ALISHER NAVOIY NOMLI OPERA VA BALET TEATRIDAGI SPEKTAKLLARDA QAHRAMON QIYOFASI
G.Tursunova
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: Ushbu maqolada Alisher Navoiy nomli opera va balet teatridagi spektakllarda qahramon qiyofasi, "To'maris", "Spartak", "Suxayl va Mehri" kabi dostonlarimizning balet raqslarida jonlanib borayotganligi, "Suxayl va Mehri" baletida milliyligimizni tarannum etilishi masalalari haqida hikoya qilinadi.
Kalit so'zlar: opera, balet, teatr, ijod, qahramon, qiyofa, mumtoz poeziya, doston
HEROES IN THE PERFORMANCES AT ALISHER NAVOYI OPERA AND
BALLET THEATER
G.Tursunova
Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: This article tells about the image of the hero in performances at Alisher Navoi Opera and Ballet Theater, the revival of our epics such as "Tomaris", "Spartak", "Sukhail and Mehri" in ballet dances, and the glorification of our nationality in the "Sukhail and Mehri" ballet. .
Keywords: opera, ballet, theater, creativity, hero, image, classic poetry, epic
San'at shunday katta kuchki, u inson tasavvuri doirasini, fantaziyasini va dunyoqarashini kengaytiradi. Ushbu tushunchalar barcha chegaralarini chetlab, inson tasavvuriga yaqin kirib boradi. Natijada ilohiy, mo'jizaviy va eng buyuk asarlar dunyoga kela boshlagan. San'at xar qanday davrlarda ham insonni ezgulikka chorlovchi kuch vazifasini o'tagan va o'taydi. Insoniyat yaratilibdiki, u o'zining ijtimoiy xayotida marosimlar, turli xil o'yinlar va musobaqalar asnosida ijod bilan hamnafas bo'lib kelmokda. Halq dostonlarining ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Avval xalq og'zaki ijodi shaklida, keyinchalik esa yozma manbaalarga ko'chgan dostonlar millatning eng azaliy orzu umidlarining ro'yobi tarzida dunyoga kelgan. Xalq dostonlari millatning o'zligini namoyon qiladi va xalq bilan xamnafas shakllanib, kelajak avlodlarga yetib kelayotgan dostonlarning akademik teatr sahnasiga olib chiqilishi chin ma'nodagi jasorat desak, menimcha mubolag'a bo'lmaydi. "To'maris", "Spartak", "Suxayl va Mehri" kabi dostonlarimizning balet raqslarida jonlanib borishi tomoshabinlar teatrga qatnovini sezilarli darajada oshirdi.
Xalq dostonlarida asosan epik tasvir aksariyat hollarda nasr bilan, lirik kechinmalar hamda she'r bilan ifodalanadi. Mumtoz poeziyaga mansub dostonlarda esa bulardan tashqari, metafora, ramz, majoziy tasvir, kuchli fantaziya singari badiiy san'at vositalari yetakchi xisoblanadi. Xalq dostonlari asosida yaratilgan spektakllar opera va balet teatrining sahnasida yangi va nihoyatda jo'shqin faoliyat olib borgan. Dostonlar asosida 1960-yillarda yaratilgan spektakllardan yuksak romantik ruh, mahobatli ijro ustuvorlik qilar, ayni paytda bu qahramonlar oddiy, hayotiy, zaminiy alomatlardan nihoyatda ustun turar edi. Xalq dostonlarining muhabbati, undagi romantika, ko'tarinki kayfiyatga moyilligi raqqoslarni shu yo'nalishda shakllantirishda judayam katta ahamiyat kasb etardi. Milliy ijrochilikning bu tabiiy alomati, raqs san'ati shakllanishida qahramonona-romantik yo'nalishga mos kelganligidan dalolatdir. O'zbekiston halq artisti, mahoratli va ajoyib baletmeyster Ibrohim Yusupov tomonidan sahnalashtirilgan sharqona baletning o'zgacha jilosini aks etuvchi baletlar qatoriga kiruvchi M.Ashrafiyning "Sevgi tumori", U.Musaevning "To'maris", F.Amirovning "Ming bir kecha", G.Mushelning "Afrosiyobning qadimiy afsonasi" kabi spektakllar tomoshabinlarga namoish etilib, olqishlarga sazovor bo'lib kelmoqda. Shu qatorda sahna yuzini ko'rganiga hali ko'p bo'lmagan zamonaviy o'zbek kompozitori A.Ergashevning "Humo" baleti taniqli rus xoreografi Georgiy Aleksidze bilan hamqorlikda sahnalashtirildi. Qisqa qilib aytganimizda mamlakatimiz milliy balet san'ati kundan kunga rivojlanib bormoqda.
