INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
MUSIQA DARSLARIDA O'QUVCHILARNI O'Z USTIDA ISHLASH KO'NIKMALARINI SHAKLLANTIRISHNING NAZARIY-AMALIY ASOSLARI
Ismoilova Nargiza Sobirjon qizi
SamDU magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.7184132
Annotatsiya. Mazkur maqolada musiqa darslarida o'quvchilarni o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirishning nazariy-amaliy asoslari yoritilib berilgan. Musiqa madaaniyati darslarida o'quvchilarning o'z ustida muntazam ishlarida faoliyat turlarining ahamiyati, musiqa savodi, musiqa tinglash vajamoa bo'lib kuylash jarayonida o'quvchilarning o'z musiqiy bilimlarini oshirib borishi keltirilib o'tilgan.
Kalit so'zlar: musiqa darslari, o'z ustida ishlash ko'nikmalari, faoliyat turlari, ijrochilik ko'nikmalari.
ТЕОРЕТИКО-ПРАКТИЧЕСКИЕ ОСНОВЫ ФОРМИРОВАНИЯ РАБОЧИХ НАВЫКОВ УЧАЩИХСЯ В МУЗЫКАЛЬНЫХ УРОКАХ
Аннотация. Эта статья обеспечивает теоретическую и практическую основу для развития у студентов навыков самообучения на уроках музыки. Занятия по музыкальной культуре подчеркивают важность занятий для самостоятельного обучения студентов, музыкальной грамотности, прослушивания музыки и пения в группе для повышения их музыкальных знаний.
Ключевые слова: уроки музыки, навыки самообучения, деятельность, навыки исполнения.
THEORETICAL AND PRACTICAL BASIS FOR FORMATION OF STUDENTS 'WORKING SKILLS IN MUSIC LESSONS
Abstract. This article provides a theoretical and practical basis for developing students' self-study skills in music lessons. Music culture classes focus on the importance of activities for students to work on on a regular basis, and on how students can improve their musical knowledge through music literacy, listening to music, and singing as a group.
Keywords: music lessons, self-study skills, activities, performance skills.
KIRISH
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining —2017-2021 yillarda "O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida" gi 2017 yil 7 fevral PF-4947-soni hamda —2017-2021 yillarda "O'zbekiston respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini —Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to'g'risida"gi 2020 yil 2 martdagi PF-5953 Farmonida —Ta'lim va fan sohasini rivojlantirish alohida belgilab qo'yilgan.
TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI
Bugungi kunda har qanday jamiyatning rivojlanganlik darajasi uning ta'lim-tarbiya ishalarini to'g'ri yo'lga qo'yilishi, fan, madaniyat sohalariga bo'lgan e'tiboriga bog'liq bo'lmoqda. Zotan ta'lim-tarbiya jamiyatning, millatning kelajagini ta'minlaydigan jahon miqiyosidagi nufuzini belgilaydigan ustuvor omil hisoblanadi.
Musiqa darslarida o'quvchilarni o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirishda ularga avvalo musiqiy bilim va tushunchalarning mazmun mohiyatini, musiqa pedagogikasining
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
ahamiyatini, musiqiy rivojlanishda ijrochilik va mashg'ulotlarning ahamiyatini o'quvchilar ongiga singdirish lozim bo'ladi. O'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirishda musiqiy faoliyat turlarining ahamiyati juda katta. Musiqa o'qitish jarayonida amaliy faoliyatlar hal qiluvchi rol o'ynaydi. Bularning (kuylash, chalish, raqs tushish, turli harakatlar bajarish va boshqalar) orasida jamoaviy kuylash (xor) yetakchi rol o'ynaydi, zeroki o'quvchi ayni holda jo'rnavoz va dirijyor ishoralariga amal qilayotgan holda o'z ovozini boshqaradi, o'rtoqlari va jo'rnavozga o'z ijrosini muvofiqlashtirib boradi, ayni vaqtda asarning musiqiy ohangi va badiiy obrazlarini idrok etib mantiqan anglab boradi va badiiy zavqlanadi, kuylash jarayonida vokal -xor malakalarini doimiy ravishda rivojlantirib borish va uni ilmiy asosda amalga oshirib borib o'quvchilarda musiqiy bilimlar doirasini tarkib toptirib borish hal qiluvchi maqsad vazifalardan hisoblanadi.
