Научная статья на тему 'DRAMATURG VA AKTYOR HAMKORLIGI'

DRAMATURG VA AKTYOR HAMKORLIGI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
49
9
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
spektakl / aktyor / rejissor / dramaturg / pyesa / kechinma / hissiyot / taassurot / teatr

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Orifjon Alimovich Qudratov

Ushbu maqolada teatrda sahnalashtiriladigan spektakllaridagi aktyorlar ijrosi, shuningdek, spektakl yaralish jarayonidagi dramaturg, aktyor hamda rejissor hamkorligi masalasi xususida so‘z boradi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «DRAMATURG VA AKTYOR HAMKORLIGI»

DRAMATURG VA AKTYOR HAMKORLIGI

Orifjon Alimovich Qudratov O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Ushbu maqolada teatrda sahnalashtiriladigan spektakllaridagi aktyorlar ijrosi, shuningdek, spektakl yaralish jarayonidagi dramaturg, aktyor hamda rejissor hamkorligi masalasi xususida so'z boradi.

Kalit so'zlar: spektakl, aktyor, rejissor, dramaturg, pyesa, kechinma, hissiyot, taassurot, teatr

COLLABORATION OF DRAMATUR AND ACTOR

Orifjon Alimovich Kudratov Uzbekistan State Institute of arts and Culture

Abstract: This article deals with the performance of actors in plays staged in the theater, as well as the cooperation of the playwright, actor and director in the process of creating the play.

Keywords: performance, actor, director, playwright, play, experience, emotion, impression, theater

Dramaturg rejissor hamda aktyor hamkorligi borasidagi izlanishlar XX asrda o'zining salmoqli natijalariga ega bo'ldi. 1976-yili Hamza (hozirgi O'zbek Milliy akademik drama teatri) teatri sahnasida qo'yilgan "Kelinlar qo'zg'oloni" spektakli ana shunday asarlar sirasiga kiradi.

P'esaning yaralish tarixi haqida S.Axmadning o'zi shunday deydi: "O'zi asli dramaturg bo'lish, pyesa yozish hayolimda ham yo'q edi... "Qo'lingizdan keladi", -dedi O.Xo'jayev. B.Yo'ldoshev ham oyoq tirab oldi. "Bitta komediya kerak, uch kunda xabar qilasiz" dedi. Men "Xo'p, o'ylab ko'ray", dedim-da, o'sha kezlari "Saodat" jurnalida bosilgan bir hajviy hikoyamni olib borib berdim... "Shuni p'esa qilib berasiz", dedi u" [1.]

Pyesaning ikki pardasi yozuvchining zo'r ilhomi bilan bir nafasda yozildi. Biroq so'nggi pardaning yechimi sahna va komediya talablariga hadeganda mos kelavermadi. Nihoyat rejissor va rassom G.Brimning oxirgi daqiqadagi qarori asar avjini tomoshabop yo'sinda hal qildi. Farmonbibining ertalab-kechqurun bolalaridan pul olish sahnasi uchinchi pardada uning o'ziga ko'rsatildi. O'g'illar kelinlar bo'lib rol o'ynashdi. Natijada nihoyatda kulgili manzara paydo bo'ldi.

'"'Kelinlar qo'zg'oloni" tom ma'noda teatr bag'rida bunyodga keldi... Bunda, shubhasiz, postanovkachi rejissor B.Yo'ldoshev va ijrochi aktyorlarning ham hissasi katta. Xullas, samimiy ijodiy hamkorlik tufayli uch pardali kulgili, quvnoq komediya maydonga keldi". [2, B.115.]

