"AVESTO"DA SOG'LOM AVLOD TARBIYASI Abduraimova Muqaddas Ergashovna
Dotsent ToshDAU https://doi.org/10.5281/zenodo.10885482
Annotatsiya. Markaziy Osiyodayashagan ajdodlarimiz farzandlarini sog'lom va jismoniy baquvvat qilib voyaga etkazishga katta e 'tibor berganlar. O'tmishdoshlarimizning tarixiy- adabiy yodgorligi "Avesto"da sog'lom avlodni tarbiyalash borasida ibratli fikrlar va pandlar yozib qoldirilgan. Ajdodlarimiz tiriklikning asosiy omillari Ona- tabiat, er, suv, havo, atrof- muhitni toza va pok saqlash orqali farzandlarini jismoniy baquvvat, ma'naviy-ruhiy jihatdan sog'lom qilib tarbiyalash mumkinligini teran anglaganliklari sababli farzandlarini ham ushbu ibratli g'oyalar ruhida tarbiyalashga jiddiy e 'tibor berganlar. Ushbu maqolada "Avesto"dagi ibratli g'oyalarning bugun ham o'z ahamiyatini saqlab qolayotganligi to'g'risida fikr yuritiladi.
Kalit so'zlar: Avesto, Zardusht, Ahura Mazda,Yasna, Vandidod,mazdaparastlik, ayol, Asha, sog'lom avlod, tarbiya, mehnat, g'oya.
KIRISH
Yurtimizda istiqlolning dastlabki yillardanoq yosh avlodni ma'rifatli, ma'naviyatli, jismonan baquvvat, ruhan pok va sog'lom avlod qilib voyaga etkazishga qaratilgan odil siyosat olib borilmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoyalash tizimini yaxshilash, aholining muhtoj va kam ta'minlangan toifasiga davlat e'tiborini qaratish, sog'lom avlodni tarbiyalash, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlari yaqqol misol bo'la oladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda mustaqilligimizning ilk yillaridanoq sog'lom avlod tarbiyasi eng ustuvor vazifa qilib belgilandi. Barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Mustaqil Vatanimizning birinchi ordeni "Sog'lom avlod uchun" deb atalgani, "Sog'lom avlod uchun xalqaro jamg'armasi" tuzilgani, Ta'lim to'g'risida qonun va Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining qabul qilinganligi vatanimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi o'zgarishlar bugungi kunda o'z samarasini berayotir.
Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganlaridek, -"Bir haqiqatni barchamiz chuqur anglab olishimiz kerak: milliy tarixni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga milliy ruhda yetkazish, ularning qalbiga, shuuriga singdirish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta'siri bo'lmaydi. Shuning uchun ham biz tariximizning barcha bosqichlarini yaxlit holda qabul qilib, har tomonlama chuqur o'rganishimiz zarur .
O'tmishdagi yutuq va g'alabalardan kuchquvvat olib, xato va mag'lubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o'zining taraqqiyot yo'li va kelajagini to'g'ri belgilay oladi."
Sog'lom avlod g'oyasining mohiyati nimadan iborat? Sog'lom avlod deganda, eng avvalo, sog'lom naslni, nafaqat jismonan baquvvat, shu bilan birga, ruhi, fikri sog'lom, iymon-e'tiqodi butun, bilimli, ma'naviyati yuksak,zararli va buzg'unchi g'oyalarga qarshi mafkuraviy immuniteti shakllangan, fidoyi, tashabbuskor, mard va jasur, vatanparvar avlodni tushuniladi.
Sog'lom avlod orzusi ajdodlarimizdan bizga etib kelayotgan, qon-qonimizga singib ketgan muqaddas tuyg'udir. Agar ota-bobolarimizning qadimiy va boy turmush tarziga va oilada tarbiya usuliga nazar solsak, ular nasl-nasab va etti pushtning tozaligiga katta e'tibor berganiga ishonch hosil qilamiz.
Ma'lumki, sog'lom avlod tarbiyasi oson ish emas. U har bir inson, oila, butun jamiyatdan jiddiy e'tibor va uzluksiz mashaqqatli mehnat talab etadi.
