FARG'ONA VODIYSIDA NOGIRONLIGI MAVJUD SHAHSLARNI
IJTIMOIY XIMOYALASH JARAYONIGA OID MULOHAZALAR
Elyor Abdullajonovich Rahmonov
Qo'qon DPI "Tarix" kafedrasi katta o'qituvchisi, PhD.
Annotatsiya: Maqolada O'zbekistonda nogironligi mavjud shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimining huquqiy asoslari, moddiy va ma'naviy omillari, ushbu sohada mavjud muammolar, hamda ularni bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlarning amaliy natijalari Farg'ona vodiysi misolida yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: nogironlik, reabilitatsiya, imkoniyati cheklangan bolalar, muhtoj aholi, ijtimoiy muammolar, maxsus maktab internatlari, sihatgohlar.
Аннотация: В статье описаны правовые основы, материальные и моральные основы системы социальной поддержки людей с инвалидностью в Узбекистане, существующие проблемы в этой сфере, а также практические результаты мер по их решению на примере Ферганской долины.
Ключевые слова: инвалидность, реабилитация, дети-инвалиды, малообеспеченное население, социальные проблемы, специальные школы-интернаты, санатории.
Annotation: The article describes the legal foundations, material and moral factors of the social support system for the disabled in Uzbekistan, the existing problems in this area, as well as the practical results of measures to address them using the example of the Ferghana Valley.
Key words: disability, rehabilitation, disabled children, low-income population, social problems, special boarding schools, sanatoriums.
O'zbekistonda kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga muntazam ravishda keng qamrovli islohatlar asosida yordam berib kelinmoqda. Ana shunday ishlar samarasi o'laroq "O'zbekiston Respublikasida 1996-2000 yillarda nogironlarni reabilitatsiya qilish Davlat Dasturi"ni joriy etilishi ham bu borada amalga oshirilgan muhim qadamlardan biri bo'ldi. Respublika bo'yicha 1996 yilda jismoniy va ruhiy jahatdan nuqsonlari bo'lgan bolalar uchun 75 ta maxsus maktab internatlari mavjud bo'lib, ularda 16 mingga yaqin nogiron bolalar ta'lim va tarbiya olish bilan birga maxsus tibbiy xizmatlardan ham foydalangan[1.8-ro'yxat, 88-jild, 87-varaq]. Bu jarayonlar vodiy viloyatlarida ham muntazam davom etib, har qanday masaladan bu sohani rivojtantirishga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, 1996 yili Andijon shahrida Farg'ona vodiysida yagona bo'lgan tibbiy va ijtimoiy muammolar bilan shug'ullanuvchi Respublika ilmiy tekshirish institutining filiali tashkil qilingan. Shuningdek, ushbu yilda viloyatda 984 nafar nogiron va pensionerlar
Respublikaning turli dam olish sihatgohlarida salomatligini tiklab qaytgan. Protez mahsulotlariga muhtoj nogironlar uchun 2897,1 ming so'mlik protez buyumlar tayyorlab berilgan[1.8-ro'yxat, 88-jild, 96-varaq]. Shuningdek, 1998 yilda viloyatdagi jami 100 nafar nogironlarga eshitish moslamalari berilib, 570 nafar nogironlarga esa qo'ltiqtayoq va xassa tarqatildi hamda 91 nafar nogironlarga maxsus aravachalar sovg'a qilindi[1.13-ro'yxat, 97-jild, 57-varaq]. Andijon viloyat hokimligining 2004 yil 6 iyundagi 40-sonli farmoyishiga asosan viloyatda nogironlar aravachasi hamda eshitish moslamasiga muhtojlikni to'la bartaraf qilish maqsadida markazlashgan holda mazkur vositalarni sotib olish va nogironlarga berish uchun 35 million so'm miqdorda mablag' ajratilib, 297 dona nogironlar aravachasi va 200 dona eshitish moslamasi olib kelingan hamda muhtoj nogironlarga ro'yxat asosida topshirilgan[2.29-ro'yxat, 33 a-jild, 214 -varaq].
Lekin yuqorida ta'kidlangandek, bu hayriya ishlarni ayrim mahalliy mansabdorlar o'z vaqtida bajarilishiga to'sqinlik qilishga harakat qilgan. Jumladan, 1997 yil yanvar oyida "O'zbekiston Respublikasida 1996-2000 yillarda nogironlarni reabilitatsiya qilish Davlat Dasturi to'g'risida"gi hukumat qarorining ijrosini ta'minlash va nazorat etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika ishchi guruhi o'rganish natijasida Farg'ona viloyatida tserebral falaji va poliomielit asorati bo'lgan nogiron bolalar uchun 1996-1999 yillar mobaynida tiklash markazlari tashkil etish rejalashtirilgan va lekin bu borada Farg'ona viloyatida biron bir ish qilinmaganligi aniqlangan[3. 1-ro'yxat, 781-jild, 168-varaq]. Ammo, viloyatda soha taraqqiyoti uchun qilingan ishlar salmoqli bo'lib, bu kabi juz'iy xatolarni to'ldirib ketmoqda. Masalan, viloyatda "Ijtimoiy himoya yili" davlat dasturi chora-tadbirlarining ijrosini ta'minlash borasida nogironligi oqibatida maktabga borish imkoniyatiga ega bo'lmagan 5-9-sinflardagi jami 5 nafar bolalar kompyuter sovg'a qilingan[4.18-ro'yxat, 7-jild, 39 -varaq]. Shu bilan birga viloyatda 2008 yil bo'yicha protez-ortepediya mahsulotlari va reabilitatsiyaning texnik vositalariga muhtoj nogironligi mavjud shahslardan nogironlar aravachasiga muhtoj 92 nafaridan 62 nafari, eshitish moslamasiga muhtoj 43 nafaridan 27 nafari, qo'ltiq tayoqqa muhtoj 36 nafar, xassaga muhtoj 62 nafar, protez ortopediya mahsulotlariga muhtoj 198 nafaridan 42 nafari zurur vositalar bilan ta'minlangan[4. 21-ro'yxat, 2-jild, 150 -varaq].
