Научная статья на тему 'FITRATNING “HIND SAYYOHI QISSASI” ASARIDA TA’LIM-TARBIYA MASALASIGA MUNOSABAT'

FITRATNING “HIND SAYYOHI QISSASI” ASARIDA TA’LIM-TARBIYA MASALASIGA MUNOSABAT Текст научной статьи по специальности «Клиническая медицина»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
jadid / jadid adabiyoti / ijtimoiy islohotlar / madaniy islohot / ta’lim / tarbiya / axloq.

Аннотация научной статьи по клинической медицине, автор научной работы — Sa’dullayeva Shahlo

ushbu maqolada jadidchilik harakati namoyandasi Abdurauf Fitratning “Hind sayyohi qissasi” asarida o‘z davrida mavjud bo’lgan ijtimoiy muammolar qatorida ta’lim-tarbiya va axloq masalasining ustuvor tarzda yoritilganini tahlil ostiga olishdir.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «FITRATNING “HIND SAYYOHI QISSASI” ASARIDA TA’LIM-TARBIYA MASALASIGA MUNOSABAT»

FITRATNING "HIND SAYYOHI QISSASI" ASARIDA TA'LIM-TARBIYA

MASALASIGA MUNOSABAT

Sa'dullayeva Shahlo Anvarovna

Buxoro davlat universiteti I bosqich tayanch doktoranti

Annotatsiya: ushbu maqolada jadidchilik harakati namoyandasi Abdurauf Fitratning "Hind sayyohi qissasi" asarida o'z davrida mavjud bo'lgan ijtimoiy muammolar qatorida ta'lim-tarbiya va axloq masalasining ustuvor tarzda yoritilganini tahlil ostiga olishdir.

Kalit so'zlar: jadid, jadid adabiyoti, ijtimoiy islohotlar, madaniy islohot, ta'lim, tarbiya, axloq.

Turkiston ziyolilari XIX asr oxiri - XX asrning boshlarida siyosiy, madaniy, iqtisodiy jihatdan inqiroz holatiga tushib qolgan, mustamlaka tufayli rivojlanishi past darajada bo'lgan o'lkada chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmidan qutulish, o'z milliy davlatchiligini tuzish, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo'l ochish, xalqqa ziyo tarqatish choralarini ko'rdi. Jadidchilik harakati esa bu borada katta rol o'ynadi. Jadidchilik o'lkadagi mustamlakachilikka qarshi milliy demokratik harakat bo'lib, ayni paytda o'sha davr Turkistondagi qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma'rifatlashtirish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o'tkazish kabilarni maqsad qilgan. Bu maqsadlarining natijasi sifatida esa Turkiston o'lkasi mustaqillikka erishishi ko'zda tutilgan edi.

Jadidlar Turkiston xalqlarining bilimsizlik va jaholat iskanjasida qashshoq hayot kechirayotganlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma'rifiy sabablarini aniqlashga intilganlar va mamlakatdagi qoloqlik va qashshoqlikning asosiy sababi ilmsizlik va erksizlikdir degan xulosaga kelganlar. Shunga ko'ra mehnatkash ommani ma'rifat egallashga, ilm olishga, hurriyatga chaqirganlar. Jadidlar eng qaltis paytlarda ham jabrdiyda xalqni himoya qilishdan qaytmadilar. Mustaqillik uchun turli shakllarda izchil kurash olib bordilar [ 3. 11].

