IQTISODIYOTNING BOSH MUAMMOSI: EHTIYOJLARNING CHEKSIZLIGI VA RESURSLARNING CHEKLANGANLIGI
Oybek Utbasarov
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2-bosqich talabasi outbasarov@gmail .com
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada iqtisodiyotning bosh muammosi bo'lgan ehtiyojlarning cheksizligi va resurslarning cheklanganligi va ushbu muammoning yechilishi sabablariga oid fikr-mulohazalar, takliflar va muammolarga yechimlar keltirilib o'tilgan.
Kalit so'zlar: moddiy ehtiyojlar, samaradorlik, natija, to'la bandlik, iqtisodiy tanlov, muqobil xarajat, inson ehtiyojlari.
THE MAIN PROBLEM OF THE ECONOMY: UNLIMITED NEEDS AND
LIMITED RESOURCES
ABSTRACT
This article provides feedback, suggestions, and solutions to the problem of infinite needs and limited resources, which are the main problems of the economy, and the reasons for solving this problem.
Keywords: material needs, efficiency, result, full employment, economic choice, alternative cost, human needs.
Jamiyatning tuzilishi qanday bo'lishidan kat'i nazar uning a'zolari o'z ehtiyojlarini qondirishlari shart, chunki hayot kechirish ehtiyojlarning qondirilishini talab etadi. Hayotiy ehtiyojlarning turlari ko'p. Ular iqtisodiy, sotsial, madaniy, siyosiy, ma'naviy va hatto sof fiziologik ehtiyojlardan iboratdir. Bularning orasida eng ustuvor ahamiyatga ega bo'lgani sotsial-iqtisodiy ehtiyojdir.
Sotsial-iqtisodiy ehtiyojlar-kishilarning yashashi, mehnat qilishi va ma'lum iqtisodiy mavqega ega bo'lishi uchun iste'mol etilishi zarur bo'lgan mahsulotlar va xizmatlar majmuidir. Bu faqat tirikchilik ehtiyoji emas, balki insonning shaxs sifatida kamol topish zarurati hamdir. Uning jismoniy ehtiyojlardan farqi shuki, mehnat vositasida va tabiat ishtirokida qondiriladi, ya'ni u ishlab chiqarish faoliyatini talab qiladi. Ehtiyoj avvalam bor yakka tartibda bo'ladi, chunki har bir odamning xususiyatiga qarab ehtiyoj farqlanadi.
Shunday ehtiyojlar borki, ular yakka bo'lsada, birgalikda qondirilishi mumkin. Bunday vaqtda guruhiy ehtiyojlar paydo bo'ladi. Bu esa ma'lum guruhga birlashgan
kishilarning umumiy ehtiyojidir. Bunga misol qilib oilaviy ehtiyoj, mehnat jamoasi, va siyosiy uyushmalarning ehtiyojlarini keltirishimiz mumkin.
Umumjamiyat ehtiyoji ham borki, u birinchidan, barcha turdagi yakka va guruhiy ehtiyojlarning majmuidan iborat bo'lsa, ikkinchidan, jamiyatni yaxlit organizm sifatida yashab turishi uchun zarur ehtiyojdir. Masalan, tabiiy resurslarni avaylash, mudofaa qilish, iqtisodiy zahiralar hosil qilish, jamiyatni boshqarib turish va boshqalar.
Jamiyatdagi ehtiyojlar o'zining turidan qat'i nazar, ularning mavjud bo'lishi, qondirilishi va o'sishi bir kancha omillarga bog'liq bo'ladi, ya'ni : jamiyat iqtisodiy taraqqiyotida erishilgan darajaga; jamiyatning sotsial- iqtisodiy tuzumiga ; hayot kechirishning tabiiy-jug'rofiy sharoitiga ; tarixiy - milliy an'analar va odatlar bilan bog'lanib ketishiga. Agar iqtisodiyot qoloq bo'lsa ehtiyojlar doirasi tor bo'ladi, aksincha, iqtisod yuksak bo'lsa, ehtiyoj keng va xilma xil bo'ladi.
