CHOLG'U IJROCHILIGIDA NOXUNLI MEZROBLI CHOLG'ULAR VA
ULARNING O'ZIGA XOSLIGI
Navbaxor Xamraqulovna Xasanova
JDPU
Annotatsiya: Cholg'u ijrochiligida noxunli mezrobli cholg'ulari o'ziga xos ijro uslublari bilan boshqa cholg'u turlaridan ajralib turadi. Ushbu maqolada o'zbek musiqa san'atida qadimiy tarixga ega bo'lgan noxunli mezrobli cholg'ular va ularning tarixi, o'ziga xos xususiyati, tuzilishi hamda ijro uslublari haqida batafsil ma'lumot berilgan.
Kalit so'zlar: noxunli mezrobli, cholg'u, musiqa san'ati, sozanda, milliy, uslub, moslama, ijro, torli, tanbur, rubob, ud, dutor
INSTRUMENTAL PERFORMANCE OF INSTRUMENTS WITH A NATURE
AND THEIR CHARACTERISTICS
Navbakhor Khamrakulovna Khasanova
JSPU
Abstract: In the performance of musical instruments, nokhuny mezrob instruments are distinguished from other types of instruments by their unique performance styles. In this article, detailed information is provided about the nokhun mezrob instruments, which have an ancient history in the art of Uzbek music, and their history, characteristics, structure, and performance methods.
Keywords: nokhunli mezrobli, musical instrument, musical art, musician, national, style, instrument, performance, tarli, tanbur, rubob, oud, dutor
O'zbek xalqining bebaho boyligi hisoblanmish musiqiy sozlarimiz o'zining betakrorligi, naqsh bezagining jozibadorligi, ovoz tarovatining rang-barangligi va ijro imkoniyatlarining beqiyosligi bilan milliy musiqiy madaniyatimizda alohida o'rin tutadi.
Musiqiy cholg'ular azal-azaldan o'zbek xalqining ma'naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etib, kundalik turmush tarzi bilan chambarchas bog'lanib ketgan. Shuningdek, ular hozirgi kunda ham kishilar dunyoqarashining shakllanishida o'ziga xos xususiyatga egadir. Ayniqsa, cholg'u ijrochiligi san'ati ajdodlarimiz tomonidan asrlar davomida noyob estetik vosita sifatida shakllanib, nafaqat musiqa ilmida, balki zamonaviy musiqa ijodiyotida ham katta qiziqish uyg'otib kelmoqda. Uning barcha o'ziga xos xususiyatlari va qirralarini o'rganish esa cholg'u ijrochiligi amaliyotini yanada boyitishga yordam beradi.
Musiqa cholg'ulari o'zining xususiyati, ijro uslubiga ko'ra bir necha turlarga bo'linadi. Shulardan biri noxunli, mezrobli cholg'ulardir.
Mezrob (arab. - urish quroli) - musiqada torli sozlarni chertib yoki tirnab chalishda qo'llaniladigan maxsus moslamalar nomidir. Mezrob turli shakllarda (odatda, uchi ingichkalashgan, o'tkir) bo'lib, yog'och, qattiq teri, suyak, hayvon shoxi, metall, so'nggi davrda plastmassalardan yasaladi. Noxun ham xuddi mezrob singari torli cholg'ularni chalishda barmoqqa kirib chalinadigan maxsus moslama hisoblanadi. O'zbek va tojik tanburchilari barmoq uchiga kiyiladigan noxukdan, uyg'ur tanburchilari po'lat simdan foydalanishadi. Mezobli cholg'ulardan ud, qonun, rubob, tor, soz, mandolina, gitara va boshqalarda qo'llaniladigan moslamalar hozirda mediator, plektr deb ham yuritiladi. Mezob so'zi ba'zan maqom nomlariga qo'shilib, tanbur (yoki boshqa ayrim sozlar)ni ana shu maqomga moslab sozlanishini ham bildiradi. Noxunli, mezrobli cholg'ularga qashqar rubobi, afg'on rubobi, tanbur, qonun va ud kiradi.
