UDK: 297:322 (620)
XX ASR OXIRI - XXI ASR BOSHIDA MISR ARAB RESPUBLIKASI TASHQI SIYOSATIDA DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASH XUSUSIYATLARI
Yodgorov Sherbek Meylijonovich
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o'qituvchisi
XX asr oxiri - XXI asr boshida Misr Arab Respublikasi mamlakat xavfsizligi va barqarorligiga katta tahdid solgan diniy ekstremizm, radikalizm va terrorizmga qarshi ham ichki, ham tashqi siyosatda birdek kurash olib bordi. Mazkur maqolada Husni Muborak hamda Abdulfattoh as-Sisi davrida Misrning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash siyosatida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash xususiyatlari tahlil qilinadi.
Kalit so'zlar: diniy ekstremizm, terrorizm, radikalizm, Yaqin Sharq, mintaqaviy xavfsizlik, xavfsizlikka tahdid.
В конце ХХ и начале XXI века Арабская Республика Египет как во внутренней, так и во внешней политике боролась с религиозным экстремизмом, радикализмом и терроризмом, которые представляли большую угрозу безопасности и стабильности страны. В статье анализируется особенности борьбы с религиозным экстремизмом и терроризмом в политике региональной безопасности Египта в период президентства Хосни Мубарака и Абдель Фаттаха ас-Сиси.
Ключевые слова: религиозный экстремизм, терроризм, радикализм, Ближний Восток, региональная безопасность, угроза безопасности.
At the end of the 20th and the beginning of the 21st century, the Arab Republic of Egypt, both in domestic and foreign policy, fought against religious extremism, radicalism and terrorism, which posed a great threat to the security and stability of the country. The article analyzes the features of the fight against religious extremism and terrorism in the regional security policy of Egypt during the presidency of Hosni Mubarak and Abdel Fattah al-Sisi.
Key words: religious extremism, terrorism, radicalism, Middle East, regional security, security threat.
ANNOTATSIYA
АННОТАЦИЯ
ABSTRACT
237
www.birunijournal .uz
KIRISH
Begunoh insonlarning hayotiga zomin bo'layotgan, xavfsizlikka tahdid solayotgan radikalizm, diniy ekstremizm va terrorizm butun insoniyatning umumiy dushmani bo'lib qolmoqda. Bugungi kunda bunday xavf-xatarlarni oldini olish, uni oziqlantirayotgan omillarni bartaraf etish dunyo mamlakatlarining umumiy vazifasiga aylangan. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur xavf-xatarlar haqida shunday deydi: "O'zbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega bo'lib kelgan. Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa, yoshlar o'rtasida, zo'ravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish lozim" [1].
XX asr oxiri - XXI asr boshlarida diniy ekstremizm va terrorizm muammosi jahon mamlakatlarini birdek tashvishga soldi hamda ijtimoiy-siyosiy muammolarni keltirib chiqarishi jihatidan eng xavfli ko'rinishga ega bo'ldi. Ayniqsa, bu davrda dunyoning eng "og'riqli" nuqtalaridan biri bo'lgan Yaqin Sharq mintaqasida sodir bo'lgan terrorchilik hurujlari nafaqat milliy va mintaqaviy xavfsizlikka, balki global miqyosda katta tahdid manbaiga aylandi.
Yaqin Sharq arab mamlakatlarida islom dinining siyosiylashuvi hamda aholining radikallashuvi sabablari va omillari juda ko'p va xilma-xildir. Ushbu radikallashuv natijasida yuzaga kelgan terrorizm muammosi jiddiy fojiadir. AQShdagi "Rend" (RAND) korporatsiyasi tadqiqot markazi ma'lumotlariga ko'ra, Yaqin Sharq mintaqasida 1990-2010-yillar davomida 15 731 terroristik hujum sodir etilgan [2]. Birgina shu statistik ma'lumotning o'ziyoq mintaqadagi vaziyat naqadar jiddiy ekanligini ko'rsatib turibdi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Misr Arab Respublikasi (MAR)ning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash siyosatida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalasi ko'plab arab, rus va boshqa xorijlik olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, tadqiqotlarning kattagina qismini Misr hamda Yaqin Sharq mintaqasi davlatlari o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalar tarixi va bugungi holatiga bag'ishlangan ilmiy maqolalar tashkil qilib, mintaqaviy xavfsizlik borasidagi hamkorliklar alohida aspektda emas, balki siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar bilan umumiy tarzda o'rganilgan. Misr tashqi siyosatini mintaqaviy kontekstda o'rgangan olimlarning ilmiy tadqiqotlarida ham shunday yondashuvni uchratish mumkin mumkin.
