Научная статья на тему '“DEVONU LUG‘OTIT TURK” LEKSIKASINING HOZIRGI O‘ZBEK TILIGA MUNOSABATI (JUFT SO‘ZLAR VA “SAYYOH” SO‘ZLAR MISOLIDA)'

“DEVONU LUG‘OTIT TURK” LEKSIKASINING HOZIRGI O‘ZBEK TILIGA MUNOSABATI (JUFT SO‘ZLAR VA “SAYYOH” SO‘ZLAR MISOLIDA) Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
1
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
o‘g‘uz / juft so‘z / “sayyoh” so‘zlar / leksika / rus tiliga o‘zlashgan so‘zlar / eski turkiy til.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Aralova Lobar Akbarovna

Turkiy tillar dunyodagi barcha tillar singari eng qadimgi tillardandir. Hozirgi o‘zbek tilida bo‘lgani kabi qadimgi turkiy tilda ham juft so‘zlar mavjud bo‘lib, ular qo‘llanishi jihatidan hozirgidan biroz farq qilgan. Mazkur maqolada mana shunday so‘zlar tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada boshqa til materiali sifatida ko‘rsatilayotgan sof turkiy so‘zlar “Devonu lug‘otit turk” asari asosida izohlangan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «“DEVONU LUG‘OTIT TURK” LEKSIKASINING HOZIRGI O‘ZBEK TILIGA MUNOSABATI (JUFT SO‘ZLAR VA “SAYYOH” SO‘ZLAR MISOLIDA)»

YANGI O'ZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVaJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

"DEVONU LUG'OTIT TURK" LEKSIKASINING HOZIRGI O'ZBEK TILIGA MUNOSABATI (JUFT SO'ZLAR VA "SAYYOH" SO'ZLAR MISOLIDA)

Aralova Lobar Akbarovna

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti, tayanch doktorant

https://doi.org/10.5281/zenodo.13943732

Annotatsiya. Turkiy tillar dunyodagi barcha tillar singari eng qadimgi tillardandir. Hozirgi o'zbek tilida bo'lgani kabi qadimgi turkiy tilda ham juft so'zlar mavjud bo'lib, ular qo'llanishi jihatidan hozirgidan biroz farq qilgan. Mazkur maqolada mana shunday so'zlar tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada boshqa til materiali sifatida ko'rsatilayotgan sof turkiy so'zlar "Devonu lug'otit turk" asari asosida izohlangan.

Kalit so'zlar: o'g'uz, juft so'z, "sayyoh" so'zlar, leksika, rus tiliga o'zlashgan so'zlar, eski turkiy til.

Abstract. Turkic languages are among the oldest languages in the world. As in the modern Uzbek language, there were pairs of words in the ancient Turkic language, which were slightly different in terms of their usage. This article analyzes such words. Also, the purely Turkish words presented in the article as material of another language are explained on the basis of the work "Devonu lugotit turk".

Keywords: Oghuz, couplets, "tourist" words, lexicon, words assimilated into the Russian language, old Turkic language.

Аннотация. Тюркские языки относятся к числу древнейших языков мира. Как и в современном узбекском языке, в древнетюркском языке существовали пары слов, несколько отличавшиеся по употреблению. В данной статье анализируются такие слова. Также на основе произведения «Девону луготит тюрк» поясняются чисто турецкие слова, представленные в статье как материал другого языка.

Ключевые слова: огузы, куплеты, «туристические» слова, лексика, слова, ассимилированные в русский язык, древнетюркский язык.