Umumta'lim maktablarida o'qitiladigan "Musiqa madaniyati" fani o'quvchilarni ma'naviy, badiiy-estetik kamolotida muhim o'rin tutadi. Musiqa darslarida o'zlashtiriladigan kuy-qo'shiqlarni ongli ijro etishlari, ularning nazariy asoslari haqida yaratilish tarixi, mualliflari, uslublari, xarakteri, janriy xususiyatlari, tuzulishi va shu kabi xususiyatlarini ongli tushunib, o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish va shu asosda yondashib o'rganishlari uchun xizmat qiladi.
Musiqani nazariy amaliy ijrochilik tomondan bir butunlikda, uzviylikda o'zgartirib borish o'quvchilarni kelgusi faoliyatida muhim o'rin tutadi. Shuning uchun ham musiqa darslarini olib boruvchi o'qituvchilar eng avvalo, musiqa nazariyasi va metodikasidan yuqori malaka ega bo'lishlari talab etiladi. Dars jarayonida har bir mavzu mazmunida o'zlashtirish lozim bo'lgan musiqiy, musiqiy-nazariy bilimlarni mazmun va mohiyatini anglagan holda musiqaning ifoda vositalari (ifoda "til") musiqa adabiyoti bilan yaqindan tanishib borish o'quvchilarni hayotni musiqiy obrazlar orqali qanday aks etishi haqida zarur tushunchalarni egallashlariga, musiqiy tasavvur, obrazli his etishlariga olib keladi[2]. Bizga ma'lumki "musiqa madaniyati" darslari bir necha faoliyatlar negizida tashkil etiladi. Bu faoliyatlar tarkibida qo'shiq (jamoa bo'lib) kuylash, musiqa tinglash va musiqa savodi yetakchi faoliyatlar hisoblanib, o'quvchilarga dastur va darslik bo'yicha egallashi lozim bo'lgan bilim va tushunchalarni yetkazishga yo'naltirilgan bo'ladi. Shu o'rinda musiqa savodi faoliyatida amalga oshiriladigan ta'limiy va tarbiyaviy vazifalarga qisqacha to'xtalib o'tishni lozim deb topamiz.
Musiqa madaniyati darslarining musiqa savodi faoliyatida asosiy maqsad o'quvchilarni nazariy (musiqaning elementar) qoidalarini, ya'ni nota yozuvi bilan bog'liq ifoda vositalarini o'zlashtirib borishlariga asoslanadi. Musiqa savodi faoliyatida amalga oshiriladigan pedagogik faoliyat o'quvchilarning musiqiy tafakkur va musiqiy dunyoqarashi, musiqiy xotira, musiqiy idrokini shakllanishiga xizmat qiladi. Bu faoliyatda o'quvchilar musiqa asarining yaratilish tarixi, musiqaning ifoda vositalari, ritm, metr, o'lchov, registr, lad, temp, nota yo'li, nota cho'zimlari, tovushlar balandligi, sanalishi, ijodkorlari, ijrochilari haqidagi bilimlarni o'zlashtiradi.
TADQIQOT NATIJALARI
Darsda belgilangan pedagogik maqsadlar, musiqiy faoliyatlar uzviy yaxlitlikda olib borilganda o'quvchilarda musiqiy va musiqiy-nazariy bilimlarni o'zlashtirish orqali o'z ustida ishlash jarayoni samarali kechadi.