O'zbekiston Respublikasida 2016 yildan so'ng keng qamrovli islohatlar amalga oshirila boshlandi va bu mamlakat birinchi prezidentining amalga oshirgan ilgargi ishlarini davomi bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Jamiyatning barcha sohalarida bo'lgani kabi kam ta'minlangan va ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalarga yodram berish ham yangi pog'onaga ko'tarildi. Jumladan, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Harakatlar strategiyasi tadbirlarini tobora amalga oshirish maqsadida Respublika
Prezidentining 2017 yil 12 sentyabrda qabul qilingan "Aholining kam ta'minlangan qatlamlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi 3268-sonli Qarori[5] ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo'lab-quvvatlash tizimining yangi bosqichini boshlab berdi.
O'rganilgan davr mobaynida yuz bergan kamchiliklar natijasida hozirgi kunda bir qator muammolar vujudga kelib kolganligini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017 yil 1 avgustdagi № F-5006, "Nogironlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoyishida ko'rsatib o'tilgan. Unda ta'kidlanishicha, "Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish tizimi yaratildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilangan. SHu bilan birga mazkur sohada olib borilayotgan ishlarni qoniqarli deb bo'lmaydi"[6]. Demak mazkur sohada hozirgi kunda ham bir qator muammolar bo'lib, uni bartaraf etish uchun hukumat darajasida hal etilmoqda.
Shuningdek, 2017 yilda 11 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, 15 ming nafar yolg'iz keksalar, pensionerlar va nogironligi bo'lgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy yordam bilan qamrab olindi va qariyb 21 ming nafar nogironligi bo'lgan shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan ta'minlandi, 35 ming nafar shaxslar sanatoriyalarda sog'lomlashtirish kurslaridan o'tdi, 20 ming nafardan ziyod shaxsga reabilitatsiya xizmatlari ko'rsatildi.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek- "Ayni vaqtda nogironligi bo'lgan bolalar va ularning oila a'zolarini, boquvchisini yo'qotganlarni o'n olti yoshgacha ijtimoiy muhofaza qilish masalasi doimo e'tiborimiz markazida turishi kerak. Umrini nogiron farzandiga qarash, uni parvarish qilishga bag'ishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turini joriy etamiz"[7].
Xulosa o'rnida ta'kidlash kerakki, Respublikamizda ijtimoiy siyosatning muhim ahamiyatga ega ekanligi nafaqat iqtisodiy va siyosiy vaziyatlargagina bog'liq, balki xalqning ma'naviy qadriyatlariga asoslangan sog'lom avlodni tarbiyalash, ko'p bolali oilalarga madad berish, qariyalarga g'amxo'rlik qilish, nogironligi mavjud shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashdan iboratdir. Farg'ona vodiysi viloyatlarida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilib, aholini kam ta'minlangan oilalari va ijtimoiy ko'makka muhtoj qismiga har jihatdan yordam berib kelindi. Mamlakatda mustaqillikning dastlabki kunlaridan mazkur sohaga katta e'tibor berilib, u turli xuquqiy hujjatlar bilan asoslanib borildi. Xususan, 1991 yil byudjetining ijtimoiy-madaniy tadbirlarga ajratilgan mablag'i 1990 yilga
nisbatan 164 mln. so'mga yoki 44 foizga oshib 536,5 mln. so'mni tashkil etganining o'zi ham buning sohaning dolzarb ekanligini anglatadi. Buning ta'siri doirasida Farg'ona viloyatida 1991 yilning o'zida davlat byudjeti eng zarur ijtimoiy muammolarini hal etishga qaratilganligi va uning xarajat qismining 94,9 foizi ijtimoiy iste'molni qondirishga sarflanganligini alohida qayd etish joiz. Bu kabi jarayonlar Namangan va Andijon viloyatlarida ham yaqqol namoyon bo'lib, ijtimoiy soha har jihatdan qo'llab-quvvatlandi. O'rganilayotgan davr oralig'ida Farg'ona vodiysi viloyatlarda mazkur soha rivojlanib, jamiyatning eng muhim bo'g'iniga aylanganligini ko'rish mumkin. So'ngi yillarda esa bu sohaga alohida ahamiyat qaratilib, xukumat darajasida e'tibor berilmoqda. Mamlakat rahbarining 2019 yil 21 noyabrda aynan ijtimoiy masalalarga bag'ishlargan yig'ilishni o'tkazishi va bu sohani rivojlantirish uchun yangidan-yangi xuquqiy normalarni ishlab chiqilishi katta amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
l.O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Arxivi Andijon viloyati bo'limi, 4141 - fond.
2.O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Arxivi Andijon viloyati bo'limi, 4149 - fond.
3.O'zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivi, M-15 - fond.
4.O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Arxivi Farg'ona viloyati bo'limi, 2048 - fond.
5.https://lex.uz/docs/3338162
6.https://president.uz/uz/lists/view/847
7. https : //president.uz/uz/lists/view/2228