Xalqimizning azaliy orzu umidlarini tarannum qiluvchi, yurt ozodligini kuylovchi milliy madaniy merosimiz va xalq dostonlarimiz bo ekan, ularni tomoshabinga ko'rsatishim, kelajak avlodlarga yetib borishida mehnat qilishimiz shart va zarur xisoblanadi. Mana shunday tinimsiz mehnatlar va izlanishlar orqali bizning yurtimizda ham balet san'ati o'z rivojini topdi. Bu bilan shuni aytish lozimki, balet san'ati bizning yurtimizda xam o'z o'rnini topdi, xalqimiz qalbiga o'zining jozibadorligi bilan kirib bordi. Masalan, birgina 1968-yilda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet Akademik katta teatri sahnasida xalq dostonlari asosida sahnalashtirilgan "Suxayl va Mehri" balet spektaklini misol keltirishimiz mumkin. Spektaklning muvaffaqqiyati shundan iboratki, asarning kuchli romantik kayfiyatga boyligi, voqealar rivojlanishi o'ta aniqlik bilan tasvirlanganligi va baletda o'zbek milliy raqslari hamda raqs harakatlaridan judayam unumli foydalanilganligi etirofga loyiqdir. "Sab'ai sayyor" ("Yetti sayyora") Alisher Navoiy "Hamsa"sining to'rtinchi dostoni bo'lib, bu doston 1484-yil yozilgan. Shu doston asosida ko'plab sahna asarlari yaratilgan bo'lib, shulardan biri "Suxayl va Mehri"dir. "Sab'ai sayyor" dostonining 29 - bobi beshinchi iqlim yo'lidan kelgan musofirning so'zlab bergan hikoyasi asosida baletmeyster Zulayxo Oqilova Moskva shahridagi "Lunacharskiy nomli Davlat teatr san'ati instituti"ning baletmeysterlik bo'limini tamomlayotgan vaqtda diplom ishi sifatida "Suxayl va Mehri" balet spektaklini tanlagandi va
sahnalashtirgandi. Keyinchalik A.Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida har tomonlama boyitilgan holda spektaklni qaytadan sahnalashtirgan. Bu baletning musiqa muallfi Manas Leviev bo'lib, baletdagi milliy raqslarni Isohor Oqilov ajoyib o'zbek milliy raqs harakatlari bilan boyitgan. Keyinchalik bu balet mavzusi asosida Zulayxo Oqilova O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, kinorejiccyor Latif Fayziev bilan birgalikda "Miniatyuralarning jonlanishi" nomli televizion rangli badiiy fílmini yaratgan. "Suxayl va Mehri" ishqiy sarguzasht va qaxramonlik xarakteridagi balet xisoblanadi, unda xalq hayoti, tinchlik va osoyishtalik, adolatlilik va vatanparvarlik, sevgi va ma'rifat, vafo va sadoqat, g'urur va or g'oyalari ilgari surilgan. Asarda munofiqlik, zolimlik, sotqinlik qoralanib, har doim adolat g'olib chiqishi o'zgacha raqs harakatlari orqali tasvirlangan. Baletning boshlanishida ajoyib saroy va saroy o'rtasidagi taxtda Mehri o'z orzulari og'ushida hayol surib o'tiribdi. Mehri qiyofasida mashhur baletmeyster va balerina Bernora Qorieva. Mana sekin -asta yoqimli musiqa yangray boshlaydi. Bu musiqa Mehriga o'z sevgilisi Suxaylni va ularning o'tli muhabbatini eslatdi.
