"GAROV" HIKOYASIDA MILLIYLIK VA OBRAZLAR BADIIYATI
Matkurbanova Oygul Mamatsalayevna
filologiya fanlari bo'yicha (Phd) tayanch doktoranti Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti matkurbonova93 @mail .ru
Annotatsiya: Ushbu maqolada yozuvchi Qamchibek Kenjaning "Garov" hikoyasida milliylik va obrazlar badiiyati tadqiq etiladi. Hikoyaning mohiyati, yozuvchi mahorati, asar xronotopi haqida so'z boradi.
Kalit so'zlar: hikoya, badiiyat, obraz, qahramon, kontrast, epizodik obrazlar.
NATIONALITY AND THE ART OF IMAGES IN STORY "PLEDGE"
Abstract: In this article, nationality and the artistry of images in the story "Pledge" by the writer Kamchibek Kenja is studied. The essence of the story, the writer's skill, and the chronotope of the work are discussed.
Key words: story, art, image, hero, contrast, character, episodic images.
Ma'lumki, badiiy adabiyotning uch muhim xususiyati mavjud bo'lib, bular: milliylik, umuminsoniylik va individuallikdir. Mana shu xususiyatlar har bir chinakam badiiy yaratiqlar zamirida mujassam. Badiiy ijod namunalari tadqiqida ham mana shu mezonlarga amal qilinadi va baholanadi. Milliylik adabiyotning asosiy tamoyilidir. Umri boqiy ijod namunalari ham milliy ruhning betakror badiiy talqinini aks ettirgani uchun davrlar osha barchaga birdek manzur bo'ladi. Shuning uchun ham O'zbekiston qahramoni Abdulla Oripov "Xalqning o'lmas ruhiyatini, qadriyatlarini, milliy o'ziga xosligini va nihoyat bebaho til boyligini mujassam eta olgan haqiqiy ijod namunalarigina yashashga haqli", - deya ta'kidlaydi. Mana shunday yashashga haqlilik, Qamchibek Kenja ijodiga ham taalluqlidir. Yozuvchi hikoyalarining
xalqchilligi, milliyligi hamda samimiyligi kitobxon badiiy tafakkurining boyishiga xizmat qiladi.
Badiiy asarda milliylik haqida so'z borar ekan, adabiyotshunos olim Izzat Sultonning quyidagicha: "Har bir milliy adabiyot, albatta, o'z milliy zamini asosida maydonga keladi. Har xalqning hayoti uning adabiyotida o'z aksini topadi. Har bir yozuvchi birinchi navbatda o'z atrofidagi hayotni - o'z xalqiga mansub kishilarning xarakterlarini tasvir etadi"1, - deya ta'rif beradi. Qamchibek Kenjaning "Garov" hikoyasida ham o'zbekning er-yigitlari haqida so'z boradi. Hikoya sujetida yetti gektarlik yong'ichqazorda paydo bo'lgan sayroqi bedanani tutib kelish uchun yuzaga kelgan garov mojarosi aks etadi.
Hikoyani tahlil etishga jazm qilar ekanmiz, dastavval xronotop, ya'ni sujet voqealari yuz bergan makon va zamonni aniqlash maqsadga muvofiq. Makon -ijtimoiy muhitimizda muhim bo'lgan, ayniqsa erkaklarning sevimli maskani bo'lgan choyxona hisoblansa, voqealar aks etgan zamon o'tgan asrning 70-80-yillariga tog'ri keladi. Garchi makonni aniqlash oson kechsa-da, zamon masalasi kitobxondan zukkolikni talab etadi. Hikoyadagi aks etgan bedana ishqibozlarining bahs-munozaralari, badiiy detallar, ya'ni do'ppi, yaktak, chorsilar o'tgan asrimizdan dalolat beradi.
Adabiyotshunos To'xta Boboyev adabiy asardagi qahramonlarning ta'rif-tavsif etishda yozuvchilar rang-barang badiiy tasvir vositalaridan foydalanishlarini qayd etadi.2 Aynan diolog badiiy tasvir vositasidan Qamchibek Kenja "Garov" hikoyasida juda unumli foydalanadi. Hikoyadagi dialoglar nafaqat asardagi qahramonlarning ta'rif-tavsif etishda balki, sujet rivojining harakatlantiruvchisi sifatida ham xizmat qiladi.
Bilamizki, badiiy asarda ikki personaj orasida bo'lgan baxs-munozara, savol-javob, suhbat dialogni tashkil etadi. "Garov" hikoyasidagi dialoglar bir qancha obrazlar orasida yuzaga keladi. Hikoyadagi obrazlar esa tashigan "yuki"ga ko'ra: epizodik yoki asosiy obrazlarga ajratiladi. Epizodik obrazlar - Qambar choyxonachi,
1 Izzat Sulton. "Adabiyot nazariyasi". - T.: O'qituvchi, 1986. 106-bet.
2 To'xta Boboyev. "Adabiyotshunoslik asoslari". - T.: O'zbekiston, 2002. 175-bet.
Olim aka, Sotim traktorchi va boshqa qishloqdoshlar bo'lsa, asosiy obraz, bosh qahramon - mard, jasur, lafzi halol, irodasi butun, ushlagan joyidan uzadigan Temir polvon. Yozuvchi Temir polvon obraziga kontrast qilib, laqabiga mos chayir, pastkash, xotinboz, maraz - Zulun chayir obrazini namoyon etadi. Hikoyadagi asosiy dialoglar Temir polvon va yosh jihatdan uning bolasi qatori sanalgan Zulunboy orasida kechadi.
