JIZZAX VILOYATI ZARBDOR TUMANIDA TARQALGAN SU'GORILADIGAN O'TLOQI TUPROQLARNING MORFODIAGNOSTIK KO'RSATKICHLARI 1Abdullayeva Xumora Boybo'ri qizi, 2Maxkamova Dilafruz Yuldashevna, 3Isxoqova Shoira
Miqsodiqovna
1,2,3Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.10935240
Annotatsiya. Maqolada sug'oriladigan tuproqlar morfologiyasining tavsifi berilgan. Bu tavsiflarda tuproq ko'rinishining o'ziga xosligi bilinib turadi. Tuproq morfologiyasi ustida ishlagan olimlar ham keltiriladi. Maqolada tavsiflarning ilk namunalari ham keltirib o'tilgan.
Kalit so'zlar: Morfologiya, tuproq, mehanik tarkib, og'ir, yengil, qumoq, donador, turpoq rangi, och tusli, to'q tusli, tomirsimon tuz yo'li.
Аннотация. В стате приводится описание морфологии орошаемых почв. Из этих описаниях замечается спесифика внешнего вида почв. Также ситируются ученые, которые работали над морфологией почв. В стате также приводятся ранние примеры описаний.
Ключевые слова: Морфология, почва, механический состав, тяжёлый, легкий, суглинок, гранула, свет почвы, палевый, темный, корнеобразные следы солей.
Abstract. The article describes the morphology of irrigated soils. From these descriptions, the specificity of the appearance of soils is noticed. Scientists who have worked on soil morphology are also cited. The article also provides early examples of descriptions.
Keywords: Morphology, soil, mechanical composition, heavy, light, loam, granule, soil color, fawn, dark, root-like traces of salts
Tuproq paydo bo'lish jarayonlari natijasida tuproqlarning ona jinslaridan farq qiladigan muhim qator tarkibiy qismlari: tuproq va uning gorizontlari tuzilishi va uning alohida gorizontlarining qalinligi, tuproq kesimi, tuproqlarning rangi va tusi, tuproqning struktura tuzilishi, tuproqning donadorlik (mexanik) tarkibi, tuproqlarning joylashishi, yangi xosilalar va kiritmalar kabi belgilar ajratib ko'rsatiladi. Tuproq profilini tashkil etuvchi genetik gorizontlar o'ziga xos tashqai morfologik belgilari bilan ajralib turadi. Tuproqning morfologiyasi haqidagi asosiy fikrlar V.V.Dokuchayev tomonidan aytilgan bo'lib, S.A.Zaxarov, K.D.Glinka, N.M.Siberseva, A.A. Krasyuk, S.A. Zaharov, M.A.Glazovskaya, B.G.Rozanov, S.I.Sokolov lar uni rivojlantirishdi. XX asrning ikkinchi yarmida nemis olimi V. Kubiyenoy tomonidan tuproq mikromofologiyasi ishlab chiqildi va uning keyinchalik rivojlanishida V.V.Dobrovolsk va G.V.Dobrovolsklar, Y.I.Parfenov, Y.A. Yarilov va boshqalar o'z hissalarini qo'shishgan [1,4.5].
Tuproq morfologiyasi tuproqshunoslikning bir bo'limi sifatida qaralib, tuproqlarning potensial foydalanishidan qat'iy nazar standart iboralar orqali fizik xossalarini tavsiflab beradi. Umum qabul qilingan terminlar orqali aniq tavsiflar, fanning hamma sohalariga shu jumladan tuproqshunoslikka ham taaluqlidir. Shu kungacha foydalanib kelinayotgan asosiy deskriptorlar, so'nggi 50 yil davomida yaratildi va muntazam mukammalashtirib borilmoqda. Standart atamalardan foydalanishgacha bo'lgan davrda tuproqlar loyli, qumli, toshli, cho'kma, sho'rlangan, botqoq, quruq yoki ho'l, og'ir yoki yengil, yumshoq yoki qattiq, bo'liq, g'ovak yoki kuchsiz deb ta'rif berib kelingan. Tuproq qatlamlariga esa "kulrang suvli qum" yoki "zanglagan jigarrang loy"deb ta'riflangan. Garchi bu atamalar tuproqning fundamental xossalarini ifodalasada, ko'rilayotgan tuproqlar to'g'risida aniq bir ma'lumot yoki boshqa tuproqlar bilan solishtirish imkonini bermaydi [2,3.6].