Jadidlar xalq ta'limi, maorifini oshirish uchun ta'lim sohasiga alohida e'tibor berishadi. Ta'limni Yevropa ta'limi kabi rivojlantirishga harakat qildilar. Jadidchilik harakati a'zolari o'zlari maktab o'quchilari uchun maxsus qo'llanmalar, darsliklar tayyorlaydilar. Jadidlar chinakam xalq maorifini yuksaltirishga urungan Turkiston farzandlari edilar. Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidhononov, Fitrat kabi jadidchilar ilg'or harakat a'zolari hissoblangan. Ularning har biri jadid maktablari uchun qo'llanmalar yaratib, o'quvchilar savodini oshirish uchun astoydil harakat qilganlar. Ma'lumki, Fitrat 20-30-yillarda maktab-maorif, madaniyat, ilm-fan ishlariga, mutaxassis kadrlar tayyorlashga ko'p e'tibor bergan. Professor Fitrat Toshkent (1918-1919), Moskva (1923-1924), Samarqand (1927-1929) oliy o'quv yurtlarida til-adabiyot ilmlaridan dars bergan [ 3. 105]. O'zi ham muallimlik kasbi bilan shug'ullangan Abdurauf Fitrat asarlarida xalqni ma'rifatga chorlashni maqsad qilib qo'ygan. "A.Fitrat va boshqa ma'rifatparvar adiblar asarlaridagi o'qituvchi, ziyoli va boshqalar jaholatga qarshi kurashuvchi qahramonlardir. Muallim obrazi ma'rifatparvar adabiyotining ideal qahramonidir. Uning timsolida asrlar bo'yi ilmsiz yashab kelgan xalqqa bilim orqali yorug' dunyoni ko'rsatish, shu tariqa ommani xayrli ishlarga yo'llash tushunchalari mujassamlashtirilgan" [ 2. 120]. Shunday bo'lsa-da, Fitratni "Hind sayyohi qissasi" asaridagi mudarris obrazi ilm ahli uchun namunali bir obraz tariqasida tasvirlanmaydi. Bunga sabab asarning tanqidiy ruhda ekani va realistik yo'nalishda yozilganidir. Asarda hind sayyohi mudarris bilan suhbati davomida mudarrisning o'sha zamon mudarrislari uchun talab bo'lgan arab tilini mukammal darajada bilish tugul, o'rta darajada ham bilmasligi oydinlashadi. Mudarrisning "Arab tilini o'rganish oson emas, biz yigirma yildan buyun ko'kragimizni zaxga berib o'rganamiz", degan bahonali gapiga sayyoh : "...agar siz ming yil ko'kragingizni zaxga berib o'rganolmasangiz ham hech aybi yo'q. Lekin uch-to'rt yil ichida men arab tilini sizdan yaxshiroq o'rgandim", - deb javob beradi [ 1. 18]. Bu ham ilm-fanning boshqa davlatlardan ko'ra orqada ekanidan dalolat beradi.

O'rta Osiyo jadidchiligining taniqli vakili Abdurauf Fitrat o'zbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy o'zbek tili va adabiyoti

asoschilaridan biri, birinchi o'zbek professori hisoblanadi. Jadid yozuvchilari o'zlarining ma'rifatchilik, millatparvarlik g'oyalarini olg'a surishda milliy adabiyotda teran tomirlarga ega bo'lgan she'riyatdan tashqari, nasr, dramaturgiya va badiiy publitsistika singari janrlardan ham foydalandilar [3. 12]. Jadidchilik milliy ma'rifatparvarlik harakatining tarafdori Abdurauf Fitratning "Hind sayyohi qissasi" asari tojik tilida yozilgan bo'lib, ilk bor 1912-yili Istanbulda chop etilgan. O'zbek tiliga esa ilk bor Hasan Qudratullaev tarjima qilgan va u 1991-yili "Sharq yulduzi" jurnalida bosilgan. Asarda muallif Buxoroga tashrif buyurgan hind sayyohining hikoyasi orqali o'sha davrdagi Buxoro xonligidagi bir qancha muammolarni fosh etadi, tanqid qiladi va ularga yechim izlaydi. Xususan, Buxoro shahri darvozasi yopilgandan so'ng armanilar va yahudiylar, hatto bir armanining itiga ochilgan darvoza oddiy musulmonlar uchun ochilmaydi; hind sayyohi shaharda aravakashlar, foytunkashlarning o'zaro dahanaki urushiga duch keladi. Hech kim ularga e'tibor qilmaydi; sayyoh Buxoro hovuzlarining ichimlik suvi sifatida foydalanib bo'lmasligini isbotlab beradi; sayyoh Bahouddin Naqshband mozoridagi xurofotlar, shirkka olib boruvchi xatti-harakatlardan ranjiydi; sayyohning shahar markazida Lut qavmi razolatini takrorlayotgan erkaklardan ko'ngli behuzur bo'ladi; Buxorodagi ta'lim sistemasiga ajratilgan vaqf mablag'lari keragidan ortiq, ilm olish uchun madrasa, kutubxonalar, maktablar yetarli-yu, lekin ilmlilar yo'qligidan hayratga tushadi. To'rt yuz olimga beshik bo'lgan Buxoroda loaqal Qur'oni karimning bir oyatini tuzuk-quruq tafsir eta oladigan olim topilmaydi. Vaqf mablag'lari esa mansabdorlar jig'ildoniga tushyotgan edi; Sarbozlik (askarlik) muddati Buxoroda chegaralanmagan. Sarbozlik jinoyatga jazo turidir. Kim jinoyat qilsa, uni umrboz sarbozlikka mahkum qiladilar; butun boshli Buxoroyi sharifdan bironta ham oliy ma'lumotli tabib topilmaydi. Tabiblar esa ikki yuz yil oldin qo'llangan usullardan foydalanadi. Rus tabibi faoliyatini esa kofir deya bir pulga ilmaydilar. Ba'zi tumanlarida shifokor kimligini ham bilishmaydi; shaharda sanitariya-gigiyenaga amal qilinmaydi, aslida esa islom poklikka chaqiradi; Hind sayyohi Buxoro muzofotiga tegishli Qarshi shahriga sayohat qiladi. U yerdagi to'quvchilik hunariga yangi texnologiya kiritish lozimligini ta'kidlaydi. aks holda bu hunardan kelajakka hech

