Научная статья на тему 'NAVOIY IJODIDA BADIIY SAN`ATLAR'

NAVOIY IJODIDA BADIIY SAN`ATLAR Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

37395
1755
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
she`riy san`atlar / mantiq / nafosat / irsoli masal / kalomi jomiy / mubolag`a / qofiya / tajnis / tamsil / tanosub / tashxis / tazmin / tatabbu / husni ta`lil / poetic arts / logic / elegance / irscholi masal / word of jami / exaggeration / rhyme / tajnis / tamsil / tanobus / diagnosis / tazmyn / tatabbu / husni talil.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Tadjixon Sabitova

Maktab va oliy o`quv yurtlarida o`zbek mumtoz adabiyotini so`z san`ati sifatida o`rganishga o`tilishi har doim dars jarayonida, darsdan tashqarida, darslar davomida badiiy mahorat masalalarini kengroq va chuqurroq tahlil qilishni taqozo etadi. Ko`p asrli mumtoz adabiyotimizning bezavol hazinasini yaratgan atoqli shoir va yozuvchilarimizning san`atkorlik salohiyatlari sehrinin kashf etish uchun ular yozgan asarlardagi badiiy san`atlardan atroflicha ma`lumotga ega bo`lish talab qilinadi. Bu ayniqsa, oliy o`quv yurtlari va maktablarning til adabiyoti o`qituvchilari, talabalari, o`quvchilariuchun nihoyatda zarur deb bilaman. Ushbu maqolada ulug` mutafakkir shoir Alisher Navoiy ijodidagi badiiy san`atlarning ayrimlari haqida fikr yuritiladi, she`rlardan ayrim misollar keltiriladi

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

STYLISTIC DEVICES IN THE CREATIVITY OF NAVOIY

The transition to the study of Uzbek classical literature as a word art in schools and higher educational institutions always requires a more extensive and in-depth analysis of the issues of artistic skill in the course of the lesson, outside the lesson, during the lessons. In order to discover the magic of the artistic potential of our outstanding poets and writers who created the bezavol treasure of our centuries-old classical literature, it is required to have a thorough knowledge of the artistic Arts in the works they wrote. I know that this is especially necessary for teachers of language literature, students, students of universities and schools. In this article we will talk about some of the artistic Arts in the creativity of the great thinker Alisher Navoi, some examples from poems are given

Текст научной работы на тему «NAVOIY IJODIDA BADIIY SAN`ATLAR»

NAVOIY IJODIDA BADIIY SANATLAR

Tadjixon Sabitova

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti dotsenti

ANNOTATSIYA

Maktab va oliy o'quv yurtlarida o'zbek mumtoz adabiyotini so'z san'ati sifatida o'rganishga o'tilishi har doim dars jarayonida, darsdan tashqarida, darslar davomida badiiy mahorat masalalarini kengroq va chuqurroq tahlil qilishni taqozo etadi. Ko'p asrli mumtoz adabiyotimizning bezavol hazinasini yaratgan atoqli shoir va yozuvchilarimizning san' atkorlik salohiyatlari sehrinin kashf etish uchun ular yozgan asarlardagi badiiy san'atlardan atroflicha ma'lumotga ega bo'lish talab qilinadi. Bu ayniqsa, oliy o'quv yurtlari va maktablarning til adabiyoti o'qituvchilari, talabalari, o'quvchilariuchun nihoyatda zarur deb bilaman. Ushbu maqolada ulug' mutafakkir shoir Alisher Navoiy ijodidagi badiiy san'atlarning ayrimlari haqida fikr yuritiladi, she'rlardan ayrim misollar keltiriladi.

Kalit so'zlar: she'riy san'atlar, mantiq, nafosat, irsoli masal, kalomi jomiy, mubolag'a, qofiya, tajnis, tamsil, tanosub, tashxis, tazmin, tatabbu, husni ta'lil.

STYLISTIC DEVICES IN THE CREATIVITY OF NAVOIY

ABSTRACT

The transition to the study of Uzbek classical literature as a word art in schools and higher educational institutions always requires a more extensive and in-depth analysis of the issues of artistic skill in the course of the lesson, outside the lesson, during the lessons. In order to discover the magic of the artistic potential of our outstanding poets and writers who created the bezavol treasure of our centuries-old classical literature, it is required to have a thorough knowledge of the artistic Arts in the works they wrote. I know that this is especially necessary for teachers of language literature, students, students of universities and schools. In this article we will talk about some of the artistic Arts in the creativity of the great thinker Alisher Navoi, some examples from poems are given.

Keywords: poetic arts, logic, elegance, irscholi masal, word of jami, exaggeration, rhyme, tajnis, tamsil, tanobus, diagnosis, tazmyn, tatabbu, husni talil.

KIRISH

Ming yillik tarixga ega bo'lgan mumtoz adabiyotimizda badiiyat masalasi hamisha she'r ahlining diqqat markazida bo'lib kelgan. U yoki bu ijodkor salohiyati haqida borganda uning nimalarni tasvirlagani emas, asosan, qanday tasvirlaganiga e'tibor qaratilgan. Jumladan, adabiy asarlarda she'riy san'atlardan foydalanish mahorati hamma asrlarda badiiy san'atkorlikning asosiy qirralaridan biri sifatida baholangan.

Ma'lumki, she'riy san'atlar badiiy asarda ifodalangan hayotiyroq, ta'sirchanroq ifodalanishiga, lirik va epik timsollarning yorqinroq gavdalantirilishiga, misralar, baytlar, bandlarning lafziy nazokati, musiqiyligi, jozibadorligini ta'minlashga xizmat qilgan.

U yoki bu shoir ijodiga, u yoki bu badiiy asarga baho berilar ekan, ijodkor ifodalayotgan iz aksini topgan ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy, ma'rifiy-tarbiyaviy muammolar mohiyati va ko'lami, badiiy timsollar jilosi bilan bir vaqtda qo'llangan she'riy san'atlarning rang-barangligi, mantiqiy asoslanishi, asar mazmunini ochishdagi o'rni va ahamiyati kabi masalalarga ham alohida diqqat qilingan.

Adabiyotimiz tarixi yana shundan dalolat beradiki, she'riy san'atlar shoir badiiy salohiyatini ko'z-ko'z qilish, uning xilma-xil san'atlardan mohirona foydalanish usullarini namoyish etish emas, balki ijodkor badiiy tafakkur dahosining ko'lami, yuksak ijtimoiy-axloqifoyalarni jilolantirish san'atkorligi ifodasi bo'lib kelgan.

