Научная статья на тему 'INGLIZ MА’RIFАTCHILIK NАSRIDА NON-FIKSHN SАYOHАT TАFSILOTLАRI VА ULАRNING OʼRNI'

INGLIZ MА’RIFАTCHILIK NАSRIDА NON-FIKSHN SАYOHАT TАFSILOTLАRI VА ULАRNING OʼRNI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
ingliz maʼrifatchiligi davri / sayohat janri / non-fikshn sayohat tafsilotlari / kundalik / maktub / sayohat romani. / English Enlightenment / travel genre / non-fiction / travelogue / diary / letter / travel novel.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Xurshida Mirxolikovna Djalilova

Ushbu maqolada ingliz maʼrifatchiligi davri adabiyotida real safarlarga asoslangan non-fikshn sayohat tafsilotlari tadqiq etilgan. XVIII asr ingliz adabiyotida sayohat mavzusi yetakchilik qilib, ular real safar kundaliklari va badiiy toʼqima asosida yaratilgan sayohat romanlaridan tashkil topgan. Tahlil natijasida non-fikshn sayohat tafsilotlarining ingliz adabiyotida sayohat romanlarining yaratilishi va rivojlanishiga katta xissa qoʼshgan, degan xulosaga kelingan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

This article examines works based on actual travels created in English literature of the Enlightenment. In English literature of the 18th century, the theme of travel was leading, which was reflected in the form of travel diaries based on real travel and travel novels. As a result of the analysis, it was concluded that non-fiction accounts of real travel contributed greatly to the creation and development of travel novels in English literature.

Текст научной работы на тему «INGLIZ MА’RIFАTCHILIK NАSRIDА NON-FIKSHN SАYOHАT TАFSILOTLАRI VА ULАRNING OʼRNI»

INGLIZ MА'RIFАTCHILIK NАSRIDА NON-FIKSHN SAYOHAT TAFSILOTLARI VA ULARNING O'RNI Xurshida Mirxolikovna DJALILOVA

filologiya fanlari nomzodi, dotsent O'zbekiston Milliy universiteti

khurshida_@mail.ru https://doi org/10.5281/zenodo. 11109723

Abstract. This article examines works based on actual travels created in English literature of the Enlightenment. In English literature of the 18th century, the theme of travel was leading, which was reflected in the form of travel diaries based on real travel and travel novels. As a result of the analysis, it was concluded that non-fiction accounts of real travel contributed greatly to the creation and development of travel novels in English literature.

Key words: English Enlightenment, travel genre, non-fiction, travelogue, diary, letter, travel novel.

Annotatsiya. Ushbu maqolada ingliz ma'rifatchiligi davri adabiyotida real safarlarga asoslangan non-fikshn sayohat tafsilotlari tadqiq etilgan. XVIII asr ingliz adabiyotida sayohat mavzusi yetakchilik qilib, ular real safar kundaliklari va badiiy to'qima asosida yaratilgan sayohat romanlaridan tashkil topgan. Tahlil natijasida non-fikshn sayohat tafsilotlarining ingliz adabiyotida sayohat romanlarining yaratilishi va rivojlanishiga katta xissa qo'shgan, degan xulosaga kelingan.

Tayanch so'zlar: ingliz ma'rifatchiligi davri, sayohat janri, non-fikshn sayohat tafsilotlari, kundalik, maktub, sayohat romani.

XVIII asr Buyuk Britaniyada sayohatnoma adabiyoti tom ma'noda gullab yashnagan davr bo'ldi. Sayohatnomaning rivojlanishiga, eng avvalo, bir mamlakat, bir millat vakillarining o'zga yurtlarga qilgan safarlari katta turtki berdi. Adabiyotshunos olimlar Klod Pichua va Andre M. Russo o'zlarining «Qiyosiy adabiyotshunoslik» nomli risolalarida bitganlaridek, «har bir sayyoh Lafonten masallaridagi qaldirg'ochga o'xshaydi, zero u o'z qo'shnilarinikiga uchib borib kelib, bizga ularning xulqi-atvori, axloqlari haqidagi nozik hikoyalarni yetkazadi, biz bilan qo'shnilar o'rtasidagi ilk vositachiga aylanadi» [16:49].

