BOSHLANG'ICH SINF DARSLIKLARIDAGI MAQOLLARNING PIRLS TADQIQOTI DARAJASIDAGI TAHLILI
Mexri Abdug'afurovna Ravshanova
Narpay tumani 50-umumta'lim maktab boshlang'ich sinf o'qituvchisi
drabbanayeva@mail .ru
Annotatsiya: Ushbu maqolada PIRLS xalqaro tadqiqotida qo'llaniladigan o'qishning ikki turi va boshlang'ich sinf darsliklaridagi maqollar haqida fikr yuritilgan bo'lib, darsliklaridagi maqollar PIRLS tadqiqoti darajasida tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: PIRLS, o'quvchi, xalqaro, matn, ta'lim, maqol, tahlil.
АНАЛИЗ УЧЕБНИКОВ НАЧАЛЬНЫХ КЛАССОВ НА СООТВЕТСТВИЕ УРОВНЮ ИССЛЕДОВАНИЯ PIRLS
Аннотация: В данной статье рассматриваются два типа чтения, используемые в международном исследовании PIRLS, а так же анализируются учебники начальной школы на соответствие исследованию.
Ключевые слова: PIRLS, ученик, международный, текст, образование, пословица, анализ.
ANALYSIS OF PROVERBS IN PRIMARY SCHOOL TEXTBOOKS AT THE PIRLS RESEARCH LEVEL
Abstract: This article discusses the two types of reading used in the PIRLS international study and the articles in the primary school textbooks, and the articles in the textbooks are analyzed at the PIRLS research level.
Keywords: PIRLS, student, international, text, education, proverb, analysis.
Boshlang'ich sinf o'quvchilarining matnni o'qish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro PIRLS tadqiqotlarida O'zbekiston Respublikasi ta'lim oluvchi yoshlarining ishtirok etishi juda ham mas'uliyatli va quvonarli jarayon va bu masala ta'lim sohasidagi bugungi kunning eng dolzarb masalasidir.
O'zbekiston Respublikasining kelajak ravnaqi o'sib kelayotgan barkamol avlodning intellektual ongini shakllanishiga ko'p jihatdan bog'liqdir. Bolaning
ongiga kichik yoshidan boshlab, Vatanga muhabbat, g'urur, milliy qadriyatlar, o'zlikni anglashni singdirib borish lozim. Bola qalbi go'yo yozilmagan oq qog'oz kabidir. Unga nimalarni yozish, qanday to'ldirish biz kattalarga bog'liqdir. Kattalar, o'qituvchilar ushbu ma'suliyatni his qilishlari bilan bir qatorda, yosh bolaga ta'lim-tarbiya berishda bolaning oq qog'oz kabi pok qalbini yaralab qo'ymaslikka ma'suldirlar.
Bizga ma'lumki, boshlang'ich ta'lim, umumiy o'rta ta'lim uchun asos, tayanch vazifasini o'taydi. Boshlang'ich sinfda o'zlashtiriladigan barcha materiallar bosqichma-bosqich takomillashib va murakkablashib boradi. Bu davr uchun mo'ljallab kiritilgan manbalar har tomonlama puxta o'ylangan, kichik yoshdagi o'quvchilarining psixologik, fiziologik, pedagogik va boshqa jihatlarini qamrab oladi. Mana shu jihatdan olib qaraganda, darsliklarni o'rganish faqatgina o'quvchi tomonidan amalga oshirilmasdan, har bir mavzu o'qituvchi rahbarligida o'qib o'rgatiladi. Shunday ekan, ta'lim-tarbiya jarayoni o'qituvchi va tarbiyachilardan juda katta ilmiy salohiyat, yuksak ma'naviyat talab etadi. Shu bilan birgalikda muntazam ravishda yoshlar ongi va qalbida milliy va ma'naviy qadriyatlarimizni anglab yetish, hurmat qilish hissini uyg'otish, o'zlikni anglashni shakllantirish vazifasi turadi.
