Научная статья на тему 'ERKIN IQTISODIYOT SHAROITIDA IQTISODIY TAHLILNING VAZIFALARI'

ERKIN IQTISODIYOT SHAROITIDA IQTISODIY TAHLILNING VAZIFALARI Текст научной статьи по специальности «Экономика и бизнес»

CC BY
248
19
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
bozor iqtisodiyoti / ma'lumotlar to'plami / tahlil qilish / iqtisodiy tahlil / tadbirkorlik sohasi / mahsulot / xizmat.

Аннотация научной статьи по экономике и бизнесу, автор научной работы — Xoliqulov Anvar Nematovich, Eshmurodov Zoxirjon

Ushbu maqolada iqtisodiy tahlilning mohiyati va mazmuni, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi zaruriyati hamda uning ahamiyati to’g’risida mualliflar tomonidan fikr-mulohazalar keltirilgan. Qolaversa, erkin iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy tahlilning vazifalari va ularni takomillashtirish bo’yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «ERKIN IQTISODIYOT SHAROITIDA IQTISODIY TAHLILNING VAZIFALARI»

ERKIN IQTISODIYOT SHAROITIDA IQTISODIY TAHLILNING VAZIFALARI

Xoliqulov Anvar Nematovich

Samarqand iqtisodiyot va servís instituti Iqtisodiy tahlil va satatistika kafedrasi mudiri, i.f.n., dots.

Eshmurodov Zoxirjon Samarqand iqtisodiyot va servis instituti IK-S-420 guruh talabasi

Annotatsiya: Ushbu maqolada iqtisodiy tahlilning mohiyati va mazmuni, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi zaruriyati hamda uning ahamiyati to'g'risida mualliflar tomonidan fikr-mulohazalar keltirilgan. Qolaversa, erkin iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy tahlilning vazifalari va ularni takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Kalit so'zlar: bozor iqtisodiyoti, ma'lumotlar to'plami, tahlil qilish, iqtisodiy tahlil, tadbirkorlik sohasi, mahsulot, xizmat.

Bozor munosabatlari sharoitida xo'jalik faoliyati tahlilining roli keskin oshadi, chunki boshqarishda oldingi ma'muriy buyruqbozlik tizimidan voz kechib yangi, erkin, iqtisodiy mexanizmlar orqali boshqarish tizimi shakllanadi. Oldin tahlil asosan reja ko'rsatkichlarini asoslashga uning bajarilishini ta'minlashga qaratilgan bo'lsa, endilikda esa har bir xo'jalik subekti, mulk shaklidan kat'iy nazar, o'z faoliyatini yuqoridan berilgan ko'rsatmani, buyruqni bajarishga qaratmasdan, balki o'zlari mustaqil ravishda o'zining iqtisodiy qudratini takomillashtirish maqsadida erkin boshqarishga qaratadi. Bu esa, o'z navbatida, tahlilning rolini yanada oshiradi. Iqtisodiy tahlil orqali har bir ob'ektida mavjud bo'lgan ichki va tashqi imkoniyatlar aniqlanadi, ularning amaliyotga safarbar qilish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi. SHu tufayli hozirgi hayot har qanday korxonani to'g'ri boshqarish uchun tahlil qilishni taqozo qiladi.

Bu maqsadlardan tahlilning vazifasi kelib chiqadi. Tahlil qilishning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi asosiy vazifalari:

1) korxonaning biznes-rejasini tuzish uchun tegishli axborotlar bilan ta'minlash;

2) biznes-rejaning bajarilishini, korxonaning moliyaviy barqarorligini ta'minlashini, uning iqtisodiy qudratini yaxshilashini, har bir xo'jalik sub'ektining raqobatbardoshligini oshirish uchun mavjud ichki va tashqi imkoniyatlarni o'rganish;

3) har bir yunalishga ta'sir etuvchi omillarni aniqlash, ularning ta'sirini hisoblash va shu omillarni ishning samaradorligini oshirishga safarbar qilish;

4) xo'jalikda mavjud mehnat, moddiy va moliyaviy resurslarda samarali foydalanish yo'l-yo'riqlarini ishlab chiqish;

5) korxonaning iqtisodiy va moliyaviy potensialiga, uning to'lovga qodirligi va qobiliyatliligiga baho berish hamda bu natijaga erishish uchun tezkor chora-tadbirlarni qo'llash yo'llarini ishlab chiqish;

6) korxonaning tijorat sirini saqlagan holda uning moliyaviy ahvolini keng jamoatchilikka ko'rsata bilish va tashqi investorlarni korxona faoliyatini yaxshilashga jalb qilish;

7) korxonani boshqarishning eng qulay va nafli usullarini ishlab chiqish kabilardan iboratdir.

