BOSHLANG'ICH SINF ONA TILI DARSLARIDA QO'LLANILADIGAN INTERFAOL
METODLAR Ortiqova Dilsabo Munavvarjon qizi
Nizomiy nomidagi TDPU Boshlang'ich ta'lim fakulteti 2-bosqich talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.10802446
Annotatsiya. Ushbu maqolada boshlang'ich sinf ona tili darslarida qo'llaniladigan interfaol metodlar va ular haqida batafsil ma'lumotlar berilgan. Shuningdek, ta'lim tizmida qo'llaniladigan metodlarnifoydali tomonlari haqida ham so'z borgan.
Kalit so'zlar: Interfaol metodlar, "Yalpi fikriy hujum"metodi,ta'lim metodlari,bayon qilish metodi,suhbat metodi.
Аннотация. В данной статье представлена подробная информация об интерактивных методах, используемых на уроках родного языка в начальной школе, а также рассказывается о преимуществах методов, используемых в образовательной системе.
Ключевые слова: интерактивные методы, метод «общего мозгового штурма», методы обучения, метод презентации, метод беседы.
Abstract. This article provides detailed information about interactive methods used in primary school mother tongue classes. It also talks about the benefits of the methods used in the educational system.
Keywords: interactive methods, "General brainstorming" method, educational methods, presentation method, conversation method.
Yangi O'zbekistonning kelajagi yosh avlod qo'lida ekanligi hech kimga sir emas albatta. O'zbekiston Respublikasida umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim tizimini isloh qilishning ustuvor yo'nalishlarini belgilash, o'sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy-axloqiy va intellectual rivojlantirishni sifat jihatdan yangi darajaga ko'tarish, o'quv-tarbiya jarayoniga ta'limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish maqsadida 2019-yil 29-aprelda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5712-sonli "Xalq ta'limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlash to'g'risida"gi farmoni qabul qilingan. Boshlang'ich sinflarda o'tiladigan ona tili, matematika, o'qish, odobnoma, tabiatshunoslik darslari o'z mohiyati, maqsad va vazifalariga ko'ra ta'lim tizimida alohida o'rin tutadi. Negaki ularning zaminida savodxonlik va axloqiy-ta'limiy tarbiya asoslari turadi. Shuning uchun ham boshlang'ich ta'lim darslariga o'quvchilar qiziqishini oshirishga alohida e'tibor berish lozim. Chunki bolalar boshlang'ich sinflardanoq «dars» degan muqaddas so'zdan bezib qolmasliklari lozim. Bugungi kunda o'quvchilarni darsga bo'lgan qiziqishlarini oshirish uchun tajribali o'qituvchilar turli didaktik o'yinlardan foydalanishmoqda. Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'yar ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta'lim va tarbiyani rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, lim-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g'oyamizning asosiy ustunlari bo'lib xizmat qilishi lozim. Ushbu maqsad yo'lida yoshlarimiz o'z oldiga kata maqsadlarni qo'yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko'mak berish - barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo'lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi. Shu maqsadda "Yangi Ozbekiston - maktabdan ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan boshlanadi",
degan g'oya asosida keng ko'lamli islohotlarni amalga oshiramiz [2]. O'qitishdan ko'zlanadigan maqsad bu davlat ta'lim standartlarida belgilangan bilim va ko'nikmalarini o'quvchiga yetkazishdan iborat. Qachonki o'quvchi tomonidan bilim qabul qilinsa va tushunib yetilsa yoki o'quvchi malaka oshirish uchun mo'ljallangan topshiriqlarni amalda namoyish etib bera olsagina, o'qitish muvaffaqiyatli kechdi, deb hisoblasa bo'ladi. Dars davomida o'qituvchi o'quvchilarning jismoniy holatini, ijodkorligini, tez fikrlashlarini hisobga olishi kerak. O'tilgan har bir darsning o'quvchilar bilan birga tahlil qilib borilishi ham yaxshi natija beradi. Eng asosiysi o'quvchi dars o'tishi innovatsion usullardan foydalansa maqsadga muvofiq bo'ladi. O'zbekiston davlat ta'lim siyosatida o'qituvchining kasbiy tayyorgarligi, mahorati va bilimdonligi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, interfaol usullarni darslarda qo'llay olishi, o'quvchiga puxta bilim berishi, erkin, ijodiy fikrlash ko'nikma, malakalarini hosil qila olishi zamon talablaridan biridir. O'qitish metodlari ta'lim jarayonida o'qituvchi va o'quvchi faoliyatining qanday bo'lishi, o'qitish jarayonini qanday tashkil etish va olib borish kerakligini hamda shu jarayonda o'quvchilar qanday ish-harakatlarni bajarishlari kerakligini belgilab beradi. Ta'lim metodlarini tasniflashni ko'plab olimlar turlicha bayon etib, o'z tasniflarini bayon etishgan.
