XALQARO MEHNAT MIGRATSIYASI JARAYONLARIDA MUHOJIR
AYOLLARNING O'RNI
G.R. Barnoyeva -
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mustaqil tatqiqotchisi (PhD), Barqaror rivojlanish markazi "Barqaror rivojlanish jarayonlarini
o'rganish bo'limi" bosh mutaxassisi
d https://doi.org/10.24412/2181-7294-2023-2-75-79
Globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan bugungi kunda migratsiya sohasida ham yangi ko'rsatkichlarni vujudga keltirmoqda. Ayniqsa rivojlangan, daromad ko'rsatkichlari yuqori bo'lgan mamlakatlarda demografik tendensiyalar, xususan raqamli texnalogiyalar hamda sanoatning rivojlanishi bilan birga xotin-qizlarning mehnatiga nisbatan talabning ortishi natijasida tug'ilish sur'atlarining pasayishi, yosh jihatdan qariyalar sonining ko'payishi "an'anaviy ayol" vazifalarida ba'zi o'zgarishlarga sabab bo'ldi. Ayolning vazifalari transformatsiyasi natijasida bolalar va qariyalarni parvarish qilish, tozalik va xonadon yumushlarini bajaruvchilarga nisbatan bo'lgan talabni shakllantirdi.
Migratsiya yo'nalishidagi trendlarni tahlil qiladigan bo'lsak, xalqaro mehnat migratsiyasining zamonaviy xususiyatlaridan biri bu muhojirlar orasida xotin-qizlar sonining ortishidir. So'nggi yillarda migrant qabul qiluvchi rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida og'ir jismoniy mehnat talab qilmaydigan sohalarning, xususan xizmat ko'rsatish tarmoqlarining rivojlanishi va ish joylariga nisbatan talabning oshishi kabi jahon bozoridagi zamonaviy tendensiyalar, shuningdek xizmat ko'rsatish sohalarining rivojlanishi xalqaro mehnat migratsiyasining muhim bir qismiga aylangan xotin-qizlar mehnat migratsiyasining shakllanishiga va ayollar orasida individual migratsiya rivojlanishiga turtki bo'ldi.
Bandlik sur'atlarining o'zgarishi bilan bir qatorda rivojlangan mamlakatlarda tug'ilish ko'rsatkichining kamayishi va odamlarning o'rtacha umr ko'rish davomiyligining ortishi qariyalar sonining ko'payishiga va ularni parvarishlovchilarga, migrant qabul qiluvchi mamlakat aholisining moddiy farovonligi yaxshilanishi va xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtirokining faollashuvi esa, asosan, uy xizmatchilariga bo'lgan talabning ortishiga olib keldi.
So'nggi yillarda migrant xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash va himoya qilish, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, migrantlar integratsiyasi, xavfsiz, tartibli, qonuniy migratsiyani tashkillashtirishda hukumatlar yondashuvi - O'zbekistonda ham migratsiyaga oid eng muhim masalalardan biri bo'lib qolmoqda.
Bu jarayon migratsiya sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni xavfsiz, tartibli, qonuniy migratsiyani ta'minlash bo'yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ishlab chiqish yo'lida birlashishga undaydi.
Xorijiy ishchi kuchini adolatli yollashning xalqaro tizimi (IRIS) standartlari ko'plab mamlakatlarning davlat idoralari, ish beruvchilari va bandlik agentliklari tomonidan qabul qilingan hamda bandlik va mehnat migratsiyasining barcha yo'nalishlarini qamrab olib, BMT, XMT konvensiyalarining asosiy normalariga asoslangan.
Ayniqsa, mehnat muhojirlarini jalb qilishda qonuniylik, ochiqlik va ishchilarning xavfsizligini ta'minlash va himoya qilish prinsiplariga rioya etilishi lozim.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan xalqaro normalarga muvofiq, xotin-qizlar mehnat muhojirlaridan foydalanishda majburiy va bolalar mehnatiga yo'l qo'ymaslik, ish beruvchi va mehnat migranti o'zaro ixtiyoriy kelishuvga ega bo'lishi, majburiy to'lovlarga yo'l qo'ymaslik, ya'ni, xorijda ishga joylashtirganlik uchun to'lovni faqat ish beruvchi amalga oshirishi, mehnat migranti ishdan tashqari vaqtida majburiy mehnatga jalb etilmasligi, mehnat shartlarining aniq
bo'lishi, shaxsiy ma'lumotlarni bandlik agentliklari va ish beruvchilar tomonidan oshkor qilinmasligi kabi prinsiplarga rioya etishi lozim.
