YAKKAXON IJROCHILIKDA OVOZ MASHQLARINING O'RNI
Qobil Zaidovich Ayubov Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti
Annotatsiya: Talabaning ovoz bilan ishlash jarayonida uning ovoziga mos mashqlarni tanlay bilish dars samaradorligini oshiradi. Mashqlar xalq og'zaki ijodining kuychan namunalari asosida amalga oshirilsa o'quvchi zerikmaydi. Unda o'tilayotgan darsga nisbatan qiziqish uyg'onadi. Mashqlar dastlab ovozni to'g'ri yo'naltirish, nafasni tejab ishlatishga qaratiladi. Shubhasiz, birinchi o'rinda bu jarayonda nafas olishga alohida e'tibor berish kerak. Asta-sekin qo'shiq kuyi talab etadigan ifodaviy vositalar, musiqiy jilolar, mashq yordamida mukamallashtirilib boriladi. Ushbu maqolada yakkaxon ijrochilikda ovoz mashqlarining o'rni, ovoz mashqlarini bajarishda e'tibor beriladigan muhim jihatlar haqida fgikr yuritiladi.
Kalit so'zlar: Yakkaxon ijrochilik, ovoz, ovoz mashqlari, ovozni rivojlantirish, intonatsiya, diapason
THE ROLE OF VOICE EXERCISES IN SOLO PERFORMANCE
Kabul Zaidovich Ayubov Institute Uzbek National Music Art named after Yunus Rajabi
Abstract: In the process of working with a student's voice, the ability to choose exercises suitable for his voice increases the effectiveness of the lesson. The student will not get bored if the exercises are performed on the basis of traditional examples of folk art. He becomes interested in the lesson being taught. At first, the exercises focus on the correct direction of the voice and the sparing use of breath. Undoubtedly, in the first place, special attention should be paid to breathing in this process. Gradually, the expressive means, musical tones, and exercises required by the song are perfected. This article discusses the role of voice exercises in solo performance, the important aspects to be taken into account when performing voice exercises.
Keywords: solo performance, voice, voice exercises, voice development, intonation, diapason
Ovoz sozlash mashqlarining foydali va maqsadga muvofiq bo'lishi uchun o'qituvchi uni o'tkazish metodikasini yaxshi bilishi, majburiy pauzalarga yo'l qo'ymaslik uchun mashqlarni oldindan tanlab, uning izchil bo'lishiga erishishni, darsda bir xil mashqlarni doimiy takrorlayvermay, mashqlarning rang-barang
bo'lishini o'ylab qo'yishi kerak. O'qituvchining o'zi har bir mashqni yaxshi bilishi va cholg'u asboblarida erkin ijro etib, kuylay olishi maqsadga muvofiqdir.
Ijro malakasini egallashda ovoz sozlash mashqlari asosiy rol o'ynaydi. Bu mashqlar turlicha bo'lib, har xil maqsadlarni ko'zda tutadi:
- nafasni mustahkamlash;
- ovozni rivojlantirish;
- ovozning ravonligi va harakatchanligini ta 'minlash;
- ovoz diapazonini kengaytirish,
- tovush hosil qilishda yagona usulni qo 'llash;
- sof intonatsiyani yuzaga keltirish;
- garmonik uquvni o 'stirish;
- diksiyaning aniqligiga erishish va boshqalar. [5, B.68]
Ovoz sozlash mashqlari talabalarga ifodali ijroning texnik va badiiy usullarini egallashga yordam beradi. Ayrim mashqlar kompleks xarakterga ega bo'lib, turli malakalarni baravariga rivojlantiradi. Kundalik mashqlar bilan shug'ullanilmasa, asar ijro etishni o'rganish jarayoni cho'zilib ketadi. O'quv yili boshlanishida ovoz sozlash mashqlari tanlanib, asta-sekin murakkabiga o'ta borishi kerak. Mashqlar o'rta dinamikada (sekin) erkin nafas almashinishida ijro etiladi. Ovoz sozlash mashqlari talabalarni ma'lum darajada faollashtiradi, ularning diqqatini bir joyga to'playdi. Har qanday vaziyatda ham ovoz sozlash mashqlariga 5-7 daqiqa ajratsa bo'ladi.
Ovoz torlaridan yuqorida joylashgan bo'shliqlarga yuqori deyiladi, ya'ni halqum qatlami, yutingich, og'iz va burun bo'shliqlariga yuqori sadolantirgich deyiladi.
Yutingich va og'iz bo'shliqlari so'zlashuv tovushlarini shakllantiradi. Ovozning kuchiga quvvat qo'shadi va uning tembri(rang)ga ta'sir ko'rsatadi.
