Central Asian Journal of
Education and Innovation
JADIDCHILIK MILLIY HARAKATINING YANGI O'ZBEKISTONNI BARPO ETISHDAGI O'RNI VA ROLI
Abduraxmonov Mirsaid Muzaffarovich
NavDKTU "Ijtimoiy-gumanitar fanlar va jismoniy tarbiya" kafedrasi assistenti https://doi.org/10.5281/zenodo.13907538
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 01- Oktyabr 2024 yil Ma'qullandi: 05- Oktyabr 2024 yil Nashr qilindi: 09- Oktyabr 2024 yil
KEY WORDS
milliy harakat, istiqlol, ma'naviyat, komil inson, yoshlar tarbiyasi, yangi usul maktablari, Behbudiy, Renessans, Yangi O'zbekiston
Maqolada jadid ma'rifatparvarlarining faoliyati, o'lka ozodligi yo'lida ko'rsatgan ulkan matonatlari, milliy harakatning bugungi kun yoshlarini tarbiyalashdagi o'rni, shuningdek, ularning ezgu niyat va maqsadlarining ro'yobi uchun qilgan cheksiz izlanish va mehnatlari aks etgan.
XXI asrga kelib, shubhasizki, buyuk, uzoq va yaqin tariximizni o'rganish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi O'zbekistonni qurishda tarixning o'rni haqida fikr bildirar ekanlar "Yangi O'zbekistonni barpo etish - yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o'rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo'limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir"[1]. Ma'lumki, XIX asr oxiri va XX asr boshida yoyilgan ma'rifatparvarlik harakati chor Rossiyasi tobeligidagi Turkiston o'lkasiga ham kirib kela boshladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 30-sentyabr kuni "O'qituvchi va murabbiylar kuni"ga bag'ishlangan tantanali marosimda so'zlagan nutqida jadidchilik harakati to'g'risida alohida to'xtalib, jumladan shunday dedi: "Ko'pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o'ylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma'rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg'onish g'oyasiga bag'ishlab, o'lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g'aflat botqog'idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yo'lda ular o'zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular "Ilmdan boshqa najot yo'q va bo'lishi ham mumkin emas" degan hadisi sharifni hayotiy e'tiqod deb bildilar", - deya ta'kidlagan edilar. Shuningdek, Yurtboshimiz raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashining kengaytirilgan yig'ilishida bugungi jamiyatimiz oldida turgan eng muhim masalalar ro'yi-rost tahlil etilib, ko'p yillardan buyon ma'naviy hayotda o'z yechimini kutib turgan muammolarni uzil-kesil hal qilishning dadil amaliy qadamlarini tashlab berdi desak aslo adashmagan bo'lamiz. Prezidentimiz o'z ma'ruzalarida tarixga, jadid taraqqiyparvarlarining eng nozik va tahlikali
zamonda maydonga chiqib, vatan, millat uchun jasorat ko'rsatganliklariga alohida e'tibor
qaratdilar.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi bilan 2024-yilning ilk kunida "Jadid" gazetasi
chop etildi. Ushbu nashr Vatan va xalq manfaatlari yo'lida jon fido qilgan millat oydinlari -
jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini keng targ'ib etishda o'ziga xos tafakkur maydoni
bo'lib xizmat qiladi. "Jadid" i gazetasining birinchi sonida shoir va yozuvchi Iqbol Mirzo
"Jadidlarning orzulari armonga aylangan zamon - "tariximizning eng kirlik, qora kunlari"
(Qodiriy) bir asr ortda qoldi. U tarix, u yaqin moziy. Tarix saboqlari bilan istiqbolga qaraladi.
"Moziy - istiqbol tarozusidir" (Behbudiy). Jadid bobolarimiz o'gitidan, ular ular hayotida yuz
bergan shonli va armonli kunlardan ibrat olib, istiqbolga, Vatan va millat kelajagiga nazar
solish lozim"[2] - deya yozadi.