Jamiyatning ehtiyoji turli ijtimoiy toifa va guruhlarga mansub kishilar ehtiyojining yaxlitligidir. Shu sababdan, u jamiyatning ichki tuzumiga bog'liq. Agar jamiyat mulkdor va mulksizlarga, boy va kambag'allarga ajralgan bo'lsa yoki jamiyatda ijtimoiy tenglik bo'lib, u chuqur tabaqalashmasa, uning asosini o'rtacha mulkdorlar sinfi tashkil etsa, shunga qarab ehtiyojlar har xil bo'ladi. Demak, inson ehtiyoji abadiy. Inson bor ekan, uning ehtiyoji mavjud. Ehtiyojlar xilma-xilligi boisi insonning ehtiyojlari boshqa bir insonning ehtiyojlariga o'xshamaydi.
Ammo ehtiyojda bir qator yirik belgilar borki, ularga qarab ehtiyojlarni guruhlarga bo'lish mumkin. Bunga ehtiyojning xarakteri, uning nimaga qaratilishi asos qilib olinadi. Shu jihatdan qaralganda sotsial-iqtisodiy ehtiyojlar uch qismga bo'linadi. moddiy ehtiyojlar; sotsial-ma'naviy ehtiyojlar; mehnat ehtiyoji.
Moddiy ehtiyojlar azaliy, ular inson paydo bo'lishi bilan yuzaga kelgan. Ular tabiiy ehtiyojlardir. Moddiy ehtiyojlar eng zarur va hayotiy bo'lib, oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, transport, aloqa, gigiena ehtiyojlaridan iboratdir. Ularning qondirilishi yashashning birlamchi shartidir.(l)
Sotsial-ma'naviy ehtiyojlar asosan xizmatlardan masalan, o'qituvchi, vrach, san'at arbobi xizmatlaridan iborat bo'lib, ular ma'lum faoliyat shakliga ega, ularning yaqqol moddiy ko'rinishi yo'q.
Mehnat ehtiyojining mavjudligi faqat mehnatsiz nozu-ne'matlar yaratib bo'lmasligida emas, balki mehnatsiz inson shaxsi kamol topa olmasligidadir. Mehnat ehtiyoji insonni o'zida mujassamlashgan moddiy shaklda bo'lmaydi, u ishlashga bo'lgan ishtiyokda ifoda etiladi.
Ehtiyojlarning uzluksiz o'zgarib turishi har qanday jamiyatga xosdir, ya'ni ehtiyojlar cheksizdir. Ehtiyojlarning cheksizligi ularning to'xtovsiz yangilanib borishidan iboratdir.. Ehtiyojning yuksalish qonuni borki, u umumiqtisodiy qonunlar jumlasiga kiradi va jamiyatning ichki tuzilishidan qat'i nazar insoniyat taraqqiyotining hamma bosqichlarida amal qiladi. Bu qonunga ko'ra jamiyat a'zolarining, butun aholining ehtiyojlari uzluksiz yuksalib boradi, ehtiyoj miqdoran o'sib, tarkiban yangilanib turadi, eski ehtiyojlar o'rniga yangisi keladi, ehtiyojlarning rivojlanishi murakkab tarzda yuz beradi.
Jamiyatning butun iqtisodiy tizimi asosan ikkita fundamental muammo ustiga qurilgan bo'lib, uni iqtisodchilar iqtisodiyotning bosh muammosi deb ataydilar.
1. Jamiyat va uning a'zolari bo'lmish indivudial shaxslar, korxonalar va tashkilotlarning moddiy ehtiyojlari cheksiz.
2. Moddiy ehtiyojlarni qondirish vositalari, ya'ni tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo'ladigan iqtisodiy resurslar cheklangan yoki taqchil (noyob).
