ekologik vaziyatning o'zgarishi, global iqlim o'zgarishi so'nggi 15-20 yil ichida mazkur o'simlik turi va u asosida yaratilgan ko'plab navlarda ayrim kasallik va zararkunandalarning rivojlanishi qayd qilinmoqda. J.Masonning (2014) ma'lumotlariga ko'ra ingichka bargli lavanda navlarida rivojlanayotgan kasallik va zararkunandalarning asl sababi noqulay ekologik omillar bilan bog'liqligi ko'rsatib o'tilgan [1].

XX asrning oxirlarida Fransiyadagi juda katta maydonlardagi lavanda plantatsiyalari Phomopsis lavandulae zamburug'i tomonidan keltirib chiqarilgan kasallik oqibatida yo'q bo'lib ketganligi haqida ma'lumotlar bor. So'nggi o'n yilliklarda O'rta Yer dengizi mamlakatlarida hamda ushbu o'simlikni yetishtirishga ixtisoslashgan dunyoning ko'plab mamlakatlarida mazkur kasallik oqibatida lavandada so'lish, ildiz chirishi holatlari qayd qilinib kelinmoqda. Phomopsis lavandulae tomonidan keltirib chiqariladigan ildiz chirishi kasalliklari ayrim holatlarda yangi tashkil etilgan plantatsiyalarda 60% gacha lavanda ko'chatlarini nobud bo'lishiga sabab bo'lmoqda [2]. Ushbu patogen besh yillik ko'chatlarga unchalik zarar keltira olmasligi ham ayrim tadqiqotlarda o'z isbotini topgan. Lavanda o'simligining o'sishi va rivojlanishiga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan zararkunandalar va kasallik keltirib chiqaruvchi patogenlar mazkur o'simlikning umr ko'rish muddatini 10 yildan 3 yilga qisqartirishi mumkin [3].

Lavanda o'simligi uchun qayd etilgan zararkunanda va kasallik keltirib chiqaruvchi patogenlar quyidagilardir.

1) Zamburug'lar. Tabiiy sharoitda keng tarqalgan patogen zamburug'lardan hisoblangan Septoria lavandulae lavanda barglarida parazitlik qiladi. Ushbu zamburug' lavandada barg dog'lanishi kasalligini keltirib chiqaradi. Rosellinia necatrix va Armillaria mellea ildiz chirishiga sabab bo'lsa, Phoma lavandulae va Phomopsis lavandulae barglarning rang o'zgarishi va so'lishiga olib keladi [4]. Botrytis cinerea kulrang mog'or esa Fusarium sp., Verticillium sp., Sclerotium bataticola va Sclerotinia sclerotiorum kabi tuproqda yashovchi patogen zamburug'larni shakllanishi uchun zamin yaratadi [2].

2) Xromistlar. Ushbu organizmlarning aksariyat qismi avtotrof, ayrim turlari esa geterotrof va saprofit holda oziqlanadi. Xromistlarning Phytophthora sp. turi ingichka bargli lavanda o'simligida o'sish va rivojlanishning sekinlashishiga, barglarining sarg'ayishi, so'lishi va ularning to'kilishiga olib keladi. Shuningdek, butun dunyo bo'ylab lavanda o'simligi va uning ko'plab navlarida Phytophthora nicotianae, P. parasitica, P. cinnamomi, P. palmivora, P. pelgrandis P. cryptogea kabi turlar zarar keltirishi aniqlangan [2, 4].

3) Bakteriyalar. Xanthomonas campestris, X. hortorum bakteriya turlari asosiy bakterial kasallik o'choqlarini keltirib chiqaradi. Ular asosan lavanda barglarini rivojlanishini sekinlashtiradi [5]. Barpo qilingan plantatsiyalarda, tajriba maydonlarida hamda laboratoriya sharoitida namlik ortib ketganda bakteriyalarning Pseudomonas syringae turi lavandaning yosh kurtaklaridan rivojlangan yon shoxlarini qurib qolishiga olib keladi. Mikoplazmalar sabab kelib chiqadigan sariqlanish kasalligi lavandadan hosil olishni bir necha yilga qisqartiradi. Ushbu kasallik asosan Fransiyada juda keng tarqalgan [1]. Z.Avramov (2022) tomonidan Bolgariyada bakteriyalarning Candidatus Phytoplasma solani turi lavandada stolbur kasalligining asosiy qo'zg'atuvchisi ekanligi aniqlangan [6].