She'riy san'atlar muayyan badiiy tamoyillarga asoslangan. Bulardan eng muhimi she'riy san'atlarning asar mazmuni bilan uzviy bog'liqligi sanaladi.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Musulmon Sharq poetikasining tarkibiy qismlaridan biri, nutqqa bezak beruvchi san'atlar, ularning o'ziga xos jihatlari, fikrni go'zal va mazmunli ifodalash usullarini o'rganuvchi soha ilmi badi' bo'lib, uning asosini mumtoz she'riyat, ba'zida nasrda keng ishlatilgan va zamonaviy adabiyotda hozir ham qo'llanilayotgan badiiy san'atlar tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib, ilmi badi' sanoyi' ilmi deb ham yuritiladi.

Ilmi badi'ga doir dastlabki asarlar arab tilida yaratilgan bo'lib, ularga Ibn Mu'tazning "Kitob ul-badi'"(9-a.), Nasr binni Hasanning "Mahosin ul-kalom" (9-10-a.), , Qudama ibn Ja'farning "Naqd ush-she'r" (10-a.) asarlari kiradi. Ilmi badi' fors-tojik adabiyotshunosligida o'zining yuksak cho'qqisiga ko'tarildi. Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a", Rashididdin Vatvotning "Xadoyiq us-sehr", Shams Qays Roziyning "Al-mo'jam" (uchinchi qismi, 13-a.), Vohid Tabriziyning "Jam'i muxtasar" kabi asarlari shu sohaga bag'ishlangan mumtoz asarlar sifatida

alohida ahamiyatga ega. Turkiy tilda ilmi badi' masalalari aks etgan asar sifatida Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balog'a" asarini keltirish mumkin. Risolaning uchinchi qismi badiiy san'atlar tahliliga bag'ishlangan bo'lib, unda 97 san'at turi haqida so'z boradi.

Ilmi badi'ga doir nisbatan mukammalroq asar Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" risolasi bo'lib, unda ilmi badi' tarixida ilk marta badiiy san'atlar uch katta guruhga: ma'naviy, lafziy va mushtarak san'atlarga ajratilgan.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Alisher Navoiy ilmi badi'ga doir maxsus asar yaratmagan bo'lsa-da, o'zining "Majolis un-nafois", "Xamsa" va boshqa ko'plab asarlarida ilmi badi'ning ba'zi nazariy jihatlariga to'xtalib o'tadi. Xususan, "Majolis un-nafois"da Atoulloh Husayniy haqida so'z yuritar ekan, uning ushbu ilmga doir risola yozganligini ta'kidlaydi:

"Mir Atoulloh... Bovujudi donishmandlik, she'r va muammo va sanoe'da dag'i mahorat paydo qildi va muammog'a ko'p mashg'ul bo'lur erdi. Holo sabaq kasratidin anga avqoti vafo qilmas, ammo sanoe'da kitobe tasnif qilibdur. «Badoye'i Atoiyg'a» mavsumdur"

Shuningdek, Navoiy o'z asarlarida ilmi badi'ga doir ba'zi istiloh va atamalar sharhiga ham to'xtalib, munosabat bildirib o'tadi. Jumladan, maqlubi mustaviy san'ati haqida to'xtalib, shunday yozadi:

"bu misra'ki «maqlubi mustaviy» san'atida aytibdur, dalil basdurkim: Mushi xari farrux shavam, Darki raqam qar kard" Navoiy she'riyatida quyidagi badiiy san'atlar qo'llanilgan: Irsoli masal (ar. - maqol yoki matal yuborish) - baytda maqol, matal va hikmatli so'zlarni keltirishga asoslangan she'riy san'at. Ilmi badi'ga doir deyarli barcha manbalarda ushbu san'at haqida ma'lumotlar keltiriladi. Irsoli masal haqidagi nisbatan to'liqroq ma'lumot Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" (15-a.) asarida keltirilgan bo'lib, unda ushbu san'atning ikki usul bilan hosil bo'lishi aytiladi: "Birinchi va afzali uldurkim, masalning so'z va tartibin o'zgartirmay bergaylar... Ikkinchi yo'li uldurkim, masalda o'zgarish yuz berur" Bunda muallif irsoli masal san'atining birinchi turida she'r tarkibida keltiriladigan maqol yoki hikmatli so'zning hech o'zgarishsiz berilishini, ikkinchi turida esa matnning mazmuni saqlangan holda she'r talabi bilan maqol yoki hikmatli so'zning shakli bir oz o'zgartirilishi mumkinligini ta'kidlaydi. Shuningdek, Atoulloh Husayniy irsoli masal san'atining lug'aviy ma'nosiga ham e'tibor qaratib, "irsol" so'zi "yubormoq, jo'natmoq" ma'nosini bildirishini, baytda masal

keltirishdan maqsad esa uni muayyan kishiga jo'natish ekanligini ham aytib o'tadi: "Irsol lug'atta yubormoqdur... Aksar baytta masal keltirish, ani mahbub yo mamduh yoki o'zga kishiga yubormoq uchun bo'lur, aning uchun bu san'atni aning arzi e'tibori bilan irsol ul-masal deb atapturlar". Atoulloh Husayniy o'z fikrini davom ettrib, irsoldan murod irod (keltirish) ham bo'lishi mumkin, shu sababli bu san'at nomini irod ul-masal deb ham atashlari haqida ham ma'lumot beradi.

Alisher Navoiy ijodida ham irsoli masal san'ati keng qo'llanilgan. Shoir ijodida bu san'atning istifoda etilishini uch xil holatda ko'rish mumkin:

1) bayt tarkibida qo'llanilayotgan maqol, matal yoki hikmatli so'z "masal", "masaldur", "masalkim", "derlar" jumlalari yordamida keltiriladi:

Chun masal bo'ldi sochingzulm ichra, yoshurmoq ne sud

Mushk isin yashursa bo'lmas, bu masal mashhur erur.

(G'aroyib us-sig'ar, 186-g'azal)

Buki, derlar: "Bordurur devor keynida quloq",

Ul fazo davrida ko'z yetguncha devor o'lmag'ay.

(G'aroyib us-sig'ar, 611-g'azal) 1) maqol yoki matal yuqoridagi jumlalarsiz aynan keltiriladi:

O'qlaringko'nglumga tushkach kuydi ham ko'z, ham badan Kim, kuyar o'lu qurug' chun naysitong'a tushti o't.