Agar e'tibor bilan nazar solsak, iste'molchilar, firmalar va davlatning (jamiyatning) moddiy ehtiyojlari cheksiz ekanligiga amin bo'lamiz. Chunki bu ehtiyojlar nafaqat son-sanoqsiz, balki vaqt o'tishi bilan to'xtovsiz yangilanib, ko'payib borayotgani ma'lum bo'ladi. Insonlarning turmush tarzi, urf-odatlari, didi va modalar o'zgarishi, ilmiy-texnik taraqqiyot natijasida ayrim tovarlar va xizmatlar iste'moldan chiqib ketib, ularning o'rniga yangilari kirib keladi. Iqtisodiy faoliyatning bosh maqsadi esa jamiyatning turli-tuman, cheksiz va kengayib borayotgan ehtiyojlarini imkoniyat darajasida maksimal qondirishga erishishdir. Endi ikkinchi fundamental muammo-cheksiz ehtiyojlarni qondirish uchun iqtisodiy resurslarning cheklanganligi masalasini ko'rib chiqamiz. Agar jamiyatdagi iqtisodiy resurslar miqdori cheklanmagan bo'lganida, har bir inson o'zi istagan hamma narsaga ega bo'lishi mumkin bo'lardi. Ammo, insoniyatning moddiy ehtiyojlari xayol va orzular ummoni singari cheksiz bo'lgan bir sharoitda, bu ehtiyojlarni qondirish vositalari bo'lgan iqtisodiy resurslar miqdori jamiyatda cheklangandir. Bu shuni anglatadiki, jamiyatdagi mavjud iqtisodiy resurslarning ishlab chiqarish imkoniyatlari jamiyat a'zolarining ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli emas. Dehqonchilik va chorvachilik uchun zarur yer maydonlari, sanoat uchun yer osti qazilma boyliklari, kapital va xomashyo resurslari, yuqori malakali ishchi kuchi va mutaxassislar, katta kapitalga ega tadbirkorlar va banklar, hamma-hammasi o'ta cheklangan. Bunday holat jamiyat a'zolarining o'z ehtiyojlarini to'liq qondirishga bo'lgan imkoniyatlarini doimo va muqarrar ravishda cheklab turadi. Mana shuning uchun ham absolyut moddiy farovonlik va to'kin-sochinlikka ega jamiyat qurish haqidagi urinishlar amalga oshmaydigan haqiqat sanaladi. Jamiyat a'zolarining moddiy ehtiyojlari cheksiz va resurslarimiz cheklangan ekan, hech qachon cheksiz ehtiyojlarimizni to'liq qondirish mumkin emas. Shunday ekan, iqtisodchilar jamiyat ixtiyorida mavjud cheklangan (taqchil) resurslardan optimal foydalangan holda cheksiz
ehtiyojlarni mаksimаl dаrаjаdа qоndirish ustidа bоsh qоtirishlаrigа to'g'ri kеlаdi. Buning uchun mаvjud resurslardan оqilоnа vа sаmаrаli fоydаlаnish yo'llarini izlab topish zarur bo'ladi. Iqtisodchilar "samaradorlik" tushunchasiga qanday ta'rif beradilar. Samaradorlik tushunchasi texnik yoki texnologik sohalarda ham qo'llanilib, biror-bir harakat yoki bajarilgan ishning natijasini baholashda foydalaniladi. "Iqtisodiy samaradorlik" tushunchasi "xarajatlar (sarflar)-natija (mahsulot)" nisbatini ifodalaydi. Aniqroq qilib aytganda, ishlab chiqarishga sarflangan resurslar birligiga nisbatan olingan mahsulot, foyda ko'rsatkichlari iqtisodiy samaradorlik darajasini belgilab beradi. Jamiyat o'zining cheklangan resurslaridan samarali foydalanish evaziga maksimal darajada tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishga intiladi. Bunga erishish uchun to'la bandlik va to'liq ishlab chiqarish hajmiga erishish lozim bo'ladi. To'la bandlik deganda ishlab chiqarishga yaroqli barcha resurslardan foydalanish imkoniyatiga aytiladi. Iqtisodiyot mehnat qilish yoshidagi ishga yaroqli barcha ishchilarni ish bilan ta'minlashi zarur. Haydaladigan