ANSAMBL IJROCHILIGI AN'ANALARI
Nabijon Qodirov
Yu.Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti
Annotatsiya: Ushbu maqolada ansambl ijrochiligini o'ziga xos an'analar asosida davrlar osha rivoj topganligi, ansambl ijrochiligining ilk namunalari shunigdek, aynan o'zbek milliy ansambl ijrochiligi an'analari haqida fikr yuritiladi.
Kalit so'zlar: Ansambl, ijrochilik, an'ana, musiqa, cholg'u, madaniyat, san'at, milliy, ta'lim
TRADITIONS OF ENSEMBLE PERFORMANCE
Nabijan Kadyrov
Uzbek National Music Art Institute named after Yu.Rajabi
Abstract: This article discusses the development of ensemble performance over time based on its unique traditions, the first examples of ensemble performance, and the Uzbek national ensemble performance traditions.
Keywords: ensemble, performance, tradition, music, instrument, culture, art, national, education
Markaziy Osiyoda azaldan madaniyat va san'at yuksak darajada rivoj topganligi tarixdan ma'lum. Yurtimizning turli vohalarida arxeologik qazilmalar natijasida topilgan madaniy yodgorliklari buni yaqqol ifodasidir. Ayniqsa ularda turli cholg'ularni birgalikda ijro etilayotgani aks ettirilgan o'ymakorlik suratlari uzoq o'tmishda ham ansambl bo'lib ijro etish an'analari shakllanganidan dalolat beradi.
Ansambl ijrochiligining ilk namunalari Termez shahrining Ayritom (IIa.) yodgorliklarida namoyon bo'ladi. Ibodatxonaning boshlanish qadamgoh peshtog'iga bo'rttirib ishlangan tasvirda gullarga burkangan bir nechta sozanda ayollarning qo'lida arfa, ud, nog'ora, qo'shnay (avlos) kabi musiqiy cholg'ulardan iborat cholg'uchilar ansambli tasvirlangan. Musiqashunos olima T.Vizgoning ta'kidlashicha, "Ayritom frizi O'rta Osiyoda o'sha davrda ansambl ijrochiligi mavjud bo'lganligini tasdiqlovchi ilk ashyoviy dalil"dir.1
Tarixiy ma'lumotlardan har bir davrda ijtimoiy hayotning rivojlanishi asosida ansambllarning tarkib topganligi va musiqiy cholg'ularning jonli jarayon bilan bog'liq bo'lganligini anglashimiz mumkin. Jumladan, damli va urma cholg'ular ansambli har bir davr cholg'u ijrochiligi amaliyotda mashhur bo'lib kelgan. Bu ijro jamoasi inson
1 Вызго Т. Музыкалные инструменты Средней Азии. М-1980, .- C.42
274 http://oac.dsmi-qf.uz
turmush tarzi bilan chambarchas bog'liq bo'lgan. Damli va urma cholg'ular ansambli tarkibiga kiruvchi cholg'ularning tovushi baland va keskin bo'lganligi bois, ushbu ansambl asosan ochiq joyda qo'llanilgan.
O'rta asr miniatyuralarida aks ettirilgan musiqaga oid sahnalarida turli tarkibdagi cholg'u ijro ansambllarini ko'rish mumkin. Hususan, ixchamroq ko'rinishdagi cholg'u ansambllari (chang-barbat-daf-nay; chang-daf; chang-tanbur-nay-daf, chang-g'ijjak-rubob-daf va h.k.) odatda xonandaga jo'rnavozlik qilish yoki mumtoz she'riyat namunalarini o'qish vaqtida qo'llanilgan. Tarkibi kattaroq, ya'ni uchta-to'rtta cholg'ulardan iborat ansambllar esa ko'ngilochar bazmlarda, tantanali bayramlar va hordiq chiqarish kechalarida ishtirok etgan.
Ansambl ijrochiligi masalalariga oid ma'lumotlar Forobiy, Marog'iy Kavkabiy, Darvish Ali Changiy, so'ngi yillarda Fitrat kabi allomalar, musiqashunos olimlar risolalarida ham turlicha bayon etilgan. Nomoddiy madaniy yodgorliklari o'tmishda kasbiy ijrochilik san'ati o'z kamolotiga yetganidan, asrlar davomida jamoa bo'lib ijro etish an'analari saqlanib qolganidan dalolat beradi.