PIRLS tadqiqoti jarayonida darsda o'quvchilar tomonidan eng ko'p qo'llaniladigan o'qishning quyidagi ikki turi o'rganiladi:[3]
1. Adabiy kitobxonlik malakasini egallash maqsadidagi o'qish.
2. Mazmunni tushunish va amalda foydalanish maqsadidagi o'qish.
Xalq og'zaki ijodi janridan biri bo'lgan maqollarni o'rgatish ikkinchi tur ya'ni matn mazmunni tushunish va amalda foydalanish maqsadidagi o'qishni takomillashtirishga asos bo'ladi.
Xalq og'zaki ijodi namunalari boshlang'ich sinflardanoq o'quvchilarga o'rgatib boriladi. Boshlang'ich sinfning deyarli barcha darsliklarida xalq og'zaki ijodi namunalari berilgan. Ona tili darsliklarida ko'proq xalq maqollari mashqlar tarkibiga singdirilgan. Kichik yoshdagi o'quvchilarning psixologik va fiziologik xususiyatidan kelib chiqqan holda darsliklarga kiritilgan maqollar tushunilishi oson va komillikka da'vat etuvchidir. Mavzu o'rganilayotganda o'qituvchining vazifasi mavzuni o'rgatish bilan birga xalq og'zaki ijodi, shu jumladan, maqol janri haqida boshlang'ich ma'lumot berib borishdir. Berilgan maqollar o'qituvchi rahbarligida avval ifodali qilib o'qiladi va o'quvchilar bilan birgalikda ushbu maqollarning ma'nosi o'rganiladi [1].
Maqollarni o'rgatish o'qituvchidan katta tayyorgarlikni talab qiladi. Har bir darsga tayyorlanayotganda asar mazmuniga va unda ilgari surilgan g'oyaga mos
maqol ustida ishlash va uni o'quvchilarga qanday tushuntirishni rejalashtirib olish lozim.
O'quvchilar savod o'rgatish davridayoq maqollarni o'rganib boradilar. «Alifbe» darsligida berilgan maqollar matn mazmuni bilan bog'liq bo'lib, ular mavzu g'oyasini o'quvchilarga lo'nda va aniq yetkazish uchun xizmat qiladi. Amaldagi R.Safarova boshchiligidagi mualliflar tomonidan tayyorlagngan Alifbe darsligidan «Bola odobi bilan ko'rkam», «Bilim boylik kaliti», «Oltin olma, duo ol», «Elda bori -senda bor», «Hunar - hunardan unar», «Har kim ekanin o'rar», «Elga hurmat, oily himmat», «Mehnat - mehnatning tagi rohat», «Oldin o'yla, keyin so'yla» kabi maqollar o'rin olgan bo'lib, bu kabi maqollar o'quvchilarni maktabga kelgan ilk kunlaridanoq mehnatsevarlikka, ma'naviyatga, odob-axloqqa chorlaydi.[4]
Boshlang'ich sinflarda asosan maqolni ifodali o'qish va yod olishga ahamiyat beriladi. 1-sinf darsligida bo'lim yuzasidan berilgan savol va topshiriqlarda maqollarni o'rganishga katta e'tibor berilgan. Masalan: «Xalq o'giti - baxt kaliti» bo'limidagi savol va topshiriqlarda «Rostgo'ylik haqida»gi maqollardan ayting, «Odob insonga husn» bo'limida «Qanoatda barokat» maqolini ma'nosini tushuntirib bering, «Ko'klam - yashnadi olam» bo'limida «Bilim olish haqida»gi maqollarni ayting kabi topshiriqlar berilgan. Har bir bo'lim yuzasidan berilgan topshiriqlarda u yoki bu maqolni o'rganish ko'zda tutilgan.
