Научная статья на тему 'ABDULLA AVLONIY ASARLARINING TA’LIM JARAYONI BOSHQARUVI VA ZAMONAVIY PEDAGOG TARBIYASIDAGI O‘RNI'

ABDULLA AVLONIY ASARLARINING TA’LIM JARAYONI BOSHQARUVI VA ZAMONAVIY PEDAGOG TARBIYASIDAGI O‘RNI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
48
26
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Abdulla Avloniy / ta’lim / ta’lim boshqaruvi / zamonaviy pedagog / kadrlar tayyorlash.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Muxammadiyev Jamshid Ilhom O‘g‘li, Sobirova Marhabo Abdug‘aniyevna

Ushbu maqolada Abdulla Avloniy asarlarining ta’lim jarayoni boshqaruvi va zamonaviy pedagog kadrlar tayyorlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritiladi. Ushbu bebaho asarlarning bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi sabablari haqida ham to‘xtalib o‘tiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «ABDULLA AVLONIY ASARLARINING TA’LIM JARAYONI BOSHQARUVI VA ZAMONAVIY PEDAGOG TARBIYASIDAGI O‘RNI»

ABDULLA AVLONIY ASARLARINING TA'LIM JARAYONI BOSHQARUVI VA ZAMONAVIY PEDAGOG TARBIYASIDAGI O'RNI

1Muxammadiyev Jamshid Ilhom o'g'li, 2Sobirova Marhabo Abdug'aniyevna

1Nizomiy nomidagi TDPU Tarix fakulteti "Milliy g'oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi"

bakalavriat ta'lim yo'nalishi talabasi 2Ilmiy rahbar, falsafa fanlari nomzodi, v.v.b. professor ' jamshi d_ilhomovich@mail.ru https://doi.org/10.5281/zenodo.10810390

Annotatsiya. Ushbu maqolada Abdulla Avloniy asarlarining ta'lim jarayoni boshqaruvi va zamonaviy pedagog kadrlar tayyorlashdagi ahamiyati haqida so'z yuritiladi. Ushbu bebaho asarlarning bugungi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmaganligi sabablari haqida ham to'xtalib o'tiladi.

Kalit so'zlar: Abdulla Avloniy, ta'lim, ta'lim boshqaruvi, zamonaviy pedagog, kadrlar tayyorlash.

Abstract. This article will talk about the importance of the works of Abdullah Avlani in the management of the educational process and the training of modern pedagogical personnel. The reasons for the lack of relevance of these priceless works are also mentioned today.

Keywords: Abdullah Avlani, Education, Educational Management, modern educator, training of personnel.

Аннотация. В этой статье рассказывается о значении работ Абдуллы Авлани в управлении образовательным процессом и подготовке современных педагогических кадров. Также будет рассказано о причинах, по которым эти бесценные произведения не утратили своей актуальности и сегодня.

Ключевые слова: Абдулла Авлани, образование, управление образованием, современный педагог, обучение.

XIX asr oxiri va XX asr boshidagi o'zbek milliy madaniyatining mashhur va yirik vakillaridan biri, ma'rifatparvar shoir, jurnalist, olim, dramaturg, davlat va jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yirik namoyondalaridan biri Abdulla Avloniydir. U o'qish va o'qitish usuliga yangilik kiritib, yangi maktablar tashkil etgan va maktab o'quvchilarini savodini chiqarishning yangicha usullarini, o'zi ochgan maktablarda joriy etgan. U Sharq va G'arb tillarini o'rgatish kabi muhim ta'limiy-tarbiyaviy ishlarni bajarib, o'zbek millati tarixida o'chmas iz qoldirgan yetuk pedagogdir. O'zbek pedagogikasining "otasi" va yurtimizda birinchilardan bo'lib professor unvoniga sazovor bo'lgan. Abdulla Avloniy ve u kabi millat fidoyilari merosini o'rganish bugungi kundagi eng dolzarb va muhim masalalardan biridir. Zotan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 8-oktabrdagi "Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoyishida qayd etilganidek, "Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy o'zlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatag'on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san'at, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi bo'lgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda".