Bu o'rinda:
- musiqiy qobiliyatlarni riojlantirish;
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
- o'quvchilarning musiqani idrok etish malakalarini o'stirish;
- qo'shiq kuylash malakalarini (vokal-xor) rivojlantirish;
- musiqa nazariyasi asoslarini (elementar qoidalarini) o'rganish;
- musiqiy ritmni xis etish, unga mos xarakatlar bajarish orqali musiqiy q-qobiliyatlarni rivojlantirish;
- musiqiy-nazariy bilimlarni o'zlashtirish jarayonida o'quvchi shaxsida ijodiy tafakkurni shakllantirish;
- musiqaning g'oyaviy-badiiy mazmuni vositasida o'quvchilarda musiqiy dunyoqarashni shakllantirish, estetik va ahloqiy tarbiyani amalga oshirishga erishiladi. Natijada o'quvchilarda musiqa asarlari haqida mushoxada yuritishning boshlang'ich asoslari vujudga keladi.
Musiqa darslarida o'quvchilarning o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirishda boshlang'ich sinflarda o'quvchilarning musiqiy, musiqiy-nazariy savodxonligini rivojlantirishning metodik shart-sharoitlari olib borilgan tajriba-kuzatuv ishlarining tahliliy xulosalariga tayangan holda umumta'lim maktablari musiqa darslari jarayonida o'quvchilarda nazariy bilim, ko'nikma va malakalarini oshirishning shakl va uslublari aniqlandi. Boshlang'ich sinf musiqa darslarida musiqa savodi faoliyatining asosiy negizi va pedogogik maqsadi yangi dasturlarda berilgan chorak va yil mavzulari bo'yicha kuylash va tinglashga doir kuy va qo'shiqlarni savodli tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.
Boshlang'ich sinflarda musiqa savodi ya'ni nazariyasiga oid bilimlar quyidagi bosqichlar bo'yicha o'rgatiladi:
1. Bolalar diqqatini musiqaning asosiy ifoda vositalari kuy registrlar, temp, ritm, dinamik belgilar, nota belgilari, cho'zimlari, nota chizig'i, klitlar va boshqalarga qaratiladi.
2. Ovoz sozlash va qo'shiq ijro etish qoidalariga mansub bo'lgan bilimlar, chapak va cholg'u asboblar chalish qodalariga amal qilishga o'rgatish.
3. Musiqa asarini ijodkorlari bo'lmish "kompozitor yoki bastakor", "ijrochi", "tinglovchi" kabilarning o'rnini, ahamiyatini o'rganiladigan asar g'oyaviy badiiy mazmuni bilan bog'liq ravishda kerakli ma'lumotlarni musiqa savodi amaliyoti orqali o'rganib borish.
Musiqa darslarida belgilangan ushbu pedagogik maqsadlar barcha musiqiy faoliyatlar yaxlitligida olib borilganda o'quvchilarning o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish jarayoni samarali kechadi.
Masalan, birgina qo'shiq kuylash faoliyatini olib qaraylik. Biror qo'shiq o'rgatishdan avval o'qituvchi shu qo'shiqning ijodkorlari haqida gapirib beradi. Bu yerda musiqa savodining bir bo'limi musiqa tarixi ishtirok etadi. O'rganilayotgan qo'shiq notasi va so'zi doskaga yoziladi. Keyin magnitafon yozuvida yoki o'qitvchi ijrosida qo'shiq tinglanadi. O'z-o'zidan musiqa tinglash faoliyatiga duch kelamiz. Qo'shiq tinglangandan so'ng o'qituvchi yordamida o'quvilarning kuyning xarakteri, ifodaviy vositalari qaysi janrga tegishli ekanligini aniqlaydilar. Bu yerda esa musiqa asarlari taxliliga oid bilimlarga murojat etamiz.
Bu jarayonni amalga oshirishda tafakkur, diqqat, xotira, musiqiy eshituv va badiiy-emosional ko'tarinki ruh muhim rol o'ynaydi. Pedagogika va psixologiya fanlari shuni ta'kidlaydiki, bolalarda musiqiy, badiiy va nazariy malaka va ko'nikmalarni rivojlantirishning barcha turlariga bu narsalar bevosita aloqadordir, qolaversa butun ta'lim jarayonini bularsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Musiqa darslarida hotirani kuchaytirish va rivojlantirishning asosiy uslublaridan biri darslarni soddadan-murakkabga, quyidan-yuqoriga qarab borish prinsiplariga asoslangan holda uyushtirishdir.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
Musiqa darslarida o'quvchilarni o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirishda musiqa tinglash faoliyat turining ham salmog'i katta. Uning nazariy va amaliy asoslari mazmunini quyidagicha yoritish maqsadga muvofiq.