Boshidan muallif jurnaldagi tayyor hajviy hikoyani dramatik asosga aylantirarkan, uni maxsus Z.Sadriyevaga mo'ljallab yozmagan edi. Teatrdagi ijodiy muhit, repetitsiyalar tufayli uni sahnaga moslashtirishga to'g'ri keldi. Aktrisa o'z ijrosi, iste'dodi bilan p'esani, obrazni to'ldirdi. Unga tugallik baxsh etdi. Z.Sadriyevaning Farmonbibisi voqealar markazida turib umumiy harakat liniyasining o'q tomiriga aylandi. Uning tabiatidagi quvlik, kuzatuvchanlik, qattiqqo'llik, tejamkorlik, tadbirkorlik sifatlari obrazni yanada boyitdi va uning serqirraliligini ta'minladi. Ayniqsa, Farmonbibi rolini ijro etgan Z.Sadriyevaning o'g'illari ijrosidagi parodiya-tomoshasini ko'rish jarayonida mana shu sifatlarning bari uyg'unlikda namoyon bo'ladi. Aktrisa qahramonining o'zgarish holatini bosqichma-bosqich olib boradi. Avvaliga sodir bo'layotgan hodisalardan g'azablanadi. Keyin sinchkovlik bilan kuzatadi. So'ngida esa o'rtaga tashlangan muammoning dolzarb ekanini anglab yetadi. Bu sahnada Z.Sadriyeva bir og'iz gapirmaydi. Biroq pauzalarni obrazining o'zgarishiga qarab harakat bilan to'ldiradi. Farzandlariga "ozodlik" berish qaroriga kelguncha sanalgan bosqichlardan birma-bir o'tadi. Shu tufayli bir so'zli, talabchan, farmonbardor buvi darrov o'zgarib qolmaydi. O'z xatosini pog'onama-pog'ona tushunib boraveradi. Tomoshabin ham uning ruhiyatidagi metomorfozani ishonch bilan qabul qiladi. Shu tariqa Z.Sadriyeva o'zi yaratayotgan qahramonining muallifiga aylanadi va nafaqat dramatik, tragik, xarakterli plandagi, balki komik janrdagi obrazlarni ham ijro eta olishini isbotlaydi.

"Farmonbibini o'rab turgan yetti o'g'il va yetti kelinning har birining o'ziga xos xarakteri va individual xususiyatlarini tasvirlash ancha mushkul. S.Axmad ushbu qahramonlarning fe'l-atvoridagi ma'lum bir qirrasini bo'rttirib ko'rsatadi. Aktyorlar ham shu yo'ldan borib, bir-biriga mutlaqo o'xshamaydigan obrazlar sisilasini yaratishgan. Bunda erkinlik, improvizatsiya muhim rol o'ynagan" [2, B.121.]

Chindan ham muayyan tartib, o'tkir zehn, mohir topqirlik asosiga qurilgan improvizatsiya nafaqat tomoshabinda balki, teatrning boshqa ijodkorlarida ham mamnunlik tuyg'ularini uyg'otishi mumkin. Jumladan yozuvchi ahlida ham. 1950-yillarning oxirida dramaturgiyaga kirib kelgan H.G'ulomning elga tanilib, ijod yo'lida muvaffaqiyat qozonishida Muqimiy teatrining qo'shgan hissasi nechog'lik muhim sanalsa, komik aktyor S.Xo'jayevning hissasi undan kam bo'lmadi. Adibning "Farg'ona hikoyasi", "O'g'il uylantirish", "Ajab savdolar", "Toshbolta oshiq" singari qator asarlari aynan S.Xo'jayevning badiha quvvati, intonatsiya, ovoz, mimika, plastikadagi o'zgaruvchanlik tufayli tomoshabop spektakllarga aylandi. Birgina "Farg'ona hikoyasi" asaridagi Kichkinaxo'ja obrazini olaylik. Aktyor improvizatsiya

bilan sug'orilgan "yorqin bo'yoqlar, xilma-xil yumor, boy pantomimik harakat, ta'sirchan nutq va turli-tuman ohanglardan ustalik bilan foydalangan holda yaratadi" [3, B.13.]

Mazkur spektaklda ham rejissor va aktyorlar pyesaning janridan kelib chiqqan holda, aktyorlik san'atining badihago'ylikka asoslangan xalqchil uslubidan keng foydalandi. Jo'shqin improvizatsiya dramaturg asarini butkul boshqa tomonga burib yubordi. Endi tomoshabinlar ham komediyaning ishtirokchilariga aylanishdi. Natijada aktyor va tomoshabin o'rtasidagi to'rtinchi devor yo'qoldi. Rejissor bir vaqtning o'zida ham o'zbek an'anaviy teatri elementlari ham jahon sahna san'ati unsurlarini qorishtirib yubordi. Vaxtangov, Tairov, Brext uslublari bitta spektaklda bir shaklga omuxtalashdi.

B.Yo'ldoshev yangiliklarga intilar ekan, teatrdagi eng muhim mezonlarga putur yetkazmaslikka harakat qildi. Ularni rivojlantirgan holda, jahon teatridagi ilg'or tendensiyalarni milliy teatrimizga tadbiq etish yo'lida izlandi.