Tahlilning birinchi vazifasi bevosita uning biznes-reja bilan bog'liqligidan kelib chiqadi. Tahlil jarayonida bir tomondan biznes-rejaning amalga oshganligini o'rgansa, ikkinchidan xo'jalik faoliyatini batafsil o'rganib kelgusi davr uchun biznes-rejani tuzishda tegishli axborotlarni to'plab beradi. Oldingi rejali iqtisodiyot sharoitida xo'jalik faoliyatining asosiy ko'rsatkichlari yuqoridan berilar edi. Shu tufayli tahlilni yuqori tashkilotlar amalga oshirib kelgan. Endi bozor munosabatlariga asoslangan erkin iqtisodiyot sharoitida vaziyat tubdan o'zgardi. Har bir korxona o'z faoliyati uchun o'zi mas'ul. O'zi rejalashtiradi, o'zi hisobotni tuzadi va o'zi nazorat qiladi. Bunday sharoitda korxona xo'jalik faoliyatini yuqori tashkilot emas, balki uning o'z mutaxassislari, menejerlari tahlil qiladi. Shu tufayli tahlilning roli va vazifasi biznes-rejani tuzishda kundan kunga oshib bomoqda. Chunki biznes-rejaning har bir ko'rsatkichi iqtisodiy jihatdan asoslangan bo'lishi lozim. Bu esa tahlil orqali amalga oshiriladi.

Tahlilning ikkinchi vazifasi korxonada biznes-rejaning bajarilishini o'rganish bilan bog'liq. Hozirgi paytda biznes-rejani tuzish, unga kiritiladigan ko'rsatkichlar bo'yicha qat'iy belgilangan andoza yo'q. Bunday bo'lishiga fikrimizcha zarurat ham bo'lmasa kerak. Chunki juda ko'p korxonalar bir soha bilan shug'ullansa ham ularning ish uslubi har xil, o'zlariga xos bo'lishi mumkin. Bu esa oldingidek hamma korxona faoliyatiga bir xil yondoshish imkonini bermaydi. Ammo umumiy yo'nalish bo'yicha ko'rsatkichlar tizimi bir-biriga yaqin bo'lishi tabiiy. Masalan, har bir korxona yuqori rentabellikka erishishga intilishi, moliyaviy barqarorlikni ta'minlashi, o'zining iqtisodiy qudratini yaxshilashi uchun harakat qiladi. Demak, bu tahlilning ham barcha korxonalar uchun metodologik asos bo'ladigan usullarining bo'lishini taqozo qiladi. Shu tufayli tahlil jarayonida biznes-rejaning bajarilish darajasini chuqur o'rganish shu orqali uning faoliyatiga ob'ektiv baho berishdek muhim vazifa ham ushbu fan zimmasiga yuklatilgan.

Biznes-rejani bajarish jarayonida ma'lum qonuniyatga ega omillar bilan birga ko'zda tutilgan tasodifiy omillar ta'sir qilishi ham mumkin. Tahlilning uchinchi vazifasi shu omillarni aniqlash va har birining ta'sirini hisoblashdan iboratdir. Bu esa bozor munosabatlarining shakllanish jarayonida vujudga kelgan ko'pgina yangi ko'rsatkichlar va omillar ta'sirini aniqlaydigan omilli tahlil usullarini ishlab chiqishni taqozo qiladi.

Omilli tahlil natija ko'rsatkichiga ta'sir etuvchi omillarni hisoblash yo'li bilan shu tahlil qilinayotgan ko'rsatkichni yaxshilashni, ichki va tashqi imkoniyatlarni aniqlash va uni kelgusi davr uchun safarbar qilish yo'llarini ishlab chiqish imkonini

beradi. Hozirgi ishlab chiqarish korxonalarini davlat tomonidan moliyalashtirish asosan barham topgan bir paytda, ichki imkoniyatlarni axtarib topish va uni xo'jalik faoliyatiga safarbar qilish tahlil orqali amalga oshiriladi. Bundan ko'rinib turibdiki, bozor munosabatlariga asoslangan erkin iqtisodiyot sharoitida tahlilning asosiy vazifalaridan biri natijaga ta'sir etuvchi omillarni chuqur o'rganish orqali ichki imkoniyatlarni axtarib topish va ularni xo'jalik faoliyatining samaradorligini oshirishga safarbar qilishdan iboratdir.

