Oriental Renaissance: Innovative, (E)ISSN: 2181-1784
educational, natural and social sciences 4(8), Sep., 2024
Research BIB / Index Copernicus www.oriens.uz
DINOR VA DIRHAMLARNING ZAKOTIGA DOIR ZAMONAVIY MASALALAR YECHIMI (Movarounnahr fiqh manbalari asosida)
To'xtasinov Ro'zimuhammad Nurmuhammad o'g'li
Mir Arab Oliy madrasasi katta o'qituvchisi rozimuhammad4964@gmail .com. Tel: (91) 175 49 64
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada Movarounnahr fiqh manbalarida qimmatbaho toshlarning zakotiga doir keltirilgan masalalar borasida bugungi kun ulamolarning yondoshuvlari, zamonaviy masalalar borasidagi yechimlari muhokama qilingan. Shuningdek, tilla va kumushning nisobi, bugungi kundagi zamonaviy o 'Ichovlar bilan qanday o'lchanishi, naqd pul va tijorat mollarining zakoti qanday hisoblanishi kerakligi to 'grisidagi masalalar ilmiy tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: Movarounnahr fiqh manbalarida zakot masalasi; tilla va kumush zakoti; dinor; dirham; misqol; shar 'iy dirham; tijorat mollari zakoti.
ABSTARCT
In this article, the approaches of today's scholars and solutions to modern issues are discussed in the sources of Movarounnahr jurisprudence regarding the issues related to the zakat of precious stones. Also, the issues of the ratio of gold and silver, how to measure it with today's modern measurements, and how to calculate the zakat of cash and commercial goods have been scientifically analyzed.
Key words: the issue of zakat in Movarounnahr fiqh sources; gold and silver zakat; dinar; dirham; miqal; Islamic dirham; zakat of commercial goods.
АННОТАЦИЯ
В данной статье рассматриваются подходы сегодняшних учёных и решения современных проблем в источниках юриспруденции Моваруннахра относительно вопросов, связанных с закятом драгоценных камней. Также научно проанализированы вопросы соотношения золота и серебра, как его измерить современными мерками и как рассчитать закят наличных денег и коммерческих товаров.
Ключевые слова: проблема закята в источниках фикха Моваруннахр; золотой и серебряный закят; динар; дирхам; мжкал; исламский дирхам; закят с коммерческих товаров.
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences
Research BIB / Index Copernicus
KIRISH
X-XIII asrlar mobaynida butun islom olamida, jumladan Movarounnahr mintaqasida fiqh ilmlarini o'rganish, asarlar yozish rivojlandi. Ushbu davrga doir manbalar nafaqat o'z zamonasining, balki, undan keyingi davrlarga tegishli manbalarga asos bo'lib xizmat qildi. Xususan, Movarounnahr faqihlari tomonidan yozilgan "Badoe'us-sanoe", "Hidoya", "Muhit", "Sharhul Viqoya", "Muxtasarul viqoya", "Kanzud daqoiq" nomli asarlar tabaqot kitoblarida fiqh ilmidagi mo'tabar manbalar qatoriga qo'shilgan.
Ma'lumki, har bir faqih masalalarga o'zining yashayotgan hududi, zamoni nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yondoshadi. Ayniqsa, muomala, savdo sotiq kabi urfga taalluqli masalalar borasidagi fatvolar o'zgaruvchandir. Shunga ko'ra, qimmatbaho toshlar, ma'danlar, tilla va kumush haqida aytilgan masalalar ham bugungi kunda qanchalik o'z ahamiyatini saqlab qolgani yoki masalaga nisbatan faqihlarning yondoshuvi o'zgargani borasida ilmiy ish qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada Movarounnahr fiqh manbalari asosida tilla va kumushning zakotiga oid zamonaviy masalarning yechimiga e'tibor qaratiladi.
Shar'iy dinor va dirhamning zamonaviy vaznini hisoblash qanday amalga oshiriladi?