Sog'lom avlod g'oyasi, farzandlarimizning ham jismoniy, ham ma'naviy kamoliga xizmat qiladigan ta'lim-tarbiya tizimidir. YOsh avlod tarbiyasi uchun ota-ona, qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug', mahalla, jamiyat, davlat babbarovar mas'uldir. YOsh avlodni ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan kamol toptirish g'oyat murakkab vazifa. Negaki bugungi mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona zimdan olib borilayotgan hozirgi nozik qaltis sharoitda, bu masala nihoyatda muhimdir.
Zardushtiylik ta'limotiga ko'ra burchning eng birinchi da'vatlaridan biri - bu faqat sihat-salomatlik va jismoniy kuch haqidagina emas, balki ma'naviy soflik haqida ham g'amxo'rlik qilishdir. Ayollar sihat-salomatligi haqida, ular homilador bo'lgan va bola tug'ayotgan paytda g'amxo'rlik qilish ayniqsa zarur. «Homilali xushqad xotinlar ham osongina ko'z yormoqliklari» uchun xudodan so'rashlari qayd etiladi. Eson-omon ko'zi yorigan ayol xursandchiligi bir olam emas, ming olamdir. Ular ham buning sababini Tangri deb bilib, unga talpinadilar, ming marta shukrlar qilib Allohdan rozi bo'ladilar.
Darhaqiqat, tarixiy merosimiz "Avesto"1 da ayol-onalarga bag'ishlangan qasidalar ko'p, birida ilohiy farishta bo'lib tasvirlansa, ikkinchisida go'zallik ma'budasi bo'lib madh etiladi. Jumladan, "Avesto"ning Asha qasidasida ayol quyidagicha e'zozlanadi: "E'zozlaymiz va ardoqlaymiz Ulug' hokimimiz Ashani. Ezguliklar beradir bizga, Salomatlik beradir bizga, G'oyat suluv, shuhratmanddir u, Qudratlidir, g'oyat kuchlidir". "Suluv Asha, Nurafshon Asha, Farog' nurin taratadir Odamlarga U.
Shonu shukuh beradir kimning Jonibiga kelar bo'lsa u, Osudalik topar kulbakim Dadil qadam quyadir Asha Ostonasiga.
Asragaydir zamonlar bo'yi Avlodlarin, naslu nasabin". "O'ltirishar nozanin, go'zal, Ul zotlarning sarvdek qizlari. Bilakuzuklari yaraqlar. Qomatlarin bezar xipcha bel, Vujudlari so'limdir shunday, Chiroylidir va qo'llarida
1 "Avesto" to'g'risidagi ma'lumotlar. Avesto. Tarixiy- adabiy yodgorlik. Asqar Mahkam tarjimasi. T., "Sharq", 2001, kitobidan olindi.
Uzun bir dasta.
Yayratadir ular ko'zlarin
Sen yondashgan baxtli zotlarining...
...O, qudratli, farovon Asha,
Kelgil, hamroh bo'lgil menga ham.
("Avesto". Vandidod, Asha qasidasi, 2- bo'lim, 208-210 betlar).
Inson salomatligini saqlash va mustahkamlash borasida «Avesto» da berilgan maslahatlar orasida axlatlar, odamning o'z tanasi chiqindilari, murdalardan yiroqroq bo'lish haqidagi ko'rsatmalar bor. Inson chiqarayotgan nafasning zararli ekanligi haqidagi fikr ham qiziqarli va baxstalabdir. CHunki, hali kislorod va karbonat angidrid rasman kashf qilinmasidan, bu haqda tabobat o'z nuqtai nazarini bayon qilinmasidan bir necha ming yillar oldin o'rtaga tashlangan bu fikr fan nazaridan ham qimmatlidir.