Tahlilning to'rtinchi vazifasi iqtisodiy jarayonlarning dialektik bog'liqligidan kelib chiqadi. Qaysi soha bo'lmasin, iqtisodiy jarayon sodir bo'lishi uchun mehnat vositasi, mehnat predmeti va jonli mehnatning mujassamligi lozim bo'ladi. Iqtisodiyotning bu elementlari samaradorligini oshirmay turib boshqa ko'rsatkichlar miqdorining yuqori bo'lishiga erishib bo'lmaydi. SHu tufayli tahlil jarayonida moddiy, moliyaviy va mehnat resurslari samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Bunda moddiy-texnika bazasining boshqa elementlarga to'g'ri kelishini ta'minlashga katta e'tibor bermoq lozim. Masalan, yuqori mehnat unumdorligiga ega bo'lgan, ilg'or texnologiyaga asoslangan uskuna mavjud. Lekin shu uskunani ishlata oladigan, shunga malakasi etarli bo'lgan mutaxassis kerak bo'ladi. Agar korxonada yuz kishi bo'lsa (uning shtatida shuncha kishi band bo'lsa), lekin tegishli mutaxassis bo'lmasa bunday holatda korxonaning moddiy texnika bazasi ham, mehnat resurslari ham samarasiz bo'ladi. Shu tufayli ular bir-biri bilan dialektik bog'liqlikda. Texnika va texnologiya takomillashdimi, demak xodimlarning malakasi ham shunga mos ravishda oshib borishi lozim. SHundagina tegishli, ko'zda tutilgan natijaga erishish mumkin. Aks holda qilingan tadbirlar, sarflangan harakatlar tegishli samara bermasligi tabiiy. Bu holatlarning hammasi tahlil orqali aniqlanadi va aniqlangan vaziyatdan tegishli xulosa qilinadi. Shu tufayli tahlilning roli korxonalar, ularning mulk shaklidan qat'i nazar, samaradorligini oshirishda yanada oshmoqda. Korxonaning umumiy samaradorligi bevosita uning moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarining samaradorligiga bog'liq.

Tahlil jarayonida moddiy-mehnat va moliyaviy resurslarning samaradorligini alohida o'rganish, ularning bir-biriga bog'liqligini va umumiy natijaga ta'sirini ham ko'rib chiqish lozim. Demak, tahlilning vazifasi shu ko'rsatkichlarni dialektik bog'liqlikda o'rganish va iqtisodiy jihatdan asoslangan xulosa qilishdan iboratdir.

Tahlilning beshinchi vazifasi korxonalarning erkin raqobat sharoitida faoliyat ko'rsatayotganligidan kelib chiqadi. Hozirgi paytda tahlil asosan buxgalteriya balansidagi ma'lumotlar bilan cheklanib qolganligi tufayli uning iqtisodiy salohiyati (potensiali) to'liq o'rganilmayapti. Iqtisodiy potensialga buxgalteriya balansida ko'rsatilgan asosiy va aylanma kapital hamda nomoddiy aktivlar bilan birgalikda mehnat resurslari ham kiradi. Ta'kidlanganidek, ushbu elementlar o'zaro bog'liq ravishda ishlatilishi uchun moliyaviy potensialning ahamiyati katta. Iqtisodiyotning har xil bosqichida moliyaviy potensial tarkibi turlicha bo'lishi mumkin. Hozirgi bank krediti uchun to'lanadigan foizning korxona imkoniyatlariga nisbatan balandligini inobatga olinadigan bo'lsa korxonalar o'z faoliyatini asosan xususiy mablag'lari evaziga yuritgani yaxshi. Agarda iqtisodiyot barqarorlashib, pulning qadrsizlanish

darajasi kamaygandan so'ng bank kreditining foizi kamayadi va nihoyat undan foydalanish mumkin bo'ladi. Hozirgi paytda korxona moliyaviy potensialning tarkibi, ulardan qanday foydalanilayotganligi, qanday o'zgarishlar ko'zda tutilayotganligi, istiqboli qanday bo'lishi kabilarni o'rganish hayot taqozosi. Bu esa tahlil orqali amalga oshiriladi. Shu tufayli iqtisodiy tahlilning asosiy va eng muhim vazifalaridan biri korxona iqtisodiy va moliyaviy potensialiga baho berish, ularni ifodalovchi ko'rsatkichlarni aniqlash va tahlil qilish usullarini ishlab chiqishdan iboratdir.

