Научная статья на тему '“YASHIL” SANOAT SIYOSATINI YURITISH ZARURIYATI: BOZOR NUQSONLARIDAN YASHIL O‘SISHGACHA'

“YASHIL” SANOAT SIYOSATINI YURITISH ZARURIYATI: BOZOR NUQSONLARIDAN YASHIL O‘SISHGACHA Текст научной статьи по специальности «Экономика и бизнес»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
sanoat siyosati / yashil sanoat siyosati / bozor nuqsonlari / subsidiya / investitsiya / ekologik siyosati.

Аннотация научной статьи по экономике и бизнесу, автор научной работы — Sherali Muqimov

maqolada dastlab yashil sanoat siyosatining qisqacha tavsifi, uning an’anaviy sanoat siyosatidan farqli jihatlari bayon qilinadi. So‘ngra yashil sanoat siyosatini yuritish kerakligi bozor nuqsonlari yordamida asoslashga harakat qilinadi. Asosiy nuqsonlar sifatida bozorda yangi texnologiyalar natijasida olinadigan ijobiy samaralarning mukofotlanmasligi, yashil texnologiyalar har doim ham qo‘llab-quvvatlanmasligi, bozorning jahonda sodir bo‘layotgan yashil transformatsiya jarayonlarida raqobatbardoshlilikni saqlab qolishga ko‘maklashmasligi, shuningdek xalqaro darajada harakatlarni muvofiqlashtira olmasligi keltiriladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «“YASHIL” SANOAT SIYOSATINI YURITISH ZARURIYATI: BOZOR NUQSONLARIDAN YASHIL O‘SISHGACHA»

PPSUTLSC-2024

PRACTICAL PROBLEMS AND SOLUTIONS TO THE USE OF THEORETICAL LAWS IN THE SCIENCES OF THE 2IST CENTURY

TASHKENT, e-s MAY 2024

www.in-academy.uz

"YASHIL" SANOAT SIYOSATINI YURITISH ZARURIYATI: BOZOR NUQSONLARIDAN YASHIL O'SISHGACHA

Sherali Muqimov

Iqtisodiyot fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, A.Temur ko'chasi 60A uy, O'zbekiston

mukimov750@gmail.com https://doi.org/10.5281/zenodo.13335317 Annotatsiya: maqolada dastlab yashil sanoat siyosatining qisqacha tavsifi, uning an'anaviy sanoat siyosatidan farqli jihatlari bayon qilinadi. So'ngra yashil sanoat siyosatini yuritish kerakligi bozor nuqsonlari yordamida asoslashga harakat qilinadi. Asosiy nuqsonlar sifatida bozorda yangi texnologiyalar natijasida olinadigan ijobiy samaralarning mukofotlanmasligi, yashil texnologiyalar har doim ham qo'llab-quvvatlanmasligi, bozorning jahonda sodir bo'layotgan yashil transformatsiya jarayonlarida raqobatbardoshlilikni saqlab qolishga ko'maklashmasligi, shuningdek xalqaro darajada harakatlarni muvofiqlashtira olmasligi keltiriladi.

Kalit so'zlar: sanoat siyosati, yashil sanoat siyosati, bozor nuqsonlari, subsidiya, investitsiya, ekologik siyosati.

KIRISH

Qachonlardir iqtisodchilar rivojlanib kelayotgan dunyoning bozor nuqsonlariga to'laligiga, kambag'al davlatlarning nochorlik tuzog'idan faqatgina hukumatning kuchli intervensiyalari hisobiga chiqib keta olishlariga ishonishar edi. Keyin esa shunday vaqtlar keldi-ki, ular hukumatning nuqsonlari yanada jiddiyroq oqibatlarga olib kelishiga, shu sababli davlat uchun eng yaxshisi iqtisodiyotning g'ildiraklarini aylantirish davosidan voz kechish ekanligiga amin bo'la boshladilar [1]. Lekin, vaqt ushbu to'xtamning ham mutlaq to'g'ri emasligini, davlatlar ulkanroq maqsadlar yo'lida baribir sanoat siyosatini yuritish lozimligini anglab yetdilar. Bunday maqsadlarning asosiysi iqlim o'zgarishlari oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish uchun iqtisodiyotda tarkibiy o'zgarishlarni amalga oshirish hisoblanadi. Ayni shu maqsadga erishish yo'lida sanoat siyosati ham yashil transformatsiyadan o'tdi va dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinib ulgurdi.