Dastavval choyxonachining turtkisi bilan bedana tutib kelish uchun Zulunboy va Temir polvon garov bog'lashadi. Garovga ko'ra Temir polvon yetti gektarlik yong'ichqazorda paydo bo'lgan sayroqi bedanani tutib kelishi, yutqizgani uchun Zulun chayir esa o'z hisobidan osh qilishi, mobodo aksi bo'lsa, osh qilish Temir polvonning gardaniga tushishi kerak edi. Ammo voqealar rivoji ko'zlanganidek kechmaydi, Temir polvon gapini ustidan chiqsa-da, mag'lubiyat alamida Zulun chayir g'olibning eng og'riqli nuqtalariga nayza sanchadi. Ya'ni Temir polvonning sobiq xotini bilan kechgan noxush voqealarni xotirlatadigan piching gaplar qiladi. Natijada noo'rin boshlangan garov mushtlashuvga yuz tutadi. Muallif tasvirlaganidek: "Yoshlik bilan qarilik, kuch bilan tajriba, chaqqonlik bilan zalvor janggi edi bu"3. Hikoya yakunida olishuv polvonning kuchi bilan nihoyasiga yetadi va qaddini g'oz tutib choyxonani tark etadi.
Yozuvchi Temir polvon va Zulun chayir obrazlarining portreti va psixologiyasini kitobxonga darrov nomoyon etmaydi, voqealar rivojida hikoya ekspozitsiyasidan tortib yakunigacha tanishtirib boradi. Masalan, garovdan oldingi kechgan quyidagi parchani tahlilga olamiz:
"- Choyxonamizga faqat o'sha "tezotar" yetishmay turibdi, xolos, - dedi ana shunday ermaksevarlardan biri.
Chorpoyaning yog'och kubbasiga suyangan, qorni oq yaktagini turtib turgan Temir polvon bir qo 'zg 'alib qo 'ydi, uzatig 'liq oyog 'ini yig 'ib, unisni uzatdi.
-Juda quling o'rgilsin ish bo'lardi-ya, nonushtani Xurinisaning qaymog'i bilan shuyerda qilardik, - ma'qulladi Sotim. ...
-O'zini qaymog'i bilanmi, govmishinimi, - o'smoqchiladi zimdan Zulun chayirni kuzatib o 'tirgan choyxonachi.
-Shu, Zulunboy keyingi paytlarda o'sha parining hovlisi atrofida ko'proq o 'ralashib qoldi-da.
... -Birovning xasmi-haloliga ko'z olaytirishning oqibati yaxshilikka olib bormaydi, - deb qo 'ydi Temir aka".
Yuqoridagi parchada Temir polvonning bedana ishqibozi ekanligini choyxonadagi ermaksevarlardan birining "tezotar" haqidagi gapidan keyin joyini topib o'tirgan holatidan qo'zg'alishida ko'rsak, uning ayollarga nisbatan xushxulqligini "-Birovning xasmi-haloliga ko'z olaytirishning oqibati yaxshilikka olib bormaydi" degan mulohazasida anglashimiz mumkin. Shuningdek, muallif Temir polvon portretidagi dastlabki chizgilarni: "qorni oq yaktagini turtib turgan" tasvirlari orqali namoyon etadi-ki, biz qahramonning qorin qo'ygan, govdali ekanini ilg'aymiz. Zulun chayirning xotinlarga suyagi yo'qligini: "-Shu, Zulunboy keyingi paytlarda o'sha parining hovlisi atrofida ko'proq o'ralashib qoldi-da".- kabi jumlalar orqali bilib olamiz.
Xulosa shuki, hikoyadagi obrazlarning umumlashma jihatlari: "qishloqdoshlar hayotini muhokama qilish, bekorchilik, asosiy kundalik hayotini choyxonada oshxo'rlik bilan o'tkazish, jamiyat rivojiga loqaydlik"dan iboratdir. Qamchibek Kenja jamiyatimizdagi ayrim Zulun chayirlarga o'xshagan erkaklik sha'niga dog' tushiradigan pastkash kimsalarga hikoya orqali ko'zgu tutgan bo'lsa, er kishining lafzi halol, mard, jasur bo'lishini, ayniqsa ayollarga hamisha hurmat bilan qarash kerakligini Temir polvon obrazi orqali ko'rsatadi. Choyxonadagi bekorchilikdan kelib chiqadigan ko'ngilsiz voqealar insonlarning o'zaro mehr-oqibatiga salbiy ta'sir etishini "Garov" hikoyasi misolida namoyon etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. -T., "O'zbekiston", 2000
2. Kenja Q. Saylanma. T., "Sharq", 2007.
3. Sulton I. "Adabiyot nazariyasi" - T.: O'qituvchi, 1986.
4. Qilichev E. Badiiy tasvirning leksik vositalari. - T., "Fan", 1982.