Boshlang'ich ta'limda o'qitiladigan barcha o'quv fanlari keyingi ta'lim bosqichlarida o'quvchilarning bilim, ko'nikma va malakalar o'zlashtirish samaradorligini ta'minlab beradi. Shu nuqtai nazardan bu davrdagi ta'lim jarayonini interfaol usulardan foydalangan holda tashkil etish dolzarb pedagogik muammolardan biridir.Interfaol ta'lim jarayonida dars o'quvchilarning o'zaro muloqotlari asosida amalga oshiriladi. Interaktiv ingliz so'zidan olingan bo'lib, «Interakt», ya'ni, Inter — bu «o'zaro», «akt» — harakat, ta'sir, faollik ma'nolarini bildiradi. Interfaol metod - ta'lim jarayonida o'qituvchi va o'quvchilar o'rtasidagi faollikni oshirish orqali ularning o'zaro harakati, ta'siri ostida bilimlarni o'zlashtirishni kafolatlash, shaxsiy sifatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu usullarni qo'llash dars sifati va samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Interfaollik - o'zaro faollik, harakat, ta'sirchanlik, o'quvchi-o'qituvchi, o'quvchi-o'quvchi (sub'yekt-sub'yekt) suhbatlarida sodir bo'ladi. Interfaol metodlarning bosh maqsadi - o'quv jarayoni uchun eng qulay muhit vaziyat yaratish orqali o'quvchining faol, erkin, ij odiy fikr yuritish, uni ehtiyoj, qiziqishlari, ichki imkoniyatlarini ishga solishga muhit yaratadi. Bunday darslar shunday kechadiki, bu jarayonda bironta ham o'quvchi chetda qolmay, eshitgan, o'qigan, ko'rgan bilgan fikr- mulohazalarini ochiq-oydin bildirish imkoniyatiga ega bo'ladilar. O'zaro fikr almashish jarayoni sodir bo'ladi. Bolalarda bilim olishga havas, qiziqish ortadi, o'zaro do'stona munosabatlar shakllanadi.
Interfaol metodlar o'z xususiyatiga ko'ra didaktik o'yinlar orqali, evristik (fikrlash, izlash, topish) suhbat-dars jarayonini loyihalash orqali, muammoli vaziyatni hosil qilish va yechish orqali, kreativ-ijodkorlik asosida, axborot kommunikatsion texnologiyalar yordamida amalga oshirish metodlarini o'z ichiga oladi.
Didaktik o'yinli metodlar o'quvchi faoliyatini faollashtirish va jadallashtirishga asoslangan. Ular o'quvchi shaxsidagi ijodiy imkoniyatlarni ro'yobga chiqarish va rivojlantirishning amaliy yechimlarini aniqlash va amalga oshirishda katta ahamiyatga ega. Bu metod o'quvchini ichki imkoniyatlarini ishga tushishiga, o'ylashga, erkin fikr yuritishga, muloqotga, ijodkorlikka yetaklaydi. Ayniqsa, unda atrof-muhit, hayotni bilishga qiziqish ortadi, uchragan qiyinchilik, to'siqlarni, qanday yengish va tanqidiy fikrlash ko'nikmalarini shakllantiradi.
Bayon qilish metodi ona tili darslarida qo'llangan asosiy metodlardan biri bo'lgan. Bunda o'qituvchi bayon qilishdan oldin o'quvchilarning o'rganilayotgan mavzu yuzasidan bilimlarini aniqlab olgan. Bu o'quvchilarni o'qituvchi bayonini kuzatib, tinglab borishga, faol bo'lishga
undagan. O'qituvchining bayoni, ya'ni bayon qilish metodida grammatik mavzuning xususiyatidan kelib chiqib, o'qituvchi ma'lumotlarni o'z so'zlari bilan bayon qilib bergan. Bunda o'qituvchi zimmasiga o'rganilayotgan grammatik mavzuning muhim o'rinlarini aniq, lo'nda, misollar tahlili bilan izchil bayon qilib berish vazifasi yuklangan.Boshlang'ich sinflarda bayon qilish metodi o'quvchilarning yoshi va eslab qolish holatidan kelib chiqqan holda 3-5 daqiqaga mo'ljallangan. Bayon qilish metodini qo'llash holatlari hozir ham uchraydi.
