AXBOROTLASHTIRISHDAN RAQAMLASHTIRISH SARI
Nuriddinov Oybek Muhammad o'g'li
"Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi" Davlat muassasasi
bo 'lim boshlig 'i
Shazimov Abror Begmatovich
"Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi" Davlat muassasasi
bo 'lim boshlig 'i
Annotatsiya: Ushbu maqolada mamlakatimizda axborotlashtirishdan raqamlashtirishga o'tish jarayonlari tahlil qilingan. Raqamlashtirish va elektron hukumatni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar o'rganilgan, davlat boshqaruvi organlari hamda hududlarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: axborotlashtirish, raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, elektron davlat xizmatlari, BPR, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, yagona billing tizimi, ijtimoiy tarmoq.
Аннотация: В данной статье анализируются процессы перехода от информатизации к цифровизации в нашей стране. Изучена проделанная работа по цифровизации и развитию электронного правительства и проанализирована работа, проводимая органами государственного управления и регионами.
Ключевые слова: информатизация, цифровая экономика, электронное правительство, электронные государственные услуги, реинжиниринг бизнес процессов, единый интерактивный портал государственных услуг, единая биллинговая система, социальная сеть.
Abstract: This article analyzes the processes of transition from informatization to digitization in our country. The work done on digitization and development of electronic government was studied and the work carried out by state administration bodies and regions was analyzed.
Key words: informatization, digital economy, e-government, electronic government services, BPR, single interactive portal of government services, single billing system, social network.
Kirish
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizga shunchalik singib ketdiki, hozirda nafaqat kundalik faoliyatimiz, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojini ham ularsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.
Xususan, statistik ma'lumotlarga qaraganda bugungi kunda dunyo aholisi 8,01 mlrd.ni tashkil etsa, 5,03 mlrd. (66,8 %) aholi internet foydalanuvchilari xisoblanadi. O'z navbatida ular kuniga o'rtacha 6 soat 49 minut vaqtlarini internet uchun sarflashi va uning 2 soat 29 minutini ijtimoiy tarmoqlarida o'tkazishi aniqlangan.
O'z navbatida, har 1 daqiqa davomida "YouTube" ijtimoiy tarmog'ida umumiy ko'rishlar soni 3,67 mln.tani tashkil etsa, "instagram" tarmog'iga 66 ming ta rasm va videolar va "twitter" tarmog'iga 575 mingta tvitlar joylanadi [1].
Ushbu raqamlardan ham axborot texnologiyalari bugungi kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanganligini ko'rish mumkin.
O'z navbatida, hozirgi davrda raqamli iqtisodiyot va u bilan bog'liq bo'lgan bir qancha samarador texnologiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda va ushbu globallashuv jarayonida yurtimizda ham axborot texnologiyalari va elektron hukumatni rivojlantirish, bu orqali fuqarolarga qo'shimcha qulayliklar yaratish bo'yicha bir qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shuning uchun ham uni qanday rivojlantirish masalalari jamiyat va halq oldida ko'ndalang bo'lib turibdi. Ushbu maqolada O'zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasining ba'zi bir yo'nalishlari mualliflar nuqtai-nazaridan muhokama qilinadi.
Adabiyotlar tahlili va metodologiya
Avvalo shuni aytish kerakki, raqamli iqtisodiyot o'zaro bog'liq bo'lgan ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarining zanjiridan iborat bo'lib, uning ajralmas elementi zanjirlararo (insonlararo, mashinalararo, bulutlar orqali, data markazlararo) raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshiriladigan ma'lumot almashishdir [2]. Raqamli iqtisodiyotda raqamli ko'rinishdagi ma'lumotlar barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ishlab chiqarishning asosiy elementi hisoblanadi va bunday iqtisodiyot tizimiga bosqichma-bosqich o'tish mamlakatimizning global miqyosidagi raqobatdoshligini oshirib, fuqarolarning hayot sifatini oshiradi, yangi ish joylarini yaratadi, jadal iqtisodiy o'sishga imkon yaratadi va milliy mustaqillikni ham ta'minlab beradi. Ushbu raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish dasturi quyidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun hizmat qilishi kerak [3]:
- O'zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotning ekotizimini yaratish;
- Mamlakat raqamli iqtisodiyot tizimining institutlari va infratuzilmasini yaratish;
- Respublikaning barcha tarmoqlarini qamrab oluvchi axborot jamiyati tashkil qilish uchun kerakli bo'lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- Global miqyosida va global bozorlarga respublikamizning raqoatdoshligini oshirish.