Tuproq morfologik belgilarini o'rganish tuproq paydo qiluvchi jarayonlarni hamda ayrim gorizontlarning tarkibi, xossalari, xarakteri asosida tuproq tiplari, tipchalari va turlarini aniqlash imkoniyatini beradi va tuproqlarni aniqlash uchun zarur. Tuproqlarni aniqlash uni u yoki bu tipga, tipchaga, xil va ayirmalarga mansub ekanligini aniqlashga imkon beradi [1,5].
Tuproq xosil bo'lishi jarayoni natijasida tuproqlarning morfologik belgilari sezilarli darajada tuproq tiplarini o'zaro farqlanishlarini belgilash uchun, shuningdek sho'rlanish darajasini aniqlash uchun foydalaniluvchi, yetarlicha darajada o'rin tutuvchi tashhis qo'yish ko'rsatkichlari hisoblanadi.
O'rganilgan ob'ektlar tuproqlari va ular xossalarini tavsiflash uchun barcha tuproq tiplari tarqalgan hududlarni qamrab oluvchi, makro- va mezorelefning barcha tarkibiy qismlarini kesib o'tuvchi tuproq kesimlarida amalga oshirildi.
Ushbu tadqiqotlar natijalari tadqiqot ob'ekti hududida tarqalgan asosiy tuproq tiplarini tavsiflovchi, turli xil relef elementlarida joylashgan 10 ta tuproq kesmalari bo'yicha natijalar keltirilgan hamda sug'oriladigan gipsli tuproqlar va ularning xossalarini tavsiflash uchun, qarab chiqilayotgan tadqiqot ob'ekti hududida 6 ta tayanch nuqtalarda tuproq kesmalari amalga oshirildi.
Tadqiqot o'tkazilgan xudud tuproqlarining morfodiagnostik tuzilishi o'rganilib, bir qancha kesmalar olingan bo'lib:
1-kesma. Jizzax viloyati Zarbdor tumani Sharq yulduzi massividan, bo'z o'tloqi tuproqlari morfologik ko'rsatkichlariga ko'ra:
0-27 sm. Tuproq rangi dala rangda, tuproq namligi quruq, mexanik tarkibiga ko'ra o'rta qumoqli, kesaksimon tuzilishiga ega, joylashishiga ko'ra yumshoq, yangi yaralmasi yo'q, o'simlik ildizlari siyrak, hashorot izlari kam, qo'shimchalardan somon qoldiqlari mavjud, keyingi qatlamga o'tish aniq.
27-46 sm. Tuproq rangi och rangli, tuproq namligi kam, o'rta qumoqli, yong'oqsimon tuzilishga ega, tomirsimon tuz yo'llari mavjud. O'simlik ildizlari va yer osti hashorot qoldiqlari kam, keyingi qatlamga o'tish aniq.
46-68 sm. Tuproq rangi och rangli, tuproq namligi kam, o'rta qumoqli, yong'oqsimon tuzilishiga ega, tomirsimon tuz yo'llari, tuzlarning mayda kristallari shaklidagi yaralmalar mavjud, O'simlik ildizlari va yer osti hashorot qoldiqlari yo'q, keyingi qatlamga o'tish asta-sekin.
68-89 sm. Tuproq rangi och rangli, tuproq namligi kam, o'rta qumoqli, donasimon tuzilishga ega, tuzlarning mayda kristallari shaklidagi mayda yaralmalar mavjud. O'simlik ildizlari va yer osti hashorot qoldiqlari yo'q, keyingi qatlamga o'tish asta-sekin.
