KORRUPSIYA - DAVLAT HOKIMIYATINING ASOSIY DUSHMANIDIR. UNGA QARSHI KURASHISH UCHUN AMALGA OSHIRALAYOTGAN
CHORA-TADBIRLAR Turdiyeva Sevinch Ravshan qizi
Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalari instuti, Agrobiznes va raqamli iqtisodiyot fakulteti, yurisprudensiya talim yo'nalishi talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.11182441
Annotatsiya. Korrupsiya - nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga ishonchi yo'qoladi, uyushgan jinoyatchilik kuchayadi, jamiyatda ma'naviyat izdan chiqa boshlaydi. Korrupsiya oqibatida kelib chiqadigan noxush hodisalar ro'yxatini yana davom ettirish mumkin. Korrupsiya buzg'unchilik tabiatiga ega ekani uchun ham insoniy jamiyat qadim zamonlardan boshlab unga qarshi kurashib kelganligi ushbu maqolada ifodalanadi.
Kalit so^zlar: korrupsiya, pora berish, osz mansabini suistemol qilish, jinoiy javobgarlik, davlatni yemiruvchi illat.
Korrupsiya bir necha ming yillik tarixga ega. Yozma manbalarda korrupsiya haqida eramizdan avvalgi Shumer podsholigi davrida eslatib o'tiladi. Korrupsiya bizning kunlargacha yetib kelganligi shundan dalolat beradiki, boshqa illatlar kabi, uni ham tag-tugi bilan yo'qotib bo'lmaydi. Hatto rivojlangan o'arb davlatlari ham korrupsiyadan butkul xalos bo'lolmagan. Biroq jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish Yer yuzidagi barcha davlatlarda hamisha va hamma zamonda davom etgan.
Qur'oni karimda poraxo'rlik bevosita taqiqlanadi: "Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo'l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun uni hokimlarga gunohkorona tashlamang" (Baqara surasi, 188).
Lekin shunga qaramay, poraxo'rlik Usmoniylar xalifaligida ham mavjud bo'lgan. Avvaliga xalifa turli idoralar faoliyatini shaxsan o'zi nazorat qilardi, lekin vaqt o'tishi bilan bu ishni o'ziga yaqin odam — xalifaning turli ishlar bo'yicha shaxsiy yordamchisi bo'lgan vazirga topshirib qo'ydi. Vaqt o'tishi bilan vazirlar keng tarmoqli davlat apparatini shakllantirdi. X asrning o'rtalariga kelib, u yoki bu lavozimga tayinlanish uchun amaldorlar tomonidan vazirlarga pora berish amaliyoti shakllanib bo'lgandi.
Bundan, masalan, xalifa Muqtadirning vaziri bo'lgan Ubaydulloh Hoqoniy (926-yil vafot etgan) amaldorlarni turli lavozimlarga tayinlash va olib tashlashda faol foydalandi. Pulga qattiq muhtojlik se-zayotgan davlat soliqlar to'plashni xususiy shaxslarga topshirgani bois bu turli suiiste'molliklarni yuzaga keltirardi. Shu tariqa poraxo'rlik xalifalik tanazzulga yuz tutishining sabablaridan biriga aylandi.
Bu holat Usmoniylar saltanatida ham istisno emasdi. Xususan, dehqonlardan turli soliqlarni to'plashda harbiy xizmatchilar qing'irliklar sodir etardi. Bu suiiste'mol holatlarini hattoki Usmoniylar saltanati shayxulislomlari chiqargan maxsus fatvolar ham bartaraf qila olmadi. Sipohilar nimadir "uzatish" evaziga asta-sekinlik bilan harbiy yurishlarga bormay qo'ydi, o'zlariga taqdim etilgan yerlarda muqim qolib, amalda davlat mulkini shaxsiy mulk qilib olishdi. Davlat esa, o'z navbatida, vazirlar timsolida ko'ngilsiz reaksiyadan xavfsiragan holda, harbiylar bilan to'qnashuvga borishdan hadiksirardi.
