Научная статья на тему 'ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODIDA MILLIY-MADANIY FRAZEOLOGIZMLARNING QO‘LLANISHI'

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODIDA MILLIY-MADANIY FRAZEOLOGIZMLARNING QO‘LLANISHI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
frazeologik birliklar / g‘azal / ruboiy / fard / tuyuq / memuar / murabba / misra / bayt / janr / evolutsiya / arxaizm / istorizm / leksema / ijtimoiy-etnik / ottenka.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Muqaddas Oqmamatova

Mazkur maqolada Zahiriddin Muhammad Bobur she’rlarida milliy-madaniy frazeologik birliklarning qo‘llanishi va ularning ingliz tilidagi tarjimasida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar borasida fikr yuritildi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODIDA MILLIY-MADANIY FRAZEOLOGIZMLARNING QO‘LLANISHI»

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODIDA MILLIY-MADANIY FRAZEOLOGIZMLARNING QO'LLANISHI

Muqaddas Oqmamatova

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti,

mustaqil izlanuvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.11221009

Annotatsiya. Mazkur maqolada Zahiriddin Muhammad Bobur she 'rlarida milliy-madaniy frazeologik birliklarning qo'llanishi va ularning ingliz tilidagi tarjimasida e 'tibor berilishi lozim bo'lgan jihatlar borasida fikr yuritildi.

Abstract. This article discusses the use of national-cultural phraseological units in the poems of Zahiriddin Muhammad Babur and aspects that should be considered in their English translation.

Аннотация. В данной статье рассматривается употребление национально-культурных фразеологизмов в стихотворениях ЗахириддинаМухаммадаБабура и аспекты, которые следует учитывать при их переводе на английский язык.

Kalit so'zlar: frazeologik birliklar, g'azal, ruboiy, fard, tuyuq, memuar, murabba, misra, bayt, janr, evolutsiya, arxaizm, istorizm, leksema, ijtimoiy-etnik, ottenka.

Key words: phraseological units, ghazal, rubai, memoir, byte, genre, evolution, archaism, historism, lexeme, socio-ethnic.

Ключевые слова: фразеологизмы, рубаи, мемуар, жанр, эволюция, архаизм, историзм, лексема, оттенка, социально-этнический.

Har qanday tilning boyligini, leksik-semantik imkoniyatlarini, jozibasini shu tilning frazeologik til birliklari ko'rsatib beradi. Shu bois biror bir ijodkorning she'rlari o'rganilganda uning badiiy mahorati masalasi birinchi o'rinda turadi. Chunki shoir so'z bilan ishlaydi. Bo'lganda ham so'zning semantikasi, badiiy tasvir vositalari, frazeologik birliklarni qo'llashdagi jihatlar asosiy mezon hisoblanadi. Bunda o'zbek tilidan bevosita ingliz tiliga tarjimalarni amalga oshirmoqchi bo'lgan har qanday tarjimon, eng avvalo, har ikkala tilning milliy qadriyatlari, urf-odatlarini bilishi barobarida mazkur tildagi milliy-madaniy frazeologizmlarni to'g'ri tushunib olmog'i lozim.

Ayniqsa, kichik she'riy asarlar tarjimasi yirik hajmdagi doston-u romanlarning tarjimasidan farqli o'laroq talay xususiyatlarga ega hisoblanadi. Binobarin, kichik janrdagi ruboiy yoki tuyuqni tarjima qilayotganda asliyatdagi badiiy tasvir vositalarini inobatga olmay, o'zga badiiy unsurlar yordamida ham asliga ruhan yaqin asarni yaratish mumkin bo'ladi. Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburday iste'dodli shoir she'rlari tarjimasida ham mazkur jihatlar ahamiyatlidir.

Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" memuar asari tarjimasida esa batamom boshqa badiiy vositalar bilan o'girish o'zini oqlamaydi. Buning imkoni ham yo'q. Ruboiy va fardlar, tuyuq va murabbalar tarjima jarayonida butunligicha yangidan o'ylanishi va bir zarbda to'laligicha qog'ozga tushishi mumkin. Yirik asarlarni ayni usulda yaxlit qayta yaratib bo'lmaydi. Agar bu asar doston bo'lsa, baytma baytlik prinsipining o'zidayoq bunday imkon yo'qqa chiqadi. Yoki aksincha, ruboiy yoki g'azal janrlari baytma-bayt yo misrama-misra tarjima qilinadigan bo'lsa, unda yirik janrdagi asarlarni o'girishdan ko'ra ham murakkabroq jarayon boshlanadi.

Quyida biz o'z g'azal va ruboiylari bilan adabiyotimiz tarixida munosib o'rniga ega bo'lgan dilbar shoir Zahiriddin Muhammad Bobur she'rlarida milliy-madaniy frazeologik birliklar qo'llanishi va ularni ingliz tiliga o'girishdagi ayrim murakkabliklar borasidagi fikrlarimizni siz bilan o'rtoqlashamiz. Ma'lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur o'zining barcha asarlarida turkiy tilning lisoniy imkoniyatlarini keng ochib bera olgan ijodkor. Garchi shoir asarlarida arabiy, forsiy, mo'g'ul tillarining unsurlari ham uchrasa-da, u o'z davrining turkiy tilidan unumli foydalana olgan. Ta'bir joiz bo'lsa, Alisher Navoiy g'azal mulkining sutoni bo'lsalar, Zahiriddin Muhammad Bobur ham ruboiy janrida ana shunday shuhrat topishga loyiq ijodkor.

"Tarjimonlar ijodiy yo'li yoritilar ekan, o'z-o'zidan muayyan tarjimalarning paydo bo'lish tarixi ham o'rganildi. Tarjimalar saviyasini belgilashda ular yaratilgan davr xususiyatlaridan kelib chiqib yondashishga, shuningdek, tarjimonlar ijodiy evolyutsiyasini ko'rsatishga ham e'tibor berildi."[1. B:3] Darhaqiqat, tarjima qilinadigan har qanday badiiy asarning davri, albatta, hisobga olinadi. Holbuki, mumtoz asarlar va ularning til xususiyatlari, arxaizm, istorizmlarning bugungi kun bilan bog'liqliklari e'tibordan chetda qolmasligi kerak. Balki ayrim holatlarda bu kabi jihatlar alohida izohlar ham talab qilishi (realiyalar singari) mumkin. To'g'ri, frazeologik birliklar aslida leksikologiya bo'limidan o'tgan asrlarda tilshunos olimlar tomonidan alohida til birligi sifatida ajratilgan. Bu borada fransuz tilshunos olimi Ferdinand de Sossyur hamda rus olimi akademik V.V.Vinogradovning xizmatlari beqiyos.

Zahiriddin Muhammad Bobur she'riyatining asosiy qismini hasb-u hol motivlari tashkil etgani bois shoir she'rlarida qo'llangan frazeologik birliklar (idiomatika) ko'proq shoir ruhiyatini, uning insonlar o'rtasidagi munosabatlarini, ijtimoiy-etnik qarashlarini ifodalaydi.

Masalan:

Har nimaga g'am yema, g'am ko'p turur,

Aysh bila o'zni ovutmoq kerak. [2. B:161]

"G'am yemoq" iborasi "O'zbek tilining izohli lug'ati"da quyidagicha izohlanadi: "g'am yemoq 1) g'am-hasratda bo'lmoq, g'am chekmoq; 2) tashvishda bo'lmoq" [3. B:434.] Mohiyatan olib qaraganda shoir hayoti, asosan, jang-u jadallardan, Vatandan uzoqlik dardi va ayriliq g'amlaridan iborat. Yuqoridagi baytni tarjimasida ana shu jihatlarni ko'zdan qochirmaslik lozim.

Quyida baytni ingliz tiliga tarjimasini tahlil qilib ko'ramiz:

Grief is a lot, don't worry about everything,

You have to indulge yourself with something.

Baytdagi "g'am yemoq" birligini ingliz tilidagi tarjimada "don't worry about" birligi bilan ifodaladik. Bu frazeologik birlikning ingliz tilida ko'plab sinonimlari mavjud bo'lib bular quyidagilar: "never mind", "take it easy", "forget it" va boshqalar. She'rdagi baytning hijolar soni hisobga olinib, yuqoridagi baytning tarjimasida "don't worry about" birligidan foydalandik.