Buyuk Britaniyada sayohat janriga bag'ishlangan chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borilgan, zero aynan shu orolda o'n sakkizinchi asr sayohat adabiyoti asri deb ham nom olgan. "Odatda roman asri deb ataladigan XVIII asr sayohat asarlarining ham oltin davri hisoblanadi. Ular haqiqiy real va xayoliy sayohat motivlarining to'liq ma'nosini o'rganish uchun adabiy maydon vazifasini bajaradi", deb yozadi Alen Boni [3:3].

Ushbu mavzuni yoritadigan manbalarda sayohat janri «travel literature», «travel writing», «travelogue» deb, ularning spetsifik xususiyatlariga ko'ra, real, nobadiiy (non-fiction) va badiiy (fiction) va guruhlariga ajratiladi.

Jon Guddonnning "Adabiy terminlar va adabiyot nazariyasi" (J.Guddon. Dictionary of literary terms and literary theory) kitobida sayohat janri, ya'ni "travel literature" va "travelogue" o'z ichiga ochiq havo tasvirlangan, tabiat haqidagi adabiyot bo'lib, sayohat bo'yicha yo'lko'rsatkichlar va yo'l xotiralaridan iborat, deb ta'rif beriladi [5:937]. Shuni e'tiborga olish kerakki, ingliz tilida sayohat aks etgan asarlar ushbu so'zning bir nechta sinonimlari bilan bog'liqlikda nomlanishi ham mumkin, ularning har biri sayohat turining spetsifikasini anglatadi.

Shu maqsadda sayohat so'zining Kembrij (Cambridge Dictionary) lug'atida keltirilgan quyidagi "voyage", "journey", "trip", "travel", "excursion" variantlari keltiriladi, ya'ni "voyage" uzoq muddatli, ko'p hollarda kema orqali sayohatni anglatsa, "journey" so'zi esa ma'lum bir joydan boshqa bir joyga aksariyat transport vositasi orqali amalga oshirilgan sayohatni anglatadi. "trip" so'zi orqali esa qisqa muddat ichida qayergadir safarga chiqish va so'ngra yana o'z manziliga qaytish bilan bog'liq sayohat nazarda tutilsa, "travel" so'zi aksincha uzoq muddatli va uzoq masofaga sayohatni bildiradi. Hozirgi kunda sayohat janri "travelogue" (sayohat haqidagi so'z) termini keng qo'llaniladi. [6].

Edvard Kuinning "A dictionary of literary and thematic terms" nomli adabiyotshunoslik terminlar lug'atida sayohat janriga oid quyidagi fikrlar berilgan: "Sayohat adabiyoti G'arb tarixida muhim o'rin tutgan... Marko Polo kabi sayyohlarining hisobotlari yevropaliklarni o'zlaridan ancha katta farq qiladigan odamlar mavjudligidan xabardor qildi. Bu xabarlar ham kitobxon va ham yozuvchilarning tasavvurlarini hayajonga solib, izlanish va kashfiyotga intilishni kuchaytirdi...18-asrning ikkita buyuk sayohat kitobi to'qima bo'lib, Daniyel Defoning "Robinzon Kruzoning sarguzashtlari" (1719) va Jonatan Sviftning "Gulliverning sayohatlari" (1726) asarlarining ikkalasi ham faktik tafsilotlar uchun mavjud sayohat kitoblariga tayangan" [16:426427].

Sayohat adabiyotiga oid bir qator izlanishlar, jumladan Adams Persining (Adams, Persy) "Sayohatchilar va sayohat qirollari" (Traveler and Travel Lears 1660-1800) [1] va Sayohat adabiyoti va Roman janrining evolyutsiyasi (Travel Literature and the Evolution of the Novel) [2], Jorj Parksning (George Parks) "The turn to the Romantic in the Travei Literature of the Eighteenth Century) [13] va so'ngi yillarda yaratilgan Jan Vivbe (Jean Vivies)ning "O'n sakkizinchi asrdagi ingliz hikoyalari" [18], (English Travel Narratives in Eighteenth Century) asarlarida real sayohatlarga asoslangan asarlar tadqiq etiladi. "Sayohatning o'z maqsadi bor - deb yozadi Nensi Xovard - bu kashf etish jarayoni bo'lib, unda qahramon o'zi, o'z jamiyati va insoniyat tabiati mavjudligi haqidagi muhim haqiqatlarni bilib oladi.." [11].