«Avesto» da inson kasallanishining bosh sabablaridan biri sifatida ovqatlanish tartibining buzilishi ko'rsatiladi. YA'ni, vaqtida ovqatlanmaslik, ko'p och yurish yoki haddan tashqari ko'p ovqat iste'mol qilishdan turli xastaliklar - oshqozon-ichak, yurak-asab, qon-tomir kasalliklari paydo bo'ladi, deyiladi. Me'yorida ovqatlanib, sog'lom turmush kechiradigan va muayyan maqsad bilan harakat qilayotgan kishi tanasida qon aylanish yaxshilanadi, natijada tana sog'ligi mustahkamlanadi. «Sog'lom tanada sog'lom fikr» deganlaridek, mehnatsevar va sog'lom kishida nosoz, buzg'uvchi fikrlar ham bo'lmaydi. SHu sababli «Avesto»da o'z vaqtida ovqatlanishni qat'iy belgilab quyadi, chunki busiz inson o'z grajdanlik, xizmat, axloqiy burchlarini bajara olmaydi. Insonning ma'naviy hayotini Avestoda uning moddiy ta'minlanganligi bilan bevosita aloqador qilib qo'yiladi. «Eb ichmaydigan insonning toat-ibodat qilishga kuchi bo'lmaydi, er-xotinlik vazifasini ado etishga quvvati etmaydi, bola tug'dira olmaydi»
( "Avesto". Yasna, 33, 3-bob).
Muqaddas manbada ta'kidlanishicha, och qolish va yaxshi ovqat emaslik kishilarning axloq-odobiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Zardusht xudo nomidan hukmdorlarga qarata bunday deydi: YOmon ovqatlangan xalq na yaxshi, kuchli ishlovchilarga na sog'lom, baquvvat bolalarga ega bo'ladi...
Yomon ovqatlanishdan odob-axloq ham aynab ketadi. Agar non mo'l-ko'l bo'lsa, muqaddas so'zlar ham yaxshi qabul qilinadi.
Tabarruk manbada qayd etilishicha, mo'l- ko'lchilik, farovanlikning manbai mehnatdir. SHu sababli mehnat ulug'lanadi.Inson birinchi galda mehnat qilishi, o'z qo'li bilan noz- ne'mat yaratishi zarurligi o'qtiriladi. SHuning uchun ham ishyoqmaslik qolgan barcha nuqsonlarning koni deb qaralishi tasodifiy emas. Binobarin, dehqonchilikdagi mehnat, Zardusht ta'limotiga ko'ra, yaxshilikning namoyon bo'lishidagi asosiy etakchi omil, Ahura Mazda siymosida insoniy tus olgan qonunga bo'ysunishdir. "Don ekkan kishi , taqvodorlik urug'ini ekadi, u Mazdaga ixlosmandlik e'tiqodini olg'a suradi, u imonni oziqlantirib turadi..."
Bu qonunni bajarish 10 ming marta ibodat qilish bilan baravar, yuzlab qurbonlik qilishga
teng.
"Avesto"ning Vandidod qismi uchinchi fargardida bu haqda quyidagilar yozilgan:
"Ey, dunyoni yaratgan zot!
Ey, Haqiqat!
Mazda dinini qanday taom to'yg'izadi?
Ahura Mazda javob berdi:
-Ey, Sipiytmon Zardusht!
Bug'doy ekmoq va yana bug'doy ekmoq".
"Kimda- kim bug'doy eksa, u Ashahni(Haqiqat) ekadi. U Mazda dinini yana va yana ko'kartiradi.U Mazda dinini yuzlab hamdu sano, nazru niyoz va o'n minglab qurbonliklar bilan quvvatlantirgandek qudratli qiladi".
"Qachonki bug'doy gurkirab ko'karsa, devlar dahshatdan titray boshlaydilar.
Qay bir xonadonda bug'doy ombori bo'lsa, go'yo qizdirilgan temir devlar bo'ynini chirmab tashlaydi".