Klassik fiqh manbalarida tillaning nisobi yigirma dinor (misqol) va kumushning nisobi ikki yuz dirham bilan hisoblanishi belgilangan bo'lib, bugungi kunda insonlar bunday o'lchov birligidan foydalanmaydi. [1, 1/234.] Shuning uchun manbalarda ko'rsatilgan dinor va dirhamlarning zamonaviy miqdorini aniqlash lozim.
Shar'iy dinor va dirhamning miqdori haqida ko'p olimlar, jumladan Abu Ubayd "Al-Amvol", Balazuriy "Futuhul buldon", Xattobiy "Maolimus sunan", Movardiy "Al-Ahkamus sultoniya", Navaviy "Al-Majmu", Maqriziy "An-Nuqudul qodiymatul islomiya", Ibn Xaldun "Al-Muqaddima" asarlarida izlanish olib borgan. [2, 1/270]
Ibn Xaldun aytadi: "Islomning avvali, sahoba va tobeinlar davridan beri shariatda o'nta dirham vazni yettita dinorning vazniga teng ekaniga ijmo bog'langan. Bir uqiya 40 dirhamga teng. Shunga ko'ra bir dirham bir dinorning o'ndan yetti qismini tashkil qiladi. Bir misqol og'irlikdagi sof tilla tanga yetmish ikki arpa donasiga teng. Demak bir dirham ellik besh arpa donasiga teng bo'ladi. Bu miqdorlarning barchasiga ijmo bog'langan".
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Dinorning vazni johiliyat vaqtida ham islom kirib kelgach ham o'zgarmagan. Dinorning vazni istilohda misqol ham deyiladi. Shar'iy dinor va dirham degan tushuncha esa umaviy xalifa Abdul Malik ibn Marvon davrida paydo bo'ldi. Chunki u kishining davriga kelib jamiyatda dirhamlarning vazni har xil bo'lib ketgan.
Research BIB / Index Copernicus
Ba'zilari sakkiz doniq, yana ba'zilari to'rt doniq edi. Shunda u kishi dirhamlarni jamlab teng ikkiga bo'ldilar va shar'iy dirhamning miqdorini chiqardilar. Natijada olti doniq shar'iy dirham deyila boshladi. U kishining dirham tanga borasidagi bu islohoti hijriy 77-yili amalga oshirilgan. Dinor (misqol)ning miqdori esa asrlar osha o'zgarmadi. Olti doniqqa teng bo'lgan har o'n dirham yetti misqolga teng bo'ldi. Shuning uchun xalifa uning vazniga o'zgartirish kiritmadi, o'z holicha qoldirdi.
Olimlar va tarixchilar aytishicha keyinchalik dirham va dinor Abdul Malik ibn Marvon davrida ijmo bog'langan miqdorda qolmagan. Balki uning miqdorida katta o'zgarishlar bo'lgan. Makonlar va zamonlar o'zgarishi bilan ularning miqdori ham o'zgarib borgan. Odamlar ularning shar'iy miqdorini zehnlarida hisoblab borganlar va shar'iy haqlarni shunga qarab chiqarganlar.
Shu o'rinda bir savol tug'iladi: "Hozirgi kunda islom olamida pul birliklari o'zgargan, vaznning ahamiyati qolmagan bo'lsa, dinor va dirhamning shar'iy miqdorini bilishga nima hojat bor?".
Darhaqiqat Rosululloh s.a.v. ummatni foydali haqiqatga yo'llaganlar. Bu ko'rsatmani hozirgi kunda ba'zi rivojlangan davlatlar tushunib yetib, uni amaliyotda qo'llashga harakat qilmoqda. U zotning ko'rsatmalari shuki, musulmonlar kayl va vaznda (kerak bo'lsa boshqa o'lchovlarda ham) bitta bo'lishi kerak. Chunki shundagina oldi-berdi muomalalarida nizolar kam bo'ladi. U zot hadisda: "Tarozida Makkaliklar, kaylda Madinaliklar e'tiborlidir", deganlar. Chunki o'sha vaqtlarda Makka ahli tijoratchi bo'lgan va tarozi borasida mohir edi. Madinaliklar esa dehqon bo'lgan va kayl ishlarida usta edi. U zot har bir o'lchovda unga mohir bo'lgan qavmga ergashishni buyurdilar.
