UDK 631.4
TUPROQ UNUMDORLIGINING DIAGNOSTIK KO'RSATKICHLARI VA ULARGA DEGRADATSIYA JARAYONLARINING TA'SIRI 1D.A.Qodirova, 2X.N.Allayarov, 3X.N.Rasulov, 4S.A.Xurramov
1,2,3,4Toshkent davlar agrar universiteti, Toshkent https://doi.org/10.5281/zenodo.10935703 Annotatsiya. Ushbu maqolada Surxon-Sherobod vodiysi tuproq hosil bo'lish jarayonlarining qisqacha tavsifi berilgan. O'rganilgan tuproqlarning morfologik ko'rsatkichlarini o'rganish Surxon-Sherobod vodiysi tuproq qoplamining tuzilishi hududning relyefi, tuproq hosil qiluvchi ona jinslarning xususiyati va tuproqlarning geografik tarqalishiga chambarchas bog'liqligini ko'rsatdi. Degradatsiya jarayonlarining rivojlanishi, geografik tarqalishi, turli shakllanish sharoiti va qishloq xo'jaligida foydalanilishiga bog'liq holda har bir tuproq tipi va tipchalari uchun o'ziga xos morfologik belgilari xarakterlidir.
Kalit so'zlar: genezis, tuproq morfologik ko'rsatkichlari, tuproq tip va tipchlari, geografik tarqalishi, degradatsiya
Аннотация. В данной статье дана краткая характеристика процессов почвообразования в Сурхан-Шерабадской долине. Изучение морфологических признаков исследуемых почв показало, что структура почвенного покрова Сурхан-Шерабадской долины тесно связана с рельефом, особенностями почвообразующих пород и географическим распространением почв. Для каждого типа и подтипа почв характерны своеобразные морфологические признаки в зависимости от развития процессов деградации, географического распространения, различных условий формирования и использования в сельском хозяйстве.
Ключевые слова: генезис, морфологические показатели почв, типы и типы почв, географическое распространение, деградация
Abstract. This article provides a brief description of soil formation processes in the Surkhan-Sherabad valley. The study of the morphological characteristics of the studied soils showed that the structure of the soil cover of the Surkhan-Sherabad valley is closely related to the relief, characteristics of soil-forming rocks and the geographical distribution of soils. Each type and subtype of soil is characterized by unique morphological characteristics depending on the development of degradation processes, geographic distribution, and various conditions of formation and use in agriculture.
Keywords: genesis, morphological indicators of soils, types and types of soils, geographical distribution, degradation
Tadqiqot obyekti hisoblangan Surxon-Sherobod vodiysi tuproq qoplamining turli-tumanligi hudud relyefining murakkabligi va dengiz sathidan balandlikning keskin o'zgarishi bilan ifodalanadi. Bu yerda vertikal va gorizontal mintaqalanish yaqqol ifodalangan bo'lib, bu bir tomondan hudud dengiz sathidan turli balandlikda joylashganligi sababli iqlim va o'simlik dunyosining rang-barangligi, boshqa tomondan esa relefning shakllanish tarixi bilan bog'liqdir. Tuproq-iqlim rayonlashtirish bo'yicha tadqiqot ob'ekti Surxondaryo okrugiga mansubdir.
Ta'kidlash joizki, tadqiq etilgan hudud O'zbekiston uchun xos bo'lgan cho'l va tekislik mintaqasidan baland tog' mintaqasigacha bo'lgan landshaftlarning barcha tiplarini qamrab oladi, bu esa hududni ilmiy - tadqiqot uchun ham muhim obyekt ekanligini va tuproqlar genetik guruhlarining turli-tumanligini ko'rsatadi (1-jadval). Tadqiqot hududi tuproq qoplamining
tuzilishi, ishlab-chiqarish xususiyatlarini o'rganishga oid tadqiqotlar S.A.Azimboev [1], A.A.Primqulov [5.], R.K.Qo'ziev [4], L.A.Gafurova [3], Ch.R.Begimqulov [2], D.A.Qodirova [6], va boshqalar tomonidan o'rganilgan. 1-jadval
Surxondaryo viloyatida tuproqlarning asosiy genetik tiplarining tarqalish maydoni (Qo'ziev, Sektimenko, 2009)
№ Tuproqlar Maydoni, ming/ga
1 Och qo'ng'ir o'tloqi tuproqlar 173,8
2 Tog' jigarrang tuproqlar 370,7
3 To'q tusli bo'z tuproqlar 183,3
4 Tipik bo'z tuproqlar 405,1
5 Och tusli bo'z tuproqlar 344,7
6 Bo'z-o'tloqi va o'tloqi bo'z tuproqlar 24,9
7 Sur-qo'ng'ir tuproqlar taqirlar bilan 52,2
8 Taqirli tuproqlar 134,9
9 Taqir-o'tloqi va o'tloqi-taqir tuproqlar 25,0
10 Qumli cho'l tuproqlar 22,1
11 Cho'l-o'tloqi tuproqlar 36,3
12 O'tloqi tuproqlar botqoq-o'tloqi tuproqlar bilan 106,8
13 Boshqa yerlar 130,1
Ma'lumki, tuproqning morfologik belgilari - bu tuproqning tashqi belgilarining yig'indisi bo'lib, tuproq shakllanishi jarayonining natijasi hisoblanadi va shuning uchun ham tuproqning kelib chiqishini (genezisini), uning rivojlanish tarixini, fizikaviy va kimyoviy xossalarini ifodalaydi. Zero, N.M.Sibirsev ta'kidlaganidek: "Dalada kesma solishda, uni tavsiflashda va namunalar olishda qo'yilgan xatoni hech qanday eng aniq va murakkab tahlillar bilan ham to'g'rilash mumkin emas ".
