Научная статья на тему 'ALISHER NAVOIYNING NAVRO`ZGA OID QARASHLARI'

ALISHER NAVOIYNING NAVRO`ZGA OID QARASHLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Alisher Navoiy / Navro`zi olam / marosimlar / kelib chiqishi / tarqalishi / an’analar. / Алишер Навои / Навруз / обряды / происхождение / распространение / традиции.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Fozilova Ogiloy Fayoz Qizi

Mazkur maqolada, Navro`z ta’rixi va kelib chiqishi haqida olimlarimizning qarashlari haqida ma’lumot keltirilgan bo`lib, buyuk allomamiz Alisher Navoiyning Navro`z haqidagi qarashlari tavsiflangan. Alisher Navoiy ijodida Navro‘z ta’rifi, Navro‘z shukuhi tasviri alohida o‘rin tutishini mazkur maqolani o`qib tushunib olishingiz mumkin.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

МНЕНИЕ АЛИШЕРА НАВОИ О НАВРУЗ

В данной статье дана информация о взглядах наших ученых на историю и происхождение Навруза, а также описаны взгляды нашего великого ученого Алишера Навои на Навруз. Прочитав эту статью, вы сможете понять, что определение Навруза и образ Навруза занимают особое место в творчестве Алишера Навои.

Текст научной работы на тему «ALISHER NAVOIYNING NAVRO`ZGA OID QARASHLARI»

ALISHER NAVOIYNING NAVROZGA OID QARASHLARI Fozilova O'g'iloy Fayoz qizi

Buxoro davlat universiteti 1-bosqich tayanch doktoranti, 26-umumiy o'rta ta'lim maktabi

o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.7935047 Annotatsiya: Mazkur maqolada, Navro'z ta'rixi va kelib chiqishi haqida olimlarimizning qarashlari haqida ma'lumot keltirilgan bo'lib, buyuk allomamiz Alisher Navoiyning Navro'z haqidagi qarashlari tavsiflangan. Alisher Navoiy ijodida Navro'z ta'rifi, Navro'z shukuhi tasviri alohida o'rin tutishini mazkur maqolani oqib tushunib olishingiz mumkin.

Kalit so'zlari: Alisher Navoiy, Navro'zi olam, marosimlar, kelib chiqishi, tarqalishi, an'analar.

МНЕНИЕ АЛИШЕРА НАВОИ О НАВРУЗ Аннотация: В данной статье дана информация о взглядах наших ученых на историю и происхождение Навруза, а также описаны взгляды нашего великого ученого Алишера Навои на Навруз. Прочитав эту статью, вы сможете понять, что определение Навруза и образ Навруза занимают особое место в творчестве Алишера Навои.

Ключевые слова: Алишер Навои, Навруз, обряды, происхождение, распространение, традиции.

OPINION OF ALISHER NAVOY ABOUT NAVRUZ Abstract: This article provides information about the views of our scientists on the history and origin of Navruz, and also describes the views of our great scientist Alisher Navoi on Navruz. After reading this article, you will be able to understand that the definition of Navruz and the image of Navruz occupy a special place in the work of Alisher Navoi.

Key words: Alisher Navoi, Navruz, rituals, origin, distribution, traditions.

KIRISH

Ko'yunga har kun borib har dam ko'ray dermen seni, Menga har kun bayramu har lahza Navro'ze kerak.

Alisher Navoiy

Asrlar davomida Navro'z xalqimiz hayotidagi eng muhim kun hisoblangan. Kun va tun teng bo'lgan ayyomda bayram qilinadigan Navro'zda hamma xursand, shod va baxtiyor bo'ladi. Qadimdan bayramlar (ma'lum vaqtda takrorlanib turgani uchun) o'ziga xos vaqt o'lchovi hisoblangan. Shu jumladan, Navro'z ham vaqt o'lchovi sifatida xizmat qilgan, boshqacha qilib aytganda, Navro'z vaqtni chuqur his qilish, umr qadriga yetish uchun sharoit yaratgan. Navro'z hayotning eng yaxshi tomonlarini aks ettiradigan ko'zgu bo'lib xizmat qilgan. Bu bayram jismoniy va aqliy mehnatdan ozodlik hamda turli majburiyatlardan erkinlik kuni hisoblanib, odamlar kundalik ish, vazifa, burch, tashvishlardan ozod bo'lishgan. Navro'z kunida tenglik hukm surgan - hamma bir qozondan ovqat yeb, birgalikda sayilgohlarga chiqib, sayr qilishgan. Navro'z kunida vujudga kelgan ruhiy ko'tarinkilik kishilarni ertangi kuniga umid bog'lashga, kelajakka ishonch bilan qarashga, hayotni yanada go'zal qilishga undagan.1

Alisher Navoiy ijodida Navro'z ta'rifi, Navro'z shukuhi tasviri alohida o'rin tutadi. Shoirning deyarli barcha asarlari - g'azallari, dostonlari, "Tarixi muluki Ajam", "Mahbub ul-

1 Olimjon Davlatov, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori. "Navro'z Navoiy ta'rifida" https ://uza.uz/posts/201599.