Mehri o'z qalbida jo'sh urayotgan o'tli tuyg'ulari va xislarini raqs harakatlari orqali namoyish eta boshlaydi. Mana shu harakatlar boshqa birorta ham baletda uchramaydi, desak adashmagan bo'lamiz. Chunki B.Qorieva milliy libosda, sochlari chiroyli qilib o'rilgan, qo'lida harir ro'mol tutgan, yuzlarida va har bir harakatida sharqona ibo va hayo sezilib mavj uradi. Musiqa jo'rligida bajarilgan har bir harakat bir-biriga shunaqangi mos hamohang bog'langanki, bu xol tomoshabinni ohangrabodek o'ziga tortadi va jalb qiladi. Biz qahramonimiz Mehrga tarifni Navoiy tili bilan aytadigan bo'lsak "Bir parivash uning oti Mehr bo'lib yuziga osmon mehri banda-yu falak uning boshida aylanar ekan, u olamni kuydiradigan Mehri (ya'ni quyosh) yo'q jahonni kuydiradigan bir alanga ekan" mana shu ta'riflarning hamma-hammasi B.Qorieva oyoq uchida shamol misoli sahna bo'ylab aylanganida namoyon bo'ladi. Mehrining yonida bir qancha kanizaklar u raqs tushganida unga birgalikda qo'shilib o'ynashardi, Mehri hayol surib turganda uni o'ylarini buzmaslik maqsadida uchun qizga halaqit berishmaydi. Bu qizlar uning dugonalari va sirdoshlari hisoblanardi. Ana sahnaning boshqa tomonidan Suxayli ham ko'rinadi, Mehrining atrofidagi qizlar yigitni ko'rgach, o'zlarini ichkariga oladilar. Mehri bo'lsa yanada o'ziga oro berib nozik raqs harakatlari bilan sevgilisiga yaqin boradi. Bunga javoban Suxayl ham qalbidagi muhabbatini chiroyli harakatlar bilan o'z tuyg'ularini unga izhor etadi. Oshiq yigit qiyofasi So'nmas Burxonov tomonidan haqiqiy Turkiy yigitlarga xos mardlik hamda jasoratni o'zida mujassam bo'ladi. S.Burxonov o'z xarakterini erkin ochib berish uchun mumtoz raqs harakatlari elementlaridan juda unumli foydalangan. U o'z jasoratini ko'rsatish uchun katta sakrash, kiyik kabi uchishlar, mahorat bilan tezkor charxlardan mohirlik bilan foydalangan. Bu qahramonning har bir tashlagan qadamidan go'yoki o't sachrab, yigitlik tafti ufurib
turardi. Oshiqlar ikkalovlari yolg'iz bog' aro sayr qilishganda ular go'yoki, bir juft kabutarlardek qanot yozib uchishar, kapalaklardek guldan gulga qo'nishar, oqqushlar kabi bir birlaridan ajralgilari kelmasdi. Bularning bari nozik, romantik, ehtirosli raqs harakatlari orqali namoyish etiladi va amalga oshiriladi. Asardagi yana bir muhim ko'rinish shundan iboratki, bu undagi to'y sahnasidir. Bunda ommaviy raqslarning maromiga yetkazib ijro etilganligi, bu raqslarning barchasi bizning milliy urf -odatlarimizdan olingani xayratlanarli hol.
