FARIDA AFRO'Z SHE'RIYATINING MAVZU DOIRASI
Saida Kurbanova
Urganch davlat universiteti dotsenti Polvonnazarova Mashhura
UrDU magistratura bo'limi 221-adabiyotshunoslik guruhi talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.7515370
Annotatsiya: Bu maqolada modern o'zbek she'riyati vakili Farida Afro'z she'riyatining mavzu ko'lami va unda ish-muhabbat hamda pand-nasihat mavzularining o'rni xususida fikr-mulohazalar bildirilgan.
Annotation: In this article, opinions are expressed about the themes of poetry of Uzbek modern poetress Farida Afruz, firstly, themes of love and admonition are expressed.
Аннотация: В данной статье высказываются мнения о масштабах поэзии Фариды Афроз, представительницы современной узбекской поэзии, и месте в ней любви и совета.
Kalit so'zlar: muhabbat, "Ayolni sev", Abdulla Qahhor, poeziya, pand-nasihat.
Key words: love. "Love the woman", Abdulla Kahhor", poetry, admonition.
Ключевые слова: любовь, "Люби женщину", Абдулла Каххор, стихи, советы.
She'riyat shunday chuqur bir ummonki, uning bag'riga sho'ng'iganing sari ko'ngil sadafiga jo qilishga arzigulik dur-u gavharlarga duch kelasan kishi. Ana shunday qalb torlarini chertguvchi she'rlari bilan kitobxonlar dilidan joy olgan istiqlol davri ijodkorlaridan biri Farida Afro'z (Farida Bo'tayeva) dir.
Shoira 1956-yil 5-martda Qo'qon shahrida tug'ilgan. Muqimiy nomidagi Qo'qon davlat pedagogika institutida tahsil olgan. Farida Afro'z "Qirq kokilligim", "Iztirob ko'ylagi", "Tunlar isyoni", "Ko'zim manim", "O'zimdan o'zimgacha", "Ushshoq", "Gun aydin" (Istambul), "Ot Faridi Afruz" (Moskva), "Tasbeh" she'riy kitoblar muallifidir.
Adabiyotshunos Qozoqboy Yo'ldoshev aytganidek: "Tuyg'u ifodasi bo'lmish she'rda yaratilgan davr kishisining hissiyoti aks etadi. Odamlarda boshqalarga o'xshashdan ko'ra o'xshamaslikka intilish mayli kuchli. Jamiyatdagi har bir shaxs o'zini izlay boshlaganda shunday bo'ladi. Demak, bugungi she'riyatni har biri shaxslashib , alohidalashib borayotgan millat kishisi ruhiyati ifodasi, deyish
mumkin" 15 Farida Afro'z ijodiyotida ham o'ziga xoslik, ohoriylik (originallik), tuyg'ularni ochiq-oydin tasvirlash yetakchilik qiladi.
Istiqlol sharofati tufayli yuzaga kelgan ijod erkinligi, mustaqil fikrlashga keng yo'l ochgan asosiy omil bo'lmoqda. Shuningdek, ijodiy o'ziga xoslik ijodkor "men"i, o'zini kashf etish orqali poetik fikrning ijtimoiy-estetik mohiyatini chuqurlashtirish, shaxsiy iqtidori, dunyoqarashi, obrazli ifoda va tasvir uslublaridan samarali foydalanish kabi omillarda ham namoyon bo'layotir.
Farida Afro'z she'rlarining mavzu doirasi keng va xilma-xildir. Shoira qaysi mavzuda qalam tebratmasin, ohorli ifodalar, badiiy topilmalar topa oladi va o'quvchini yangilikka oshno etadi. Barcha shoirlarda bo'lgani kabi Farida Afro'z she'rlarida ham muhabbat mavzusi yetakchi o'rinni egallaydi, bundan tashqari tabiat, inson ruhiy kechinmalari, hissiyotlar, maishiy mavzulardagi she'rlari ham talaygina. Xususan, ayol qalbi kechinmalari, inson hissiyotlari psixologiyasini, kayfiyatlar ruhiyatini, hissiy tafakkur ranglarini yaxlit uyg'unlashtirishga erishish Farida afro'z she'riyatining bosh xususiyatlaridan biridir.