Ayni paytda mamlakatimizda xususiy bandlik agentliklari, monomarkazlar faoliyati joriy etilgan bo'lsa-da, ular tomonidan ko'rsatilayotgan xizmatlar uchun to'lovlar tartiblarini qat'iy belgilab berilmaganligi, ayrim agentliklar tomonidan fuqarolarimiz ishonchi suiste'mol qilinib, firibgarlik holatlari qayd etilmoqda.
Mazkur yo'nalishda kamchiliklarni bartaraf etishda ushbu sohada ijobiy yutuqlarga erishgan davlatlarning qonunchilik tajribasi va muammolarini tahlil qilgan holda, xususiy bandlik agentliklari, monomarkazlar faoliyatini samarali joriy etish maqsadga muvofiq ekanligini ko'rsatmoqda. Bu borada migrantlarni qabul qiluvchi va jo'natuvchi davlatlar hamda bandlik agentliklari o'rtasida ishlarning sifatli tashkil etilishini ta'minlovchi kelishuv bo'lishi kerak.
E'tiborga molik jihatlardan yana biri, mehnat muhojirlari uchun xavfsizlik masalalari bartaraf etilgani va maqbul sharoitlarni yaratish uchun, avvalo, bandlik agentliklari tomonidan mehnat migrantlari jalb etilayotgan sohalar faoliyati izchil o'rganilishi lozim.
Oxirgi paytlarda xotin-qizlar ham xalqaro migratsiya jarayonlarida faollashuvi masalasi tobora keng muhokamalar maydoniga aylanmoqda. Bu tendensiyaning faollashuvida bir necha sabablar ta'sir ko'rsatmoqda.
Ayollar mehnat migratsiyasining rivojlanishiga bir qancha omillar ta'sir ko'rsatmoqda. Tahlillarning ko'rsatishicha, Rossiyadan Qirg'izistonga yo'naltirilgan mehnat migratsiyasining 40%ini, Tojikiston va O'zbekistonda esa, 20%ga yaqini ayollar mehnat migratsiyasi tashkil etadi[1].
Tadqiqotlarning ko'rsatishicha, ayollar mehnat migratsiyasining sabablari mamlakatlar kesimida turlicha farqlanadi. Masalan, tojikistonlik va qirg'izistonlik ayol mehnat migrantlari uchun daromad topish, oila qurish va shaxsiy hayotini yo'lga qo'yish kabi omillar, boshqirdistonlik ayol migrantlar uchun esa, farzandlariga ta'lim va tarbiya berish, uy-joy qilish, qarzlardan qutilish, yaqin kishilarini davolatish uchun daromad topish kabi holatlar ularning boshqa mamlakatga borib ishlashi uchun turtki bermoqda[2].
Sotsiologik tadqiqotlarning natijasiga ko'ra, respondentlarning 84%i ayollar mehnat migratsiyasi ularning hayoti va karerasi uchun ijobiy ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlasa, respondentlarning 62,4 %i esa, mazkur jarayon resipient mamlakat va hududlarga ijobiy ahamiyat kasb etishini ta'kidlaganlar[2].
2021 yilgi Xalqaro migratsiya tashkiloti hisobotiga ko'ra, butun dunyoda migrantlar soni 281 million kishini, ularning 48%ini, ya'ni, 135 millionini ayol migrantlar tashkil qiladi. Dunyo bo'ylab mehnat migrantlari 169 million kishini tashkil etib, ularning 41,5%ini, ya'ni 70,1 millionini ayollar tashkil qilgan[3].
Jami migrantlar tarkibida ayollar ulushini mintaqalar kesimida tahlil qilar ekanmiz, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan tashqari barcha mintaqalarda mazkur ko'rsatkichning yuqorilaganini ko'rishimiz mumkin. Birgina, 1990-2020 yillar orasida Shimoliy Amerika mintaqasida 51,1%dan 51,8%gacha, Afrika mintaqasida 46,7%dan 47,1%gacha, Janubiy Osiyo mintaqasida 47,8%dan 49%gacha, Lotin Amerikasi mintaqasida 48,8%dan 49,5%gacha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida 44,1%dan 46,8%gacha o'sish, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida esa 48,6%dan 41,8%ga qisqarish kuzatilgan. Ayol mehnat migrantlarning bevosita mintaqalar bo'yicha joylashuvini kuzatar ekanmiz, 31%i Shimoliy Amerika va 38%i Yevropa mintaqasida joylashgan. Mamlakatlarning rivojlanganlik darajasi ayol migrantlar ulushiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Xususan, ayol migrantlarlarning ulushi quyi daromadli mamlakatlarda 49,6%dan 49,8%gacha ortgan bo'lsa, o'rta daromadli mamlakatlarda 48,3%dan 45,6%ga hamda o'rta daromadlidan yuqori bo'lgan mamlakatlarda 48,7%dan 42,8%gacha qisqargan. Ayol mehnat migrantlarining 69,7%i yuqori daromadli, 19,2%i o'rtachadan yuqori daromadli, 8,3%i o'rtachadan quyi daromadli hamda 2,8 %i quyi daromadli mamlakatlarda faoliyat ko'rsatadi. 1990-2019 yillar davomida jami migrantlar tarkibida ayollarning ulushi 75 ta mamlakatda kamida 1%ga, 22 ta
mamlakatda esa, kamida 5%ga o'sgan. O'z o'rnida ularning ulushi 67 ta mamlakatda kamida 1%ga, 8 ta mamlakatda esa, kamida 10%ga qisqargan[4].
Ayol migrantlarning 8,3 %ini 15-24 yoshdagilar, 86,3%ini 25-54 yoshdagilar hamda 5,4%ini 65 yoshdan kattalar tashkil qiladi.
Shimoliy, Janubiy va G'arbiy Osiyoda ularning eng katta qismi, ya'ni 15-24 yoshdagilarning 25%i, 25-64 yoshdagilarning 30%i va 65 yoshdan kattalarning 23%i faoliyat ko'rsatadi. Ularning ko'p ulushi esa, tabiiyki Shimoliy Afrika (0,4%), Janubiy Osiyo (2%) va Lotin Amerikasi (2,5%) mintaqalarida joylashganlar. Ayol migrantlar jami ishchilarning 5%ini tashkil qilib, ularning 18%i yuqori daromadli, 2,3%i o'rtachadan yuqori daromadli, 1,5%i o'rtachadan quyi daromadli hamda 1,4 %i quyi daromadli mamlakatlarda faoliyat ko'rsatadi[.
Dunyo bo'ylab 15 yoshdan katta bo'lgan jami aholining 3,8%ini mana shu yoshdagi ayol migrantlar hamda jami ishchilarning 5%ini ayol migrantlar tashkil qiladi. Ayol migrantlar jami ayol mehnat resurslarining 63,5%ini tashkil qiladi. Xususan, mazkur ko'rsatkich yuqori daromadli mamlakatlarda 67,8%ni, o'rtachadan yuqori daromadli mamlakatlarda 64,8%i, o'rtachadan quyi daromadli mamlakatlarda 43,1%ni hamda quyi daromadli mamlakatlarda 48,7 %ni tashkil qiladi. Ayol migrantlar asosan, uy xizmatlari, qishloq xo'jaligi sohasi, mehmonxona biznesi, sog'liqni saqlash va ta'lim kabi ijtimoiy sohalarda faoliyat ko'rsatadilar. Masalan, ular Yevropada asosan, sog'liqni saqlash va ijtimoiy sohalarda faoliyat ko'rsatadilar. Xususan, Ispaniya va Gretsiyada mehmonxona biznesida, Buyuk Britaniyada tibbiyot sohasida, Italiyada ta'lim sohasidagi ayol migrantlarning ulushi yuqori. Yevrostat ma'lumotlariga ko'ra, Yevropadagi 25-54 yoshdagi oliy ma'lumotli migrant ayollarning 30%dan ortig'i yuqori malakaga ega bo'lib, ular fan, texnologiya, matematika va tibbiyot kabi STEMM sohalar bo'yicha mutaxassis hisoblanadi.
Ayol migrantlar orasida intelektual iqtisodiyotga asoslangan tajriba va ko'nikmalarning mavjudligi, zamonaviy va yirik kompaniyalardagi bo'sh ish o'rinlariga bo'lgan talablarni oshiradi. Oliy ta'limga ega bo'lgan mehnat qilish yoshidagi ayol migrantlarning mintaqalardagi ulushiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, yuqori daromadli mamlakatlarda ularning ta'lim darajasi yuqoriroq ekanligini ko'rish mumkin.
Biroq, ayol mehnat migrantlari orasida xorij mamlakatlarida o'rta va yuqori malakani talab qiluvchi sohalarda faoliyat ko'rsatayotganlar bilan bir qatorda norasmiy sektorda uy xizmatchisi, enaga, qariyalar parvarishlovchi kabi past malaka talab qiluvchi ishlarda ish beruvchiga butunlay qaram bo'lib qolayotganlarning salmog'i ham anchagina.
Dunyo mamlakatlarida 196 million mehnat migrantlarining 8-9%ini migrant uy xizmatchilari tashkil etadi. Bu ko'rsatkichni ayol migrantlar orasida tahlil qiladigan bo'lsak, dunyodagi jami 70 million ayol migrantlarning 12,%ga yaqini ya'ni 8,45 millionini ayol migrant uy xizmatchilari hissasiga to'g'ri keladi. Dunyo bo'ylab 67,2 million uy xizmatchilarining 17,2%ini ya'ni 11,5 millionini migrant uy xizmatchilari tashkil qiladi. Bu esa dunyo bo'ylab shaxsiy va uy xizmatlari uchun migrantlarga bo'lgan talabning yuqori ekanligini ko'rsatadi. Dunyo bo'ylab uy xizmatchilarining 80%i yuqori daromadli mamlakatlarda joylashgan bo'lib, ular mazkur mamlakatlardagi jami migrantlarning 66%ini tashkil qiladi. Arab mamlakatlari, Shimoliy Amerika va Yevropa mintaqalarida jami migrant uy xizmatchilarining 52%i joylashgan. Mazkur mintaqalarda demografik jihatdan qarish jarayonlarining yuqori sur'atlarda o'sishi, parvarishga muhtoj kishilarning shaxsiy va uy xizmatlariga bo'lgan ehtiyojning ortishiga olib kelmoqda. Xususan, dunyo bo'ylab uy xizmatchilarining 81%ini ayollar tashkil qilsa, migrant uy xizmatchilarining 73%ini ayollar ekanligini kuzatish mumkin. Dunyo mintaqalari bo'ylab jami migrantlar tarkibida ayol migrant uy xizmatchilarining ulushi bo'yicha eng yuqori ko'rsatkich Arab mintaqasi (60,8%) hamda eng quyi ko'rsatkich Sharqiy Yevropa mintaqasi (0,8%)ga to'g'ri keladi.
Arab mamlakatlari mintaqasida jami uy xizmatchilarining 82%ini ayol migrantlar tashkil qiladi. Bu holat esa, uy xizmatchilari va ayollar migratsiyasi o'rtasidagi uzviy bog'liqlikni ifodalaydi, natijada ishga yollanayotgan 10 ta ayoldan 6 tasini uy xizmatchilari tashkil qiladi. Janubi Sharqiy Osiyo va Sharqiy Osiyo mintaqasi bir paytning o'zida ayol migrant uy xizmatchilarini eng
ko'p yuboruvchi mintaqa hisoblanadi. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, dunyo bo'ylab 11,5 million migrant uy xizmatchilari bo'lib, ularning aksariyatini ayollar tashkil etadi.
O'rta Sharq mintaqasi Afrika va Osiyo mintaqasi kabi quyi daromadli mamlakatlardan kelgan ayol migrantlarni eng ko'p jalb qiluvchi mintaqa hisoblanadi.
Mazkur ayol migrantlarning aksariyati past malaka va quyi ta'lim darajasiga ega bo'lishlari hamda ishlash uchun boradigan joylaridan bexabar ekanliklari ish beruvchilar uchun ularga kam ish haqi to'lash, belgilangan ish soatidan ortiqcha ishlatish, jismoniy kuch ishlatish va tahqirlash kabi ekspluatatsiyaning turli shakllaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Mahalliy ishchilar bilan solishtirilganda ayol migrant uy xizmatchisi uchun yetarli xavfsiz ishlash sharoitlarining mavjud emasligi, ularga nisbatan jismoniy va jinsiy zo'ravonlik o'tkazilishi, ularning huquqlari poymol qilinishi mazkur ayol migrantlarning jismoniy va ruhiy jihatdan jarohatlanishlariga yoki bir umr kasallanib qolishlariga olib kelmoqda.
Xalqaro mehnat tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, majburiy mehnatdan aziyat chekayotganlarning 16,5 millionini ayollar tashkil etadi. Livandagi uy xizmatchilariga nisbatan nafaqat majburiy mehnat balki qullik, odam savdosi, shaxsiy hujjatlarni yashirib qo'yish, irqiy kamsitish va qiynoqlar kabi tazyiqlar o'tkazilish ko'p uchraydi. Ayniqsa, pandemiya sharoitida mamlakatdagi ayol migrant uy xizmatchilarining norasmiy migrant statusini tanlashga majbur bo'lishlari ularga nisbatan belgilangan minimal ish haqi miqdoridan kam bo'lgan ish haqi to'lash yoki umuman ish haqi to'lamaslik hamda ish soatidan ortiqcha ishlatish kabi holatlarning ko'payishiga sabab bo'ldi. Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 1,2 ming ishchilar o'rtasida o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, ayol xizmatchilarining 22,5%i ish beruvchilar kunduz kunlari ularni ustilaridan qulflab ketishlari ma'lum bo'lgan. Ba'zi manbalarda ta'kidlanishicha, Livanda migrant uy xizmatchilari tomonidan dunyoga keltirilgan 15 ming nafar ta'lim olish va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmagan bolalar mavjud.
Ayol migrantlarning o'z vatanlariga pul o'tkazmalari katta hajmni tashkil qilmasada, ular tomonidan yuborilgan pul o'tkazmalarining asosiy qismi sog'lik, ta'lim, oila va jamiyat taraqqiyoti uchun sarflanadi. Masalan, nepallik, asosan, uy xizmatchisi bo'lgan ayol migrantlarning pul o'tkazmalari mamlakatga yuborilgan jami migrantlarning o'tkazmalarining 50%ini yoki YaIMning 23%ini tashkil qiladi.
Shu o'rinda ayol mehnat migrantlarining tajriba, bilim, ijtimoiy, siyosiy va madaniy normalar kabi ijtimoiy o'tkazmalari pul o'tkazmalaridan ko'ra ko'proq ahamiyat kasb etishiga ham e'tibor berish lozim. Chunki ayollarning xorijda ega bo'lgan bilimlari, g'oyalari, tajriba va texnologiyalar bo'yicha ko'nikmalari ularning oilalari va jamiyatdagi mavqei ortishiga va mazkur muhit ishtirokchilarining dunyoqarashlarida ijobiy o'zgarishlarga sabab bo'lishini ham unutmaslik kerak. Ayollar erkak migrantlarga nisbatan kamroq ish haqi olsalarda, ammo erkaklarga nisbatan daromadlarining katta qismini yuboradilar, shuningdek, ularning transfer to'lovlari ham yuqoriroq. Migrantlar tomonidan yuborilgan pul o'tkazmalarining 25,8%i ayollar ulushiga to'g'ri keladi.
Quyi daromadli mamlakatlarda ayol migrantlar mehnat bozorida diskriminatsiya, ishdagi ekspluatatsiya va zo'ravonlik, sog'likni saqlash va ta'lim imkoniyatlaridan foydalanishdagi to'siqlar, sudlovdagi adolatsizliklar kabi muammolarga duch kelmoqda. Odam savdosi qurbonlari ichida hali ham ayollarning ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, odam savdosi qurbonlarining 65%ini ayollar, ya'ni 46%ini kattalar va 19%ini qizlar tashkil qiladi[17].
Barqaror rivojlanish "Kun tartibi - 2030" migratsiya siyosatida muhojirlar va ularning jamoalari uchun barqaror rivojlanishning kuchli drayveri hisoblanadi. Barqaror rivojlanish maqsadlari ishchi kuchini mustahkamlash ko'nikmalari, investitsiyalar va madaniy xilma-xillik, moliyaviy resurslarni o'tkazish ko'rinishida katta foyda keltiradi hamda ularning kelib chiqqan mamlakatlaridagi jamoalar hayotini yaxshilashga hissa qo'shadi.
Migratsiyaning afzalliklari sifatida migrantlarga faqat har qanday hududga nima olib kelishi mumkinligi nuqtai nazaridan qaramaslik kerak. Migratsiya va barqaror rivojlanish o'rtasidagi bog'liqlik ancha murakkab jarayon bo'lib, migrant qabul qiluvchi mamlakatlarning siyosiy, ijtimoiy
va iqtisodiy jarayonlari migratsiyaning qanday, qayerda va qachon sodir bo'lish potentsialini ham belgilaydi.
Agar migratsiya siyosati har qanday jihatdan yomon boshqarilsa, bu barqaror rivojlanishga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bunda avvalo, muhojirlar xavf ostida qolishi va jamiyatlar tang ahvolga tushishi mumkin.
Birinchi marta xalqaro darajada 2016-yil 19-sentabr kuni davlat va hukumat rahbarlari migratsiya va qochqinlar bilan bog'liq muammolarni muhokama qilish uchun BMT Bosh Assambleyasi doirasida yig'ilishdi.
Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya bo'yicha global kelishuvda ta'kidlanganidek, "migratsiya ko'p o'lchovli haqiqatdir, uni faqat bitta davlat siyosati bilan sektori hal qilib bo'lmaydi".
Shuning uchun XMT migratsiya va muhojirlarning ehtiyojlari barcha siyosat sohalarida, qonunlar va qoidalarda sog'liqni saqlashdan ta'limgacha, moliyaviy siyosatdan savdogacha ko'rib chiqilishini ta'minlashga intilib, migratsiyani boshqarishga yaxlit hukumat va butun jamiyat yondashuvini qo'llaydi.
ADABIYOTLAR:
1. Варшавер, Рочева, 2015; Рочева 2020.
2. Пескова, Абреу Бастос, 2014
3. Key global migration figures, 2019-2022.IOM UN migration 2022, October 13
4. Eliana Rubiano, Matulrvichkatethlee Beegle, December 19, 2018 // Women and migration: Exploring the data (worldbank.org)
5. ILO Global Estimates on International Migrant Workers Labour Migration Branch Conditions of Work and Equality Department Department of Statistics Results and Methodology.2018. P.12,13.
REZYUME:
Bugungi globallashuv - ayollar migratsiyasi. Ayollar migratsiyasiga sabab bo'layotgan omillar va uning zamonaviy tendensiyalari, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda uning ijobiy hamda salbiy oqibatlari hamda ayollar bandligini ta'minlash masalalari muhokama qilingan.
Kalit so'zlar: globallashuv jarayoni, ayollar migratsiyasi, demografik o'sish, globalizatsiya va integratsion jarayonlar, transformatsiya, xavfsiz, tartibli, qonuniy migratsiya.
РЕЗЮМЕ:
Сегодняшняя глобализация - это миграция женщины. В статье раскрываются, факторы, вызывающие женскую миграцию и ее современные тенденции, а также её положительные и отрицательные последствия, вопросы участия женщин в общественно-политических процессах.
Ключевые слова: процесс глобализации, миграция женщины, демографический рост, глобализация и интеграционные процессы, трансформация, безопасная, упорядоченная, легальная миграция.
RESUME:
Today's globalization is the migration of women. The article reveals the factors causing female migration and its current trends, as well as its positive and negative consequences, issues of women's participation in socio-political processes.
Keywords: globalization process, women migration, demographic growth, globalization and integration processes, transformation, safe, orderly, legal migration.