QASHQAR RUBOBI. Rubob sozi juda qadimiy cholg'u hisoblanadi. O'sha davr ruboblari hozirgi biz qo'llayotgan qashqar rubobi ko'rinishidan keskin farq qilgan, lekin negizi bir-biri bilan bog'liqdir. Qadimiy ruboblar besh torli bo'lgan. To'rtta simi ipakdan, bittasi esa kumushdan yasalgan.
Rubobning qadimiyligi haqida Fitrat o'zining "O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi" asarida shunday ma'lumotni kelirib o'tadi: "Yozuvchisi ma 'lum bo'lmag'an bir "musiqiy tarix"chasida rubobning Sulton Muhammad Xorazmshoh tomonidan Xorazmda paydo bo'lgani yoziladir. Bu kitobni ko'rganim kun men ham shunga ishongan edim. Biroq 20-yillarda Hindistondan keltirganim "Sorang" ismli bir cholg'uning rubobga juda o'xshashligi meni shoshirgan edi. So'ngralari qo'limg'a tushgan Darvesh Aliyning "Risolayi musiqiy"sida bu cholg'uning Balxda yasalgani, Muhammad Xorazmshoh zamonida Xorazmda rivoj topgani ko'rsatiladir". 1
Bu cholg'uning kelib chiqish tarixi to'g'risida turli manbalarda turlicha ma'lumotlar keltirilgan. Jumladan, Al-Forobiy (X asr) o'z davrining musiqa asboblarini tavsiflar ekan, rubobda bir-biridan farq qiladigan ijroga erishish mumkinligini uning afzalliklaridan biri deb hisoblaydi. "Qashqar rubobining asli kelib chiqishi Sharqiy Turkiston (hozirgi Xitoyning Uyg'ur Avtonom Okrugi) ning Qashqar degan joyi nomi bilan bog'liq bo'lsa-da, o'zbek milliy cholg'ulari ichida eng keng tarqalgan va ommalashgan cholg'u hisoblanadi. Musiqani endigina o'zlashtirayotganlarning 50 foizidan ortig'i ana shu cholg'udan foydalanishi ma'lum. Qashqar rubobi juda jarangdor va yoqimli sadoga ega bo'lib, nisbatan tez o'zlashtirilishi mumkin bo'lgan cholg'ular qatoriga kiradi".2 Qashqar rubobi hozirda yakkanavoz soz sifatida o'zbek xalq ansambllarida yetakchi o'rinni egallaydi.
1 A. Fitrat. O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi. T.; Fan. 1993. 29-b.
2 I. Kayumov. Oiladosh cholg'ularni o'rganish.Buxoro. 2020. 32-33-b.
riTTTÜ^^H] 709 ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)
Diapazoni kichik oktava lya tovushidan uchinchi oktava lya tovushigacha. Hozirgi qashqar rubobida beshta tor mavjud. To'rttasi metall aralashmasidan, bittasi ichak yoki ipakdan qilinadi. Sozlanishi kvarta va kvarta kvinta oralig'ida bo'ladi, ya'ni birinchi tor lya tovushiga, ikkinchi tor mi tovushiga, uchinchi tor lya yoki si tovushlariga sozlanadi.
Rubob chalish san'atida ustozlik darajasiga yetgan Muhammadjon Mirzayev, Shavkat Mirzayev, Ari Boboxonov, Orif Atoyev, Tohir Rajabiy kabi sozandalar el orasida mashhurdir.
AFG'ON RUBOBI juda qadimiy musiqa asbobidir. N.N. Mironov tomonidan afg'on rubobining Hindistonda uchrashi, Qashqarda uni rabob deb atalishi yozilgan.