Shunga ko'ra barcha musulmonlar vazn va kaylda Makka va Madina ahliga tobe bo'lishi kerak edi. Lekin afsus, vaqtlar o'tib bu ko'rsatmalarga amal qilinmadi. Kaylda Bag'dodiy, Iroqiy, Misriy, Shomiy ratllar, vaznda esa 12, 14, 15, 16 qiyrotli dirhamlar paydo bo'ldi. Shuning uchun faqihlar sha'riy haqlarni belgilash borasida juda ko'p bahs qildilar va o'zaro ixtiloflar kelib chiqdi. Hatto ba'zi faqihlar hamma musulmonlar o'zi yashab turgan joyning vazni va kaylini oladi, deya fatvo berdilar. Bu kabi fatvo Movarounnahrlik Abu Bakr ibn Fazl tomonidan ham chiqarilgan bo'lib, unda shar'iy haqlarni belgilashda o'zimizning yurtda muomalada bo'lib turgan dirhamlar e'tiborga olinishi aytilgan. [3, 2/40]
Tilla va kumushdan boshqa naqd pullar va tijorat mollarining nisobi shariat tomonidan belgilanmagan. Ularning nisobi dirham va dinorning nisobiga tobe bo'lgan. Ya'ni ikki yuz dirham yoki yigirma misqol og'irlikdagi ma'danning qiymatiga teng naqd pul yoki tijorat molidan zakot vojib bo'ladi. Shunga ko'ra dinor va dirhamning bugungi kundagi zamonaviy o'lchovdagi vaznini aniqlamay turib,
Research BIB / Index Copernicus
naqd pul va tijorat mollarining nisobini chiqarib bo'lmaydi. Shuning uchun avval dirham va dinorlarning shar'iy vaznini aniqlab so'ng tijorat mollarining nisobini chiqarish kerak bo'ladi.
Biz uchun tadqiqotni osonlashtiradigan narsalardan biri shuki, dirham va dinordan qaysinisidr vaznini aniqlash ikkinchisining ham miqdorini aniqlashga yordam beradi. Dirhamning vazni aniqlansa dinorning, dinorning vazni aniqlansa dirhamning vazni aniq bo'ladi. Chunki ularning orasidagi nisbat aniq. Har bir dirham har bir dinorning o'ndan yetti qismini tashkil qiladi.
Muammo shundaki, dirham va dinorning shar'iy vazni qadimda xurub, arpa, bug'doy, xardal kabi don mahsulotlari bilan hisoblangan, bu donlarning vazni esa joylarga qarab o'zgarib turadi. Shunga ko'ra, dinor va dirhamning aniq vazni borasida bir to'xtamga kelish qiyin.
Shar'iy dirham 6 doniq, bir doniq esa ikki butun uchdan ikki dona xurubdir. Demak, bir dirham 16 xurubdir. 16 xurubning zamonaviy vaznini aniq bilish imkoni bormi?
Bu bo'yicha ko'p tadqiqotlar qilingan. Doktor Abdurahmon Fahmiy "Sanjus sikka fi fajril islom" asarida o'zining izlanishlaridan so'ng bir dona xurub donining og'irligi 0,194 grammga teng degan xulosaga keladi. [4, 45] Shunga ko'ra bir dirham 3,104 grammga teng bo'ladi. Bu esa shar'iy dirham (Misrdagi) urfiy dirhamga yaqin ekanini ifodalaydi. Chunki ular orasida 0,016 gramm farq bor xolos. Ammo Doktor Fahmiyning bu natijasiga biroz e'tiroz paydo bo'ladi. Chunki dirhamni 6 doniq yoki 16 qiyrot bilan belgilash faqihlar tomonidan ittifoq qilingan ish emas. Shuningdek qiyrotning miqdori qanchaligi borasida ham ixtilof bor.