2 TADQIQOT METODOLOGIYASI

Yashil sanoat siyosati (YSS) o'zining fundamental asoslariga ko'ra an'anaviy sanoat siyosatiga juda o'xshashdir. Ya'ni, sanoat siyosatini oqlash uchun qo'llaniladigan asosiy argument - bozor nuqsonlari YSSni asoslashda ham to'liq ishlatilishi mumkin Shuningdek, yana bir qator o'ziga xos jihatlar borki, ular YSSning yuritilishi lozimligini isbotlash uchun yetarli bo'ladi. Ular orasida eng muhimi, tabiiyki, ekologik tashqi ta'sirlardir [2].

Agarda bozorlar nuqsonsiz faoliyat yuritganda, tabiiy resurslar va atrof-muhit ob'ektlari o'zining haqiqiy ijtimoiy marjinal qiymatida narxlanganda, texnologiya yaratuvchilar o'z erishgan yutuqlariga mutanosib ravishda rag'bat olganlarida edi, yashil loyihalarga investitsiyalar kiritish bo'yicha qaror qabul qilishni butunlay tadbirkorlar, korporatsiyalar va moliya bozorlarining ixtiyoriga topshirib qo'ygan bo'lardik [3]. Lekin, haqiqatda shunday omillar borki, ular qaror qabul qilish jarayonida moddiy manfaat va ijtimoiy mas'uliyat o'rtasidagi uyg'unlikning ta'minlanishiga

yo'l qo'ymaydi. Nazariy jihatdan ushbu omillar to'plami bozor nuqsonlari sifatida qabul qilinadi.

3 MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI

Bozor nuqsonlarining mavjudligi fanda tan olinib, allaqachon darslik va o'quv adabiyotlari mundarijasiga kiritilgan. Ularning asosiylari sifatida nomukammal raqobat, tashqi ta'sirlar va nomukammal axborotni keltirish mumkin [4]. Bunga qo'shimcha ravishda daromadlar tengsizligiga yo'l qo'yilishi, ijtimoiy ne'matlarning ishlab chiqarilmasligi, iqtisodiy sikllarning yuzaga kelishiga ham bozorning nuqsonlari sifatida qaraladi. Salbiy tashqi ta'sirlar tarkibida havoning ifloslanishi ham keltirilsa-da, o'nlab boshqa ta'sir va nuqsonlar orasida, tabiiyki, ushbu muammoga kamroq e'tibor qaratiladi. YSS esa aynan shu yetishmayotgan e'tiborni eng muhimga aylantirish bilan birga, bozorning qolgan nuqsonlarini ham to'g'rilashga qaratiladi.

4 TAHLIL VA NATIJALAR

YSSning eng muhim xususiyati bu atrof-muhitga zarar keltiradigan ishlab chiqarishlarning ijtimoiy badalini yuzaga chiqarish va shu orqali bozor nuqsonlarini to'g'rilashda namoyon bo'ladi. Yashil texnologiyalarni joriy qilayotgan firmalar o'zlari keltirayotgan ijtimoiy nafga nisbatan sezilarli darajada kamroq moddiy naf oladilar. Bu esa, o'z navbatida, iqtisodiyot tarmoqlariga yashil investitsiyalarning yetarli darajada kiritilmasligiga zamin hozirlaydi [5]. Investitsiya jarayonlarida ijtimoiy va moddiy naf o'rtasidagi hamohanglikning bu kabi buzilishini bozorning birinchi tur nuqsonlari sifatida ko'rish mumkin. D.Rodrik yondashuvidan [3] foydalangan holda mazkur nuqsonlarni 3 yo'nalishda tushuntirish mumkin.

Birinchidan, yangi texnologiyalarning yaratilishi bir qator noiqtisodiy xarakterdagi ijobiy samaralarga olib keladi. Biroq, ushbu samaralar uchun texnologiyaning yaratuvchilari hech qanday naf olmaydilar. Samaralar firmalararo yoki tarmoq darajasida o'zaro o'rganish, malakaning oshishi yohud aglomeratsiya ko'rinishida bo'lishi mumkin. Qayd etish joizki, bunday bozor

"¿J PPSUTLSC-2024

. -.(¡.¿if.I PRACTICAL PROBLEMS AND SOLUTIONS TO THE 55 USE OF THEORETICAL LAWS IN THE SCIENCES Of

I Li I toe^centurv

TASHKENT, 6-8 MAY 2004

nuqsonlarini, yashil yoki yashil emasligidan qat'iy nazar, barcha yangi joriy etilgan texnologiyalar uchun tatbiq qilish mumkin. Shunday bo'lsa-da, yashil texnologiyalar o'zining mutlaq yangi va eksperimental tabiati hamda yaratuvchilari uchun taqdim etadigan risklari sababli oddiy texnologiyalarga nisbatan bozor nuqsonlariga mo'rtroq bo'ladi.