Katta tajribaga ega bo'lgan o'qituvchilar va musiqa pedogogika bo'yicha tadqiqotlar olib borish pedogog olimlarning fikrlarini tahlil qilish shuni ko'rsatdiki, musiqa ta'limi va tarbiyasi tizimidagi darslarni, xususan 1-sinfdan boshlab musiqa darslarini metodik jihatdan to'g'ri tashkil etishda tinglanadigan asarlarni tuzilishi, badiiy-g'oyaviy mazmuni va ularni bolalar yosh xususiyatlariga mosligi va ta'sirchan ijrochi hal qiluvchi ahamiyat kasb etar ekan ularning xulosalariga ko'ra musiqa tinglash jarayonini quyidagi bosqichlarda bo'lishi mumkin:
1. Tinglanadigan asar haqida o'qituvchining kirish so'zi (bunda o'quvchilarga musiqa janri, tuzilishi nima haqidaligi, mualliflari, asarni yoritish tarixi haqida so'zlab beradi.)
2. O'qituvchi ijrosida yoki texnik vosita orqali musiqani tinglash.
3. Tinglangan asarni suhbat munozara va bahs bilan musiqiy va g'oyaviy -badiiy jihatdan oddiy thahil qilish.
4. O'quvchilarni tushunchalari va musiqani qay darajada idrok etishini bilish uchun ular qisqa-qisqa savollar berish bilan aniqlab borish.
5. Musiqiy asarni qaytadan to'la xolicha tinglash hamda asar haqida o'quvchilarning umumiy taassurotlari yuzasidan yakuniy xulosa chiqarish.
O'quvchilarga o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish uchun musiqa savodi alohida ahamiyat kasb etadi.
Musiqa darslarida o'quvchilarning o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish va musiqiy-nazariy savodxonlgini rivojlantirish uslublarining amaliyotga tadbig'ida o'quvchilarning musiqiy-nazariy savodxonligini takomillashtirishga yo'naltirilgan pedagogik faoliyat mazmuni yuzasidan amaliy tajribalar mohiyati, tadqiqot maqsadiga ko'ra ishlab chiqilgan tajriba-sinov dasturi asosida ishlarni yo'lga qo'yish hamda amalga oshirish yo'llari va natijalari, o'quvchilarning musiqiy-nazariy savodxonligini rivojlantirish jarayonining samadorligini aniqlovchi bir qator mezonlar va tavsiyalar o'z ifodasini topgan. Musiqiy ta'lim-o'quv jarayonining o'qituvchi va o'quvchilar faoliyatidagi hamkorlik ta'limning eng samarali jihatlari hisoblanadi. Darsda o'quvchilar jamoa bo'lib kuylaydilar, musiqa tinglaydilar, musiqaga mos harakatlar bajaradilar. Bunda ular turli hil hissiy kechinmalarni boshdan kechiradilar. Darsni qiziqarli, turli usul, turli vositalar qo'llanilgan holda o'tilishi o'quvchilar tomonidan bilim, ko'nikma va malaklarni, o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish nisbatan qulay va qiyinchiliksiz egallash imkoniyatini oshiradi. Musiqa ta'lim tizimining tahlillari va shu vaqtga qadar to'plangan tajribalarni umumlashtirish musiqa darslarining yangi-yangi turlarini, qo'llaniladigan uslublarini tadbiq etish vazifasini qo'yadi.
