Научная статья на тему '“IMOM MOTURIDIY” ROMANINING SYUJETI VA MUALLIF KONSEPSIYASINING PARALLELIZMI'

“IMOM MOTURIDIY” ROMANINING SYUJETI VA MUALLIF KONSEPSIYASINING PARALLELIZMI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Luqmon Bo‘rixon / Moturidiy / syujet / konsepsiya / konflikt.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Normurodov Shozod Yangiboyevich

Ushbu maqolada yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning “Imom Moturidiy” romanining syujeti va muallif konsepsiyasining parallelizmi haqida so‘z yuritiladi. Yozuvchining romandagi syujetlarni bir-biriga mohirona bog‘laganligi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga qay darajada yeta olganligi borasidagi qarashlarga alohida e’tibor qaratilgan. Yozuvchining yutuqlari e’tirof etilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «“IMOM MOTURIDIY” ROMANINING SYUJETI VA MUALLIF KONSEPSIYASINING PARALLELIZMI»

"IMOM MOTURIDIY" ROMANINING SYUJETI VA MUALLIF KONSEPSIYASINING PARALLELIZMI

Normurodov Shozod Yangiboyevich

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi

https://doi.org/10.5281/zenodo.13945260

Anotatsiya. Ushbu maqolada yozuvchi Luqmon Bo 'rixonning "Imom Moturidiy" romanining syujeti va muallif konsepsiyasining parallelizmi haqida so 'z yuritiladi. Yozuvchining romandagi syujetlarni bir-biriga mohirona bog'laganligi, o'z oldiga qo'ygan maqsadiga qay darajada yeta olganligi borasidagi qarashlarga alohida e 'tibor qaratilgan. Yozuvchining yutuqlari e 'tirof etilgan.

Kalit so 'zlar: Luqmon Bo 'rixon, Moturidiy, syujet, konsepsiya, konflikt.

Abstract. This article talks about the plot of the novel "Imam Moturidi" by the writer Lukman Borihan and the parallelism of the author's concept. Particular attention is paid to the writer's skillful combination of plots in the novel, to the extent that he managed to achieve his goal. The writer's achievements are recognized.

Key words: Lukman Borihon, Moturidi, plot, concept, conflict.

Аннотация. В данной статье говорится о сюжете романа «Имам Мотуриди» писателя Лукмана Борихана и параллелизме авторской концепции. Особое внимание уделяется умелому соединению писателем сюжетов в романе, насколько ему удалось достичь поставленной перед собой цели. Достижения писателя признаны.

Ключевые слова: Лукман Борихон, Мотуриди, сюжет, концепция, конфликт.

Tarixiy romanda muallif (asosan) bosh qahramon timsolida tarixiy shaxs konsepsiyasini ilgari suradi. Ya'ni ijodkor olamni bilish yo'lida o'z badiiy talqinidagi tarixiy shaxs ruhiyatini taftish qiladi, uning murakkab taqdiriga nazar soladi. Shu tarixiy shaxs vositasida zamon va makonni o'rganadi. Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, falsafiy qarashlarini ilgari suradi. Demak, tarixiy asarni baholashda o'tmishning qay darajada haqqoniy jonlantirilgani emas, balki mavjud voqelik, tarixiy shaxs qay tarzda badiiy tafakkur qilingani hisobga olinadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yozuvchi Luqmon Bo'rixon o'z asarida e'tiqodda sobit, islom aqidasining jasur muhofizi, diniy bag'rikeng, ilmli va ilmga tashna inson qiyofasini yoritmoqchi bo'lgan va bu maqsadiga to'laqonli erishgan. Yozuvchi o'z konsepsiyasidan kelib chiqqan holda bosh qahramonning darveshona qiyofasi va fe'l-atvorini, mustahkam e'tiqodini bosqichma-bosqich ochib beradi. Bunda yondosh obrazlar, ularning kechinmalari, o'y-xayollari va qilmishlari ham muhim rol o'ynaydi. Asar syujeti birmuncha mukammal yaratilganki, kitobni dastlab qo'liga olgan kitobxon voqealar rivoji qanday borishi, kulminatsion qismida uni nimalar kutib turganiga beixiyor qiziqadi.

«Syujet badiiy shaklning eng muhim unsurlaridan biri bo'lib, u asardagi bir-biri bilan uzviy bog'liq voqealar tizimidir». [1;178]

Syujetning birlamchi funksiyasi asarda diqqat markaziga qo'yilgan muammoni badiiy tadqiq etishga imkon beradigan hayot materiallarini uyushtirib berishdir. Syujet personajlarning harakati, faoliyati, o'z maqsadi yo'lidagi intilishi va kurashidan tarkib topadi.