Usmoniylar saltanatida poraxo'rlik oqibati shu bo'ldiki, qo'shinlar harbiy tayyorgarligini yo'qotdi, natijada XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida qator mag'lubiyatlarga uchrab, davlatning qudratiga putur yetkazdi.
Xullas, qadim zamonlardayoq ushbu illatga qarshi qattiq jazolar belgilanganiga qaramasdan, bu hamisha ham ko'ngildagidek natija bermagan. Mohiyati
Abu Nasr Forobiy "Fozil odamlar shahri" asarida fuqarolik jamiyatini qurishda to'g'anoq bo'ladigan muammolardan biri korrupsiyadir, deb qayd etgan. Bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar o'rtasida ikki va ko'p tomonlama hamkorlik, biznes hamda investitsiya rivojida shafqatsiz to'siq ham ayni shu korrupsiya hisoblanadi. Har yili o'nlab qo'shma korxonalarning ochilishi va yopilishi zamirida ana shu "ko'rinmas qo'llar" yotadi. Korrupsiya darajasi yuqorilashgan davlatga chet el investitsiyasini kiritish kamayib borayotganining asl sabablarini ham shu xavfli illatdan izlash lozimga o'xshaydi.
Oldin G'arb, keyinroq Osiyo davlatlarida bu masala chuqurlashib, jamiyatda "kasallik" hududi, ko'lami va darajasi kuchayib borayotgan ekan, nima qilmoq kerak, degan doimiy savol paydo bo'ladi. Nima qilsa, dunyoni egallab, mamlakatlar iqtisodiyotiga raxna solayotgan bunday balo-qazoning ta'sir doirasi kamayadi?!
Korrupsiya keng qamrovli tushuncha bo'lib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlarikundalik faoliyatiga aylanib, o'zaro bir-biriga bog'lanib, chirmashib ketganligidan ko'z yumib bo'lmaydi. "Nozik", "chigalroq" ushbu masalada davlatning huquq-tartibot idoralari birmuncha hushyor, ziyrak bo'lishi, shuningdek, nodavlat tashkilotlari, turli komissiyalar, jurnalistlar, mustaqil sudlar tizimi faolroq ishlashi haqida tadqiqotchilar anchadan beri yozib keladi. Siyosatchilar, sotsiologlar, psixologlar, tarixchilar, davlat hamda jamoat organlari, siyosiy partiyalar, eng muhimi, amaliyotchilar masalani tahlil etish va yechimini topish ustida bosh qotirishi lozim.
Keyingi yillarda xorij, jumladan, MDH mamlakatlari matbuotida korrupsiyaga qarshi kurashish yo'llari haqida maqolalar paydo bo'la boshladi. MDHga a'zo mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar tahlili shundan dalolat beradiki, biz sho'rolar tuzumidan qutulganimizga o'ttiz yilbo'lganiga qaramay, sud-huquq organlari hamon davlat hokimiyatining itoatkor organiga aylanganicha turibdi. Bu jamiyat kushandasi, yaramas illat haqida davlatimiz rahbari deyarli har bir chiqishida ta'kidlab o'tadi. Biz viloyatlar sessiyalarida tashkiliy masala ko'rilganda, birinchi navbatda, mazkur masalaga ro'baro' kelmoqdamiz.
