YOSHLARNI MILLIY VA UMUMINSONIY QADRIYATLAR RUHIDA
TARBIYALASH MEZONLARI
Orzumurod Odilovich Yusufaliyev
Guliston davlat universiteti [email protected]
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada muallif yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga oid ba'zi dalillar va ularning nazariy asoslarini keltiradi. Yoshlarni erkin fikrlashga o'rgatish, hayot mazmunini tushunib olishiga ko'maklashish, o'z-o'zini idora va nazorat qila bilishini, shakllantirish uchun zarur bo'lgan omillar ko'rsatilgan.
Kalit so'zlar: Urf-odat, ma'naviy boylik, aqlli, iymon-e'tiqodli, ro'za, poklik, fidoyi, ishchan, milliy, kamolot.
ABSTRACT
In this article, the author provides some evidence and their theoretical basis for educating our youth in the spirit of devotion to our national and universal values. Factors necessary to teach young people to think freely, to help them understand the meaning of life, to form self-control and self-control are identified.
Keywords: Tradition, spiritual wealth, intelligence, faith, fasting, purity, devotion, diligence, nationality, perfection.
KIRISH
Mamlakatimizda milliy qadriyatlarni tiklash bo'yicha jiddiy tadbirlarning amalga oshirilayotganligi ma'naviyatimizning tiklanishida juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Milliy qadriyatlarimizning tiklanayotganligini bugungi kunda jahon tan olmoqda. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Bahouddin Naqshband kabi ulug„ siymolarga, Buxoro, Xiva shaharlari yubileylariga bag'ishlangan tadbirlar, simpoziumlarda dunyoning 50 dan ortiq davlatlaridan vakillarning qatnashganligi buning yorqin misolidir.
Ma'lumki, an'analar xalqning tarixiy shakllanishi va rivojlanishi jarayonida yaratilgan va ajdodlardan avlodlarga muqaddas meros sifatida o'tib kelayotgan bebaho ma'naviy boylik hisoblanadi. Millatning asosiy belgilaridan biriga aylangan odatlarni asrash va kamol toptirish har bir avlodning muqaddas burchi bo'lib
qolyapti.
An'analar barhayot bo'lishi uchun, eng avvalo, uni kelajagimiz bunyodkorlari yoshlar egallashi lozim. Ana'anaviy xalq bayramlarining tiklanishi o'zbek madaniyati tarixida o'ta muhim voqea bo'lib qolmoqda. Chunki bayramlar hayotning eng yaxshi tomonlarini o'zida mujassamlashtirgan madaniyatning yirik va muhim shakli hisoblanadi. Shu yo'l bilan azaliy bayramlarning tiklanishi bilan xalq madaniyatining eng qimmatli tomonlarini jonlantirishga zamin yaratildi. Xalq an'analarining tiklanishi borasida so'z borganda, yoshlar kamolotida muhim o'rin tutadigan xalq o'yinlariga alohida to'xtalish lozim. Ajdodlarimizning eng qadimiy an'anaviy, ko'pgina madaniyat shakllari raqs, teatr va sportga xos marosimlar shu o'yinlar zaminidan kelib chiqqan va tarixiy jarayonda avlod ajdodlarimizning sog'lomlashtiruvchi vositasi bo'lib kelgan.
Ravshanki, ko'ngilda vatanga muhabbat jo'sh urib turmasa, unga oshuftalik qalbni qaynatmasa, vujudingda Vatanga farzandlik burchi mas'ullik torlarini harakatga keltirmasa, harchand "Vatanim sajdagohim, iqbol maskanim" deyilgani bilan bizdagi mehru sadoqat qandaydir mavhumiylikka moyil hisga o'xshab ketadi. Bugungi kunda bizning qilayotgan barcha ishlarimiz yoshlarimizning baxtu-saodati ularning yorug' kelajagi uchun amalga oshirilmoqda. Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, iymon-e'tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Mazkur tadqiqot bo'yicha Pedagogika fani sohasida K.Hoshimov, M.Ochilov, S.Temirova, O.Musurmonova, S.Nishonova, U.Mahkamov, M.Inomova, M.Quronov, S.Ochilov, N.Ortiqov, Q.Qurbonboyev, J.Toshmatova, Sh.Olimov va boshqalar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari e'tiborga loyiqdir. Ular o'z ilmiy izlanishlarida yoshlarda ma'naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish bo'yicha qator yutuqlarni qo'lga kiritganlar.