Tahlilning oltinchi vazifasi ham bozor munosabatlariga asoslangan erkin iqtisodiyotning shakllanishi bilan vujudga keldi. Tahlil jarayonida korxonaning moliya-xo'jalik faoliyatini moliyaviy tahlil usullarini qo'llagan holda, undagi mavjud tijorat sirini esa boshqaruv hisobi ma'lumotlarini tahlil qilish evaziga amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Tahlil orqali korxonaning moliyaviy ahvoli, uning istiqboli aniq va ravshan bo'ladi. Barcha ijobiy natijalar bo'lsa, albatta tashqi investorlar xabardor bo'lishi lozim. Lekin qaysi ko'rsatkichlarni, qachon va qanday holatda oshkor qilish muhimligini hamma ham hamisha bilavermaydi. Tashqi investorlarning kapital qo'yilmalarini jalb qilish maqsadida faqat shu korxonaga xos bo'lgan ish usullarini, ba'zi faoliyat jarayoni va uning natijalarini oshkora qilmaslik kerak. Bu har bir korxonaning tijorat siri. Shu tufayli tijorat sirini oshkora qilmagan holda korxona moliya-xo'jalik fao-liyatini ko'z-ko'z qilish ham tahlilning asosiy vazifalaridan biridir.

Tahlilning yettinchi vazifasi rejali iqtisodiyot sharoitida ham mavjud edi. Ammo u paytda faoliyatning hamma sohasi, jumladan boshqaruv ham yuqoridan berilgan rejaning bajarishiga qaratilgan edi. Ko'p hollarda asosiy reja ko'rsatkichi bajarilar edi, ammo u korxona, davlatga qanchalik qimmatga tushayotganligi bilan hech kim qiziqmas edi. Masalan, savdo korxonalarining asosiy reja ko'rsatkichi uning tovar oboroti. Uni boshqarish uchun hamma safarbarlik amalga oshirilardi. Lekin uning qancha xarajat talab qilishi hech kimni qiziqtirmas edi. Oqibatda, juda ko'p savdo korxonalari tovar oborotini bajarish bilan birga faoliyat natijasi zarar bilan yakunlanar edi. Natijada yuqori tashkilotlardan uning oborot mablag'larini "to'ldirish" uchun juda ko'p mablag' ajratilar edi. Endi bunday ishlarga barham berildi. Korxonani boshqarish yuqori tashkilot manfaatini hisobga olib emas, balki bevosita shu subektning manfaatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladigan bo'ldi. Bu esa har bir korxona faoliyatini o'rganish va tahlil qilishni taqoza qiladi.

Shuni ta'kidlash lozimki tahlilning vazifasi ushbu bandlarda keltirilgan vazifalar bilan cheklanmaydi. Korxona faoliyati serqirrali. Tahlil jarayonida uning hamma tomonlarini o'rganish lozim. Shunday ekan, tahlil vazifasini ham ko'p qirralidir. Shu tufayli biz ularning eng asosiylarini keltirdik, xolos.

Tahlil jarayonida barcha kamchiliklar aniqlandi. Boshqaruv qarorlarini qabul qilishda esa aniqlangan kamchiliklarga kelgusida yo'l qo'yilmaslik chora-tadbirlarini ishlab chiqadi. Shu tariqa kamchiliklar bartaraf qilinib, xo'jalik faoliyatining uzluksiz ravishda takomillashuvi va uning samaradorligining oshib borishi ta'minlanadi.

Ko'rinib turibdiki, tahlilning vazifasi bozor munosabatlari shakllanayotgan bugungi sharoitda ham, kelajakda ham korxonalar xo'jalik faoliyatining uzluksiz yaxshilanib borishi uchun iqtisodiy dastak sifatida muhim ahamiyatga ega ekan.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati.

1. Xoliqulov A.N. Iqtisodiy tahlil. O'quv qo'llanma. Samarqand.: Fan bulog'i nashriyoti uyi, 2023, 212 bet

2. Астахов В.П. «Анализ финансовой устойчивости фирмы (процедуры связанный с банкротством)». М.; «Финансы и статистика» 1996.

3. Войтоловский Н.В. Экономический анализ: Основы теории. Комплексный анализ хозяйственной деятельности организации. Учебник.-М.: Высшее образование, 2005.

4. Pardayev M.Q., Xoliqulov A.N., Oltaev Sh.S. Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish. O'quv-uslubiy qo'llanma, Samarqand. SamISI, 2022, 84 bet.

5. Xoliqulov A.N,Usmanova D.Q., A.O.Qarshiyev. Tarmoqlar sohasini tartibga solish va raqobat. O'quv qo'llanma. Samarqand.: Fan bulog'i nashriyoti uyi, 2022, 174 bet.

6. www.iqtisodiyot.uz

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.