Tadqiqotchilar yana bir yo'l bilan yuqoridagi natijaga yaqin xulosaga kelganlar. Maqriyziy va boshqa olimlarning aytishicha qadim yunon xalqi dirham va dinorni o'lchash uchun xardaldan foydalanganlar. Chunki xardalning vazni joylarga qarab o'zgarmaydi. Shunga ko'ra bir dirham 4200 xardal, dinor esa 6000 xardalga teng bo'ladi. O'tkan asrda imom Zahabiy ismli olim o'zining "Tahriyrud dirhami val misqoli var rotli val mikyol" asarida o'zining zamonida keng tarqalgan dirham shar'iy dirhamga barobar ekanini yozadi. [5, 33] Chunki u shar'iy dirhamni xardal doni va poshsho Qotiboyning muhri bilan ishlab chiqarilgan tanga bilan o'lchab ko'radi. Undan ratl tarkib topadi. Ratl esa misriyda 144 dirham, bag'dodiyda 128 butun yettidan to'rt dirhamga tengdir. Shunda bir dirham 3,12 grammga teng bo'ladi. Bu tadqiqot bilan avvalgisining orasida 0,016 gramm farq bor.
Lekin baribir dirhamning og'irligini faqat xardal doni asosida hisoblash kifoya qilmaydi. Chunki xardal doni zamon va makonlarga qarab ozgina miqdorda bo'lsa
Research BIB / Index Copernicus
ham o'zgaradi. Oradan ko'p muddat o'tishi bilan esa bu o'zgarish sezilarli darajaga yetadi.
Bu o'rinda dirham va dinorlarning shar'iy vaznini aniqlashning yana bir yo'li bor. U ham bo'lsa bugungi kunda arab va g'arb muzeylarida saqlanib kelayotgan tangalar, xususan dinorlarning vaznini o'lchashdir. Chunki tarixchilarning fikriga ko'ra dinorning vazni johiliyat vaqtida ham islom davrida ham o'zgarmagan. Dinorning vaznini aniqlansa dirhamning ham vazni aniqlanadi. Ba'zi yevropa tadqiqotchilari, xususan misrlik Ali Poshsho Muborak dirham va dinorning vaznini aniqlashda mana shu amaliyotni qo'llagan. Ali Poshsho o'zining "Al-Xutotut tavfiqiya" degan asarining yigirmanchi juzini aynan naqd pullarga bag'ishlagan. [6, 337] London, Parij, Madrid, Berlin muzeylarining osori atiqalar qismida saqlanayotgan tangalarni o'lchab ko'radi va Abdul Malik ibn Marvon davridagi dinor vazni 4,25 gramm bo'lgan degan xulosaga keladi. [5, 28] "Doiratul maoriful islomiya"da ham sharqshunos olim Zimbavr Abdul Malik ibn Marvonning dinori Vizantiya dinoriga teng ekanini yozadi. [6, 337] Shunga ko'ra bir dirhamning og'irligi 2,975 grammga teng bo'ladi. Misrlik olim Yusuf Qarzoviyning fikricha dirham va dinorning vaznini aniqlashdagi eng to'g'ri yo'l mana shudir. Ushbu natijaga ko'ra kumushning nisobi ikki yuz dirham bo'lib, uning vazni 595 grammga teng, tilloning nisobi 20 misqol bo'lib, uning vazni 85 grammga teng bo'ladi. Kimki tillo yoki kumushdan mana shu miqdorga ega bo'lsa, bir yil aylangach uning 2,5 % qismini zakot sifatida berishi kerak bo'ladi. Shuningdek, nisobga yetgan tillo va kumushning qiymati barobarida naqd pul yoki tijorat moliga ega bo'lsa undan zakot vojib bo'ladi.
