CHO'LPONNING "NOVVOY QIZ" HIKOYASIGA CHIZGILAR Erkinova Fotima Mamutxonovna Mamadaliyeva Mamlakat Qaxramon qizi
Namangan Davlat Universiteti Filologiya fakulteti o'zbek adabiyotshunosligi kafedrasi
magistrlari https://doi.org/10.5281/zenodo.6615055
Annotatsiya. Maqolada Cho'lponning "Novvoy qiz" hikoyasi tahlilga tortilgan bo'lib, uning mavzu va g'oyasi, syujet chizig'i, kompozitsiyasi, badiiy asar tili yoritilgan.
Kalit so'z: jadid adabiyoti, badiiy ijod, proza, tanqid, tipik manba, hissiy kechinma, tugun, syujet, kompozitsiya, o'xshatish, sifatlash, ritorik so'roq, ijtimoiy hayot.
ОСНОВАН НА РАССКАЗЕ ЧУЛПАНА О "ДЕВУШКЕ-ПЕКАРЕ" Аннотация. В статье анализируется рассказ Чулпана "Девушка-пекар", его тема и идея, сюжетная линия, композитция, язык художественного произведения.
Ключевое слово: джадидская литература, художественное творчество, проза, критика, типический источник, эмоциональное переживание, узел, сюжет, композитция, аналогия, прилагательное, риторический вопрос, социальная жизнь.
DRAWS ON CHOLPON'S "BAKER GIRL" STORY Abstract. The article analezes Cholpon's story " Baker Girl" its theme and idea, the composition of the plot line, the language of the work of art.
Key word: jaded literature, artistic creation, prose, criticism, tyupikal source, emotional experience, knot, plot, composition, analogy, adjective, rhetorical, question, social life.
KIRISH
Jadid adabiyotining so'nmas yulduzdek chaqnoq vakillaridan biri Cho'lpon yangi o'zbek she'riyatining asoschisi sifatida tarixga kirgan bo'lsa-da, badiiy ijodning hamma turi bilan faol shug'ullangan. She'r, hikoya, roman, drama, tanqid, tarjima - barcha-barchasida ijod etgan. U qaysi sohada qalam tebratmasin, kitobxon uchun o'qishli va ta'sirli bo'lib qolavergan. Shulardan biri uning hikoyalaridir.
Badiiy tanqidchi Marhabo Qo'chqarovaning fikricha, hikoya prozaning eng kichik janri bo'lgani bilan uning bag'rida juda katta badiiy dunyo yashaydi [ 4, 2].
TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI
Hayot - tipiklik manbai. San'at asarida hayot badiiy aks ettiriladi. Hayotdagi qonuniy, muqarrar, muhim, tabiiy narsa-hodisalar, ijtimoiy ahamiyatga molik bo'lgan hodisalar adabiy asardan o'rin olishga haqli [3, 62]. Cho'lponnig ayrim hikoyalarida ijtimoiy hayotdagi dolzarb muammolardan biri xotin-qizlar taqdiri qalamga olingan bo'lib, inson qalbidagi iztiroblar, ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlar kabi muammolar o'zining badiiy talqinini topgan. Nosir "Qor qo'ynida lola", "Nonushta", "Novvoy qiz", "Oydin kechalarda" hikoyalari orqali o'zbek ayolining sabr-matonati, samimiyligi-yu soddaligini ochib bergan. Bu asarlar orqali Cho'lpon xotin-qizlarga munosabat yaxshi bo'lmagani, ularning haq-huquqi kamsitilgani uchun jamiyat e'tiborini ayollar taqdiriga qaratmoqchi bo'lgan. Bugun tahlilga tortayotgan "Novvoy qiz" hikoyasidagi hissiy kechinmalar yurak-yuragingizning ich-ichiga o'rnashadi. Asar yozilganiga yarim asrdan oshgan bo'lsa-da, haligacha o'z ta'sirini yo'qotmagan. Yosh va yangiday. Hikoyaning mavzusidayoq muammoli harakter, uqdirish ma'nosi bor. Nima uchun sarlavha
"Novvoy qiz" deb nomlandi? Qahramon boshqa kasb egasi ham bo'lishi mumkin edi-ku. Bilamizki, bizda non muqaddas. Uning har mag'zi, har bo'lagida mehnatkash xalqning mashaqqati, hayot mazmuni yotadi. Non bilan oshno bo'lgan kishidan esa yomonlik chiqmaydi, nomussizlik qilmaydi. Razillik qurboniga aylangan qahramon qizning aybsizligi, samimiyligini isbotlash uchun ham uni "Novvoy qiz" deb atagan, manimcha. Asar g'oyasida esa xotin-qizlar huquqlari, ularning muqaddas ekanligini ta'kidlash bilan birga zamonadagi moddiy qiyinchiliklar, mustamlakachilikka qarshi kurashishni ilgari surilgan. Hikoya markazida Novvoy qizning taqdiri turadi. Asarning syujet chizig'i ham boshqacha: "Qilg'ilik qilinib, bechora qizning qizligi olinib, bo'lar ish bo'lib bitgandan keyin, ikkalasi jimjit bo'lib ikki tomonga cho'zilishdilar" [1,1]. Boshlanishidayoq fojeali tugun. Kitobxon endi nomusi toptalgan qizni ng taqdiriga ham achinadi, ham nima bo'lishiga qiziqadi. ".. .Uyning ichi, tashqi hovli, ko'cha -ko'y xuddi tong otishidan sal burung'i vaqtlarday chuqur, vazmin va tinch". Mana shu tasvir orqali qizning ruhiyatidagi tushkunlik tashqi detallarga ko'chirilgan. Bu esa asarning badiiyligini to'laqonli oshirgan. Yana bir e'tiborli jihat "so'fining shomga aytgan azoni". Buning ham ramziy ma'nosi bor. Shom - qorong'ulik bostirib kelishidan bir darak [6, 2]. Novvoy qizning qorong'i kunlari, zulmatda qolgan taqdiriga bir hayqiriqdek go'yo.
