YOSHLAR TA'LIM-TARBIYASIDA DUNYOVIYLIK VA DINIYLIK
MUVOZANATINING AHAMIYATI
d https://doi.org/10.5281/zenodo. 11669372
Mirakbarova Dildora Miralisher qizi
Toshkent davlat agrar universiteti v.v.b. dotsenti, falsafa fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) [email protected] +99897 7039307 Umaraliyev Sherdor To'lqin o'g'li Toshkent davlat agrar universiteti «Yurisprudensiya (qishloq xo'jaligi huquqi)» yo'nalishi I-kurs talabasi
ANNOTATSIYA
Har bir insonning moddiy ehtiyojlari bor bo'lgani kabi, ma'naviy ehtiyojlari ham mavjud. Ikkisining ham inson kamolotida o'rni beqiyos. Ma'naviy ehtiyojlarimizdan biri - din hisoblanadi. Din to'g'risida olib borilgan ilmiy ishlar natijasidan ayon bo 'ladiki, dindorlik butun bashariyatning umumiy sifati bo 'lib, unda qadimgilar ham, hozirgilar ham barobardir. Bu jarayonlar har bir davrda o 'ziga xos ko'rinishda namoyon bo'lgan va taraqqiy etgan. Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan tadqiqotlar va islohotlar esa ham diniy, ham dunyoviy bilimlar hamda qadriyatlarning mushtarakligini ta 'minlashdan iboratdir.
Kalit so'zlar: Yoshlar, diniy bag 'rikenglik, millarlararo totuvlik, «Dinshunoslik» fani, ta'lim, tarbiya, diniylik, dunyoviylik, bilim, qadriyat.
АННОТАЦИЯ
У каждого есть материальные, а также духовные потребности. Оба они играют несравненную роль в развитии человечества. Одной из наших духовных потребностей является религия. Из результатов научных работ по религии видно, что религиозность является общим качеством всего человечества, в нем равны как древние, так и современники. Эти процессы в каждую эпоху проявлялись и развивались по-своему. Исследования и реформы, проводимые в новом Узбекистане, направлены на обеспечение общности как религиозных, так и светских знаний и ценностей.
Ключевые слова: Молодежь, религиозная толерантность, международная гармония и толерантность, наука «Религиоведение», образование, воспитание, религиозность, светскость, знания, ценность.
ABSTRACT
Everyone has material as well as spiritual needs. Both of them play an incomparable role in the development of humanity. One of our spiritual needs is religion. From the results of scientific works on religion it is clear that religiosity is a common quality of all humanity, both ancients and moderns are equal in it. These processes manifested and developed in their own way in each era. Research and reforms carried out in the new Uzbekistan are aimed at ensuring a commonality of both religious and secular knowledge and values.
Key words: Youth, religious tolerance, international harmony and tolerance, the science of "Religious studies", education, upbringing, religiosity, secularism, knowledge, value.
INTRODUCTION (KIRISH)
Yangi O'zbekiston millatlararo totuvlik hamda diniy bag'rikenglik prinsiplariga tayangan holda o'z hududida barcha uchun tenglik va vijdon erkinligini ta'minlaydi. Ushbu tamoyillar xalqimiz uchun yot tushuncha bo'lmay, balki uning azaliy bo'lgan milliy va diniy qadriyatlarini ifodalaydi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta'kidlab o'tganlaridek, «...Bizning davlatimiz ko'p millatli va ko'p konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo'lgan bag'rikenglik an'analari muhim rol o'ynamoqda».[2:464]
O'zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat bo'lib, asosiy Qomusimizning 35-moddasida «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi»,[4] deb belgilangan. Vijdon erkinligi tamoyilining ustuvor jihatlari hamda ushbu prinsipga bog'liq masalalar 2021 yil 6 iyulda kuchga kirgan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi» O'zbekiston Respublikasining 699-son qonuni bilan yanada tartibga solingan. Unga ko'ra, «O'zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. O'zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlar va davlat organlarining faoliyati o'zaro aralashmaslik asosida amalga oshiriladi. Davlat turli dinlarga e'tiqod qiladigan va ularga e'tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o'rtasida o'zaro murosa va hurmat o'rnatilishiga ko'maklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo'yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o'rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo'l qo'ymaydi»,[5] deb belgilangan. Shuningdek, diniy qadriyatimiz bo'lmish Qur'oni
Karimning Baqara surasi 256-oyatida ham «Dinga zo'rlab (kiritish) yo'qdir. (Zero) haq yo'l zalolatdan ajrab bo'ldi»[6:39] deyilgan.
