Научная статья на тему 'TOMAS HARRIS PSIXOLOGIK TRILLERLARIDA QAHRAMON PROFAYLINI YARATISH AN’ANALARI'

TOMAS HARRIS PSIXOLOGIK TRILLERLARIDA QAHRAMON PROFAYLINI YARATISH AN’ANALARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
2
1
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
psixologik triller / profayling / Gannibal Lekter / psixoanalitik yondashuv / xronotop.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Samandarova Sojida Furqat Qizi

Mazkur maqolada amerikalik triller yozuvchi Tomas Harrisning “Gannibal Lekter” tetralogiyasidagi qahramonlar psixologizmi profayling va psixologik metod tamoyillari asosida tadqiq etildi. Olingan natijalarga binoan psixologik trillerning Tomas Harris ijodiga xos xususiyatlari qahramon ruhiyati bilan bog’likda namoyon bo’lishga oid xulosalar chiqarildi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TOMAS HARRIS PSIXOLOGIK TRILLERLARIDA QAHRAMON PROFAYLINI YARATISH AN’ANALARI»

TOMAS HARRIS PSIXOLOGIK TRILLERLARIDA QAHRAMON PROFAYLINI

YARATISH AN'ANALARI Samandarova Sojida Furqat qizi

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-kurs tayanch doktoranti https://doi.org/10.5281/zenodo.1109892 7

Annotatsiya. Mazkur maqolada amerikalik triller yozuvchi Tomas Harrisning "Gannibal Lekter" tetralogiyasidagi qahramonlar psixologizmi profayling va psixologik metod tamoyillari asosida tadqiq etildi. Olingan natijalarga binoan psixologik trillerning Tomas Harris ijodiga xos xususiyatlari qahramon ruhiyati bilan bog'likda namoyon bo'lishga oid xulosalar chiqarildi.

Kalit so'zlar: psixologik triller, profayling, Gannibal Lekter, psixoanalitik yondashuv, xronotop.

Abstract. In this article, the psychology of the characters in the "Hannibal Lecter" tetralogy written by a well-known American thriller writer Thomas Harris was studied based on the principles of profiling and psychological method. According to the obtained results, conclusions were made regarding the manifestation of the characteristic features of Thomas Harris's work of the psychological thriller in connection with the psyche of the hero.

Keywords: psychological thriller, profiling of characters, Hannibal Lecter, psychoanalytic approach, chronotope.

KIRISH.

1980-1990-yillar Amerika adabiyotidagi jinoiy fantastika va psixologik trillerlarda gotika uslublari ham qorishib, to'lqin jinoyatchilarga yo'naltirila boshlandi va e'tiborni detektiv jarayonlarning batafsil bayonidan jinoyatchi ongining tasviriga qaratish urfga kirdi. Misol uchun, Tomas Harrisning Gannibal Lekter haqidagi romanlarida kitobxonni o'ziga torta oluvchi qotil siymosiga "Qizil ajdarho" (1981)da chekkaroqdan tavsif berilsa, "Qo'zichoqlar sukunati" (1988) va "Gannibal" (1999) da uning asardagi roli asta kuchaya boradi, "Gannibal: yuksalish" (2006) nomli to'rtinchi romanida esa Lekterning yoshlik yillari, urushdan jabr ko'rgan, hissiy va ruhiy zarbalarga duchor bo'lgan yetim bolaning o'tkir aql egasi va beshafqat qotil bo'lib yetishishi qalamga olinadi. To XX asr so'ngi choragigacha psixologik triller va detektiv asarlarda ashaddiy jinoyatchi yoki seriyali qotil markaziy rolda gavdalantirilmagan (Patrisiya Xaysmit va Jim Tompson ijodida), ammo yangi asr boshlaridan ushbu yo'nalishda ijod etuvchi yozuvchilar qolipdan tashqariga chiqqan holda huquqbuzarlar va jinoyatchilarni asar qurilishiga faol jalb etish, ularga asarlarida alohida so'z berish orqali gotik unsurlardan keng foydalanish va natijada kitobxon e'tiborining jinoyatlarga chek qo'yish jarayonidan qonunni buzish holati tasviriga ko'chishi ko'zga tashlana boshlandi. Joel Blek qotil qahramonlar axloqiy jihatdan tanazzulga yuz tutgan jamiyatga oyna tutishlarini va uning haqiqiy qiyofasini fosh etishlarini bildirar ekan, shu yo'l bilan yozuvchi jamiyatning badiiy adabiyot tomonidan murakkab usullar orqali keskin tanqid qilinishiga erishganini ta'kidlaydi [Blek, 85].

