Научная статья на тему 'BADIIY MATNDA MUVAQQAT ONOMASTIK BIRLIKLARNING O‘RNI'

BADIIY MATNDA MUVAQQAT ONOMASTIK BIRLIKLARNING O‘RNI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
badiiy matn / onomastik birliklar / muvaqqat onomastik birliklar / komik effekt / lingvopoetika.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Andaniyazova Dilrabo Ro‘Ziqulovna

Ushbu maqolada badiiy matndagi muvaqqat onomastik birliklarning lingvopoetik xususiyatlari, matnni shakllantirishdagi o‘rni yoritilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BADIIY MATNDA MUVAQQAT ONOMASTIK BIRLIKLARNING O‘RNI»

BADIIY MATNDA MUVAQQAT ONOMASTIK BIRLIKLARNING O'RNI

Andaniyazova Dilrabo Ro'ziqulovna

Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Fanlar akademiyasi O'zbek tili,

adabiyoti va folklori instituti https://doi.org/10.5281/zenodo.11213822

Annotatsiya. Ushbu maqolada badiiy matndagi muvaqqat onomastik birliklarning lingvopoetik xususiyatlari, matnni shakllantirishdagi o'rni yoritilgan.

Kalit so'zlar: badiiy matn, onomastik birliklar, muvaqqat onomastik birliklar, komik effekt, lingvopoetika.

Аннотaция. В данной статье описываются лингвопоэтические свойства окказиональные ономастических единиц в художественном тексте, их роль в формировании текста.

Ключевые слова: художественный текст, ономастические единицы, окказиональные ономастические единицы, комический эффект, лингвопоэтика.

Аnnotation. This article describes the linguistic and poetic properties of occasional onomastic units in a literary text, their role in the formation of the text.

Key words: literary text, onomastic units, occasional onomastic units, comic effect, linguopoetics.

Bugungi kunda o'zbek lingvopoetikasi oldida turgan asosiy vazifalardan biri turli til birliklarining badiiy matnni shakllantirishdagi o'rnini aniqlash hamda ularning estetik vazifalarini yoritishdan iboratdir. So'nggi yillarda lingvopoetik tadqiqotlar ko'lami kengayishi bilan bir qatorda lingvopoetik yondashuvlarning mazmun-mohiyatida ham jiddiy o'zgarishlar, o'sishlar kuzatilmoqda. Bu tabiiy hol, albatta. Chunki badiiyat masalasi muntazam rivojlanishni taqozo qiladigan hodisa hisoblanadi. Har bir davrning o'ziga xos estetikasi, dunyoga qarash tarzi va badiiy umumlashmalari bo'ladi.

Muvaqqat nomlar ismlar fondida uchramaydigan, ijodkor tomonidan maxsus o'ylab topilgan hamda muayyan badiiy niyatni yoritishga xizmat qilgan onomastik birliklardir. Badiiy matnda qahramonlarning ismi, familiyasi, otaismi, shuningdek, joy nomlarini atash uchun doim ham real nomlardan foydalanilmaydi. Maxsus yaratilgan nomlar real nomlarga qaraganda ekspressivlikka, hissiy yukka to'yingan bo'ladi [1], shuningdek, ular odatda kontekstda, ya'ni badiiy matn doirasida o'z poetik maydonini hosil qiladi hamda tilda mustahkam o'rnashib olishni talab qilmaydi. Aytish joizki, bunday onomastik birliklar umumxalq onomastik birliklaridan muayyan xususiyatlariga ko'ra farq qiladi. Muvaqqat onomastik birliklar xarakteriga ko'ra o'zi nomlagan ob'ekt haqida ma'lumot berishidan tashqari, sub'ektiv munosabat bildirishi, baholashi, konnotativ ma'no kasb etishi mumkin.