Zamonamiz va ta'lim oldiga qo'yilayotgan talablar musiqa darslarini ham zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, musiqa darslarida o'quvchilarda o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish zaruriyatini vujudga keltirmoqdaki, bu o'rinda biz boshlang'ich sinf o'quvchilarining psixologik va fiziologik xususiyatlariga mos quyidagi dars turlari haqida to'xtalib o'tishni lozim deb topdik. Chunki, boshlang'ich sinflarda darslarni imkon qadar o'yin tarzida olib borish o'quvchilarning faolligini oshirishga va berilgan vazifalarni qiziqish bilan amalga oshirishlariga olib keladi. Masalan, musiqiy cholg'ular mavzusi o'tilganda, o'quvchilarga turli xildagi musiqa cholg'ulari surati solingan kartochkalar beriladi. O'qituvchi magnitofon yordamida biror bir cholg'uda ijro etilgan kuyni eshittiradi. O'quvchilar musiqiy
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
asar qanday cholg'uda ijro etilganligini qo'llaridagi kartochkalar orqali ko'rsatadilar. Faol o'quvchilar baholanadi va rag'batlamtiriladi[4, 109].
Ma'lumki, har qanday musiqa asari bu badiiy asar. Uni badiiy asar darajasida ijro etish sozandadan puxta bilim, yuksak mahorat va ijrochilik malakalarini talab etadi. O'qituvchi o'quvchida o'z ustida ishlash malakalarini shakllantirar ekan bunda ijrochilik malakalarini shakllantirish ham o'ziga xos ahamiyatga ega, bu borada o'qituvchi dastlab o'quvchida shu cholg'uga nisbatan mehr uyg'ota olishi kerak. Buning uchun dastlabki davrlardanoq imkoni boricha yaxshi jaranglaydigan, o'quvchiga yoqadigan asarlarni, ularni o'rganishga ishtiyoqini kuchaytiruvchi musiqiy asarlarni repertuarga kiritib borish lozim. Asar ustida ishlaganda boshlang'ich davrdan boshlab har bir shtrixni yaxshi tovush hosil qilinishiga e'tibor berish kerak, chunki sozandaning tovush kuchi va sifati ijroninng badiiy ifodalaydigan asosiy mezonlaridan biridir. Badiiy ifodalilik o'zbek xalq cholg'u asboblarining cholg'u ijrochiligida muhim ahamiyatga ega. Sozandaning ijro texnikasi qanchalik yuqori bo'lmasin, agar u asarning badiiy xususiyatlarini ochib bera olmasa tinglovchida yaxshi taassurot qoldira olmaydi. Bunday asar quruq, go'yo jonsiz, ruhsiz oddiy bir ko'rinishga ega bo'lib qoladi. Buning uchun sozanda o'z cholg'usini yaxshi bilishi va shtrixlarning ifodalilik xususiyatlarini yaxshi egallagan, ularni kerakli darajada qo'llay bilish, hamda tiniq ohangdor yig'ilgan tovushni kosil qila olishi va uni boshqara bilish kabi malakalarni to'liq o'zlashtirgan bo'lishi kerak.
Bunday malakalarni o'zlashtirish juda murakkab bo'lib, u muayyan vaqt talab etadi. Tajribada ijro texnikasi yuksak darajada, lekin kuyni his qila olmaydigan sozandalar uchrab turadilar. O'qituvchi o'quvchi bilan shug'ullanar ekan har bir mashg'ulotda o'quvchining musiqani his qila olish va uni sezish kabi nozik tuyg'ularini uzluksiz ravishda tarbiyalab borishi kerak [4,109b].
Har bir kuyning, har bir cholg'uning o'ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlari mavjud. Cholg'ularning rang-barang koloriti xususiyatlari ularning o'zigagina xos bo'lgan asarlarni chalish imkoniyatini yaratadi. Shunday ekan har bir sozanda o'z cholg'usini yaxshi bilishi kerak.
Kuyning dinamikasidan tortib har bir shtrixlarni qo'llashgacha bo'lgan barcha ijro etish usullari, badiiy ifodalilik vositalari bo'lib xizmat qiladi ya'ni sozning holati, tovush sifatining buzulib qolmasligini doim nazorat qilib turushi lozim. O'quv davrida ma'lum o'quv rejasidagi kuylarni o'rganmasdan o'quvchining musiqiy ongini o'stirish, xotirasini va ritmni his qilish hamda eshitish qobiliyatlarini ham tarbiyalab va rivojlantirib borishga alohida e'tibor qaratmog'i lozim. Buning uchun o'qituvchining o'zi dars jarayoniga ijodiy yondoshib o'quvchilarni sinchiklab kuzatib borishi va maqsadga erishishning har xil imkoniyatlarini topishi mumkin. Shulardan ayrimlariga e'tiboringizni qaratamiz.