qulub", "Holoti Pahlavon Muhammad", "Munshaot" kabi nasriy asarlarida ham Navro'z bilan bog'liq fikr-ma'lumotlar, ta'rifu tavsiflar, obrazli iboralar, betakror qofiyalarga duch kelamiz. Bu so'z Navoiy ijodida nafaqat Navro'zni, umuman, bahorni bildirib keladi. TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI

Navro'z bayramiga afsonaviy Jamshid asos solgan. U qadimgi Eronning peshdodiylar sulolasiga mansub uchinchi hukmdori bo'lgan. Alisher Navoiy "Tarixi muluki Ajam" asarida yozishicha ham, u Istaxr shahrida: "uluq binoye soldikim, holo osori va nishonalari borkim, odamizod andoq yasamoq mahol ko'runurkim, kishi ko'rmaguncha bovar qilmas. Va ani Chihilminor derlar. Chun bu imorat tugandi, olam salotin va ashrof va akobirin yig'ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqtai e'tidoli rub'ig'a tahvil qilib erdi, ul binoda taxt ustida o'lturub, adolat siyt va sadosin olamg'a muntashir qildi va ul kunning otin Navro'z qo'ydi". Navoiyning nasrda yozgan bu ma'lumotlari Firdavsiyning "Shohnoma"sida bitgan quyidagi baytlarini yodga soladi:

Yil boshi Xurmuzu edi farvardin, Dilda na g'am qoldi, na adovat-kin. Bu baxtiyor kunni o'shandan buyon, Shohlardan yodgor deb bilurlar hamon.2

Hazrat Alisher Navoiy o'z asarlarida bahor fasli bilan bog'liq tasvirlarni ham maroq bilan yozar ekan, Navro'zni ham tilga olgan va buning yorqin misoli "Layli va Majnun" dostonida bitgan "Bahor vasfi" nomli bobidir. Uni qaysidir ma'noda ulug' shoirning bahor va Navro'z haqidagi hayratlari deyish mumkin. Bobni shoir go'yo donishmand xalqimizning "Hamal kirdi -amal kirdi", "Hamal kirdi, ekinlarga amal kirdi", degan qadimiy maqoliga poetik ishorasi bilan boshlangan:

Mehr istadi chun hamal farog'i, Dasht uzra butar qo'zi qulog'i. Gul sham'i havoyi gulshan aylar, Gulshanni furug'i ravshan aylar.

"Saddi Iskandariy" dostonining 19-bobida shoir Navro'z so'zini butun borliqni birdek, saxiylik bilan yashnatuvchi bahor fasli hamda tog'u dashtga yog'uvchi bahorning serob qut yomg'irlari va butun xalq umidu shukrona bilan orziqib kutadigan yilboshi bayrami, ya'ni Navro'z bayrami ma'nolarida san'atkorona qo'llagan hamda adolat barchaning tengligidir, degan o'zining ijtimoiy fikrlariga tamsil qilib keltirgan va ham doimgidek ulug' shoir Navro'z so'zini qofiyaga chiqarib, "navro'zdek - jahonso'zdek" kabi qofiyalar yaratgan: Adolat aro fasli Navro'zdek, Siyosatda barki jahonso'zdek.

Adolati bahordek, bahor yomg'irlaridek va Navro'zdek bo'lsa, siyosati esa go'yo olamni kuydiruvchi bahor chaqmog'idekdir. Adolat va siyosat tushunchalarini bunday shaklda, ya'ni xalqning ko'ngliga yaqin tushuncha, hodisalar bilan qiyoslash, barcha osonlik bilan tushunadigan, yodida qoladigan usulda tushuntirib berish Navoiy ijodiga, uslubiga xos mahoratni ko'rsatuvchi betakror poetik hamda didaktik topilmadir. Chunki adl, adolatni Navro'zga qiyoslash faqat va faqat Navoiy ijodida uchraydi.

2 Burobiya Rajabova, O'zFA Til, adabiyot va folklor institute katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi. "Navoiy ijodida Navro'z!" https://kknews.uz/oz/11587.html.

Dostonning Husayn Boyqaroning kichik o'g'li Muzaffar Husayn mirzoga bag'ishlangan 84-bobida esa shoir o'zining "Ollohga shukrkim, yil yaxshi kelib, baxtim, g'ayratim, ilhomim ijodiy ishimga rivoj berib, bu shohona kitobni, ya'ni eng katta doston - 89-bobdan iborat "Saddi Iskandariy"ni tugatdim, tugatganda ham bezab tugatdim" degan shukronasini bayon etib (shukronasida shoir "Xamsa"ning ham omadli yakunlanganligiga ishora qilgan - B.R.), shahzodaga shoirona lutf, ustozlarga xos talabu mehr bilan nasihatlar, tilagu istaklar bitar ekan, yilning yaxshi kelishi Navro'zdan, bahordan ma'lum bo'lganidek, elu yurt uning olamni yorituvchi yuzidan ko'p umidvor, degan hayotiy xulosalarining badiiy talqinini quyidagicha tasvirlaydi:

Ulus chehrai olam afro'zidin, "Bilur yil kelishini Navro'zidin".