Eski turkiy tilda hozirgi o'zbek tilidagidek juft so'zlar mavjud bo'lgan. Ularning qo'llanishida ham ma'lum qonuniyatlar amal qilgan. Ma'lumki, hozirgi o'zbek tilida har ikkala qismi mustaqil ma'noga ega bo'lgan juft so'zlar bilan birga, bir komponenti va har ikkala qismi mustaqil ma'noga ega bo'lmagan juft so'zlar ham bir muncha keng uchraydi. Shunisi ham borki, mustaqil ma'noga ega bo'lmagan bu xil so'zlar, asosan, juft so'zlarning ikkinchi qismida, ba'zan birinchi komponentida qo'llanadi. Mustaqil ma'noda qo'llanmaydigan bunday so'zlar ilgari o'z leksik ma'nosiga ega bo'lgan, ammo keyinchalik bu leksik ma'no unutilgan. Hozirda esa ular yo ayrim turkiy tillarda mustaqil ma'nosini saqlagan holda qo'llanadi yoki ayrim sheva vakillari nutqida uchraydi yoxud ma'lum bir maqol va matal tipidagi gaplar tarkibidagina ishlatiladi [Рах,монов, 2011: 42]. Masalan, XI asr yodnomasi bo'lgan "Devonu lug'otit turk"da qosni-qonum [Koshg'ariy, 1960: I, 94] holatida qo'llangan juft so'z hozirgi kunga kelib qo'ni-qo'shni tarzida istifoda etiladi. Ko'rinib turibdiki, qadimda qo'shni so'zi juft so'zning birinchi komponenti sifatida ishlatilgan. Mazkur so'zning qo'llanishi xususida olim quyidagi fikrni aytib o'tgan: qosni'-qo'shni. O'g'uzlar j n harfini ^ sh harfidan oldin qo'yib qonsi deydilar. Har ikkisi ham qoidaga mos va to'g'ridir [Koshg'ariy, 1960: I, 408]. Hozirgi o'zbek tilidagi turli-tuman, oriq-tiriq, yig'i-sig'i kabi juft so'zlar tarkibidagi ikkinchi komponentlar eski turkiy tilda birinchi komponent anglatgan ma'noni ifodalagan. Jumladan, "Devon"da sigit [Koshg'ariy,

"YANGI OZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

1960: I, 338] leksemasi "yig'i" ma'nosida kelgan. Navoiy siqtamoq so'zini "haddan ortiq, qattiq yig'lamoq" ma'nosida beradi:

Ul oyki kula-kula yig'latdi meni,

Yig'latdi meni demayki, siqtatdi meni (Muhokamatul lug'atayn, 47-bet) [Koshg'ariy, 1960: I, 338].

Shuningdek, tümän [Koshg'ariy, 1960: I, 382] so'zi lug'atda "har narsaning ko'pi", turiq so'zi "har narsaning orig'i" [Koshg'ariy, 1960: I, 361] deya izohlanadi. Demak, biz hozirgi o'zbek tilida ma'no anglatmaydi, deb hisoblaydigan juft so'zlarning ikkinchi komponenti eski turkiy tilda asosiy ma'no anglatuvchi qism bo'lgan.

Mahmud Koshg'ariy juft so'zlarning ishlatilishi haqida quyidagicha fikrlarni aytib o'tgan: "O'g'uzlarning tili nozikdir. Juft holda qo'llanadigan so'zlardan ot va fe'llarning biri asosiy so'z, ikkinchisi ergashma so'z bo'ladi. O'g'uzlar boshqa turklarda ayrim holda ishlatilmaydigan ergashma so'zning o'zini ishlata beradilar. Masalan, bir narsa bir narsaga aralashsa, turklar qatti qardi - aralash-quralash bo'ldi deydilar. Bu yerda qatti so'zi asos va asli bo'lib, qardi so'zi ergashmadir. O'g'uzlar shu ma'noda qardi' so'zining o'zinigina qo'llab, asosiy so'zni tashlaydilar. Shuningdek, turklar "yaxshi" ma'nosini anglatish uchun juft holda 3zgü jawlaq deb qo 'llaydilar. O'g'uzlar ularni yolg'iz holda ishlatadilar" [Koshg'ariy, 1960: I, 406].