1-sinfning ona tili darsligida «Bilim - davlatdan qimmat», «Olim bo'lsang olam seniki», «Rahmat olgan omondir, la'nat olgan yomondir», «Va'daga vafo -mardning ishi», «Do'stlik - tuganmas boylik, «Kattaga hurmatda bo'l, kichikka izzatda bo'l» kabi maqollar keltirilgan. Bu maqollar o'quvchilarni bilim olishga, vatanparvarlikka, mehnatsevarlikka, do'stga sodiq bo'lishga undaydi.
2-sinfdan boshlab maqolning mazmunini o'rganish va yod olishdan tashqari, matndagi izohtalab so'zlar, birikmalar ustida lug'at ishi o'tkazish, badiiy til vositalari, ko'chma ma'noli, qarama - qarshi ma'no bildiruvchi, maqolda takrorlanib kelayotgan so'zlar ma'nosi yuzasidan ish olib borish talab etiladi.
«O'qish» kitobida «Ona yurting - oltin beshiging» maqoli berilgan. Mana shu maqol matni ustida ishlaganda: «Yurt» so'zini qaysi so'zlar bilan almashtirish mumkin?, «Maqolda ona yurt nimaga tenglashtirilayapti?», «Beshik oltindan bo'ladimi?» kabi savollar berish yo'li bilan o'quvchilarning lug'atini boyitish, bog'lanishli nutqini o'stirish ustida ishlanadi.
Darslikdagi mavzulardan kelib chiqib, maqollar guruhlab o'rgatilishi ham mumkin. Masalan: 4-sinflarda «Ona yurting - oltin beshiging», «Eldan ayrilguncha, jondan ayril», «Mehnat - baxt keltirar», «Odobing - zebu ziynating»,
«Olim bo'lsang, olam seniki» kabi mavzular asosida birlashtirilib berilgan. O'quvchilarga maqollarni mavzu bo'yicha guruhlab o'rgatishda darsliklardagi mavzularga asoslaniladi. Bunda maqol mazmuniga mos asarlar nomini keltirish, uning mazmun-g'oyasini asar bilan bog'lash kerak. Bu jarayonda o'quvchilarning hayotiy tajribalari asosida maqollar keltirish bilan maqollarni izohlash yoki o'quvchilarga maqol g'oyasiga mos birorta hikoya tuzish mustaqil ish sifatida berilishi ham mumkin.
4-sinflarda maqol janri bo'yicha tahliliy ishlar o'quv yili davomida izchil uyushtirilib boriladi, ya'ni «Asar g'oyasiga oid maqol ayting», «Maqollar asosida krossvord tuzing, rebus yarating» kabi topshiriqlar beriladi, «Maqollar aytish musobaqasi», «Maqollar mushoirasi» kabilar tashkil qilinadi. [1]
Boshlang'ich sinf o'quvchilariga maqollarni o'rgatishda shunchaki o'qish, yod olish bilan chegaralanibgina qolmay, PIRLS tadqiqotlaridagi topshiriqlarning asl mazmuni ya'ni, puxta tahlil qilish, hayotiy hodisalarda hal qilinishi mumkin bo'lgan muammolarni aniqlash, kuzatuv va tajribalar asosida xulosalar chiqarish, bu xulosalar orqali atrofimizdagi olamni va insonlarni tushunish, inson faoliyati natijasida unda sodir bo'layotgan o'zgarishlarni anglab yetish, shunga ko'ra kerakli qarorlar qabul qila olish va asoslab bera olish ko'nikmasini rivojlantirish lozim.
REFERENCES
1. Matchonov S. va b. O'qish. 4- sinf uchun darslik: - T.: „O'qituvchi» 2017
2. Mirzayev T., Musaqulov A. «O'zbek xalq maqollari» - T.: 2005.
3. Rabbonayeva D. PIRLS tadqiqotlari uchun topshiriqlar to'plami. O'quv-uslubiy qo'llanma. Samarqand XTXQTMOHM. -2019
4. Safarova R va b. Alifbe darsligi. - T.: O'qituvchi, 2019 .
5. www.ziyonet.