yerlar, fabrika va zavodlar, asbob-uskunalar bekor turib qolmasligi, barcha asosiy va aylanma kapital ishlab chiqarishga jalb qilinishi maqsadga muvofiq. Ishlab chiqarishning to'liq hajmi deganda resurslarni optimal taqsimlash va ulardan samarali foydalanish evaziga maksimal darajada mahsulot ishlab chiqarish tushuniladi. Ishlab chiqarishga sarflangan har bir resurs birligi jamiyat uchun maksimal qaytimni ta'minlashi zarur. Iqtisodiy tanlov va muqobil xarajatlar Kundalik hayotimizda har birimiz cheklangan vaqtimizdan samarali foydalanish, daromadimizni oziq-ovqat, kiyim-kechak yoki maishiy texnikalar sotib olishga to'g'ri taqsimlash kabi o'nlab masalalar xususida qaror qabul qilishimizga to'g'ri keladi. Xuddi shuningdek, firmalar ham sarmoyani qaysi sohaga tikish, xomashyo va asbob-uskunalarni qancha miqdorda va qaerdan xarid etish, qanday texnika va texnologiyalardan foydalanish, resurslarni sarfini qanday tejash, mahsulotni xaridorbop qilib tayyorlash, to'g'ri narx siyosatini yuritish kabi ko'plab masalalar yuzasidan optimal qarorlar qabul qilishga harakat qiladilar. Bu muammolarni yechish uchun beshta fundamental iqtisodiy savolga javob berishi lozim.
1. Nimani, ya'ni iste'molchilar talabidan kelib chiqib qanday tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish kerak?
2. Bu tovar va xizmatlar qancha miqdorda ishlab chiqarilishi kerak?
3. Qanday qilib, ya'ni tovar va xizmatlarni qaysi usulda va qanday texnologiyalardan foydalanib ishlab chiqarish maqsadga muvofiq?
4. Kim uchun ishlab chiqarish kerak, ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarning iste'molchilari kimlar bo'ladi?
5. Iqtisodiy tizim yuz berayotgan o'zgarishlarga moslasha oladimi?
Yuqoridagi savollardan ikkitasi, ya'ni nima ishlab chiqarish kerak va qanday ishlab
chiqarish kerak degan savollar-resurslardan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan va ishlab chiqariladigan mahsulot tarkibining juda ko'p alternativ
variantlari mavjudligini taqozo qiladi. Iqtisodiy tanlov tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishda cheklangan resurslardan foydalanishning muqobil variantlari ichidan cheksiz ehtiyojlarni maksimal qondirishga imkon beruvchi eng optimal variantni tanlashni anglatadi. Iqtisodiy tanlov firmalarni belgilangan maqsadga erishish uchun xojlik yuritishning ratsional usullarini tanlashga, eng kam xarajatlar evaziga maksimal hajmda mahsulot ishlab chiqarish va maksimal foyda olishga undaydi.(2) Iqtisodiyotda har bir sub'ekt maksimallikka intiladi: iste'molchi-o'z ehtiyojlarini maksimal qondirishga, firma-foydani maksimallashtirishga, davlat esa-jamiyat a'zolarining farovonligi yuksaltirishga harakat qiladi. Ishlab chiqarish imkoniyatlarining cheklanganligi, ishlab chiqarish variantlaridan bittasi yoki bir nechtasini tanlab, qolganlaridan voz kechishni taqozo qiladi. Bir turdagi mahsulotni ishlab chiqarish ikkinchi biridan voz kechishni anglatadi. Optimal iqtisodiy tanlovga erishish uchun nafaqat bolg'usi xarajatlar, balki foydalanilmagan ishlab chiqarish imkoniyatlari ham e'tiborga olinishi lozim. Boshqa variantlardan voz kechish natijasida, biz ulardan olinishi mumkin bo'lgan foydadan ham voz kechamiz, ya'ni bu boy berilgan imkoniyatlar bolib, muqobil (alternativ) xarajatlarni