Spektakl muvaffaqiyati S.Axmadning daramaturgiyadagi o'ziga bo'lgan ishonchini kuchaytirdi. Sahna san'atidagi pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida o'zining "Kuyov", "Farmonbibi arazladi" kabi komediyalarini ketma-ketlikda taqdim etdi. O'.Umarbekovning "Qiyomat qarz", "Shoshma quyosh" dramalari mazkur ketma-ketlikni davom ettirdi. Bu asarlar avvaldan G'.A'zamov, Z.Sadriyeva, Sh.Burxonov, S.Eshonto'rayeva singari ulug' san'atkorlarning imkoniyati, ijodiy kengligini hisobga olib, ular uchun maxsus yozilgani tufayli birinchi turdagi asarlar qatoridan o'rin oldi.

O'zbek dramaturgiyasida aynan bir aktyor uchun pyesa yozish an'anasini I.Sulton boshlab berdi. Aktyorlar uchun rol yozish esa avvaldan A.Qahhor, O.Yoqubov asarlarida ko'zga tashlangan edi. Biroq ularning hech biri butun boshli asari va qahramonini muayyan ijrochiga atab bitmagandi. 1960-yilda sahnalashtirilgan I.Sultonning "Imon" dramasi O.Xo'jayev uchun maxsus yozildi. Dramaturgning aktyor ijrosiga bo'lgan muhabbati 1942-yil "Burgut parvozi" asarini sahnalashtirish chog'idayoq paydo bo'lgan. 1945-yil "Alisher Navoiy" pyesasi ustida ishlash jarayonida muallifning O.Xo'jayev ijodiga bag'ishlangan maqolasi ham e'lon qilindi. "Imon" esa ikki ijodkorning ma'naviy qarashlarini o'zaro birlashtirdi va hamkorlikdagi barkamol namunaga aylandi.

Odatda bunday yo'nalishdagi pyesalarda aktyorlarga bo'lgan talabning yuki ikki hissa ortadi. Ikki barobar mehnat qilishga to'g'ri keladi. Chunki bunda asosiy maqsad muallif va teatr jamoasi ishonchini "oqlash"ga qaratiladi. O.Xo'jayev ham I.Sulton va hamkasblarining ishonchini oqlash niyatida anchayin izlanishlar olib bordi. Bu haqida aktyorning o'zi shunday deydi:

Musiqali janrda ham bir aktyor shaxsiga bag'ishlab yozilgan asarlar kam bo'lmadi. 1961-yil sahna yuzini ko'rgan H.G'ulomning "Toshbolta oshiq" komediyasi musiqali janrdagi baxshidalarning to'ng'ichi bo'ldi. Pyesa boshidanoq S.Xo'jayev

uchun yozilgandi, biroq bu haqida aktyoming o'zi hech nima bilmasdi. Asar o'qilayotgan vaqtda S.Xo'jayev o'zining rolini darrov tanidi va "Asar menga atab yozilgan ekan", deya o'zini bosh rol ijrochisi etib sayladi. Bu ijod jarayonidagi tabiiy holat hisoblanadi. Aktyor doim o'z iste'dodi, qurbi va chegarasi nimaga yetishini, qayergacha borishi mumkinligini yaxshi biladi. Ayniqsa tajribali aktyorlar. Unga qanday rol mos keladi, qaysi rolda imkoniyatini to'liq namoyon eta oladi, bu ham unga ayon bo'ladi. S.Xo'jayev ham ana shunday aktyorlardan edi.

Aktyorning "Toshbolta"si haqida ko'p va xo'p yozilgan. Lekin barida munaqqidlarimiz asar muvaffaqiyatining bosh sababchisi sifatida S.Xo'jayev nomini keltirib o'tishadi. Buning sabablarini birma-bir izohlashadi. "Har spektakl S.Xo'jayev uchun premera, u bir marta topilgan harakat, ohang, mezanssenaga mahkam yopishib, ko'r-ko'rona takrorlayveradigan aktyorlardan emas. U har spektaklga ilhom va zavq bilan, yangi detallar bilan kelib, rolda xuddi birinchi marta chiqayotgandek o'zgacha berilib o'ynaydi", [3, B.42-43.] - deydi M.Qodirov.