Biroq shunga qaramasdan S.E.Babkin, Ya.E.Kamlevskaya, K.I.Polyakov,
238
www.birunijournal .uz
L.R.Xlebnikova, Faxime Saberi, Iyman Ragab, Zaynab Kaya, Barbara Azaola Piazza kabi sharqshunoslar tadqiqotlarida Misr tashqi siyosatining xavfsizlik sohasidagi hamkorlik aloqalariga keng o'rin ajratilgan. Mazkur tadqiqot ishlarida Husni Muborak va Abdulfattoh as-Sisi davrida Misrning global kuchlar va mintaqaviy sheriklar bilan hamkorlik aloqalarida, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalalariga katta e'tibor qaratilgan.
O'zbek sharqshunos olimlaridan Sh.Yovqochev hamda D.Madaminovalarning ilmiy ishlarini alohida ta'kidlash mumkin. Xususan, Sh.Yovqochev MARning islomiy partiya va harakatlarining nafaqat davlat va mintaqa jamoatchiligining siyosiy hayotiga, balki Misrning tashqi siyosiy qarashlariga ham ta'sir ko'rsatish imkonini beruvchi siyosiy tajribaga ega ekanligini e'tirof etgan. D.Madaminova esa Misrning O'rta Yer dengizi mintaqasi xavfsizlik tizimida tutgan o'rnini kompleks tarzda tadqiq etgan.
Tadqiqotning asosini tarixiy-tahliliy, mantiqiy-tarixiy uslub tashkil etadi. Tarixiy-qiyosiy tahlillar amalga oshirilib, ularning natijasida umumiy xulosalarga kelinadi. Tadqiqotning nazariy-metodologik asosini Misr Arab Respublikasining xavfsizlik sohasida Yaqin Sharq davlatlari bilan hamkorlik aloqalari tashkil etadi.
NATIJALAR
Misr Arab Respublikasi — Arab dunyosida o'ziga xos o'ringa ega. Misr geosiyosiy ta'siriga ko'ra boshqa Arab davlatlaridagi umumiy ijtimoiy-siyosiy holatga ta'sir ko'rsatadi. Shu ma'noda, mamlakatning xalqaro maydondagi tashqi siyosati butun Yaqin Sharqdagi radikal islomiy harakatlar ulkan ta'sir ko'rsatadi [3:124]. Rus sharqshunos olimi Ya.E.Kamlevskayaga ko'ra, "Yaqin Sharqdagi diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda Misr uslubi noyob namuna bo'lishi mumkin. Bu davlat yovuzlik bilan jiddiy kurashishga bel bog'lab, Arab Sharqini birlashishga chaqirgan kam sonli mamlakatlar sirasiga kiradi" [4:58].
XX asr oxiri - XXI asr boshlarida Misr Arab Respublikasida sodir bo'lgan terrorizm harakatlari butun mamlakatni qamrab oldi. Natijada Misr hukumati mazkur muammo bilan jiddiy kurashishga majbur bo'ldi. Misrdagi radikal diniy ekstremistik guruhlar faoliyati va tajovuzi shu qadar keng tus oldiki, muammo ko'lami nafaqat Misr milliy xavfsizligiga, balki mintaqa barqarorligiga ham katta tahdid sola boshladi.
Muhammad Husni Muborak (1981-2011) davri. Muborak hukumatining moslashuvchan va muvozanatli tashqi siyosati tufayli Misr XX asrning 90-yillari
239
www.birunijournal .uz
boshiga kelib arab va islom dunyosida o'zining yetakchilik mavqeini qayta tikladi *. Misr tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalalariga katta e'tibor qarata boshladi. Sababi 90-yillarning boshida Misrda radikalizmning kuchayishi, terrorchilik harakatlarining ortishi hukumatni bu muammo bilan jiddiy kurashishga majbur qilayotgan edi.
1992-yildan boshlab Misr rahbariyatining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda tashqi siyosiy aloqalarining asosiy maqsadi - bir qator davlatlar bilan o'z hududlarida yashiringan misrlik ekstremistlarni ekstraditsiya* qilish bo'yicha kelishuvga erishish edi. Xususan, ana shunday bitimlar Saudiya Arabistoni, Liviya va Yaman hukumatlari bilan tuzildi va ular tomonidan bir necha bor misrlik ekstremistlar o'z yurtiga qaytarildi [5:80].