tashkil etadi. Muqobil xarajatlar -iqtisodiy tanlovda resurslardan samarali foydalanish bilan bogliq eng yaxshi alternativ variantdan voz kechish natijasida boy berilgan imkoniyatlarni (olinadigan foydani) aks ettiruvchi xarajatlardir. Muqobil xarajatlar yordamida noyob resurslardan foydalanish yo'nalishlari bo'yicha eng yaxshi (optimal) taqsimlash masalasi, ya'ni muayyan variantda resurslarni sarflashdan olinadigan foyda va xarajatlarni boshqa variantlar bo'yicha olinadigan foyda va xarajatlar bilan solishtirish orqali yechiladi (ya'ni muqobil xarajatlarni bir-biri bilan solishtirish orqali). Masalan, Toshkentdan Samarqandga avtobusda borishni xohlagan yolovchi biletni 30 minut turib, kassadan 25000 so'mga olishi mumkin, yoki 30000 so'mga navbatsiz xizmat ko'rsatuvchi firma orqali olishi mumkin deylik. Agar yo'lovchining 30 minut vaqtining alternativ xarajati 30000 so'mdan kam bolsa (u o'zining 30 minut vaqtini 30000 so'mdan kam baholasa), u biletni navbatda turib sotib oladi, agar alternativ xarajati 30000 so'mdan yuqori bolsa (u o'zining 30 minut vaqtini 30000 so'mdan yuqori baholasa), u holda yolovchi biletni xizmat ko'rsatuvchi firma orqali sotib oladi. Agarda yo'lovchi vaqtining alternativ xarajati 30000 so'mga teng bolsa, u ikkala variantdan xohlaganini tanlashi mumkin. Haqiqatdan ham vaqtini yuqori baholaydigan va yuqori daromad oluvchilar kopincha navbat kutishni xohlamaydilar.(3)
Ehtiyojlar yuksalishining to'rt jihati bor.
1 .Ehtiyoj kengayib miqdoran o' sib boradi, ya'ni muayyan ehtiyoj saqlangan holda uning ortib borishi. Masalan: gazlamaga ehtiyoj boshqa ehtiyoj bilan o'rin almashmaydi, ammo uning miqdori oshadi.
2. Mutlaqo yangi ehtiyojlar paydo bo'lib, eskilarini surib qo'yadi, ehtiyojlarning ichki tartib strukturasi o'zgaradi. Masalan: televidenie va videoapparatura paydo
bo'lishi bilan uyda xohlagan tomoshani ko'rish ehtiyoji paydo bo'lib, teatr yoki kinoga borish ehtiyoji qisqaradi.
3.Muayyan ehtiyojlar guruhi doirasida turli ehtiyojlar nisbati o'zgaradi. Bunda ehtiyoj umumiy tarzda saqlanadi, lekin uning aniq ko'rinishlari va shakllari o'zgaradi. Masalan: umumiy transport ehtiyoji saqlangan holda, transport aniq turlariga ehtiyoj o'zgaradi.
4.Bir ehtiyojning ikkinchisi bilan almashtirilishi. Bunday almashuv o'rinbosar ehtiyojlarning paydo bo'lishi bilan yuzaga keladi va bunday ehtiyojlar yuksak rivojlangan iqtisodiyotga xosdir. Masalan: shakar, qand, konfet, tort, navvot shirinlikka ehtiyojni qondiradi, ammo bir-birining o'rnini bosishi ularning foydaliligi darajasidan kelib chiqadi.
Ko'rinib turibdiki ehtiyojlarning yuksalishi muqarrar ekan, lekin asosiy muammo ehtiyojlarni qondirishdir. Buning birdan-bir vositasi ishlab chiqarishdir. Ehtiyoj yuksalar ekan uni qondirish vositalari ham rivojlanadi. Gap shundaki, ehtiyojlar cheksiz o'zgargani holda uni ta'minlash uchun kerak bo'lgan ishlab chiqarish resurslar cheklangan bo'ladi.Bu resurslar tabiiy resuslar, mehnat resurslari, pul resurslari, texnika va texnologiya resurslaridir. Buni g'arbda iqtisodchilar resurslarning kamyobligi deb atashadi. Ehtiyoj va resurslarning nomutanosibligi, birining cheksizligi va ikkinchisining kamyobligi ishlab chiqarish imkoniyatlaridan to'la va samarali foydalanishni talab qiladi.