Professor Fitrat o'zining "O'zbek klassik musiqasi tarixi" asarida bu cholg'uning Xorazm amiri Muhammad Xorazmshoh davrida Balx shahrida shaxsi noma'lum kimsa tomonidan yasalgani haqida rivoyatni keltiradi. Afg'on rubobi qadim zamonlardan o'zbek xalqi orasida, ayniqsa, Buxoro va Samarqandda keng tarqalgan. Uning korpusi ponasimon shaklda katta va chuqur bo'lib, yon tomonlarida o'yiqlari bor. Dastasi qashqar rubobiga nisbatan ancha (8-10 sm.) kalta bo'lib, uch tomoni bir oz orqaga qayrilgan. Kosa qismi bilan dastasi yaxlit yog'ochdan (ko'pincha tutdan) yasaladi. Dastasi pardalarga bo'lingan bo'lib, uning pastki qismi kengaya borib qopqoqqa ulanib ketadi va korpusning ustini o'yiqlarga qadar yopadi. Korpusning qolgan qismi (o'yiqlardan keyingi qismi) ga teri qoplanadi. Afg'on rubobi ko'rinishi va ijro uslubi jihatidan boshqa cholg'ulardan ajralib turadi.
Dutor va tanburdan farqi shundaki, afg'on rubobining barcha torlari ijroda keng qo'llaniladi. Afg'on rubobida chalish ma'lum darajada murakkab bo'lganligi sababli uni tanbur va boshqa ayrim cholg'ular singari deyarli mutaxassis sozandalar qo'lida ko'ramiz.
Tavur Jumayev, Ergash Shukrullayev, Savinov, G'ulomqodir Ergashev,
Tohir Yo'ldoshev va boshqalar afg'on rubobining mohir sozandalaridir.
TANBUR ham noxunli mezrobli cholg'ular turkumiga kiradi. U ko'rsatkich barmoqqa kiyiladigan metall aralashmasidan yasalgan maxsus moslama, ya'ni noxun bilan chalinadi. Chalinganda faqat birinchi tordan foydalanilib, qolganlari qo'shimcha sado olish uchun xizmat qiladi.
Tanbur, asosan, tut, o'rik, yong'oqqa o'xshagan qattiq daraxtlar g'o'lasidan noksimon shaklda qilib o'yib yasaladi. Kosaning ustki qismi tut daraxtidan yassi qilib yasalgan qopqoq bilan qoplanadi. Dastasi birmuncha uzun, ingichka va pardalarga bo'lingan. Tanburning pardalari boshqa cholg'ular pardalariga nisbatan qalinroq va balandroq qilib bog'lanadi. Bu bog'lanish tanbur torlarini ezib kerakli tovush hosil qilish uchun mo'ljallangan. Tanbur ham ud soziga o'xshab juda qadimiydir. Mashhur musiqashunos olim Forobiyning fikricha, qadimda tanburlar asosan ikki torli bo'lgan va ayrim holatlarda uch torli tanburlar ishlatilgan. Qadim davrlarda Xuroson tanburlari
va Bog'dod tanburlari mashhur bo'lgan. Bu tanburlar ko'rinishi jihatidan bir-biridan farq qilgan.
Shu o'rinda mashhur olim Fitratning "O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi" nomli kitobidagi tanbur haqidagi fikrlarni aynan keltirishni lozim deb topdik. "Burungi musiqiy kitoblarimiz tanbur so'zini TUNBURA shaklida yozadirlar-da, aslida yunoncha so'z ekanini so'zlaydilar. Bu cholg'uning chindan-da yunondan kelib -kelmaganini biz tomondan tekshirish mumkin bo'lmadi. Biroq bu cholg'uningsharqda juda eski bir narsa ekani ma 'lumdir. Hijriy o'ninchi asrda o'tkan Hofiz Darvesh Aliy tomonidan tanburning burun ikki torli bo'lgani, so'ngra Husayn Boyqaro zamonida Mahmud Shayboniy otli bir musiqiyshunosning unga bir tor ortdirg'ani to'g'risida berilgan xabar esa yuqoridagi fikrlarimizning kuchini ortdirgon bo'ladir"3
Tanbur uch xil sozlanadi:
- Birinchisi "Rost" mizrobi.