«Syujet ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya va yechim deb nomlangan shartli qismlardan tarkib topadi». [1;178]

«Imom Moturidiy» romanida voqealar tadrijiy (xronikal) tartibda joylashadi. Asar syujetining batartibligi shundaki, syujet ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya va

yechim tarzida batartib qurilgan. Romanning birinchi qismidagi birinchi bobi «Uch otliq» deb nomlanib, unda uch otliqning «Imom Moturidiy» huzuriga borishi, Imom Samarqand hokimi Xolid Xalaj bilan tanishish bazmiga borishni rad etishi bilan boshlanadi. Shundan so'ng voqealar murattab davom etadi. Asar syujeti tarixiy haqiqatlarga asoslangan bo'lsa-da, yozuvchi konsepsiyasiga muvofiq qayta to'qib chiqilgan. Syujet yaratish maqsadida tarix voqeligiga obdon «ishlov» bergan.

Romanda ekspozitsiya asarning boshida beriladi. Bundan tashqari, ekspozitsiya roman o'rtasida, voqealar rivojiga ham singdirib yuboriladi. Masalan, asarning muqaddima qismiga e'tibor qaratamiz.

«Hijriy 299 yilda Somoniylar saltanati bir qalqib tushdi: amir Ahmad ibn Ismoil o'z saroyida xoin fitnachilar tomonidan o'ldirildi. Marhum amir shahid maqomini oldi. Uning sakkiz yashar o'g'li Nasr ibn Ahmad taxtga o'tirdi. Norasida hukmdorga vaziri a'zam Abu Abdulloh Jayhoniy voliy bo'ldi, ya'ni, yosh Somoniy nomidan saltanatni boshqarib turdi. Abu Abdulloh Jayhoniy ilmli, parhezkor, tadbirkor zot edi. Imkon qadar ra'iyatning tinchligini, farovonligini ta'minlashga urindi. Balxda yashirinib yurgan, qay bir tomiri Somoniylarga tutash Is'hoq ibn Nuh Buxorodagi beqaror vaziyatdan, Nasr ibn Ahmadning yosh va g'o'rligidan foydalanib kichik bir qo'shin bilan Samarqandga bostirib kirdi. Mustaqil bir saltanat barpo etish payiga tushdi. Biroq uning Samarqanddagi hukmronligi ko'pga cho'zilmadi».[2;178]

Muallif ushbu ma'lumotlarni keltirish orqali davrning siyosiy ahvoli haqida ma'lumot berib o'tadi. Yana o'qiymiz:

«Besh yildan beri Bag'dodda yashab, kitobat hunarini o'rganib yurgan xattot Qutlug' Muhammad Nuriy ota yurtda yuz bergan noxushliklardan g'oyat tashvishga tushib qolgan edi. Ayniqsa, ustozi imom Abu Mansur Moturidiyning sog'-omonligini bilish ilinjida o'sha taraflardan kelgan kattayu kichikning og'ziga termulib kuni o'tardi. Oxiri toqati-toq bo'ldi: safar xurjunini yelkaga tashladi. Samarqandlik Inoyat ibn Vosiqning karvoniga ilashib yurt sari yuzlandi. Karvon Qum shahriga yetgan chog' Xolid Xalaj boshchiligidagi Somoniylarning yildirim lashkari isyonchilarni tor-mor qilgani, Is'hoq ibn Nuhning o'zi Jayhun ortiga arang qochib qutulgani, amir Sa'd Nasr ibn Ahmad esa Xolid Xalajni Samarqandga muvaqqat hokim etib tayinlagani haqidagi xabar xattotning ham qulog'iga yetib keldi. Biroq bu mujdadan Qutlug' Muhammadning ko'ngli taskin topmadi. Chunki uni aynan ustozining turmush-tirikchiligi, hol-ahvoli qiziqtirardi».[2;7]

Romanning ushbu muqaddima qismi ekspozitsiyadir. Yozuvchi ekspozitsiyani faqatgina asarning boshiga joylashtirmaydi (siyosiy ahvolnigina bayon etadi), balki o'z konsepsiyasidan kelib chiqqan holda ekspozitsiyani voqealar rivojiga qo'shib yuboradi.

