HUJJATLI FILMNING HUJJATLI BO'LMAGAN SUBJANRLARI
Davlatbek O'rozaliyev O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Ushbu maqolada hozirda hujjatli filmning jahon kinotanqidchilarining hujjatli film aynan haqiqat hamda reallikdan yaratilganiga shubha bilan qarashlariga sabab bo'luvchi bir qator subjanrlari haqida so'z yuritilgan. Mavzu hayotiy misollar va soha mutaxassislarining fikr-mulohazalaridan foydalanilgan holda tadqiq etildi.
Kalit so'zlar: subjanr, hujjatli film, animatsiya, dokudrama, mokyumentariy
NON-DOCUMENTARY SUBGENRES OF DOCUMENTARY FILM
Urozaliev Davlatbek Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: This article talks about a number of subgenres of the documentary film, which cause the world film critics to doubt that the documentary film is created from the truth and reality. The topic was researched using real-life examples and opinions of industry experts.
Keywords: subgenre, documentary, animation, docudrama, mockumentary
Kirish
Har bir hujjatli film san'at asari - zamonni ijodiy o'zlashtirish mahsuli. Real hayotni kuzatib, chuqur anglab, so'ng texnik va estetik qonun - qoidalarga moslab, ijodiy yondashgan holda qayta ishlash natijasida yaratilgan hujjatli film ham san'at asari. Biroq hozirda hujjatli filmning jahon kinotanqidchilarining hujjatli film aynan haqiqat hamda reallikdan yaratilganiga shubha bilan qarashlariga sabab bo'luvchi bir qator subjanrlari paydo bo'ldi.
Usullar
Mazkur ilmiy maqola mavzusini yoritishda tavsifiy, tasnifiy, tarixiy-qiyosiy, kontekstual va kompleks yondashuv tahlil usullari qo'llanildi. Shu bilan birga ishda gumanitar fanlar -san'atshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, aloqa nazariyasi, madaniyatshunoslik metodologik vositalaridan foydalanadi. Tadqiqotda ko'rib chiqilayotgan muammolarni nazariy va tarixiy, badiiy tushunishga qaratilgan zamonaviy san'atshunoslik usullaridan foydalanilgan. Umuman olganda, ish qiyosiy tahlil va tipologik umumlashtirishdan foydalanishga imkon beruvchi ekranning o'ziga xos ifoda vositalarini yaratish va his qilish muammosiga integratsiyalashgan
yondashuvdan foydalangan. Qiyosiy tahlil usuli ekran san'atining rivojlanishining turli bosqichlarida badiiy filmlarda tasviriy yechimning o'zaro ta'siri va uni amalga oshirishning texnologik imkoniyatlarini o'rganishda ishlatilgan. Shu bilan birga retrospektiv tahlil usulidan ham foydalanilgan.
Natija va munozara
G'arb davlatlari standartlarida hujjatli filmning bugungi kunda ma'lum bo'lgan qator subjanrlari belgilangan. Ularning ommalashuvi va sintezlashuvi hujjatchilar, badiiy film ijodkorlari, san'atshunos, kinotanqidchilar va jurnalistlar orasida ko'plab konfliktlarga olib kelmoqda. Bu subjanrlar quyidagilardan iborat:
• Hujjatli animatsiya
• Badiiy hujjatli film
• Dokudrama
• Mokyumentariy
Hujjatli filmda animatsiyadan foydalanish kino san'atida 100 yillik tarixga ega. Birinchi animatsion hujjatli film - "Lyuzitaniya fojeasi" 1918-yilda yaratilgan. Hujjatli filmda multiplikatsiyadan foydalanish qator imkoniyatlarni yaratadi. Ular yordamida ko'plab real tasvirlari mavjud bo'lmagan voqealarni muallif o'z g'oyasi hamda ongidagidek qayta yaratishi mumkin.
Badiiy hujjatli film- hujjatli film asosida badiiy elementlar sintezlashishuvidir. Bunday filmlarning asosida haqiqiy real voqealar bo'lishiga qaramasdan filmning ma'lum tarixiy vizual hujjatlari mavjud bo'lmagan qismi professional yoki professional bo'lmagan aktyorlar ishtirokida sahnalashtirilib, tasvirga olinadi. Bunday holatning yorqin namunasi sifatida Roman Karmenning "Vyetnam" badiiy hujjatli filmini olish mumkin. Unda Vyetnam davlati sovet kino ijodkorlari xavfsizligi nuqtai nazaridan yaqin tarixdagi urushni tasvirga olishga ruxsat bermagan. Shuning uchun, film voqealari sahnalashtirilib xuddi badiiy film kabi tasvirga olingan. Roman Karmen filmining boshidanoq "badiiy - hujjatli film" degan titrlardan foydalanib film janrini ta'kidlaydi. Hozirgi yashab turgan zamonimizda bunday badiiy film elementlarini olib, ular yordamida hujjatli film yaratayotgan kino ijodkorlar bir qancha. Ammo Karmen kabi bu haqida tomoshabinni ogohlantirish urfi yo'qolib borayotgani uchun ham bugungi kunda "psevdohujjatli film" atamasi yaraldi.