Bugungi kunda naqd pullarning nisobni nimaga qarab hisoblaymiz? Tillami yoki kumush?
Qadimda tilla va kumushning nisobi moliyaviy jihatdan bir xil bo'lgan. Ya'ni ikki yuz dirham bilan yigirma misqolning qiymati bir-biriga teng bo'lgan. Bugungi kunda esa ularning qiymati o'zaro keskin farq qiladi. Undan tashqari hozirda qog'oz pullar odamlar orasidagi muomalalarda hukmron, ma'daniy pullarni deyarli pul hisoblamay qo'ydilar. Shundan kelib chiqib, zakotning eng past nisobini tilla va kumushdan qaysi biri orqali hisoblanishi borasida tadqiqot olib borish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri. Qiymati arzon bo'lgani uchun kumush bilan hisoblanadimi? Yoki o'z qiymatini uzoq muddatdan beri saqlab kelayotgan tilla bilan hisoblash kerakmi?
Ba'zi tadqiqotchilar kumush bilan hisoblash kerak degan fikrga moyil bo'lgan va ular bunga ikkita sabab keltirib o'tgan. Birinchidan: kumushning nisobiga ijmo bog'langan va mashhur, sahih sunnat bilan sobit bo'lgan. Ikkinchidan: kumush bilan
Research BIB / Index Copernicus
hisoblash kambag'allar uchun manfaatli. Chunki kumushning nisobi e'tiborga olinsa ko'pchilikka zakot vojib bo'ladi. Natijada ko'p kambag'allar zakotga haqli bo'ladi.
Boshqa ulamolar esa nisobning eng kam miqdorini tilla bilan hisoblash lozim, degan fikrni ilgari surgan. Chunki kumushning qiymati Nabiy s.a.v. zamonasiga nisbatan so'ng o'zgarib ketdi. Tillaning qiymati esa haligacha o'z quvvatini saqlab kelmoqda. Shuningdek, beshta tuya, qirqta qo'y, besh vasaq mayiz yoki xurmo kabi boshqa nisoblar ham tillaning nisobiga muvofiqdir. Misrlik Abu Zahra, Xallof, Hasan va Yusuf Qarzoviylarning zakot bo'yicha qilgan izlanishlarida ularning shu fikrda ekanliklarini ko'rish mumkin. O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi fatvo markazi ham bir necha yildan beri qog'oz pul va tijorat mollarining nisobini tillaning qiymatiga nisbatan hisoblab kelmoqda.
Shuningdek alloma Shoh Valiyulloh Dehlaviy o'zining "Hujjatulllohil balig'o" asarida: "Kumushning nisobi besh uqiya deb belgilanishiga u bir oilaning bir yillik xarajatlarini qoplay olishi sabab bo'lgan", deydi. [7, 2/506] Hozirgi kunga kelib, ikki yuz dirham kumush hech qaysi davlatda bir oilaning bir yillik xarajatiga yetarli mablag' bo'lmaydi. Tasavvur qilish uchun buni O'zbekiston misolida ko'rib chiqish mumkin. Bugungi kunda (20.01.2024. dagi ma'lumotga ko'ra) 1 gramm (925 probali) kumushning narxi 8830,91 so'mga teng. Shunga ko'ra 595 gramm kumush narxi 5 254 391 so'm bo'ladi. Ma'lumki, ushbu miqdordagi pul O'zbekiston sharoitida bir oilaning yillik xarajatlariga yetmaydi. Hatto ba'zi rivojlangan davlatlarda bu pul oilaning bir kunlik ehtiyojlariga kifoya qiladi xolos. Shunday ekan, qanday qilib bu miqdordagi pul bilan kishini boy deyish mumkin. Nisobni belgilashdan asosiy maqsad kishining boy ekanini aniqlashdir. Shuning uchun bugungi kunda naqd pullar va tijorat mollarining zakotini hisoblashda kumushni asos qilib olish to'g'ri emas, balki, tilla bilan belgilash ma'qul. Chunki 1 gramm (585 probali) tillaning narxi 472 603,41 so'mdir. Shunda 85 gramm tilla narxi 40 171 289,85 so'm bo'ladi. Bu summa O'zbekiston sharoitida bir oilaning yillik xarajatiga yetadi, deyish mumkin. Shundan kelib chiqib, musulmon dunyosidagi barcha fatvo markazlari bugungi kunda naqd pul va tijorat mollarining nisobini tillaning qiymatiga qarab belgilamoqdalar.