Abdulla Avloniy pedagog sifatida bola axloqiga, tarbiyasiga alohida e'tibor beradi. Uning fikricha, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va bolaning atrofdagi kishilar katta ahamiyatga ega. Haqiqiy insoniy axloqni o'zida barqaror qilgan yaxshi kishilar yoshlarga yaxshi ta'sir ko'rsatadi va ularning mehr-shafqqatli, sofdil va maqbul bo'lib tarbiyalanishi uchun zamin hozirlaydi.

Abdulla Avloniy - shoir, dramaturg, publitsist. Shu bilan bir qatorda, pedagogik faoliyat ham uning hayotida muhim sahifa hisoblanadi. U faoliyatining dastlabki yillaridan boshlab umrining oxirigacha o'qituvchilik qildi, maktablar uchun darsliklar yaratdi, pedagogika fanining amaliy va nazariy masalalari bilan shug'ullandi.

Shuni aytish joizki, u musulmon Sharq pedagogikasining ulug' bilimdoni, shu bilan birga, XX asr zamonaviy o'zbek pedagogikasining asoschisi, o'zbek tili va adabiyotini o'qitish metodikasi faniga tamal toshi qo'ygan mutafakkirdir.U faoliyati davomida zamonaviy pedagog va metodistlarni yetishtirdi. Bizga ma'lumki, adabiy o'qish darslarining asosiy vazifasi o'quvchilarni ifodali o'qishga o'rgatish hisoblanadi. Pedagogik usul vazifasini bajaruvchi ifodali o'qish natijasida asar voqealari, mazmuni, g'oyasi o'quvchilar ko'z o'ngida gavdalanadi.

Abdulla Avloniy savod chiqarishga qanchalik katta e'tibor bergan bo'lsa, asarni tushunib o'qish, ifodali o'qish, badiiy asarni his qilishga ko'p diqqat qaratdi. U ifodali o'qishning bir necha turini ishlab chiqqan. O'quvchilarning xor bo'lib o'qishlarini muallim Abdulla Avloniy drijyordek (Pedagogika fanlari doktori U. Dolimovning ma'lumot berishicha, Abdulla Avloniy drijyorlikdan xabardor bo'lgan) boshqargan. Ozod va hur fikrlari bilan maydonga chiqqan pedagog o'z darslarida ifodali o'qishning boshlang'ich shakllari bilan cheklanmasdan uning zamonaviy shakllarini ham yaratdi. Uning badiiy asarlarni o'qitishdagi bunday faoliyati Toshkentning usuli qadim va usuli jadid maktablariga ham kirib bordi.

Uning pedagogik qarashlari bugungi kunda o'zbek milliy maktabini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Avloniy ijodiy merosini chuqur o'rganishga qiziqish ortib bormoqda. U insonga xos xulqni ikkiga - yaxshi va yomonga ajratadi. "Yaxshi xulqlar" deb nomlangan birinchi qismida u 31 fazilat, "Yomon xulqlar" deb atalgan ikkinchi qismda esa 20 illatga ta'rif beradi. O'z mulohazalarini dalillash uchun Qur'oni karim oyatlari va hadislardan, shuningdek, Arastu, Suqrot, Ibn Sino, Sa'diy, Mirzo Bedil singari mashhur mutafakkirlarning fikrlarini keltiradi. Har bir axloqiy kategoriyaga o'z munosabatini bildirgach, o'sha fikrning mazmunini ifodalovchi bayt yo biror maqol-hikmat ilova qiladi.