TADQIQOT NATIJALARI
Baxtsizlik ustiga baxtsizlik. Jon holatda zo'rg'a uyiga yetib kelgan Novvoy qiz onasining o'limi ustidan chiqadi. Ana shu yerda o'zbek onasining farzandi uchun borini berishga ham tayyorligi bosh qahramon o'ylari orqali ochib berilgan: " ...O'lim oldidagi onaning bosh tomonida o'tirib, quruq suvdan qaynatilgan bemaza xo'rdani ichayotgan, shu kampirdan boshqa bu dunyoda hech kimsasi bo'lmagan bechora qiz o'ylaydi: "O.bechora onam! O'lim oldida ham o'z nasibasini menga beradi. Oh! Mundan keyin kimning nasibasi bilan to'yaman!." O'y mundan o'tgach oysiz tunlarda borgan sari qorayadi". Oysiz tun - qizning kelayotgan qorong'i hayotining tasviri. Bu kunlar quyidagicha bayon qilinadi:
"Keng yurt.
Ko'p xalq...
Kampirning o'lgani, ko'milgani bir mahallaga ham bilinmagani bilan, qizning "allakim" bilan o'ynashib yurgani hammaga bilingan, butun shaharda dovrug' bo'lgan edi". Asarning g'oyaviy qiymati ham shunda namoyon bo'ladi. Mustamlaka tuzum girdobiga tushgan xalq bir yo'qsil qizga yordam berish o'rniga uni jamiyatdan nafratlanishiga, odamlar yiroqlashishiga sabab bo'ladi. Buning oqibati esa bechora qizda "eski, yirtiq bir qator kiyim, ezilgan yurak, charchagan gavda, gangigan esgina qoldi...".
Asar so'ngida sud jarayoni aks ettiriladi. Unda bir paytlar nomussiz sanalgan novvoy qiz xotinlar sho'basining raisi sifatida gavdalanadi. U razillik va pastkashlik oldida mag'rurona qoya singari qad ko'taradi. Avvallari razillikdan ozor chekkan, iymonsizlikka qarshi kurashga tayyor bo'lmagan qiz asar so'ngida qat'iyat egasiga aylanadi. Va yovuzlik ustidan g'olib chiqadi: "Dengiz - qiz qullarday jim turib so'zladi. Qirg'oq - O'lmas tog'larday tinch turib tingladi. Qirg'oq ag'darildi. Tog' quladi. Dengiz mavjlari va to'lqinlari quchog'iga olib, ularni qirg'oqlardan saqlash: qo'riqlash qayg'usiga botdi".
Cho'lponning serqirra ijodi, mazmundor hikoyalarida yaratilgan obrazlar bir-birini takrorlamaydigan, o'ziga xos harakter egalaridir. "Qor qo'ynida lola" hikoyasidagi qiz taqdir
zulmiga jimgina ko'ngan bo'lsa, "Novvoy qiz" taqdir o'nqir-cho'nqirlarida mardona turib kurashdi va g'olib bo'ldi.
Cho'lpon ijtimoiy hayot bilan hamisha hamnafas bo'lgan. O'sha davrda inqilob uchun kurashgan, mustaqillikka erishish uchun kuch-g'ayratga to'lgan o'zbek o'g'lonlarini hikoyada "o'zbek tarzanlari" deb ataydi.