89-115 sm. Tuproq rangi och rangli, tuproq namligi kam, o'rta qumoqli, donasimon tuzilishga ega, tuzlarning mayda kristallari shaklidagi mayda yaralmalar mavjud. O'simlik ildizlari va yer osti hashorot qoldiqlari yo'q
2-kesma. Jizzax viloyati Zarbdor tumani Baxt massivi sug'oriladigan bo'z o'tloqi tuproqlari morfologik ko'rsatkichlariga ko'ra:
0-26 sm. Tuproq rangi dala rangda, tuproq namligi quruq, yengil qumoqli, donasimon tuzilishiga ega, zichligi yumshoq, oq ko'zanak, CO2 dog'lari mavjud, keying qatlamga o'tish aniq.
26-45 sm. Tuproq rangi dala rangda, tuproq namligi quruq, mehanik tarkibi yengil qumoqli, yong'oqsimon, kam zichlashgan, tomirsimon tuz yo'llari va somon qoldiqlari mavjud. Keyingi qatlamga o'tishi aniq. Donasimon tuzilishga ega, tomirsimon tuz yo'llari, oq ko'zanak CO2 dog'lari, tuzlarning mayda kristallari mavjud.
45-74 sm. Tuproq rangi och rang, namligi kam, donasimon tuzilishga ega, tomirsimon tuz yo'llari, oq ko'zanak, CO2 dog'lari va somon qoldiqlari mavjud. O'rtacha zichlashgan, keyingi qatlamga o'tish sezilarli.
3-kesma. Sug'oriladigan o'tloqi tuproq. Bu kesma Zarbdor tumanining, joylashishgan balandligi dengiz sathidan 317 metrni tashkil qiladi.
0-30 sm. To'q qo'ng'ir-bo'z, nam holatda, og'ir qumoqli, yirik palahsasimon, zichlashgan, alohida kichik o'lchamli kristallar va kiritmalar shaklida, yangi yaralmasida tuzlar kiritmalari mavjud, o'simlik ildizlari ko'p uchraydi, shuningdek xayvon izlari mavjud, keyingi qatlamga o'tish keskin holatda amalga oshadi;
30-45 sm. Och qo'ng'ir - bo'z, nam holatda, og'ir qumoqli, mayda yong'oqsimon, o'rtacha zichlashgan, kristallar shaklida tuzlar va gipsning yangi yaralmalari uchraydi, o'simlik ildizlari siyrak joylashgan, shuningdek kam hasharotlar izlari mavjud, keyingi qatlamga o'tish mexanik tarkib bo'yicha keskin tarzda amalga oshadi;
45-80 sm. Och- qo'ng'ir tusli, o'ta nam holatda, yengil qumoqli, yirik donsimon, kam zichlashgan, kristallar shaklida tuzlarning yangi yaralmasi mavjud (50%), o'simlik ildizlari siyrak joylashgan va alohida, yakka shaklda hasharotlar izlari kam uchraydi, keyingi qatlamga o'tish sezilarli darajada amalga oshadi;
80-120 sm. Och-kuygan tusli, o'ta nam holatda, yengil qumoqli, yirik donsimon, g'ovakdor, kristallar shaklida tuzlar va gipsning yangi yaralmalari mavjud (50%gacha), o'simlik ildizlari kam va xayvon izlari mavjud hisoblanadi;
120 sm - yer osti suvi.
4-kesma. Sug'oriladigan o'tloqi tuproq. Bu tuproq kesmasi Zarbdor tumanida joylashgan. Kesmaning dengiz sathidan joylashish balandligi 321 metrni tashkil qiladi.