4) Nematodalar. Nematodlarning Meloidogyne sp. avlodiga mansub ayrim turlar lavanda ildizida bo'rtma kasalliklarni qo'zg'atuvchisi hisoblanadi. Ular mazkur o'simlikning ildiz tizimiga turli darajada zarar yetkazadi. Shuningdek, zamburug'li, virusli, bakterial kasalliklarning tarqalishida katta rol o'ynaydi. Shuning uchun ushbu o'simlikni fitogelmintologik tadqiq qilish va unda tarqalgan fitonematodalarini faunasini kompleks o'rganish va parazit turlarini aniqlash dolzarb hisoblanadi [7]. Ko'plab mamlakatlarda nematodalarning Meloidogyne hapla, M. incognita, M. Arenaria, M. javanica hamda M. incognita turlari lavanda o'simligida parazitlik qiladi.

5) Bo'g'imoyoqlilar. Thomasiniana lavandulae lichinkalari lavanda o'simligi novdalarining uchki (apikal) qismi hamda po'stloqning ostki qismidagi lub va kambiy qavatlari bilan oziqlanib juda katta zarar yetkazadi. Ushbu tur lavandaning eng muhim zararkunandalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Hyalesthes obsoletus, Cechenotettix martini, Eucarazza elegansi, Arima marginata, Chrysolina Americana, Meligethes subfumatus, Argyrotaenia pulchellana va Philaenus spumarius kabi zararkunandalar lavanda barglari va poyalarining deformatsiyasiga olib keladi. Lavanda kuyasi (Sophronia humerella) esa qurtilgan gullarni va saqlanayotgan urug'larini yeb zarar keltiradi [4].

6) Beda mozaikasi virusi (Alfalfa mosaic virus) lavanda barglarida sariq dog'lanish kasalligini keltirib chiqaradi. Ushbu virus ta'sirida lavandaning o'sish va rivojlanish jarayonlarini pasayishiga sabab bo'ladi [1, 2].

Dunyo bo'yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, L. angustifolia hamda ushbu tur asosida yaratilgan navlarda stolbur kasalligi nisbatan ko'p uchrashi aniqlangan [8]. Shuning uchun lavanda yetishtirishga ixtisoslashgan xo'jaliklar ekinlarning fitosanitar holatini uzluksiz kuzatib borishlari kerak. J.Chuche va boshqalarning (2018) ma'lumotlariga ko'ra dorivor mavrak (Salvia sclarea L.) o'simligida ko'payib rivojlanuvchi hasharotlarning Hyalesthes obsoletus, Philaenus spumarius, Lepyronia coleoptrata turlari yosh lavanda ko'chatlarida fitoplazmani tarqatuvchi turlar ekanligi aniqlangan [9]. Fitoplazmaning vektor tomonidan yosh lavanda ko'chatlariga o'tkazilishi quyidagicha amalga oshiriladi: kasallangan o'simlik (S. sclarea) bilan oziqlangan hasharot fitoplazmani hazm qilish sistemasiga o'tkazadi. Fitoplazma hasharotning hazm sistemasidan tanasining turli to'qimalariga tarqaladi va 1-4 hafta davomida ko'payadi. So'ngra, so'lak bezlariga yetib boradi. Shu davrdan boshlab ushbu hasharot fitoplazmani tarqatuvchi vektor sifatida harakatlanadi. Ushbu bilvosita bog'lanish shaklida dorivor mavrak o'simligi rezervuar vazifasini bajaradi.