Barkamol shaxsni tarbiyalashda milliy qadriyatlar va urf-odatlardan foydalanish bugungi kunda ta'lim-tarbiya jarayoni oldida turgan eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan ham mamlakatimizda yaratilgan bu betakror an'ana va marosimlar, milliy qadriyatlar va urf-odatlarni o'rganish hamma davrlarda ham olimlar oldiga bir qator muhim vazifalarni bajarish zaruratini qo'ygan. Bu borada J.Hasanboyev, M.Turopova, O.Hasanboyeva, A.Mavrunov, U.Qoraboyev va boshqalarning ilmiy ishlari va maqolalarini eslatib o'tish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, xalq pedagogikasining ta'lim oluvchi shaxsiga tarbiyaviy
ta'sir ko'rsatish muammosini o'rganish bo'yicha M.Ochilov, A.K.Munavvarov, S.Axmedov, S.Ochilov, O.Musurmonova, M.Inomova, S.Nishonova va boshqalar tomonidan doktorlik ishlari bajarilganligini alohida qayd etish lozim.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
Shu jaryonda har bir shaxsda milliy ma'naviyatni, milliy ong, milliy shuur, milliy tuyg'uni barkamollikka ko'tarish omillari faollik jarayoniga ko'chadi. Bu ulug'vor maqsadlarni amalga oshirish uchun jamiyatimiz o'zining real imkoniyatlariga ega. Avvalo, ozod va mustaqil Vatanda xalqni farovonlikka yetaklovchi va ma'lum ma'noda munosib turmushni kafolatlovchi shart-sharoitlar yaratildi. Davlatimizda fidoyi, ishchan, tashkilotchilik salohiyati baland malakali kuchlar ulg'aydi. Ular siymosi, faoliyatida milliy ma'naviyatning barqaror mag'zi, yaratuvchan kuchi mavjud. Milliy ma'naviyati barqaror shakllangan bunday kishilar o'z xalqi, millati, vatani manfaatini har qanday sharoitda himoya qiladi, o'z faoliyatida xalqimizning milliy ma'naviyatini namoyish eta oladigan, millatning salohiyatini, Vatan qadri, sha'ni, shuhratini ellararo, davlatlararo ko'rsata biladigan insonlardir. Yoshlarga milliy qadriyatlarni ta'limdan tashqari ishlar orqali singdirishning asosiy vazifalari sifatida quyidagilarga e'tibor qaratilishi lozim:
Birinchidan, yoshlarni erkin fikrlashga o'rgatish, hayot mazmunini tushunib olishiga ko'maklashish, o'z-o'zini idora va nazorat qila bilishini, shakllantirish, o'z shaxsiy turmushiga maqsadli yondashuv, reja va amal birligi hissini uyg'otish;
Ikkinchidan, talabalarni milliy, umuminsoniy qadriyatlar, Vatanimizning boy ma'naviy merosi bilan tanishtirish, madaniy hamda dunyoviy bilimlarni egallashga bo'lgan talablarini shakllantirish, malaka hosil qildirish, o'stirib-boyitib borish va estetik tushunchalarini shakllantirish;
Uchinchidan, har bir o'smirning bilimdonligini va ijodiy imkoniyatlarini aniqlab, ularni rivojlantirish, inson faoliyatini turli sohalarda joriy qilish. Yoshlar ijodkorligi, iqtidorini yuzaga chiqarish va yanada qo'llab-quvvatlash uchun shart-sharoit hozirlash;
To'rtinchidan, insonparvarlik odobi me'yorlarini shakllantirish (bir-birini tushunish, mehribonlik, shafqatlilik, irqiy va milliy kamsitishlarga qarshi kurasha olish), muomala odobi kabi tarbiya vositalarini keng qo'llash;
Beshinchidan, yoshlarimizni erkin va mustaqil fikrlashga o'rgatish. Ta'limdan tashqari tarbiyaviy ishlar talaba-yoshlarning qiziqishi, istaklari, xohish va ehtiyojlariga suyangan holda, ularning darsdan bo'sh vaqtlarida o'quv-tarbiya jarayonini to'ldiradi. Bu jarayonlarni tashkil etish yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini,
tashabbuskorligini oshirishga imkoniyat yaratadi.