Burun, yutingich, burun bo'shlig'i va uning atrofidagi bo'shliqlar, ya'ni tanglaydan yuqori qismi - miya sadolantirgich yohud burunga kuylash deyiladi. Mazkur sadolantirgich to'g'ri kuylashning nazoratchisi deyilsa xato bo'lmaydi.
Ko'krak qafasi sadolantirgichi tovushga shira, quyuqlik va kenglik qo'shadi. Ko'krak qafasi sadolantirgichini ko'p ishlatish xavflidir, chunki u ovozni notekislikka va pardaning tabiiy o'rnidan pastroq va yuk bilan kuylashga olib keladi.
Talabaning ovoz bilan ishlash jarayonida uning ovoziga mos mashqlarni tanlay bilish dars samaradorligini oshiradi. Mashqlar xalq og'zaki ijodining kuychan namunalari asosida amalga oshirilsa o'quvchi zerikmaydi. Unda o'tilayotgan darsga nisbatan qiziqish uyg'onadi. Mashqlar dastlab ovozni to'g'ri yo'naltirish, nafasni tejab ishlatishga qaratiladi. Shubhasiz, birinchi o'rinda bu jarayonda nafas olishga alohida e'tibor berish kerak. Asta-sekin qo'shiq kuyi talab etadigan ifodaviy vositalar, musiqiy jilolar, mashq yordamida mukamallashtirilib boriladi.
Talaba ovozi bilan bajariladigan mashqlar bir-birini ko'p takrorlamasligi kerak. Xatto bir maqsadga yo'naltirilgan mashqlar ham usul, kuy jihatlari bilan xilma-xil
bo'lsa, bu darsning sermazmun bo'lishiga olib keladi. Agar mashqlarda o'tiladigan mavzuning barcha badiiy xususiyatlari aks etgan bo'lsa, mavzuni o'zlashtirish oson kechadi. Mashqni bajarish jarayonida o'quvchining ijro vaqtidagi umumiy xolati, so'zlarni to'g'ri talaffuz etish, mashqni bajarish jarayonida o'qituvchi tomonidan qattiq nazorat qilib boriladi.
Mashqlar davomida unli tovushlarning cho'zimi tilni aylantirib, ovozni burunga urish bilan boyitib borilgan. Mashqlarning yana bir asosiy vazifasi an'anaviy xonandalikka xos urflarning ovozdagi ifodasini bo'rttirib ko'rsatish edi, o'sha davrda. Masalan, Toshkent-Farg'ona ijrochilik yo'lida ovozning ko'krak qafasining ko'tarilgan xolatda chiqishi va uni labga urilishi oqibatida nimasi bilandir nayni eslatuvchi sadoni his qilamiz. Buxoro va Xorazm yo'llarida esa sadolanayotgan ovoz (albatta u to'g'ri shakllangan bo'lsa) gumbazdan chiqayotgan sehrli bir sadoni eslatadi. Xonandalar bizning tilimizda ovoz mashqi deb ataluvchi amallarni bajarayotganda mana shu xolatlarga alohida e'tibor berishgan. [5, B.70]
Talabaning musiqiy ongini milliy ohanglar bilan to'ldirish uchun, ustozlar ta'biri bilan aytganda, uning qulog'ini pishirish uchun mashqlarning barcha butun va yarim pardalarda bajarilishi talab etiladi.
Yakkaxon qo'shiqchilik malakalariga erishish va uni takomillashtirishning asosiy mezoni - mashqdir. Mashqlar ko'p marotaba takror va takror, qayta-qayta maxsus bajarilishi lozim bo'lgan ijro vositasidir. O'tmishda ustozlar buni ovoz yurgizish, tomoqni qizdirish kabi iboralar bilan ifodab, buning uchun maqom ohanglari va zamzamalardan mashq sifatida foydalanishgan.