Shu bois, tadqiqotlarimiz davomida o'rganilgan hudud tuproqlari profilining tuzilishi, genetik qatlamlarning ifodalanishi va har bir tuproq tiplari uchun xarakterli bo'lgan morfologik belgilariga alohida e'tibor berdik. O'rganilgan tuproqlarning morfologik ko'rsatkichlarini o'rganish tuproq qoplamining strukturasi hududning geologik-geomorfologik tuzilishi, tuproq hosil qiluvchi ona jinslarning xususiyati, o'simlik dunyosi va tuproqlarning geografik tarqalish qonuniyatlariga chambarchas bog'liqligini ko'rsatdi. Bu omillarning barchasi bu yerda tuproqlarning turli xil genetik guruhlarini shakllanishiga imkon beradi.
Bo'z tuproqlar o'rganilgan hududning eng ko'p maydonlarini egallagan tuproqlardan hisoblanadi. Bo'z tuproqlar mintaqasining quyi chegarasi bu yerda dengiz sathidan - 350-500 m balandlikda bo'lsa, yuqori chegarasi - 800-1000 m balandlikni tashkil etadi.
Surxon-Sherobod vodiysining yuqori qismi, ya'ni Surxondaryo va uning irmoqlari qo'shilgan bo'z tuproqlar mintaqasida faqat avtomorf tuproqlar emas, balki yarim gidromorf va gidromorf tuproqlar ham shakllangan. Jumladan, bu mintaqada sug'oriladigan tipik, och tusli bo'z va ular ichida shakllangan o'tuvchi bo'z-o'tloqi, botqoq-o'tloqi, o'tloqi tuproqlar keng tarqalgan.
Sug'oriladigan tipik bo'z tuproqlar Surxondaryo vohasining yuqori qismi tog' oldi va daryo yoyilmalari hududlarida tarqalgan. Sug'oriladigan tipik bo'z tuproqlar o'rtacha va og'ir qumoqlardan, ba'zi hollarda yengil qumoqlardan iborat bo'lib profilning quyi qatlamlari tomon
mexanik tarkibi kam o'zgaradi. Bu tuproqlar gipslashmagan va sho'rlanmagan. Sug'orish natijasida tipik bo'z tuproqlarda agroirrigatsion qatlamlar shakllangan.
Sug'oriladigan och tusli bo'z tuproqlar Surxondaryo daryosi havzasida katta maydonlarni egallaydi. Bu tuproqlar tog' oldi (adir) qiya tekisliklari, Xo'jaipak daryosi yoyilmalarini chekka qismlaridagi lyossimon va allyuvial-prolyuvial yotqiziqlarida shakllangan. Sug'oriladigan och tusli bo'z tuproqlarni mexanik tarkibi turlicha bo'lib, o'rta, yengil qumoqdan qumloqgacha o'zgaradi. Bu hududlarni sug'oriladigan och tusli bo'z tuproqlari sho'rlanmagan, lekin ayrim relefning pastqam joylarida kuchsiz sho'rlangan. Sug'oriladigan och tusli bo'z tuproqlarni yer osti suvlari chuqur joylashgan yerlarda avtomorf rejimda, pastqam hamda sizot suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan hududlarda gidromorf rejimga o'tib, bevosita antropogen omillar ta'siri ostida rivojlanib boradi.