Resurslar deganda faqat pulni tushunmaslik kerak. Resurslar birinchidan, moddiy shaklga ega bo'lib, yer-suv, yer osti va yer usti boyliklari, asbob-uskuna, mashinamexanizmlar, bino-inshoatlar va boshqalardan, ikkinchidan, inson resurslari yoki mehnat resurslaridan, aniqrog'i kishilarni mehnat qilib ishlab chiqara olish qobiliyatidan. Uchinchidan, moliyaviy resurslar: Valyuta birligi va qimmatbaho qog'ozlardan, to'rtinchidan tabiiy resurslar ya'ni ishlatilsa o'rnini to'ldirish mumkin yoki mumkin bo'lmagan tabiiy boyliklardan iborat.
Yer kurrasi va qa'ridagi tabiiy boyliklar ekin maydoni, o'rmonlar, qazilma boyliklar, umuman o'simlik va hayvonot dunyosi miqdoran cheklangan. Masalan Markaziy Osiyodagi sug'orma dehqonchilik Amudaryo va Sirdaryoning suv zahirasi bilan cheklangan. Aholining o'sish sur'atlari pasaygan sharoitda, aholi qariydi, uning tarkibida ishga layoqatli kishilar salmog'i qisqaradi.
To'xtovsiz yuksalib boradigan ehtiyojni qondirish uchun kamyob resurslar oqilona ishlatilishi shart. Shu sababli hatto ibtidoiy jamiyatdagi kishilar yerni chirindilar va kul bilan o'g'itlab, hosildorlikni oshirishga intilganlar. Har doim cheklangan resurslarni tejamli ishlatish cheksiz ehtiyojlarni qondirish vositasi bo'lib kelgan.
Yuksalayotgan ehtiyojning uni qondirish vositasi bilan aloqasi ikki yoqlama bo'ladi:
1.Ehtiyojning miqdoran ortib borishi resurs birligidan miqdoran ortib borishi resurs birligidan ko'proq iste'mol buyumlari olishni talab qiladi.
2.Ehtiyoj tarkibining yangilanishi resurs birligidan ko'p turdagi mahsulot olishni talab qiladi. Masalan: 1 tonna metalldan 10 xil emas, 25 xil uy-ro'zg'or buyumlari olinadi. Ehtiyojlar tez o'zgargani sababli, muayyan resurslar sharoitida ularning hammasini birdan qondirib bolmaydi. Shu sababli jamiyat muqobil mahsulotlardan qaysi birini ishlab chiqarishni tanlab oladi. Resurslar cheklanganligidan bir mahsulotni ko'paytirish ikkinchisini kamaytiradi, chunki qo'shimcha mahsulot qo'shimcha resurs talab qiladi.(4)
Demak, chegaralangan resurslar doirasida hamma ehtiyojlarni bir vaqtning ozida bir yola qondirib bolmaganidan ishlab chiqarish imkoniga qarab, u yoki bu ehtiyojlarni qondirishning optimal darajasini tanlab olish kerak bo'ladi. Resurslar sarfining birligidan olingan natija ko'paysa, ehtiyoj yaxshi qondiriladi.Resurslarning tejalishi ular sarfining yaratilgan mahsulot va xizmatlar birligiga nisbatan qisqarishi demakdir.
REFERENCES
1) "Mikroiqtisodiyot" darslik B.T. SALIMOV, M.S. YUSUPOV, B.B. SALIMOV (18-20-betlar. 2019-yil)
2) https://hozir.org/mavzu-reia-kirish.html ?page=6 sayti.
3) "Mikroiqtisodiyot" darslik B.T. SALIMOV, M.S. YUSUPOV, B.B. SALIMOV (28-29-betlar. 2019-yil)
4) https://www.gazeta.uz/oz/2017/03/30/pilla/ sayti.