Научная статья на тему 'TIL O‘ZLASHTIRISHDA/TIL O‘RGANISHDA MAVZULARNI O‘QITISHNING METODIK JIHATLARI'

TIL O‘ZLASHTIRISHDA/TIL O‘RGANISHDA MAVZULARNI O‘QITISHNING METODIK JIHATLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
55
20
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Cet til / metodika / uslub / koreys tili / til o‘rganish / til o‘zlashtirish / metodik jihat.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Paek Kum Nan

Ushbu maqolada til o‘rganish va o‘zlashtirish jarayonida mavzularni o‘qitishning metodik jihatlari, o‘qitish usullari va bosqichlari haqida ilmiy fikr-mulohazalar bayon etilgan. Chet tilni o‘qitishda o‘zbek va xorijlik mutaxassislarning tajribalari, metodlari batafsil o‘rganib, tahlil qilingan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TIL O‘ZLASHTIRISHDA/TIL O‘RGANISHDA MAVZULARNI O‘QITISHNING METODIK JIHATLARI»

Central Asian Journal of

Education and Innovation

TIL O'ZLASHTIRISHDA/TIL O'RGANISHDA MAVZULARNI O'QITISHNING METODIK JIHATLARI

Paek Kum Nan

ToshDO'TAU magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.11179065

ARTICLE INFO

ABSTRACT

Qabul qilindi: 02-May 2024 yil Ma'qullandi: 05- May 2024 yil Nashr qilindi: 11- May 2024 yil

KEY WORDS

Cet til, metodika, uslub, koreys tili, til o'rganish, til o'zlashtirish, metodik jihat.

Ushbu maqolada til o'rganish va o'zlashtirish jarayonida mavzularni o'qitishning metodik jihatlari, o'qitish usullari va bosqichlari haqida ilmiy fikr-mulohazalar bayon etilgan. Chet tilni o'qitishda o'zbek va xorijlik mutaxassislarning tajribalari, metodlari batafsilo'rganib, tahlilqilingan.

Jahon globallashuvi jarayonlari, davlatlar, millatlar va madaniyatlararo munosabatlarning misli ko'rilmagan darajada kengayishi turli xalqlar vakillari o'rtasidagi to'laqonli muloqot masalasini dolzarb qilib qo'ydi. To'liq muloqot, birinchi navbatda, til munosabatlarini o'z ichiga oladi. Chet tilini bilish bilim darajasini oshiradi, dunyoqarashini kengaytiradi, atrofdagi dunyoni tolerantroq idrok etishga hissa qo'shadi. Mamlakatlarning o'zaro rivojlanishi, tajriba almashinishida til muhim o'rinni egallaydi. Shunday ekan, oxirgi yillar mobaynida tilni o'rganishga bo'lgan ehtiyoj kun sayin oshib bormoqda. Til ikki davlat o'rtasidagi eng muhim diplomatik aloqalarni olib borishdagi asosiy qurol hisoblanadi. Tarixdan ham ma'lumki, qo'shni yoki uzoq davlatlar o'rtasida mustahkam aloqani o'rnatish uchun elchilarga birinchi navbatda yuklatiladigan vazifa bu, albatta, o'sha davlat tilini o'rganish hamda kuchli diplomatik harakatlar orqali mustahkam aloqani o'rnatish bo'lgan.

Jahon ta'lim tizimidagi tub islohotlar talabalarning chet tillarni mukammal o'rganishlari, barcha sohalarda chet tilini bilgan holda o'zlarini namoyon eta olishlari uchun zarur shart- sharoit yaratib berish, ularning xorijiy tilda og'zaki va yozma nutqlarini rivojlantirish muammolarini ilgari surmoqda. Ta'lim oluvchilarning chet tilida fikr yuritish, erkin nutqni amalga oshira olish qobiliyatlarini rivojlantirish, intellektual faoliyatini shakllantirish, ularning tayyorgarligini baholash masalalari bilan YUNESKO, YUNISEF, Yevropa Universitetlari Assotsiyatsiyasi, Oliy Ta'lim Sifatini Ta'minlash Yevropa Tarmog'i, KOICA kabi xalqaro tashkilotlar shug'ullanmoqda. Bu masalaning umumiy tendensiyalarda rivojlanishi zamonaviylik va yosh avlodda chet tiliga oid malakalarning shakllanishida katta ahamiyat kasb etib, zamonaviy tarbiya muammolari bilan bog'liq holda talabalarning ijodiy qobiliyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Hozirgi paytda xorijiy tillarni o'rgatishga O'zbekiston Respublikasida katta ahamiyat berilmoqda. Respublikada chet tili, jumladan koreys tilining o'qitilishi, horijiy til