Endi O'zbekiston Respublikasining 2004-yilda kuchga kirgan "Axborotlashtirish to'g'risida"gi Qonunini ko'rib chiqadigan bo'lsak, unga ko'ra, axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari axborot resurslari, axborot texnologiyalari va axborot tizimlarini rivojlantirish hamda takomillashtirishning zamonaviy jahon tamoyillarini hisobga olgan holda milliy axborot tizimini yaratish;
davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari, shuningdek, yuridik hamda jismoniy shaxslarning axborot tizimlari asosida O'zbekiston Respublikasining yagona axborot makonini yaratish;
davlat axborot resurslarini shakllantirish, axborot tizimlarini yaratish hamda rivojlantirish, ularning bir-biriga mosligini va o'zaro aloqada ishlashini ta'minlash;
axborot texnologiyalarining zamonaviy vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish hamda axborot resurslari, xizmatlari va axborot texnologiyalari bozorini shakllantirishga ko'maklashish;
dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlantirilishini rag'batlantirishga qaratilgan [4].
Shu o'rinda, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini ta'minlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini ko'rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida axborotlashtirish va raqamlashtirish tushunchalarining mohiyatini ajratib olish zarur.
Axborotlashtirish - bu ko'p ma'noli atama bo'lib, ilg'or axborot texnologiyalari yordamida jamiyatda axborotdan foydalanish samaradorligini oshirish jarayonida [5], shuningdek, jamiyatning rivojlanishi va axborot jamiyatiga aylanishi jarayonida va postindustrial jamiyatning rivojlanishida asosiy omil hisoblanadi [6]. Shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga bo'lgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda sharoit yaratishning tashkiliy ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayoni [7].
Raqamlashtirish esa - iqtisodiy faoliyat va davlat boshqaruvini avtomatlashtirish va axborot tizimlarini qo'llashning yangi bosqichi hisoblanadi. Raqamli texnologiyalarga o'tish jarayoni, uning asosida nafaqat ishlab chiqarish yoki axborot-texnologiyalari masalalarini hal qilish, balki ular yordamida vaziyatni prognozlash, jarayonlarni va xarajatlarni optimallashtirish, yangi kontragentlarni jalb qilish maqsadida katta ma'lumotlarni to'plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish imkoniyatini yaratish mumkin.
Tahlil va natijalar
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 20 yil avval boshlangan Axborotlashtirish jarayonlarining bugungi kunga kelib to'liq amaliyotga joriy etilganligini inobatga olish, qisqa va uzoq muddatli maqsadli ko'rsatkichlarni va rejalarni raqamlashtirishga,
ya'ni raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xususan hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilishga yo'naltirish choralarini ko'rish zarur.
O'z navbatida, ushbu jarayonlarni jadallashtirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi "Raqamli O'zbekiston - 2030" strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-6079-son Farmoni respublika iqtisodiyotini raqamli shaklga o'tkazishda strategik vazifalarni bajarishga qaratilgan dasturi amal bo'lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjat O'zbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo'nalishlari hamda o'rta va uzoq muddatli istiqbolli vazifalarini belgilaydi, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etish uchun asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Xususan, bugungi kunga qadar davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari hamda hududlarni raqamlashtirish bo'yicha 2 mingdan ortiq loyihalar amaliyotga tatbiq etilgan bo'lib, ushbu loyihalar doirasida tadbirkorlar va fuqarolarga ko'plab qulayliklar yaratildi va bu o'z navbatida o'zining iqtisodiy samaradorligini ko'rsatdi [8].
Masalan, hududlarda 6 400 tadan ortiq bog'chalar faoliyatiga "Bolalar bog'chasi" axborot tizimi joriy etilishi natijasida, bolalar davomati hamda xodimlarga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda hisoblash imkoniyati yaratildi. Buning natijasida, 20 mlrd.so'mgacha ortiqcha subsidiya mablag'lari to'lanishi oldi olindi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan fuqarolarga doimiy egalik qilish, ijara yoki meros qilib qoldirish huquqi asosida tegishli bo'lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron davlat xizmati yo'lga qo'yilib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali shu paytgacha 45 mingdan ortiq arizalar qabul qilindi.