Kelajakda kumush kabi tillaning ham qiymati tushib ketsa nima qilinadi?
Musulmon ulamolari vaqti kelib tillaning ham qiymati tushib ketsa naqd pullar va tijorat mollarining eng kam nisobi chorva hayvonlari yoki yerdan chiqqan hosilning nisobi bilan hisoblanadi, deganlar. Misol uchun 5 ta tuya, 40 ta qo'y yoki 5 vasaq bug'doy qiymatidagi naqd pul yoki tijorat moliga ega bo'lgan kishi boy bo'ladi va molining qirqdan bir qismini zakot sifatida ajratadi. Bu haqida Yusuf Qarzoviy o'zining "Fiqhuz zakot" asarida batafsil to'xtalgan. [2, 1/276]
Research BIB / Index Copernicus
Tilla va kumush naqd pullik xususiyatini yo 'qotsa eng kam nisobni hayvonlar nisobiga qiyoslash to 'g'riroqmiyokiyerdan chiqqan hosilgami?
Bu savolga faqihlar chorva hayvonining nisobiga qiyoslash to'g'riroq bo'ladi, deb javob berganlar. E'tibor qilinsa yerdan chiqqan hosil nisobining qiymati hayvon nisobining qiymatidan kam. Misol uchun 5 vasaq bug'doyning qiymati 40 ta qo'yning qiymatiga yetmaydi. Bir qarashda savolning javobi aniqdek. Hosilning nisobi kam. Demak boshqa mollarning nisobini unga qiyoslash kerak bo'ladi. Ammo bunday xulosa to'g'ri emas. Chunki muammo nisoblardan qaysi biri kam ekanini aniqlashda emas, balki, naqd pul va tijorat mollaridan zakot vojib bo'lishi sababi hosil va chorva hayvonlaridan qaysi birining zakot vojib bo'lish sababiga ko'proq o'xshash ekanini aniqlashdan iborat.
O'rganib ko'rilsa hosilning nisobi chorva hayvonining nisobidan kam belgilanishining bir nechta sabablari bor. Avvalo, Allohning bandasiga bergan ne'mati boshqa mol-davlatga qaraganda yerdan chiqadigan hosilda ravshanroq ko'rinadi. Chunki boshqa mol-mulkni hosil qilishdagi mashaqqatdan ko'ra yerdan chiqqan hosilga erishish mashaqqati kam. Ikkinchidan, kishi chorva hayvonidan behojat bo'lishi mumkin, ammo yerdan chiqqan hosildan behojat emas. Ko'p muhtojlar ushbu ne'matda boshqalarga sherik bo'lishi uchun islom shariati yerdan chiqqan hosilning nisobini kamaytirib qo'ydi. Uchinchidan, zakot asl bo'lgan yerning emas, balki, undan chiqqan foyda - ekinning vojibidir. Ya'ni to'liq yangi rizqning zakotidir. Chorva hayvonlarining zakoti esa asl bo'lgan hayvonning va unga yil davomida qo'shilgan ziyodalikning vojibidir. Ya'ni avvaldan bor bo'lgan rizqning va yil davomida unga qo'shilib borgan ziyodalikning zakotidir. Shuningdek ekinlarda belgilangan vojib miqdori ham chorva hayvoni uchun belgilangan vojib miqdoridan ko'p. Chunki chiqqan hosilning o'ndan bir yoki yigirmadan bir qismini zakot sifatida berish kerak. Yuqorida sanab o'tilgan ma'nolarda naqd pullar va tijorat mollari ko'proq chorva hayvonlariga o'xshaydi. Shuning uchun ularning nisobini tuya, sigir, qo'y kabi chorva hayvonlarining nisobiga qiyoslash to'g'ri bo'ladi.