«O'tgan qishning boshlarida Samarqand tuyqus o't-olov ichida qoldi. Buxoroda Somoniylar saltanati hukmdori Ahmad ibn Ismoil xufyona bir tarzda o'ldirilgach, Balx tomonidan Is'hoq ibn Nuh qo'shin tortib Samarqandni ishg'ol etdi. Abu Mansur ushbu noxush voqealarga isyon tariqasida, mana bir yildirki, shaharga tushmay, madrasaga qatnamay qo'ydi. Tokzorda kuymalandi, uch-to'rt qo'y-qo'zi bilan andarmon bo'ldi. Moturidlik besh-olti yosh-yalangni yig'ib xuddi avvalgidek muallimlik qildi». [2;8]

Yuqoridagi matnda Abu Mansurning nima sababdan shaharga tushmay qo'ygani, Madrasai Peshvozga bormay qo'ygani asarning o'rtasida bayon etilmoqda. Muallif bu ma'lumotlarni asarning muqaddima qismida ham bersa bo'lardi, lekin unday qilmaydi.

«Imom Moturidiy» romanining ikkinchi bobi, ya'ni «Sirli maktub» qismida Samarqand qozikaloni Idris ibn Vaysal Shomiy haqida so'z boradi. Ammo uning qanday qilib qozikalon rutbasiga sohib chiqqanligi haqida hech so'z aytilmaydi. An'anaga muvofiq Samarqand hokimi

Xolid Xalaj qanday qilib boshqaruvni o'z qo'liga olganini bayon etish asnosida Idris Shomiyning ham mansabga kelishini bayon qilib ketsa bo'lar edi. Ammo yozuvchi o'z konsepsiyasiga muvofiq kompozitsion jihatdan mukammal asar yaratishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan va roman yozish jarayonida ham bu maqsadiga muvofiq tarzda harakat qilgan. Ya'ni bu ma'lumotlar shunchaki, avval boshdan ma'lum qilinsa, romanning qiymati tushadi. Shu jihatdan syujetni mukammal tarzda yaratishga katta e'tibor qaratadi. Endi Idris Shomiyning qozikalonlik rutbasiga kelishiga e'tibor qaratamiz. Bir to'da majusiylar musulmonlarni tahqirlab ko'chaga chiqadi va taloto'p kuchaygandan-kuchayadi. Hech kim, hatto, Abu Mansurning ham bu isyonni bostirishga kuchi yetmaydi. Ammo buni Idris Shomiy uddasidan chiqadi.

«Rost, o'sha kuni majusiylarning quyoshi botdi, - deb pichirladi ustoz La'liy uyi tomon dovdirab borarkan, - va lek Shomiyning tole quyoshi porladi».

Ha, islomni haqorat qilgan, musulmonlar sha'nini toptagan majusiylarga mardona tashlangan mudarrisning dovrug'i doston bo'ldi. Islom ummatining yangi qahramoni maqomida nomi tillardan-tilga ko'chib yurdi. Albatta, Samarqand hokimi ham bu shov-shuvlarga befarq qarab turmadi. Avvalo, majusiylarning shahar oralab, musulmonlarni bemalol masxara etib yurishiga yo'l qo'ygani uchun xos xizmat sardorini devondan quvdi. O'rniga, albatta, pok e'tiqod himoyachisi sifatida tanilgan, jasorat va qat'iyat timsoliga aylanib ulgurgan Idris Shomiyni tayinladi». [2;179]

«Syujetning salmog'i, ko'lami, ta'sirchanlik darajasi esa badiiy konfliktga bog'liqdir. Hayotning o'zida ham kuchli to'qnashuvlar, keskin ziddiyatli voqealar ko'proq kishilar e'tiborini tortadi. Kishilar o'shanday hodisalarni kuzatish, ular xususida eshitish, bilishni yoqtirishadi. Badiiy asar syujetining o'quvchilarni o'ziga qay darajada jalb qilishi ham undagi konflikt va uning ifodalanish tarziga bog'liqdir», [1;52]deb yozadi adabiyotshunos olim A. Ulug'ov.