- Ikkinchisi "Navo" mizrobi. Navo maqomiga oid kuylar shu sozda ijro qilinadi.
- Uchinchisi "Segoh" mizrobi. Segoh, Iroq, Buzruk, Dugoh, maqomlariga oid kuylar shu sozda ijro qilinadi.
Tanburning ommalashuvida Ma'rufjon Toshpo'latov, Fazliddin Shahobov, Shonazar Sohibov, Boboqul Fayzullayev, Matyusuf Xarratov, Rizqi Rajabiy, Turg'un Alimatov, Sultonxon Hakimov, Yoqub Davidov, Shobarot Tanburiy, Otavali Nuriddinov, Abdulla Umarov, Toir Qo'ziyev, O'ktam Rasulov va boshqa sozandalarning xizmatlari benihoyadir.
Uzoq tarixiy taraqqiyot mobaynida musiqiy janrlar, cholg'ularning bir qancha turlari kashf etildi. Ana shunday cholg'u turlaridan biri uddir. O'tmish olimlari ud cholg'ular ichida mukammallik darajasiga yetkazilganligini ko'rsatib o'tganlar. Ud sozi Osiyo xalqlarining milliy cholg'ulari qatoridan munosib joy olgan, garchand uni forslar «Borbad», xitoyliklar «Pipa», arab xalqlari «ud» va ko'pchilik Ovropa xalqlari «Lutnya» kabi atamalarda atagan bo'lsalar ham ularning asosi bir, ya'ni ud (udsimon) dir.
Ud arabcha so'z bo'lib, uning lug'aviy ma'nosi turlichadir. U birinchidan yog'ochi qora tusli daraxtning nomidir. Ud dastlab shu daraxtdan yasalgan bo'lishi kerak. Ikkinchidan, ud iborasi bayram, to'y-tomosha, xursandchilikni ifodalaydigan "iyd" iborasining ma'lum formasidir. Bu o'rinda xushchaqchaqlik kayfiyati bag'ishlovchi soz ma'nosida ham kelishi mumkin.
Musiqaning barcha ilmlar qatorida alohida fan sifatida shakllanishida o'tmishda yashab ijod etgan Al Forobiy, Safiuddin Urmaviy, Al Husayniy, Ash Sheroziy, Kavkabiy kabi allomalarning xizmatlari benihoyadir. Ularning ilmiy-nazariy tadqiqodlarida ud asosiy cholg'u sifatida xizmat qilgani alohida ta'kidlanadi. Al-
3 A. Fitrat. O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi. T.; Fan. 1993. 26-b.
rTTTyjS^^Ä] 711 ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)
Forobiyning "Arab musiqasi, uning qonuniyati va tarixi" asarida "Udsozi intervallarni nazariy jihatdan hisoblashda xizmat qilgan " degan jumla bor. Demak, ud sozining mukammal soz sifatida shakllanganligini Sharq olimlari ham isbotlaganlar.
Demak, musiqa cholg'ulari ichida noxunli mezrobli cholg'ulari ham qadimiy sozlar bo'lib, necha asrlardan beri o'zining ovoz jarangdorligi, o'ziga xos xususiyatlari bilan musiqa madaniyatida alohida ahamiyatga ega bo'lib kelmoqda. Bu cholg'ular ko'proq mumtoz kuylarni chalishda ishlatilishiga qaramay, nafaqat katta yoshlilar orasida, balki yoshlar o'rtasida ham ularga nisbatan qiziqish va ularni chalishni sevib o'rganish davom etmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. A. Fitrat. O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi. T.; Fan. 1993.
2. I. Kayumov. Oiladosh cholg'ularni o'rganish.Buxoro. 2020.
3. Toshmatov O'.,Turatov S. "Ko'xna cholg'ular ijrochiligi" T., 2016.
4. Turatov S. "Xalq cholg'ularini o'rganish". T., O'quv qo'llanma, 2018 y.
5. Dadayev Sh. «An'anaviy cholg'u ijrochiligi» T. 2005y.