Avval har bir bajariladigan mashqning nima maqsadga qaratilganligini bilib, mashqda shu maqsadga erishilmaguncha qayta-qayta takrorlanmog'i shart. Ovoz bilan ishlash jarayonida har bir xonandaning ovoziga mos xilma-xil mashqlar tanlay bilish mashg'ulotning mazmunli bo'lishi bilan bir qatorda samaradorligini ham oshiradi. Dastlabki yakkaxon ijrochilik mashqlari ovozni to'g'ri yo'naltirish va nafasni tejab ishlatishga qaratilmog'i, qolaversa, eng asosiysi nafas olish jarayoniga alohida e'tibor berishga qaratilmog'i lozim. Yakkaxon qo'shiqchilik malakalarining turli talablariga shu uslub orqali erishish mumkin bo'ladi. Ovozning kuychanligi, ravonligi, quvvati, ravshanligi kabi qirralari shular jumlasidan. Ovoz mashqlari asar ijro etishdan ilgari bajarilishi, imkoni boricha shu asar ruhi va ladidan bo'lgani, sodda va oddiy bo'lishi maqsadga muvofiqdir. Ushbu mashqlar nafaqat malaka va uni takomillashtirish, balki ovoz qatlamlarini asarlar kuylashga tayyorlash jarayoni ham, ya'ni ovozni ijroga tayyorlash mashqlari (raspevaniye) deyiladi. Bu jarayonda har bir ijrochi ovoz hosil qilishda nimalarga e'tibor berishi, uni qanday bajarishi, qolaversa bu mashq nima maqsadga qaratilganini va uni qanday nazorat qilish mumkin ekanliklarini nafaqat ustoz, balki talabaning o'zi ham ham anglab yetgani ma'qul. Avvalo, ovoz ustida ishlaganda mashqlarni primar, ya'ni asil pardalardan boshlamoq hamda ovoz
hajmidagi qolgan barcha pardalar jarangini ham shu pardalarga moslamoq hamda mashqlar ovozning o'rtacha quvvatda bajarilmog'i ko'proq manfaat berishini bilib olgan yaxshi. Chunki katta quvvatdagi ovozda ijro etib turish, ovozning bo'rttirilishiga olib keladi va uning ovoz uchun talofati kattadir. Albatta doimiy xirgoyi tarzda kuylash ham tavsiya etilmaydi, biroq xirgoyi tarzda kuylashning nazorat uchun ahamiyati katta ekanligini har bir xonanda bilib olgani yaxshi. Yuqorida aytganimizday, ovoz mashqlarini primar pardalardan boshlagan yaxshi, chunki xonandaning bu diapazonidagi tovushlar tabiiy, go'zal va erkin jaranglaydi. Parda ohangining toza va tiniqligiga erishish (intonirovaniye) asosan xirgoyi tarzda ashula aytishdan boshlanadi.
Primar pardalarda mashqlarni bajarish ovoz qatlamlari, og'iz va burun bo'shlig'idagi mushaklarning erkin ishlab ketishiga sabab bo'ladi. Primar pardalar odatda ovoz hajmining taxminan o'rtalarida bo'ladi. Mashqlarda ovoz hajmi asta-sekinlik bilan kengayib borib, ovozning to'liq hajmigacha yetkazish mumkin. Ovozning quyi va yuqori hajmiga, iloji boricha o'rta diapazonni takomillashtirgandan keyin, asta sekinlik bilan kengaytirib o'tgan ma'quldir.
Bundan tashqari, yakkaxon ijrochilikning boshlang'ich jarayonida mashqlarni har bir ijrochi qulay bo'lgan unli tovushlarda ijro etgan durust. Shunda ayni shu unli tovush qolgan unli tovushlar uchun asos bo'lib xizmat qilishi mumkin, chunki o'ziga qulay tovushda ijrochi oldiga qo'yilgan vazifani bajarishi va o'zlashtirib olishi oson bo'ladi. Tanlab olingan unli tovush ijrochi ovozining umumiy jarangiga binoan manfaatsiz, ya'ni ovoz nursiz va jarangsiz bo'lsa, unda ovoz jarangini yaqinlashtirish maqsadida "i", "ye" kabi tovushlarni tanlagan ma'qul. Mabodo ovoz haddan tashqari yaqin, ochiq, yoyilgan va xunukroq bo'lsa, unda "o", "u", "o'" kabi ovozni yig'ib olishga xizmat qila oladigan tovushlar bilan boshlagan ma'qul. Tomoqni siqib ovoz chiqaradiganlar uchun "i" tovushi bilan qo'shiq aytishni boshlash yaramaydi, chunki bu tovush o'zining talaffuz xususiyati bilan bundan-da siqibroq chiqarishga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bunday xonandalarga "a", "o", "u" va "o'" tovushlari qulayroqdir. Burni orqali ovoz chiqaradiganlarga esa "o" tovushi, ayniqsa "a" tovushi yaxshi samara beradi. Talaffuz organlari bo'sh va lanj ishlaydigan xonandalar bilan esa yuqorida ko'rsatilgan unli tovushlarga undosh tovushlarni qo'shib mashqlar bajarish maqsadga muvofiq. Ashula aytish texnikasi malakalariga mana shu kabi uslublar orqali erishish ijobiy natija beradi. [5, B.71]
Ovoz yurgizish mashqlarini qoidaga muvofiq bir pardada kuylashdan boshlagan ma'qul, faqat shundagina nafasni to'g'ri ishlatish, pardani toza va tiniqligiga erishishga imkoniyat bo'lishi mumkin.