Avvalgi bobda aytib o'tganimizdek, asar boshdan oyoq diniy va psixologik konfliktlar asosida qurilgan. Qahramonlar o'rtasidagi ziddiyat qadam-baqadam bayon etilganki, bu asarning voqealar rivojini shiddatli tus olishiga yordam bergan. Romanda konflikt dastlab, «Sirli maktub» bobida namoyon bo'ladi. Samarqand hokimi Xolid Xalajga yo'llangan maktub Idris Shomiy tarafidan yanglish tahlil qilinadi va hokim yuragida Imom Moturidiyga nisbatan adovat olovini uyg'otishiga sabab bo'ladi. Ayni voqealar tuguni ham shu yerdan boshlanadi. «Badiiy asarda qahramonlar o'rtasidagi ziddiyatlar paydo bo'lishi voqealar tugunidir. Tugun, ko'pincha, qahramonlarning ilk bor uchrashuvi yoki biror jiddiy muammo yuzasidan munozara qilishi tufayli paydo bo'ladi. Tugun voqealar rivojini belgilab, qahramonlarni harakatlantiradi». [1;181] Savodi haminqadar bo'lgan hokimning g'azab otiga minish uchun shugina noto'g'ri talqinning o'zi yetarli edi. Shu o'rinda yozuvchi kalavani o'rtaga tashlaydi. Ko'zi g'azabga to'lgan hokim Imomni topib jazolash uchun yo'lga tushadi va Samarqand qozikalonining Imomga bo'lgan g'arazi ham ayni shu bobda yuzaga chiqadi. Ammo undagi dushmanlik va hasad qachon paydo bo'lganini voqealar silsilasi davomida ochiqlaydi. Bu esa o'quvchida keyingi voqealar qanday kechishiga qiziqish uyg'otadi. Muallif har bir bobda obrazlar tasvirini berish bilan birga voqealarni rivojlantirib boradi, shu bilan birga avvalgi bobda tilga olingan obrazni keyingi bobda tanishtirib ketadi. Bu o'qish chog'ida chalkashlikni bartaraf etadi, qahramon asarga nima sababdan olib kirilgani va uning vazifasi nimadan iborat ekanligini ochiqlaydi. Misol uchun romanning ikkinchi bobida sirli maktubni yetkazgan shaxs - Javod uchun keyingi bobda alohida o'rin ajratiladi. Javod aslida arosatda qolgan inson timsoli. Imom Moturidiyga shogird tutingan bo'lsa-da, aslan uning dushmanlari manfaati uchun xizmat qiluvchi shaxsdir. Muallif buni quyidagicha ifodalaydi.

«Javod boshlang'ich maktabda tuzukkina savod chiqargan edi. Ustoz bundan mamnun bo'ldi. Shogirdning boshini silab qo'ydi. Lekin ahli Samarqand og'zidan bol tomib maqtaydigan, Imomul hudo ataydigan Abu Mansur Moturidiy, ochig'i, ilk ko'rgandayoq Javodga yoqmadi. Allanechuk darvesh qiyofali, faqirona libosli bu kishining gap-so'zlarini dabdurustdan anglab olish qiyin edi. Chini hazilga, hazili chinga o'xshaydi, bir so'zida ming ma'no, biroq qay birini nazarda tutganini bilmaysan. Kulimsirab joningni oladi. Hatto, bir necha bor shogirdlikdan voz kechib ketmoqchi, juda zo'r yetsa, Vosiq pochchaga, Vosiq ibn Qosimga bormoqchi ham bo'ldi. Lekin Idris Shomiy yo'l bermadi.

Zimmangda jiddiy vazifa bor, - dedi atrofga sirli nigoh tashlab, - sen Imomga ko'z-quloq bo'lib yurgin, qayga boradi, kimlar ila uchrashib, nelar haqinda so'zlashadi, hammasidan ogoh bo'lgin, ki buning bari Is'hoq ibn Nuhning yangi saltanati manfaatlari uchun zarur». [2;42]

Yuqorida syujetning ko'lami badiiy konfliktga bog'liqligini aytib o'tdik. Romanda konflikt yozuvchiga qahramonlar ruhiyatini ochishda katta yordam bergan. Yozuvchi konfliktni obrazlar o'rtasidagi va ularning o'y-fikrlari bilan to'qnashuvi tasviridan yuzaga keltirgan. Ijodkor Abu Mansur Moturidiy, Idris Shomiy, Vosiq La'liy, Mastonbibi kabilarning ruhiy dunyosini chizishda konfliktdan ustalik bilan foydalanadi. Bu esa badiiy haqiqatning tarixiy haqiqatga muvofiqligini ta'minlabgina qolmasdan, asarning g'oyatda dramatizmga boyligini ham ta'minlaydi.