("Avesto". Vandidod, 3- fargard, 115 bet)
Ajdodlarimiz farzandlarining jismoiy baquvvat, ma'naviy etuk va sog'lom bo'lib voyaga etishishlariga bolalik davridan jiddiy e'tibor berib, ularni foydali mehnat bilan shug'ullanishlariga sharoit yaratganlar.Jumladan, "Bolalar,- deyiladi majmuada,- yosh paytidanoq daraxt o'tqazish, uy- ruzg'or qurollari yasash, erga ishlov berish va chorva bilan shug'ullanishlari shart". ("Avesto". YAsna, 19,22,68 Hotlar, -18,22,57,63,76,86,96 betlar)
Tabarruk manbada, bolalarning sog'lom bo'lib voyaga etishi uchun yuqorida nomlari keltirilgan yumushlarni bajarishlari shart qilib qo'yilgan.Ajdodlarimiz mehnat barcha boyliklarning asosi, hamma to'kinchilikning sababchisi, butun noz- ne'matlarning yaratuvchisi ekanligini teran anglaganliklari sababli farzandlarini mehnatsevarlikka o'rgatganlar. Aksincha, mehnatdan qochish xoru zorlik keltirishini ota- bobolarimiz yaxshi anglab, farzandlarini hayotdagi mushkulotlardan faqat sidqidildan qilingan mehnat qutqarishini ular ongiga yoshlik paytidan singdirib borishgan bo'lib, bu ibratli amallardan bugungi kunda ham yoshlar tarbiyasida foydalanish o'rinli deb o'ylaymiz.
Shuningdek, ajdodlarimiz mehnatni sevish, g'ayrat va matonat bilan ishlashning uchta shirin mevasi borligini ta'kidlaydilar: tan salomatligi, ko'ngil rohati, aql va zehnning ortishi. Ularning fikricha, mehnat insonni uch balodan asraydi: yurak siqilishidan, axloqiy buzuqlikdan, muhtojlikdan. Ajdodlarimiz aqidasicha, mehnat mehmon bo'lmagan er hech qachon baxt- saodat o'rni bo'la olmaydi, ya'ni inson mehnat qilishdan to'xtasa kamolotdan ham to'xtaydi.
Tarixiy yodgorlikda ayni vaqtda dangasalardan barakaning qochishi uqtirilgan. "Mehnat qilmaydigan odam,- deyilgan "Avesto"da,- sen haqiqatan ham tilanchilar qatorida yot eshiklarga ta'zim qilib, abadul- abad bosh egib turajaksan. Haqiqatdan ham sening yoningdan turli xil ziroatlarni olib o'tadilar, bu noz- ne'matlarning barchasi mehnat qilayotgan, to'q farovon yashayotgan xonadonga nasib etadi. Abadul- abad shunday bo'lajak". ("Avesto". Vandidod, 3- fargard, 3-bo'lim, 114-115 betlar)
"Avesto"dan yuqorida keltirilgan fikrlar insonlarni faqat mehnat tufayli noz- ne'matlar yaratish va bu noz- ne'matlar ularning farzandlarining sog'lom va baquvvat bo'lib voyaga etishlarining asosiy omili ekanligi to'g'risida etarli ma'lumot beradi. Bu ibratli fikrlar bugun ham o'z dolzarbligi va ahamiyatini saqlab qolayotganligini ta'kidlash o'rinli deb o'ylaymiz.
Bir qarashda nazarimizda juda oddiygina ko'rinadigan bu so'zlarda juda katta falsafiy ma'no, barcha uchun muhim tarbiyaviy o'gitlar borligini e'tirof etmoq o'rinlidir.