Agar ovozlar yopiq (xasta) bo'lsa - di, da, do, mi, ma, mo kabi jarangdor unlilarda mashq qilgan ma'qul. Mobodo "l" tovushi vositasidagi mashqlar yumshoq atakani barpo etish va ovozni yig'ib olishga qaratilgan bo'lsa, "m" tovushi vositasida binnigi
kuylashni tashkil etishga, "d" tovushi orqali esa atakani faollashtirib, tovush yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Yuqorida aytilganidek, mashqlarni albatta primar pardalardan boshlash hamda ijro etishga mo'ljallangan asar bo'laklaridan olgan ma'qul. Shunda ovoz kuylashga tayyor bo'lishdan tashqari xonandaning o'zi qo'shiq ruhiga ham sozlanib qoladi. Ovoz yurgizish mashqlari faqat ovozni to'g'ri shakllantirish, uni turli malakalari ustida ishlatishga qaratilishi shart, ya'ni mashqlar jarayonida xonandalarni faqat yaxshi ohangdor va kuychan mashqlarni o'zining ijrosi bilan emas, balki ruhiyati bilan ham tayyorlamoq zarur.
Ovoz mashqlarni biron bir musiqa asbobida yoki fortepiano jo'rligida bajarish ayniqsa, mavzuni shu soz jo'rligida talabaga ijro ettirish, ovozdagi ba'zi pardalarning noto'g'ri sadolanishiga, notamom pardalarning noqisligiga sabab bo'lishi mumkin. Unli tovushlar-ijroning asosidir. Ular tufayli ovozning ijro mahorati shakllanadi va rivojlanadi. Unli tovushlarning aniq, yaxshi jaranglashi uchun talabalarga ovoz hajmining hamma registlarini bir tekisda, qulay pozitsiyada ijro etishlarni o'rgatish lozim.
Yana shuni unutmaslik kerakki, ovozda moslanuvchanlik xususiyati juda kuchli bo'ladi, ya'ni talaba ovoziga qaysi sozda jo'r bo'linsa, ovoz o'sha soz ta'sirida shakllanib boradi va unga moslashib qolishi ham mumkin. Dars o'tish jarayonida mashqlarni va mavzuni milliy sozlar jo'rligida amalga oshirilishi talab etiladi.
Tanlanadigan har bir mashq maqsadli bo'lishi va ovozning ijro malakalariga qaratilgan bo'lishi shart. Mashqlarning boshlang'ich jarayonida nafasni to'g'ri olib, silliq chiqarish, ovozni tayanchiga e'tibor berish, jarangni tekislash, ovoz hajmini kengaytirib borish kabi xonandalik texnikasi va sifatlariga qaratilgan bo'lmog'i lozim. Mashqlar oddiylaridan boshlanib, keyin asta-sekinlik bilan murakkablasha borgani to'g'ri bo'ladi. Mashqlar albatta yakkaxon ijrochilik ta'limoti talablariga to'liq javob berishi va maqsad sari bir-birini to'ldirib borishi lozim. Xuddi shunga o'xshash tanlanadigan asarlar ham osonlaridan boshlanib, asta-sekinlik bilan murakkablashib borishi xonandalik malakalarini puxta egallab borishiga xizmat qilishi muqarrar.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Alimjonova Z. Sahna nutqi. - T., "Fan", 2005.
2. Jumaniyozov R. Nutqiy mahorat. - T., 2005.
3. Nosirova A. Jonli so'z san'ati asoslari. - T., 2003.
4. Sultonov A. "Maqom xonandaligi ansambli" Toshkent "Innovatsiya-Ziyo" 2022.
5. Abdullayev R. Yakkaxon qo'shiqchilik. Darslik. Toshkent-2021.
6. Shashmaqom saboqlari (maqola va ma'ruzalar to'plami) Toshkent - 2007.
7. Sultonov A. "Mumtoz ashula va qo'shiqlar ijrochilari va bastakorlari. Toshkent - "Innovatsiya-Ziyo" 2021.
8. Jabborov A. O'zbekiston kompozitorlari, bastakorlari va musiqashunoslari "Musiqa" nashriyoti. Toshkent - 2018.