Bugungi kun yoshlarining bir kunlik vaqt byudjeti: o'quv va darsdan (uyushmagan yoshlar uchun uy ishlaridan tashqari) tashqari vaqt sotsiologiyasini aniqlash va shu asosda ta'limdan tashqari ishlarni samarali tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur. Darsdan tashqari ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etishda: tanlovlar, klublar, badiiy havaskorlik, uchrashuvlar, bahslar, sport musobaqalari, davra suhbatlari, treninglar va boshqa tadbirlar, usullari: ishontirish, namuna ko'rsatish, o'rganish, mashq qildirish, rag'batlantirish, illatlarga salbiy munosabat bildirish, munozaralar, kuzatish, trening, jamoaviy ijodiy faoliyat, "mafkuraviy vaziyat", harakatli, taqlidli, rolli o'yinlar va boshqa shu turdagi usullardan samarali foydalanish lozim.
O'zbek oilalaridagi kitobga muhabbat, kitobni asrab-avaylab saqlash va kitobxonlik xalqimiz ma'naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etgan fazilatga aylangan. Chunki kishining o'zini-o'zi tarbiyalashida kitob ham bilim manbai, ham o'zingizni ko'rish, taqqoslash, taqlid qilish, munozara yuritish, bahslashishda ma'lum darajada ko'zgu vazifasini o'taydi. Kitobxonlik mushohada va mulohaza yuritish iqtidorini shakllantiradi, fikrni charxlaydi, teranlashtiradi.
Ta'limdan tashqari ishlarda yoshlarni kitob mutola qilishga da'vat etish, ularning kitoblardan foydalanib o'z ustida ishlash imkoniyatlarini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixiy joylar, osori atiqalar, yodgorliklar, ziyoratgohlar bilan tanishib, ularni o'rganishga talaba-yoshlarni jalb etish zarur.
Bugungi kun talablaridan kelib chiqib, muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Muzeylarga talaba-talabalarning tashrifini uyushtirib borish an'anaga aylanishi kerak. "Mening davlatim", "Mening xalqim", "Mening Vatanim", "Biz hech kimdan kam bo'lmaganmiz, kam bo'lmaymiz ham" va shu kabi turli ma'rifiy tadbirlar tashkil etib, ularda talabalarni va uyushmagan yoshlarni faol ishtirokini ta'minlash lozim.
Yoshlarning to'y-ma'rakalarda, ommaviy sayillar, bayramlarda ishtiroki asosida mahallada o'zini tutishni, kattaga hurmat, kichikka izzatni, yaxshi-yomon kunlarda yelkadoshlikni his qilishni o'rgatish orqali milliy istiqlol g'oyasining asosiy tamoyillaridan bo'lgan milliy va umuminsoniy qadriyatlarga munosabatni shakllantirishga e'tibor qaratish lozim.