0-30 sm. Och qo'ng'ir -bo'z, namligi kam, yengil qumoqli, yirik palahsasimon, kam zichlashgan, alohida qatlamlarda kiritmalar shaklidagi yangi yaralmalar mavjud (10%gacha), o'simlik ildizlari ko'p uchraydi, shuningdek xayvon qoldiqlari o'rtacha darajada tarqalgan, keyingi qatlamga o'tish keskin;
30-50 sm. To'q qo'ng'ir -bo'z, o'rtacha namlikda, yengil qumoqli, mayda palahsasimon, o'rtacha zichlashgan, kristallar ko'rinishidagi gipsning yangi yaralmalari mavjud, o'simlik ildizlari kam uchraydi va alohida, yakka holatlarda hasharotlar izlari mavjud, keyingi qatlamga o'tish sezilarli;
50-70 sm. To'q qo'ng'ir -bo'z, namlik o'rtacha, yengil qumoqli, mayda yong'oqsimon, o'rtacha zichlashgan, kristallar shaklidagi gips va tuzlarning yangi yaralmalari kuzatiladi, o'simliklarning ildizlari va hasharotlarning izlari kam uchraydi, keyingi qatlamga o'tish sezilarli;
70-100 sm. To'q qo'ng'ir-bo'z tusli, namlik o'rtacha, yengil qumoqli, yirik kesaksimon, kam zichlashgan, kristallar shaklidagi gips va tuzlarning yangi yaralmalari kuzatiladi (30%), o'simliklarning ildizlari va hasharotlarning izlari kam uchraydi, keyingi qatlamga o'tish sezilarli tavsifga ega hisoblanadi;
100-150 sm. Och qo'ng'ir -bo'z, malla dog'larga ega, o'ta nam, yengil qumoqli, yirik donador, g'ovakdor, mayda o'lchamli kristallar shaklidagi gips va tuzlarning yangi yaralmalari kuzatiladi (30%), o'simliklarning ildizlari va hasharotlarning izlari uchramaydi, keyingi qatlamga o'tish sezilarli;
150-200 sm. Qo'ng'ir tusli dog'lar bilan, och-bo'z tusga ega, namlik yuqori, yengil qumoqli, mayda donador, g'ovakdor, kristallar ko'rinishida gips uchraydi;
200 sm dan -tuproq xosil qiluvchi ona jins.
1-rasm. Tuproq kesmasidan namunalar olish jarayoni
Yuqorida keltirilgan kesmalarning morfologik tuzilishidan ko'rinib turibdiki, sug'oriladigan xudud tuproqlarning haydalma va haydalma osti qatlamlari mexanik tarkibiga, rangiga ko'ra bir xil jinslardan tashkil topgan.
Morfologik ko'rsatkichlariga ko'ra xudud tuproqlari qo'yidagi asosiy morfologik belgilarining mavjudligi bilan ajralib turadi: gumus qatlamining nisbatan qisqaligi, butun tuproq profilida karbonatlarning yaxshi ifodalanganligi, mikroagregatlarning aniq rivojlanganligi bilan birgalikda, pastki tomon tuproq zichlashganligi kuzatiladi.
REFERENCES
1. Gafurova L.A., Maxkamova D.Yu. Jizzax cho'li gipsli tuproqlari va ularning biologik faolligi. Monografiya (na uzb. yazbike). «Innovatsion rivojlanishi nashriyot-matbaa uyi» 2020. -174 b.
2. Makhkamova D., Nabiyeva G., Abdushukurova Z., Iskhakova Sh., Xaliqulova A. Climate conditions, hydrogeology and meliorative conditions of serozem-grass soils of Mirzaabad district, Sirdaryo region. E3S Web of Conferences 2023. 03033.
3. Makhkamova D.Yu. Mechanical Composition Of Gypsum Virgin Land And Irrigated Soils Zarbdar District Of Jizzakh Region. The American Journal of Agriculture and Biomedical Engineering, Volume 2 Issue 10, 2020. -P. 12-16.
4. Phillip R. Owens, Zamir Libohova. Soil morpgology. Encyclopedia of soil in the environment. Volume 4, 2023. P 149-170 https://doi.org/10.1016/B978-0-12-822974-3.00142-7
5. Uzoqov P., Holiqulov Sh.Tuproqshunoslik. Darslik. Toshkent - 2010 -B. 48.
6. Махкамова Д.Ю. Общие физические свойства почв Джизакской степи. Принципы и технологии экологизaции производства в сельском, лесном и рыбном хозяйстве.2017.-С.423-427.