Z.Radev tomonidan (2020) turli mintaqalardan olib kelingan lavanda ko'chatlarini tekshirish ustida olib borilgan tadqiqot natijalariga ko'ra sog'lom ekinlarni yetishtirish va ulardan sifatli hosil olish uchun zararkunandalardan xoli agrofonga e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlangan. Shuningdek, agrofonda havo massalarining aylanma harakati, sug'orish rejimi hamda ekin

maydoniga quyosh nurining tushishi hosilni zararkunandalarsiz saqlash uchun kalit hisoblanadi. Bundan tashqari, yetishtirishda amalga oshirilgan muqobil agrotexnik chora-tadbirlar ham sog'lom hosilga yordam beruvchi omillardir.

Ayrim tadqiqotlarda asalarilarning (Apis mellifera L.) lavanda o'simligiga intensiv kelishi boshqa patogen entomofaunaga qarshi himoya zonasini yaratishi aniqlangan. Shu ma'noda, zararkunandalarning tabiiy dushmanlarini himoya qiladigan xilma-xillikni rag'batlantirish lavanda ekinlari uchun juda foydali hisoblanadi [10].

So'nggi yillarda dorivor va efir moyli o'simliklar o'sishiga yordam beruvchi mikrobiologik o'g'itlar haqida ilmiy ma'lumotlar soni ortib bormoqda. Jumladan, dorivor o'simliklarning o'sishi, ular tarkibida biofaol moddalar miqdori, ushbu o'simliklarni sho'rlanish va qurg'oqchilik stressiga chidamliligi, mazkur o'simliklarda tarqalgan turli kasalliklarini bionazorat qilish, ular o'stiriladigan tuproqlar unumdorligi hamda tarkibidagi ikkilamchi metabolitlar biosintezini oshirishda mikrobiologik preparatlarning roli ortib bormoqda. Shu sababli ham ingichka bargli lavanda o'simligining zararkunanda va kasalliklarini bionazorat qilishda mazkur preparatlardan foydalanish istiqbolli yo'nalishlardan biri hisoblanadi.

REFERENCES

1. Mason J. Growing and Knowing Lavender. ACS Distance Education; Nerang, QLD, Australia: 2014.

2. Vasileva K. Monitoring of Fungal Diseases of Lavender. Agric. Sci. Technol. 2015;7:469-475.

3. Peter K.V. Handbook of Herbs and Spices: Volume 2. Woodhead Publishing; Abington Cambridge, UK: 2004.

4. Radev Z. Study of the representatives of pests in Lavender (Lavandula) New Knowl. J. Sci. 2020;9:167-170.

5. Roberts S.J., Parkinson N.M. A Bacterial Leaf Spot and Shoot Blight of Lavender Caused by Xanthomonas Hortorum in the UK. New Dis. Rep. 2014;30:1.

6. Avramov Z. Study of Sudden Decline of Lavender in Bulgaria Caused by 'Candidatus Phytoplasma Solani' Bulg. J. Crop Sci. 2022;59:25-37.

7. Özalp T., Könül G., Ayyildiz Ö., Tülek A., Devran Z. First report of root-knot nematode Meloidogyne arenaria on lavender in Turkey. J. Nematol. 2020;52:1-3.

8. Semetey O., Gaudin J., Danet J.-L., Salar P., Theil S., Fontaine M., Krausz M., Chaisse E., Eveillard S., Verdin E., et al. Lavender Decline in France Is Associated with Chronic Infection by Lavender-Specific Strains of "Candidatus Phytoplasma Solani" Appl. Environ. Microbiol. 2018;84:e01507-18.

9. Chuche J., Danet J.-L., Rivoal J.-B., Arricau-Bouvery N., Thiery D. Minor Cultures as Hosts for Vectors of Extensive Crop Diseases: Does Salvia Sclarea Act as a Pathogen and Vector Reservoir for Lavender Decline? J. Pest Sci. 2018;91:145-155.

10. European Medicines Agency . Guideline on Good Agricultural and Collection Practice (GACP) for Starting Materials of Herbal Origin. European Medicines Agency; London, UK: 2006. Evaluation of Medicines for Human Use.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.