Adabiyotshunos D. Quronov badiiy asar voqelikni badiiy aks ettirgani va uning markazida inson obrazi turgani uchun ham insonning real hayotida mavjud to'qnashuvlarning bari unda badiiy aksini topishini ta'kidlaydi. Shuningdek, u badiiy konfliktning uchta turini farqlaydi:

1. Xarakterlararo konflikt.

2. Qahramon va muhit konflikti.

3. Ichki (psixologik) konflikt.

Romanda o'rni bilan uchala konflikt ham yuzaga keladi. Masalan, Vosiq ibn Qosim -Abu Mansur bilan ziddiyatda bo'lgan shaxslardan biri. Hayotiy vaziyat uning Moturidiy mansub jamiyat va muhitga nisbatan munosabatini salbiy tomonga o'zgartirishga majbur etadi. Ikki qahramonni bog'lab turgan do'stlik rishtasi Vosiq La'liy botinida to'xtovsiz kurashlarni vujudga keltiradi. Vosiq ibn Qosim Abu Mansurning bolalikdagi do'sti, asarning asosiy qahramonlaridan biri. Muallif asarning boshidayoq uni Imom Moturidiyga qarshi qo'yadi. Bolalikdan bir-biridan ajralmas ikki do'stning birining yuragida hasad olovining paydo bo'lishini Madrasai Peshvozdagi domlalarning Abu Mansurni barcha talabalardan ko'ra ko'proq ardoqlashlari sabab qilib ko'rsatadi. Ilm odami uchun o'zi sevgan ustozlar nazaridan chetda qolishdek og'riqli fojea yo'q, nazarimda. Ha, roman qahramoni Vosiq La'liy ham ilmli inson edi. Faqat Abu Mansurdagi kabi darveshlik, ilmda sobitlik, bag'rikenglik unga nasib qilmagan. Luqmon Bo'rixon bu qahramonning shaxsiyati, kechinmalarini ochib berishda biryoqlama ish qilmaydi, uni to'laqonli ravishda qora bo'yoq bilan tasvirlashdan chekinadi. Vaqti-vaqti bilan uni ham vijdon azobi qiynab turishini psixologik konflikt yordamida ko'rsatib beradi. Masalan, qozikalondan yangi hokimning Imomni jazolash niyatida Moturidga ketganligi xabarini eshitganda Vosiq ibn Qosim ruhiyatida qarama-qarshi kurashlar avj oladi: «Vosiq La'liy og'ir, ezgin qadamlar ila madrasa tomon yurdi. U chindan-da eshitganlaridan tashvishga tushgan edi. Darg'azab hokimning qilichi oldida sarpoychan bosh egib turgan Abu Mansur jonlanar ekan, ko'nglida o'kinchmi, shafqatmi, shunga o'xshash g'alati hislar bezovta g'imirlab qo'yardi».[2;55] Bu esa o'z navbatida qahramon qalbida mudom tirik bo'lgan do'stlik tuyg'usining g'imirlab qo'yishidir.

Muallif voqealar tugunini shu darajada puxta yaratganki, uni faqatgina obrazlar o'rtasidagi ziddiyatlar bilangina emas, balki qahramonlarning o'y-kechinmalari bilan bog'liq ravishda ham rivojlantiradi. Misol tariqasida Vosiq La'liy do'sti Moturidiyga nisbatan nafratiga iqror bo'lishi, unga nisbatan iliqliklari-yu, hasadi borasidagi kechinmalarini keltirish mumkin.

«Do'st-birodar edik, hammaslak, sirdosh erdik, - iztirob bilan o'yladi Vosiq ibn Qosim, -evoh, qachon biz raqibga aylanib ulgurdik? Qay vaqtdan boshlab bir-biriga betoqat yovlarga do'ndik? Bunga kim aybdor?

Vosiq La'liy xotiralarning xira to'zoni aro sarosar kezinarkan, bu ayriliqning asl aybdori o'zi ekanligini ich-ichida tan oldi».

Muallif o'z asarida er-xotin o'rtasida sodir bo'ladigan ziddiyatli munosabatlarni yoritishga ham harakat qiladi. Bu holat Imom Moturidiy va uning rafiqasi Mastonbibi obrazlari misolida ochib beriladi. Nikohning ilk kechasida Mastonbibining chorbog'dagi qiz emasligini bilgan Abu Mansurning butun vujudida erlik va oshiqlik o'rtasidagi ayovsiz kurash kechadi. Natijada Imom Moturidiy butun umri davomida zohiran erlik, botinan esa oshiqlik maqomiga loyiq bo'lishga urinadi.

Mastonbibining Abu Mansurga nisbatan ziddiyatli munosabati nikohdan avval shakllangan edi. Chunki zaifgina madrasa tolibining xayolan tasavvur etgan badavlat va baquvvat shahzodalarga o'xshamasligi konfliktning boshlang'ich nuqtasi hisoblanadi. Chimildiqdagi holat esa ushbu konfliktning kuchayishiga olib keladi: «Bu o'zgani xayol etgan!» - shu o'y butun vujudini tilkalab o'tdi Mastonbibining. O'sha tilkalangan joyidan go'yo qonu zardob oqdi. O'sha tilkalangan vujud, mana, salkam yigirma yildirki, hanuz bitmaydi». Mastonbibidagi bu ziddiyat o'g'li Mansurning vafotidan so'ng yana-da olovlanadi.