(G'aroyib us-sig'ar, 86-g'azal)

Har kishikim birovga qozg'oy choh, Tushgay ul choh aro o'zi nogoh. (Sab'ai sayyor)

1) maqol yoki matalning mazmuni saqlangan holda, uning shakli bir oz yoki butunlay o'zgartiriladi:

Chu mazra' ichra sochting har ne dona, Hamul dona ko'targung jovidona (Farhod va Shirin)

Qachon sochsa tufroqqa bug'doy birav, Yo'q imkonkim, ul arpa qilg'ay darav. (Saddi Iskandariy)

Yuqoridagi ikki baytda "Har kim ekkanini o'radi" xalq maqoli o'zgargan shaklda keltirilyapti.

Kalomi Jomi' (ar. - jamlovchi, umumlashtiruvchi so'z) - she'rda yoki baytda pand-nasihat, o'git, axloq-odobga oid, zamona va zamondoshlardan shikoyat bilan bog'liq fikrlarni keltirishga asoslangan she'riy san'at. Kalomi jomi' haqidagi dastlabki

ma'lumot Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a" (11-a.) asarida keltirilgan bo'lib, muallif ushbu san'atga quyidagicha ta'rif beradi: "Balog'at ilmiga xos san'atlardan biri shundan iboratki, bunda Shoir o'z nutqini hikmatli so'z, pand-nasihat, taqdirdan shikoyat va shu kabilar bilan bezaydi" Shunga o'xshash fikrlar ilmi badi'ga doir forsiy tildagi boshqa mumtoz manbalar: Rashididdin Vatvotning "Hadoyiq us -sehr" (12-a.), Sharafiddin Romiyning "Haqoyiq ul-hadoyiq" (14-a.), Husayn Voiz Koshifiyning "Badoyi' ul-afkor" (15-a.), Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi"' (15-a.) asarlarida ham bayon qilingan. Turkiy adabiyotshunoslikda K.j. haqidagi ilk ma'lumot Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balog'a" (1436-37) asarida keltirilgan.

Alisher Navoiy asarlarining deyarli barchasida pand-nasihat, o'git, axloq-odobga doir fikrlarni uchratish mumkin. Xususan, "Nazm ul-javohir"dagi ruboiylar boshdan-oyoq kalomi jomi' san'ati asosida yozilgan. Masalan: Har kimki habibing o'lsa evrul boshig'a, Mahv o'l yuzig'a, jonni fndo qil qoshig'a, Tosh ursa, ravoningni tufayl et boshig'a, Tajdidi muhabbat angla bormoq qoshig'a. Navoiy g'azallarining aksariyatida axloqiy yoki ijtimoiy ruhdagi baytlar uchraydi. Shuningdek, to'laligicha ijtimoiy-axloqiy masalalarga bag'ishlangan ko'plab g'azallar mavjud. Masalan, Shoirning quyidagi matla'li g'azali zamon va zamona ahlidan shikoyat asosiga qurilgan:

Topmadim ahli zamon ichra bir andoq hamdame Kim, zamon osibidin bir-birga aytishsoq g'ame.

(Navodir ush-shabob, 576-g'azal) Kalomi jomi' san'ati Alisher Navoiyning faqat lirik she'rlarida emas, balki "Xamsa" tarkibidagi dostonlar, "Lison ut-tayr" dostoni va boshqa nasriy asarlari tarkibidagi she'riy parchalarda ham qo'llanilgan.

Mubolag'a (ar. - kattalashtirish, kuchaytirish) - adabiy asarda tasvirlanayotgan badiiy timsol harakati yoki holatini bo'rttirib, kuchaytirib ifodalash san'ati. Bu xil tasvirda badiiy timsol xususiyatlari yanada yaqqol namoyon bo'ladi, o'quvchi ko'z oldida yorqinroq gavdalanadi.

Mubolag'a san'ati haqida ilmiy badi'ga doir mumtoz manbalar: Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul balog'a", Rashididdin Vatvotning "Hadoyiq us sehr", Shams Qays Roziyning "Almo'jam", Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul balog'a" asarlarida ma'lumotlar keltirilgan bo'lib, mazkur asarlarda M.ning asosan ig'roq turiga to'xtalib o'tilgan. Xususan, "Funun ul balog'a" muallifi shunday yozadi: "Bu san'at aningdek bo'lurkim, bir narsaning vasfinda mubolag'ani had va g'oyattin

o'tkarurlar" Sharafiddin Romiy esa o'zining "Haqoyiq ul xadoyiq"asarida (14 a.) mubolag'ani uning yuqori darajasi bo'lgan ig'roqdan ajratish zarurligini ta'kidlaydi. Mubolag'a va uning darajalari haqida nisbatan to'liqroq ma'lumot Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" asarida berilgan bo'lib, muallif mubolag'aning tablig', ig'roq, g'uluvv, mardud g'uluvv kabi turlarini keltiradi.M.ning quyidagi 3 darajasi mumtoz adabiyotimizda, xususan Alisher Navoiy ijodida keng qo'llanilgan:

1) tablig ' - (ar.) aqlan ishonish mumkin bo'lgan, hayotda ham yuz berishi mumkin bo'lgan mubolag'a. Bunda bo'rttirib tasvir qilinayotgan hodisa yoki xususiyat aqlga to'g'ri keladi va ba'zan qiyinchilik bilan bo'lsa da, amalga oshishi ham mumkin.

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulru kelmadi, Ko'zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

("Badoyi' ul vasat", 608 g'azal) Visol va'dasini bergan yorning kelmagani oqibatida oshiqning kechasi bilan uxlamay chiqishi mubolag'ali tasvir, lekin bu holatni aqlan tasavvur ham qilish mumkin va ba'zan hayotda ham uchrab turadi.

1) ig'roq - (ar. kamonni qattiq tortmoq) - aqlan ishonish mumkin bo'lsa ham, hayotda yuz bermaydigan mubolag'a. Bunday tasvirda o'quvchi voqea yoki xususiyatni ko'z oldiga keltirib, tasavvur qila oladi, biroq uning amalda yoki hayotda sodir bo'lishi mumkin emas. Masalan, "Farhod va Shirin" dostonida Shirinning oti yiqilay deganda, Farhodning otni va Shirinni yelkasiga ko'tarib bir necha chaqirim yo'l bosishini aqlan qabul qilish mumkin bo'lsa ham, bunday voqea hayotda yuz berishi mumkin emas:

Ko'tardi orqasig'a bodponi, Nechukkim bodpo, ul dilraboni...