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA.

Amerika adabiyotshunosligida psixologizm va psixologik tahlil XX asrning birinchi o'n yilligida keng quloch yoya boshladi. Ushbu davrda olib borilgan adabiy tadqiqlar orasida F.Preskottning "The Poetic Mind" ("Poetik tafakkur") (1922), A.Tridonning "Easy Lessons in Psychoanalysis" ("Psixoanaliz bo'yicha sodda darslar") (1922) hamda K.Eykenning "A Functional Basis for Poetry and Criticism" ("She'riyat va tanqidning funksional asosi") (1923) nomli ilmiy ishlarini keltirish joiz. Ingliz adabiyotshunoslarining psixoanalitik nazariyalar bilan

tanishuvi sal kechroq, 1920-yillarda bo'lib o'tgan va psixologik tahlil kategoriyalaridan foydalanish uslubiy xususiyatga ega bo'lgan tadqiqot ishlari esa 1930-yillarda paydo bo'lgan. Ular sirasiga H.Ridning "Form in Modern Poetry" ("Zamonaviy she'riyatda shakl") va "Wordsworth" ("Vordsvort") (1932), "In defense of Harriet Shelley and other essays" ("Shellining himoyasi yo'lida va boshqa esselar") (1936), F.Lukasning "Writers of the Past and Present" ("O'tgan va hozirgi zamon adiblari") (1926), "Critical Times, Critical Thoughts" ("Keskin davrlarda keskin fikrlar") (1942). D.Lourensning "Studies in Classic American Literature" ("Klassik Amerika adabiyoti tadqiqi") (1923) ishlarini kiritish mumkin. Amerika va ingliz adabiyotshunosligida psixologik tahlilning yoyilishi va taraqqiy etishida ikkala mamlakatning madaniy-tarixiy jihatdan mushtarakligi asosiy omillardan bo'lgan, biroq uslubiy jihatdan badiiy psixologizm har xil ko'rinishni olgan va shu sababli ingliz adabiy tanqidchiligi bilan Amerika adabiy tanqidchiligi orasida mutanosibliklar ko'zga tashlangan. Xususan, ingliz adabiyotshunosligida ushbu yo'nalish vakillari orasida na zamondoshlari va na o'tmishdoshlari bilan qizg'in kurashlar bo'lmagan. Vaholanki, Amerikada vaziyat boshqacha bo'lgan, ya'ni adabiyotshunos-psixoanalitiklar nafaqat adabiy bahs-munozaralarda faol qatnashishgan, balki yangi gumanistlar bilan mafkuraviy kurashga ham kirib ketishgan. Zigmund Freydning kitoblari birmuncha vaqt Amerikada rasman taqiq ostida bo'lganligi hamda Teodor Drayzer va boshqa adabiyot namoyandalarining ushbu taqiqlarning olib tashlanishi talabi bilan chiqqanliklari ham ushbu kurashni keskinlashtirib yuborgan [Melnichenko, 114].

NATIJALAR.

Ahamiyatlisi shuki, o'sha davrda va undan keyin badiiy adabiyotda ham jinoyatchining psixologik portretini ishlab chiqish mavzusini yoritishga yozuvchilar tomonidan ko'p murojaat qilinmoqda. Shu o'rinda Tomas Harrisning Gannibal Lekter turkumiga mansub to'rtta romanini bemalol ashaddiy jinoyatchilik bilan kurashishdagi islohot va yangiliklarning badiiyat orqali insoniyatga yetkazib berilishidagi eng muvaffaqiyatli qadamlar, deyish mumkin. Uill Grexem, Kleris Starling, Jek Krouford ismli huquq himoyachilari qatorida ularning dunyoda adolatni qaror toptirishdek buyuk va insoniy maslagiga qarshi boruvchi yovuz qahramon Gannibal Lekter obrazida ham ashaddiy jinoyatchining ongiga kirib, uning o'y-xayollariga yo'ldosh bo'lishi romanlarda tez-tez kuzatiladi. Odatiy tergov-qidiruv ishlari bayoniga o'zgartirish kiritilib, ko'pgina holatlarda u o'z o'rnini psixologik og'ishlar hamda jismoniy zulm orqali gotik qiziqishlarga bo'shatib beradi. Buning isbotini Harrisning "Qizil ajdarho" romanidagi boshqa bir odamning "ichiga kirish", uningdek fikrlash borasida ham katta mahoratga ega" Uill Grexem misolida ko'rish mumkin. Zero, u "istalgan odamining o'y-xayolini uqib olishi, uni tushunishga qodir [Harris, 2021; 193].

