ANSAMBL BO'LIB IJRO QILISHNING ASOSIY XUSUSIYATLARI
F.R.Zuparova
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Ushbu maqolada bir yoki bir necha sozandalar bilan jo'rnavoz bo'lib musiqiy asarni ijro etish, sozandada kasbiy mahoratni rivojlantirish, ansambl bo'lib musiqiy asar ijro etish jarayonida sozandalar bir-birlarini yaxshi eshitish, o'qituvchi ansambl sinfi fanida sozandani o'qitish jarayonida ijro ko'nikmasini shakllantirish hamda yakka va guruhli ijrochilikning o'zaro uyg'unligini ta'minlash to'g'risida ma'lumotlar berilgan.
Kalit so'zlar: ijrochi, pedagog, ansambl, sozanda, musiqa madaniyati, ijodiy hamkorlik, mahorat
THE MAIN CHARACTERISTICS OF PERFORMING AS AN ENSEMBLE
F.R.Zuparova
Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: In this article, playing a musical piece as an accompanist with one or more musicians, developing professional skills in a musician, musicians being able to hear each other well in the process of performing a musical piece as an ensemble, the teacher teaches the musician in the subject of the ensemble class. Information is provided on the formation of performance skills and the mutual harmony of individual and group performance in the course of training.
Keywords: performer, pedagogue, ensemble, musician, musical culture, creative cooperation, skill
Ko'p ovozli o'zbek xalq cholg'ulari ansambllarining ijrolari yakkaxon sozanda ijrosidan qanday farqlanadi? Maxsus cholg'u bo'yicha ijro texnikalarini to'liq egallab, biror ansamblda birgalikda ijro qilish sozandadan qanday bilim va ko'nikmalarni talab etadi?
Bir yoki bir necha sozandalar bilan jo'rnavoz bo'lib musiqiy asarni ijro etish sozandada kasbiy mahorat mavjud ekanligidan dalolat beradi. Ansambl bo'lib musiqiy asar ijro etish jarayonida sozandalar bir-birlarini yaxshi eshitishlari kerak. Ular zarur hollarda imo-ishora bilan muloqot qilishlari, sinxron ijro mobaynida bir xil sur'atda va dinamikada bir-birlariga mos harakat qilishlari, asar ijrosi davomida sozandalarning xatto nafas olishlari ham bir xil bo'lishi katta ahamiyatga ega bo'ladi. Birgalikda ansambl bo'lib ijro etishning yakkanavoz ijrosidan farqi shundaki, ansamblda musiqiy
asarga umumiy talqin beriladi, bir necha sozandalar birgalikda ijodiy hamfikr bo'lib, ularning mehnati natijasida mukammal musiqiy san'at asari namoyon bo'ladi. Ansambldagi har bir sozanda o'z partiyasini yaxshi bilishi, birgalikda ijro etilayotgan musiqiy asarning yuqori badiiy saviyadagi ijrosiga kafil bo'la olmaydi. Faqatgina ansambl tarkibidagi barcha sozandalarning birgalikda hamjihatlik bilan qilgan tinimsiz ijodiy hamkorligi natijasida professional ijro vujudga keladi.
Musiqiy asarning badiiy obrazi va uni talqin etishning umumiy rejasini tuzish, chuqur individual jarayondir. Uni xotirada muxrlash va kuzatish ancha qiyin hisoblanadi. Sozanda o'zi ijro etmoqchi bo'lgan musiqiy asar mohiyatini so'z bilan taxminiy tushuntirib (izohlab) berishdan ko'ra, to'g'ridan-to'g'ri asar sur'ati, ovoz kuchi va ta'sirchanligini ijro orqali ifodalashni afzal ko'radi.
Ansambl ijrosi uchun tanlangan yangi asarlarni sozandalar birgalikda o'qib (chitka), tahlil etib chiqqanlaridan keyin, musiqiy asar ustida mashq qilish jarayoni boshlanadi. Bu jarayonda ansambl sozandalari o'zlarining asar ijrosiga taalluqli talqin, fikr-mulohaza va takliflarini bildiradilar. Bunda har bir sozandaning faolligi hamda sozandalarning badiiy jihatdan bir-biriga yaqinlik darajalari aniqlanadi.