Avloniy "axloq ulamosi"ning qarashlari asosida insonlarning axloqini yaxshi va yomon xulqlarga ajratadi, bunga ularning nafs tarbiyasini asos qilib oladi. U yaxshi xulqlarga matonat, nazokat, shijoat, intizom, vijdon, vatanni suymak kabi fazilatlarni kiritsa, g'azab, shahvat, jaholat, safohat kabi illatlarni yomon xulqning belgilari deb biladi. Avloniyning ma'rifatparvarlik va milliy uyg'onish g'oyalarini kuylagan dastlabki she'rlari o'zbek milliy uyg'onish davri adabiyotining hamisha bebaho mulki bo'lib qoladi. U bu turkumga mansub she'rlarida o'zbek mumtoz adabiyotidagi she'riy shakllarni katta ijtimoiy mazmun, ma'rifatparvarlik g'oyalari, hajviy ruh va xalqona ohanglar bilan boyitdi.

Abdulla Avloniy bolalar uchun ham bir qancha she'r va masallar yozgan. Shoir bu asarlarida maktab yoshidagi bolalarning fikr doirasini kengaytirish, ularda maktab va kitobga, mehnatga, tabiatga, Vatanga muhabbat uyg'otishni maqsad qilib qo'ygan. Uning ko'pgina she'rlari zamirida Vatanni sevish g'oyasi yotadi. Shoir bu she'rlarida Vatanni sodda va samimiy misralarda tasvirlaganki, faqat o'sha 10-yillarning o'rtalaridagina emas, balki bugungi maktab yoshidagi bolalar ham ulardan katta estetik zavq olishlari mumkin. Darhaqiqat, shoir Vatan

tarifini boshlab, "Tog'laridan konlar chiqar, Yerlaridan donlar chiqar...Havosi o'ta yoqumlik, Cho'llari bor toshlik, qumlik, Toshkand emas, toshqand erur, Kesaklari gulqand erur", deya bolalarda ona diyorga katta mehr uyg'otishga erishadi.

Ma'rifatchilik va ijtimoiy mavzu Avloniy she'riyatida markaziy o'rin egallaydi. Shoir ilm-fanning fazilatlarini zavq bilan kuylaydi. "Maktab", "maorif", "ilm", "fan" kabi tushunchalar shoir she'rlarida ezgulikning betimsol ramzi, obrazi darajasiga ko'tariladi, "jaholat" va "nodonlik" esa zulmat va yovuzlik timsoli sifatida talqin qilinadi.

Tarbiya -"Pedagogika", ya'ni bola tarbiyasining fani demakdur", - deydi Avloniy. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o'rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o'sdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davoqilgani kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berub, katta qilmog'i lozimdur. Zeroki, «Hassinu axloqiko'm» amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakg'a amr o'linganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo'lishining asosiy panjasi tarbiyadur. Axloqimizning binosini go'zal va chiroyli bo'lishiga tarbiyaning zo'r ta'siri bordur,ba'zilar «tarbiyaning axloqqa ta'siri yo'q, insonlar asl yaratilishida qanday bo'lsalar, shundayo'sarlar, tabiat o'zgarmas», -demishlar. Lekin bu so'z to'g'ri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, ta'siri bo'ladur. Oramizda masal borki, «sut ila kirgan, jon ila chiqar», manabu so'z to'g'ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz:«Beshikdan to qabrgacha ilm izla», - demishlar. Bu hadisi sharifning ma'nosi bizlarga dalildur.

O'zbek pedagogikasi tarixida Abdulla Avloniy ilk bor pedagogikaga "Pedagogika", ya'ni "bola tarbiyasining fanidir" deya ta'rif bergan. Abdulla Avloniy bola tarbiyasini nisbiy ravishda quyidagi to'rt bo'limga ajratadi:

1. "Tarbiyaning zamoni".

2. "Badan tarbiyasi".

3. "Fikr tarbiyasi".

4. "Axloq tarbiyasi" haqida hamda uning ahamiyati to'g'risida fikr yuritadi.