"Avesto"da naslning asl bo'lishi omillariga ham alohida e'tibor berilgan. Birinchi navbatda oila quradigan yigit va qizchalarning har jihatdan benuqson, sog'lom bo'lishi hisobga olingan. Ikkinchidan, homilador ayol iztirob chekmasligi, asabiylashmasligi, ko'proq meva, go'sht iste'mol qilishi, faqat halol mehnat evaziga topilgan rizqni eyishi uqtirilgan. Bolani tarbiyalashda
uzviylikka amal qilingan, ya'ni chaqaloq ikki yoshga qadar ona suti bilan to'la ta'minlanishi, uchinchi yoshga o'tgandagina mol suti va sutdan tayyorlangan ovqatlar bilan parvarish etish lozimligi uqtirilgan. Ona sutidan ajralgan go'dak, albatta, 5 yoshgacha sigir sutini iste'mol qilishni kanda qildmaslikka rioya qilishlik maxsus ta'kidlangan. Ajdodlarimizning bu o'gitlari bugun ham qadrlidir, kerakdir desak ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
Muqaddas manbaning aksariyat bandlari atrof- muhitni muhofaza qilish, jamoat, oila, shaxsiy gigiena xususida pand- nasihatlar berilganda aqliy, jismoniy, ruhiy poklik birma- bir sanab o'tiladi, unga rioya qilish me'yor nizomlari uqtiriladi, shunga da'vat qilinadi. Hatto biz buni Tangriga iltijo va murojaatlarda ham uchratamiz: "Ahura Mazda yaratgan yaxshilik moyasiga, sog'lom, aql- hushi tetik farzandlarga, jasur, dono, turli tillarni biladigan, yurtni balo- qazolardan himoya eta oladigan o'g'lonlarga, yaxshi kelajak, porloq hayotni ravshan ko'z bilan ko'ra oladigan poktiynat avlodlarga olqishlar bo'lsin!".
Mazdaparastlarning aqidasicha, sog'lom avlodning paydo bo'lishi benuqson naslning tug'ilishi uchun sog'lom turmush tarzi, ta'minoti bo'lishi lozim. Buning uchun esa birinchi navbatda ota- ona jismoniy baquvvat, jinsiy benuqson, o'z hunari , mehnati bilan halol rizqu ro'zini o'zi topib eydigan bo'lishi lozim. SHu sababli ota- onalar bo'lajak kuyov va kelinlarni tanlashda obdan o'ylab ish qilishgan. Har jihatdan benuqson yigitga, qaddi- qomati, rangu ro'yi mos, sog'lom qiz tanlangan. Uning zoti, nasl- nasabi surishtirilgan. Afti yoki terisida nuqsoni bor, oq, qora, qizil dog'i bo'lgan qizlar kelinlikka, yigitlar esa kuyovlikka saylanmagan, ya'ni ular "teng-tengi bilan" hikmatiga rioya qilishgan.
Hatto insonlar qirilib ketish xavfi tug'ilganda podshoh Jamshid Tangridan kelgan vahiyga ko'ra er osti shaharlar qurdirgan. Bunday manzilgohlarda, boshpanaga "Ahriman nafasi tekkan", deb nuqsonli odamlarni, hayvonu parrandalarni, tuxum, urug'larni kiritmagan. Naslning toza bo'lishi uchun homilador ayol hayajonlanmasligi, iztirobga tushmasligi, halol luqma eyishi lozim bo'lgan. Bola ona ko'kragidan ajralgach, uning uzluksiz mol sutini ichib yurishi, sut mahsulotlarini ko'proq iste'mol qilishi sog'lom va o'ktam o'sishining asosiy garovi ekanligi maxsus ta'kidlangan.
Ajdodlarimiz hamma davrlarda ham naslning asl bo'lishi xususida obdan o'ylab ish qilishgan. Bobomiz Amir Temur "Tuzuklari"da ham bu xususda ibratli mulohazalar mavjud: "O'g'illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e'tibor berdim, bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko'rdim. Kelin bo'lmishning nasl- nasabini, etti pushtini surishtirdim"2.
Bundan tashqari, bolalarning bardam- baquvvat o'sishida atrof- muhit pokizaligi, jamoat joylari gigienasi, turar joy, ish qurollarining pokizaligi ham muhim rol' o'ynashi "Avesto"da maxsus ta'kidlangan. Masalan, go'dakning sog'lom bo'lishi uchun uni ko'proq toza havoda olib yurish, badani, yuz- qo'lini, boshini bir kunda bir necha marta yuvib turish, uning sovuq suvni aslo iste'mol qilmasligi maxsus uqtirilgan. "Hum Yasht"da a'zolar ozodaligiga e'tibor berish, ayniqsa, yuz- qo'llarni hamisha yuvib turish, Ahrimanning nafasi tegmasligi, chang va boshqa bo'lg'anch g'uborlar o'tirib , turli kasalliklarni keltirib chiqarmasligi uchun boshga qalpoq kiyib, ro'mol o'rab yurish haqidagi fikrlar takrorlanib keladi.