Muvaqqat nomning shakllanishi mavjud real nomlarning muayyan qoliplariga muvofiq amalga oshiriladi. Masalan, -qul antropoindikatori orqali yasalgan muvaqqat nomlar: Robotqul (O.Matjon), Balliqul, Bevoshqul (T.Malik), Shoshmaqul (S.Ayniy); -iston, -zor, -obod topoindikatorlari orqali yasalgan muvaqqat nomlar: G'uliston (A.A'zam), Quyoshiston (M.Yusuf), Salomobod (M.Shayxzoda), Chog'irobod (Alp Jamol) Donishqishloq (E.Vohidov), Qahratoniya (A.Obidjon), Tantiboyvachcha (Oybek), Vosvosxo'ja, Meshpolvon, Chambarakxon

(A.Obidjon), Sharobbek, Shudringboyvachcha, Ma'nijon, Ma'quljon, Qoyilxo'ja, Diqqatjon, Dadilxo'ja (Alp Jamol), Irkitvoy, Kirketjon (K.Turdiyeva)

Muvaqqat nomlarning o'ziga xos ba'zi xususiyatlari sifatida quyidagilarni aytish mumkin:

- onomastik birliklar fondida uchramaslik;

- kontekstuallik;

- individuallik;

- maxsus o'ylab topilganlik;

- situativlik (vaziyatga bog'liqlik);

- ko'nikilmaganlik;

- kutilmaganlik;

- ohorlilik.

Odatdagi nomlarga qaraganda, o'ylab topilgan nomlar atash, nomlash uchungina qo'llanilmay, balki xarakterlash, ekspressivlik kabi kategoriyalarni ham o'z ichiga oladi. Mahoratli ijodkorlar, nafaqat, tilimizdagi mavjud nomlardan, balki o'zlarining badiiy tafakkuri mahsuli orqali yaratgan muvaqqat nomlardan badiiy matn ta'sirchanligini oshirishda muhim vositalardan biri sifatida foydalanadilar hamda aytmoqchi bo'lgan fikrlarining badiiy yukini shu "so'zlovchi" nomlarga yuklaydilar. Shu sababli badiiy matnda real nomlar bilan birga - muvaqqat nomlarning uchrashi o'quvchiga badiiy zavq beradi.

Badiiy matnlarida uchraydigan muvaqqat nomlarni tadqiq etish ijodkorning individual uslubini o'rganishga ham yordam beradi. Keyingi yillarda dunyo tilshunosligida bu borada bir qator tadqiqotlar olib borilgan bo'lib, bunda, asosan, ijodkorlar tomonidan maxsus yaratilgan antroponimlar[2] hamda toponimlarning estetik vazifalariga diqqat qaratilganini kuzatdik. [3] O'zbek tilshunosligida muvaqqat nomlarning xususiyatlari yoritilgan ayrim maqolalalar mavjud. Jumladan R.Qo'ng'urov va R.Mo'minovalarning o'zbek badiiy adabiyotida va satirik jurnallarda qo'llangan antroponimlarning uslubiy xususiyatlarini o'rganishga bag'ishlangan maqolasida to'qima antroponimlar asar badiiyatini, ta'sir kuchini orttirishga xizmat qilishi aytiladi. Mualliflar Olg'irboy, G'iybatulla, Tepki, Yelpig'ichxon kabi satirik qahramonlarning ismi bilan bog'liq fikrlarini onomastik stilistika tamoyillari asosida izohlaganlar [4].

Zamonaviy o'zbek adabiyotida Anvar Obidjon asarlarida muayyan maqsad bilan qo'llangan nomlar ko'p uchraydi. Quyidagi parchadagi joy nomi ohorliligi bilan hamda sovuq o'lka bo'lgan Sibirga ishora qilingani hamda mazkur real nomning qayta nomlangani bilan diqqatni tortadi. Yozuvchining individual uslubiga xos bo'lgan mazkur nom nafaqat joy nomiga xos bo'lgan xususiyatni bildiryapti, balki ijodkorning subyektiv munosabatini ham ifodalalab kelgan. Ya'ni bu o'lkaning nomi ham sovuq ekanligiga ishora qilingan va ayni jihatlari bilan poetonim muvaffaqiyatli qo'llangan deyish mumkin: Tirik qolgan jangchilar bilan sog'lom qiz-juvonlarni zanjirband etishib, birini qul, birini cho'ri sifatida Qahratoniya degan uzoq o'lkaga haydab ketishdi. Ularning orasida Meshpolvonning dadasi bilan ko'zlari kiyiknikidek chiroyli onasi ham bor edi. A.Obidjon, Meshpolvonning sarguzashtlari.