narsa qolmasligidan qayg'uradi; Buxoro dehqonchiligi ham o'ta qoloq. Haligacha Odam Ato zamonidan qolgan qurollar ila dehqonchilik yuritishadi; Buxoro qozilarining ham qilmagan makrlari, shariatni pesh qilib, omi xalqning pulini jig'ildonlariga urayotganliklaridan sayyoh hayratga tushadi. Ezilgan xalq qoziga to'laydigan pulni qayerdan oladi? Sudxo'rdan..; Buxorodagi tijoratida ham bir qancha muammolarni sanab bergan sayyoh, qanday qilib, muvaffaqiyatga erishish yo'llarini ham aytib beradi. Yuqorida Hind sayyohi tomonidan tanqid qilingan jihatlar ichida ta'lim-tarbiya muammosi alohida ahamiyat kasb etadi, chunki asarning boshida Fitrat Buxoro ahlini dastlab uch toifaga ajratadi. Bu uch toifaning dastlabkisi esa "ulamo"lar toifasi edi. Keyingi "umaro" (hukmdorlar) va "fuqaro" toifalaridan "ulamo", ya'ni olimlar (ziyolilar) toifasini oldinroq keltirishi jamiyatda bilimli insonlarni o'rni muhim ekaniga ishora qiladi go'yo. "Ma'lumki, Buxoro qadimdan o'ta dono va zukko fuzalo ahlini tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Har kuni bir Abu Ali, Farobiy va boshqalarni jahonga hadiya etib, shu tariqa o'zining sharafli dovrug'ini dunyo xalqlarining quloqlariga zirak qilib taqqan" [1. 3]. Shu kabi maqtovli jumlalar bilan boshlangan olimlar ta'rifining davomi oxirgi ikki yuz yil ichida jaholatga yuz tutgan ilm ahli haqidagi achinishga va tanqidga to'la jumlalar bilan yakunlanadi. Har bir jamiyat tanazzulga yuz tutishida eng asosiy muammo ilmsizlik, jaholat ekani, aslida Buxorodagi sanalgan har bir kamchilik sababi ilmsizlik ekani muallif anglatmoqchi bo'lgan muddao-maqsaddir.

Fitrat hind sayyohi orqali o'z tilidan ham moddiy, ham ma'naviy qashshoqlashib qolgan jamiyat holidan xabar berar ekan, ushbu xulosani asar qahramoni tilidan so'zlaydi: "Ilohiy qonun budir: modomiki biron bir qavm o'zining ishlarini Olloh farmoyishi asosida olib bormas ekan, o'zining shaxsiy hayotini sharaf, saodat va farog'at, buyuklik bilan hamqadam bilib o'tkazmas ekan, tinchlik va osoyishtalik niyatlarini yo'qqa chiqarishga intilib, kibr va g'urur vodiysiga qadam qo'yar ekan, chin haq va adolat yo'lidan chiqar ekan, o'sha zahotiyoq shon-sharaflari yer bilan yakson bo'lib, osoyishtaliklari zahmatga, buyukliklari esa xorlikka aylanishi muqarrardir!.." [1, 40 ]. Har bir xalq o'zini ilmsizlik deb atalmish girdobdan

qutqarmas ekan, u girdob butun xalqni yo'q qilishi mumkin. Ziyo-ma'rifat esa yuksalishning yagona yo'lidir.

Adabiyotlar ro'yxati:

1. Абдурауф Фитрат. Х,инд сайёхднинг киссаси. «Шарк юлдузи» журнали, 1991 йил, 8-сон. www.ziyouz.com кутубхонаси. 43 бет.

2. Адабий турлар ва жанрлар. 3 жилдлик. I жилд, Т.,1991,-Б. 120.

3. Mirzayev Saydulla. XX asr o'zbek adabiyoti. "Yangi asr avlodi", Tosh., 2005. 420 bet.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.