XVIII asr ingliz adabiyotida real sayohat tafsilotlari asosida yaratilgan non-fikshn asarlar Jems Kuk (James Cook)ning «Indeverda sayohat» (1768-1771 yillar); «Janubiy qutbga va jahon bo'ylab sayohat» (1772-1775 yillar); «Tinch okeanga sayohat, 1776-1780 yillar» (The apotheosis of Captain Cook: European mythmaking in the Pacific.Princeton); Jems Kukning ikkinchi ekspeditsiyasida qatnashgan Georg Foster (George Forster)ning «Dunyo bo'ylab sayohat» (A Voyage Round the World) asari, Jozef Addison (Addison, Josep)ning «Italiyaga sayohat», Daniyel Defo (Daniel Defoe)ning «Buyuk Britaniya oroli bo'ylab sayohat, 1724-1727 yillar» (A Tour Through the Whole Island of Great Britain, 1724-1727); Genri Filding (Henry Fielding,)ning «Lissabonga sayohat» (Journal of a Voyage to Lisbon, 1755), Tobayas Smollet (Tobias Smollett)ning «Frantsiya va Italiya bo'ylab sayohat" (Travels through France and Italy, 1766) asarilari misol bo'la oladi. Yuqoridagi asarlarning barchasini real safar tafsilotlaridan iborat bo'lib, ularning barchasini bir mavzu - sayohat mavzusi birlashtirib turadi. Ushbu asarlar safar maqsadi va vazifalarining aniqligi, marshrutning avvaldan belgilanganligi bilan ajralib turadi. Biroq har bir asar maqsad va vazifalari jihatidan o'z kompozitsion tuzilishi, uslubi bilan bir-biridan farq qiladi. Shunga qaramay, ushbu asarlarning barchasida sayyohning safar davomidagi kuzatuvlari, fikr-mulohazalari va sayohat bilan bog'liq har xil voqealar hikoya qilinadi.

Buyuk geografik kashfiyotlar zamoni bo'lmish ma'rifatparvarlik davri ingliz adabiyotida kundalik janri an'ana-lari davom ettirildi. XVIII asrda Angliya hukumati tomonidan yer

qurrasining hali noma'lum o'lkalarini kashf etish va u yerlarda Angliya bayrog'ini o'rnatish maqsadida dunyo okeanlariga jo'natilgan ekspeditsiyalar ishtirokchilarining kundaliklari butun dunyoda katta qiziqish uyg'otdi. Shunday ekspeditsiyalardan uchtasiga boshchilik qilgan, nomi afsonaga aylangan dengizchi sayyoh Jems Kukning safarlari natijalari bo'yicha e'lon qilingan uchta kundaligi, shuningdek uning ikkinchi safarida ishtirok etgan Georg Forsterning «Dunyo bo'ylab sayohat» asari ana shular jumlasidandir.

XVIII asr Buyuk Britaniyada bitilgan sayohatnoma asarlarini mualliflari dengiz va dengizlar osha sayohatlarga bag'ishlangan kundaliklardan ozuqa olishgan, o'z asarlarini haqiqiy dengizchi-sayyohlarning hikoyalari asosida qurishgan, ba'zan, o'z uylaridan chiqmaganlari holda, qahramonlarini ummonlar osha xatarli safarlarga jo'natishgan, sinovlarga solishgan. Shu nuqtai nazardan yuqorida zikr etilgan Jems Kuk va Georg Forsterning kundaliklari katta qiziqish uyg'otadi. Ikki sayyohning kundaliklari bir safar tafsilotlaridan iborat bo'lsa ham, bir-biridan farq qiladi. G.Forsterning jumladan shunday yozadi: «Bir qarashda ikki marotaba bir dengiz safarini tasvirlash ortiq-chadek ko'rinsa-da, biroq turli xil voqealarga boy safar haqida bir odamdan ko'ra, ikki kishi batafsilroq bayon qilishi mumkin... Bundan tashqari ikki sayyoh bir narsani kamdan kam bir xil ko'ra oladi, o'z tuyg'ulari va fikr-mulohazalariga asoslanib unga turlicha ta'rif beradi». [10:6].