Ta'kidlash kerakki, ijodkor tomonidan maxsus yaratilgan individual nomlar hajviy va yumoristik asarlarda juda ko'plab uchraydi hamda komik effektni yuzaga keltirishdagi muhim vositalardan bo'ladi. [5] Masalan, T.Malikning "Tilla kalamush" yoxud Yo'qqulobod hangomalari" nomli kitobidan hajviy qissa va hikoyalar o'rin olgan bo'lib, unda jamiyatdagi, odamlar tabiatidagi ba'zi "fazilatlar" yumoristik usulda ifodalangan. Asarning onomastik ko'lami ham shunga uyg'un holda komik effektni hosil qiluvchi maqsadli qo'llangan nomlardan tashkil topgan. Ya'ni joylar va kishilarni nomlashda Janjalqishloq, Yo'qqulobod, Arbobxonim,

Yo'g'onbek, Ma'nijon, Falonulla Pismadonxo'jaev, Dumbultoy, Balliqul, Jazqul, Holsizova, Yumalabtortarov, Voyqul, Bevoshqul bobo, O'ngqulobod, Chapqulobod kabi to'qima nomlardan foydalangan. Demak, hajviy asarlar onomastik ko'lamida ism, laqab, familiya yoki taxalluslar, hatto joy nomlarining, asosan, komik effekt hosil qilishi asosiy o'ringa chiqadi. Bunda qahramonning ismi (laqabi, familiyasi yoki taxallusi)dagi komizmdan asarning butuniga oid badiiy kulgu osongina fahmlanadigan bo'ladi. Yozuvchining badiiy niyati qahramonlar ismiga ilk marotaba ko'z yugurtilganda yoki eshitilgandayoq ilg'anadigan bo'ladi. [6]

Badiiy matnda komik effektni yuzaga keltiruvchi muvaqqat familiyalar ham uchraydi. Masalan, "Mushtum" jurnalidagi hajviy asarlarda keltirilgan Yebto'ymasov, Yumshoqboev, Harqachonpiyonov, To'ymas Qo'ziev kabi nomlar jamiyatdagi ayrim illatlarni yoritishda qo'llangan. Shuningdek, bunday nomlarda ma'lum bir tagma'nolarga ishora qilinganligi kuzatiladi.

B.Jumaniyozovning "To'n" hajviyasida qo'llangan to'qima familiya orqali ham shunday badiiy niyat maqsad qilingan. Nom denotatiga zid qo'llangani bilan lingvopoetik qimmatga ega bo'lgan. Ya'ni shunday familiyadagi qahramon qo'l ostidagi xodimlariga o'zini g'amxo'rdek ko'rsatmoqchi bo'ladi-yu, aslida g'amxo'rlik amalda emas, balki nomiga ko'rsatiladi. Bu o'rinda nersonaj-nom-antinomiyasi hosil bo'lgan: Oltmishyoshga kirib, yubiley taraddudi bilanyurgan paytimda boshlig'imiz G'amxo'rov yo'qlab qoldilar: - Qayoqlarda yuribsiz? - dedi o'tirishga ishora qilib. - Yo'qlaganimning boisi muborak kuningizni nishonlash uchun tashkiliy qo'mita tuzdik. Axir qirq yillik qadrdonimizsiz-a. Kimsan taniqli shoir Jo'qi bo'lsangiz. G'amxo'rov juda yaxshi odam. Oqko'ngil. Ammo sal laganbardorroq. Xo'jayin oldida egilsa bormi, belida suyagi bormi, yo'qmi, deysiz (B.Jumaniyozovning "To'n").