Chu ikki-uch yig'och gom urdi shaydo, Bo'lub ollinda qasru havz raydo.

1) g'uluvv (ar. - qo'lni imkon boricha baland ko'tarish) - aql ham bovar qilmaydigan, hayotda ham yuz berishi mumkin bo'lmagan mubolag'a:

Har qizil gulkim, yuzung shavqida olib isladim, yetkach ohim shu'lasi, ani sarig' gul ayladim.

("Favoyid ul kibar", 426 g'azal) Baytda keltirilishicha, oshiq o'z yorining qizil yuzini sog'inib, qizil gulni olib hidlagan ekan, ohining shu'lasidan qizil gul sariq gulga aylanibdi. Tasvirlanayotgan ushbu hodisani aqlan qabul qilish mumkin emas hamda bunday hodisa hayotda ham yuz bermaydi.

Radd Ul-Qofiya (ar. - qofiyaning takrorlanishi) - g'azal yoki qasida matla'idagi qofiyaning undan keyingi baytlardan birida yoki maqta'da takrorlanishiga asoslangan badiiy san'at. XVI asrgacha yaratilgan poetikaga doir manbalarda " iyto" deb yuritilgan. Sakkokiyning "Miftoh ul-ulum", Shams Qays Roziyning "Al-mo'jam" (1218-1233), Nasiriddin Tusiyning "Me'yor ul-ash'or" (13-a.) Husayn Voiz Koshifiyning "Badoyi' ul-afkor fi sanoyi' ul-ash'or" (15-a.), Abdurahmon Jomiyning "Risolai qofiya" (1465), Atoulloh Husayniyning "Risolai vofiy dar qavoyidi ilmi qavofiy" (1487) asarlarida mazkur san'at haqida ma'lumotlar keltiriladi. Ushbu asarlarning deyarli barchasida iyto qofiya nuqsonlaridan biri sifatida e'tirof etilib, agar takrorlanuvchi qofiyalar orasida muayyan masofa bo'lsa (g'azal va qit'ada 7 baytdan keyin, qasidada esa 14-20 baytdan keyin) yoki she'r ikki matla'ga ega bo'lsa (she'r o'rtasida yana bir qo'sh qofiyalanuvchi bayt kelsa), iytodan foydalanish mumkin degan umumiy xulosa aytiladi.

Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balog'a" (1436-37) asarida radd ul-qofiya san'ati radd ul-matla' tarkibida tahlil qilinib, risolada keltirilgan radd ul-matla'ning ikkinchi va uchinchi turlari aynan radd ul-qofiya san'atiga mos keladi: "Ikkinchi nav'i ulkim, avvalgi misra'ning qofiyasini maqta'ning oxirinda radd qilurlar... Uchinchi nav'i ulkim, avvalgi misra'ning qofiyasini ikkinchi bayt yo uchinchi baytta radd qilurlar". Bunda muallif san'atining matla'dagi qofiyaning maqta'da yoki ikkinchi va uchinchi baytlardan birida takrorlanishiga asoslanishini ta'kidlayapti.

Alisher Navoiy g'azaliyotida ushbu san'at ancha faol qo'llanilgan bo'lib, "Xazoyin ul-maoniy" kulliyotida uning turli ko'rinishdagi 450 dan ortiq namunalarini uchratish mumkin (Yo.Is'hoqov). Shoir she'riyatida radd ul-qofiyaning quyidagi ko'rinishlari qo'llanilgan:

1. G'azaldagi birinchi misraning qofiyasi ikkinchi baytda takrorlanishiga asoslangan:

Bahor sensiz o'luptur manga ajab do'zax,

Qizil gul anda o'tu oq shukufalardur yax.

Bahor sensiz agar do'zax o'lsa tong ermas,

Bihisht ichinda liqo bo'lmasa erur do'zax... (G'aroyib us-sig'ar, 108-g'azal). 1. G'azaldagi birinchi misraning qofiyasi ikkinchidan keyingi baytlardan birida takrorlanishiga asoslangan:

Yuz tuman mehnat o'qi anduhlug' jonimdadur, To havodin sarzanish sarvi xiromonimdadur.

Hojatim budur, xudoyokim, karomat qilg'asen Notavon jonimg 'a har zahmatki, jononimdadur.

Dardmenda sendin ortuq bo'lsa, jono, ne ajab

Kim, seningjismingdadurzahmat, meningjonimdadur...

(G'aroyib us-sig'ar, 150-g'azal).

1. G'azal matla'sidagi ikkinchi misraning qofiyasi ikkinchidan keyingi baytlardan birida takrorlanishiga asoslangan:

Kechti umrum naqdi g'aflat birla nodonlig'da hayf, Qolg'ani sarf o'ldi anduhupushaymonlig'da hayf...

... Andoq ish qilkim, pushaymon bo'lmag'aysenkim, emas Hech osig' chun ish xato bo'ldipushaymonlig'da hayf... (G'aroyib us-sig'ar, 303-g'azal). 1. G'azal matla'idagi qofiyalardan birining maqta'da takrorlanishiga asoslangan:

Ishq soldi xonumonim ichra o't, La'li otashnokijonim ichra o't.

Ey Navoiy, chun chaqildi barqi ishq, Tushti andin xonumonim ichra o't. (Navodir ush-shabob, 86-g'azal).

(Layli va Majnun)

Tajnis (ar. - jinsdosh, hamjins) - baytda shaklan bir xil yoki bir-biriga yaqin so'zlarni qo'llashga asoslangan she'riy san'at. Asosan nazmda, ba'zan nasrda ham

istifoda etiladi. Ilmi badi'ga doir manbalarda tajnisning bir necha turlari farqlanadi. Xususan, Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a" (11-a.) asarida tajnisning 4 turi (tajnisi mutlaq, tajnisi murakkab, tajnisi zoid, tajnisi muraddad), Rashididdin Vatvotning "Hadoyiq us-sehr" (12-a.), Shams Qays Roziyning "Al-mo'jam" (12181233) va Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balog'a" (1436-37) asarlarida 7 turi (tajnisi tom, tajnisi noqis, tajnisi zoid, tajnisi mukarrar, tajnisi murakkab, tajnisi mutarraf, tajnisi xat) keltirib o'tilgan.