Avloniy "Tarbiyaning zamoni" bo'limida tarbiyani yoshlikdan berish zarurligini, bu ishga hammani: ota-ona, muallim, hukumat va boshqalarning kirishishi kerakligini ta'kidlaydi. "Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidur" deb ta'riflaydi Avloniy.

Abdulla Avloniy ta'lim va tarbiya uzviy bog'liq ekanini ham ta'kidlaydi: "Dars ila tarbiya orasida biroz farq bo'lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudu biriga boylangan jon ila tan kabidur"- deydi.

Abdulla Avloniyning shaxsning ma'naviy axloqiy rivojlanganlik darajasini aniqlash borasidagi fikr-mulohazalari ham diqqatga sazovordir. Adib: "... so'z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o'lchab ko'rsatadurg'on tarozisidir. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so'zlagan so'zidan bilurlar...", -deb ta'kidlaydi. Abdulla Avloniy ko'plab ma'naviy-axloqiy sifatlarni o'z asarlarida ta'riflaydi. Jumladan, "haqqoniyat deb ishda to'g'rilik, so'zda rostlikni aytilur. Inson bo'stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo'li ila chiqar. Insoniyatning ildizi o'lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning akasi haqqoniyatdur...". "Hayo deb ishda, so'zda odobni rioya qilmakka aytilur. Hayo dilni ravshan qiladurgan bir nurdirki, inson har vaqt shul ma'naviy nurning ziyosiga muhtojdir. Shariat buyurmagan, odamlar suymagan ishlarni ishlamoq g'iybat, hajv,

masxara, safsata, so'puv kabi odamlarning nafsiga, iffatiga tegadurgan odobsiz so'zlarni so'zlamak zo'r odobsizlikdir. Iffatning pardasi, vijdonning niqobili, hayodir".

U 1933- yilda o'zbek maktablarining 7-sinfi uchun "Adabiyot xristomatiyasi" tuzib, nashr ettirdi. Abdulla Avloniy "Hijron", "Nabil", "Indamas", "Shuhrat", "Tangriquli", "Surayyo", "Shapaloq", "Chol", "Chig'aboy", "Abdulhaq" taxalluslari bilan tanqidiy va ilmiy maqola, 4000 misradan ortiq she'r yozgan

Abdulla Avloniy 1927-yilda "Mehnat qahramoni" unvoni bilan taqdirlandi. 1930-yilda esa "O'zbekiston xalq maorifi zarbdori" faxriy unvoni berildi. Hozirda mustaqil O'zbekistonimizda Abdulla Avloniy nomida bir qator maktablar mavjud. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bolalar adabiyoti bo'yicha uning nomida mukofot ta'sis ettirgan. Toshkent ko'chalaridan biri, Respublika o'qituvchilar malakasini oshirish markazi va mahallalardan biriga uning nomi berilgan. Respublika o'qituvchilar malakasini oshirish markazida Abdulla Avloniy muzeyi tashkil qilingan.

Abdulla Avloniy atoqli pedagog, o'qituvchi sifatida butun umrini ma'rifatga bag'ishladi. Uning pedagogik qarashlarida Vatanga bo'lgan muhabbat, odob-axloq, tarbiya , ma'rifat, inson kamoli jamiyat rivoji uchun xizmat qilish yaqqol sezilib turadi. Ayniqsa, uning "Turkiy guliston yoxud axloq" asari juda katta ahamiyatga molikdir. Ta'lim-tarbiyaga bag'ishlangan noyob bu asar har tomonlama yetuk, sog'lom fikrli kelajak avlod va zamonaviy pedagoglarni tarbiyalashga xizmat qildi. Bu asarda mutafakkir vatanparvarlik, onatiliga muhabbat, do'stlik, vijdoniylik, aql, jaholat, g'azab kabi xislat va illatlar haqida fikr yuritadi va xulosalar chiqaradi. Abdulla Avloniy ushbu asarida zamonaviy pedagogikaning nazariy va amaliy asoslarini yaratdi. Ushbu asar zamonaviy pedagoglar tayyorlashga, darslik, qo'llanmalar yaratilishiga asos bo'ldi. Uning pedagogika, tarbiya haqidagi fikrlari bugungi kunda ham o'z ahamiyatini saqlab qolmoqda.