Husni Muborak 1993-yil may oyida Misr hukumati tomonidan ekstremistlarni qo'llab-quvvatlaydigan yoki ularga boshpana beradigan davlat deb hisoblangan Iroq bilan telefon va faks aloqalarini uzib qo'yishni buyuradi (shuningdek, Afg'oniston, Pokiston, Eron, Sudan kabi davlatlarga nisbatan ham shunday amaliyot qo'llanilgan) [5:81]. Mazkur amaliyot ekstremistlar faoliyatini cheklashga qaratilgan yaxshi o'ylangan tadbir bo'lishiga qaramay, Misr hukumati yuqorida nomi zikr qilingan davlatlar bilan faol tashqi siyosatga ega bo'lmaganligi bois boshqa sohalarda bo'lganidek, xavfsizlik yo'nalishida ham kutilgan samara bermaydi.
XX asrning 90-yillarining ikkinchi yarmiga kelib Misr ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ikki tomonlama aloqalarda ma'lum natijalarga erishgan bo'lsa-da, arablararo hamkorlikni yo'lga qo'yishda bir qator muammolar to'sqinlik qildi. Bunga, avvalo, ularga xavfsizlik ustuvorligini baholashdagi kelishmovchiliklar sabab bo'ldi. Biroq XX asrning so'ngi o'n yilligida terrorizm xavfining kuchayishi arab mamlakatlaridan ushbu hodisalarga qarshi kurashish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish yo'llarini izlashni talab qildi.
XX asrning 90-yillarida bo'lib o'tgan sammit uchrashuvlari ushbu masalalarda umumiy pozitsiyani ishlab chiqish uchun katta ahamiyatga ega edi. U erda o'tkazilgan maslahatlashuvlarda arab mamlakatlarining tegishli xavfsizlik idoralari mutaxassislari ekstremistlar faoliyatini to'xtatishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqdilar. Xususan, 1996-yil mart oyida bo'lib o'tgan Sharm ash-Shayxdagi sammit mazkur sohada Arab davlatlari uyushmasi (ADU) doirasida
* 1978-1979-yillarda Isroil bilan imzolangan "Kemp-Devid" shartnomasidan so'ng arab va islom dunyosida yakkalanib qolgan Misr 1984-yilda Islom konferensiyasi tashkiloti, 1989-yilda esa Arab davlatlari uyushmasi (ADU)ga a'zoligi tiklandi. 1991-yilda ADU shtab-kvartirasi Tunisdan Qohiraga qaytarildi.
* Ekstraditsiya - xalqaro huquqda jinoyat sodir qilgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki unga nisbatan chiqarilgan sud hukmini ijro etish uchun bir davlatdan ikkinchi davlatga berish. Jinoyatchini berish shartlari va tartibi xalqaro shartnoma va milliy qonunchilik bilan belgilanadi.
240
hamkorlikni kuchaytirishga hissa qo'shdi. 1996-yilda ADUga a'zo mamlakatlar terrorizmga qarshi kurash kodeksini qabul qildilar va 1997-yilda arab davlatlarining terrorizmga qarshi kurashining umumiy strategiyasi tasdiqlandi [6:107].
ADUga a'zo mamlakatlar ichki ishlar vazirlarining 1998-yil aprel oyida Qohirada bo'lib o'tgan yig'ilishida "Terrorizmga qarshi kurash to'g'risida"gi Konvensiya imzolangandan so'ng, hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga erishildi. Konvensiya 1999-yil may oyida kuchga kirdi va manfaatdor davlatlarga o'z hududida terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan jinoyatchilarni topshirishni nazarda tutar edi. Konvensiya, shuningdek, kelishuv ishtirokchilari bo'lgan mamlakatlarga bir-birining hududida terrorizmga asoslangan jinoyatlar bilan bog'liq turli xil huquqiy harakatlarni amalga oshirishni talab qilishiga imkon berdi. Bundan tashqari, bitim ishtirokchi mamlakatlar tomonidan tergov harakatlarini olib borish va terrorchilik harakatlarni tergov qilish bilan bog'liq boshqa huquqiy jarayonlarni o'zaro yordam bilan ta'minlashni nazarda tutadi [7].