Tillar rivojlanar ekan, albatta, o'zaro bir-biriga ta'sir o'tkazadi. Natijada, tillarning lug'at tarkibi ham boyib boradi. "Xalqlar orasidagi iqtisodiy, madaniy, siyosiy aloqalar natijasida bir til qurilishiga xos birliklar (asosan, lug'aviy birliklar, qismangina fonetik va grammatik birliklar) ikkinchi tilga o'tadi, shu tilga singib, uning boyligiga aylanadi" [Рах,матуллаев, 2010: 115]. Turkiy tillar, xususan, o'zbek tilining ko'p vaqtlar mobaynida arab, fors-tojik tillari, rus tili orqali Yevropa tillaridan so'z o'zlashtirib, rivojlangani bunga misol bo'la oladi. Lekin shunday so'zlar borki, ular asli turkiy bo'lib, boshqa tillarga o'zlashgan va keyinchalik ayrim fonetik o'zgarishlar bilan yana tilimizga qaytgan. Bunday leksik birliklarga nisbatan "sayyoh so'zlar" termini qo'llanadi. "Devon"da qo'llangan ko'plab so'zlar sayyoh so'zlardir.

"Devon"dagi leksemalarga oid tahlillar jarayonida asl turkiy so'zlar lug'atlarda boshqa til materiali sifatida berilayotgan holatlarga ham duch kelindi. Masalan, turkiy kerpic [Koshg'ariy, 1960: I,424] devonda "kirpich, g'isht; bisiy kerpic - pishiq g'isht" sifatida izohlangan. Bu leksema rus tiliga ham xuddi shu tarzda o'zlashgan. Turkiy so'z bo'lgan kirpichni hozirgi kunga qadar Xorazm viloyati ahli "g'isht" ma'nosida qo'llab keladi. Afsuski, biz forslardan o'zlashgan ushbu so'zdan foydalanamiz.

Alibek Rustamovning "So'z xususida so'z" kitobida ta'kidlanishicha, "жир" so'zi tilimizda "yog"", "moy" ma'nosini anglatadi. Ozg'in kishiga nisbatan "Bunga hech jir bitmayabdi" yoki "Buning hech jiri yo'q" degan iboralar shu mazmundan kelib chiqqan (O'zbek tilidagi "jir"da "jurnal" so'zidagi kabi "ж" talaffuz qilinadi) [Shukurov, 2018]. Shunisi qiziqki, rus tilidagi "жир" so'zi asli bizning tilimizdagi ayni shu "jir" so'zining o'zidir. Chunki "jir" so'zining turkiy so'z ekanligi Mahmud Koshg'ariyning lug'atida qayd etilgan: ashichta jir yo'q - qozonda yog' yo'q [Koshg'ariy, 1960: I, 313].

Наждак bu ham aslida turkiy so'z bo'lib, "O'zbek tilining izohli lug'ati"da najdak-mayda va yupqa, donador kristallardan iborat tog' jinsi deb izohlangan. "Devoni lug'otit turk" asarida bu so'zning nijdäy shakli uchrab, "qayraq tosh" ma'nosini beradi [Koshg'ariy, 1960: I, 432].

"YANGI O'ZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

Turkiy surqach - luk deyilgan daraxtning siqib olingan shirasiga nisbat berib ishlatilgan. U bilan qilich, xanjar va katta pichoqlarning dastalari biriktiriladi [Koshg'ariy, 1960: I, 423]. Rus tilida сургуч - surguch; запечатать сургучом - surguchlamoq, surguch bilan pechatlamoq.

"Matodan qurilgan kapa; palatka" ma'nosidagi шатер leksekasi ruslarda faol ishlatiladigan so'zlardan biri sanaladi. "Devoni lug'atit turk" asarida chodir câtïr hamda câcïr shakllarida keladi va muallif bu so'zni Kujo tilidagi varianti §âtïr ekanligini qayd etgan [Koshg'ariy, 1960: I, 385]. Navoiy asarlarida bu so'z devondagicha chatir, chatr va chotma shaklida ham uchraydi:

Chotma dema hajr qaro shomi de,

Zulmu tab uylarining domi de [Koshg'ariy, 1960: I, 385].

Shuningdek, Navoiy ijodida chodir shaklini ham uchratamiz, u "chodir, kappa, xayma" ma'nolarini beradi: Bahrom Go'r zamonig'acha Rumda erdi va Shopur chodir ichkida erdikim, qattiq yel qo'pub, chodirni aning boshig'a yiqti [AHATM, III, 473].

Teva qo'shin yuklab ko'chsa bo'lmas va chodir qanoti ochib uchsa bo'lmas [AHATH^ III, 473].