Xalq cholg'ulari orkestrlari ijro etadigan asarlar saviyasining yanada yuqori bo'lishi uchun hamma sozandalarni o'zining auftakti, imo-ishorasi va qo'l harakatlari bilan boshqarib turadigan rahbar - dirijyor faoliyat yuritishiga zarurat tug'iladi. Mukammal musiqiy bilimga ega bo'lgan kuchli sozanda o'z cholg'usini dirijyorlik tayoqchasiga almashtirib, orkestrni boshqarishdek og'ir, mas'uliyatli va sharafli vazifani o'z zimmasiga oladi. Xalq cholg'ulari orkestrlarini asar ijrosi boshlanishidan to yakunlangunga qadar bir rahbar, ya'ni dirijyor boshqarsa, ansamblda har doim ham bunday zarurat sezilmaydi. Bu esa quyidagicha izohlanadi.
Birinchidan, ansambl sozandalarining soni orkestrdagi sozandalar soniga nisbatan kam bo'ladi. Ikkinchidan, ansambl sozandalari ijro davomida bir-birlarini eshitib, nigohlari bilan ko'ra turib bog'liqlikda musiqiy asarni ijro qila oladilar. Shuning uchun ko'p ovozli ansambl sozandalari ijrosi jarayonida dirijyor rahbarligiga ehtiyoj kamroq seziladi.
Ansambl sozandalari uchun ular amalga oshirmoqchi bo'layotgan ijro niyatlarini muvofíqlashtirish, ularni umumiy mazmun bilan birlashtirish zarurati mavjud. Har bir ansamblda bu vazifa turli usullar yordamida amalga oshiriladi, lekin ko'pincha eng tashabbuskor, kasbiy nuqtai nazardan qobiliyatli, ansambl jamoasida yuqori mavqega ega bo'lgan, ba'zan esa harakatchan va tirishqoq sozanda ijrochilar orasida yetakchi vazifasini bajarib boradi. Ba'zan esa bu vazifani sozandalar galma-galdan bajaradilar. Ansambl repetitsiyalarining muvaffaqiyatli o'tishi har bir sozandaning ijodiy tashabbuskorligiga bevosita bog'liq bo'ladi.
Ansambl ijrochisining tinglovchilar oldidagi artistik javobgarlik hissi orkestr jamoasi qatnashchisinikiga nisbatan ancha yuqori, badiiy jihatdan o'zini namoyon etish imkoniyati esa ancha kengroq bo'ladi.
Kamer musiqalarni ijro etish muhiti sozandalarda ba'zi muhim sifatlarning mavjudligiga bog'liq. Bu narsani hikoya qiluvchi bilan hamsuhbat orasidagi farqqa o'xshatish mumkin, birinchisi uchun gapirish san'ati muhim bo'lsa, ikkinchisi uchun eshitish qobiliyati ham undan kam bo'lmagan ahamiyatga ega.
Har bir sozanda musiqiy asarni ansambl tarkibida ijro etish jarayonida sheriklarini o'z musiqiy tushunchasiga ergashtira olishi, o'zi tasavvur etayotgan musiqiy obrazlarni sheriklariga etkaza olishi, muallif ko'rsatmalariga o'zi berayotgan talqinlarning haqiqiy va tabiiy ekanligiga ishontira olishi va sheriklari fikriga hamohang bo'la olishi, ularning istaklarini tushunishi, ularni qiziqish bilan o'z fikrlari sifatida qabul qilish qobiliyati ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
Ansamblda musiqiy asarni ijro etish jarayonida ikki turdagi qobiliyatni ajratish zarur:
1. O'z fikriga ergashtira olish
2. O'zganing fikriga ergashishga tayyorlik
Birinchisi - kuchli iqtidor, fikrning yorqinligi, asar mazmunining emotsional jihatini ko'rsata olish, pedagogik qobiliyatning mavjudligini talab etadi.