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION AND INNOVATION SJIF = 5.281

o'qituvchilarining bilim va ko'nikmalarini baholashning umumjahon ramkalari tavsiyanomalari (CEFR) hamda TOPIK(Test of Proficiency in Korean)ga mos ravishda yangi usul va talablari ishlab chiqilgan. Unga ko'ra umumta'lim maktablari va kasb-hunar kollejlari o'quvchilari uchun darsliklar yaratilgan. Ushbu talablarga mos ravishda o'quv xonalari stendlar va yangi axborot kommunikativ texnikalar bilan jihozlanmoqda. Koreys tilini o'rganishga bo'lgan talab ham kundan kunga oshib bormoqda. Koreys tili fani to'rt aspektga (o'qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish) bo'linib, ularning har biri bo'yicha alohida tushuncha va ko'nikmalar berilmoqda.

Til o'rganish va o'qitishda zamonaviy taxnologiyaning roli beqiyosdir. Texnologik vositalardan foydalanish koreys tilini o'rganishning har bir aspekt (o'qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish)ida qo'l keladi. Masalan, tinglab tushunish uchun, albatta kompyuter, player, CD disklarsiz bu jarayonni amalga oshirish mumkin emas. Tinglab tushunish til o'rganishning eng muhim qismlaridan biridir. Bunda o'quvchi bir paytning o'zida so'zlovchining talaffuzi, grammatik qoidalarga rioya qilganligi, so'z boyligi va uning ma'nolariga e'tibor berishi talab qilinadi. Ta'lim jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda o'quvchilar ham axborot — kommunikatsion texnologiyalarni yaxshi bilish va ulardan foydalana olishi muhim omil hisoblanadi. Koreys tilini zamonaviy texnologiyalardan foydalanib o'rgatish va o'rganish eng samador usullardan biridir. Bu jarayonda, jumladan, kompyuterlardan foydalanganda o'quvchi koreys tilidagi video roliklarni, namoyishlarni, dialoglarni kino yoki multfilmlarni ham ko'rishi ham eshitishi mumkin; - koreys tilidagi eshittirishlar va televideniyedagi dasturlarni eshitish va tomosha qilish mumkin. Ancha an'anaviy usul hisoblanadigan audio eshittirishlardan foydalanish o'quvchilarning koreys tilini o'rganishlari jarayonini qiziarliroq va samaraliroq bo'lishini ta'minlaydi.

Chet tilni o'rgatishda mavzularni o'qitish metodikasi fan sifatida 200 yildan ortiq tarixga ega. Bu davr ichida chet til o'qitish metodikasiga turlicha munosabatlar bildirilganini kuzatish mumkin. Bunday qarashlardan biri akademik L.V.Shcherbaga mansub hisoblanadi. Uning fikricha, har qanday fanni o'qitish metodikasi fan bo'lishiga qaramasdan, nazariy fan hisoblanmaydi. U amaliy masalalarni hal qiladi. Jumladan, chet til o'qitish metodikasi ham faqat psixologiya dalillariga tayanmaydi, balki umumiy va xususiy tilshunoslik tadqiqotlariga asoslanadi1. Agar tilshunoslik til hodisalarining kelib chiqishi va harakatlanish qonuniyatlari bilan shug'ullansa, metodika bu qonuniyatlarga asoslanib zarur til hodisasidan amalda foydalanish uchun nima qilish kerak degan savolga javob beradi. Metodikaga oid kitoblarning eng qimmatlilari ham tilshunoslar tomonidan yozilgan. Bular jumladan XIX asr fonetistlaridan biri va buyuk ingliz tilshunosi G.Suit2, XIX asr oxiri va XX asr boshida Angliyada eng original fonetist va nazariyotchi tilshunos hisoblangan O.Yesperson, XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida eng ko'zga ko'ringan fransuz lingvistlaridan F.Bryuns va Brealya, ko'zga ko'ringan anglist va taniqli fonetist V.Fiyotor va boshqalar kiradi. Rossiyada til o'qitish metodikasi masalasi bilan akademik L.V.Shcherba va uning ustozi buyuk tilshunos olim I.A.Boduen-de-Kurtone va ularning shogirdlari shug'ullanganlar. O'zbekistonda esa chet tilini o'qitish metodikasi bo'yicha O'.Hoshimov va I.Yoqubov va J.J. Jalolovlarning xizmatlari beqiyosdir. J. Jalolov va bir qator o'zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan «Chet til o'qitishning qiyosiy

1 Щерба Лев Владимирович // Большая советская энциклопедия : [в 30 т.] / гл. ред. А. М. Прохоров. — 3-е изд. — М. Советская энциклопедия, 1969—1978

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION AND INNOVATION SJIF = 5.281

metodikasi» nomli asarda pedagogika fanlari tarkibidan o'rin olgan chet til o'qitishning umumiy metodikasi masalalariga atroflicha to'xtalib o'tilgan3.