Turkiy adabiyot, xususan Alisher Navoiy ijodida tajnisning asosan quyidagi turlari keng qo'llanilgan:

1. Tajnisi tom yoki mutlaq tajnis - to'liq shakldoshlikka (harflar tarkibi jihatidan) asoslangan:

Sahnida yuz gul chiqorib bir yig'och, Har gulining atri borib bir yig'och

(Hayrat ul-abror)

1. Tajnisi noqis (nuqsonli tajnis) - shaklan yaqin so'zlar o'zaro faqat unli tovushlar jihatidan farqlanuvchi.

1. Tajnisi zoyid (orttirilgan tajnis) - shaklan yaqin so'zlarning birida bir-ikki harfning ortiqcha bo'lishiga asoslangan:

Topib ul nuktadin ozor yig'lab, O'zin tufroqqa soldi zor yig'lab

(Farhod va Shirin)

1. Tajnisi muzori' - shaklan yaqin so'zlarning bir-biridan bir yoki ikki undosh tovush bilan farqlanishi natijasida vujudga keluvchi tajnis:

Shoh olinda hamisha hozir o'lsam, Bu ish kayfiyatidin nozir o'lsam

(Farhod va Shirin)

1. Tajnisi xat - arab yozuvidagi so'zlarning faqat nuqtalar orqali farqlanishiga asoslangan tajnis:

Barcha xo'blarning qadu ruxsoru xattu xoli bor, Lek ulkim bizni behol aylar o'zga holi bor.

(G'aroyib us-sig'ar, 176-g'azal)

1. Tajnisi mukarrar - shaklan bir-biriga yaqin ikki so'zning misra oxirida yonma-yon kelishiga asoslangan tajnis:

Ishq erur andoq murabbiykim, qilur yetkach asar, Bulbul o'lg'ay, ochsayuz bir sarvi gulruxsor sor.

(Badoyi' ul-vasat, 158-g'azal)

1. Tajnisi murakkab - shakldosh so'zlarning biri yaxlit bir so'zdan, ikkinchisi ikki so'zdan iborat bo'lishi orqali vujudga keladigan tajnis:

Charx tortib xanjari hijron bu tun, Qo'ymadi bir zarra bag'rimni butun. Tunga borib bizni behol aylading, Ne balolig' yer emish, yo rab, bu tun.

(Badoyi' ul -vasat, 6-tuyuq)

Tajnis san'ati mumtoz she'r shakli hisoblanmish tuyuq janridagi asarlarda keng qo'llaniladi.

iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.

Tazod (ar. - zid qo'yish, qarshilantirish) - baytda ma'no jihatdan o'zaro zid, qarama-qarshi bo'lgan so'zlarni qo'llashga asoslangan she'riy san'at. Nazm va nasrda keng qo'llaniladi. Ilmi badi'ga doir manbalarda tazod san'ati turli nomlar bilan yuritilgan. Xususan, ushbu san'at Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a" (11 -a.), Toj al-Halaviyning "Daqoyiq ush-she'r" (14-a.), Sharafiddin Romiyning "Haqoyiq ul-hadoyiq" (14-a.) asarlarida mutazod, Rashididdin Vatvotning "Hadoyiq us-sehr" (12-a.), Shayx Ahmad Taroziyning "Funun ul-balog'a" (1436-37), Husayn Voiz Koshifiyning "Badoyi' ul-afkor" (15-a.) asarlarida al-mutazod, Shams Qays Roziyning "Al-mo'jam" (1218-1233), Hamididdin Najotiyning "Risolai feruziy" (14-a.) asarlarida mutobiqa, Shams Faxriy Isfahoniyning "Me'yori jamoliy" (1344-1345) asarida esa al-itizod istilohlari bilan keltirilgan.

Tazod haqdagi nisbatan kengroq ma'lumot Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" (15-a.) asarida berilgan bo'lib, muallif o'z asarining lafziyu ma'naviy (mushtarak) san'atlarga ajratilgan qismida mutobaqa atamasi ostida ushbu san'atga to'xtalib o'tadi va tajnis san'atining tiboq, tatbiq, tazod va takofu deb ham yuritilishini ta'kidlaydi. Risolada ushbu atamalarning har biriga alohida izoh berilib, ularning

lug'aviy ma'nosi keltiriladi. Shuningdek, risolada Atoulloh Husayniy bir misrada barcha so'zlarning o'zaro qarama - qarshi ma'noda kelganligi bilan bog'liq misolni keltirib, uni Alisher Navoiydan eshitganligini aytib o'tadi: "Hazrati xudovandgor (Alisher Navoiy)din eshittimkim, Xoja Salmon bir misra aytiptur, aning birinchi yarminda uch nimani zikr etiptur va ikkinchi yarminda ul uch nimaning muqobili bo'lg'an yana uch nimani zikr qiliptur va ul misrada o'shul olti mutaqobil nimadin o'zga hech lafz yo'qtur. Aning ikkinchi misrain o'shul tariqada aytmaptur. Ul misra budur:

Hushyor darun raftu berun omad mast".

Mazmuni: Hushyor ichkariga kirdiyu, mast tashqariga chiqdi. Ushbu misrada uch juft zid ma'noli so'zlarning qo'llanilganligini ko'ramiz: hushyor ^mast, darun (ichkariga)^berun (tashqariga), raft (kirdi)^omad (chiqdi).

Alisher Navoiy ijodida ham tazod san'ati yuksak mahorat bilan qo'llanilgan bo'lib, Shoir g'azallarida ushbu san'atning ishlatilishida ikki xususiyat ko'zga tashlanadi. Ba'zi o'rinlarda Navoiy g'azalning bir yoki bir necha baytidagina tazod usulidan foydalansa, Shoirning ayrim g'azallari boshdan-oxirigacha ushbu san'at asosiga qurilganligini ko'ramiz. Masalan, quyidagi g'azal matla'sida birinchi misra faqat zid ma'noli so'zlardan tashkil topganligini ko'ramiz:

Ne tirigmen, ne o'lug, ne sog', ne bemormen,

Ayta olmankim, firoqingdin ne yanglig' zormen.

(G'aroyib us-sig'ar, 497-g'azal).

Tamsil (ar. - misol keltirish, dalillash) - she'r baytining birinchi misrasida ifodalangan fikrga dalil sifatida ikkinchi misrada hayotiy bir hodisani misol qilib keltirishga asoslangan badiiy san'at. Bunda birinchi misradagi fikr bilan keltirilgan misol o'rtasidagi munosabat, ya'ni mantiqiy aloqa ko'pincha qiyosiy yo'nalishda bo'ladi. T.san'ati mohiyatiga ko'ra irsoli masal san'atiga o'xshab ketsa-da, fikrning, maqsadning isboti uchun hayotiy dalillar keltirishi bilan undan farqlanadi, chunki irsoli masalda mashhur maqol, hadis yoki hikmat dalil sifatida keltiriladi.