Chorva hayvonlaridan qaysi birini nisobning eng kam miqdori sifatida belgilash to 'g 'ri bo 'ladi?
Chorva hayvonlari zakoti ham uch qism: tuya, sigir va qo'ydan iborat. Sigirning zakotida 5 tadan 30 tagacha, 40 tadan 60 tagacha qay tarzda zakot vojib bo'lishi borasida ixtilof mavjud. Shuning uchun uning nisobini asos qilib olish to'g'ri bo'lmaydi. Tuya bilan qo'yning nisobida esa ixtilof yo'q. Ularning nisobi hadis va ijmo bilan sobit bo'lgan. Unga ko'ra tuyaning eng kam nisobi 5 ta bo'lsa qo'yning eng kam nisobi 40 tadir.
Research BIB / Index Copernicus
Voqelikda tuya yoki qo 'yning eng kam nisobi tilla yoki kumushning eng kam nisobiga tengmi?
Buning uchun "Nabiy s.a.v.ning zamonasida naqd pullarning nisobi 20 dinor yoki 200 dirhamning qiymati chorva hayvonlari, 5 ta tuya yoki 40 ta qo'y nisobining qiymatiga to'g'ri kelganmi?", degan savolga javob topish kerak bo'ladi. Shamsul aimma Saraxsiy o'zining "Mabsut" asarida 1ta binti maxoz (ikki yoshli tuya) 40 dirhamga, 1 ta qo'y 5 dirhamga teng bo'lgan", degan. [8, 2/150] Ushbu fikrga ko'ra 5 ta tuyada yoki 40 ta qo'yda zakotni vojib qilish 200 dirhamda zakotni vojib qilish kabi bo'ladi va naqd pul hamda tijorat mollarining nisobini tuya yoki qo'ydan qaysi biriga bo'lsa ham qiyoslash mumkin bo'ladi.
Lekin muhaqqiq Ibn Humom "Fath" asarida, [9, 1/495] Ibn Nujaym "Bahr" asarida [10, 2/230] imom Saraxsiyning ushbu gapiga e'tiroz qilgan. Chunki bu gap hadisda kelgan ma'lumotga zid. Imom Buxoriyning "Sahihi Buxoriy" asarida kelgan hadisda: "Kimgaki zakot uchun biror yoshdagi tuyasini berish vojib bo'lsayu, tuyalarining ichidan ana shu yoshdagisini topa olmasa, bir qo'yning o'rniga o'n dirham beradi", deyilgan. [9, 1/495] Bu hadis Saraxsiyning gapiga ochiq-oydin zid.
Sahihi Buxoriy va boshqa kitoblarda Anas r.a.dan rivoyat qilinadi: "Kimning qo'lidagi tuyalari jazaa (5 yoshli tuya) vojib bo'ladigan miqdorga yetsa va uning huzurida jazaa emas, hiqqa (4 yoshli tuya) bo'lsa hiqqani zakot sifatida beradi va yana qo'shimcha ikkita qo'y yoki yigirma dirham beradi. Kimning qo'lidagi tuyalari hiqqa vojib bo'ladigan miqdorga yetsa va unda hiqqa emas, jazaa bo'lsa, sadaqa yig'uvchi kishi unga yigirma dirham yoki ikkita qo'y qaytaradi..." [2, 1/276]
Ushbu hadisdan ko'rinib turibdiki, 40 ta qo'y Nabiy s.a.v.ning davrlarida 400 dirhamga teng bo'lgan. Bu esa qo'yning nisobi naqd pullarning nisobidan ikki barobar yuqori ekanini ifodalaydi.