Chet tilini o'rgatishda mavzularni o'qitish metodikasiga psixologlar o'zgacha munosabatda bo'ldilar. Metodika va psixologiya fanlarning o'zaro munosabatlari haqida professor V.A.Artemov4 qimmatli fikr bildirgan. Uning fikricha, psixologiya metodika uchun material beradi. Metodika o'qituvchining qanday dars o'tishini o'rganadi. Psixologiya esa, o'quvchilarning bu predmetni qanday o'zlashtirib olayotganliklari bilan shug'ullanadi. Lekin, bu fikrga to'la qo'shilib bo'lmaydi. Chunki o'qituvchi dars berish jarayonida, o'quvchi esa o'zlashtirish davrida ma'lum ruhiy jarayon va holatlarni boshdan kechiradilar, ular xohlaydilarmi, yo'qmi psixologiyaning qonunlariga ro'baro bo'ladilar va ta'sirlanadilar. Metodika tarixiga oid adabiyotlarni chuqurroq o'rganish shuni ko'rsatadiki, ayrim tadqiqotchilar metodikani san'at deydilar. Ular odatda fransuz metodisti Penlash fikriga ishora qiladilar, ya'ni «yaxshi» yoki «yomon» metod yo'q ya'ni «yaxshi» yoki «yomon» o'qituvchilar bor. Bunday fikrdagi kishilarga nemis metodisti E.Ottoning 1924-yilda bayon qilingan fikrlari bilan javob berish mumkin. U jumladan shunday deydi: «Agar kimki metodikani san'at deb hisoblar ekan, u fan nazariyasini uning amalda qo'llanishi bilan qorishtirib yuboradi». Har bir fanda o'z tushunchalar yig'indisi mavjud

Metodika tushunchasini o'rganishdan avval uning negizini tahlil qilib ko'rsak. Metod o'zi nima?

Metod bu biror maqsadni amalga oshirish uchun foydalaniladigan yo'l, usuldir. Aslida kundalik hayotimizda har sohada, har soniyada undan foydalanamiz. Misol uchun, dushanba kuni ertalab ishga borishimiz kerak. Ishga borish bizning bosh maqsadimiz. Yo'lga chiqishdan avval ishga qanday qilib yetib olishimiz haqida o'ylaymiz. Avtobusda boramizmi yoki taksi chaqiramizmi, balki piyoda borganimiz ma'quldir?! Demak birgina maqsadimiz yo'lida uchta usulni qo'llashimiz mumkin bo'ladi.

Asosiy maqsadning kichik qismlari ham borki, yuqoridagi misolda ko'rishimiz mumkin. Ishga tezroq borishimiz zarurmi, yo'l haqi qimmatga tushmasligi kerakmi yoki bosib o'tilajak yo'l salomatligimiz uchun foydali bo'lsinmi? Demak, maqsadga ko'ra eng kerakli va to'g'ri usulni tanlashimiz lozim bo'ladi.

«Metodika» so'zi yunoncha bo'lib, «biror ishni maqsadga muvofiq bajarish usullari majmuyi» ma'nosini bildiradi. Pedagogik muloqotda tez-tez uchrab turadigan «metodika» terminining uchta ma'nosi bor. Birinchisi, o'quv predmetini bildiradi, ikkinchisi, ta'limning metodik usullari yig'indisini va uchinchisi, ta'lim nazariyasi va maxsus fanni ifodalaydi. Quyida biz metodika so'zining uchinchi terminologik ma'nosi haqida fikr yuritamiz. Chet til o'qitish metodikasi, professor Mixail Vasilyevich Lyaxovitskiy ta'riflashicha, ta'limning maqsadlari, mazmuni, vositalari, shuningdek, chet til yordamida ta'lim-tarbiya berish usullarini tadqiq etuvchi fandir. Metodika fani, asosan, quyidagi uch yirik mavzuni o'rgatadi:

• chet til o'rgatishning nazariy muammolari,

• nutq faoliyati turlarini o'rgatish

• chet til o'rgatishning tashkiliy masalalari.

3 Jalolov J. Chet tili o'qitish metodikasi. - T. 1996, 18b

4 Артемов В.А. Эксперимент в психологии и методике обучения иностранным языкам // Вопросы психологии и методики обучения иностранным языкам. М., 1947. Т. 1 - С. 201-215.

Boshqacha qilib aytganda, metodika chet til o'rgatish ilmi bo'lib, chet tilni o'quv predmeti sifatida belgilaydi, o'qituvchi va o'quvchi faoliyatini o'rganadi va boshqa fanlar yutuqlarini o'zlashtirish va o'z qonuniyatlarini ishlab chiqish yo'llarini tadqiq etadi. Zamonaviy metodik qo'llanmalarda ushbu fanning o'rganish predmeti qilib chet til vositasida o'quvchilarga ta'lim tarbiya berish belgilanadi. Chet tillari turli o'quv yurtlarida yoki muayyan tilni masalan, universitetda koreys tilini o'rgatish metodika nazariyasida farqlab qo'yilgan.