Henri Jeyms "Badiiy adabiyot uyining derazalari ko'p, lekin eshigi atigi ikkita yoki uchtadif' [Jeyms; 6], deb yozganida aynan adabiy janrlar xilma-xilligini nazarda tutgan va bu triller janri, uning tadrijiy taraqqiyotiga ham taalluqlidir. "Triller" atamasi 1880-yillardan boshlab adabiy asarlarga nisbatan qo'llanila boshlangan. Janr nomi ingliz tilidagi "thrill' so'zidan kelib chiqqan bo'lib, o'zbek tiliga "hayajonga solmoq" deya tarjima qilinadi [Nazarov va b.; 708]. Triller janridagi asar o'quvchida vahimali kutuv, hayajon va qo'rquv hislarini uyg'otish orqali uning zavqini keltiradi, syujet rivojlanishining barcha bosqichlarida hayajon namoyon bo'ladi. Ingliz tili adabiy an'alarida triller deyilganida qo'qqis ko'pirib ketuvchi hislarni, hayajon hamda vahimani yuzaga chiqaradigan asarlar tushuniladi. Jeyms Patterson o'zi tahrirdan o'tkazgan "Triller hikoyalar" nomli hikoyalar to'plamining kirish qismida ushbu janrdagi asarlar to'g'risida shunday yozadi: "Agar triller asablaringizni cherta olmasa, demak, u o'z vazifasini bajara

olmabdi. Triller asarlar shiddati va o'quvchining e 'tiborinijalb qilish kuchi bilan ham mashhur. Bu xuddi to'siqlarga to'la poygaga o'xshaydi va maqsadga qahramonlik evazigagina erishish mumkindir...Yozuvchilar ba'zan avj nuqtagacha bir maromni saqlab, so'ngra katarsis orqali kulminatsiyaga chiqarib, yakunlashadi. Boshqa hollarda esa voqealar nihoyatda tez sodir bo'ladi va hech qachon sekinlashmaydi.Triller mutolaasini tugatgan kitobxon nafaqat hissiy jihatdan qoniqish his qilishi, balki navbatdagi maroqli voqea uchun ko'proq ma'lumotga ega bo'lishlari ham zaruf [Ptaterson; 4].

MUHOKAMA.

Psixologik triller janrida yozilgan romanlarda detektiv yoki politsiya tergovlari jarayonini suratlovchi asarlardan farqli ravishda aniq bir chegara yo'q. Shu sababli triller yozuvchisi birmuncha erkinroq ijod qilishi, boshqa janrlarga xos xususiyatlardan ma'lum darajada foydalanishi, ulardan ilhomlanib, ijod qilishi tabiiy. Deyv Kerning e'tirof etishicha, triller ko'proq Amerika adabiyotiga xos janr, chunki u Yevropa san'atida kamdan-kam uchrovchi o'ziga xos spontanlik va ta'sir o'tkazish kuchi, hayotning jismoniy va ruhiy chegarasiga "teginib ko'rish", xavf-xatarlardan zavqlanish, ularning jozibali va bir vaqtning o'zida muqarrar kuchini anglab yetish xususiyatlari orqali tavsiflanadi [Dave; 44]. Psixologik trillerda esa ikkala qatlamning ham faol ishtiroki ko'zga tashlanadi: voqealar real hayotda bo'lib o'tadi va jinoyatchi-shizofrenik shaxsiyati ichidagi faqat o'zining xayolida yaratgan makon o'tmish xotiralari bilan bog'liqlikda bolalikdagi psixologik travmalar yuzaga keltirgan makonga aylanadi. Bunga misol qilib tetralogiyaning bosh qahramonlari Gannibal va Klerisning tushlarini keltirsak bo'ladi. Odatda an'anaviy romanlarda bolalik jannatsimon xronotop kontekstida ta'riflanib (uy, oila), qahramon o'zining badiiy umri davomida shu jannatga qaytishga intiladi. Vaholanki, psixologik trillerda buning aksi kuzatiladi.

Badiiy psixologizmda qahramonning ichki dunyosiga chuqur kirib borish atroflicha, keng tasvir, uning qalbidagi turli holatlarni tahlil etish, nozik hissiyot va kechinmalarga e'tibor berish kabi masalalar birlamchi o'rinda turadi. Psixologizm badiiy adabiyotda uch asosiy ko'rinishda: adabiyotning tug'ma belgisi, muallif psixikasining muayyan ifodasi, muallif tomonidan ongli tanlangan, asar yaxlitligini belgilaydigan estetik tamoyil sifatida namoyon bo'ladi. Ba'zan badiiy asarda qahramon psixologiyasi yozuvchi psixologiyasi bilan uyg'unlik kasb etadi va asarni tahlil etish bevosita yozuvchi hayoti va tarjimai holiga oid ma'lumotlarni ham bilishni talab etadi [Tulabayeva; 15]. Mazkur fikrlar natijasida badiiy asar tadqiqida pxisologik metod bilan birgalikda biografik metodning ham o'rni va ahamiyati mavjudligi haqida xulosa kelib chiqadi.