Mokyumentariy ba'zi adabiyotlarda "psevdohujjatli film" deb ham yuritiladi. Unda o'ylab topilgan voqea haqiqat kabi tomoshabinga taqdim etiladi. Real voqeaga asoslanmagan bunday filmlarning tasvirga olish uslubiyotlari hujjatli filmlar bilan bir xil. Unda professional aktyorlar bilan sahnalashtirilgan zimdan kuzatuv kadrlari, qo'lda nafas oluvchi kadrlar hamda xonalardagi oddiy kuzatuv kameralari ishtiroki kabi rakurs va kadrlardan foydalaniladi. Mokyumentariylarga misol sifatida "Bler yolmog'izlari", "Shvetsariya spagetti hosili" kabi BBC filmlarini yoki Rossiya kinematografiyasidagi "Oyda birinchilardan bo'lib" turkumidagi filmlarni
ko'rsatishimiz mumkin. Mokyumentariy oddiy sahnalashtirilgan ammo hujjatli film estetikasi hamda kadr jozibasini taqdim etuvchi filmlardir.
Dokudrama yoki "hujjatli drama" - bu zamonaviy, tobora ommalashib borayotgan "gibridlashgan" badiiy film janri. Bu hujjatli film ham emas. Unda tarixiy voqealar to'liq aktyorlar ishtirokida va boshqacha nigoh ostida qayta tasvirga olinadi, ammo tasvirga olish uslubiyoti hujjatli film bilan bir xil bo'ladi va tomoshabinga xuddi hujjatli film yoki ilmiy ommabop film kabi namoyish etiladi. Dokudrama janriga BBC tomonidan suratga olingan qator hujjatli seriallar misol bo'la oladi. Bular: "Tarixiy Rim: Imperiyaning rivoji va sinishi" yoki "Buyuk jangchilar: Qahramonlar va yovuzlar".
Hujjatli film bilan badiiy film o'rtasidagi chegara buzilishi yoki ularning bir-biri bilan haddan ziyod integratsiyalashuvi bu filmga tomoshabinning ishonmasligi kabi fojeaviy natija olib kelishi mumkin.
O'z navbatida qator badiiy filmlarda ham hujjatli film elementlarini kuzatishimiz mumkin. Albatta, bu elementlar filmni to'liqligicha qamrab olgan bo'lsa, unda bunday film mokyumentariy janriga mos bo'ladi. Bunday elementlar hattoki "Marvel" va "DC" kabi fantastik badiiy film studiyalari tomonidan ham qo'llaniladi. Bunga yaqqol misol esa hujjatli filmdan o'zlashtirilgan qo'lda tasvirga olib obyektni kuzatish usulidir. Ya'ni mualliflar kino kartinaning bir qancha epizodida kompyuter grafikasidan foydalanar ekan, ular o'sha grafika joylarida kadrni real voqea kabi hissiyot uyg'otishi uchun qo'lda tasvirga olinganday effekt bilan boyitishadi. Undan tashqari bugungi kundagi ko'plab badiiy filmlarda tasvirga tezkor zum effektlarini qo'shish ham hujjatli filmlardan kelib chiqqan usuldir. Bunda kinooperator tasvirni umumiy planda tasvirga olar ekan, undagi dramatik vaqt yoki aktyor kutilgan va kutilmagan emotsiyasini olish uchun kadrni uzmasdan trasfakator yordamida tez yaqinlashtirishi aynan o'sha ta'kidlangan effekt mahsulidir. Bunday zum effektlarini jahon kinematograf yorqin namoyondalari Lars Von Trier hamda Kventin Tarantinolar filmlarida kuzatishimiz mumkin.
Shuni ta'kidlab o'tish joizki, hujjatli filmlar yaratilishida badiiy filmlarning o'rni ham katta. Poetik, izohlovchi va ijroviy hujjatli film janrlarida hujjatchilar badiiy film elementlaridan foydalanishadi.
O'zbek hujjatli filmlarining so'ngi yildagi ijod namunalarida ham biz badiiy filmlar elementlarini mahorat bilan ishlatilganligini guvohi bo'lamiz.