"Avesto"dagi ko'plab dalillar shuni ko'rsatadiki, qadimgi ajdodlarimiz bolalarning chaqaloqligidan jismoniy, aqliy va jinsiy tarbiyasiga jiddiy e'tibor berishgan. Ular yosh bolalar
2 Amir Temur. Temur tuzuklari. T.: G'.G'ulom, 1996,- 68-72 betlar.
ochiq havoda , jismoniy mehnatda chiniqib voyaga etishlari lozim deb bilishgan. Buning uchun esa yoshlar chorvachilik, dehqonchilik, bog'dorchilik, hunarmandchilik yumushlariga jalb etilishlari zarur, shu kasblarni egallashlari shart qilib qo'yilgan. Zardushtiylikda yoshlarning o'zboshimchalik bilan turmush qurishlariga yo'l qo'yilmagan. Bu masala jamoa, ota- onalar izmida bo'lgan. G'ayrisha'riy xatti- harakat juda qattiq qoralangan, og'ir jazolarga mahkum qilingan.
Zardushtiylik paydo bo'lgan dastlabki vaqtlarda tuproqning holatini buzmaslik uchun o'lik erga ko'milmagan. Murda odamlar nazdidan yiroqqa- baland tepalikka eltib maxsus supalarga qo'yilgan. Uning go'shtini kalxat, o'limtikxo'r parandalar, darranda hayvonlar eb ketgach, suyaklar yig'ishtirib olinib, alohida joyda saqlangan yoki maxsus joyga ko'milgan. Biroq bu odat el orasida turli kasalliklarning tarqalishi, havoning buzilishi, naslning asliga zarar etishiga sabab bo'layotgani aniqlanib, keyinchalik jasadni dafn etish rasm qilingan.
"Avesto"ning "Vandidod" qismida jasadni er yuzining suvsiz, bo'm- bo'sh, qup- quruq qismi, odamlar, qo'ylar suruvi, yilqilar kam o'tadigan erga qo'yilishi kerakligi ta'kidlanadi:
"-Ey, olamni yaratgan Zot!
Ey, Haqiqat!- deyiladi manbada:
-Olovdan nechog'li uzoqda?
-Suvdan nechog'li uzoqda?
-Barsam dastalaridan nechog'li uzoqda?
-Ashavandan nechog'li uzoqda?"
"Ahura Mazda javob berdi:
-Olovdan uch qadam olis.
-Suvdan uch qadam olis.
-Barsam dastalaridan uch qadam olis.
-Ashavandan uch qadam olis".
("Avesto". Vandidod, 3 - fargard, 114 bet)
Muqaddas manbada tuproqni toza va pokiza saqlashga alohida e'tibor berilgan bo'lib, bu holat quyidagicha ifodalangan:
"-Ey, olamni yaratgan Zot! Ey, Haqiqat!
Oftob ostida yotgan odam jasadi erga tushib ketsa, er necha vaqtdan so'ng o'zining dastlabki pokizalik holatiga qaytadi?"
"Ahura Mazda javob berdi:
-Ey, Ashavan Zardusht!
Oftob ostida yotgan odam jasadi erga tushib ketgan lahzadan bir yil o'tgach, zamin o'zining dakstlabki poklik holiga qaytadi".
"-Ey, olamni yaratgan Zot! Ey, Haqiqat!
Odam jismi tuproqqa topshirilgach, qancha muddatdan so'ng zamin o'zining dastlabki poklik holatiga qaytadi?"
"Ahura Mazda javob berdi:
- Ey, Sipiytmon Zardusht!
Odam jismi tuproqqa topshirilgan lahzadan ellik yil o'tgandan so'ng zamin o'zining dastlabki poklik holiga qaytadi".