XULOSA
Xulosa qilib shu narsani ta'kidlamoqchimanki, O'zbek xalqining hozirgi milliy ma'naviyati va qadriyatlari o'tmish milliy ma'naviyatining davomi bo'lib, ularga
do'stlik, mehmondo'stlik, insonparvarlik, axloqiy poklik, saxiylik, xushmuomalalik, hayolilik, sizlab muomala qilish, ozodalik, xushchaqchaqlik, xushfe'llik, mardlik, samimiylik, lutfi karamlik, ro'zg'orparvarlik, ona yurt va xalqiga muhabbatlilik, insoflilik, diyonatlilik, rostgo'ylik, halollik, or-nomuslilik, to'g'rilik, sabr-andishalik, vazminlik, hojatbarorlik, ota-ona va kattalarni hurmat qilish, mehnatsevarlik, o'tmishga hurmat, insoflilik, iymonlilik, milliy g'urur, vatanparvarlik, millatparvarlik kabilar kiradi. Bugungi kunda bularni yoshlar onggiga singdirish har bir ota-ona va tarbiyachi-murabbiylarning asosiy vazifalaridir.
Xalqimiz urf-odatlari, an'analari va marosimlari katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Odamlarning bir-biriga mehr oqibati, oqilona munosabati, to'g'ri muloqoti, iltifoti, extiromi xalqimizning ichki go'zalligini, boy ma'naviy va ruhiy qiyofasini ifodalaydi. Eng muhimi, xalqimizdagi mehr-muruvatlilik, saxiylik, mehmondo'stlik, xushmuomalalik, mehr-oqibatlilik, andishalilik, samimiylik, to'g'rilik, intizomlilik, mehnatsevarlik, o'zini tuta bilishlik, tejamkorlik, sabr qanoatlilik kabi his-tuyg'ular va hislatlar bugungi kunda barkamol avlod tarbiyasida ibrat-namuna vazifasini bajaradi.
Tadqiqotimizning natijalaridan kelib chiqqan holda yoshlarni milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash borasida quydagilarni taklif qilish mumkin:
1. Tarixiy yodgorliklar, ma'rifiy maskanlar, san'at koshonalari hamda mustaqillik davrida qad ko'targan inshootlarga uyushmagan yoshlar va talabalarning ekskursiyalarini tashkil qilish;
2. O'lkashunoslik va Vatanimiz tarixiga oid to'garaklar ishini jonlantirish;
3. Jamoa yoshlarining umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosida ma'naviy, iqtisodiy, huquqiy, ekologik, mehnat, estetik madaniyatini shakllantirish maqsadida taniqli san'atkor, huquqshunos, ta'lim va fan arboblari, mehnat faxriylari, sog'liqni saqlash xodimlari bilan ijodiy kechalar va uchrashuvlar uyushtirish;
4. Mahallalarda uyushmagan yoshlarni va talabalarining shoir va yozuvchilar, davlat va jamoat arboblari, mehnat faxriylari kabi taniqli kishilar bilan uchrashuvlarini uyushtirib borish.
REFERENCES
1. Sh.M.Mirziyoyev, Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Mazkur kitobdan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 1 noyabrdan 24 noyabrga qadar Qoraqalpog'iston
Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan o'tkazilgan saylovoldi uchrashuvlarida so'zlagan nutqlari o'rin olgan. - Toshkent: "O'zbekiston", 2017. - 488 b.
2. Sh.M.Mirziyoyev, Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Toshkent: O'zbekiston, 2017. - 488 b.
3. Rustamov A. Adiblar odobidan adablar. - T.: "Ma'naviyat", 2003.
4. Aliqulov X. Ma'naviy-axloqiy qadriyatlar mutafakkirlar talqinida. - Andijon. 2003. 260 b.
5. Umurzoqov O.P. Umuminsoniy qadriyatlar: milliy an'ana va urf-odatlar takomillashmoqda. G'G' O'zbekistonda ijtimoiy fanlar, 1992 №2.
6. A.Allayarov, G'.Amanov. Yoshlar tarbiyasida innovatsion yondashuv (ilmiy ommabop nashr). Guliston 2020. - 114 bet.