«Endigina uch yoshga to'lgan Mansurning vafoti oilada lip-lip yongan, oraga iliqlik, harorat baxsh eta boshlagan olovni ham o'chirdi. Mastonbibi Abu Mansurni battar yomon ko'rib qoldi. Negadir o'g'lining o'limiga aynan eri sababchidek tuyulardi. Biror sabab bilan unga qahrini sochishga, haqoratlashga urinardi».

«Qush uyasida ko'rganini qiladi», deganlaridek Mastonbibidagi bu nafrat asta-sekinlik bilan qizlari Gulsum va Gulziyolarga ham o'tadi. Ular ham xuddi onasi kabi otasiga nisbatan bemehr, munosabatni odat qilishadi, otasining darveshona tabiati va qiyofasidan uyalishni boshlashadi.

«Padarimiz bizni hamisha uyatg'a qo'yadilar, - deb xolasiga nolidi bir kuni Gulsum, -izzat-obro'larig'a yarasha libos kiymaydilar. Oddiy, ohorsiz liboslarni xush ko'radilar. Birgina eshagi bor, shu o'lmadi, biz qutulmadik. Ana, Masturaning otasi, ustoz La'liy, bamisli shahanshoh. Chin matosidin tikilgan chiroyli, qimmatbaho liboslar egnidin tushmagay. Gijinglagan ot minadi. Yonida bir to'p shogird doimo xizmatiga hozir». [2;153]

Asar markazida turuvchi qahramonlardan yana biri Idris Shomiy bo'lib, uning to'qnashuvlarga to'la hayoti muallif tomonidan ishonarli tasvirlanadi. Yoshligida otasining musulmonlar tarafidan o'ldirilganligiga guvoh bo'lgan Idris qalbida ulardan o'ch olish tuyg'usi o'rnashib oladi va «Muqaddas fitna» guruh maslaklarining targ'ibotchisi va tashviqotchisi sifatida musulmon e'tiqodiy qarashlariga qarshi zimdan kurasha boshlaydi. Ayni shu kurash uning Imom Moturidiy bilan konfliktga kirishishiga sabab bo'ladi: «To'satdan yo'liga bir raqib chiqqanday bo'ldi. U dinda, e'tiqodda Imomi A'zam Abu Hanifa mazhabini mahkam tutgan, Bag'doddagi ash'ariylarga maslakdosh Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad Moturidiy edi. Uning taqvosi, obidligi, bilimdonligi tildan tilga ko'chib yurardi. Idris Shomiy ilk bor Havori amirdagi yig'inda Imom Moturidiyning mahobatini, ulug'vorligini his etgan edi».

Asarda voqealar tuguni o'sib, rivojlanib borgani sari voqealar kengayib, chuqurlashib boraveradi. Bu adabiyotshunoslikda «voqea rivoji» deb ataladi. Voqealar rivoji voqealar tuguni bilan voqealar kulminatsiyasi oralig'ida kechadi. Ya'ni asardagi voqealar rivoji Abu Mansurni jazolamoq uchun yo'lga otlanganidan to Idris Shomiy barcha sirdan voqif bo'lguniga qadar kechadi. Bu vaqt mobaynida islom dushmanlari hisoblanmish guruhlar tomonidan Abu Mansurga zarba berish niyatida qanchadan-qancha fitnalar uyushtiriladi, qancha insonlarni yo'ldan urishadi. Idris Shomiy va Vosiq La'liy o'zining qabih ishlarini har yo'sinda amalga oshirishadi.

Har qanday ziddiyat, kelishmovchilik ham bora-bora eng yuqori cho'qqisiga ko'tariladi. Hayotning ana shu haqiqati badiiy asar syujetidagi voqealar rivoji uchun asos qilib olinadi. Ya'ni qahramonlar orasidagi qarama-qarshilik ham o'sib, o'zining eng baland darajasiga ko'tariladi. Romandagi eng dramatik sahna bu Idris Shomiyning haqiqatlardan xabar topgan kunidir. Ushbu sahna asarning «Sir fosh bo'lgan kun» bobida berilgan. Chunki ayni shu o'rinda ikki qahramonning haqiqiy qiyofasi namoyon bo'ladi. Bir vaqtlar g'ayriislomiy firqa - «Muqaddas fitna» uning oilasini qirib tashlab, bu vahshiyligini musulmonlarga to'nkab, unda musulmonlarga nisbatan nafratini alanglatmoqchi bo'lishgani-yu, ikki farzandi ularning qo'lidan sog'-omon qochib qutulib, oxiri ular bilan topishganidagi hissiyotlari, kechinmalari, o'tmishda qilgan ishlaridan pushaymonlik hissining uyg'onib borayotganini tushungan o'quvchida Idris Shomiyga nisbatan mehr-shafqat, ammo qozikalonning ilojsiz qolganidan g'olibona qiyofaga kirgan, ko'z o'ngida bo'layotgan voqealardan dars olmagan Vosiq La'liyga nisbatan esa nafrati kuchayib boradi. Asarning o'sha qismidagi dialogga e'tibor qaratamiz.