1999-yil yanvar oyi oxirida Amman (Iordaniya)da ADUga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining 16-sessiyasi bo'lib o'tadi. Mazkur sessiyada Arab dunyosida birinchi marta terrorizmni qoralovchi qo'shma deklarasiya qabul qilinadi. ADU Ichki ishlar vazirlari kengashida arablarning yagona strategiyasi ishlab chiqilib, arab davlatlarining terrorizmni moliyalashtirish, qurollantirish, har qanday jinoiy harakatlar va tomonlarning xavfsizligini buzishga olib keladigan tashviqotlarni amalga oshirish sohasidagi faoliyatining oldini olish kabi majburiyatlarini e'lon qiladi [6:108].
Shuni ta'kidlash kerakki, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda arablararo hamkorlik faqat huquqni muhofaza qilish idoralari darajasi bilan cheklanib qolmadi. Bir qator hollarda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar ham mazkur yo'nalishda faoliyat olib bordilar. Masalan, 1998-yil noyabr oyining oxirida Qohira shahrida Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Iroq diniy ishlar vazirlari (vaqflar) yig'ilishi bo'lib o'tadi. Muzokaralar davomida ushbu vazirliklarning imkoniyatlaridan foydalanish, shu jumladan, musulmonlarning xayriya mablag'larini (zakot) o'z maqsadlarida ishlatadigan islomiy guruhlarni moliyalashtirish manbalari va kanallarini aniqlash zarurligi to'g'risida kelishuvlarga erishiladi [6:108].
Biroq ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo'yicha ADU doirasida imzolangan hujjatlardan samarali foydalanishda tashkilotga a'zo davlatlarning ushbu muammolarga yondoshishdagi farqlar to'sqinlik qildi. Shu sabab Misr hukumati terrorizmga qarshi faqat ADU bilan cheklanib qolmay, mintaqaviy ahamiyatga ega bo'lgan bir qator konvensiyalarni ratifikatsiya qildi. Xususan, 1999-yil 14-iyulda Jazoirda qabul qilingan Afrika birligi tashkilotining terrorizmni oldini olish va unga
241
www.birunijournal .uz
qarshi kurash bo'yicha konvensiyasiga Misr tomoni 2000-yilda qo'shildi. Shuningdek, Misr poytaxti Qohira shahrida 2010-yil 12-dekabrda texnologik jinoyatlarga qarshi kurash bo'yicha, 2010-yil 21-dekabrda esa jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo'yicha arab konvensiyalari qabul qilinadi [8].
Muborak rejimining tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlik masalalariga katta e'tibor qaratishining boshqa jihatlari ham borga o'xshaydi. Ispaniyalik olima Barbara Azaola Piazzaning fikricha, "Muborak islomiy tahdidga qarshi mintaqaviy barqarorlikni kafolatlash asosida Misrning mintaqaviy rahbarligini ishlab chiqqan" [9:406]. Bu holat tabiiyki, Yaqin Sharqdagi boshqa yirik davlatlarning manfaatlariga zid kelardi.
Abdulfattoh as-Sisi davri (2013/2014-...). 2011-yilda yuz bergan "Arab bahori" voqealari natijasida Husni Muborakning 30 yillik hukmronligiga barham berilgach, "Musulmon birodarlar" tashkiloti bilan bog'liq bo'lgan Muhammad Mursi* qisqa muddat Misr hokimiyatini egalladi. Biroq 2013-yilning yozida M.Mursi va "Musulmon birodarlar" harbiy to'ntarish orqali ag'darib tashlandi* va 2011-yilga qadar hukmronlik qilgan siyosiy, harbiy elita yana Misr hukumati tepasiga qaytdi. Boshqaruv feldmarshal Abdulfattoh as-Sisi qo'liga o'tgach, Misrda radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash choralari sezilarli darajada kuchaytirildi, "Musulmon birodarlar" terrorchi tashkilot deb e'lon qilindi.
Abdulfattoh as-Sisi tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlik masalalariga katta e'tibor qarata boshladi va uning bu tashabbuslari arab dunyosining boshqa yetakchi davlatlari — Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) tomonidan to'la qo'llab-quvvatlandi. Buning o'ziga xos sabablari bor edi, albatta. Gap shundaki, 1990-yillarda har ikki mamlakatda "Musulmon birodarlar" faoliyati taqiqlangan edi va bu monarxiyalar mintaqaviy siyosiy o'zgarishlar sharoitida o'z aholi qatlamlarining radikal islomiy mafkura ta'siriga tushib qolishi hamda hukumatlariga qarshi isyon ko'tarishidan qo'rqishar edi. 2011-yilda Misrda "Musulmon birodarlar"ning saylovdagi muvaffaqiyati Saudiya Arabistoni va BAA tomonining xavotirlari asossiz emasligini amalda ko'rsatib berdi va ikkala davlat tomonidan jiddiy tahdid sifatida qabul qilindi. Shu sabab Saudiya Arabistoni va BAA mintaqada "Musulmon birodarlar"ni mag'lub etish va uning tarqalishini oldini olish uchun Abdulfattoh as-Sisiga muhtoj edilar. O'z navbatida Misr prezidenti ham hokimiyatni
* Muhammad Mursi - Misr Arab Respublikasining 5-prezidenti (2012-yil 30-iyun - 2013-yil 3-iyul).