Ikkinchidan, yashil texnologiyalarni joriy qilish aksariyat hollarda an'anaviy texnologiyalarni qo'llash va chiqarilgan issiqxona gazlari uchun to'lovlarni amalga oshirishdan anchayin qimmatroq bo'ladi. Boz ustiga atrof-muhitga do'st texnologiyalarni qo'llash uchun bozor yetarlicha rag'batlarni yaratmaydi. Shu sababli, davlatlar ekologik siyosatni yuritishda avvalo yashil texnologiyalarni subsidiyalash yo'lidan boradilar. Biroq, hanuzgacha hukumatlarning qazilma yoqilg'ini subsidiyalashi, shuningdek soliqlar va tartibga solish choralarini iqlim o'zgarishlarining haqiqiy ijtimoiy badaliga nisbatan kamroq va yumshoqroq amalga oshirishlari holatlari tez-tez uchrab turadi. XVJning 2013 yilgi hisob-kitoblariga ko'ra [6], jahon bo'yicha energiyaga subsidiyalar 1,9 trln dollar yoki global YaIMning 2,5% ni tashkil qiladi. Holbuki, yashil texnologiyalar va muqobil energiyani subsidiyalash uchun sabablar ko'proq, argumentlar kuchliroqdir.

YSSni asoslovchi uchinchi nuqson bozorning jahonda sodir bo'layotgan yashil transformatsiya jarayonlarida raqobatbardoshlilikni saqlab qolishga ko'maklashmasligi bilan izohlanadi. Iqlim o'zgarishi muammosi xalqaro hamjamiyatda kun tartibining bosh masalalaridan biriga aylangach, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar yashil sanoatni qo'llab-quvvatlay boshladilar. Odatda, bundan ko'zlangan asosiy maqsad global raqobatda mahalliy sanoatni saqlab qolish hisoblanadi [3]. Muayyan yashil texnologiyani birinchi bo'lib ishlab chiqish bir tomondan yangi bozorlarni ochib bersa, boshqa tomondan mamlakat texnologik taraqqiyotining kelajak yo'lini belgilab berishi mumkin. Shuningdek, milliy texnologiyalarga investitsiyalarni qo'llab-quvvatlash raqobatbardosh bo'lmagan sanoat tarmoqlarida xorijiy ishlab chiqaruvchilar "foyda"sini kamaytirishi ehtimoli yuqori.

D.Rodrik tomonidan ilgari surilgan 3 yondashuvga qo'shimcha ravishda bozorning davlatlararo hamkorlikni qo'llab-quvvatlamasligi yoki buni taqozo eta olmasligini keltirish mumkin. Iqlim o'zgarishlari umumbashariy muammo bo'lsa-da, uni hal qilishda davlatlar turlicha kuch safarbar etadilar. Ayni vaqtda hukumatlar ushbu jarayonda o'z milliy iqtisodiy manfaatlarini ta'minlash yo'lida vaziyatdan foydalanib qolishga ham albatta urinib ko'radilar. Qaysidir mamlakat ekologik xavfsizlikni ta'minlash uchun sanoatni yashillashtirishga katta miqdorda mablag'larni yo'naltirsa, unga qo'shni bo'lgan boshqa mamlakat an'anaviy (arzon) texnologiyalar orqali raqobat ustunligini qo'lga kiritish mumkin. Bunda xavfsizlikning bo'linmasligi tamoyili yaqqol namoyon bo'ladi: qo'shni mamlakatlardan birining ekologik muammolarga yetarlicha e'tibor qaratmasligi butun

www.in-academy.uz

mintaqa iqlimi uchun tahdidlarning saqlanib qolishiga olib keladi. Shu sababli, davlatlar o'rtasida ekologik siyosatni muvofiqlashtirish va buning uchun xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun asosiy instrument sifatida sanoat siyosati o'rtaga chiqadi.