Poraxo'rlik va korrupsiya o'zbek jamiyatining rivojlanishiga, xususan, demokratik yangilanish hamda modernizatsiyalash jarayoniga har jihatdan xalaqit bermoqda. Garchi bu masala uzoq yillardan beri ta'kidlanib, "qo'lga tushgan" amaldorlar televideniye va matbuotda namoyish etilganiga qaramasdan, sud, prokuratura, idora rahbarlari hamda oddiy fuqarolarning qon-qoniga singib ketgan feodalizm sarqitlari, tamagirlik, byurokratiya jamiyatimiz hayotidan yo'qolib ketmayapti.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta'sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o'z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko'paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, o'arb andozasiga o'xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko'ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Bizningcha, bu borada bitta tashkilot — adliya organlari roli kuchayib, imtiyozlari ko'payib borishi kerak. Yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham Adliya vazirligi bilan qonun ustuvorligini to'liq ta'minlagan holda, barcha ishni birga olib borishi davr talabi. Holati
Davlat va jamiyatda inson ongi, dunyoqarashi bilan bog'liq muammolar tahlilidan kelib chiqsak, sobiq ittifoqdan meros qolgan korrupsiya illatiga qarshi kurashda hali ancha aziyat chekishga to'g'ri keladi. Sababi Xitoy va Singapurnikiga o'xshagan yuqoridan quyigacha qat'iy ishlaydigan iyerarxiya tizimi hali to'liq ishga tushmagan.
Lekin bu tabiiy jarayonni sun'iy ravishda sekinlashtirmaslik yoki ayrim kuchlarning tazyiqi ostida "to'xtatmaslik" lozim. Bu borada rivojlangan davlatlar boy tajribasidan unumli foydalanish zarur. Masalan, AQSHda reportyor-jurnalistlar korrupsiyaga qarshi kurashda eng samarali jamoat nazoratini o'rnatgan. MDHda, jumladan, O'zbekistonda surishtiruv jurnalistikasi sayoz holatda bo'lib, bugungi davr ehtiyojidan orqada qolmoqda.
Aniqroq aytadigan bo'lsak, jinoyatchilar "kirdikor"larini fosh etishga urinib, mustaqil surishtiruv olib boradigan fidoyi jurnalistlar himoyasi ishlamaydi. Bundan ham achinarlisi, hozirgi kunda biron-bir rahbarning yashirin boylik orttirishini isbotlagan maqola matbuotda chop qilinsa-da, unga qat'iy choralar ko'rilmaydi, ahvol ham o'zgarmaydi. Masalan, bir vaqtlar rahbar haqida felyeton chiqsa, partiyadan o'chirilar, qamalar, shuning uchun amaldorlar "to'rtinchi hokimiyat"dan hayiqardi.
Demak, "Mushtum"ga o'xshagan ikki-uchta kuchli vaqtli matbuot nashri faoliyati qo'llab-quvvatlansa va televideniyeda maxsus ko'rsatuvlar deyarli har kuni (xoh katta, xoh kichik tamagirlik holati bo'lsin) berib borilsa, ko'pchilik hushyor tortishi aniq. Tanqidsiz taraqqiyot bo'lmasligi fuqarolar ongiga singdirib borilishi -kerak, deb hisoblaymiz.
Jamiyatda ustuvor soha — ta'lim tizimida tahsil oladigan o'smirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uyg'otish muammosi oldimizda ko'ndalang turibdi. "Jamiyatda poraxo'rlik illatini yengib bo'lmaydi", degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani (Yaponiya yoki Xitoy fuqarosi ongida nega u shakllanmaganligi alohida mavzu) eng katta kamchiligimiz.
Bu borada o'nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obro'siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog'chada, maktabda o'g'il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxo'rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko'proq tarbiyaviy va targ'ibot ishlarini olib bormasak, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
So'nggi yillarda Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan davlat xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ulkan g'oya fuqarolik jamiyati institutlariga tizim va dasturlarni ishlab chiqish imkoniyatini bergan edi. Ammo nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar bu borada tashabbus hamda tashkiliy ishlarni amalga oshirishni negadir paysalga solmoqda.
To'g'ri, keyingi vaqtlarda, xususan, 2017-yildan boshlab, mamlakatimizda "parlament nazorati", "jamoatchilik nazorati", degan atamalar taomilga kiritildi, bu borada ilk qonunlar qabul qilindi. Demak, biz mazkur sohada ishlaydigan tizimni tezlikda yaratishimiz, milliy mentalitetni hisobga olgan holda, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari ilg'or tajribasini qo'llashga o'tishimiz lozim. Jamoatchilik nazoratisiz O'zbekistonda siyosiy tizim islohotlarini amalga oshirib bo'lmaydi.