Tamsil haqidagi dastlabki ma'lumot Shams Qays Roziyning "Al-mo'jam" (1218-1233) asarida keltirilgan bo'lib, muallif tamsilni istioraning bir turi sifatida sanab o'tadi: "Ushbu san'at ham istioralarga mansubdir. Faqat u istioraning misol keltirish bilan bog'liq turi bo'lib, agar Shoir biror fikrga ishora qilmoqchi bo'lsa, boshqa ma'noni anglatuvchi so'zlarni shu fikrga monand qilib keltiradi va shu orqali

o'zi maqsad qilgan ma'noni ifodalaydi" Aynan shu kabi fikrlar ilmi badi'ga doir boshqa manbalar: Husayn Voiz Koshifiyning "Badoyi' ul-afkor" (15-a.) va Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" (15-a.) asarlarida ham takrorlangan.

Alisher Navoiy ijodida tamsil san'atining istifoda etilishi alohida jihat kasb etadi. Shoir lirikasida ushbu san'atning qo'llanilishida janrlararo tabaqalanish mavjudligini kuzatish mumkin. Xususan, poetik dalillash g'azal janrida, asosan, bir bayt doirasida ko'rinsa, qit'a va ruboiyda bir she'r doirasida, tarji'bandda esa har bir band doirasida namoyon bo'ladi, lekin takrorlanuvchi maqta'-bayt tufayli bandlar bir-biri bilan bog'lanib keladi. Natijada maqta'dagi mazmunni dalillash musalsal, ya'ni bosqichli holat kasb etadi (Yo.Is'hoqov). Masalan, quyidagi misolda dalillash usuli g'azaldagi bayt doirasida namoyon bo'lmoqda:

Zaxmim ichra qoldipaykoning, ne yanglig' butkay ul, Chunki qo'ymasyorag'ayopushqali marhamni su.

(G'aroyib us-sig'ar, 511-g'azal ).

Quyidagi ruboiyda esa tamsil san'ati yaxlit bir she'r doirasida qo'llanilganligini kuzatamiz:

G'urbatda g'arib shodmon bo'lmas emish, El anga shafiqu mehribon bo'lmas emish. Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa, Bulbulg'a tikandek oshyon bo'lmas emish.

(G'aroyib us-sig'ar, 55-ruboiy). Navoiy qit'alarida tamsil san'ati muhim ahamiyat kasb etadi, chunki bu janrda ijtimoiy-tarbiyaviy mazmun, pand-nasihat ruhi yetakchilik qiladi va shu sababli har bir muhim fikr va xulosa hayotiy hodisalar bilan dalillanadi. Masalan, quyidagi qit'ada birinchi baytda Shoir aytmoqchi bo'lgan fikr-xulosa bayon qilingan bo'lsa, keyingi baytlarda uning dalil-isboti keltirilgan: Yuz tuman nopok erdin yaxshiroq Pokxotunlar ayog'ining izi, Lut o'g'lin ko'rki soldi tiyralik Ding'a nafs ilgida tab'i ojizi. Dahr aro yoqti siyodat mash'alin, Pokravliqtin rasululloh qizi.

(Navodir ush-shabob, 9-qit'a) Tanosub (ar. - mos, mutanosib, daxldor) - baytda ma'no jihatdan bir-biriga yaqin va o'zaro mutanosib so'zlarni qo'llashga asoslangan badiiy san'at. Ilmi badi'ga

doir mumtoz manbalarda muroat un-nazir (ba'zan tavfiq, iytilof va talfiq) nomi bilan keladi. Tanosub san'ati haqidagi dastlabki ma'lumot Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a" (11-a.) asarida keltirilgan: "Agar she'r aytuvchi ma'no jihatidan bir -biriga o'xshash, xususan "oyu quyosh, daryoyu kishtiy" kabi so'zlarni qo'llasa, uni muroot un-nazir deb ataydilar"

Tanosub haqdagi nisbatan kengroq ma'lumot Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" (15-a.) asarida berilgan bo'lib, muallif ushbu san'atga shunday ta'rif beradi: "Ani tanosub, tavfiq, iytilof va talfiq ham derlar, Ul andog'durkim, kalomda anga munosib hodisa va nimalarni jam' qilurlar..." Shuningdek, asarda tanosub san'atining darajalari va nomlanishi bilan bog'liq muhim ma'lumotlar ham keltirib o'tilgan.

Alisher Navoiy ijodida tanosub san'ati keng istifoda etilgan bo'lib, bu san'atning Shoir lirikasida qo'llanilish holatini quyidagicha tasnif qilish mumkin:

1. Bayt tarkibida bir guruhga mansub va ma'no jihatdan bir-biriga yaqin bir necha so'zlarni keltirish orqali tanosub san'atini qo'llash.

Vasl shomi kuymaganparvona shoyadqolmag'ay, Bu shafaqgun hullakim sham'i shabistonimdadur.

("Badoye' ul-vasat", 194-g'azal) 1. Bayt tarkibida ikki ma'no guruhiga oid so'zlarni keltirib, har ikki guruh orasidagi so'zlarni bir-biriga qiyoslash yoki qarshi qo'yish orqali tanosub san'atini qo'llash. Masalan,

Xattining vasfin yozarmen kirpiku xoli bila, Xat yozarda chun zaruratdur qalam birla midod. ("G'aroyib us-sig'ar", 120-g'azal)

TasHxis (ar. - jonlantirish, shaxslantirish) - hayvonlar, qushlar, o'simliklar va jonsiz narsalarga insonning xususiyatlarini ko'chirish san'ati. Bu holat tasodifiy bo'lmay, tasvir ob'ekti bo'lmish hayvon, o'simlik yoki jonsiz predmetning muayyan belgisi bilan inson xususiyati yoki fe'l-atvori o'rtasidagi biror ramziy o'xshashlikka asoslanadi. Tashxis san'ati ilmi badi'ga doir manbalarda alohida nom bilan keltirilmaydi, balki istioraning bir turi, ba'zan majozning bir turi sifatida beriladi.

Tashxis san'ati Alisher Navoiy asarlarida ko'proq tabiat lirikasi bilan bog'liq holatda namoyon bo'ladi.