1. O'quvchiga biron - bir asarni o'qituvchining o'zi ijro etib berib, birgalikda tahlil qilish va o'quvchilarga badiiy tomonlarini tushuntirib, mazmunini aniqroq ochib berish ya'ni o'quvchining dunyoqarashiga, his-tuyg'ulariga moslab asardagi musiqiy jumlalarni obrazli qiyoslab berish.
2. Magnit tasmalardagi kuy va qo'shiqlarni o'quvchilar bilan tinglab, uni muhokama va tahlil qilish yoki bir asarni cholg'udagi 2-3 xil ijrolarini solishtirib ularning farqlarini, kamchiliklarini va afzalliklarini tushuntirib berish.
3. Iloji boricha o'quv rejasidan tashqari o'zbek xalq kuylaridan biron-bir asarni hamma o'quvchilar bilan notasiz og'zaki an'anada o'rganish va chalish.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
4. O'quv muassasasi doirasida va undan tashqaridagi konsertlarda chiqish va konsertlarni tinglash. Konsertdan keyin albatta o'qituvchi konsert ijrochiligini tahlil qilib berishi va undagi yaxshi ijrolarni o'quvchilarga ko'rsatib berishi o'zining yaxshi natijasini beradi. Lekin shunga qaramay tajribali o'qituvchi va mohir sozandalarning ta'kidlashlaricha o'quvchiga tushuntirilayotgan musiqani o'qituvchining o'zi qanday tushuntirgan bo'lsa shunday ijro etib ko'rsatib berishi asarni ijrosini tez o'zlashtirib olishida eng asosiy omil hisoblanadi. Aynan ana shu jarayon orqali o'qituvchiga bo'lgan cheksiz hurmat, kasbiga bo'lgan qiziqish va intilish paydo bo'ladi.
5. Faqatgina o'zbek xalq cholg'u asarlarini tahlilqilmasdan boshqa cholg'ulardagi ijrolarni konsertda yoki magnit yozuvlarda eshitish va ularni tahlil qilish. Xuddi shu ijrodagi asarni o'zbek xalq cholg'u asboblari ijrosida eshitish va ulardagi badiiy ifodalilik imkoniyatlarini, vositalarini va shtrixlarini taqqoslab ko'rish va tahlil qilish.
Shu o'rinda o'zbek xalq cholg'ularidan ayrimlarining ijrochilik xususiyatlariga alohida to'xtalib o'tamiz.
MUHOKAMA
O'zbek xalq cholg'ulari rang-barang bo'lib, ular ijrochilik imkoniyatlari va funksiyalari, tuzulishlari bilan farq qilinadi.
O'z ustida muntazam ishlash ko'nikmalari orqali ijrochilik malakalarini shakllantirishda avvalo o'quvchilarni ushbu cholg'ular bilan tanishtiish va ularda qaysi cholg'uni ijro etishga bo'lgan ishtiyoqi kuchli ekanligini hisobga olgan holda ijro cholg'u asbobini mukammal ijro etishni o'rgatib borish zarur.
Dutor mayin ovozga ega bo'lib, noksimon kosaxonasi o'yma yoki qovurg'ali, unga yopishtirilgan nisbatan uzun va ingichka dastasiga yupqa qopqoq yopishtirilgan kosaxonasiga o'rnashgan uzun dastasiga esa qo'shpay yoki ipak torlaridan ikki o'ra qilib bog'langan pardalar mavjud. Odatda pardalari 13 ta bo'lib ular ikki oktavadan oshiqroq diapazonli to'la xromatik bo'lmagan tovush qatorni hosil qiladi. Dutorning ikkita ipak tori kvarta, kvinte yoki unison (oktava)ga sozlanadi. Dutorda asosiy ijro usuli tirnamadir. Ayni vaqtda esa dutorda shtrixlarning boyligi, o'ng qo'l va barmoqlarning ishlatilishi ham keng rivojlanmoqda. Dutor asarlari qo'shovozli faktura bilan xarakterlanadi.