Ayniqsa, modernizatsiya, yangilanish, islohotlar bilan korrupsiyaning bir-biriga "qoni qo'shilmaydi", yangilik bilan eskilik tarafdorlari, fan, innovatsiya, kreativ fikrlovchilar bilan eski byurokratiya avlodi o'rtasida muttasil kurash davom etadi. Sxemalari va indeksi
Korrupsiya — chegara bilmas "ajdaho", u aldamchilik, poraxo'rlik va pulni "yuvish"ning aniq "chizma" (sxema)laridan tashkil topgan. Rossiyada kechroq bo'lsa-da, unga qarshi yangi mexanizm choralari qidirilmoqda.
Sababi B. Yelsin hokimiyati davrida mamlakatda iqtisodiyotni rejali va maqsadli boshqarish tizimi butunlay izdan chiqib, ko'proq o'arbning ta'siriga tushib qolgandi, parallel ravishda rejasiz (miyasiz) hamda jinoiy iqtisodiyot baravar olib borilgan edi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi Iqtisodiy xavfsizlik akademiyasining ma'lumotiga ko'ra, 2015-yil oxirida mamlakatda iqtisodiyotning jinoyatlashganligi darajasijuda "tang" ahvolda bo'lib, "xufiyona iqtisodiyot" yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning 40 foiz ko'rsatkichi darajasiga yetgan, 1991-yilda esa bor-yo'g'i 11 foiz bo'lgandi.
"Transparency Int" (TI) korrupsiyaga qarshi tadqiqot markazining 2017-yildagi ma'lumotiga ko'ra, Rossiyada korrupsiya holatini o'zlashtirish indeksi 2,3 ballni tashkil qilib, 180 davlat ichida 143-o'ringa — Gambiya, Indoneziya va Togo darajasiga tushib qolgan... Yuqorida ta'kidlangan xalqaro tashkilot 2018-yilgi korrupsiyani qabul qilish indeksini e'lon qildi. 100 ballik indeksga ko'ra, O'zbekiston 23 ball olib, umumiy reytingda 180 mamlakat va hududlar orasida 158-o'rindan joy olgan. Ushbu reyting 0 (korrupsiyani idrok etishning juda yuqori darajasi) dan 100 gacha (juda past) shkalada hisoblab chiqiladi.
Korrupsiyani idrok etish indeksini — davlat sektoridagi korrupsiya darajasini ekspert va biznes vakillari baholaydi. Avvalgi yillarda bo'lgani kabi, dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismidan ko'prog'ining o'rtacha bali 43 dan 50 gacha ko'rsatkichda turibdi. Indeks tuzuvchilarning fikricha, bu aksariyat mamlakatlarning -korrupsiyani jiddiy nazorat qila olmaganligi va demokratiyaning inqirozidan dalolat beradi.
Daniya 88 "ochko" bilan peshqadamlikni Yangi Zelandiyadan qaytarib oldi. Kuchli o'nlikka Finlyandiya, Singapur, Shvetsiya va Shveysariya (har biri 85 ball), Norvegiya (84), Niderlandiya (82), Kanada va Lyuksemburg (81 ball) kirgan. Eng yomon ko'rsatkich Somali (10), Suriya, Janubiy Sudan (13), Yaman va Shimoliy Koreyada (14).
"Bizning tadqiqotlarimiz sog'lom demokratiya bilan davlat sektoridagi korrupsiyaga qarshi kurash o'rtasida aniq bog'liqlikni ko'rsatib berdi", deydi xalqaro tashkilot raisi Delia Ferreyra Rubio. Sobiq SSSR mamlakatlarida 2018-yilda Korrupsiyani anglash indeksi bo'yicha Estoniya 18-o'rinni, Gruziya — 41, Belarus — 70, Qozog'iston — 124, Tojikiston — 152, O'zbekiston 158-o'rinni egallagan. Agentlikning vazifasi
2020-yil 29-iyunda Prezidentimizning "O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bilan birga, ana shu ko'rsatkichni yaxshilash ustida ko'p ishlashi kerak.