Bugungi kunda jadidlar haqidagi sakkiz jildli kitoblar to'plami nashr etildi. Sakkiz nafar jadidlar hayoti va ijodiga bag'ishlangan risolalarni turli muallif yozgan bo'lib: Olimlarimiz Usmonov G'ulom Zafariy, Dilmurod Quronov Abdulhamid Cho'lpon, Ulug'bek Dolimov Is'hoqxon To'ra Ibrat, Hamidulla Boltaboyev Abdurauf Fitrat, Bahodir Karimov Abdulla Qodiriy, Oltinbek Olim Abdulla Avloniy, Sotimjon Xolboyev Munavvarqori qori Abdurashidxonov, Zaynobidin Abdirashidov Mahmudxo'ja Behbudiy haqidagi jildni qalamga olgan. Ushbu to'plam dastavval 2022-yilda Yoshlar nashriyot uyida yumshoq muqovali, lotin yozuvida, cho'ntak kitobi sifatida nashr etilgan. Loyihaga Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev rahbarlik qilgan. To'plamga qiziqqan shaxslar va tashkilotlarga bepul tarqatish ishlari olib borilgan. To'plam e'lon qilinishi bilanoq ommalasha boshladi. Xususan, jadidlarga e'tibor, risolalarning o'ziga xos dizayni hamda to'plamga kiritilgan ma'lumotlarning foydaliligi ko'pchilik insonlarda qiziqish uyg'otdi. dastlab bepul tarqatilgani ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in muhokama qilindi. Ushbu to'plamga kiritilgan risolalar mualliflarining har biriga 10 million so'mdan gonorar puli ajratilgan.
"Jadid" so'zi "yangi", "yangilik" ma'nolarini anglatadi. Shu ma'noning o'ziyoq jadid bobolarimizning Turkiston o'lkasiga yangiliklar olib kirishni maqsad qilganliklarini tasdig'i bo'la oladi. Lekin baxtga qarshi odamzod tarixida hech ko'rinmaganki, bir maromda kechayotgan hayotni o'zgartirishga urinish katta qarshilikka uchramagan bo'lsin. Lekin haqiqat shundaki, jamiyat va inson hayotining bir maromda kechishi, ertami-kechmi, albatta, tanazzulga olib keladi. Shuning uchun jadidlarimiz jamiyat va inson hayotida kecha boshlagan tanazzulga qarshi kurashish yoki uning oldini olish uchun yangi g'oyalar zarur degan xulosaga keldilar. Afsuski, jamiyatda tanazzulni o'z boshidan kechirayotgan, shunday hayotga ko'nikib qolgan ayrim insonlar jadid ma'rifatparvarlarining o'ta muhim, insoniy va hayotbaxsh g'oyalariga tish-tirnoqlari bilan qarshi chiqdilar. Jadid ziyolilarimiz dunyoning turli burchaklaridagi taraqqiyot, yangiliklar uchun olib borilgan harakatlar tajribasiga tayanishga harakat qilganlar hamda ushbu g'oyalarni milliy qadriyatlarimizga moslashtirib taraqqiyot yo'limizni yaratishga intildilar. Mustamlakachilik va zulmga qarshi kurashning bosh g'oyasi ana shu murakkab yo'lda shakllanib, sayqallanib bordi. Jadid ma'rifatparvarlarimiz ham mana shunday umuminsoniy g'oyalar, fikrlarni keng jamoatchilikka singdirishga, shu yo'l bilan jamoatchilik fikrini o'zgartirishga harakat qilishdi.