Sug'oriladigan bo'z-o'tloqi tuproqlar o'tuvchi yarim gidromorf tuproqlar hisoblanib, bo'z tuproqlar mintaqasini tipik va och tusli bo'z tuproqlar mintaqasi hududlarida joylashgan. Sug'oriladigan bo'z-o'tloqi tuproqlar sizot suvlari sathi yuzaga yaqin joylashgan (3-4 m) hududlarda keng shakllangan. Tuproq kesmalari qatlamlarini qo'yi qismlari kulrang bo'lib, zang dog'lari uchraydi, ba'zan gleylanish belgilari uchrashi kuzatildi. Sug'oriladigan bo'z-o'tloqi tuproqlarning mexanik tarkibi o'rta va yengil qumoqlardan iborat.
Sug'oriladigan o'tloqi va botqoq-o'tloqi tuproqlar Sherobod vodiysini bo'z tuproqlar mintaqasida, daryo konus yoyilmalarida va ularni I-II terrasalarida tarqalgan. Bu tuproqlar yer osti suvlari sathi 1,5-2,0 m atrofida tebranib turadi. Bo'z tuproqlar mintaqasi va konus yoyilmalarida jadal o'zlashtirish va davriy sug'orishlar natijasida cho'kmalarda, berk havzalarda, asosan, yer osti suvlari harakati sekin joylarda, uning sathi ko'tarilishi natijasida o'tloqi tuproqlar yillar davomida shakllangan. Mexanik tarkibiga ko'ra sug'oriladigan o'tloqi tuproqlar og'ir, o'rta va yengil qumoqli bo'lib, qumli va qumloqli qatlamlar ham uchraydi (1-rasm).
1-rasm. Eskidan sug'oriladigan botqoq-o'tloqi tuproqlar profilining umumiy ko'rinishi
Shunday qilib, o'tloqi va botqoq-o'tloqi tuproqlar uchun quyidagi morfologik belgilar: ustki qatlamning kulrang yoki to'q kulrang tusda bo'lishi, zichligining yuqoriligi, strukturasining yaxshi ifodalanmaganligi, karbonatli yoki gipsli qatlamlarning uchramasligi, agroirrigatsion qatlamning mavjudligi, tuproq kesmasining quyi qatlamlarida qizg'ish (zangsimon) - sarg'ish dog'lar va temirli-karbonatli konkresiyalarning uchrashi xarakterlidir.
Tadqiqot hududining cho'l mintaqasida sug'oriladigan yarim gidromorf va gidromorf tuproqlardan taqir-o'tloqi, o'tloqi-taqir, taqirsimon-o'tloqi, o'tloqi, sur-qo'ng'ir, cho'l-o'tloqi va o'tloqi qumli cho'l tuproqlari keng tarqalgan.
Sug'oriladigan taqir-o'tloqi tuproqlar Surxondaryo va Sheroboddaryolarning qayir usti terrasalari hamda yoyilmalarida, Qiziriq dashti tog' osti tekisliklarida sug'oriladigan taqir-o'tloqi tuproqlar tarqalgan bo'lib, ular mexanik tarkibiga ko'ra og'ir va o'rta, ba'zan yengil qumoqlidir. Bu tuproqlar turli darajada sho'rlangan bo'lib, sizot suvlari sathi o'rtacha 2,5-3,5 metrda joylashgan (2-rasm).
Sug'oriladigan taqir-o'tloqi tuproqlar avval qo'riq taqir tuproqlar bo'lgan va o'zlashtirilishi natijasida yer osti suvlari sathining ko'tarilishi sababli ular yarim gidromorf tuproqlarga aylangan. Tuproq profilining quyi qismlarida to'q-ko'kimtir, kulrang va zang dog'lari ko'plab uchraydi va bu tuproqlarda gidromorfizm jarayoni jadal davom etayotganidan darak beradi. Yangi gidromorfizm belgilarini o'zida namoyon etish bilan birga, tuproqlarda avvalgi avtomorf tuproq belgilari ham saqlangan, ya'ni to'q rangni saqlab turishi kabilar shular jumlasidandir.
2-rasm. Taqir-o'tloqi tuproqlar profilining umumiy ko'rinishi
Sug'oriladigan o'tloqi tuproqlar cho'l mintaqasida uchrab, ular tog' osti tekisliklarining quyi qismi va konus yoyilmalari hamda daryo terrasalarining yuqorigi qismida, grunt suvlarining
tabiiy oqimlari ta'minlanmagan yerlarda tarqalgan. Bu yerlarda o'tloqi tuproqlar grunt suvlarining saz-irrigatsion rejimida shakllangan. Quyi daryo terrasalaridagi o'tloqi tuproqlarning shakllanishi allyuvial-irrigatsion namlanish rejimida hosil bo'lgan va grunt suvlari 1,5-2,5 m chuqurlikda joylashgan.