Bunda bir omilga ahamiyat berilishi, ya'ni ko'chmas mulk sotib olinayotganda pullarningkelib chiqishi qonuniyligi tekshirilishi zarur, deb hisoblaymiz. Vaholanki, bizda juda qimmat uylar egalari ularni sotib olish yoki qurish uchun mablag'ni qayerdan olgani
surishtirilmaydi ham (2021-yilda deklaratsiya to'ldiriladi, ungacha mulklar imkon qadar "boshqa"ga o'tkazilishi mumkin).
Qonunchilik tizimida ham kamchilik mavjud. Misol uchun, xonandalar yoki boshqa ayrim toifa kishilarining xohlagancha qasr uylar qurishiga, televideniyeda ko'z-ko'z qilinishiga yo'l qo'yilishi qonunlar yaxshi ishlamayotganidan darak beradi. Masalaning ma'naviy tarafi ham borki, yengilgina yo'l bilan bunday shohona yashash bir vaqtlar prokuror yoki DAN xodimi tayyorlaydigan o'qishga kirishni istovchi yoshlar ko'payganiga o'xshash holatni paydo qilishi mumkin.
Demak, bu iste'dodi bo'lmasa-da, oddiygina texnika, fonogrammaga suyanib, mo'may pul topadiganxonandalar sonining 10 baravar oshishiga olib keladi. Bu fikrga ko'pchilik qarshi chiqishi mumkin. Ammo jamiyatda barcha sohada teng muvozanatni saqlashdek "oltin qoida" buzilmasligi tarafdorimiz. Fonogrammada aytilgan qo'shiqning CD disklarini yozib olish, ko'paytirish va sotish bilan shug'ullanuvchilarga ham shunday "imtiyoz"lar belgilanishi, soliq to'lamasligi oqibatida Davlat byudjeti katta iqtisodiy zarar ko'rishiga ham toqat qilib bo'lmaydi. Bunday korrupsiogen holatlarning ildiz otishiga, bir guruh kishilarning boyib ketishiga yillar davomida sharoit yaratilgan. Deylik, savodi haminqadar xonanda yo disk ko'paytiruvchi o'zi o'qitgan maktab muallimi yoki uzoq yillar davomida ilm bilan shug'ullangan olimdan ham ko'proq mablag' topishiga imkoniyat yaratilishi adolatsizlik va korrupsiyaning ochiq ko'rinishi emasmi?!
Aholi tabaqalari daromadlarining farqlanish miqdori keskin o'zgargani iqtisodchilarni tashvishga solmoqda. Misol uchun, sobiq ittifoq statistika qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, bu 1956-yilda 3,28, 1986-yilda 3,38 ga yetgan — qariyb teng bo'lsa, mustaqillik yillarida boy va kambag'allar daromadidagi farq ancha ko'paygan. Rasmiy ma'lumotlarda 10 foiz eng badavlat kishilar daromadi eng kambag'al fuqarolarning daromadlaridan 10 — 15-marta oshib ketganligi ma'lum bo'lmoqda.
Ko'plab ekspertlar "yashirin iqtisodiyot" hisobga olinganda, o'rtadagi haqiqiy tafovut 25 — 40 marotaba ekanligini qayd etmoqda. Hozirgi kunda yashash minimumidan past darajada kun kechirayotgan kambag'al aholi 15 foizdir. Bu masalada 2019-yildan boshlab katta siljish kuzatilgan, hatto butun bir vazirlik ishlayotgan bo'lsa-da, o'rtadagi farqning kuchayib borishi jamiyat qatlamlarida turli fikrlarni paydo qilishi mumkin.