Ruslarda "yengil oq rangli ayollar bosh qoplagichi, bosh kiyimi, kalta ipak ro'mol yoki ro'molcha"ga nisbatan "фата" termini ishlatiladi. Shimoli-sharqda yashovchi rus xalqi ayollar boshiga o'raydigan katta ipak ro'molni "fata" desalar, Rossiyaning jabuniy hududida yashovchi aholisi junli yubkaga nisbatan bu atamani qo'llaydi. Shipova olimlarning kitoblariga tayanib, bu so'zning bir qancha fonetik variantdoshlarini ko'rsatadi: fota, futa, fytka. Fasmer bu termin ruslarga turklardagi "fartuk - yo'l-yo'l matodan tikilgan libos"dan o'zlashganligini aytadi [Фасмер, 4, 187].

"Odatda kiyimni iflos qilmaslik uchun uning ustidan kiyiladigan yoki ish paytida belga bo'lab olinadigan ish kiyimi, peshband" semasini beruvchi фартук so'zining turk tilidan rus tiliga o'zlashganligini ba'zi rus olimlari aytib o'tishgan. Bu so'z dastlab Mahmud Koshg'ariyning "Devoni lug'atit turk"asarida "partu" shaklida qo'llanilgan bo'lib, devonda "yaxtak, bir qavatli ustki to'n, partuq" deya izohlangan [Koshg'ariy, 1960: I, 393]. "Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati"da esa fartuk so'zi ifodalagan semani bera oladigan bir so'zga duch keldik. Alisher Navoiy ijodida qo'llanilgan bu so'z "fo'ta//futa" so'zi bo'lib, u ikki xil ma'noda keladi, lekin har ikkalasi ham kiyim vositasi sifatida talqin qilingan: I. Belbog', belga aylantirib o'raladigan mato; ipak o'rama belbog':

Belingmudurki, anga qizil fo'ta bog'lading,

Yo rishtanki o'tkarilibdur aqiqdin [AHATM, III, 364].

.. .muqarrar fo'ta boisi ul bo'ldikim, qulluqqa belimni ikki yerda bog'laymen [AHATM, III, 364).

II. Hammomda belga bog'lanadigan lungi. Alisher Navoiy "Xamsa" si tarkibidagi "Sab'ai sayyor" dostonida "futa/fo'ta" so'zi xuddi shu ma'noda kelgan.

Futalar mushku anbar og'ushta,

Tortilib ip yerida zar rishta [AHATM, III, 364).

Bog'labon belga sandal fo'ta,

Urdi chun havz aro kirib g'o'ta [AHATM, III, 364).

Yodnoma tili bilan hozirgi o'zbek tilidagi so'zlarning qiyosiy tahlilini olib borganimizda, shu narsa aniq bo'ldiki, o'rtada X asr o'tsa-da, so'z anglatgan ma'no butunlay yo'qolib ketmagan, hozirgi kunda ba'zi so'zlar tarkibida ishlatib kelinmoqda. Shuningdek, biz rus tilidan o'zbek tiliga o'zlashgan so'zlar, deb kelgan leksemalar aslida sof turkiycha so'z ekanligi ham "Devon"da ko'rsatib o'tilgan.

YANGI O'ZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Shukurov E. Bobo so'z izidan. - Toshkent: Mashhur-press, 2018. -B.312.

2. Алишер Навоий асарлари тилининг изошли лугати . I-IV. -Тошкент: ФАН, 1983-1985.

3. Муталлибов С.М. Махмуд Кошгарий. Туркий сузлар девони /Девону луготит турк/. Таржимон ва нашрга тайёрловчи Муталлибов С.М. -Т.1. -Тошкент: УзССР ФА, 1960. -Б. 499.

4. Рах,матуллаев Ш. Х,озирги узбек адабий тили. 1- китоб. -Тошкент: MUMTOZ SO'Z, 2010. -Б.115

5. Рахмонов М. Сузлар оламига саёхат. -Тошкент: Фан, 2011. -Б.42.

6. Фасмер М. Этимологический словарь русского языка. М.: Прогресс, 1973.Т.4.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.