Chorva hayvonining nisobi naqd pullarning nisobidan ikki barobar yuqori bo'lishi shariat egasi tomonidan ixtiyor qilingan hikmati ilohiydir. Chunki naqd pul boshqa mol-mulkdan ko'ra kishining iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish uchun eng qulay vositadir. Misol uchun kishining tuyasi bo'lsa o'ziga kerakli bo'lgan kiyim-kechakni darhol sotib ololmaydi. Avval tuyasini sotishi, naqd pulga ega bo'lishi kerak bo'ladi. Undan keyin o'zining ehtiyojini sotib oladi. Gohida xohlagan vaqtda tuyasini sota olmasligi, sotsa ham o'zining narxiga sotolmasligi mumkin. Naqd pullar esa unday emas. Ular bevosita ayirboshlovchi vosita sanaladi. Shuningdek, naqd pulni zaxira qilib qo'yish kishining to'kin-sochin hayot kechirayotganlik alomatidir. Chorva hayvonini ko'pligi esa doim ham bekam-u ko'stlik alomati bo'lavermaydi. Hanafiy mazhabi faqihlari naqd puldan zakot vojib bo'lishida uning hojati asliydan
Research BIB / Index Copernicus
ortiqcha bo'lishini shart qilganlar. Shu sabablarga ko'ra naqd pul nisobi chorva hayvonining nisobining yarmi qilib belgilangan bo'lishi mumkin.
Demak naqd pullarning xarid qilish quvvati keskin o'zgarib ketsa, ularning nisobini eng mo'tadil shaharlardagi beshta tuya yoki yigirmata qo'yning narxi bilan belgilash mumkin bo'ladi. Eng mo'tadil shaharga qiyoslanishining sababi shuki, ba'zi davlatlarda chorva hayvoniga hetiyoj juda yuqori bo'lib, ularning narxi ko'tarilib ketgan, boshqa ba'zi davlatlatda ularga bo'lgan ehtiyoj juda kam bo'lib, qiymati pasayib ketgan bo'lishi mumkin. Shuning uchun uning o'rtasi me'yor hisoblanadi. Bu borada bir qarorga kelish uchun, albatta, tajriba egalarining fikriga suyaniladi.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. Burhoniddin Marg'inoniy. Hidoya. - Bayrut: "Darul-kutubul ilmiya", 1990.
2. Yusuf Qarzoviy. Fiqhuz zakot. - Bayrut: "Muassatur risala", 1973. 1/276
3. Muhammad Amin ibn Obidin. Raddul muxtor alad durrril muxtor hoshiyatu ibn Obidin. - Ar-Riyod: "Doru olamil kutub", 2003. 2/40.
4. Doktor Abdurahmon Fahmiy. Sanjus sikka fi fajril islom. - Qohira: "Dorul kutubil Misriyya", 1957. - B. 45
5. Mustafo ibn Hanafiy Zahabiy. "Tahriyrud dirhami val misqoli var rotli val mikyol". - Bayrut: "Dorul Bashoirul Islomiyya", 2011. - B. 33.
6. Ziyouddin Dabis. Al-Xaroj fid davlatil islamiya. - B. 337.
7. Shoh Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil balig'o. - Qohira: "Dorul jiyl", 2005. 2/506
8. Shamsul aimma Saraxsiy. Mabsut. 2/150.
9. Ibn Humom. Fathul Qodir. Bayrut: "Dorul kutubul ilmiy", 2009. 1/495.
10. Ibn Nujaym Misriy. Bahrur roiq. . - Bayrut: "Dorul marifa", 1997. 2/230.
1/234.