Suhbat metodi boshlang'ich sinflarda ona tilini o'qitishda keng qo'llaniladigan va shu bosqich o'quvchilari tabiatiga mos metod sanaladi. Suhbat metodi savol-javob metodi deb ham yuritilgan. Suhbat metodi o'qituvchidan mavzuning xususiyatini o'zida aks ettirgan o'quv materialini topishni, grammatik mavzuning muhim belgilarini aniqlash, ularning o'xshash va farqli jihatlarini ajratish, o'xshash va farqli jihatlariga qarab guruhlash, umumlashtirishga, xulosa chiqarishga yo'naltirilgan savollar tuzishni, ularni o'quvchilarga izchil berib borishni talab etadi. Boshlang'ich sinflarda suhbat metodining muammoli o'qitish metodi sifatida qo'llanilishi ta'limda o'quvchilarni faollashtirishga katta ta'sir ko'rsatadi. Muammoli o'qitish metodiga amerikalik pedagog va psixolog Dyun 1894-yilda asos solgan. Bu metodning maqsadi ilmiy tushunchalarni o'zlashtirishga yordam berishgina emas, balki o'quvchilarning bilish qobiliyatini ham rivojlantirish, ijodiy qobiliyatlarini o'stirish hamdir. Bunda suhbat davomida o'qituvchining topshirig'i bilan o'quvchining oldiga biror muammo qo'yiladi va darsda muammoli vaziyat yaratiladi. Bu muammoni o'quvchi oldin egallagan bilimlari asosida hal etadi. Boshlang'ich sinf o'quvchilarining hayotiy tajribalari kamligi sababli o'qituvchi muammoni hal qilishga yordamlashuvchi savollar beradi. Muammoni o'quvchi hal qila olmasa, uni o'qituvchining hal qilishiga to'g'ri keladi. Shuning uchun boshlang'ich sinfda muammoli o'qitish metodi yarim izlanishli muammoli metod deb ham yuritiladi. Masalan, muammoli o'qitish metodini leksik-semantik va grammatik mashqlarni tashkil etishda ham qo'llash mumkin. Bu metoddan 1-sinfdan boshlab foydalanish mumkin. Bu metod "Tovush va harf" mavzusini o'rganayotganda tovushning so'z ma'nosini farqlashdagi vazifasini tushuntirishda, "So'z ma'nosi", "Nutq va gap" mavzularini o'rganishda ham qo'llanadi. Masalan, "So'z ma'nosi" mavzusini o'rganish uchun xat taxtaga turli ma'nodagi, ya'ni turli so'z turkumiga kiradigan so'zlar aralash holda yozib qo'yiladi.
Bu so'zlar ma'nosiga ko'ra va so'roqlariga ko'ra farq qiladi. O'ylang, so'zlarni qaysi xususiyatlariga ko'ra guruhlarga ajratamiz? So'zlarni nechta guruhga ajratish mumkin?Savol-javoblardan ko'rinib turibdiki, o'quvchilar bilan suhbat rivojlantirilib borilyapti va o'quvchilar suhbat davomida yangi-yangi ma'lumotlarni egallab bormoqdalar. 3-4-sinflarga o'tganda bunday suhbatlar oxirida o'quvchilarning o'zlari xulosa chiqaradilar. Bunday suhbatlarda o'quvchilarning yoshi, saviyasidan tashqari, vaqt ham hisobga olinadi. Suhbat uzoq davom etsa, o'quvchilar charchab qoladilar, o'zlashtirish darajasi ham susayadi.
"Fikriy hujum" metodi A.F.Osborn tomonidan tavsiya etilgan bo'lib,uning asosiy tamoyili va sharti mashg'ulotning har bir ishtirokchisi tomonidan o'rtaga tashlanayotgan fikrga nisbatan tanqidni mutlaqo ta'qiqlash,har qanday luqma va hazil-mutoyibalarni rag'batlantirishdan iboratdir.Bundan ko'zlangan maqsad o'quvchilarning mashg'ulot jarayonidagi erkin ishtirokini ta'minlashdir. Ta'lim jarayonida ushbu metoddan samarali va muffaqiyatli foydalanish o'qituvchining pedagogik mahorati va tafakkur ko'lamining kengligiga bog'liq bo'ladi. "Fikriy hujum" metodidan foydalanish chog'ida o'quvchilarning soni 15 nafardan oshmasligi maqsadga muvofiqdir. Ushbu metodga asoslangan mashg'ulot bir soatga qadar tashkil etilishi mumkin.
"Yalpi fikriy hujum" metodi J.Donald Filips tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib,uni bir necha o'n nafar o'quvchilardan iborat sinflarda qo'llash mumkin. Metod o'quvchilar tomonidan
yangi g'oyalarning o'rtaga tashlanishi uchun sharoit yaratib berishga xizmat qiladei.Har biri 5 yoki 6 nafar o'quvchilarni o'z ichiga olgan guruhlarga 15 daqiqa ichida ijobiy hal etilishi lozim bo'lgan turli xil topshiriq yoki ijodiy vazifalar beriladi. Topshiriq va ijodiy vazifalar belgilangan vaqt ichida ijobiy hal etilgach, bu haiqda guruh a'zolaridan biri axborot beradi.
Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi barcha metodlarning muvaffaqiyati o'qituvchining beradigan savol-topshiriqlariga bog'liq. Yo'l-yo'lakay duch kelgan savollar bilan kichik yoshdagi o'quvchining anglash faoliyatini ishga solish kutilgan natijani bermaydi.Shu boisdan,darslarni qiziqarli va an'anaviy bo'lishida metodlarni o'rni juda ham katta .
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi "Xalq ta' limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi PF-5712-sonli farmoni
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi
3. Musurmanova А., va boshqalar. Umumiy pedagogika - Toshkent Innovatsiya - Ziyo.2020.-194-bet.
4. Azimova I, Mavlonova K., Quronov S. va b. Ona tili va o'qish savodxonligi. Umumiy o'rta ta'limning 1-sinfi uchun darslik.
5. Tolipov O'.Q., va M. Usmonboyeva .Pedagogik texnologiyalarning tatbiqiy asoslari -Toshkent.Fan. 2006.-260bet