Ko'rinib turibdiki, shoir baytda irsoli masal san'ati yordamida dono xalqimizning "Yilning yaxshi kelishi bahordan ma'lum" degan maqolini o'rinli ishlatgan. Navoiy baytda bahor so'zi o'rnida Navro'z so'zini qo'llab, so'z o'yini qiladi, birinchidan, Navro'z ayyomiga ishora qilsa, ikkinchidan esa "afro'zidin-Navro'zidin" shaklda go'zal va mantiqan izchil qofiyalar ijod qilgan hamda talmeh, tanosub san'atlari vositasida bahor chog'i, yangi yil kirgan vaqtga, duo, tilak, niyatlar ijobat bo'ladigan kunga ham ishoralar qilgan. Demak, shoir ushbu ishoralari bilan nafaqat shahzodani, balki butun insonlarni ezgulikka undagani shubhasiz. TADQIQOT NATIJALARI VA MUHOKAMA

Navoiy "Holoti Pahlavon Muhammad"da ustoziga nisbatan Navro'z so'zini qo'llab "Pahlavonning suhbati Navro'z bayramicha erdi" deya juda go'zal va ohorli lutf qiladiki, nazarimizda, bunday lutf Navro'zni bayram sifatida nishonlaydigan xalqlar didaktikasida, pedagogik qarashlar tarixida uchramasa kerak. Bu qadrli va qimmatli baho o'zi va o'zgaga jo'shqinlik, ko'tarinki kayfiyat ulashuvchi ham ustoz, ham shogird ongidagi, qalbidagi, ruhiyatidagi, jismidagi, xonadonidagi barcha g'uborlarni ko'tarib, salomatlik, xotirjamlik, "Keng fe'l - ketmas davlat"ga yetkazuvchi o'xshashi yo'q ilhom, qiyos, mengzashdir, aslida. "Munshaot"ga kiritgan maktublaridan birinchisida bahor fasliga to'xtalar ekan, Navoiy "Navro'zi nasimi" birikmasini ishlatgan: "Tog'-tog' niyoz rafidin so'ngra qof-qof ixlos yuzidin ma'ruz ulkim, bu fasldakim, Navro'z nasimining mushkbezligi lola dimog'in savdoyi va bahor salqinining atrengezligi bulut mizojni havoyi qilibturur, loladek savdoyilig'din tog' havosi qilib, bulutdek havoyilig'din qayo savdosi boshqa tushti".3

Mir Alisher Navoiy hazratlari ham o'z asarlarida: "Har tuning "Qadr" o'lubon, har kuning o'lsun "Navro'z", deb bu kunni alohida yod etganlar.

Binobarin, barcha milliy bayramlar qatori Navro'z bayramini ham ko'tarinki ruhda bilan, fasli navbahor ayyomiga sog'-salomat yetkazgani uchun Yaratganga shukronalarimizni ado etgan holda o'tkazishimiz lozim bo'ladi. 4 XULOSA

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, Alisher Navoiyning asarlarida Navro'z bayramining kelib chiqishi, tarqalishi va uning ahamiyati haqida juda aniq va foydali ma'lumotlar keltirilgan.

3 Rajabova Marifat Baqoevna. "Interpretation Of Navruz In Navoi's Work" International Journal of Progressive Sciences and Technologies (IJPSAT) ISSN: 2509-0119. © 2021 International Journals of Sciences and High Technologies http://iipsat.iisht-iournals.org. 21-p.

4 Mansur Yunusov,"Ma'naviyat va ma'rifat" kafedrasi dotsenti v.b. "Har kuning bo'lsin Navro'z!" https://dba.uz/news/navruz.

Alisher Navoiy oz asarlarida Navro'zda tinchlik va birdamlik, totuvlik va ahil qo'shnichilik kabi ulug' qadriyatlar ilgari suriladi, oqsoqollar notinch oilalarni yarashtirib ularni saqlab qolishga harakat qilishadi, bunday qadriyatlar esa madaniy marosimlarda madaniy xilma-xillik va insonparvarlik, sog'lom turmush tarzi va yashash sharoitini yanglash kabi odatlarni avloddan-avlodga o'tib kelishiga zamin yaratadi deb o4gan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROYXATI

1. Olimjon Davlatov, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori. "Navro'z Navoiy ta'rifida" https://uza.uz/posts/201599.

2. Burobiya Rajabova, O'zFA Til, adabiyot va folklor institute katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi. "Navoiy ijodida Navro'z!" https ://kknews.uz/oz/11587.html.

3. Rajabova Marifat Baqoevna. "Interpretation Of Navruz In Navoi's Work" International Journal of Progressive Sciences and Technologies (IJPSAT) ISSN: 2509-0119. © 2021 International Journals of Sciences and High Technologies http://ijpsat.iisht-iournals.org. 21-p.

4. Mansur Yunusov,"Ma'naviyat va ma'rifat" kafedrasi dotsenti v.b. "Har kuning bo'lsin Navro'z!" https://dba.uz/news/navruz.

5. Navoi Alisher. A perfect collection of works. Volume XX. Volume VI. Favoyid ul-kibar. - T .: Fan, 1990.410-p.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.