Uyg'otur subhi bahor elni fig'on birla sahob Kim, sabuhiy chog'idur — mast bo'lung, ey as 'hob. Barq har dam choqilib ishnagach-o 'q tiyra bo'lur, Ya'ni o'sh mundin oling umr charog'ig'a hisob.

Yog'in ahvolinga yig'larki, ko'z och uyqudin

Kim, erur sayli mamarri bu ko'han dayri xarob...

(Favoyid ul-kibar, 41-g'azal)

Navoiy ijodida insonga xos xususiyatlar faqat hayvonlar, qushlar, aniq narsalargagina emas, mavhumiy tushunchalarga ham ko'chiriladi. Masalan,

Mungrayib andoq sinuq ko'nglum buzulurkim, sipehr

Bul'ajab holimg'ayuz ming ko'z bila hayron bo'lur.

(G'aroyib us-sig'ar, 162-g'azal)

Tashxis san'ati "Xamsa" tarkibidagi dostonlarda ham keng qo'llanilgan:

Bo'lub bu motamidin dashtg'amnok -

Ki, vodidin yaqosin aylabon chok.

(Farhod va Shirin)

Sunbul qilibon qaro uzorin

Ochib qaro zulfi mushkborin.

(Layli va Majnun)

Tazmin (ar. - bir narsani ikkinchi narsa orasiga qo'ymoq ) - she'rda o'zga bir Shoir she'ridan bir misra yoki bir bayt kiritish san'ati. Ilmi badi'ga doir deyarli barcha manbalarda ushbu san'at haqida ma'lumotlar keltiriladi. Tazmin san'atining nomi dastlab Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a" asarida (11-a.) uchraydi. Muallif tazminni ikki nuqtai nazardan talqin qiladi: 1) avvalgi baytning mazmunini keyingi baytda keltirishga asoslangan san'at; 2) she'rda o'zga Shoir bayti va ushbu bayt muallifini keltirishga asoslangan san'at. Roduyoniydan keyingi forsiy manbalarda asosan ikkinchi talqinga diqqat qaratiladi. Husayn Voiz Koshifiyning "Badoyi' ul-afkor fi sanoyi' ul-ash'or" (15-a.) asarida T. san'ati ikki guruhga ajratiladi: 1) Tazmini musarrah - misra yoki bayti keltirilayotgan muallif nomi ko'rsatilgan 2) Tazmini mubham - muallif nomi keltirilmagan. Shuningdek, Koshifiy tazminning taxmis va tasdis turlari haqida ham ma'lumot keltiradi.

Nasiruddin Tusiyning "Me'yor ul-ash'or" (1251-1252) asarida tazmin san'ati Shoirning o'z fikriga dalil sifatida boshqa bir asardan barchaga ma'lum baytni keltirishi bilan bog'liqligiga e'tibor qaratiladi va tazmin sifatida keltirilayotgan bayt Shoirning boshqa asaridan olingan o'z ijod mahsuli bo'lishi ham mumkinligi ta'kidlana di.

Alisher Navoiy ijodida tazmin san'atining istifoda etilishi aynan "Me'yor ul-ash'or" muallifi keltirgan mezonlarga mos keladi. Shoirning "Xazoyin ul -maoniy"

kulliyotidagi ayrim g'azallarida boshqa g'azallardagi misralar aynan keltirilganligini kuzatish mumkin. Masalan, "G'aroyib us-sig'ar"dan 479-raqam ostida o'rin olgan va Ne tirikmen, ne o'luk, ne sog', ne bemormen,

Ayta olmonkim, firoqingdin ne yanglig' zormen

matla'si bilan boshlanadigan g'azalning birinchi misrasi "Navodir ush-shabob"dagi 471-g'azalning 5-baytiga tazmin sifatida kiritilgan:

Jon taloshurmen ne dardim bilgurur, ne sihhatim, Ne o'lukmen, ne tirik, ne sog', ne bemormen.

Shuningdek, Navoiy she'riyatida tazminning taxmis va tasdis turlari ham qo'llanilganki, biz bu haqda "Navoiy she'riyati va janrlar poetikasi" mavzuida kengroq ma'lumot berib o'tganmiz.

Tatabbu' (ar. - biror narsaning izidan borish; kuzatish) - o'zga bir Shoir she'ridan ta'sirlanib, undagi vazn, qofiya va radifni saqlagan holda asar yaratish. Nazira, o'xshatma va javobiya deb ham yuritiladi. Tatabbu' Musulmon Sharqi adabiyotida adabiy aloqa va o'zaro ta'sirning keng tarqalgan shakllaridan bo'lib, salaflar yoki zamondosh Shoirlar bilan muayyan tarzda o'zaro ijodiy musobaqaga kirishish bilan bog'liq an'ana hisoblangan. Bunda musobaqalashayotgan Shoir biror asarga javob bitar ekan, unga ijodiy yondashishi, tanlangan mavzu, vazn va qofiya doirasida yangi fikr ayta olish imkoniyatiga ega bo'lishi talab qilingan.

Tatabbu' she'riyatning istalgan janri yoki shakli asosida: farddan dostongacha yozilishi mumkin. Mumtoz she'riyatimizda, xususan Alisher Navoiy ijodida tatabbu' asosan g'azal, qasida va doston shaklida bitilgan. Navoiyning lirik tatabbu'lari "Devoni Foniy" tarkibidan o'rin olgan bo'lib, ular ulug' Shoirning o'z salaflari va ustozlariga yuksak ehtiromi mahsulidir. Devondagi g'azallarning 300 dan ortig'i aynan tatabbu' asosida yaratilgan. Navoiy tatabbu'lari Xusrav Dehlaviy, Sa'diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Salmon Sovajiy, Kamol Xo'jandiy, Hasan Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Shayxim Suhayliy, Ahmad Hojibek Vafoiy kabi ko'plab Shoirlar g'azallariga bog'langan. Devondagi eng ko'p tatabbu' Hofiz Sheroziy g'azallariga bog'langan (200 dan ortiq). Hofizning

Agar on turki Sherozi ba dast orad dili moro, Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo

(Mazmuni:

Agar o'shal Sherozning turki ko'nglimizni ovlasa, qora xoli uchun Samarqandu Buxoroni nisor aylaymiz) deb boshlanuvchi g'azaliga Navoiy quyidagicha tatabbu' bitgan:

Gar on turki Xitoy no'sh sozadjomi sahboro, Naxust oradso'i mo turktozi qatlu yag'moro.