Afg'on rubobi (Buxoro rubobi deb ham yuritiladi) o'ziga xos shaklga ega bo'lib, chertib chalinadigan noxunli cholg'u asbobidir. Usti teri bilan qoplangan, katta va chuqur o'yma qismining toraytirilgan yon tomonlaridan yuqori qismiga yupqa qopqoq yelimlangandir. Odatda kosa qismi bilan bir butun yo'niladigan yo'g'on dastasida ichakdan atigi 4 parda bog'langan bo'lib, qolganlarining yog'och qopqog'i ustiga cho'p qalamchalar yopishtiriladi. Rubob odatda 5 ta chalinadigan asosiy pay tor (shu jumladan unison sozlanadigan 1-2, 3-4 qo'sh torlar) hamda yon quloq (go'shak) larga tortildigan 10-11 ta aks sado beruvchi sim torlarlarga ega bo'lib, asosiy torlar o'zaro kvartaga sozlansa, aks sado beruvchi simlar pog'onama-pog'ona ko'tarilib boruvchi sekundalarni tashkil etadi. Diapazoni ikki oktava doirasida bo'lganiga qaramay afg'on rubobi deyarli professional xalq sozandalari, yakkanavoz soz hamda, ansambl tarkibida O'zbekistonning asosan Buxoro shahrida ishlatiladi [3,17].
Darslarga qo'yiladigan didaktik talablar tizimida qo'llaniladigan metodikaning aniq va tushunarli bo'lishi avvalgi o'tilgan darslar bilan o'tilayotgan darsning uzviy bog'langan bo'lishi, o'tiladigan mavzuga mos material tanlash, dars o'tishda samarali usul va metodlardan foydalanish, darsni tashkil eta bilish, jamoa, guruh va individual ishlash usullarini o'zlashtirish
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 6 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
dars jarayonida har bir o'quvchining individual xususiyatini hisobga olish, musiqa ma'daniyati darslarini boshqarish, boshqa fanlar aloqadorligi xususiyatlaridan dars mazmunini boyitishda foydalanish o'quvchilarni oz ustida muntazam ishlashiga zamin yaratadi.
Ko'rinadiki, o'quvchilarning o'z ustida ishlash ko'nikmalarini shakllantirish, musiqiy-nazariy bilimlarini o'zlashtirish va shu jarayonda nota o'qish, notaga qarab kuylash malakalarini egallashlari avvalo o'qituvchining kasbiy maxoratiga, darslarni tashkil, qilish, boshqarish, rejalashtirish, samarali ish uslublaridan unumli foydalanish, o'quvchilarni umummusiqiy, musiqiy-nazariy pirovardida nota o'qish va notaga qarab kuylash malakalarini rivojlanishiga samarali ta'sir ko'rsatadi.
XULOSA
Bunday pedagogik talablar singdirilgan o'quv mashg'ulotlari zamirida o'quvchilarda haqiqiy musiqiy madaniyatni va vokal-xor kuylash malakalarini shakllantirish imkoniyati yaratiladi. Hozirgi kundagi musiqa ta'limi va tarbiyasi oldiga qo'yilayotgan zamonaviy talablarning asl mazmuni va mohiyati ham ana shuni taqozo etadi.
REFERENCES
1. "2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi.// "Xalq so'zi" gazetasi, 2017 yil 8-fevral.
2. Soipova D. Musiqiy va musiqiy-nazariy bilimlarni o'zlashtirish jarayonini takomillashtirish. -T.: 2006y.
3. Xalilov F. N. Cholg'u ijrochiligi mahoratini oshirishning didaktik asoslari. O'quv qo'llanma T. 2002 yil.
4. Kiyamov N.S, Tolliboyev N. Ta'lim tizimida musiqa o'qituvchilarining ijodiy faoliyatini oshirish yo'llari. Материалы Международной научно-практической конференции на тему: "Проблемы образования и занятости населения". - Самарканд, 2008. - С. 109111.