«- Andak xomush ko'ringaylar, taqsir? - deb istehzoli iljaydi ustoz La'liy qozining qarshisiga kelib.

- Ushbuni bilmoq ilinjida o'g'ri pishak kabi pusib keldingizmu?

Vosiq ibn Qosim hiringladi.

- Vo ajabo! Biz o'g'ri pishak?! U holda musulmonlar orasig'a pusib kirgan g'ayriislom ko'rnamak, mal'unni qandoq atamoq kerak? Qaroqchi quzg'un deymu?

- Alhamdulilloh, men muslimmen.

- A-a-ha-a, - tag'in qattiqroq kuldi ustoz La'liy, - qay fursatdan buyon musulmonsiz, taqsir? O'g'lingiz, qizingiz topilganidan buyonmu? Yo siringiz fosh bo'lgachmu?» [2;247]

Shu joyda o'quvchida bir savol tug'ilishi mumkin. Qanday sir? Abu Mansurga tuzoq qo'yib, musulmonlar o'rtasiga nifoq solishmi? Axir Vosiq La'liy ham mu'taziliylar tarafdori edi, har ne qilsa, ikkisi birga qilmadimi? Yana o'qiymiz.

«- Balki Samarqanddag'i g'ayriislom sheriklaringizni aytarsiz, - tag'in masxarabozlikka o'tdi Vosiq ibn Qosim, - ogohlantirib qo'ygaymiz, qochib qutulmoq payiga tushgaylar.

- Siz va siz kabi nodon olomondin ortiq hamfikr, hammaslak bormu? Kaminani Samarqand qozisi darajasig'a yetkazgan kim? Tangriga qasamki, oddiy bir mudarris edim, tuzukroq fitnaga ham ulgurmadim. Sizdek kaltafahm, is bilmas to'da sharofatidin avval devon amaldorig'a aylandim, so'ngra qozilik libosini kiydim».

Do'ppi tor kelgach hamma o'zini olib qocha boshlaydi. Vosiq ibn Qosim ham o'z qilmishlarini unutib, bor aybni Idris Shomiyga yuklaydi. Ikki obraz o'rtasida bo'lib o'tgan bu suhbatdan o'quvchi bir g'azabga to'lsa, bir achinish hissini tuyadi. Ushbu bobning eng ta'sirli qismi Idris Shomiyning Imom Moturidiyning chin islom va aqida himoyachisi ekanligiga iqror bo'lganidir.

«- Balki, - dedi qozi bosiq bir ohangda, - kamina dushmandir, ammo siz-chi, siz islomg'a do'stmisiz? Yo'q, anga shak-shubham bor. Dushmanlar chalgan nog'orag'a o'ynaysiz,

dushman tashlagan fitna cho'g'ini alangag'a aylantirasiz. Allohga qasamki, Samarqandga kelib imom Abu Mansurdek chin olimni, ulug' mutafakkirni, islomning asl mujohidini ko'rmadim. Hazrat Moturidiy fitnalarning, firqalar vujudg'a kelishining asl mohiyatini nozik angladi. Bu haqida bot-bot ogohlantirdi. Havori amirdag'i, Baytul majolisdag'i bahslarni unutmagandirsiz, taqsir? Tomirdin tutib xastalikni aniq topgan hoziq hakim yanglig' ilmdag'i adashishlar boisini ro'yi rost aytdi. Ammo, o'ylayman-ki, ani anglaganlar, to'g'ri xulosa topganlar kam bo'ldi». [2;248]

Ushbu satrlar insonni to'lqinlantirib yuboradi. O'limi oldidan haqgo'yga nisbatan qilinadigan inkor har bir asar qahramonida ham, umuman ahli inson orasida ham juda ko'p ko'rinavermaydi. Ammo haqiqat - eng shirin ne'mat.