O'zbekiston Respublikasi aholisining 94% islom diniga, 3,5%ga yaqini esa boshqa diniy konfessiyalarga mansub kishilarni tashkil etadi. Respublikamizda 16 diniy konfessiya mavjud bo'lib, diniy konfessiyalar asosida 2276ta diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2093tasi islomiy, 166tasi xristian, 8tasi yahudiy, 6tasi bahoiylik tashkilotlari, 1ta Krishnani anglash jamiyati va 1 nafar budda ibodatxonasi mavjud. Bundan tashqari, Respublikamizda konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda.
Qadimgi davrlarda inson tabiat hodisalari, ularda yuz berayotgan jarayonlar, inson o'zining dunyoda tutgan o'rni va o'zligini anglash kabi savollarga javob izlash orqali qadimgi diniy tasavvurlar - mifologik dunyoqarash shakllandi. Bu tasavvurlar o'ta oddiy, soddaligi bilan ajralib turgan. Mifologik tasavvularga ko'ra, tabiat ilohiy kuch sifatida ulug'langan, shu sababdan ham insonning tabiatga bo'lgan munosabati o'ta ehtiyotkorlik ko'rinishida edi. Inson o'zini tabiatdan ajratmaydi, uni insoniylashtiradi, o'zini esa uning ajralmas qismi deb hisoblaydi.
Mifologik dunyoqarashning taraqqiy bosqichi - diniy dunyoqarashdir. «Din» so'zi «itoat», «parhez», «e'tiqod», «hisob», «ishonch», «mukofot», «hukm», «yo'l tutish» degan ma'nolarni bildiradi. Din ilohiy yo'l-yo'riqlar, Alloh taolo buyurgan hukmlar, ibodatlar va aqiydalar majmuidir.[7:7] Diniy dunyoqarashga ko'ra, dunyo, tabiat, insonni Bori' sifatiga ega bo'lgan, ya'ni yo'qdan paydo qilguvchi Alloh taolo yaratgan, degan aqidaga amal qilinadi. Inson og'ir holatga tushganda beixtiyor Alloh taolodan yordam so'raydi, ohu-nola chekadi, Unga duo qilib, Uning yordami bilan mushkul vaziyatdan chiqa olishiga ishonadi. Qaysi diniy ta'limot bo'lishidan qat'iy nazar, dindorlik, Allohning borligiga bo'lgan e'tiqod insonning qon-qoniga singib ketgan. Insonning Alloh taologa, yaxshilikning mukofotlanishi va yomonlikning muqarrar jazoga tortilishiga bo'lgan ishonchi uni doimo to'g'ri yo'lga boshlab, yomon illatlardan asraydi.
Xalq orasida «almisoqdan qolgan» degan ibora bor. Qur'oni Karimda ta'kidlanishicha, Alloh subhanahu va taolo Odamni yaratganda belidan undan tarqaydigan barcha zurriyotlarini chiqarib, ularga o'z mo'jizalarini ko'rsatgach: «Aytinglar-chi, Men sizlarning Robbingiz emasmanmi» deganda, ular: «Parvardigoro, O'zing barchamizning Robbimizsan, bizlar bunga guvoh bo'ldik», deb Tangriga ahdu paymon, ya'ni misoq bergan ekanlar.[6:140] Bu ma'lumot Alloh va biz bandalarning o'rtamizdagi bog'lanish necha ming yillardan beri davom etib kelayotganini ko'rsatadi.