Bu kunlar ham g'animat,
Qorlar bahor bitmoqda.
Kelsa, bahor omonat,
O'tsa, umr o'tmoqda.
Kel, ey mening mensizim,
-deya pokiza muhabbatni sog'inib, sog'inchlari to'lqinlantirayotgan qalb nolalarini faqat to'liqib, jo'shib o'qish mumkin. Shoiraning "Sochlarimni rayhon o'pdi", "Sen osiysan, men noshukur", "Nadomat" she'rlari kitobxonning mudroq tuyg'ularini uyg'ota boshlaydi, sof muhabbatni sog'inib, qadriga yetib yashashga, o'zlikni, haqiqatni anglashga chorlaydi. Beixtiyor ko'ngilga sezdirmay nozik chertib o'tadi. Farida Afro'z tuyg'ulari uyg'oqligini inson tirikligining mezoni, deb biladi.
Farida Afro'zning "Ayolni sev" misralari bilan boshlanuvchi she'ri ham fikrimizning mantiqiy davomidir. Ushbu she'rda ham ayolga e'tibor, uni sevish, uni ardoqlashga chorlovchi satrlarni guvohi bo'lamiz.
Ayolni sev,
Ostonasin o'p.
Qasr qurma, ko'nglini so'ra.
Balo kelsa turib beradi.
Yoki:
Ayolni sev,
O'laman degil.
Ishq yaratgan parvardigordan.
15 "Sharq yulduzi", 2013,3-son,133-bet.
Senga umr so'rab beradi. 16
Ayol kishi dunyoda sevilishga munosib bo'lgan go'zal xilqat. Uni sevishning, ardoqlashning o'zi kifoya. Har ne baloga qalqon bo'ladi. Siz uni sevganingiz, ardoqlaganingiz uchun tangridan sizga tun-u, kun umr tilaydi.
Donishmandlardan biri: "Shoirlar- iztirob tomonidan millionlab odamlar orasidan tanlangan qullardir",- degan edi. Chindan ham ijod ahli ko'ngli nozik, qalbi g'am-g'ussani, armonni jon-tani bilan his qiladigan insonlar. Ayol ko'z yoshi ijodkor she'rlarining asosiy obrazi hisoblanadi. Ko'z yoshlar - lirik qahramon tafakkur to'lqinlarining, fikrga cho'mgan tuyg'ularining oniy bir lahzasi. Ya'ni, ayol kechinmalarning ma'nosini ifodalayotgan vosita.
Qon yig'lar, qon yig'lar bir tuyg'u, - deydi, shoira "Ilinj" she'rida. Ayol dardni yig'lab yengadi. Og'ir damda dildagi g'uborlarni yuvadi go'yo. "yomg'ir mening sog'inch yoshlarim", "To'yib, to'yib yig'lab olay men, Menga to'yib oqarsin tonglar" misralarida lirik qahramon ko'z yoshdan o'ziga taskin izlaydi. Ayol ko'zi nimadan yoshlanadi albatta, sog'inchdan, alamdan, azobdan, armondan.
Ayirdilar, ko'ngillari tog' bo'ldi,
U tog'larda ohularim bo'zladi.
Ohularim - armonlarim har kecha,
Tushlarimda ko'z yoshlarim yalaydi.
Ayriliqning achchiq zahrini totgan ayol dardlari ifodasi bo'lgan bu she'rda lirik qahramon iztiroblari o'ta dardchil ruhda ifoda etilgan. Uni ishqdan judo qilganlarning ko'ngli shod, tog' qadar yuksak. Ular dilga sololgan armon ayol ko'z yoshlarini artib unga taskin beradi. She'rda armon ohuga qiyoslanadi. Bu esa shoiraning yana bir poetik topilmasidir.
"Topshirdim, o'rnimga yig'lasin osmon" - deb yozadi shoira. Uzoq ko'z yosh to'kkan lirik qahramon oqibat bariga chek qo'yadi. Misralarda ayol qat'iyati ifodalanadi. Shoira she'rlaridagi ko'z yoshlar ana shu taxlit ma'nolar bilan ramzga aylangan.