1768-1780 yillar mobaynida Janubiy materikni ochish maqsadida uyushtirilgan mazkur ekspeditsiyalar tarkibida ilm-fanning turli sohalari olimlari ham ishtirok etishgan. Kuk ekspeditsiyalariga yangi yerlarni ochish, mamlakatlar va orollarning geografik koordinatlarini aniq xaritaga tushirish, har tomonlama ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan birga mahalliy aholining urf-odatlari, xulq-atvorlari va layoqatlarini o'rganish, ular bilan aloqalarni o'rnatish topshirilgan edi. J.Kukning aniq faktlarga asososlangan safar hisobotidan farqli o'laroq, G.Forsterning «Dunyo bo'ylab sayohat» kundaligida yiroq ekzotik o'lkalar va xalqlarning maftunkor badiiy tasviri bilan birga muallifning keng ijtimoiy-siyosiy va ax-lo-qiy masalalar bo'yicha fikr-mulohazalari bilan ham berib borilgan. Ushbu asar sayohat kundaliklarining ilmiy-badiiy bayon etilishi bilan ajralib turadi.

Real sayohat asosida yaratilgan asarlardan biri Daniel Defoning «Buyuk Britaniya oroli bo'ylab sayohat» (A Tour thro' the whole Island of Great Britain, divided into Circuits or Journies. 1724-1727) asari bo'lib, unda dengiz sayyohati emas, quruqlik bo'ylab sayohat aks ettirilgan. Bu asarning yana bir diqqatga sazovor joyi shundaki, unda adid-sayyoh o'zga yurtlar bo'ylab sayohatini emas, balki o'z vatani Buyuk Britaniya oroli bo'ylab safar tafsilotlarini bayon qiladi. D.Defoning mazkur asari janri haqida A.Elistratova shunday yozadi: «Mamlakat bo'y-lab bir necha safarlar natijasi bo'lmish «Buyuk Britaniya oroli bo'ylab sayohat» o'zida yo'lko'rsatkichning batafsilligini hamda badiiy ocherkka xos jonlilikni mujassam etadi» [8:125]. «Buyuk Britaniya oroli bo'ylab sayohat» maktublar shaklida yozilgan bo'lib, unda XVIII asrning birinchi o'n yilliklaridagi Angliyaning keng ijtimoiy tasviri yaratilgan. P.Rojers ushbu kitob "mukammal poetik obrazlarga boy asardir» deb, sof badiiy adabiyot namunasi sifatida baho beradi [16:10]. Darhaqiqat, birinchi sayohat va tarbiyaviy roman muallifi Daniyel Defo «Buyuk Britaniya oroli bo'ylab sayohat» non-fikshn asarida ham o'z iqtidori va so'z san'ati imkoniyatlaridan keng foydalanadi.

Ingliz adibi Genri Fildingning 1755 yilda yozilgan "Lissabonga sayohat kundaligi" (The Journal of a Voyage to Lisbon, 1755) asari ham real sayohat tafsilotlariga asoslangan. Ushbu asarning sarlavhasi ham uning kundalik shaklida bitilgan sayohatnoma ekanligidan dalolat beradi.

Filding safar kundaliklarida "qiyos-lash orqali odamlar va hodisalarning haqqoniy va diqqatga sazo-vor xislatlarini kuzatuv davomida ko'ra olish" [9] va bir vaqt-ning o'zida ham mutolaa uchun qiziqarli, ham insoniyatni ma'lumotlar-dan xabardor qilish imkoniga ega ekanini bildiradi. Asarda kundaliklarga xos vaqt aniq berib boriladi, masalan, "Payshanba 28 iyunb". Aynan shu kuni kundaliklar muallifi kemada yo'lga chiqqanligi ma'lum bo'ladi. Barcha kundaliklardagi kabi, ushbu asar ham birinchi shaxs tomonidan bayon etilib, unda sayohat qilishning turlari, ya'ni quriqlik yoki dengiz orqali safarning afzalliklari haqida, yo'ldagi qiyinchiliklar, turli insonlar bilan muloqot, harajatlar kabi masalalar bilan bir qatorda siyosiy, iqtisodiy, falsafiy muammolar bo'yicha muallifning mulohazalari yoritib boriladi. Adibning "dunyoda bilimdan qimmatliroq narsa yo'q" deb odamlarning buni anglamasligi, unga intilish uchun harakat qilmasliklarini o'ziga xos kinoya bilan yozadi. Asar Fildingga xos ingliz yumori uslubida yozilganligi sababli boshqa asarlardan keskin farq qiladi. Muallif satira va yumor yordamida ijtimoiy-siyosiy masalalarga oid goh yengil, goh achchiq tanqidiy mulohazalarini bildiradi. Filding "Asli haqiqat shundaki, hech bir odam qul bo'lish uchun tug'ilmaydi, agar uni qul qilishga qodir kishini inobatga olmasak". deb, o'sha davr kolonial siyosatini istehzo orqali tanqid qiladi. Adibning "dunyoda bilimdan qimmatliroq narsa yo'q" deb odamlarning buni anglamasligi, unga intilish uchun harakat qilmasliklarini o'ziga xos kinoya bilan yozadi.