O'zbekiston hududida ansambl ijrochiligi XIX asr oxiri XX asr boshlarida yanada rivojlandi. Dastlab ansamblning keng qo'llanilgan shakllaridan biri - bu ikki ijrochining birgalikdagi jo'rnavozligidir. Bunda xonanda biror-bir torli cholg'uda o'z honishiga jo'rnavozlik qiladi, ikkinchi cholg'u (odatda zarbli cholg'u) kuyning sur'ati va usul asosini ochib beradi. Ushbu juftlikdan iborat ansambl ko'rinishi an'anaviy ijrochilik yo'nalishida muhim o'rin egallaydi.
Ansambl ijrochiligining yana bir tarkibi - uchta musiqiy cholg'u jo'rnavozligi bo'lib, unda xonanda biror-bir musiqa cholg'usida (tanbur) o'z xonishiga jo'rnavozlik qiladi va o'zi kuylayotgan qo'shiq ohangini to'la takrorlab boradi. Ikkinchi cholg'u (ko'p hollarda dutor) turfa ijro uslub (shtrix)lar yordamida kuyning ohang tizimini mantiqiy izchillikda sayqallashtirib boradi. Maqom ijrochiligida dutor va tanbur ohangdosh cholg'ular bo'lib, ular bir-birini doimo to'ldirib turadi. Uchinchi cholg'u (doira) usullar yordamida asar sur'atini barqarorlashtirish vazifasini o'taydi.
XIX asrning oxirida ansambl tarkibi odatda ikkita tanbur, dutor, qo'biz (yoki sato), doyra va ikki uch nafar jo'rovoz hofizlar bo'lgan. Shashmaqom ichida mavjud kichik-katta turkumlarni yakkaxon ijrochilik shaklida tanbur yetakchilik qilishi va doyra cholg'usida ma'lum usullar bir tartibda o'zgarmasdan chertilishi saroy musiqasida yuzaga kelgan an'analardan hisoblangan.
Alloma, professor Abdurauf Fitrat o'sha davrda iste'molda bo'lgan ansambl tarkiblarini quyidagicha ta'riflaydi "saroyda urf bo'lgan maqom ansamblida ikkita tanbur, bitta dutor, bitta qo'biz yoki sato, bitta doyra va ikkita-uchta hamnafas hofiz ishtirok etgan"2. Fitrat ta'riflagan ijro ansambli Buxoro, Samarqand, Xiva, Qo'qon, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda, xususan saroy sharoitida faoliyat ko'rsatgan.
2 Fitrat A. O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi. - T.: 1993.- B.12.
IM^^SI 275
http://oac.dsmi-qf.uz
Ular maqomlarning yaxlit turkum holda yoki alohida cholg'u va ashula qismlari ko'rinishida ijro qilishgan. Xususan, Talqin, Nasr, Savt kabi sho'balarni aytishga ixtisoslashgan hofizlar talqinxon, nasrchi, savtxon deb yuritilgan. Ularga tanbur, doyra yoki ixcham cholg'u ijro ansambllar jo'rnavozlik qilgan.
XX asrning boshlariga kelib o'zbek xalqining turmush tarzi o'zgarishi shuningdek, milliy musiqa san'atining taraqqiy etishi negizida turli ko'rinishdagi musiqiy jamoalar shakllanadi. 1926-yili Muhiddin Qori Yoqubov rahbarligida ilk konsert jamoasi tashkil etildi. Unga Farg'onaning mashhur sozanda va xonandalari Yusufjon qiziq Shakarjonov (nog'ora), Abduqodir Ismoilov (nay), Ahmadjon Umrzoqov (qo'shnay), To'xtasin Jalilov (g'ijjak), Usta Olim Komilov (chang)3, Muhiddin Hoji va Hayit Oxun (tanbur), Orifjon va Jo'raxon (xonandalar) taklif etilgan4. 1927-yilda bu jamoa "O'zbekiston davlat konsert - etnografik truppa"si nomini oladi. Ushbu jamoa 1926-1929-yillar davomida musiqa san'atining barcha janrlarida tinimsiz ijod qiladi5.