Jadidchilikning tariximizda tutgan ahamiyati va o'rnini bir nechta ustuvor jihatlarda ko'rishimiz mumkin. Birinchidan, ular mustaqillik milliy mafkurasiga asos yaratdilar. Ikkinchidan, ular g'aflat uyqusida yotgan mazlum Xalqni uyg'otdilar, ozodlik, milliy g'urur, buyuk ajdodlarimizning boy madaniyati haqida baralla so'zladilar, unutilayozgan qadriyatlar to'g'risida jar soldilar. Uchinchidan, jadid ma'rifatparvarlarimiz jamiyatda yetilib qolgan ijtimoiy muammolarni hal qilishda tadrijiy (bosqichma-bosqich) islohot yo'li bilan hal qilish
usullarini ishlab chiqdilar. To'rtinchidan, ijtimoiy-davriy tuzum o'zgarishlarining eng makammal, samarali yo'lini taklif qildilar va mustamlakachilik tartibotini yo'q qilishga harakat qildilar. Chor Rossiyasi tomonidan amalga oshirilgan mustamlakachilik siyosati jamiyatdagi muammolarni hal qilishda hech qanday ijobiy sifatlarga ega emas edi desak o'ylaymanki adolatdan bo'ladi. Aksincha, Chor amaldorlari ziyolilarimizga imkon qadar ko'proq tazyiq o'tkazishga va shu orqali o'zlarining chirkin g'oya hamda maslaklarini saqlab qolishga harakat qildilar. Shuning uchun ham jamiyatning ziyoli vakillari mamlakatni qoloqlik botqog'idan olib chiqish, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishning yagona yo'lini ma'rifatdan izlay boshladilar. Ilg'or ziyolilarning bu intilishlari qisqa muddat ichida mintaqadagi ma'rifatparvarlikni katta g'oyaviy hamda nazariy oqimga aylantirilishga intildilar va o'z hissalarini qo'shdilar.
Ma'rifatparvarlik harakatini mazmun-mohiyatiga ko'ra bir nechta bosqichlarga ajratsak xato bo'lmaydi. Birinchi bosqichida mavjud ijtimoiy tuzumni tanqid qilishga, kamchiliklarini ochib tashlashga katta e'tibor qaratdilar, ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy-madaniy qoloqlikdan qutulishning yagona yo'li ma'rifat bilan ekanligi chuqur tahlillar asosida ochib berildi. Ikkinchi bosqichda esa, ma'rifatparvarlik g'oyalarini xalq orasida targ'ib qilish ishlariga keng e'tibor qaratildi. Bunda jadid ziyolilari harakatining ahamiyati nihoyatda katta bo'ldi.
Milliy ma'rifatparvarlik harakati bo'lgan ziyolilarimizning bu intilishlariga tarixchi olimlarimiz, faylasuflarimiz tomonidan juda yuqori baho berilgan va berilmoqda. Jumladan, "Jadidchilik - jahon sivilizatsiyasi yutuqlari, xususan ilg'or ilm-fan, madaniyat-ma'naviyatga, milliy va umuminsoniy qadriyatlar birligiga asoslangan, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy qoloqlikka, Mustamlakachilik istibdodiga qarshi, milliy mustaqillikni barqarorlashtirishga qaratilgan demokratik harakat edi"[3] - deya ta'kidlaydilar.
Mustaqillik yillarida ma'rifatparvar bobolarimizning ilmiy merosini, ularning g'oyaviy qarashlarini o'rganishga e'tibor kuchaydi. Ayniqsa, 2018-yildan boshlab Prezidentimiz tashabbusi bilan Jadid namoyondalarining ilmiy merosini o'rganishga jiddiy kirishildi. Ularning faoliyat yo'nalishlari va g'oyalari Yangi O'zbekistonni barpo etishda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi global makonda qaysidir millat o'z "milly taraqqiyot" yo'liga ega bo'lsa, usha davlat rivojlanishning yangi bosqichiga chiqish imkoniyatlar oshishi ma'lum bo'lmoqda. Jadidlarning ma'rifat, ilm-fan, farzandlar tarbiyasiga oid qarashlar rivojiga qo'shgan hissasi esa, hech shubhasiz, bugungi Yangi O'zbekistonimizning ertangi kuni, kelajagi, yuksak marralarga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shubhasizki, jadidchilik milliy harakati va ularning faoliyatini jiddiy o'rganish va yoshlarimizga ularning asl mohiyatini anglatish muhim ahamiyat kasb etadi. Biz Uchinchi Renessansni ustuvor vazifa hisoblab, uni milliy g'oya, tafakkur darajasiga olib chiqmoqchi bo'lsak, jadidlarimiz bobolarimiz ta'kidlaganidek, har kim o'zgarishi va bu o'zgarishni, avvalo, o'zidan boshlashi kerak. Jadidchilik mohiyat-e'tiboriga ko'ra, milliy demokratik harakat bo'lib, ularning maqsadi Turkiston o'lkasining qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ilmli qilish, jamiyat hayotida va ijtimoiy hamda madaniy islohotlar o'tkazish, alal oqibat, milliy mustaqillik g'oyalarini hayotga tadbiq etishni o'z oldilariga maqsad qilib olgan edilar.