To'yga to'yona bilan deganlaridek, baletda kelin - kuyovga kelgan mehmonlar turli xil xadyalar taqdim etishadi. Bu hadyalarni taqdim etishgan mehmonlar sahnaga chiroyli raqslar bilan kirib kelishib, o'zbekona odatlarga xos holda o'z sovg'alarini to'y egalariga topshirishadi. Baletda baletmeyster har bir buyumdan unumli foydalana olgan. To'yga bir qancha yigitlar tashrif buyurishadi, ularning barchasini qo'lida bittadan lagan bo'lib, ushbu laganlarni ushlagan holda yigitlar "lagan raqsi"ni ijro etishadi va raqs ohirida o'zlari olib kelgan laganlarini to'yona ya'ni sovg'a tariqasida tashlab ketadilar. Bu narsalarning barchasi "Suxayl va Mehri" baletida bizning milliyligimizni yanada tarannum etganini ko'rishimiz mumkin. Baletda yovuzlik timsoli sifatida Jobir qiyofasi gavdalantirilgan. Jobir rolini A.Abduraxmonov qoyilmaqom darajada yoritib bergan.U Jobir obrazida faqatgina raqs harakatlari orqali emas, balki yuz mimikasi, ko'z qarashlarida ham o'z xarakterini aks ettira olgan. Uning shijoatkorona, yovuzlarcha beshafqat harakatlari tanasi bilan birgalikda yonib turgan ko'zlarida ham aks ettira olgan. Balet spektaklida har bir qahramon o'zining harakteriga, xususiyatiga va xislatiga ega. Asarda sof sevgi mohirlik bilan shunaqangi go'zal tasvirlanganki, hatto uning oldida dunyo tizginini qo'lida ushlab turgan eng zo'r jilovdorlar ham bosh egishini, Mehri suvrati tushirilgan rasmga Jobirning ta'zim qilib turganini ko'rishimiz mumkin. Baletda yaxshilikka qarshi yomonlik, adolatga qarshi razolat, mehrga qarshi qaxr-g'azab har doim kurash olib borganini xis etamiz. Bu Suxayl va Mehri balet spektaklini boshqa spektakllardan o'zgachaligining yana bir dalilidir. Suxayl va Mehri baletida aloxida bir obraz mavjud biz uni gapirmasdan, ushbu qaxramonga ta'rif bermasdan ilojimiz yo'q. Negaki, asarni boshidan oxirigacha deyarli zanjirsimon bog'lashga sabab bo'lgan "Mas'haraboz" qiyofasi alohida taqsinga loyiqdir. Baletmeyster tomonidan o'ylab topilgan bu qaxramon xaqiqiy, noyob xarakter va obrazdir. Baletda masxaraboz rolini O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, mashhur Qoraqalpog'iston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan ajoyib raqs ustasi, mashhur ustoz va baletmeyster Qo'rqmas Sagatov mahorat bilan ijro etishgan. Q.Sagatov baletda o'z rolini judayam qoyilmaqom ijro etgan, shuni aytish joizki, xatto bosh qaxramonlar ijrosi ham bu obraz oldida ko'rimsiz, oddmy bo'lib qolgan. O'zingiz bir o'ylab ko'ringda o'zbek tomosha san'atida qo'llaniladigan masxaraboz roli, qiyofasi uning xarakatlari hech kamaymasdan aksincha to'ldirilib, mumtoz raqs harakatlari
bilan boyitilib, balet sahnasida namoyon bo'lsa qanday ko'rinish kasb etishi mumkin? Albatta hayratlanarli, qoyil qolarli, bir ovozdan "barakalla" deyishga arzugulik ish bo'ladi. Qachonki, u agarda u o'z rolini ko'ngildagidek ijro eta olsa, albatta. Ammo Q.Sagatov o'z rolini biz ta'riflagandanimizda ziyodroq qilib ijro etganini guvohi bo'lamiz. Ushbu mas'haraboz qiyofasi ko'z oldimizga kelishi bilan yuzimizga tabassum yuguradi, lekin milliy balet sahnasidagi masxaraboz qanday insonni kuldirishi, ko'nglini olishi mumkin, deb o'ylab qolasiz. Bu savolga "Suxayl va Mehri" baletidagi masxaraboz rolini ko'rsakkina, yaqqol javob topa olamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Raqs R.Dusmetova, N.Abraykulova. Darslik 2017.
2. Xoreografia va raqs san'ati asoslari. Darslik 2015
3. M.Turg'unboyeva ijodiy va uning sahna xoreografiyasi uchun qo'shgan xissasi.jamoa O'quv qo'llanma - 2014 .
4. Raqs N.Abraykulova O'quv qo'llanma 2018.
5. Surxon raqs maktabi Sh.Qurbonova O'quv qo'llanma 2020.
6. Xoreografia va raqs san'ati tarixi.Sh.Xamidova 2021.