1936-yilda respublikada O'zbekiston davlat filarmoniyasi tashkil etilib, uning tasarrufida T.Jalilov tomonidan tuzilgan 98 kishilik "Etnografik ansambli", 1939-yili Yunus Rajabiy va Lutfixonim Sarimsoqova tashabbuslari bilan "dutorchi qiz-juvonlar ansambli" o'z faoliyatini boshlagan.
XX-asrning ikkinchi choragiga kelib turli tarkibdagi ansambl jamoalarining shakllanishi kuzatiladi. Shuningdek, o'tgan asrning 70-80- yillarida bir xil cholg'ulardan tashkil topgan ijro jamoalari rubobchilar va dutorchilar ansambllari, 80-yillar oxirida g'ijjakchilar, changchilar va doirachilar ansambllari keng ommalashadi.
Ansambl ijro jamoalarini tarkib topishi o'zbek musiqa amaliyotiga yangi bir bosqich sifatida kirib keldi. Albatta, bunday ansambllarini tashkil qilinishida ustoz san'atkorlarimiz Ro'zimat Isaboyev (tanbur), Muhammadjon Mirzayev (rubob), G'anijon Toshmatov (g'ijjak), G'ofur Azimov, To'ychi Inog'omov, keyinchalik Dilmurod va Elmurod Islomovlar (doyra), Ahmad Odilov, Fozil Xarratovlarning (chang) hissalari katta.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, tanbur cholg'usi azaldan aksariyat sozandalar tomonidan yakkasoz sifatida ijro etib kelingan. O'zbek musiqa amaliyotida ikki va undan ortiq tanbur jo'rnavozligi hali qo'llanilmagan edi. Buyuk sozanda T.Alimatov tashabbusi va bevosita rahbarligida konservatoriyaning "An'anaviy ijrochilik" kafedrasi talabalaridan iborat tanburchilar ansambli tashkil etilganligi e'tirofga loyiqdir.
Turli cholg'ulardan iborat aralash ansambllar yuqorida aytib o'tilgan ijro jamoalariga nisbatan kengroq qo'llanilgan. O'zbek musiqa ijrochilik san'atini taraqqiy
3 Usta Olim Komilov dastlab chang cholg'usida ijro qilgan, ko'zlari xiralashib qolganidan so'ng, doyraning mohir ijrochisiga aylangan.
4 Odilov A. "O'zbek xalq cholg'ularida ijrochilik tarixi". - Toshkent: 1995. - 33 b.
5 Irzayev B."O'zbek musiqa madaniyati tarixi sahifalaridan". - Toshkent:"Akademnashr" 2017. - 19b.
I ibiSi^^Bl ^76 http://oac.dsmi-qf.uz
etishi pirovardida, cholg'u ijro jamoalariga xonandalar ham jalb etilib, cholg'uchi va xonandalar tarkibidan iborat katta ko'rinishdagi ansambllar yuzaga keladi. 1959-yilda akademik Yunus Rajabiy tashabbusi bilan O'zbekiston teleradiosi qoshida tuzilgan "Maqom ansambli" shular jumlasidandir. Bu jamoaga tajribali xonanda va sozandalar jalb etilgan. Ushbu ansambl jamoasini tuzilishi Shashmaqomning yangi yo'nalishini yuzaga kelishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Inchunun bu "Maqom ansambli" mavjud an'analardan farqli o'laroq erkak va ayol ovozlar va sozandalardan tarkib topgan shaklda edi. Dastlab ansambl cholg'ulari tarkibi tanbur, dutor, g'ijjak, nay va doira kabi cholg'ularidan iborat bo'lgan bo'lsa, keyinchalik ansambl jarangdor sadoga ega bo'lgan chang cholg'usi bilan boyitilgan.
1972-yili Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasida "Sharq musiqa" kafedrasini ochilishi har tomonlama savodxon ijrochi sozanda va xonandalarni tarbiyalashda muhim o'rin tutdi. Ushbu o'quv dargohida ilk bor ansambl ijrochiligi mashg'ulotlarini O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Faxriddin Sodiqov boshlashga muyassar bo'ldi. Dastlabki davrning o'zidayoq ustoz ansambl o'quv dasturidan joy olgan Shashmaqom cholg'u yo'llarini Farg'ona-Toshkent ijro uslublariga amal qilgan holda yosh sozandalarga o'rgata boshladi. Yu.Rajabiy badiiy rahbarlik qilgan maqom ansamblida jonkuyar, zahmatkash musiqa rahbari bo'lib umrining oxirigacha xizmat qilgan Faxriddin Sodiqovning ansambldagi ish faoliyatini 1980-yillardan boshlab Abduxoshim Ismoilov namunali davom ettirib kelmoqda.