Bobur bo'lib turur ikki ko'zim yo'lida to'rt,

Kelsa ne bo'ldi qoshima bir-bir mango manga.

Yuqoridagi baytda "ko'zi to'rt bo'lmoq" frazeologik birligi qo'llangan bo'lib, ushbu til birligi quyidagicha izohlanadi:

"Ko'zi to'rt bo'lmoq" yo'liga intizor [2. B:164] degan ma'noni ifodalaydi va bu frazeologizmni ingliz tilida "looking forward to", "hoping for", "watching for" birliklar bilan ifodalash mumkin. Baytni ingliz tiliga tarjima qilish jarayonida yuqoridagi baytda frazelogizmlarning sinonimlarini qofiya va hijolar soniga mos kelishini hisobga olib tanlaganimizdek tanlab tarjimada qo'llanadi.

Xuddi shu singari "ko'z" so'ziga komponent sifatida yana bir frazeologik birlikning tahlilini kuzatamiz:

Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida,

Ko'zni yumub ochquncha , bu gulzor topilmas. [2. B:172]

Bu bayt hayotning o'tkinchi ekanligini aytish barobarida "ko'z ochib yumguncha" frazeologik birligi juda tez, bir lahzada (vaqt haqida) ma'nolarini ifodalaydi. Ingliz tilida "before you could say Jack Robinson" iborasi keng tarqalgan va bu ibora "ko'z ochib yumguncha" ya'ni juda tez fursatda degan ma'noni anglatadi.

Gulning o'z mavsumi bor, shoir ifodasiga ko'ra hayot-g'animat. Uning har bir lahzasining qadrini bilish lozim, shu jumladan yoshlikning ham.

Boburning shoirona mahorati frazeologik birliklar misolida yanada ta'sirchanlik bilan namoyo bo'ladi. Ayniqsa, Bobur g'azallarida badiiy san'atlarni ustalik bilan qo'llaydi, so'zlarga ohang jozibasini ham yuklaydi.

Ana shunday baytlaridan biri:

Visoli lazzatidin zavq topmog'liq erur dushvor,

Firoqi shiddatida yo'qsa jon bermaklik osondur. [2. B:172]

Visol va firoq, dushvor-oson lalari orasidagi leksik antonimlik mavjud bo'lib, bevosita "zavq topmoq" va " jon bermoq" frazeologik antonimlari ham shu qadar badiiy ifodasi bilan bog'lanadiki, bunday semantik mutanosiblik she'rda ma'noning o'zaro uyg'unligini kasb etadi.

"Jon bermoq" frazeologik birligi "O'zbek tilining izohli lug'ati"da quyidagicha izohlanadi: "Jon bermoq" 1) vafot etmoq, o'lmoq; 2) ko'chma. taslim bo'lmoq, kurashni, qarshilikni to'xtatmoq; 3) ko'chma. astoydil xizmat qilmoq, fidoiylik qilmoq.

Garchi mazkur ibora izohlardagi birinchi ma'noga to'g'ri kelsa-da, ikkinchi ma'noda qo'llash ham she'r ifodasiga putur yetkazmaydi, balki o'quvchining o'z dunyoqarashidan kelib chiqib fikrlashiga bog'liq bo'ladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur she'riyati o'zining lisoniy imkoniyatlari bilan o'ta nozik didli o'quvchini ham e'tiborsiz qoldirmaydi. Shoir so'z qadrini yaxshi biladi, uning qalamidan tomgan har bir she'r san'at asari darajasida ma'no ottenkalarini jamuljam eta oladi. Ularda xalqimizning nozik didi, dunyoqarashi milliy-madaniy iboralar orqali yorqin namoyon bo'ladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati

1. O'zbekistonda badiiy tarjima taraqqiyoti. Toshkent: 1986.

2. Adabiyot. II kitob. B.To'xliyev va boshqalar. Toshkent: 2014.

3. O'zbek tilining izohli lug'ati. V jild. Toshkent: 2008.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.