Adabiyotshunoslikdagi psixologizm bir tomondan badiiy asarlardagi qahramonlar ruhiyatini tadqiq qilsa, ikkinchi tomondan badiiy asar ijodkorining ruhiy olamiga, badiiy asarni o'qiyotgan kitobxonning ma'naviy-ruhiy dunyosiga e'tibor beradi. Shu bois psixologik tahlillar biografik metod tajribalariga ham tayanadi. Badiiy asarning ijodkor shaxsiy hayoti prizmasidan o'tib, ij od namunasiga aylanishi va unda ijodning kamalakrang fazilatlari namoyon bo'lishi shaffof prizma-yomg'ir suvidan o'tib, kamalakka aylangan quyosh nuriga o'xshaydi. Yozuvchi psixobiografiyasi qaysidir ma'noda uning badiiy asarlaridagi voqea-hodisalar bayoni, yaratgan obrazlari tizimida o'z ifodasini topadi. Bunday individuallik san'at asarining originalligini, o'ziga xos xususiyatlarini namoyon qiladi. Yozuvchi hayotidagi o'zgarishlar, besaranjomlik, bezovtalik, ruhiy-hissiy kechinmalar, to'lqinlanish va og'riqli dardlar, muallaq yoki sobit dunyoqarash fonida uning badiiy asarini talqin etish o'zining ijobiy samaralarini berishi tabiiy". Onore de Balzakning "Gorio ota" romanidagi Rastinyak va Votren siymosida Balzakning tabiati va xatti-harakatlariga mosliklar yaqqol ko'rinadi [Karim; 172-173].

XULOSA.

Mazkur maqolada romanchilikda triller janrining vujudga kelishida tarixiy shart-sharoitlar va omillarning ahamiyati, uning tagjanrlari va ularga xos asosiy xususiyatlar konseptual nuqtayi nazardan o'rganilib, tadrijiy tahlil etildi. Shu asosda psixologik trillerning o'ziga xos jihatlari, detektiv yoki gotik uslub asosida yozilgan asarlardan farq qiluvchi va ular bilan mushtarak tomonlari ularning umumiy ildizga ega ekanligi hisobga olingan holda qiyoslandi. Psixologik triller adabiy janr sifatida Amerika adabiyotida taraqqiy etishida ijtimoiy-siyosiy omillarning roli muhim bo'lganligi mamlakat huquq-tartibot organlari faoliyatida amalga oshirilgan tub islohotlar va ularning ijobiy natijalari orqali ochib berildi hamda jinoyatchilarga qarshi kurash sohasida qo'lga kiritilgan yutuqlar Tomas Harrisning ushbu janrda yozgan romanlarida aks etishi misollar yordamida asoslandi.

REFERENCES

1. Blek J. A Companion to Crime fiction. (Ed. Charles Rzepka & Lee Horsley). Wiley-Blackwell, UK. 2010. p.85.

2. Dave K. When movies mattered: reviews from a transformative decade. University of Chicago Press, 2011.p.44.

3. James H. The Portrait of a Lady. New York. Vol.1.1908. -p.6.

4. Harris T. Qizil ajdarho. Toshkent: Zukko kitobxon nashriyoti, 2021. -B.193.

5. Karim B. Ruhiyat alifbosi. -Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2016. -B.172-173.

6. Мельниченко Т. В. Психоаналитическая критика Англии и США первой половины ХХ века // Мировая литература на перекрестье культур и цивилизаций. 2012. №4. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/psihoanaliticheskaya-kritika-anglii-i-ssha-pervoy-poloviny-hh-veka

7. Nazarov S., Nazarova F., Adizova D., Poltayeva D. Inglizcha-o'zbekcha lug'at. Toshkent: Niso poligraf, 2013. -B. 708.

8. Tulabayeva R. Xudoyberdi To'xtaboyev asarlarida badiiy psixologizm. Filol. fan. fal. dok. dis. -Toshkent, 2019. -B.15.

9. Thriller: Stories to keep you up all night. Ed.Patterson J. Ontario, Canada: MIRA Books, 2006.p.4.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.