("Avesto". Vandidod, 7- fargard, 135 bet)
SHunda ham qabristonlar aholi yashaydigan joydan yiroqda- balandlikda, ariq, hovuz, suv havzalaridan ancha uzoqda barpo qilingan. Zahkash yurtlarda jasad maxsus dahmalarga kafanga o'rab qo'yilgan; boshqa joylarda esa ma'lum chuqurlikda kavlangan qabrlarga dafn etilgan. Murdani saqlash, uning liboslari, yotgan joyini qatron qilish, yuvish qoidalarining, murdashuy gigienasining "Vandidod"da alohida berilishi ham marhum a'zosidagi kasallarning boshqalarga yuqmasligining oldini olish chora- tadbirlaridan kelib chiqqan xulosalardir.
"Avesto"da ariq, hovuz, quduqlarni toza tutish, ularning atrofiga mol, tuya, ot, parrandalar va itlarni yaqinlashtirmaslik, ichimlik suv manbalari sohiliga meva daraxtlari o'tqazmaslik udumlari ham sog'liqni saqlash, har tomonlama , har xil kasalliklarning oldini olishda muhim omillardan hisoblangan. Bir dona xurmo, o'rik, nok yoki olmaning hovuzga yoki ariqqa tushib chirishi har xil kasalliklarni paydo qiladigan mikroblarning tarqalishiga sabab bo'lar ekan.
Tarixiy- adabiy merosimiz "Avesto"da inson salomatligining asosiy omillari bo'lmish olovni, suvni, tuproqni, daraxtlar va o'simliklarni, atrof- muhitni toza va pok saqlash to'g'risida ibratli ko'rsatmalar mavjud:
"Ey, Sipiytmon Zardusht!,- deyiladi manbada;
Kimki poklovchini shod aylasa, u olovni xushhol qilgan bo'ladi. Suvni xushnud qilgan bo'ladi. Tuproqni xushnud qilgan bo'ladi. Daraxtlarni xushnud qilgan bo'ladi. Ashavan erlar va ashavan ayollarni xushnud qilgan bo'ladi".
("Avesto". Vandidod, 9- fargard, 149 bet)
Umumlashtirib aytganda, bebaho tarixiy- adabiy yodgorlik "Avesto"dagi bu mulohazalar ajdodlarimizning miloddan oldingi davrlarda ham avlodlarning sog'lom bo'lishi xususida qayg'urishganliklari, buning uchun tabiatni, erni, suv va havoni, atrof- muhitni musaffo holda saqlash orqali farzandlarini sog'lom va baquvvat qilib tarbiyalashga erishish mumkinligiga intilganliklarini va unga amal qilganliklarini ko'rsatadi. XULOSA
Mamlakatimizda barkamol va sog'lom avlodni tarbiyalash borasida olib borilayotgan ibratli ishlar ajdodlarimiz buyuk ma'naviy merosi "Avesto"da ilgari surilgan sog'lom avlodni tarbiyalash to'g'risida to'plangan hayotiy tajriba va g'oyalardan foydalanish bugungi kunda ham o'z ahamiyatini saqlab qolayotganligini ko'rsatadi.
REFERENCES
1. SH.Mirziyoev. YAngi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi", T.: O'zbekiston" nashriyoti, 2022 yil. B. 275-276
2. Karimov I.A. YUksak ma'naviyat- engilmas kuch. T., Ma'naviyat, 2008,-32 bet.
3. Avesto. Tarixiy- abadiy yodgorlik.Asqar Mahkam tarjimasi. T., SHarq, 2001,-B.-18,22,57,63,76,86,96, 111-115, 135, 149, 208-210.
4. Amir Temur. Temur tuzuklari. T., G'. G'ulom, 1996, -B.- 68-72.
5. Maxmudova G.T. Filosofskaya suщnost' Avestbi. T., San'at, 2010, -S.123-125.
6. Xo'jamurodov I.R. "Avesto"da ona- zaminning e'zozlanishi// O'zbekiston Agrar fani xabarnomasi., 2001, 1(3) soni, B.-107-110.
7. Xo'jamurodov I.R. Ma'naviy merosimizda suv- hayot manbai ekanligi// O'zbekiston Agrar fani xabarnomasi. 2005, 2(20)soni, B.-120-124.
8. Isxoqov M. Ezgu fikr, ezgu so'z, ezgu amal kitobi.-T.,2001.B.-27-41.