Yoshlarga ma'naviyatning ma'no-mazmunini, uning inson va jamiyat hayotidagi o'rni va ahamiyatini tushintirishga, ruhiy-ma'naviy oziq berish, dunyoqarashini har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi. Maktablarda ham o'quvchilarning tarbiyasini yaxshilashga, ularni namunali xulqqa, axloqiy sifatlarini rivojlantirishga yo'naltiruvchi turli anjumanlar, davra suhbatlari, bahsmunozaralar, uchrashuvlar uyushtirish, ma'naviy tarbiyaning mazmun-mohiyatini o'quvchilarga tushunarli tarzda izohlab beradigan qo'llanma va tavsiyalar, adabiyotlar, o'quv-uslubiy qo'llanmalar tayyorlash kerak. Xulosa qilib aytganda, yoshlarni yuqorida ko'rsatilgan usullar yordamida ma'naviy-ma'rifiy ruhda tarbiyalash barkamol avlodni shakllantirishdagi muammolarni bartaraf etishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, ma'rifatparvar adib Abdulla Avloniy ta'lim-tarbiyaning barcha muhim jabhalari haqida keng mushohada yuritadi. Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma'naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o'lmas meros hamisha yonimizda bo'lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag'ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta'lim tizimini ana shunday ruh bilan sug'orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma'naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur.

REFERENCES

1. Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida /O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi, 08.10.2020 yildagi F-5598-son// Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 08/20/5598/1377-son.

2. Abdulla Avloniy "Turkiy Guliston yoxud axloq". - Toshkent: Fan va texnologiya, 2016.

3. Abdulla Avloniy(Jadid adabiyoti namoyondalari) - yurt qayg'usi haqida bebaho asarlar. -Toshkent: "Zabarjad media", 2023.

4. Zunnunov, A. Pedagogika tarixi. - Toshkent, 2004.

5. Dolimov U. Milliy uyg'onish pedagogikasi. - T.: NOSHIR, 2012.

6. Mukhammadiyev, J. Mamanazarov, S. The issue of spiritual and moral education in the works of Abdullah Avlani and its role in youth education Galaxy international interdisciplinary research journal January, 2024. 117-121-p.

7. Muxammadiyev.J, Mamanazarov.S, Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning o'ziga xos xususiyatlari maqolasi ERUS jurnali 31-dekabr 2023-yil 18-son 90-92-b.

8. Muxammadiyev.J, Mamanazarov.S, Ta'lim jarayonida shaxsni tarbiyalash imkoniyatlari maqolasi ERUS jurnali 31-dekabr 2023-yil 18-son 102-104-b.

9. Muxammadiyev.J, Mamanazarov.S, Uzluksiz ta'lim tizimidagi shaxs ma'naviyatining shakllanganlik darajasi maqolasi ERUS jurnali 31-dekabr 2023-yil 18-son 237-239-b.

10. Muxammadiyev.J, Mamanazarov.S, Shaxs ma'naviyatini tarbiyalashda ta'lim muassasalari, oila va jamoatchilik hamkorligi yo'nalishlari maqolasi ERUS jurnali 31-dekabr 2023-yil 18-son 240-242-b

11. Muxammadiyev.J.I Abdulla Avloniy ijodidda ma'naviy-ma'rifiy pedagogik tarbiya masalalari ERUS jurnali 2023-yil 17-maxsus son 225-228-b.

12. Mamanazarov.S.Sh Yuksak ma'naviyatli shaxsni tarbiyalash mexanizmlari, uslublari, shakl va vositalari ERUS jurnali 2023-yil 17-maxsus son 229-232-b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.