(Mazmuni:

Agar u xitoylik turk may jomini ichsa, avval bizning ustimizga ot surib, o'ldirib, talon-toroj qiladi.

"Devoni Foniy"da qasida shaklida bitilgan tatabbu' lar ham mavjud bo'lib, ular "Sittai zaruriya" (Olti zarurat) qasidalar majmuasi tarkibiga kiradi. Majmuadagi "Tuhfat ul-afkor" (Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyga javob), "Qut ul-qulub" (Avhadiddin Anvariyga javob), "Minhoj un-najof (Avhadiddin Anvariy va Xoqoniy Shervoniyga javob), "Nasim ul-xuld" (Xoqoniy Shervoniy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyga javob) qasidalari tatabbu' asosida yaratilgan.

Alisher Navoiyning epik she'riyati ham tatabbu' asosida yaratilgan bo'lib, uning "Lison ut-tayr" dostoni Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr" dostoniga, "Xamsa" tarkibidagi dostonlar esa Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy dostonlariga tatabbu' tarzida vujudga kelgan.

Husni ta'lil (ar. - chiroyli dalillash) - biror voqeani unga bevosita daxli bo'lmagan boshqa bir hodisa bilan izohlash san'ati. Bunda Shoir o'zi tasvir etayotgan hodisaga biror go'zal sabab ko'rsatadi. Bu asoslash mantiqiy va hayotiy bo'lmasdan, aksincha xayoliy, Shoirona shaklda namoyon bo'ladi. Husni ta'lil san'atining nomi dastlab Umar Roduyoniyning "Tarjumon ul-balog'a" asarida (11-a.) uchraydi. Muallif H.ni "muayyan ob'ektni tasvirlashda biri birining sababi bo'lgan ikki sifatning namoyon bo'lishiga asoslangan san'at" sifatida tasvirlaydi. Husni ta'lil haqdagi nisbatan kengroq ma'lumot Atoulloh Husayniyning "Badoyi' us-sanoyi'" (15-a.) asarida berilgan bo'lib, muallif Taftazoniy va Qutbiddin Sheroziyning ushbu san'at haqidagi fikrlariga batafsil to'xtaladi va Taftazoniy tasnifini keltirib o'tadi. Bu tasnifga ko'ra, husni ta'lil quyidagi to'rt turdan iborat:

1) belgining mavjudligi, lekin sabab aniq ko'zga tashlanmaganligi uchun uni

xayoliy, badiiy sabab bilan izohlashga asoslangan. 1) belgining zikr etilgan sababdan boshqa yana bir - hayotiy bo'lmagan sababga

ega ekanligiga asoslangan. 1) belgining ba'zan sababga ega bo'lish, ba'zan ega bo'lmasligiga asoslangan. 1) belgining umuman sababga ega bo'lmasligiga asoslangan.

Turkiy adabiyot, jumladan, Alisher Navoiy ijodida H.ning ushbu turlari keng qo'llanilgan. Xususan, "G'aroyib us-sig'ar"dan 9-raqam ostida o'rin olgan g'azalning quyidagi baytida H.ning birinchi turi qo'llanilganligini ko'rish mumkin:

Nomai shavqum ne nav' ul oyg'ayetkay, chunki men El otin o'qur hasaddin yozmadim unvon anga.

Bunda Shoir "Shavqim maktubi u oydek go'zal yorimga qanday qilib yetib borar ekan, axir men xalq uning nomini o'qib, bilib olishidan hasad qilib, maktubimning manzilini yozmadim-ku" der ekan, hodisaga "hasad qilib" manzilni yozmaganlikni sabab sifatida ko'rsatib, baytning ta'sirchanligini oshirgan.

Husni ta'lil san'ati baytda ifodalanayotgan hayotiy voqea, hodisa yoki holatga g'ayritabiiy, ya'ni mantiqiy bo'lmagan biron sabab ko'rsatish, shu vosita orqali muayyan g'oyaviy-badiiy niyatni amalga oshirish, biron g'oya yoki fikrni ta'kidlab ko'rsatishni nazarda tutadi. Ushbu san'at qo'llangan bayt uch narsani o'zichiga oladi:

1. Ijodkor tasvirlayotgan hayotiy hodisa yoki holat, tarixiy yoki afsonaviy voqea.

2. Shu hodisa, holat, voqeaning hayotiy bo'lmagan, g'ayritabiiy, nomantiqiy sababi.

3. Hayotiy haqiqatga yoki afsonaviy voqeaga g'ayritabiiy sabab ko'rsatishdan nazarda tutilgan g'oyaviy-badiiy niyat (A.Hojiahmedov).

Alisher Navoiy ijodida quyosh, oy, yulduzlar, subh, shafaq, sham', gullar timsollarining harakati va holatini g'ayritabiiy, xayoliy asoslash orqali yor latofati ta'sirchan tarzda ifodalanganligiga guvoh bo'lamiz.

Infiolingdin quyosh kirdi qaro tufrog' aro, Qilg'aningda jilva ul ruxsori gardolud ila.

("Badoye' ul-vasat", 541-g'azal)

Oy falak xirgohida andin chekar yuzga sahob, Kim ocha olmas yuzin ul mohi xirgoh ollida.

("Favoyid ul-kibar", 569-g'azal)

XULOSA

Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy ijodidagi badiiy san'atlar har tomonlama mukammal, ozining badiiy nafosati bilan , hilma-hil ifoda usullari bilan berilgani-o'zbek tilimizning g'oyatda boyligi va

go zalligini, shuningdek nozik va teranligini yorqin hamda jonli lavhalarda ifodalashini korsatib turibdi. Bularni chuqur organish yangi Ozbekistonimizning yosh mutaxassislari uchun nihoyatda zarur deb bilaman.

REFERENCES

1. Юсупова Д. Узбек мумтоз адабиёти тарихи (Алишер Навоий даври), Академнашр, -Т.,2013.-Б. 60

2. Юсупова Д. Алишер Навоий "Хамса"сида мазмун ва ритмнинг бадиий уЙFунлиги, Mumtoz so'z, -T.,2011.^. 79

3. Х,ожиах,медов А. Шеърий санъатлар ва мумтоз кофия, Шарк, -Т., 1998. -Б.4

4. К,аюмов А. Асарлар Зжилд, Mumtoz so'z, -T., 2009.-Б.147

5. Навоий Алишер. Мукаммал асарлар туплами. 20 жилдлик. 1-2 жилдлар. Фан, -Т., 1987-1988. -Б.144

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.