Ikkinchisi - shahsiy jihatlarning hamda tarbiyaviy xususiyatlarning bir-biriga yaqinligi, musiqiy dunyoqarash va tasavvurning kengligi va ayniqsa emotsional xayrixohlik xislatlarining mavjudligi hamda ijrochilik mahoratining muxtasarligidir. Sozandalar mazkur har ikki qobiliyatga ega bo'lsalar, badiiy vazifani bir necha usullar bilan amalga oshirish imkoniyati yanada kengayadi.
Musiqiy asarni talqin qilishning yagona rejasini tuzish asosida bir-birini to'g'ri tushunish va o'zaro kelisha olish qobiliyatlari yotadi. Ijro jarayonida ansambl sozandalarining o'zaro yaqin aloqasi va muloqoti hamda uzluksiz bog'liq holda ishlashi natijasida ijrochilar tomonidan chuqur va tabiiy musiqiy obraz yaratiladi.
Sahnada aktyorlar o'z jumlalarini asosan galma-gal gapirib, dialog usulida muloqot qiladilar. Musiqiy ansamblda esa hamma partiyalarning bir vaqtning o'zida ijro etilishi - musiqiy bayon etishning asosiy shakli hisoblanadi. Musiqiy jumla tuzilishi og'zaki jumla tuzilishiga o'xshash bo'ladi, ammo u bilan bir xil emas. Sozanda aktyorlarda mavjud bo'lgan o'zaro muloqot imkoniyatlariga har doim ham ega emas, u pauzani mimika yoki boshqa harakat bilan to'ldira olmaydi. Musiqiy tovush badiiy obraz yaratish uchun yagona material hisoblanadi.
Ansambldagi barcha qatnashchilar tomonidan ayrim partiyalarning o'zaro turli aloqalarini bir xil tushunish hamda o'zining xususiy ijrochilik mahoratini umumiy maqsadga erishish uchun bo'ysindirish qobiliyati mavjud bo'lgandagina ko'ngildagidek samarali muloqot vujudga keladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. M.G'ofurov "Ansambl sinfi" Toshkent -
2. I.Akbarov "Musiqa lug'ati" Toshkent
3. K.Azimov "Xavaskor o'zbek xalq cholg'ulari orkestri tashkil qilish metodikasi" Toshkent
4. Abdumanabovna X. F. CORRECT REPRODUCTION OF MUSICAL TEXT IN INSTRUMENTAL PERFORMANCE //Science and innovation. - 2022. - T. 1. - №№. C3. - S. 108-112.
5. F Xakimova. YOSH AVLODNI MILLIY MUSIQA VOSITASIDA TARBIYALASH // - Central Asian Research Journal for Interdisciplinary..., 2022 T. 41-43.
6. Riksiyevna Z.F. Istoriya uzbekskogo muzikoznaniya i sovremenniye tendensii v nem. - 2022.
7. Fotimaxon ZUPAROVA IZ ISTORII OSNOVANIYA ANSAMBLYA "DUTARCHI KIZLAR" IMENI GANIDJANA TASHMATOVA // Kultura i iskusstvo Sentralnoy Azii 2019. Tom 10. №1. 41-44.
8. Sobirjon Turdibekovich Turatov. "CHOLG'U IJROCHILIGI TA'LIM YO'NALISHIDA MAXSUS FANLARINING AXBOROT TEXNOLOGIYALARI BILAN INTEGRATSIYALASHUVI" Oriental Art and Culture, vol. 4, no. 3, 2023, pp. 676-680.
9. Javohir G. MUSIQA TA'LIMIDA METOD VA USULLARDAN DARS JARAYONIDA FOYDALANISH //Oriental Art and Culture. - 2022. - T. 3. - №. 4. -S. 954-957.
10. Beknazarov K. PEDAGOGICAL CONDITIONS FOR DEVELOPING MUSICAL COMPETENCE OF FUTURE MUSIC TEACHERS USING UZBEK FOLK INSTRUMENTS //CURRENT RESEARCH JOURNAL OF PEDAGOGICS. -2023. - T. 4. - №. 06. - S. 101-107.
11. Kobilkoriyev K. Musiqiy ta'lim jarayonida doira ijrochiligini rivojlantirish //Obshestvo i innovatsii. - 2022. - T. 3. - №. 2/S. - S. 447-451.