Mexanik tarkibiga ko'ra, tuproqlar turlicha - og'ir qumoqlardan yengil qumoqlargacha o'zgarib turishi kuzatiladi. Sheroboddaryo konus yoyilmasi va Surxondaryoning III-chi terrasasi tuproqlari cho'l mintaqasi hududlarida eng og'ir mexanik tarkibliligi bilan ajralib turadi. Eskidan sug'oriladigan tuproqlarda o'rtacha qalinlikdagi agroirrigatsion qatlamlar shakllangan. Pastki qatlamlarda, ba'zan gleylanish belgilari kuzatiladi.
Bu tuproqlarda gumusli qatlamlar yaxshi ifodalangan. Sug'oriladigan o'tloqi tuproqlar sug'orish suvlari bilan kelgan va suvda eruvchan tuzlarni dalalarga yillar davomida doimiy kirib turishi tufayli turli darajada sho'rlangan bo'lib, sho'rlanmagan tuproqlar bilan birga, kuchsiz va o'rtacha sho'rlangan darajalari ham uchraydi. Mazkur tuproqlarning sho'rlanishiga yer osti suvlarining minerallashganligi ta'sir ko'rsatadi.
Qumli cho'l tuproqlari viloyatning janubiy-sharqiy qismidagi o'simliklar bilan mustahkamlangan qumli massivlarda shakllangan. Bu tuproqlarning kesma profilidagi genetik gorizontlari kuchsiz tabaqalashgan. Mexanik tarkibi qumloqli, quyida qum va yengil qumoqlar to'shalgan. Sizot suvlari 5 m dan pastda joylashgan.
Qumli-cho'l tuproqlarini sug'orma dehqonchilik maqsadida o'zlashtirilganidan keyin ular barcha genetik belgilarini yo'qotadi. Bu tuproqlar o'zlashtirilgandan keyin ularning profilida morfologik o'zgarishlar seziladi va ular qumloq-qumli mexanik tarkibli boshqa cho'l tuproqlariga o'xshab ketadi. Qumli cho'l tuproqlari sug'orish ta'sirida cho'l-o'tloqi tuproqlariga aylanib boradi. Doimiy sug'orish ta'sirida sizot suvlari sathining 2-3 metrgacha ko'tarilishi, qumli-cho'l tuproqlarning gidrogeologik sharoitlarining o'zgarishiga va ularning cho'l-o'tloqi tuproqlarga aylanishiga olib keladi. Qumli-cho'l tuproqlar gumusga kambag'al va turli darajada sho'rlanish jarayonlariga uchragan.
Shunday qilib, o'rganilgan hududning tuproq paydo bo'lish sharoitlarining o'ziga xos regional xususiyatlari bu yerda tarqalgan tuproqlarning morfologik belgilarida ham aks etadi. Biroq, degradatsiya (eroziya va sho'rlanish) jarayonlari oqibatida asrlar davomida shakllangan tuproq qoplami qisqa vaqt ichida o'zining ko'pgina ekologik-genetik funksiyalarini o'zgarishiga, eng asosiysi ishlab chiqarish kuchini yo'qotishiga olib keladi.
REFERENCES
1. Азимбоев С.А. Почвенный покров южной части Узбекистана и его мелиоративное состояние. Автореф. дисс. ... докт. с/х. наук. Новосибирск, 1989. - 48 с.
2. Гафурова Л.А. Почвы Шерабадской равнины как объект освоения и орошения. Дисс. ... канд. биол. наук. Ташкент, 1982. - С. 19-89.
3. Бегимкулов Ч.Р. Шеробод чули тупрокларига узок муддатли сугориш жараёнларининг таъсири ва уларнинг унумдорлигини ошириш йуллари. Автореф. дисс. .канд. биол. наук. Ташкент, 2010 - 25 с.
4. Кузиев Р.К., Сектименко В.Е. Почвы Узбекистана. - Ташкент.: Фан, 2009.- 352 с.
5. Примкулов А.А. Почвы долины Сурхандарьи, их компонентный состав и агропроизводственные особенности. Автореф. дисс. ... канд. с.-х. наук., Ташкент, 1987. - 26с.
6. Qodirova D.A. Surxon-Sherobod vodiysi degradatsiyaga uchragan tuproqlarining holati va makon-zamonda o'zgarishining biodiagnostikasi / Avtoref. dokt. diss..., Toshkent, 2010. -56b.