* "Musulmon birodarlar" Misr hokimiyatini egallagach, mamlakatning boshqa siyosiy kuchlari bilan murosaga borish va ular bilan birlashishdan voz kechdilar. Mazkur holatni "Musulmon birodarlar"ning nafaqat davlatni boshqarishda, balki siyosiy jarayonda ishtirok etishdagi tajribasizligi bilan izohlash mumkin. "Birodarlar" hukumatni boshqarish davomida Misrdagi barcha siyosiy kuchlarni o'ziga qarshi qo'ydi, bu esa oxir-oqibat uning ag'darilishiga zamin yaratdi.
242
egallagan dastlabki yillarida mamlakat iqtisodiyotini tiklash va "Musulmon birodarlar"ga qarshi o'z pozitsiyasini mustahkamlash uchun tashqi yordamga — Fors ko'rfazi arab monarxiyalarining moliyaviy ko'magiga muhtoj edi [9:405]. Jarayonlar rivoji shuni ko'rsatdiki, Misr - Saudiya Arabistoni - BAA davlatlari terrorchi guruhlarni tasniflash, xavfsizlik borasida bir xil yondashuv va qarashlarga ega ekanligi namoyon bo'ldi. Xususan, 2013-yil 25-dekabrdan boshlab Misr hukumati terrorchi tashkilot deb e'lon qilgan "Musulmon birodarlar" tashkiloti ko'p o'tmay (2014-yilning mart oyida) Saudiya Arabistoni hamda BAA tomonidan ham terrorchi tashkilotlar ro'yxatiga kiritildi.
Muhammad Mursi hamda "Musulmon birodarlar"ning Misr siyosiy sahnasidagi mag'lubiyati mintaqada arab bo'lmagan boshqa kuchlar tomonidan ham qo'llab-quvvatlandi. Xususan, Qohirada sodir bo'lgan harbiy to'ntarish va Abdulfattoh as-Sisining Misr hukumat tepasiga kelishi bilan bog'liq siyosiy o'zgarishlar rasmiy Tel -Aviv tomonidan juda "iliq" kutib olindi. Misr bilan o'ziga xos tarixiy munosabatlarga ega bo'lgan Isroil davlati xavfsizlik sohasida Abdulfattoh as-Sisi hukumati bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor edi. Xavfsizlik borasida Misr -Saudiya Arabistoni - BAA hamkorlik aloqalarida "Musulmon birodarlar"ga qarshi kurash alohida o'rin tutgan bo'lsa, Misr-Isroil hamkorligi o'sishiga Sinay yarimorolida* faoliyat ko'rsatayotgan terrorchi guruhlar, ayniqsa, "Ansor Bayt al-Maqdis" (ABM, 2014-yildan "Sinay viloyati" deb atala boshlangan)* muhim ahamiyat kasb etdi.
"Arab bahori"dan keyin bor ovozi bilan o'zini namoyon qilgan "Ansor Bayt al-Maqdis" tashkiloti Sinay yarimorolidagi eng asosiy tahdid manbai bo'lib, mazkur qurolli guruh nafaqat Misr, balki uning yon qo'shnisi bo'lgan Isroil xavfsizligiga ham birdek raxna soldi. "Ansor Bayt al-Maqdis" Isroil manfaatlariga qarshi ko'plab hujumlar, jumladan, 2012-yil iyulida Isroilga gaz eksport qiluvchi Sinay quvuriga, 2012-yil avgustida esa Isroilning janubidagi Eylat shahriga raketa hujumi uchun javobgarlikni o'z zimmasiga oladi [10:97]. Shu sabab Misr hukumati ABMga qarshi kurashishda Isroil bilan hamkorlik qilishga qaror qilgan edi. O'z navbatida ilg'or harbiy texnologiyalari bilan mashhur bo'lgan Isroil Misrga yordam beraturib, o'zining janubiy chegaralarini mustahkamlar edi.