Farida Afro'z she'rlari hech kimda takrorlanmas misralarga boy, sermazmun she'rlardir, ayniqsa, ishq-muhabbat, visol, sog'inch iztirobi tarannum qilingan she'rlarni o'qigan kitobxon qayta-qayta o'qiydi. Quyidagi eng yoqtirgan she'rlarimdan bir baytini tahlilga tortsak. Endi ko'z yoshlarini osmonga topshirgan lirik qahramon mag'rur, ishqqa bo'yin egmas qahramonga aylanadi, sababi qiyinchiliklar insonni kuchli qiladi:
Sog'ina, sog'ina, sog'inmay qo'ydim,
Endi menga baribir kelsang, kelmasang.
16 XXasr o'zbek she'riyati antalogiyasi.Toshkent-2007.334-bet
Qo'lingdan kelsa gar osmonni tashla, Endi menga baribir , sevsang, sevmasang.
Bu misralarda mag'rur mashuqaning qiyofasi shunday mahorat bilan chizilganki, unga endi oshiq sevsa ham, sevmasa ham farqi yo'q, chunki u sog'ina,sog'ina, sog'inmay qo'ygan, muhabbat neligin unutgan, o'zni butunicha qismatga tutgan qahramondir.
Farida Afro'z she'rlarida nasihatnoma, pandnoma mavzulari ham ustunlik qiladi. Shoiraning "Umr o'zi bir kundir", "Do'stim otang qariyapdi", "Duo olganlardan duo ol bolam" kabi she'rlarida yuqoridagi ohanglar betakror, original tarzda tasvirlanganini ko'rishimiz mumkin: Arg'umchoqlar uchgin, kamalak bilan, Gir aylan, raqs tush, kapalak bilan, Yashasang, yasha, faqat, jon halak bilan, Umr asli bir kundir, o'sha kun — bugundir.
Yuqoridagi misralarda shoira Olloh bergan umrning har bir kunini vaqtichog'lik bilan, har daqiqaning qadriga yetib, undan unumli foydalanib yashash kerakligiga ishora qiladi. Shu o'rinda dilbar shoir Bobur Mirzoning quyidagi satrlarini eslash o'rinlidir:
Ey ko'ngul, o'zni aysh ila tutmoq kerak, Bizni unutqonni unutmoq kerak. Aysh-u tarab gulbunig'a suv berib, G'ussa niholini qurutmoq kerak.
Ma'lumki, mumtoz adabiyotimiz ijtimoiy borliq va insonni tadqiq etishda boy anananalar qoldirdi. Mumtoz shoirlarimizning ko'hna Sharq adabiyoti va og'zaki ijod poetikasiga murojaat etishlaridagi o'ziga xosliklar, shartli romantik tasvir usullaridan dadil foydalanishlari yangi davr sanatkorlari uchun o'ziga xos ijodiy o'rganish maktabi rolini o'tadi. Mumtoz adabiyotning yirik vakili shoh va shoir Bobur Mirzoning mazkur "Kerak" radifli g'azalida hayotsevarlik ruhi ufurib turibdi. Farida Afro'z mumtoz adabiyot ummonidan bahra olgan shoira sifatida ularning an'analarini yangi ohorli tashbehlar bilan boyitadi. "Yashasang, yasha, faqat, jon halak bilan" misralarida esa shoira tinib-tinchimas, mehnatsevar, kuyunchak insonlarga ishora qiladi.
Ertani o'ylamoq sen uchun emas, O'tganga yig'lamoq sen uchun emas, Jazoni qo'llamoq sen uchun emas, Umr asli bir kundir, o'sha kun — bugundir.
Inson ertangi kuni yaxshi bo'lishi uchun ham bugun to'g'ri ish qilishi lozim. Har bir kun qilgan ishi unumli, rejali, foydali bo'lishiga intilmog'i, faqat va faqat yaxshilik, ezgulikni o'ylamog'i zarurligi ta'kidlanadi.
Etagingdan shamol o'tdimi, basdir, Tiriklik oldida har neki, hasdir, Boshing omon bo'lsa, tog'lar ham pastdir, Umr asli bir kundir, o'sha kun — bugundir.