Ko'p sonli bozor nuqsonlari milliy darajadagi muammolarni keltirib chiqaradi va ularni hal qilish uchun ham milliy darajada chora-tadbirlarni amalga oshirish yetarli bo'ladi. Biroq, yuqorida ta'kidlanganidek, bozorning ekologik muammolarga yo'l qo'yishi global va mintaqaviy ahamiyatga. Shu nuqtai nazardan, N.Stern iqlim o'zgarishlari dunyo ko'z ochib ko'rgan eng yirik bozor nuqsonining oqibatidir , deb ta'kidlab o'tdi.

O.Edenhofer esa atmosferani issiqxona gazlarini yutuvchi global umumiy resurs sifatida tavsiflab, uning hamma uchun ochiqligini va dunyoning ko'plab mintaqalarida har bir kishi undan bepul foydalanishini ta'kidlab o'tadi . Darhaqiqat, atmosferaga chifarilgan issiqxona gazlari faqatgina ular kelib chiqqan joy (geografik manba)ning o'zigagina ta'sir qilmaydi, balki butun mintaqa yohud yer shariga u yoki bu darajada o'z ta'sirini ko'rsatadi. Xuddi shuningdek, agarda bir mamlakat issiqxona gazlari emissiyasini cheklash uchun sa'y-harakatlarni amalga oshirsa, bundan qolgan barcha mamlakatlar, shu jumladan hech qanday chora ko'rmaganlar ham manfaat ko'radi. Bu kabi vaziyatni J.Eldi va R.Stevinslar ta'biri bilan quyidagicha baholash mumkin: "deyarli har bir yurisdiksiyaning o'z harakatlari natijasida oladigan iqlimiy naflari unga sarflangan xarajatlardan kamroq bo'ladi. Shunday bo'lsa-da, bu yo'nalishdagi global naflar global xarajatlarga nisbatan anchayin ko'proq bo'lishi mumkin".

Iqtisodiyot nazariyasiga ko'ra, yuqoridagi muammoni G.Hardin tomonidan taklif etilgan "umumiy boyliklar fojeasi" (tragedy of the commons) nazariyasi bilan izohlash mumkin. Ushbu nazariyaga muvofiq barcha iqtisodiy sub'ektlar umumiy boylik (resurs)dan o'z manfaatlari yo'lida maksimal darajada foydalanishga, hattoki bu boshqalarning manfaatlariga zid bo'lsa ham, moyil bo'ladilar. Natijada ortiqcha iste'mol qilish, yetarlicha investitsiya kiritmaslik, tabiiy resurslarning tugatilishi kabi holatlar yuzaga keladi. Xuddi shu sababga ko'ra, davlatlar o'rtasida boshqalarning hisobidan manfaat ko'rish (free-ride) muammosi yuzaga kelib, iqlimga investitsiyalar kiritishda nomutanosibliklar paydo bo'ladi . D.Rodrik esa mazkur vaziyatni siyosiy iqtisodiyot va davlat boshqaruvi nuqtai nazaridan baholagan . Uning fikricha, atrof-muhitga ta'sirlar mikrodarajada bozor nuqsonlarini to'g'rilashni taqozo qilsa, yalpi (makro) darajada muvofiqlashtirish (koordinatsiya) zaruratini keltirib chiqaradi. Muallifning bu yerda muvofiqlashtirish deganda davlat siyosatini, aniqroq aytganda yashil sanoat siyosatini nazarda tutgan, deb xulosa qilish mumkin.

Global isishni jilovlash va uglerod emissiyasini qisqartirish global manfaatlarni o'zida ifoda etadi. Agarda bu manfaatlar ta'minlanmasa, dunyoning barcha

PPSUTLSC-2024

PRACTICAL PROBLEMS AND SOLUTIONS TO THE USE OF THEORETICAL LAWS IN THE SCIENCES OF THE 2IST CENTURY

tashkent, o-8 may 2004 www.in~academy.uz

mamlakatlari salbiy oqibatlar bilan yuzlashadilar. Shu nuqtai nazardan, yashil sanoat siyosati iqlim o'zgarishlari siyosati kabi xalqaro darajada muvofiqlashtirilishi kerak bo'ladi.