* 1979-yilda Misr-Isroil o'rtasida imzolangan tinchlik shartnomasiga ko'ra, tomonlar orasidagi bufer hudud hisoblangan Sinay yarimoroli qurolsiz holatda bo'lishi kerak. Bu hududning Qohira tomoniga o'tishiga qaramasdan, Misr Sinay yarimoroliga joylashtirishi mumkin bo'lgan qo'shin soni chegaralangan.
* "Ansor Bayt al-Maqdis" ("Quddus himoyachilari") - Misrdagi eng faol va xavfli terrorchi tashkilot. Tashkilot yetakchisi "Islom davlati" ga xizmat qilishga qasamyod qilganidan keyin 2014-yildan "Sinay viloyati" ("Wilayat Sinai") deb atala boshlangan. "Islomi davlati" ga qasamyod qilganidan keyin "Ansor Bayt al-Maqdis" - "Sinay viloyati" nafaqat Misr hukumatiga, balki Isroil hukumatiga ham qarshi bo'lib qolgan.
243
OAV bergan ma'lumotlarga ko'ra, 2015-yilda Isroil Misr hukumatiga iltimosi bilan Sinaydagi terrorchilarni yo'qotish bo'yicha harbiy amaliyotlarni amalga oshirgan. Isroil va Misr maxsus xizmat vakillarining muvaffaqiyatli hamkorligi Sinayda qidirilayotgan shaxslarning ushlanishiga imkon yaratdi. Isroil qo'shini yordamida Misr-Isroil chegarasini mustahkamlash uchun "Faran" yangi brigadasi tashkil etiladi [11:71].
MUHOKAMA
"Arab bahori" voqealaridan keyingi jarayonlarda Yaqin Sharq mamlakatlari o'rtasida tahdidlarga qarshi kurashishda mintaqaviy konsensusning yo'qligi namoyon bo'lib qoldi. Bunga bir qator sabablar: terrorchi guruhlarni tasniflash, xavfsizlik borasida turli yondashuv va qarashlar, shuningdek, terrorizmning umumiy ta'rifi yo'qligi asosiy to'siq bo'lib xizmat qilmoqda. Misol uchun, Bahrayn va Kuvayt "Musulmon birodarlar" tashkilotini o'zlarining milliy parlamentlarida ham, hukumatlarida ham vakili bo'lgan qonuniy siyosiy guruh deb bilsa, Qatar hanuzgacha "Musulmon birodarlar" bilan o'ziga xos munosabatlarga ega. Shuning uchun mazkur davlatlar Misr, Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlar bilan hamkorlikda "Musulmon birodarlar"ga qarshi kurashish borasida sukut saqlamoqda. Natijada, Misr, Saudiya Arabistoni va BAA o'zlarining milliy siyosatlarini ishlab chiqdilar va "Musulmon birodarlar"dan keladigan tahdidlarni, shuningdek, Suriya, Iroq, Yaman, hatto Liviya kabi boshqa terrorchilik harakatlari avj olgan hududlardan keladigan har qanday zarbani ushlab turish uchun cheklangan mintaqaviy mexanizmlarni yaratdilar. Bu mexanizmlar cheklangan va ular bir xil xavfsizlik tushunchalariga ega bo'lgan mamlakatlar uchun ochiqdir [12:106].
So'ngi yillarda Misrning Saudiya Arabistoni va BAA davlatlari bilan terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorligi qo'shma harbiy mashqlar shaklida amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu davlatlar qurolli kuchlari Gretsiya va Kipr harbiylari bilan hamkorlikda 2021-2022-yillarda "Herkules-21" hamda "Herkules-2" qo'shma harbiy mashqlarini o'tkazdi [13].
Bundan tashqari, 2021-yilda Jazoir raisligida bo'lib o'tgan Arab Adliya Vazirlari Kengashining 37-sessiyasida so'zga chiqqan Misr Arab Respublikasi Adliya vaziri maslahatchisi Umar Maravan terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda har qanday tuzilma va tashkilotlarning terrorizmni yoyishiga imkon beruvchi bo'shliqlarni to'ldirish maqsadida arablararo hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha barcha zarur choralarni ko'rish muhimligini ta'kidlagan. Shuningdek, u terrorizmga ajratilgan har qanday mablag'ni musodara qilish hamda uning ildizlarini
244
www.birunijournal .uz
quritish, terrorizmga qarshi kurash bo'yicha Arab kelishuvini kafolatlash uchun milliy mexanizmlar loyihasini ishlab chiqish zarurligini qayd etgan [14].