Tiriklikning qadriga yetish haqida ota-bobolarimiz ham juda ko'p dono fikrlar aytganlar. Darhaqiqat, tiriklikning o'zi bir ne'mat, katta hikmatdir. Shoira ta'kidlaganidek, "Boshing omon bo'lsa, tog'lar ham pastdir". Bugunning qadriga etgan kishi, albatta, ertaning ham, indinning ham qadriga yetishi tayin. Ota-onang qaytmadi, sen ham qaytmassan, Bu olam tubiga sen ham yetmassan, Ki, Navoiy aytmadi, sen ham aytmassan, Umr asli bir kundir, o'sha kun — bugundir.
Nuhdayin umr ko'rmoq istasang ham — shu, Vaqtning tulporini qistasang ham — shu, Yaxshi nom olsang ham, olmasang ham -shu, Umr asli bir kundir, o'sha kun — bugundir.
Ey, Farid, lahzalar, shukri-la, yasha, Bu dunyo bayramdir, qilgin, tamosha, Oshiq noming qolar asrlar osha, Umr asli bir kundir, o'sha kun — bugundir.
Shoira insonlarni vaqtning qadriga yetishga undar ekan, ota-bobolar tarixini bilishga, ularning ezgu ishlaridan o'rnak olishga, lahzalarni qadrlashga va shukronalik tuyg'usi bilan yashashga da'vat qiladi. Shoira xalq donoligi namunalaridan ilhomlanar ekan, ularni takrorlashga emas, balki boyitishga, ma'no salmog'ini kengaytirishga intiladi. Ko'tarinki kayfiyat, jo'shqinlik she'r oxirigacha kitobxonni tark etmaydi. Darhaqiqat, hayotbaxsh romantik ifodalash usulining imkoniyat ufqlari benihoya keng va rang-barangdir, she'rda bu xususiyat yaqqol namoyon bo'ladi.
Quyidagi misralarga diqqat qaratsak: Men seni juda ko'p axtardim, Dunyoni gir kezdim, tashna, bemajol, Oldimdan oqqan suv.
Haqiqatan, inson zoti uchun hech qachon oldidan oqqan suvning qadri bo'lmaydi. Odamzot doim o'z baxtini olislardan izlaydi, uzoq-uzoqlarga intiladi. Ammo bilmaydiki, har bir otgan tonggimizning o'zi bir baxt. Shoira aytganidek: Bugun tongda tirik uyg'ondim, Bir kosa suv ichdim.
Shukur...
Hayot bizga berilgan eng bebaho ne'matdir, uning har lahzasini behuda o'tkazmaslik, har bir daqiqasidan unumli foydalanish va bu tiriklikning qadriga yetib shukronalik keltirish har bir inson uchun muhimdir.Lirik qahramon shu fikrni oddiy, sodda poetik ifoda orqali tasvirlagan.
Ustoz Abdulla Qahhor "Poeziya-yuksak san'at" maqolasida yozganidek, "She'rning mo'jizalik sirlaridan voqif bo'lish, bu sirlarni jilovlash har kimga ham muyassar bo'lavermaydi. Bunga erishish uchun zehn, sabr va mehnatdan boshqa yana
1 7
nimadir kerak" . O'sha "kerak nimadir", nazarimizda, ilohiy ne'mat - badiiy kashf etish salohiyatidir. Bu salohiyat sohibalaridan biri Farida Afro'z ham insonlarga she'riyatning ana shu sirlari qatlaridagi farahbaxsh ezgulik va go'zallikni ulashayotgan shoiralaradan sanaladi.
Shoira ijtimoiy hayotning muayyan tomonini poetik tadqiq qilar ekan, u inson qalbida kechayotgan ziddiyatlar, tuyg'ular talashini ifodalashni e4ibordan soqit qilmaydi. Inson ruhiy qudratini rang-barang ko'rinish va vaziyatlarda kashf etish, shu orqali uning yaratuvchilik, bunyodkorlik hamda borliqdagi barcha sodir bo'lgan, bo'layotgan voqealarga mas'uldorlik hissini ulug'ladi.