2020-2021-yillarda barcha davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi ("komplayens-nazorat")ni bosqichma-bosqich joriy etish choralari ko'rilishi sohada tub o'zgarishlarga turtki berishiga ishonamiz. Agentlikka xalqaro konvensiya talablarini bajarish maqsadida ushbu yo'nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilishi, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o'rnini yaxshilash bo'yicha "Yo'l xaritasi" ishlab chiqilishi idoraning maqom hamda nufuzini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Demak, milliy taraqqiyotga to'siq bo'lib kelayotgan korrupsiyani bartaraf etish yo'lida dadil qadamlar tashlanmoqda. Eng asosiysi, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo'lmas ekan, ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o'rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.(1)
Illatga qarshi kurashishni nimadan boshlash kerak?
Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishni oiladan boshlash darkor. Bu borada ayollarning roli katta, deb hisoblaymiz. Agar o'g'rilik yoki pora hisobiga kelgan luqmaning tag-ildizini
ayollarimiz surishtirib bilsa, ochiq fikrini aytolsa, erlar halol rizqni izlashga tushib, ishi va oilasida fayz-baraka, sokinlik hamda xotirjamlik qaror topishi, shubhasiz.
Korrupsiya — tamagirlikning yuqori nuqtasi. Unga qarshi kurashish uchun amaldorlardan siyosiy iroda talab qilinadi. Ushbu vaziyatdan chiqish usuli shuki, avvalo, davlat byurokratik apparati hajmi imkon qadar kamayishi, fuqarolarning shaxsiy hayotiga va iqtisodiy faoliyatiga davlatning minimal aralashuvi, monopoliyaga barham berilishi lozim.
To'g'ri, korrupsiyaga qarshi kurashish turli mamlakatlarda turlicha namoyon bo'ladi. Ammo davlat xizmatida o'g'rilamaslik uchun dunyoda faqat ikkita retsept tan olinadi: 1. Shveysariya — vaqtni qisqartirish. 2. Xitoy — hayotni qisqartirish.
Albatta, mamlakatimizda ham bu illatga qarshi keskin kurashish choralari ko'rilmoqda. Tadqiqotlar biror-bir illatga barham berishda eng samarali vosita illatning o'zi bilan emas, balki sababi bilan kurashish ekanini ko'rsatmoqda.
Bizningcha, bu yaramas illatga qarshi kurashishni quyidagi muammolarning yechimidan boshlash tavsiya etiladi: agentlik tomonidan korrupsiya tarkibiy qismiga kiradigan qonun hujjatlari qayta ko'rib chiqilishi; davlat muassasalari ustidan jamoatchilik nazorati (ochiqlik indeksi) o'rnatilishi; hokimlar va vazirlar parlament hamda mahalliy Kengashlar tomonidan tasdiqlanishi; barcha davlat xizmatlari "Yagona oyna" markazlariga o'tkazilishi, sud tizimi mustaqilligi mustahkamlanishi; davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi, mansabdor shaxslarning ish haqini biznesdagiga o'xshash ish haqidan 2-3 baravar ko'p bo'lishiga erishilishi (Gruziya tajribasi) kerak. Buning uchun mustaqil komissiya va markazlarni tuzish, haqiqiy ahvolni jiddiy o'rganish, barcha tadqiqotlar hamda axborotlarni muntazam yig'ib boradigan yagona markaz tezda ish boshlashi talab etiladi. Chunki qiladigan ish va vazifa o'n yillarga yetgulik.