Dunyoning boshqa mintaqalaridan farqli o'laroq, Yaqin Sharq mintaqasi mintaqaviy xavfsizlikni qamrab oluvchi tizimga ega emas. Bunday tizimni yaratishga bo'lgan urinishlarning muvaffaqiyatsiz yakunlanganligi mintaqadagi mavjud murakkabliklar bilan izohlab kelinadi. So'ngi yillarda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ma'muriyati tomonidan ilgari surilgan xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha "Yaqin Sharq strategik alyansi" (norasmiy nomi "Arab NATOsi")ni shakllantirish g'oyasi* bir qator ilmiy tadqiqot markazlari hamda ayrim tahlilchilar tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Ularning fikricha, aynan mazkur harbiy ittifoq mintaqada tahdidlarning barcha turiga, xususan, terrorizmga qarshi kurash olib borishda eng samarali mexanizm bo'lib xizmat qilishi mumkin. Vashington rejasiga ko'ra, alyansga AQSh, Misr, Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt, Bahrayn, Qatar, O'mon va Iordaniya a'zo bo'lishi kerak. Biroq tuzilajak tashkilotning asosiy vazifalardan biri "mintaqada Eron agressiyasiga qarshilik ko'rsatish" ekanligini e'tiborga olsak, mazkur harbiy ittifoq mintaqaning emas, balki AQShning siyosiy manfaatlariga xizmat qilishi ayon bo'ladi. Shuning uchun ham "Eronni nazoratda ushlab turish"ni maqsad qilgan mazkur ittifoqqa nisbatan arab davlatlarining pozitsiyasi turlicha. Xususan, Misr Eron bilan munosabatlarda keskinlik yuzaga kelishini istamadi va 2019-yil aprel oyida alyans muzokaralaridan chiqishini e'lon qildi [15].
Muborak rejimi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda mintaqaviy hamkorlikka katta e'tibor qaratdi va hatto mazkur masala Misr tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi darajasigacha ko'tarildi. Bu davrda Misr tahdidlarga qarshi kurashda qat'iyat ko'rsatib, Arab dunyosini birlashishga chaqirgan kam sonli mamlakatlardan biri bo'ldi. Muborak davrida Misr tashabbusi bilan Arab davlatlari tomonidan imzolangan barcha shartnoma va kelishuvlar, qabul qilingan xalqaro hujjatlar ekstremizm va terrorizmning transmilliy tabiatidan kelib chiqib, mintaqaviy hamkorlikni faqat nazariy jihatdangina kurashishning samarali usuliga aylantirdi. Bunday hamkorlik doirasida maqtangulik aniq amaliy natijalarga erishilmadi.
Abdulfattoh as-Sisi ham Muborak davridagidek Misr tashqi siyosatini mustahkamlash usuli sifatida ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga intilmoqda. Mustaqil tashqi siyosat o'rnatish va Misrning
* "Yaqin Sharq strategik alyansi" (Middle East Strategic Alliance (MESA), "Arab NATOsi")ni yaratish g'oyasi ilk bor AQSh va arab davlatlari vakillarining 2017-yil avgust oyida Ar-Riyodda bo'lib o'tgan sammitida ilgari surilgan.
245
XULOSA
www.birunijournal .uz
Yaqin Sharqdagi rolini kuchaytirish istagi atrofida bo'lgan ushbu usul Misr xavfsizlik kuchlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Shu tarzda Abdulfattoh as-Sisi Misrning an'anaviy tashqi siyosat doktrinasini qayta tikladi va uni hozirgi zamon mintaqaviy muammolariga moslashtirmoqda.
Abdulfattoh as-Sisi davrida Misr ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda Isroil, Saudiya Arabistoni va BAA bilan o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini olib borayotganligiga qaramay, mintaqaning boshqa davlatlari bilan ham xuddi shunday munosabatlar o'rnatilgan, deya olmaymiz. Bunga sabab mintaqa davlatlari xavfsizlik borasida turli yondashuv va qarashlarga ega. Bunday vaziyatda Misr ekstremizm va terrorizmga qarshi cheklangan mintaqaviy mexanizmlar bilan kurash olib borishga majbur bo'lmoqda. Tahdidlarga qarshi kurashishda mintaqaviy konsensusning yo'qligi sababli Yaqin Sharqda hamon ekstremistik guruh va terrorchi tashkilotlarning faoliyati yuqoriligicha qolmoqda.