Har qanday voqea, oxir-oqibatda, qandaydir tarzda yakunlanadi. «Imom Moturidiy» romanida qahramonlar o'rtasida paydo bo'lgan ziddiyat asta-sekin rivojlanib, eng yuqori cho'qqisiga yetadi. «Asar syujetidagi voqealarning eng yuqoriga ko'tarilib, asosiy qahramonlar xarakteri, qiyofasini ko'rsatadigan epizodi voqealar kulminatsiyasi, syujet tizimidagi voqealar va qahramonlar taqdirining hal bo'lishini gavdalantiruvchi epizod esa yechim deyiladi». [1;195]

Roman syujetining yechimi asarning «Qatl» bobidagi Idris Shomiyning qatl etilishidir. Romanning ushbu bobida ham Imom Moturidiyning insonparvarligi, ishonuvchanligi, bir vaqtlar o'ziga yomonlik sog'ingan, islom dinini noto'g'ri talqin etib, uni odamlar ongiga singdirmoqchi bo'lgan, g'ayriislomiy guruhlar manfaati uchun xizmat qilgan qozikalonga nisbatan kechirimliligi aks etadi. Abu Mansur hazratlarining bu fazilatlariga yozuvchi Vosiq La'liy tilidan ushbu bobda yashirin tarzda ishora qiladi.

«- Hazrat, ma'zur tuting, - deb pichirladi bir payt ustoz La'liy, - sarkashlig' odatingiz bor, behuda so'z deb qo'ymang tag'in.

- Nechun bu qadar bezovtalik?

- Shomiyg'a hamtovoq deb o'ylamasun hokim. Biz hammamiz tek turmoqqa ittifoq ayladuk.

Vosiq La'liy Abu Mansur o'ziga dushman kimsalar tavbasiga tayanib, qilgan ishlariga pushaymon bo'lgudek bo'lsa, kekirib yuborishini, kerak bo'lsa hokimdan uning bir qoshiq qonini tilab olishini biladi. Bu uning yashirin iqroridir.

Voqealar rivoji davomida Moturidiy o'z insoniylik tamoyilidan borgan holda Xolid Xalajdan Idris Shomiyni avf etishini so'raydi.

- Hukmdor, kamina sizdan Idris Shomiyni afu etishingizni so'raydi, illo, aning o'ligidan tirigi bizg'a ko'p naf keltirgaydur.

- Afu?! - chinqirib yubordi Xolid Xalaj. - Nahotki? Siz kimni himoya etmoqqa shaylandingiz, hazrat? Axir, ushbu mal'un kaminani sizg'a qarshi qayradi, maktubingizni buzuq sharh etib berdi. Kaminani g'azabga keltirdi.

- Balki, hukmdor. Ammo men afu etdim. Illo, shariat kaminadan-da oliyjanob, jo'mard, tantidur. Dinimiz hamisha o'zining xalqqa mehru muhabbati ila ne-ne g'ayur ellarni mahliyo etib kelgan. Islom haqqi hurmati, ani afu eting». [2;255]

Ushbu satrlar insonda islom dinining naqadar bag'rikeng ekanligini his etishga zamin yaratadi, Imom Moturidiy siymosini oqko'ngillikning eng yuksak cho'qqisida tasvirlash bilan ul zotga bo'lgan hurmat, mehr-muhabbat tuyg'usini oshiradi. Badiiy asarning kompozitsiyasi va syujetini, mazmun va shaklni, umuman, har bir obraz, ramz va poetik unsurni yaxlit bir konsepsiya asosiga qurish Luqmon Bo'rixonning asl maqsadi bo'lgan va romanni yaratish davomida bu maqsadiga u to'laqonli erishgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Bo'rixon L. Imom Moturidiy. -T.: "Adabiyot", 2022.

2. Adabiyot nazariyasi. 2 jildlik. -T.: "Fan", 1978-1979.

3. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. Darslik. -T.: "O'zbekiston", 2002.

4. Umurov X. Adabiyotshunoslik nazariyasi. Darslik. -T.: "A. Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti", 2004.

5. Yo'ldoshev Q. Yoniq so'z. -T.: "Yangi asr avlodi", 2006.

6. Yo'ldoshev Q. "Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2022-yil, 30-iyul, №154.

7. Belinskiy V. G. Adabiy orzular. -T.: "G'afur G'ulom". 1977, 101-bet.

8. Ulug'ov A. "Adabiyotshunoslik nazariyasi". - T.: "G'.G'ulom". 2017.

9. Karimov G'. "Tarixiy romanlarda til va uslub masalalari". -T.: "Sharq yulduzi", 1979.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.