Yana bir ma'rifatparvar ingliz adibi Tobayas Smollet (Tobias Smollett) (1721-1771) o'z safari natijasida "Frantsiya va Italiya bo'ylab sayohat" (Travels through France and Italy) asarini yaratadi. Ushbu safar 1763 yilning noyabr oyidan 1765 yilning apreligacha davom etgan. Asar maktublar tarzida yozilgan bo'lib, noma'lum "Qadrli serga" o'z ko'rganlarini, o'z kuzatuvlarini batafsil bayon etadi. Smollet asarida o'z kayfiyati, ruhiy xolatini ham berib boradi. Asar qirq bir maktubdan iborat bo'lib, ushbu asarda xronologik aniqlik, joyning batafsil tasviri, xarita, tabiat, bayram va marosimlar, tarixiy yodgorliklar, flora va fauna, xatto narx-navolar ham o'z aksini topgan. Ushbu sayohat tafsilotlarida Smollet ma'rifatchi sifatida ahloqiy masalalar haqida o'z mulohazalarini berib boradi. Asar o'zining didaktik yo'naltirilganligi bilan ajralib turadi. Badiiy asarlaridagidek, "Frantsiya va Italiya bo'ylab sayohat"da Smollet o'z pozitsiyasidan kelib chiqib, atrofdagi voqealarga o'tkir satirik nigohi bilan baho beradi. Smolletning «Frantsiya va Italiya bo'ylab sayohat» tasvir maydoni va masalalar ko'lamining kengligi bilan ham ajralib turadi. Yuqorida tahlil qilingan real sayohatlarga asoslangan sayohatnomalardan Smolletning asari ayrim jihatlari bilan Filding asariga yaqin bo'lsa-da, uslubining originalligi va o'ziga xos yondashuvi bilan ajralib turadi. Ingliz yozuvchisi Tomas Sekkomb (Thomas Seccombe) (1866-1923) Smollet-ning real sayohatga asoslangan mazkur asariga bo'lgan e'tiborning kamayishiga Lorens Sternning 1768 yil ushbu asarga nisbatan yozgan mashhur "Sentimental sayoht" romani ma'lum bir jihatdan sa-babchidir. Darhaqiqiat, Stern o'z romanini Smolletning sayohat-no-masiga parodiya sifatida yaratib, nafaqat ingliz, balki Yevropa adabiyoti tarixida yangi uslubdagi asar muallifi sifatida joy oladi.

Ma'rifatchilik davri ingliz romanchilikning shakllanishiga ukrainalik olim M.G.Sokolyanskiy shunday fikr bildiradi: «Bir tomondan, memuarlar va kundaliklar, ikkinchi tomondan, an'anaviy badiiy nasriy janrlar o'rtasidagi munosabatlar tom ma'noda o'zaro aloqador bo'lgan. Birinchidan, badiiy nasr memuar adabiyotga ta'sir ko'rsatgan. Ikkinchidan, memuar va kundalik hikoyasining ayrim elementlari va tuzilishi badiiy nasr tomonidan faol o'zlashtirilgan» [17:23]. Rus olimasi A.A.Elistratova «Robinzon Kruzoning sarguzashtlari»da haqiqiy va uydirma sayohatlar haqidagi hisobotlar, dengizchilar, tujjorlar, yangi yerlar kashfiyotchilarining xotiralari

bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'liqligini ko'rmaslik mumkin emas», deb yozadi [8:112-113] Persi Adams "Sayohat adabiyoti va roman evolyutsiyasi" (Travel Literature and the Evolution of the Novel,) tadqiqotida ham sayohat va roman janrining o'sha davrda xalqaro miqyosda mashhur bo'lganligi sababli, u o'z nigohini butun G'arbiy Yevropa adabiyotiga qaratib, sayohat romanining shakllanishida non-fikshn sayohat xotiralarining o'rnini alohida ta'kidlab o'tadi [4].

Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash lozimki, o'n sakkizinchi asrdagi real safar tafsilotlari ushbu davr ingliz nasrida muhim o'ringa ega bo'lgan. Non-fikshn sayohat tafsilotlari o'z o'rnida ma'rifatchilik adabiyotida sayohat romanlarining yaratilishi va rivojlanishiga katta xissa qo'shgan. Yuqorida qayd etilgan ingliz sayohat romanlaridagi xronologik aniqlik, yo'l va transport vositalari, geografik, etnografik, flora va faunaga oid ma'lumotlarning berib borilishi, toponimlar, mahalliy aholi haqidagi tafsilotlar, kompozitsion qurilishdagi tipologik jihatlar fikrimiz dalili bo'la oladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:

1. Adams, Persy G. (1662), Traveler and Travel Lears 1660-1800, Berkele California Press.

2. Adams, Percy G., "Travel Literature and the Evolution of the Novel" (1983). LiteratureinGeneral. 1.https://uknowledge.ky.edu/upk _literature_in_general/1

3. Alain Bonyb, From A(ddison) to W(ordsworth) by S(terne):Variations on Continental Travel in the Eighteenth Century /Jean Vivies. English Travel Narratives in Eighteenth Century. Taylor & Francis Group. London and New York. 2016, P.3.

4. Arthur P. Fictions of Encounter: Eighteenth-Century Imaginary Voyages to the Antipodes. Paul Longley Arthur. The Eighteenth Century, Volume 49, 2008.

5. Cuddon, J. A. The Penguin Dictionary of Literary Terms and Literary Theory. London: Penguin Books. 1999. P. 937. ISBN 9780140513639

6. Cambridge dictionary / https://dictionary.cambridge.org/ru/

7. Defoe D. A Tour thro' the whole Island of Great Britain, divided into Circuits or Journies. The Penguin English Library, 1978. P. 10.

8. Елистратова А.А. Английский роман эпохи Просвещения. - М., 1966. С. 112-113.

9. Fielding H.The Journal of a Voyage to Lisbon / http://www.gutenberg.org/files/ 1146/1146-h/1146-h.htm

10. Форстер Г. Путешествие вокруг света. - М., Наука, 1986.

11. Horward N. The Quest Motif of literature. Supplemental handout of English. 215, Fantasy Fiction. Fall 2010. P. 7. / https://silo.tips/download/the-quest-motif-in-literature

12. Кук Дж. Плавание на «Индевре» в 1768-1771 гг. М., 1960; Плавание к Южнoму полюсу и вокруг света в 1772-1775 гг. - М., 1964; Плавание в Тихом океане в 1776-1780 гг. - М., 1971.

13. Parks G. The turn to the Romantic in the Travei Literature of the Eighteenth Century Modern Language Quarterly (1964) 25 (1): 22-33.

14. Pichois Claude et M. Rousseau André. La littérature comparée. - Paris, Librairie Armand Colin, 1968. P. 49.

15. Quinn E. A Dictionary of Literary and Thematic Terms, Second Edition. New York, 2006. P.426-27. https://krusamarnh.wordpress.com/wp-content/uploads/2014/09/a-dictionary-of-literary-and-thematic-terms.pdf

16. Rogers Pat. Introduction // Defoe D. A Tour thro' the whole Island of Great Britain, divided into Circuits or Journies. The Penguin English Library, 1978. P.10.

17. Соколянский М.Г. Западно-европейский роман эпохи Просвещения. Киев-Одесса, Више школа, 1983. С.23.

18. Vivies J. English Travel Narratives in Eighteenth Century. Taylor & Francis Group. London and New York. 2016.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.