ADABIYOTLAR RO'YXATI
[1] O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzusida o'tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi // https://xs.uz/uzkr/post/ozbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat-mirziyoevning-afgoniston-bojicha-tinchlik-zharayoni-khavfsizlik-sohasida-hamkorlik-va-mintaqavij-sheriklik-mavzusida-otkazilgan-khalqaro-konferentsiyadagi-nutqi (The speech of the President of the Republic of Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev at the international conference on Afghanistan on the topic "Peace process, security cooperation and regional collaboration").
[2] Rand Corporation, Database of Worldwide Terrorism Incidents, Incident Date between 1968-01-01 and 2010-01-01, Region = Middle East / Persian Gulf, accessed July 4, 2014: http://smapp.rand.org/rwtid/ search.php
[3] Фахиме С. Внешние факторы современного этапа политического процесса в Египте //Историческая психология и социология истории. - 2015. -Т. 8. - №. 2. - С. 122-129. (Fahime S. External factors of the current stage of the political process in Egypt // Historical psychology and sociology of history. - 2015. -T. 8. - No. 2. - P. 122-129).
[4] Камлевская Я.Е. Борьба с терроризмом в Египте на рубеже XX-XXI веков. Ближний Восток и современность. Сборник статей (выпуск девятнадцатый). --М., 2003. -C. 55-67. (Kamlevskaya Y.E. The fight against terrorism in Egypt at the turn of the XX-XXI centuries. Middle East and Modernity. Collection of articles (nineteenth edition). Moscow, 2003. -P. 55-67).
246
www.birunijournal .uz
[5] Бабкин С.Э. Движения политического ислама в Северной Африке. / Институт изучения Израиля и Ближнего Востока. - М., 2000. (Babkin S.E. Movements of Political Islam in North Africa. / Institute for the Study of Israel and the Middle East. Moscow, 2000).
[6] Поляков К.И. Арабские страны и ислам в России (90-е годы ХХ века). М., 2001, 132 стр. (Polyakov K.I. Arab countries and Islam in Russia (90s of the XX century). Moscow, 2001, 132 pages).
[7] Арабская конвенция о борьбе с терроризмом. - URL: https://docs.cntd.ru/document/902038141. (Arab Convention for the Suppression of Terrorism. - URL: https://docs.cntd.ru/document/902038141).
[8] National Report on Countering Terrorism 2021. The Egyptian State's Efforts and Comprehensive Approach to Countering Terrorism and Extremist Ideology Conducive to Terrorism. - URL: https://mfaegypt.org/2021/08/02/national-report-on-countering-terrorism-2021/
[9] Piazza B. A. The foreign policy of post-Mubarak Egypt and the strengthening of relations with Saudi Arabia: balancing between economic vulnerability and regional and regime security //The Journal of North African Studies. - 2019. -Т.24. -№.3. -P.401-425. DOI: https://doi.org/10.1080/13629387.2018.1454650
[10] Kaya Z. Letting go: de-radicalization in Egypt //Journal for Deradicalization. - 2016. - №. 6. - P. 87-104.
[11] Хлебникова Л.Р. Египет и Израиль в борьбе с террористической угрозой на Синайском полуострове: дивиденты и риски сотрудничества // Восток в меняющемся мире: вызовы, перспективы, решения. — Институт востоковедения РАН Москва, 2020. - С. 65-72. (Khlebnikova L.R. Egypt and Israel in the fight against the terrorist threat in the Sinai Peninsula: dividends and risks of cooperation // East in a changing world: challenges, prospects, solutions. -Institute of Oriental Studies of the Russian Academy of Sciences in Moscow, 2020. -P. 65-72.)
[12] Eman Ragab. Complex Threat: Challenges of Countering Terrorism in the Middle East after the Arab Revolutions //Countering Radicalisation and Violent Extremism Among Youth to Prevent Terrorism. - IOS Press, 2015. - P. 101-112.
[13] Batafsil qarang: Egyptian special forces take part in 'HERCULES-21' exercise in Greece. // https://english.ahram.org.eg/News/423860.aspx; In Photos: Joint exercise Hercules-2 kicks off in Egypt's Mohamed Naguib Base. // https: //english.ahram. org.eg/News/473560.aspx
247
www.birunijournal .uz
[14] Justice minister underlines importance of promoting Arab cooperation to combat terrorism, Egypt State Information Service. // https://www.sis.gov.eg/Story/160415/Justice-minister-underlines-importance-of-promoting-Arab-cooperation-to-combat-terrorism?lang=en-us
[15] Eman Ragab. An Alternative Approach to Regional Security in the Middle East. // https://www.thecairoreview.com/essays/an-alternative-approach-to-regional-security-in-the-middle-east/
248