"Yonilg'i-moylash materiallarini qabul qilish va transport texnikasiga taqsimlash ob'ektlari uchun yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi"ni joriy etish orqali "Olmaliq KMK" AJda olib borilayotgan ish jarayonida foydalaniladigan transport texnikasi uchun ishlatiladigan yonilg'i-moylash materiallarining sarfi va ularga ketadigan xarajatlar nazorati raqamlashtirildi. Buning natijasida qog'oz sarfi 70 foizgacha va taqsimlash uchun ketadigan vaqt sarfi 2 barobargacha qisqartirildi.
Respublika bo'ylab xonadonlar haqidagi ma'lumotlar va hisob - kitoblarni monitoringini yurutuvchi "Mening uyim" billing tizimi ishga tushirildi. Respublika bo'yicha 1,3 mln. dan ortiq iste'molchilar ma'lumotlari shakllantirilib, tizim orqali 290 mlrd. so'mdan ortiq mablag' to'langan.
O'z navbatida, o'tgan yillar davomida davlat organlari faoliyatini avtomatlashtirish hamda fuqarolarga taqdim etiladigan davlat xizmatlarini elektron
ko'rinishga o'tkazish, davlat xizmatlarini BPR (Business process reengineering) qilish bo'yicha quyidagi maqsadli ko'rsatkichlarga erishildi:
Xususan, hozirgi kunda aholi va tadbirkorlik subyektlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali 400 ga yaqin elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda.
Ushbu xizmatlar bo'yicha 2021-yilda 5 mln. ga yaqin ariza kelib tushgan bo'lsa, 2022-yilda ushbu ko'rsatkich 10 mln. tani va o'sish darajasi 2 barobarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, "my.gov.uz" foydalanuvchilari 4 mln. dan oshdi;
2022-yilda "my.gov.uz" da bir qator ommabop elektron davlat xizmatlari joriy
etildi:
- Avtotransport vositalari oynalarining tusini o'zgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma olish;
- Chet tilini bilish darajasini aniqlash;
- Doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan yer uchastkalarini xususiylashtirish;
-Ko'chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi to'g'risida ma'lumotnoma berish;
- O'rta ta'lim to'g'risida shahodatnomaning dublikatni berish va boshqalar.
2017-2022 yillar oralig'ida, my.gov.uz va davlat xizmatlari markazlari orqali
ko'rsatiladigan davlat xizmatlarini ko'rsatish, ularni soddalashtirish bo'yicha Vazirlar Mahkamasining 100 dan ortiq qarorlari qabul qilindi.
Bundan tashqari, 2019-yilda Android hamda iOS operatsion tizimlari uchun "my.gov.uz" ning mobil ilovasi ishga tushirilgan bo'lib, hozirgi kunda ilovada 173 ta elektron xizmatlar joylashtirilgan.
Shuningdek, elektron to'lovlarni amalga oshirish va davlat xizmatlari uchun to'langan barcha to'lovlarning yagona hisobini yuritish maqsadida 2017-yilda Yagona billing tizimi joriy etildi va bank kassalari, elektron to'lov tizimlari va Internetbanking orqali davlat xizmatlarini ko'rsatish uchun to'lanadigan davlat to'lovlari va yig'imlar miqdorlarini qayd etish imkoniyati yaratildi. Ayni paytda Yagona billing tizimida umumiy qiymati 10 trln. so'mdan ortiq bo'lgan tranzaksiyalar shaffofligi ta'minlanib, barcha davlat xizmatlari markazlari, my.gov.uz, biznesni ro'yxatga olish tizimida ko'rsatiladigan barcha xizmatlar, notarius, fuqarolik va boshqa turdagi 360 dan ortiq xizmatlar tizimga ulangan.
Shu bilan birga, tijorat tashkilotlari va xo'jalik yurituvchi subyektlar tomonidan fuqarolarga o'z tijorat xizmatlarini ko'rsatish doirasida "Elektron hukumat"ning raqamli ma'lumotlar platformasi orqali davlat organlarining axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalari bilan o'zaro elektron hamkorlik qilish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Buning natijasida, ko'chmas mulk, avtotransport, jismoniy va yuridik shaxslar
to'g'risidagi hamda boshqa turdagi zarur ma'lumotlarni tezkor qayta ishlash va fuqarolarga sifatli xizmat ko'rsatish imkoniyati yaratildi.
Toshkent viloyatida "Elektron hukumat tizimini ma'lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi" ishga tushirildi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ma'lumotlarni qayta ishlash markazi "Uptime Instute"ning TIER III sertifikatiga ega.