Bozor bu shunday mexanizmki, uni shaxsiy manfaatlar harakatga keltiradi. Aynan shu holat uning nuqsonlar bilan ishlashi, ya'ni shaxsiy manfaatlarning jamiyat manfaatlaridan ustun kelishi yangi ijtimoiy me'yorga aylanishiga sharoit yaratadi. Yuqorida bozorning klassik nuqsonlari atroflicha yoritildi. Shunday bo'lsa-da, tadqiqotchilar diqqatidan chetda qolayotgan hamda ahamiyati bo'yicha an'anaviylaridan qolishmaydigan yana bir nuqson borki, uni alohida yoritmaslik mazkur ilmiy ishning mazmunan to'kis bo'lishiga to'sqinlik qiladi. Bu nuqsonni bozorning milliy xavfsizlikni ta'minlamasligi bilan izohlash mumkin.

BMT tomonidan ma'qullangan ta'rifga ko'ra, milliy xavfsizlik davlatning o'z fuqarolarini himoya va mudofaa qila olish qobiliyati deb tavsiflanadi . Klassik ta'rifga ko'ra esa milliy xavfsizlik deganda shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlarining ta'minlanganlik holati sifatida tushuniladi . YS S esa bunda milliy xavfsizlikni ta'minlash vositasi bo'lib xizmat qilishi mumkin. Buning eng yorqin misollaridan biri energetik xavfsizlikdir.

Qazilma yoqilg'ining tugab borishi ko'plab mamlakatlarni energiya resurslarini import qilishga, vaqt o'tishi bilan esa importga qaramlikka olib kelishi mumkin. Yashil energiya manbalaridan foydalanish esa ushbu holatning oldini olish, S.Valentayn ta'biri bilan aytganda energetik xavfsizlik va qayta tiklanadigan energiyadan iborat yangi simbiozning paydo bo'lishiga sharoit yaratadi. Bunda davlat tomonidan olib boriladigan YSS atrof-muhitni muhofaza qilishdan ko'ra energetik xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etishga qaratiladi. Xususan, O'zbekistonda ham yashil energiyaga o'tishdan ko'zlangan asosiy maqsadlardan biri tabiiy gazni tejash hisoblanadi .

Bu kabi misollarni oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash (masalan, iqlim o'zgarishlari chidamli navlarni yaratishga investitsiyalani yo'naltirish), aholi salomatligini saqlash (ekologiyasi og'ir hududlarda yashil sanoat zonalarini tashkil etish), kambag'allikni qisqartirish (yashil ish o'rinlarini qo'llab-quvvatlash) kabi milliy xavfsizlik sohalarida ham davom ettirish mumkin.

5 XULOSA VA TAKLIFLAR

Xulosa o'rnida ta'kidlash o'rinliki, jahonda "yashil iqtisodiyot", "yashil o'sish" kabi g'oyalar keng muomalada bo'lsa-da, ularni amalga oshirish vositasi hisoblangan YSSga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Ushbu siyosatni amalga oshirish davlatning bozor nuqsonlarini to'g'rilash maqsadida iqtisodiyotga aralashuvini nazarda tutadi va shuning uchun ham, maqsadli amalga oshirilgan taqdirda, siyosiy-iqtisodiy risklarni keltirib chiqarmaydi. Shu sababli, YSS strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda faqatgina bozor nuqsonlarini to'g'rilashga e'tibor qaratilishi tavsiya etiladi.

ADABIYOTLAR:

[1] Rodrik, Dani. Industrial policy for the twenty-first century, 2004.

[2] Cosbey, Aaron. Green Industrial Policy and the World Trading System. Issue Brief, 17. ENTWINED 2013/10/30. - P.5.

[3] Rodrik, Dani. Green industrial policy // Oxford Review of Economic Policy, Volume 30, Number 3, 2014, pp. 469-491.

[4] Samuelson Paul A., Nordhaus William D. Economics. - 19th ed. p. cm. - The McGraw-Hill series economics. - R.164.

[5] Altenburg Tilman, Rodrik Dani. Green industrial policy: Accelerating structural change towards wealthy green Economies, Ch.1. In: Altenburg, T., & Assmann, C. (Eds.). (2017). Green Industrial Policy. Concept, Policies, Country Experiences. Geneva, Bonn: UN Environment; German Development Institute. - P. 12.

[6] IMF (2013), Energy Subsidy Reform: Lessons and Implications, Washington, DC, International Monetary Fund, 28 January. Murojaat sanasi: 10.01.2024 yil. Manba:

http://www.imf.org/external/np/pp/eng/2013/012813.pd f

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.