Morison degan olim ushbu masala haqida: «Inson tarixining birinchi kunlaridan boshlab hozirgi kungacha beixtiyor o'zidan quvvatli, o'zidan ulug' va yuqori turuvchi
bir shaxsni axtaradi. Mana shuning o'zi ham, dindorlik insonning asli tabiatida bor ekanligiga katta dalildir. Bu haqiqatni ilm ham ta'kidlaydi»,[8:136] degan fikrni bildirgan.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR (METHODS)
O'zbekiston Respublikasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi» qonunining 8-moddasida «Ta'lim tizimi va din» munosabatlari tartibga solingan bo'lib, unga ko'ra, «O'zbekiston Respublikasida ta'lim tizimi dindan ajratilgandir. Ta'lim tizimining o'quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta'lim muassasalari mustasno) yo'l qo'yilmaydi. O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy ta'lim olish huquqi, ularning dinga bo'lgan munosabatidan qat'i nazar, ta'minlanadi. Har kim diniy ta'lim muassasalarida professional diniy ta'lim olish huquqiga ega»,[5] deb belgilangan. Vatanimizda biror bir dinga oid bo'lgan fanlar diniy ta'lim muassasalarida chuqur o'rgatiladi. Lekin dunyoviy tusdagi ta'lim muassasalida ham yoshlarni turli noqonuniy harakatlarga tushib qolishlarini oldini olish, mafkuraviy kurashlardan ularni himoya qilish, o'ziga xos ma'naviy immunitet hosil qilish maqsadida «Din tarixi», «Dinshunoslik», «Ma'naviyat va din» kabi fanlar o'quv dasturlaridan joy olgan.
Lekin, afsuski, ma'lum bir vaqt, aniqrog'i 4-5 yil davomida oliy ta'lim muassasalarida nomutaxassis bo'lgan talabalar o'quv yuklamasidan ijtimoiy fanlar qisqartirildi, «Dinshunoslik» fani esa olib tashlandi. Ba'zi olimlar tomonidan ijtimoiy fanlarni faqatgina ushbu soha mutaxassislari egallashlari lozim, qolgan nomutaxassis yo'nalishlarga ushbu bilimlar zarur emas degan fikr ilgari surildi. Oradan o'tgan 4-5 yil muddat ushbu fikri noo'rin ekanligini, har bir talaba yoshlar uchun ijtimoiy fanlar, jumladan, «Dinshunoslik» fani naqadar ahamiyatli ekanligini isbotladi. Aslida, bugungi shiddat bilan kechayotgan zamonimizda axloqiy, diniy va huquqiy normalarni o'zaro uyg'unlikda hayotimizga tatbiq etish, ularni yoshlarga tushunarli tarzda yetkazish turli nizoli vaziyatlarni, jumladan diniy, oilaviy, ijtimoiy munosabatlarda yuz berishi mumkin bo'lgan muammolarni oldini olishga xizmat qiladi.
«Dinshunoslik» barcha ijtimoiy fanlar qatori ham o'zining o'rganish obyektiga ega. U dinning paydo bo'lishi, ijtimoiy mohiyati va jamiyatdagi rolini tadqiq qilish bilan birga diniy e'tiqodlarning paydo bo'lishi va rivojlanishi, ularning jamiyat taraqqiyotidagi evolyutsiyasini ilmiy jihatdan o'rganadi. Zamonaviy dinshunoslik esa bir yarim asrga yaqin davrga borib taqaladi. G'arbda, zamonaviy ma'nodagi dinlar tadqiqotlari Maks Myuller (1823-1900) tomonidan boshlab berilgan. Olim 1856 yilda «Qiyosiy mifologiya» va 1870 yilda nashrdan chiqqan «Dinlarning asosi va shakllanishiga oid dars baholari» nomli asarlari bilan boshqa dinlarni tadqiq qilishga yo'l ochgan va kattagina e'tibor qozongan. U Angliyadagi mashhur Oksford
universitetida dinlar tarixidan ma'ruzalar o'qigan. O'zining «Sharqning muqaddas kitoblari tarjima silsilasi» asarida u ilk bora «religious studies» (dinshunoslik) so'zini qo'llagan. Myuller va uning zamondoshlari dinlarni ilmiy tadqiq qilishda filologiyani muhim deb bilishgan va dinning asl mohiyatiga faqatgina til orqali qilingan izlanishlar bilangina yetishish mumkin, degan fikrni olg'a surgan.[3:11]
O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalida qadimgi diniy tasavvurlar, milliy va dunyoviy dinlar tarixi, shakllanish jarayoni, ta'limotini o'rganishdan tashqari zamonaviy diniy oqimlar, diniy sektalar, noqonuniy diniy faoliyat, diniy ekstremistik harakatlar va ularning asl mohiyati, diniylik va dunyoviylikning muvozanatini topish kabi mavzularda darslar olib boriladi.