Buning natijasida, davlat idoralarining o'z axborot tizimlarini saqlash uchun xarid qiladigan server qurilmalari va texnik qo'llab-quvvatlashga sarflaydigan harajatlarini tejash, fuqarolarga ko'rsatilayotgan elektron xizmatlarning uzluksizligi va sifatini yaxshilash hamda axborot xavfsizligi va kiber xurujlardan ishonchli himoya qilish imkoniyatlari yaratildi.
Yurtimizda, elektron hukumatni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar natijasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Elektron hukumatning (E-government Survey)ning navbatdagi reytingida O'zbekiston 193 ta davlat orasida 69-o'rinni egallab, 18 pog'onaga ko'tarildi.
Shuningdek, jahon bankining "GovTech Maturity Index" natijalariga ko'ra, O'zbekiston joriy yilda hukumat va davlat xizmatlari sektori bo'yicha - 37 pog'ona yuqorilab 43-o'rinni, raqamli ko'nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo'yicha 65 pog'ona yuqorilab 4-o'rinni egalladi.
O'zbekistonning elektron hukumat reytingida ijobiy natijalarga erishishi mamlakatimizda "Raqamli O'zbekiston - 2030" davlat dasturi doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani bilan chambarchas bog'liq xisoblanadi.
Shu bilan birga, yuqoridagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "2022-2023 yillarda axborot-kommnikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida" 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori qabul qilinib, unda tarmoqlar va hududlarda raqamli transformatsiya qilish jarayonlarini davom ettirishga qaratilgan 550 dan ortiq ustuvor loyihalar tasdiqlangan.
Xulosa
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish O'zbekiston Respublikasi uchun ham uning dunyo miqyosidagi raqobatbardoshligini belgilab beradigan strategik ahamiyatga molik masalalardan biri hisoblanadi. Bu esa davlatimizga raqamli iqtisodiyotning rivojlanishini uchun shart-sharoitlar yaratish, uni eng kerakli sohalarga yo'naltirish va bu jarayonni imkoniyat darajasida rag'batlantirish zarurligi belgilaydi. Milliy iqtisodiyotimizning yana bir muhim ajralib turadigan jihati shundaki, YIM asosiy qismi davlat tashkilotlari (yoki davlat ishtiroki ulushi katta bo'lgan tashkiltolar) tomonidan yaratiladi. Bunday sharoitlarda davlat tashkilotlari rahbarligi ostida industrial raqamli platformalar yaratish eng oqilona qadam hisoblanadi. Bunday platformalar raqamli iqtisodiyotning tez rivojlanishi va unga mos keluvchi
texnologiyalarning keng tarqalishi uchun zarur infratuzilma bazisini yaratadi. Fikrimizcha, raqamli iqtisodiyot platformalari tuzishda asosiy e'tiborni quyidagi yo'nalishlarga qaratish zarur: energetika, transport, sog'likni saqlash, soliq va soliqqa tortish, dori-darmonlar logistikasi, suv resurlaridan samarali foydalanish, turizm, tashqi iqtisodiy faoliyat, ko'chmas mulk savdosi va ushbu yo'nalishlardagi elektron davlat xizmatlari ulushi. Aynan shu sohalarning rivojlanishi kerakli infratuzilma va mos texnologik bazis yaratishga imkon beradi.
O'z navbatida, raqamli iqtisodiyotning boshqa yo'nalishlari, shu jumladan, big data, sun'iy intellekt, blokcheyn va bulutli texnologiyalar ham kelajak iqtisodiyotida va korporativ boshqaruvda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini hayotning rivojlanish tendentsiyalari yaqqol ko'rsatib turibdi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yhati
1. "Datareportal" internet portali ma'lumotlari.
2. Gulyamov S.S va boshqalar,Raqamli iqtisodiyotda blokcheyn texnologiyalari. T.: "Iqtisod Moliya" nashriyotida, 2019. 396 bet.
3. Ayupov R.X, Baltayeca G.R. Raqamli valyutalar bozori: innovatsiyalar va rivojlanish istiqbollari. -T: "Fan va texnologiya" nashriyoti, 2018, 172 bet.
4. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov, Toshkent sh., 2003-yil 11-dekabr, 560-II-son, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi "Adolat" milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi.
5. Светлана Гасумова Информационные технологии в социальной сфере. Учебник и практикум для СПО; Litres, 2020; ISBN 5042322566, ISBN 9785042322563.
6. Rogers, Everett M. (2000). "Informatization, globalization, and privatization in the new millennium". The Asian Journal of Communication. 10 (2): 71-92.
7. Axborotlashtirish nima? URL: https : //advice. uz/oz/document/2452.
8. "Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi" Davlat muassasasi hisobotlari.