Jadidchilik harakatining namoyandalari o'zlari tashkil qilgan maktablar uchun darslik va qo'llanmalar ham yaratganlar. Jumladan, Munavvarqori Abdurashidxonovning "Adibi avval"(1907), Abdulla Avloniyning "Birinchi muallim", "Ikkinchi muallim"(1912) kabi bir
qator darsliklari muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Jadidlarning xalqaro aloqalari ham juda keng makonlarga daxldor bo'lgan. Ular Rossiya, Turkiya, Misr va boshqa mamlakatlardagi jadidchilik oqimlari, faoliyat dasturlaridan xabardor bo'lganlar, o'zaro safarlar, muloqotlar natijasida tajriba almashganlar. Jadid namoyondalari faqat maktablar uchungina emas, balki keng jamoatchilik vakillariga mo'ljallangan faoliyat turlari bilan ham shug'ullanganlar. Chunonchi, ro'znomalarning ko'plab vujudga kelishiga ham hissa qo'shganlar. 1906-yilda Ismoil Obidovning muharrirligida "Taraqqiy", aynan shu yili Munavvarqori Abdurashidxonov muharrirligida "Xurshid", 1907-1908 yillarda Abdulla Avloniy muharrirligida "Shuhrat", Ahmadjon Bektemirov muharrirligida "Osiyo" ro'znomalari nashr etila boshladi. Jadidchilik umummilliy harakat sifatida jamiyatning keng qatlamlarini o'zlarining ezgu niyatlari atrofida birlashtira oldilar. Ularning faoliyati - xalqni Uyg'otish mafkurasiga aylandi. Ular mustaqillik uchun kurash olib borishda xalqimiz manfaatlarini ustuvor deb bildilar. Jadidlarning tashabbusi bilan vujudga kelgan "Turkiston muxtoriyati" bu yo'ldagi amaliy-siyosiy harakatlarning dastlabki mevasi edi. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma'rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim hamda zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin degan xulosaga keldilar va yosh avlodga shu ezgu g'oyalarni singdira boshladilar. Bu harakatda Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi ma'rifatparvarlar keng jamoatchilikka ibrat namunasi bo'lib xizmat qildi.
Xulosa o'rnida shuni aytish lozimki, jadidchilik milliy harakati va jadid bobolarimiz bugungi jamiyat va davlatchiligi shakllanishiga ulkan hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimiz qatoridan munosib o'rin egallaganlar. Jadid ma'rifatparvar ajdodlarimizning boy ilmiy-ijodiy merosi bugungi murakkab, tahlikali davrda O'zbekistonda milliy g'oya va mafkuraviy immunitet shakllanishi va rivoj topishida, mustaqil fikriga ega bo'lgan, fidoyi va yurtimizni chin qalbdan sevgan, uni ko'z qorachig'idek asrab-avaylashni shon-sharaf deb hisoblaydigan avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Is'hoqxon To'ra Ibrat, Cho'lpon va boshqa jadid ma'rifatparvarlarining g'oyaviy merosi biz uchun muhim dasturulamal, harakatlarimizda yorqin mash'ala, pok niyatlarimiz ro'yobi yo'lida hayotiy tajriba manbaiga aylanishi lozim.
foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati: (references) :
1. Mirziyoyev Sh.M., "Yangi O'zbekiston Demokratik o'zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda", "O'qituvchi" MU, 2021 92-bet
2. Iqbol Mirzo. "Birlashmoq davri", Jadid adabiy, ilmiy-ma'rifiy va ijtimoiy haftalik gazetasi. 2024-yil 1-yanvar. №1
3. Choriyev A., Choriyev S. Renessans davri Yevropa falsafasi. T.: Tafakkur qanoti, 2015