2017-yil Bahodir Yo'ldoshev rejissyorligi hamda operatorligida yaratilgan "Mirzo Ulug'bek. Osmon toqiga qo'yilgan narvon" filmida ham sahnalashtirilgan kadrlar va oddiy diktor kadrlari badiiylik bilan mahoratona boyitilgan. Badiiy film elementlaridan maromida foydalanilgan. Dinamik sahnalashtirish, kompyuter grafikasi, intervyu va arxiv tasvirlaridan foydalangan holda ushbu film bizni Ulug'bekning temuriylar sulolasida shahzoda sifatida tug'ilishidan to yulduzlarda
bashorat qilingan bevaqt vafotigacha bo'lgan davrga yetaklaydi. Ulug'bekning ajoyib hayoti faktlarini o'rganish, liboslar va boshqa tafsilotlarning haqiqiyligini ta'minlash uchun ijodkorlar temuriylar davriga ixtisoslashgan tarixchilar bilan maslahatlashish uchun ko'p vaqt sarflagan. Filmda dunyo muzeylarida saqlanayotgan artifaktlar, qo'lyozmalar va eksponatlar namoyish etilgan. Shuningdek intervyu kadrlarida Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh va O'zbekistondan yetakchi ekspert va olimlarning so'zlaridan Ulug'bekning hayratlanarli kashfiyotlari, asarlarining bugungi hayotimizdagi ta'siri va to'gri bashoratlarini tushuntirib berishlarini va Zij yulduzlar katalogi haqidagi fikrlarni eshitamiz. Hujjatli filmdagi badiiy mezonlarning uyg'unlashuvi yetuk darajada qo'llanilganligini undagi afsonaviy qahramonlarga qo'yilgan chiroqlar hamda ularni ulug'ligini bildiruvchi turli rakurslar va kadr kompozitsiyasi o'zida aks ettiradi.
2021-yil Kinematografiya agentligida "Xalq yuragi" turkumi ostida 24 nafar adibning hayoti va ijodiga bag'ishlab, suratga olingan hujjatli filmlarning namoyishi o'tkazildi. Bu hujjatli filmlarning aksariyati badiiylik unsurlari bilan boyitilgan. Bu filmlarda tasvir plastikasi hujjatli filmning poetik turi kabi insonni jalb qiluvchi badiiy go'zallikni o'zida aks ettirgan. Filmlar asosiy obyektlarini badiiy obrazlar orqali tomoshabinga tanishtirib keyin ularning hayoti va ijodiga to'xtaladi. Ammo aynan o'sha tanishtiruv qismidagi she'riy kadr jilosi orqali muallif tomoshabinlar e'tiborini o'ziga tortadi.
Xulosa
Hujjatli film tasvirga olish uslubiyotlari yillar davomida shakllangan. Undagi kuzatish, kutish, nafas olib turuvchi kadrlar, ranglardagi tabiiylik, insonlarning real hissiyotlarining yuzlaridagi aksi kabi sehrli onlar insonni o'ziga tortadi. Real hayotga, yashashga bo'lgan intilishlarni oshiradi. Aynan shuning uchun ham ta'kidlangan subjanrlarning ba'zilarida film mualliflari hujjatli film tasvirga olish stilistikasini tanlashgan. Yuqorida keltirilgan bu subjanrlar garchi to'laqonli hujjatli film hisoblanmasa-da ular hujjatli film mevasidir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Blain Brown. Cinemtography: Theory and practice. -New York, 2002.
2. Meliqo'ziyev I. Cinematographer's ability in the creation of graphic image in uzbek historical films. International journal of advanced science and technology, 29 (05), 1554-1567.
3. Ikbal Melikuziev. (2020). CINEMATOGRAPHER'S ABILITY IN THE CREATION OF GRAPHIC IMAGE IN UZBEK HISTORICAL FILMS. International Journal of Advanced Science and Technology, 29(05), 1554 -1567.Retrievedfrom http: //sersc.org/j ournal s/index.php/IJAST/article/view/10078
4. Ikboljon, M., & Tirkashaliyevich, K. S. (2019). Creative researches of young cameramen on the creation of graphic image in modern uzbek feature films. International Journal of Engineering and Advanced Technology, 9(1), 5230-5236. doi:10.35940/ijeat. A2948.109119
5. Abul-Kasimova X. Кино и художественная култура Узбекистана. - T.: "Fan",-1991.
6. Abulqosimova X. Kino san'ati asoslar i/ X. Abulqosimova; mas'ul muharrir
7. Akbarov H. Adabiyot va kino. - T.: G'. G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti, -1984 y.
8. Akbarov H. Sehrli yog'du. Yillar va filmlar, yetuklik bo'sag'asida, ekran va ikki muammo. - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1977. - 176 b.
9. Aliev M. Xalq sevgan san'at. - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1973. 134 b.
10. Aliev M. Kino asoslari: O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi madaniy-ma'rifiy ixtisosdan bilim olayotgan talabalar uchun o'quv qo'll. - 2-qayta ishlangan va to'ldirilgan nashr. - T.: O'qituvchi, 1993. - 160 b.
11. Aliev M. Zamon bilan hamnafas. (O'zbek kinosi misolida) - T.: "O'zbekiston" 1983.
12. Возможности кинооператора в создании графического образа в узбекских исторических фильмах Меликузиев,Международный журнал передовых наук и технологий 29 (5), 1554-1567.
13. КИНОИСКУССТВО УЗБЕКИСТАНА: ВЧЕРА И СЕГОДНЯ И.М. Меликузиев
14. H. Ikromov; O'zbekiston Davlat san'at instituti. - T.: "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2009. - 100 b.