Tan olish joizki, davlat xaridlari, investitsiya, bank, soliq, bojxona, bozorlar, qurilish tizimida korrupsiyaga aloqador shaxslar yaxshi daromad ko'radi. Qonunchilik amaliyoti, huquq-tartibot organlarining ularga qarshi turish borasida o'ta "ojizligi", "zaifligi", hatto xayrixohligi holatlari ishimizga xalaqit berib, buning oqibatida xalq va davlatning yer osti hamda yer usti boyligini o'zlashtirish evaziga chet ellarda dang'illama villalarga egalik qilish holatlari ko'payib boradi.(2)
Xorijdan olingan achchiq saboqlar
Jamiyat a'zolarini birday qiynab kelayotgan baloi ofatga qarshi kurashish uchun biz qo'shni davlatlar tajribasini o'rganish va saboqlar chiqarish yo'lida izlanib, Rossiyadagi ahvolni ko'zdan kechirdik: 2000-yillar avvalida ulkan mamlakatning milliy xavfsizligiga korrupsiya xavf sola boshlagach (asosan, yer osti boyliklari va mudofaa sohasi mablag'larini talon-toroj qilish), maxsus idora ochildi, mavjud muammolar -xalqaro tajriba bilan taqqoslanib, "homiy" vazifasini bajargan huquq-tartibot organlari, soliq, bojxona xizmati tizimi rahbarlariga keskin choralar ko'rildi.
Ichki ishlar organi tizimi butunlay isloh etildi. Kriminal tarmoqlardagi uzoq yillik korrupsiya holatlari ishonchli dalillar orqali fosh qilinib, yirik jinoiy ishlar ochildi. To'g'ri, B. Yelsin hokimiyati davrida masalaga panja orqasidan qarab kelingan edi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V. Putin nazoratiga o'tgan ko'plab maxsus ilmiy markazlar, jamoat tashkilotlari qisqa muddatda vazirliklar va mintaqalardagi korrupsiya darajasini aniqlab oldilar. Masalan, Moskva hamda markaziy shaharlarda korrupsiya yuqori, uzoq o'lkalarda kamroq rivojlangan edi. Ayniqsa, sud, prokuratura, ichki ishlar organlarida, oliy o'quv yurtlarida korrupsion tizim "samarali" ishlaganligi aniqlanib, minglab mansabdor shaxslar lavozimidan ozod
qilindi. Bundan xulosa chiqargan tamagir rahbarlar siyosiy vaziyatdan sal cho'chib, o'zlarini "panaga tortdi".
Aytish mumkinki, o'zbek siyosatchilari, davlat arboblari, olimlari o'rganaman desa dunyo mamlakatlarida bunday jihatlar ko'plab topiladi. Misol uchun, Singapurda pora olishdan bosh tortgan amaldorlarga mukofotlar tarqatiladi. Yaponiya davlat sektori xodimlarining vijdonliligi baholab boriladi. Biz o'ziga xos bunday islohotlar tag-zaminidagi ichki va tashqi omillarni tadqiq etishimiz zarur. Bulardan tashqari, "konfutsiycha kapitalizm", suxartocha siyosat, Maxatxira (ruxu nigara) g'oyalarining mazmun-mohiyati ham deyarli o'rganilmagan.
Xullas, davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash bo'yicha chora-tadbirlarni joriy etish, aholining korrupsiyaga qarshi qarashlarini shakllantirish bo'yicha xalqaro tajribalar hech qachon zarar qilmagan. Xulosa o'rnida
O'zbekistonda bu borada to'plangan muammolar Rossiyanikiga yaqin turadi, demak, dastlabki tadbirlar ana shu sxema asosida amalga oshirilishi mumkin. Korrupsiya ildiziga bolta urishda jinoyat ishlari bo'yicha sudlar ustuvor mavqeni egallashi lozim, degan fikrdamiz. Lekin afsuski, MDH davlatlarida kimningdir tazyiqi, ko'rsatmasi yoki tamagirligi, mansabdorning sotib olinishi evaziga sudlarning adolatsiz hukmlar chiqarishi hollari ko'p uchraydi (yurtimiz ham mustasno emas). Sud tizimi siyosiy hokimiyatning itoatgo'y, tobe organiga aylanishi kasallikning battar gazak olishiga olib keladi.