T.Tursunov esa - "Toshbolta rolining ijrochisi S.Xo'jayevga badiha quvvatini mukammal yuz ko'rsatishi uchun imkon berildi. Bu spektakl muvaffaqiyatini ta'minladi. Artist ijro jarayonida ko'p o'rinlarda matn va mezansahnalarga o'z tahririni kiritib, ularni muallif va rejissorga ma'qullatib, ish ko'rdi. Toshbolta - S.Xo'jayevning, butun ijodi davomida komediya janrida yaratgan Ana shu rol misolida S.Xo'jayevning insoniy tabiati bilan birga ijro mahoratiga xos quvnoq hazil-mutoyiba qilishi kabi tuyg'ulari to'laligicha ochildi", [4, B.363-364.] deya fikr bildiradi. Nazariy faktlarning hammasida aktyor ijodining yetakchiligi va ustuvorligi haqida so'z ketadi. Bundan, komediyaning zamini bo'sh ekani anglashiladi.

Uzoqni ko'ra biladigan haqiqiy ijodkor aktyor har qanday nimjon, zaif, navbatdagi asarni ham kasbiy e'tiqodi, tinimsiz mehnati, ijodiy nafasi bilan qayta tiriltirishi, undagi kam-ko'stlarni, sahnaviy shtamplarni ilg'ab, zarur chora-tadbirlarni qo'llashi mumkin. Soyib Xo'jayev ham tajribali aktyor sifatida "Toshbolta oshiq"ni qator ijodiy izlanishlari, badihago'ylikka yo'g'rilgan topilmalari bilan boyitdi. Kam-ko'stlarini to'ldirishga harakat qildi. Aktyorning zakiy topqirligi, mahorati va sa'y-harakatlari tufayli maishiy voqeliklarga qurilgan sodda va ixcham p'esa hayotiy, xalqchil, tabiiy unsurlar bilan boyitilib, musiqali komediya talablariga to'la mos keluvchi badiiy jihatdan pishiq, tomoshabop, bir butun sahna asariga aylandi.

Odatda sahna asarining dunyoga kelishi ya'ni dramaturg va aktyor munosabatlarining to'qnashuvi ikki xilda kechadi. Yoki aktyor dramaturgga ergashib, u bilan hisoblashishga majbur bo'ladi, yohud dramaturg zabardast aktyor mahorati oldida ijodiy prinsipini chetga surib qo'yadi.

Dastlabki uchrashuvdayoq har ikki tomonning ijodiy yondashuvi, g'oyaviy qarashlari va estetik tamoyillari to'qnash keladi. Har ikki ijodkor ijodiy jarayonda o'zining subektiv haqiqatini asoslashga va o'z pozitsiyasini mustahkamlashga urinadi.

Biri rolni o'ziga moslab, o'zicha talqin qilish istagidan borsa, ikkinchisi aktyorni rolga moslashtirib, to'g'ri yo'lni ko'rsatishga chog'lanadi.

Individuallikka intiladigan har qaysi ijodkor kabi aktyor o'z nuqtayi-nazari, mustaqil fikriga ega bo'lishni va kezi kelganda boshqalarni ham uning qarori bilan hisoblashishlarini xohlaydi. Dramaturgga bo'ysungan taqdirda, tabiiyki uning erki, shaxsiyati, rol haqidagi mushohadalariga darz ketadi. Aktyor dramaturg va rejissor g'oyalarini tayyor holatda taqdim etadigan vositachiga, o'zi ishtirok etayotgan tomoshaning shunchaki tomoshabiniga aylanib qolishdan cho'chiydi. Bu rolni uningchalik hech kim tushunmasligini, uning kabi ijro etolmasligini dalillashga tirishadi. Biroq muallif tomonidan asarning tub mohiyati, zamirini ochib berish uchun kiritilgan muhim epizod o'rniga aktyorning o'z epizodini "tiqishtirish"i spektakl badiiyati, kompozitsion yaxlitligiga putur yetkazishi mumkinligi haqida o'ylab ko'rmaydi. O'zlikni unutish sari bosilgan har bir qadam aslida o'zlikni topishga yaqinlashtirishini tushunish aktyor uchun hamisha ham oson kechavermaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Usmonov E. // Farmonbibi jahon kezadi. // San'at. 1990.

2. Qodirova S. // Komediya san'ati tarixi. // Teatr. -T.: 2008.

3. Qodirov M. Soyib Xo'jayev. -T.: G'afur G'ulom, 1973.

4. Tursunov T. XX asr o'zbek teatri tarixi. -T.: Art Press, 2010.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.