Maqolaning nazariy qismini yozishda tarixiylik, qiyosiy tahlil, tizimlilik usullaridan, amaliy qismida esa so'rovnoma metodidan foydalanildi.
RESULTS (NATIJALAR)
Dinshunoslik fani darslarini talaba yoshlarga qanchalik qiziqarli, tushunarli bo'layotganini bilish hamda ushbu fanni o'tishda yana nimalarga e'tibor qaratishni o'rganish maqsadida pilotaj, ya'ni sinov ko'rinishida kichik anonim so'rovnoma o'tkazdik. Ushbu anonim so'rovnomada Toshkent davlat agrar universitetining ikkita patok («Yurispuridensiya (qishloq xo'jaligi huquqi») va «O'simliklar karantini va himoyasi») yo'nalishlaridagi 9ta guruh talabalari ko'ngilli tarzda ishtirok etdilar. So'rovnomda ochiq strukturali holatda bo'lib, talabalardan o'z fikr-mulohazalarini erkin bayon etishlari so'raldi.
So'rovnomada 77 nafar ishtirokchi qatnashdi. Unda ishtirok etgan talabalarning 52tasi(67,5%)ni qizlar tashkil etsa, 25tasi(32,4%)ni yigitlar tashkil etdi. Respondentlarning yoshi so'ralgan bandga ishtirokchi yigitlar 18-21 yosh, qizlar esa 18-23 yosh atrofidagi yosh ko'rsatkichlarini yozishgan.
«Dunyoviylik atamasini siz qanday tushunasiz?» degan savolga talabalar ushbu atamani insonlarga xoslagan holatda tushuntirishga harakat qilishgan. 13ta(16,8%) respondent «Zamon bilan hamnafaslik bilan birgalikda diniy bilimga ega inson», 3tasi(3,8%) «Din va zamonaviylikni o'zaro bog'lay olgan inson», 8 nafari(10,3%) «Dunyoviy bilimni egallagan o'qimishli inson», 10ta(12,9%) ishtirokchi «Faqat zamon bilan hamnafas inson», 3 nafari(10,3%) «Dinga qaramaslik, boshqa davlatlarning yashash tarziga taqlid qilish», 4 nafar(5,1%) respondent «Dinga sig'inmaydigan, kiyimlari ham Yevropacha bo'lgan inson», 1tasi(1,2%) «Har bir millat o'z millatiga mansub kiyinishi va hakozolarni tushunaman», 3tasi(10,3%) «Musulmon bo'lmagan odamlarni tushunaman» deb javob berganlar.
«Diniylik atamasini siz qanday tushunasiz?» degan savolga esa 18ta respondent(23,3%) «Islomdagi farz va sunnatlarni o'z vaqtida bajaradigan insonni», 3ta(10,3%) ishtirokchi «Avvalo tashqi ko'rinishi, misol, o'g'il bolalarni soqol
qo'yishi, qizlarni hijob o'rashi»ni, 8tasi(10,3%) «Faqat ibodat bilan mashg'ul bo'ladigan pok iymonli inson»ni, 5tasi(6,4%) «Dinda belgilangan tartibda hayot kechirish»ni, 2 nafari(2,5%) «Qalban dinga bo'lgan e'tiqod»ni, 2tasi(2,5%) «Dunyodan uzilgan va faqat diniy hayot kechiradigan insonni tushunaman», 3ta(10,3%) ishtirokchi «Faqat musulmon bo'lgan odamni tushunaman» deb javob berganlar.