Jonli misol, mahalliy hokimlarning fuqarolar va yuridik shaxslarga yerni ajratishi, ko'p yildirki, biznesga, kimoshdi savdosiga aylanib, rosa korrupsiyalashganligi bois, ular chiqargan qarorlarning teng yarmi, qariyb 2000 tasi sudlar tomonidan bekor qilingani, so'ng deputatlar qistovi bilan mazkur vazifaning geokadastr tashkilotiga o'tkazilgani shu sohada tashlangan dadil qadam bo'ldi. Bulardan tashqari, o'nlab vakolatlar jamoat tashkilotlari ixtiyoriga topshirildi. Ishonamizki, bunday demokratik jarayon davom ettiriladi.
Mamlakatimizda ham siyosiy, ham iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etish paytida korrupsiya jiddiy to'siq bo'layotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Shu bois Yurtboshimiz boshlab bergan jamiyatni demokratlashtirish, modernizatsiyalash jarayonlari qiyinchilik bilan davom etmoqda. Iqtisodiyotning investitsiya kiritilgan, "pul ishlaydigan", birmuncha "yog'li" tarmoqlariga o'rnashib olgan "korrupsiya halqasi" milliy taraqqiyotimizning dushmani, jamoat nazorati esa ularga qarshi kurashda ojizlik qilayotgani ham afsuski bor gap. Mamlakatda korrupsiya sxemalari, mehnat qilmasdan tezda boyib qolish mexanizmlari, ishlangan usullari "zanjiri" uzib tashlanmas ekan, davlatimizning har qanday siyosiy, iqtisodiy islohotini hayotga olib kirish, xalqni farovon qilish vazifasi qog'ozda qolib ketaveradi.
Shu o'rinda yana bir toifa haqida alohida to'xtalib o'tish zarur, deb hisoblaymiz. Ma'lumki, 1990-yillar boshida mustaqillik yo'liga o'tgan yosh davlatlarda modernizatsiyalash tabiiy bo'lmagan jarayonni o'z boshidan kechirdi. Barcha ko'rsatkichlar gazetalarda yozilganday "silliq" emas, balki notekis kechayotgani ko'pchilikka ma'lum edi. Chunki davlat bosh islohotchilikni bo'yniga olgan bo'lsa-da, uni amalga oshiruvchi institut byurokratiya qo'lida qolgandi. Apparatchi byurokratlar sinfi sotsializm hukm surgan eski davrlarni ko'p qo'msaydi, yangilikni xohlamaydi. Masalani shu jihatdan xolis tahlil qilganimizda, byurokratiyaning hokimiyatga "ta'siri" korrupsionerlardan kam emasligi ayon bo'ladi.
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sababi yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yo'qotilgan moddiy hamda ma'naviy boyliklar o'rnini qayta tiklash,
iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy o'zlikni asrash yo'lida kechayu kunduz mehnat qiladigan davr keldi.
Yaponlar ham, xitoyliklar ham, singapurliklar ham xalq ruhiyatini saqlab qolish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishdi. Biz ham shu nurli yo'ldan yurishga munosib xalqmiz. Zero, ozodlik, erkinlik yaratgan boy imkoniyatdan to'laqonli foydalanish O'zbekistonda korrupsiya muammosi yechilishiga, qolaversa, uchta hokimiyatning o'zaro tiyib turish tamoyiliga nechog'li amal qilishiga chambarchas bog'liq bo'ladi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug'diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo'lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo'lamiz.
Ozbekiston respublikasida ham korrupsiyaga qarshi kurash borasida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda bir qancha qonunlar qabul qilingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida qonun bunga misol bola oladi. "Jamiyatimizda korrupsiya illati o'zining turli ko'rinishlari bilan taraqqiyotimizga g'ov bo'lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo'lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog'i rivojlanmaydi"(3)
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. https://tuit.uz/post/korrupsiya-va-milliy-taraqqiyot-muammo-va-yechim
2. https://lex.uz/acts/-3088008
3. https://ombudsman.uz/oz/docs/ozbekistonda-korrupsiyaga-qarshi-kurashish-sohasida-davlat-siyosatini-takomillashtirtish-masalalari
4. https://lex.uz/docs/-3088008?ONDATE=21.04.2021
5. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasidan