Научная статья на тему 'TURKIY MUMTOZ ADABIYOTDA MUSAMMAT JANRINING SHAKLLANISHI HAMDA TAKOMILI'

TURKIY MUMTOZ ADABIYOTDA MUSAMMAT JANRINING SHAKLLANISHI HAMDA TAKOMILI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

286
64
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
adabiyot / san‟at / mumtoz she‟riyat / janr / she‟riyat

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Maftuna Odiljon Qizi Abdumajidova

“Shoirlik shunday san‟atki, bu san‟at orqali hayajonlantiruvchi tushunchalar hosil qilinadi va ta‟sirchan o„xshatishlarni bir-biriga bog‟laydi. U shunday yo„lda kichik ma‟noni kattaga, kattani kichikka aylantiradi. Chiroylikni xunuk libosda ko„rsatadi, xunukni chiroyli jilvagar qiladi” [1;47] deb Nizomiy Aruziy Samarqandiy she‟r ilmining mohiyati haqidagi bobida juda o„rinli fikr bildirgan. Albatta, bu yerda fikr so„zning badiiylik tabiatiga ko„chadi, uningcha shoirlik oddiy kasb emas, balki usta san‟atkorlik darajada ekanini, xunukni jozib bir tarzda jilvagar qilish, kezi kelganda, go„zalni xunuk libosda tasvirlay bilish mahorati unda hunar kabi mavjud bo„lishi lozimligini uqtirgan. Shoirning qalbidagi mana shunday to„lqinlantiruvchi tuyg‟uni so„z orqali boshqalarga ham o„lasha olish hunariga Abdurauf Fitrat ta‟biri bilan aytganda “go„zal san‟atlar” [19;69] ga adabiyotni, ya‟ni she‟riyatni kiritish mumkin.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TURKIY MUMTOZ ADABIYOTDA MUSAMMAT JANRINING SHAKLLANISHI HAMDA TAKOMILI»

TURKIY MUMTOZ ADABIYOTDA MUSAMMAT JANRINING SHAKLLANISHI HAMDA TAKOMILI

Maftuna Odiljon qizi Abdumajidova

JDPU 2-bosqich magistranti Ilmiy rahbar: f.f.d., professor v.b. Surayyo Eshonqulova

ANNOTATSIYA

"Shoirlik shunday san'atki, bu san'at orqali hayajonlantiruvchi tushunchalar hosil qilinadi va ta'sirchan o'xshatishlarni bir-biriga bog'laydi. U shunday yo'lda kichik ma'noni kattaga, kattani kichikka aylantiradi. Chiroylikni xunuk libosda ko'rsatadi, xunukni chiroyli jilvagar qiladi" [1;47] deb Nizomiy Aruziy Samarqandiy she'r ilmining mohiyati haqidagi bobida juda o'rinli fikr bildirgan. Albatta, bu yerda fikr so'zning badiiylik tabiatiga ko'chadi, uningcha shoirlik oddiy kasb emas, balki usta san'atkorlik darajada ekanini, xunukni jozib bir tarzda jilvagar qilish, kezi kelganda, go'zalni xunuk libosda tasvirlay bilish mahorati unda hunar kabi mavjud bo'lishi lozimligini uqtirgan. Shoirning qalbidagi mana shunday to'lqinlantiruvchi tuyg'uni so'z orqali boshqalarga ham o'lasha olish hunariga Abdurauf Fitrat ta'biri bilan aytganda "go'zal san'atlar" [19;69] ga adabiyotni, ya'ni she'riyatni kiritish mumkin.

Kalit so'zlar: adabiyot, san'at, mumtoz she'riyat, janr, she'riyat.

KIRISH

XV asr olimi V.Tabriziy fikricha, she'riyat uchga bo'linadi. Ular qasida, masnaviy va musammatdan iborat. Musammat musallas (uchlik)dan muashshargacha (unlikkacha) bo'lgan she'r janridir. Ushbu janrning ulushi, uning miqdor va hajmi adabiyot tarixining boshqa bosqichlaridan jiddiy tarzda farqlanmaydi. Bu davr adabiyotida g'azal, masnaviy va qasida janrlari bilan birgalikda musammatning turli navlarida shoirlar ijod qilishgan.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Mumtoz adabiyotimiz tarixida musammatlarning o'ziga xos o'rin bor. Sababi musammat - o'zbek mumtoz she'riyatining g'azaldan keyingi eng faol janrlaridan biridir. Janr atamasi birinchi marta "Qobusnoma" asarida tilga olingan bo'lib, bunda asar muallifi -Kaykovus ibn Iskandar musammatni shoirlarning zarur usullari doirasida yoritadi [6;122]. Nazariy jihatdan esa musammat ilk bor XI asrning ko'zga ko'ringan she'rshunoslaridan Umar Roduyoniyning "Tarjimon ul-balog'a" asarida asoslanadi [7;72]. Xullas, mumtoz adabiyotida musammatlarning janr sifatida shakllanishi XI asrga to'g'ri keladi. Shundan keyin bu janrni o'rganishga bo'lgan qiziqish yanada rivoj topib, buning samarasida Rashididdin Vatvotning "Xadoyiq us-sehr", (XII asr) Shams Qays Roziyning "Al-mo'jam" (XII asr), Hoja Nasriddin Tusiyning "Asos ul-iqtibos" (XII asr), Toj al-Haloviyning "Daqoiq ash-she'r" (XIV),

May, 2023

613

Sharafiddin Romiyning "Xaqoiq al-daqoiq" (XIV asr), Vahid Tabriziyning "Jame' muxtasar" (XV), Shams Faxriyning "Me'yori jamoli", Xusayn Voiz Koshifiyning "Badoye' ul-afkor", Muallim Nojining "Istilohati adabiya", Qabul Muhammadning "Haft qulzum", Atoulloh Xusayniyning "Badoye' us -sanoye" asarlarida musammat haqida u yoki bu darajadagi fikrlar yuzaga keladi [8;208-209]. Bu mulohazalarga o'zbek adabiyotshunoslaridan A.Fitrat [15;52], M.Shayxzoda [18;284], R.Orzibekov [12;69], O.Nosirov [11;113], tojik adabiyotshunoslaridan R.Musulmonqulov [7;178], rus sharqshunoslaridan Ye.Bertels [3;59], M.Braginskiy [4;360] kabi olimlar o'z asarlarida munosabat bildirib o'tadilar.

Ma'lumki, musammat arabcha so'zidan olingan bo'lib, "ipga o'tkazilgan marvarid" degan ma'noni bildiradi. Musammat deganda, musallas, murabba', muxammas, musaddas, musabba', musamman, mustasne', muashshar shakllarining umumiy nomi anglashiladi. Musammat she'r bandlarining baytdan tashqari turlarini anglatuvchi umumiy atama hisoblanadi.

Manbalarda ilk musammatlar yaratgan shoirlar sifatida Manuchehri Damg'oniy (vaf. 1040) va Qatron Tabriziy (XI asr o'rtalari) nomlari tilga olinadi. Keyinchalik esa Lomeiy Gurgoniy, Abdulvose', Hoja Imodi Faqeh, Azhariy kabi shoirlar she'riyatida ham musammatlarning go'zal namunalari yuzaga keladi. O'zbek mumtoz she'riyatida musammat yozish esa Hofiz Xorazmiy va Gadoiy ijodiyotidan boshlanadi. Kuzatishlarimiz Hofiz Xorazmiyning musammat she'riy shakllaridan bo'lgan 9 bayt 45 misradan iborat muxammas yaratganini ko'rsatadi [20;259]. Bu haqda fidoyi olim Hamid Sulaymonov xayrli ishlarining davomchisi, Xorazmiy she'riyatini maxsus o'rgangan adabiyotshunos Mo'minjon Sulaymonov shunday yozadi: "Hofiz Xorazmiyning tarkiband va muxammasi, ikki mustazodi garchi son jihatidan kam bo'lsa ham, bu janrlarning o'zbek adabiyotidagi dastlabki mumtoz namunasi hisoblanishi bilan qimmatlidir" [14;12]. Ilmga bu kabi yangi fikrlarning kelib qo'shilishi ba'zi munozarali o'rinlarga aniqlik kiritadi.

Musammatlarning vujudga kelishida g'azalda musajja' san'atini qo'llash hamda muvashshah va zajal kabi arab she'riyatidagi bandli she'r shakllarining ta'siri kuchli bo'lgan [14;30]. Bu san'atni har tamonlama chuqur o'rgangan, maxsus tadqiqot ishi olib borgan adabiyotshunos B.Sarimsoqov saj'ni turkiy xalqlar she'riyatini yuzaga keltirgan omillardan biri sifatida baholaydi [13;40], qofiyaning saj' orqali paydo bo'lganini aytadi [13;38], shuningdek, rus sharqshunosi I.Yu.Krachkovskiy fikrlariga tayanib, saj' tufayli eng avval aruz bahrlaridan biri - rasaj kelib chiqqan, - degan mulohazani bildiradi [13;19].

Saj'ning musammatga ta'siri haqida Atoulloh Xusayniy shunday yozadi: "Rashididdin Vatvot deptur: "Bu san'at andog' bo'lurkim, shoir bir baytni to'rt teng bo'lakka bo'lgay, uch bo'lagining oxirida saj' bergay va to'rtinchi bo'lakda qofiya keltirgay. Bu she'rni musajja' deb ham atarlar. Yana depturlarkim, porsiylar musammatni o'zga nav'da ayturlar va ul andog'turkim, bir qofiyada besh misra aytqaylar va oxirgi oltinchi misrani she'rning asosi bo'lmish o'zak qofiyada bergaylar. Porsiylar nazdida eng mashhur bo'lgan musammat

May, 2023

614

o'shuldur. Oldingilarin musajja' derlar va bilmaslarkim, qadimiy va haqiqiy musammat uldur" [17;74]. Rashididdin Vatvotning asari bilan bevosita tanish bo'lgan adabiyotshunoslardan biri yuqoridagi fikrga quyidagicha munosabat bildiradi: "Agar biz muallif' musammatning qadim va asl turi o'shaldir" deganda mazkur janrni qadimgi saj'li va xalqona she'rlarga aloqadorligiga ishora qilgan desak xato qilmaymiz. Bu ishoraga va boshqa xulosalarga tayangan holda aytish mumkinki, eng qadimgi zamonlarda odamlar saj' san'ati vositasida turli she'riy parchalarni saj'li qofiyaga solib kuylab yurganlar va keyinroq bu san'at qonuniyati asosida mustaqil musammat janri paydo bo'lgan" [7;73]. Shuningdek, "Tarjimon ul-balog'a" asarining muallifi Umar Roduyoniy ham saj' san'ati va musammat omuxtaligi haqidagi fikrlarini bayon qilganki [7;72], u va bu kabi mulohazalar bizga ham musammatning paydo bo'lishi va rivojida saj'ning roli katta bo'lgan degan xulosaga kelishga imkon beradi.

Musammatlar dastlab tasmit nomi bilan atalgan [12;92]. Jumladan, sharq she'riyati qonuniyatlarining bilimdoni Atoulloh Xusayniy o'zining "Badoye' us-sanoye" asarida: "Arabiyat arboblaridin bir jamoasi depturlarkim, tasmit lug'atta marvoridni ipga tizmaktur, istilohta ersa andin iboratturkim, baytning ja'mi juzvlarin yo ba'zisin qofiyaga hilof qilib saj'lag'aylar va bayt marvorid ipidek va saj'langan juzvlar anga tizilgan donalardek bo'lg'ay", - deb yozadi va uning to'rt turiga izoh beradi [17;74].

NATIJALAR VA MUHOKAMA

Turkiy adabiyotshunoslikda musammatlar haqidagi ilk ma'lumot Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balog'a" asarida keltirilgan bo'lib, muallif musammatlarning murabba', muxammas, musaddas, musamman va muashshar kabi besh turini keltirib o'tadi [2;20]. M.Shayxzoda o'z asarida Muallim Nojining "Istilohati adabiya" kitobidan olingan quyidagi ta'rifni keltiradi: "Musammat deb vazn va qofiyalari bir bo'lgan, bir sira misralarga aytiladiki, ularda har bandning so'nggi bir yoki ikki misrayi yuqoridagi misralar bilan qofiyalanmaydi. Agar misralarning banddagi soni to'rt bo'lsa, - "murabba' ", besh bo'lsa "muxammas", olti bo'lsa - "musaddas", yetti bo'lsa - "musabba' ", sakkiz bo'lsa -"musamman", to'qqiz bo'lsa - "mutassa' ", o'n bo'lsa - "muashshar deb ataladi" [18;284].

Adabiyotshunos O.Nosirov musammatning lug'aviy va istilohiy ma'nosini Qabul Muhammadning "Haft qulzum" asaridan olingan quyidagi so'zlari bilan izohlaydi: "Bilgilki, tasmit lug'atta ipga o'tkazilgan marvoridni anglatadi. Istilohda shundayki, oldin yozilgan misralar oxiriga vazn va qofiyaga muvofiq misralar qo'shadilar. Aksariyat (musammat) sakkiz xil bo'ladi deb hisoblaydilar: musallas, murabba', muxammas, musaddas, musabba', musamman, tasne', mashru' " [11;113]. Vahid Tabriziyning "Jame' muxtasar" asarida musammat she'r turi sifatida talqin qilinib, tarkibida 4 dan 10 gacha misra bo'lishi mumkinligi e'tirof etilgan [5;37]. Adabiyotshunos Abdurashid Abdug'afurov "Alisher Navoiy musammatlari" nomli maqolasida mazkur janrga shunday ta'rif beradi: "Qofiyalanishda g'azal sistemasini saqlagan va har bandi 3, 4, 5, va hokazo o'nga yaqin misralarni jamlovchi

May, 2023

615

bandlardan tashkil topgan she'riy shakllar musammat deyiladi. Boshqacha aytganda, musallas, murabba', muxammas, musaddas, musamman, mutassa' va muashsharlar musammatdir" [1;27].

Kuzatishlar musammat haqidagi eng mukammal ta'rif va ma'lumot Xusayn Voiz Koshifiyning "Badoye' ul-afkor fi sanoye'ul - ash'or" risolasida mavjud, - deb hisoblab, unda berilgan quyidagi ta'rifni keltiradi: "Musammat shuldurki, barcha misralar bir-biriga mos qofiyalar bilan ta'minlanadi, faqat oxirgi misra qofiyasi boshqacha bo'ladi" [7;31]. Biz ham mana shu ta'rifni to'la va mukammal deb hisoblaymiz, bu va yuqorida keltirilgan nazariy asoslarga tayangan holda: "Arab tilida ipga o'tkazilgan marvarid ma'nosini anglatuvchi musammat - har bandi 3 misradan 10 misragacha bo'ladigan, 1-banddan boshqa bandlarining oxirgi bir yoki ikki misrasi yuqoridagi misralar bilan qofiyalanmaydigan, lekin vaznda bir bo'lgan she'riy shakllarni jamlovchi janrdir", - deya ta'rif beramiz va quyidagi turlarga tasnif qilamiz: musallas, murabba', muxammas, musaddas, musabba', musamman, mutassa', muashshar. Bular orasida 5 ta she'riy shakl, ya'ni murabba', muxammas, musaddas, musamman, muashshar ham Koshifiy asarida mukammal ta'rif topadi. Undan oldingi she'rshunoslar musammatning 3 turigagina izoh berganlar [7;32]. Musammat she'riy shakllari ichida musabba' va mutassa' yozish ancha kam uchraydi.

Musammatlarning yaratilishiga qarab tasnif qilinishida ham bir-biriga zid fikrlarga duch kelamiz. Jumladan, "O'zbek klassik she'riyati janrlari" kitobining musammatga doir qismini yozgan adabiyotshunos Ozod Nosirov musammatlarni: 1. Mustaqil musammatlar (tab'i xud musammatlar); 2.G'azal asosida yaratiladigan musammatlar (tazmin musammatlar), - deb guruhlarga ajratadi. Tavsif berish jarayonida esa o'z g'azaliga musammat bog'lash hodisasini ham birinchi, ham ikkinchi guruh sirasida yoritadi [11;114-116]. Bunday noizchillik oqibatida muallifning o'zi ham Navoiyning g'azal asosida yaratilgan musammatlarini "mustaqil yaratilgan", - deb xatolikka yo'l qo'yadi. Bu tasmitlar mustaqil emasligini adabiyotshunos Abdurashid Abdug'afurov "Alisher Navoiy musammatlari" maqolasida aniq dalillar asosida isbot qiladi [1;28]. Qolaversa, g'azal asosida yaratiladigan musammat va tazmin musammat bir narsa emas, shuning uchun ikkisidan biri yozilishi kerak deb o'ylaymiz. Biz O.Nosirov va boshqa mualliflarning fikrlarini kuzatganimizda, ularning hech birida mustaqil va tazmin musammatlarni bir-biridan ajratuvchi muhim xususiyatlarni aniq ko'rsatilmaganligining guvohi bo'ldik. Yuqorida zikr qilingan nuqsonlar takrorlanmasligi va bizning tadqiqotimizga bu masala bevosita tegishliligini hisobga olib, musammatlarni quyidagicha tasnif qilishni lozim topamiz:

1. Mustaqil musammatlar. 2. Tazmin musammatlar.

Mustaqil musammatlar - tom ma'nodagi mukammal tasmitlar bo'lib, ular g'azal asosida yaratilmasligi, yoki tazmin tariqasidagi musammatlardek o'zga she'rdan jumla, misra, bayt kiritilmasligi bilan ajralib turadi. Ko'pincha bu tur musammatlarda:

May, 2023

616

1.Bandlardagi oxirgi misra bir xil takrorlanadi;

2.Ko'pchilik g'azal asosida yaratiladigan musammatlardek, birinchi banddagi oxirgi ikki misra radifi bir xil bo'lmaydi;

3.Taxallus oxirgi bandning yuqori qismlarida beriladi, g'azal maqta'idagidek so'nggi bandning keyingi ikki qismidan birida berilmaydi.

Tazmin musammatlarda - bir she'r o'zga bir she'rga qisman yoki to'liq iqtibos (ba'zan juz'iy o'zgarishlar bilan) qilinadi. Bu tur musammatlarni "g'azal asosida yaratiladigan musammatlar" deb atamaganimizning sababi bor. Chunki, bular bir hodisa emas, balki g'azal asosidagi musammat tazmin musammatning bir turidir. Fors-tojik mumtoz poetikasiga bag'ishlangan asarda e'tirof etilishicha, tazmin borasidagi fikrlarni nafaqat rivojlantirgan, balki ilmiy boyitishga ham ulkan hissa qo'shgan Xusayn Voiz Koshifiy o'zining "Badoye' ul-afkor" asarida tazminning bir qancha turlari qatorida oldin hech bir manbada kuzatilmagan, bir she'r butunlay boshqa she'rga singdirilgan va bir butunlik hosil qilgan, yangi taxmis va tasdis turlariga izoh va misollar keltiradi [8;69]. Demak, tazmin musammatlar to'liq yoki noto'liq bo'lishi mumkin.

To'liq tazmin musammatlarda rubobiy asar tartib va tuzilishi jihatidan to'liq iqtibos qilinadi (ayrim o'zgarishlar bundan istisno). Mumtoz sharq she'riyatida o'z va o'zganing g'azaliga musammat bog'lash bunga yorqin misoldir.

Noto'liq tazmin musammatlarda ibora, jumla, misra yoki faqat bir bayt she'r ichiga kiritiladi. Tazmin musammatlar borasida yana bir jihatni alohida aytib o'tishni lozim deb topamiz. Tazmin faqat o'zga shoir she'ridan olinmaydi. Hoh o'z g'azalidan, hoh o'zganing g'azalidan, jumla, misra yoki baytidan she'rga iqtibos olinishi mumkin. She'rshunos Hoji Nosir tazmin haqida: "Tazminda shoir o'z fikrini tasdiqlash, rivojlantirish maqsadida qofiya, radif, vaznda mos keltirish sharti bilan o'zga bir she'rdan parcha keltiradi", - deb yozadi. "Shuni alohida ta'kidlash zarurki, bu o'rinda o'zganing she'riga emas, o'zga she'rga (she'ri digar) urg'u berilgan, chunki shoir ko'pincha o'z she'ridan ham iqtibos olishi mumkin" [8;69]. Atoulloh Xusayniy ham o'z asarida: "Tazmin o'zgalarning she'ridin olinishi shart emastur. Demak, ta'rifta o'zganing she'rin demastin, o'zga she'rni deyilsa, yaxshiroq bo'lur erdi. Ammo mazkur ta'rul jihattin to'g'ridurkim, shuarovu fusaxoda o'z she'rin tazmin etish odati bag'oyat ozdur, aning uchun ham ta'rifta ani e'tibor qilmapturlar", - deya tanqidiy fikr bildiradi [17;246]. Bizningcha, yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalarning o'zi ba'zi lug'at va adabiyotlarda tazminni faqat o'z va o'zganing she'ridan parcha kiritish ma'nosida sharhlanishiga javob bo'la oladi [16;23].

XULOSA

Ushbu faslda ilmiy kuzatishlar natijalari quyidagicha umumlashtirildi:

1. Musammatning yozma adabiyotdagi ilk namunalari dastlab XI asr fors tojik shoirlari Manuchehriy va Qatron Tabriziy ijodida ko'zga tashlansa, turkiy mumtoz she'riyatda musammat yozish Hofiz Xorazmiy va Gadoiy devonlarida uchraydi.

May, 2023

617

2. Musammat janrining paydo bo'lishida saj' san'atining roli katta. Musammat janrining mustaqil musammatlar (tab'u xud) va tazmin turlari bor. Tazmin musammatlar to'liq va noto'liq tazmin ko'rinishlariga ega. Mumtoz adabiyotimiz tarixida musammatlarning murabba', muxammas, musaddas va musamman turlari keng tarqalgan.

REFERENCES

1. Abdug'afurov A. Alisher Navoiy musammatlari // O'zbek tili va adabiyoti. 1978. №1.

2. Ahmad Taroziy. Funun ul-balog'a. 1436.

3. Бертельс Е. Навои и Джами. - М.: Наука, 1965.

4. Брагинский M. Из истории персидско таджикской литературы. - М.: Наука, 1972.

5. Вахид Табризий. Джами мухтасар. -М.-Л., 1959.

6. Kaykovus. Qobusnoma. -T.: Istiqlol, 1994.

7. Musulmonqulov R. Asrori suxan. -Dushanbe: Irfon, 1980.

8. Мусулмонкулов Р. Персидско-таджикская классическая поэтика X-XV вв. -М.: Наука, 1989.

9. Musulmonqulov R. Nazariyai adabiyot. -Dushanbe: Irfon, 1994.

10. Nizomiy Aruziy Samarqandiy. Nodir hikoyatlar (Chahor maqola). -T.: 1986.

11. Nosirov O va boshqalar O'zbek klassik she'riyati janrlari. -T.: O'qituvchi, 1979.

12. Orzibekov R. O'zbek adabiyotida g'azal va musammat. -T.: Fan, 1976.

13. Sarimsoqov B. O'zbek adabiyotida saj'. -T.: Fan, 1978.

14. Sulaymanov M. Hofiz Xorazmiy va o'zbek lirik she'riyatining rivoji: Filol. fanlari nomzodi dis.aftoref. -T.: 1996.

15. Fitrat A. Adabiyot qoidalari. -T.: O'qituvchi, 1995.

16. Xalliyeva G. Ogahiy musammatlari. Monografiya. - T.: Mumtoz so'z, 2019.

17. Xusayniy Atoullo Mahmud. Badoye' us-sanoye'. -T.: Adabiyot va san'at, 1981.

18. Shayxzoda M. Asarlar olti jildlik. IV jild. G'azal mulkining sultoni. -T.: Adabiyot va san'at, 1972.

19. Hamidulla Boltaboyev. Sharq mumtoz poetikasi manbalari. 1-kitob. -T.: 2008. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi,

20. Hofiz Xorazmiy Devon. II kitob. -T.: O'z. M.K., 1981.

21. Yusupova D. Ogahiy taxmislari// Muhammad Rizo Ogahiyning o'zbek mumtoz adabiyoti rivojida tutgan o'rni. Respublika ilmiy-nazariy anjuman materiallari. -T.: Navoiy universiteti nashriyot matbaa uyi, 2020.

May, 2023

618

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.