Bizning fikrimizcha, «dunyoviylik» tushunchasi «insoparvarlik», «vijdon erkinligi», «tolerantlik» kabi prinsiplarga asoslanib, biror-bir diniy qarash, g'oyani barcha xalqlar, millatlar uchun asos qilib olmaslik tamoyilini o'zida mujassam etadi. «Diniylik» esa insonning qalbi, ruhiyati, emotsional holati bilan bog'liq tushuncha bo'lib, u inson kamolotiga hissa qo'shadi, jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soladi va unda ezgu fazilatlarning keng yoyilishiga xizmat qiladi.
«Asosan dinga oid ma'lumotlarni qaysi manbaalardan olasiz?» degan savolimizga talabalar 21 nafari(27,7%) kitoblardan ma'lumot olishini, 4tasi(5,1%) uyidagi yoshi kattalar, ota-onasidan so'rashini, 1nafari(1,2%) «Instagramdan», 8tasi «Islom.uz saytidan», 1tasi(1,2%) «Muslim.uz saytidan», 1tasi(1,2%) «Oyat.uz saytidan», 14 nafari(18,1%) «Youtube yoki domlalar ma'ruzalaridan», 3tasi(10,3%) «Googledagi turli xil saytlardan» ma'lumot olishlarini aytishgan. 1 nafar(1,2%) talaba dinga oid umuman ma'lumot qidirmasligini aytgan. Talabalar dars davomida Din ishlari bo'yicha qo'mita tomonidan e'lon qilingan qonuniy va noqonuniy bo'lgan saytlar ro'yxati bilan tanishtirilgan. Lekin, afsuski, ayrim talabalar mafkuraviy xurujlarini hali ham jiddiy inobatga olmasdan Googledagi ma'lumotlari tekshirilmagan turli saytlar bilan kifoyalanib qolayotganlari achinarli hol.
«Dinshunoslik fani haqida qanday xulosaga keldingiz?» degan bandga talabalarning 36 nafari(46,7%) ushbu fan juda kerakli ekanligini qayd etishgan. 2tasi(2,5%) fanga qiziqtira olish ko'p hollarda ustozning darsni sodda va tushunari qilib yetkaza olish qobiliyatiga bog'lik ekanligini aytgan. «Ushbu fanga yana qanday mavzular qo'shilishini, dinning qanday jabhalariga e'tibor berilishini xohlar edingiz?» degan savolga 17 nafar(22%) ishtirokchi «Asosan islom dini haqida ko'proq ma'lumot berilishini», 1ta(1,2%) ishtirokchi «Payg'ambarimiz hayotlari mavzusi ko'proq bo'lishini», 1tasi(1,2%) «Islom mazhablarini chuqurroq o'tilishini", 1 nafari(1,2%) «Faqat islom dinini o'tishini», 1tasi(1,2%) «Aqidalar mavzusi kengroq o'tilishini», 1tasi(1,2%) «Fiqh va ayollar bilan erkak o'rtasidagi munosabatlar mavzusi bo'lishini», 1tasi(1,2%) «Yoshlar tarbiyasi to'g'risida mavzu qo'shilishini», 2ta(2,5%) ishtirokchi «Oila mavzusi qo'shilishini», 1tasi(1,2%) «Yoshlarni terrorizm, ekstremizdan qaytaradigan mavzularni ko'proq bo'lishini» xohlashlarini aytishgan.
«Dinshunoslik fanidan qanday mavzular olib tashlanishini xoxlaysiz?» degan savolga esa 12 nafar(15,5%) talaba hamma mavzular kerak ekanligini aytganlar. 2ta(2,5%) ishtirokchi «Islom dini haqidagi mavzulardan tashqari qolganlari kerak emas», 5tasi(6,4%) esa xristianlik, yahudiylik, buddaviylik, qadimgi dinlarga oid mavzular olib tashlanishi kerakligini aytishgan.
ANALYSIS (MUHOKAMA)
«Nima deb o'ylaysiz, inson ham diniy, ham dunyoviy hayotni birdek olib borishi mumkinmi?» degan savolga 32ta(41,5%) respondent «Dunyoviy va diniy bilimni bir vaqtda olib borish mumkin. Bu foydali, ikkala jihat ham insonga kerak» deb javob berdilar. 8 nafar(10,3%) ishtirokchi «Ha mumkin, bu odamni o'ziga bo'g'liq» degan bo'lsa, 4ta(5,1%) talaba «Mumkin emas, chunki islomda taqiqlangan kasblar bor, agar dunyoviy hayot kechirsangiz dinga zid bo'lgan ishlarni qilishizga to'g'ri keladi» deganlar.
Bizning fikrimizcha, dunyoviy va diniy bilimlar uyg'unligi har bi r soha rivojiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. «Diniylik» va «dunyoviylik» tushunchalari dunyo, inson hayotining mohiyatiga o'ziga xos tarzda qarash, munosabat bildirish usuli sanaladi. Bu ikki tushuncha bir-biriga zid emas, balki ular asosida olingan bilimlar bir-birini yanada to'ldirib, qo'llanilayotgan sohani muvozanatga keltira oladi.
Dunyoviy bilimlarni o'zlashtirish va diniy tasavvurlar bir-biriga zidmi yo bir-birini to'ldiradimi degan savol ustida ko'plab olimlar bosh qotirishgan. Olmoniyalik olim Dinard insoniyat madaniyatiga ulkan hissa qo'shgan 290 nafar olimning fikrlarini o'rganib chiqqanda, ma'lum bo'lishicha 290 nafardan 20 kishigina hech qanday diniy ta'limotlarga ergashishmagan. Qolgan olimlarning esa muayyan e'tiqodlari bo'lib, Alloh borligiga iymon keltirishgan. Bundan ilm va din bir-biriga zid hodisa emas, degan xulosa kelib chiqadi. Zero, ularning ikkisi ham insoniyat taraqqiyotiga o'ziga xos hissa qo'shadi. XX asrning mashhur olimlaridan biri Pastor: «Iymon hech qanday taraqqiyotga to'sqinlik qilmaydi. Chunki har bir taraqqiyot Xudoning yaratgan narsalaridagi ajoyibotlarni ochib beradi. Agar men bugun kechagidan ko'ra ilmliroq bo'lsam, Allohga bo'lgan ishonchim ham kechagidan mustahkamroq bo'ladi» degan.[8:44]
DISCUSSION (XULOSA)
Talabalardan fan bo'yicha taklif va tavsiyalari so'ralganda ular quyidagi fikrni keltirganlar: 8 nafar(10,3%) respondent «Domla, imomlar bilan uchrashuvlar, master klasslar tashkil etishni yoki masjid, cherkovlarga amaliy tashrif buyurishni» xohlashlarini aytganlar. O'tkazilgan so'rovnoma natijalaridan ma'lum bo'ladiki, talabalarda dinga oid mavzularga qiziqish kuchli. Ularning qiziqishlarini to'g'ri yo'lga yo'naltirish, fikr-mulohazalarini obyektivlashtirish, axborotdan foydalanish ko'nikmasini hosil qilish uchun «Dinshunoslik» fani darslar soatini ko'paytirish,
diniy tashkilotlar faoliyati bilan joylarga chiqish yoshlarni yaqindan tanishtirish maqsadga muvofiq bo'lar edi.
Chiroyli, namunali tarbiyani diniy ta'limotlarsiz, ularda belgilangan komillik mezonlarisiz tasavvur qilish qiyin. Zero, har bir insonparvarlikni targ'ib qiluvchi din odamlarda insoniy fazilatlarni shakllantirishga, mehr-muruvvatga, axloq-odob qoidalariga rioya qilishga undaydi.