Uning rahbarlik davrida Shashmaqom ashula va cholg'u bo'limini zamonaviy yangi talqinda ijro etishga katta ahamiyat berildi. Sozandalar ansambli tarkibiga ud, qonun, nog'ora, afg'on rubobi, bugungi kunda qobuz bas cholg'ulari qo'shildi. Pirovardida, ansamblning sadolanishi yanada sayqallashdi, ansamblning tovush tarovati boyidi va har bir cholg'uning xususiyatiga qarab vazifasi belgilandi. Xususan, g'ijjak, chang, nay kabi cholg'ular asarning kuy avjlarini jaranglatib bergan. Tanbur sozi sehrli ovozi bilan asosiy ohangni bezab turgan. Dutor ovozining sadolanishi ancha past eshitilsa-da, o'zining tembri bilan asarga milliy tarovat bag'ishlagan. Doira kuy usul tizimining barqarorligini saqlab turgan.
O'z davrida konsertlarni katta sahnalar va ochiq maydonlarda o'tkazilishi, tovush kuchaytirgich moslamalarning yo'qligi va milliy sozlarimizni past sadolanishi kabi omillar katta tarkibdagi ansambllarni shakllanishiga sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. Biroq zamonaviy musiqa amaliyotida milliy cholg'ularimiz ancha takomilga yetgan va tezkor texnologik rivojlangan bir paytda ta'lim tizimi hamda professional ijro jamoalarida katta tarkibdagi ansambllarning o'rni beqiyosligi saqlanib qolmoqda.
Ta'lim tizimida tuzilgan katta tarkibli ansambllarda talabalar o'z ijro mahoratlarini yanada oshirishlari uchun muayyan imkoniyatlar vujudga keldi. Jamoaviy ijro sozandani dadil ijro qilishga va har bir musiqa cholg'usining tabiatiga qarab unga jo'r bo'lishga hamda ijroda soflik va bir butun uyg'unlikni tashkil etishga
I îhSi^^Bl 277 http://oac.dsmi-qf.uz
o'rgatadi. Yana bir e'tiborli tomoni, hozirgi kunda cholg'u ijro ansambllarida musiqiy cholg'ular orasida muvozanatni saqlashdir. Chunki ansamblda har bir sozandaning ijrosini eshita olish va muayyan bir ohang tizimiga biriktirilganlik holati har bir sozandada kuchli ma'suliyat hissini paydo qiladi.
Barcha musiqa san'ati turlari kabi ansambl ijrochiligi ham jonli jarayondir. O'tmishda saroy sozandalari tomonidan Shashmaqom yakka yoki juftlik (tanbur va doira) jo'rnavozligida ijro qilingan bo'lsa, bugungi kunda esa katta tarkibli ansambl chog'ulari bilan ijro etish rasm bo'ldi. Xoslar san'ati bo'lgan maqomlar aynan katta tarkibdagi ansambllar tufayli sahnaviy asarga aylandi. Ushbu ansambllar faoliyati zamon talablaridan kelib chiqib, yangicha ijro uslublarini o'zida mujassam etgan holda an'anani davom ettiraveradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Azizboyev S. An'anaviy g'ijjak ijrochiligi.T.: "Bilim" 2005.
2. Akbarov I.A. Musiqa lug'ati. Qayta nashri. - T.: "O'qituvchi" 1987.
3. Вызго Т. Музыкалные инструменты Средней Азии. -М.:1980.
4. Yunusov R. O'zbek xalq musiqa ijodi (ilmiy uslubiy tavsiyalar) 2 qism. - T.: 2000.
5. Irzayev B."O'zbek musiqa madaniyati tarixi sahifalaridan". - T.: "Akademnashr" 2017.
6. Hamidov H. O'zbek an'anaviy qo'shiqchilik madaniyati tarixi. - T.: "O'qituvchi" 1996.
7. Fitrat. O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi. - T.: 1993
8. Odilov A. O'zbek xalq cholg'ularida ijrochilik tarixi. - T.: "O'qituvchi" 1995.
278
http://oac.dsmi-qf.uz