Cho'lpon hikoyasi nafaqat g'oyaviy mazmuni, balki badiiy fazilatlari bilan ham diqqatga sazovor: " -Ha, oyim qiz" yo'l bo'lsin? Jo'nab yotibsizmi?
MUHOKAMA
Qiz "oyim qiz" degan so'zning bittadan ikkita nayza bo'lib tanga botgani ni sezdi. U titradi. Lablari yelga yo'liqqan yaproqlarday dir-dir qaltiray boshladi. Ko'ksi qisildi, dami og'irlashdi, hansiradi. Shu holda biroz bezgaklanib turgach, birdan baqirdi: -Imonsiz!." Shu tasvirning o'zidayoq qizning ruhiy holati katta mahorat bilan ochilgan. Badiiy tafsillarning ko'pligi va aniqligi hikoyada hayot haqiqatini yorqin va haqqoniy tasvir etilishiga katta imkon yaratgan: "...Dengiz shu qadar buyukligi bilan hamma vaqt qirg'oqlardan yengiladi. Achchig'i kelganda, g'azabi qaynaganda zo'r-zo'r to'lqinlar kichik-kichik mavjlarni qirg'oqning tosh-metin gavdasiga qarab otadi. .Qiz - dengiz, O'lmasboy - qirg'oqning po'lat taniga kichkina bir piyolani yolg'iz bir dafagina otdi. Shunda ham bu jonli qirg'oq chap berdi-da, mo'riga tegib parchalangan bechora piyola bo'ldi. Shundan so'ng qiz -dengiz ojizligini bildi. Butun qahri va g'azabini o'z taniga singdirib olib, paranjisini boshiga tashladi -da, g'izillab eshikka chiqdi". Shu satrlarning o'zidayoq Cho'lponning shoirtabiatlik hususiyati gavdala nadi. U oddiy nasrda ham juda chiroyli o'xshatishlar, sifatlashlar qo'llab asarning badiiy holatini yuksaltirgan. Cho'lpon hikoyada badiiy detallardan ham o'rinli foydalangan. Asarda predmet detal sifatida "non to'la savat" keltiriladi.
"Qiz ko'cha esikka yetganda O'lmasboyning baqirg'ani eshitildi: - Novvoy qiz non to'la savating qolibdur!...Qiz besh-olti yil uyida non yopib sotib, birgina onasini boqqan holda hech kimga qiyshalanglab gapirmagan edi-ku! Qizda qilcha ham gunoh yo'q-ku!..Lekin bu haqiqatni O'lmasboyning uyidagi devor va terazalar bilan o'sha yerda qolgan non savatidan boshqa kim biladi? Kim?" O'lmasboyning uyida non to'la savatning qolishi haq bir kun qaror topishidan darak. Non oldida bunday hurmatsizlik qilib bo'lmaydi. Xalqimizda naql bor "Non urib qoyadi". Asar ohirida ham shuning uchun O'lmasboy o'z jazosini oldi. Hikoyada ruhiy detallar ham o'rinli qo'llangan. Qizning "og'ir jirkanish bilan yuzlarini burishi, ko'zlaridan yirik donali ko'z yoshlarining qatorlashib tushishi, kuyikib-kuyikib yig'lashi" baxtsizlikdan chuqur g'amga botganini ko'rsatadi.
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, Cho'lponning "Novvoy qiz" asari ijtimoiy hayotni yorqin aks ettirgani, tipiklashtirish qonuniyatining o'ziga hosligi bilan diqqatga sazovor. Asar tili badiiy tasvirlarning takrorlanmasligi, xatto ritorik so'roqlarning keltirilishi uning badiiy qiymatini yanada oshirgan. Shuning uchun ham hikoyani o'qigan kitobxon qahramon bilan barobar iztirob chekadi, uning taqdiriga qiziqadi va o'z-o'zicha taqdirning turli ko'chalariga kirib chiqadi. Asar so'ngida esa yaxshi xotimadan taskin topadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdulhamid Cho'lpon. Novvoy qiz. - ZIYOUZ.COM, 03.11. 2013.
2. Abdulhamid Cho'lpon. Qor qo'ynida lola. -ASAXIYUZ. 04.02.2013
3. Boboyev T.Adabiyotshunoslik asoslari. - Toshkent,O'zbekiston. 2002.
4. Qo'chqarova M. Hikoyaning sehrli dunyosi. -"Yoshlik", 2017 - 4. SAVIYAUZ.
5. Quronov D. Adabiyot nazariyasi asoslari. - Toshkent, Noshir - 2019.
6. Tohir Malik. "O'tgan kunlar" romani haqida. Civil.uz. 2002.