O'zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov ta'kidlab o'tganlaridek, «Farzandlarimizga dunyoviy va diniy qadriyatlar o'rtasidagi nozik munosabatlarning mohiyatini har tomonlama to'g'ri tushuntirib berishimiz lozim. Tarix va hayot tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini to'ldirmas ekan, bugungi kunning og'ir va murakkab savollariga to'laqonli javob topish oson bo'lmaydi. Shu ma'noda, biz muqaddas dinimiz arkonlari va qadriyatlarini doimo ulug'lab, shu bilan birga, dunyoviy hayotga ham qat'iy ishonch bilan intilib yashagan taqdirdagina o'z ezgu maqsadlarimizga yeta olamiz».[1:96]
Oilada chiroyli va to'g'ri e'tiqod, dunyoviy hamda diniy bilimlarni egallash yo'lga qo'yilgan bo'lsa, unda ma'naviy, huquqiy bilimlarni shakllantirish ham oson kechadi. Bu bilimlarga ega odam axloq-odob qoidalariga, huquqiy normalarga og'ishmay rioya etish orqali unda «ma'naviyat», «huquqiy madaniyat» shakllanadi. Bunday insonlar nafaqat o'z huquq va erkinliklaridan foydalanadilar, balki jamiyat, xalq, Vatan oldidagi burchlarini ham sidqidildan bajaradilar. Bu ularning tarbiya ko'rganidan, bunday hayot tarzini o'zining vijdon amri, umrining ma'no-mazmuni deb bilishidan dalolat beradi. Bunday toifadagi insonlar qonun asosida yashab, qancha ko'p orzu-intilishlariga erishsa, o'zini shunchalik baxtli his etadilar. Zero, Alloh taolo Qur'oni Karimning ko'plab oyatlarida odamlarni tafakkur qilishga chaqirib, biladigan, o'qib o'rgangan inson bilan hech narsani bilmaydigan, bilmaganiga yarasha jim bo'lmasdan, o'z fikriga ko'ra, to'g'ri-noto'g'ri yo'l ko'rsatadigan insonlar teng emasligini aytib, bilimga asoslanmagan ishning oxiri voy bo'lishini bot-bot ta'kidlagan.
ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Karimov I.A. «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch". "Ma'naviyat" nashriyoti, Toshkent - 2008-yil.
2. Mirziyoyev Sh.M. «Milliy taraqqiyot yo'limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko'taramiz». 1-jild. «O'zbekiston» nashriyoti, Toshkent - 2017 yil.
3. Ochildiyev A. va boshqalar. "Dinshunoslik asoslari" O'quv qo'llanma. "Toshkent islom universiteti" nashriyot-matbaa birlashmasi". Toshkent - 2013 yil.
4. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. https : //lex.uz/docs/6445145.
5. O'zbekiston Respublikasining "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi» 699-son qonuni. https://lex.uz/docs/5491534.
6. Qur'oni Karim. Tarjima va izohlar muallifi Shayx Alouddin Mansur. "Cho'lpon" nashriyoti, Toshkent - 1992 yil.
7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf "Mo'minning me'roji" Mufassal namoz kitobi. "HILOL-NASHR" nashriyoti. Toshkent - 2018 yil.
8. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf "Iymon" (To'ldirilgan va qayta ishlangan nashr). "HILOL-NASHR" nashriyoti. Toshkent - 2018-yil.
9. Saifnazarov I, Saifnazarova F, Yoshlar va oila Vatan tayanchi. T.: 2018. -B. 85.
10. Saifnazarov, I. (2023). Yangi O'zbekiston: inson qadri ulug'langan yurt. -Tashkent: "Ilm-Ziyo-Zakovat" MChJ. - 209.
11. MaMaraynoB, ffl. T. (2022). Emnap ^aonnuruHH maKmamupHm MexaHH3Mnapn: MyaMMo Ba enuMnap. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(Special Issue 23), 985-993.
12. Umarjonov, S.S. (2022). Imom Fahriddin Roziyning ibratli hayot yo'li va ilmiy faoliyati. Academic research in educational sciences, 3, TSTU Conference 1, 717722.
13. Mamatkulov, S. (2024). Some Aspects of Increasing the Social Activity of Young People in Uzbekistan (Harmony of National and Foreign Experience). Central Asian Journal of Social Sciences and History, 5(1), 116-135.