Ta'kidlash kerakki, xalq og'zaki ijodiga mansub asarlar onomastik ko'lami muvaqqat nomlarga juda boydir. Ayniqsa, ertak va dostonlarda qahramonlar ismi xarakteriga, asardagi bajaradigan vazifasiga ishora qiladi. Topilgan nom ham shunga xizmat qiladi. Masalan: To'g'ri, Egri, Yulduzsanar, Daryobog'lar, Chalaboy, Quvnoqboy, Yortiboy, Kuymasboy, To'ymasboy, No'xatpolvon, Xurmachapolvon, Barmoqvoy kabi nomlar misol bo'ladi.

Ko'rinadiki, muvaqqat onomastik birliklarda komik effekt quyidagi holatlarda yuzaga keladi: 1. Nomning fonektik qolipini o'zgartirganda (Babbayip, Xajjayip - S.Ahmad). 2. Nomning muayyan qismi real nomdan, muayyan qismi atayin ishora qilingan boshqa so'z bilan hosil qilinganda (Boqizavr - Alp Jamol) 3. Qahramonning muayyan xarakteriga ishora qilganda (Yumshoqboyev, Yebto'ymasov, G'iybatillo ("Mushtum"), Shu-shu domla, Lampa shisha-S.Ahmad.). 4. Ironiya orqali hosil qilingan nomlar orqali (Eshpo'rim, Qoyilxo'ja- go'r shoir, o'ziga o'zi mahliyo qahramon nomi - Alp Jamol)

Umuman, muvaqqat onomastik birliklardan badiiy matnda komik effekt hosil qilish, salbiy yoki ijobiy bahoni ekspressiv ifodalash, kuchli his-hayajonni, turli ma'nodagi murojaatni ifodalashda foydalaniladi. Bunda ular lingvopoetik jihatdan aktuallashib, ijodkorning muayyan badiiy niyatini yoritishga xizmat qiladi.

ФОЙДАЛАНИЛГАН АДАБИЁТЛАР

1. Калинкин В.М. Семантика имен и поэтика их перечислений // Логос ономастики ^oyoç ôvo^aGTiK^]. - Донецк. М. Горького, 2009. - № 1 (3). - С. 70-83.

2. Яковенко Н. С. О некоторых особенностях окказиональных антропонимов в английских романах В. В. Набокова // МНКО. 2011. No2 С. 48-50; Астафьев А.Ю.

Художественные функции окказионализмов. Дисс. ...канд. филол. наук. - М., 2007. 177 с.

3. Пулина Е. А. Окказиональные имена собственные в романе Дж. Джойса «Улисс» и их межъязыковая передача // Пермский государственный фармацевтический вестник. 2007. N03. С. 195-198;

4. Кунгуров Р., Муминов Р. Собственные имена в языке художественной литературы / Ономастика Узбекистана. Ташкент, 1989. С. 124-125.

5. Бабенко Н.Г. Окказиональное в художественном тексте. Структурно-семантический анализ: учебное пособие. Калининград, 1997. 84 с.; Несветайло Ю. Н. Неологизмы и окказионализмы как конституенты лексического макрополя современного английского языка: автореф. дисс. ... канд. филол. наук. Ростов н/Д, 2010. 26 с.

6. Юлдашев М. Бадиий матннинг лингвопоэтик таджики. Филол. фан. д-ри ...дис. автореф. -Тошкент, 2009.

7. Тухтасинова О. Узбек тилида лексик окказионализмлар ва уларнинг бадиий-эстетик хусусиятлари: Филол. фанлари номзоди ... дис. - Тошкент: УзФА Тил ва адабиёт, 2007.

8. Ах,медова Ш. Юмор жилолари. - Тошкент, 1998.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.