Metodikadagi asosiy tushunchalar. Har bir fanda o'z tushunchalar yig'indisi mavjud. Chet til o'qitish metodikasida qabul qilingan asosiy tushunchalar qatoriga quyidagilarni kiritish murnkin:

- ta'lim sistemasi,

- ta'lim metodi,

- ta'lim prinsipi,

- ta'lim vositasi,

- metodik usul.

Pedagogika voqeligi hodisalarini sistemali-strukturali yo'nalishda o'rganish munosabati bilan «ta'lim sistemasi» termini keng tarqaldi. Ushbu metodik kategoriyaning ma'nosiga muvofiq ta'lim jarayoni sistema deb qaralmoqda. Muayyan zamon va makon doirasida amalga oshiriladigan chet til o'quv jarayoni ochiq (aniq chegara qo'yilmagan) sistema hisoblanadi va nashr etilgan chet til «o'quv-metodik kompleksi»da o'z ifodasini topadi. Ta'lim sistemasi ko'zlanadigan maqsad, shakllanadigan mazmun va qo'llanadigan metod singari kategoriyalardan iborat. Chet til o'qitish metodi deyilganda, chet til o'rgatishning amaliy, umumta'limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlariga erishuvni ta'minlovchi ustoz va shogird faoliyatining majmuyi tushuniladi. Metod termini «ta'lim usullari yig'indisi» va «ta'limning yo'nalishi» ma'nolarida qo'llanadi. Birinchisi ta'lim nazariyasida ishlatilsa (masalan, og'zaki nutq o'rgatish metodlari, talaffiaz o'rgatish metodlari), ikkinchi ma'noda uni o'qitish metodikasi tarixiga oid asarlarda uchratamiz. Masalan:

- chet til o'qitishning taijima metodi,

- to'g'ri metod,

- ongli-qiyosiy metod,

- an'anaviy metod,

- intensiv metod,

- audiovizual metod va h.k.

Professor Yefim Izrailevich Passov fikricha, metod o'quv jarayonida qo'yilgan maqsad sari yo'naltirilgan va nutq faoliyati turlari bilan bog'liq prinsiplar sistemasidir. Demak, prinsiplar metodni shakllantiradi. Bu yerda keng ma'nodagi metodik yo'nalish haqida so'z boryapti. O'quvchilarni tarbiyalash va ularga ta'lim berishda asos bo'ladigan metodik qonun-qoida prinsip termini bilan yuritiladi. Prinsip tushunchasi bevosita o'quv jarayonini aks ettiruvchi metodik hodisani ifodalaydi, metod esa prinsiplar yig'indisining mavhumlashtirilgan umumlashmasidir. Masalan, og'zaki nutqning ilgarilashi prinsipi, til tajribasini hisobga olish prinsipi kabilar. Prinsiplar uch guruhni tashkil etadi: psixologik, didaktik va sof metodik prinsiplar. Ta'lim vositasi termini metodikada ikki ma'noni ifodalaydi.

Birinchi ma'nosi «ta'limning moddiy vositasi». Bunga darslik, o'qituvchi kitobi, texnika vositalari kabilarni kiritish mumkin. Ikkinchi ma'nosi esa nutq faoliyati turiga taalluqlidir. Masalan, yozuv chet til o'rgatish vositasidir. Metodik usul yanada kichik tushuncha bo'lib, «yangi so'zning m a'nosini ochish usullari», «til materialini o'rgatish usullari» singari birikmalarda uchraydi.

Fanlarda umumiy tilshunoslik va xususiy tilshunoslik, umumiy psixologiya va xususiy psixologiya singari umumiy va xususiy chegaralanish kuzatiladi. Chet til o'quv predmetini o'rgatish nazariy masalalari muhokama etilganda esa umumiy metodika tushuniladi. Til materialini tanlash, taqsimlash, tasnif va bayon etish muammolari umumiy metodikanmg vazifasiga kiradi. U yoki bu chet tilni aniq pedagogik sharoitda o'qitishga doir ilmiy ma'lumotlar xususiy metodikadan izlanadi. Masalan, o'zbek maktablarida koreys tili o'qitish metodikasi yoki rus maktablarida arab tili o'qitish metodikasi. Umumiy va xususiy metodikaning tarixi, nazariyasi va amaliy muammolariga tegishli fikr-mulohazalar metodika nazariyasi kursini tashkil etadi.

Oliy o'quv muassasasida o'zbek va koreys tillarini o'qitishda mavzularni tushuntirishga qo'yiladigan dasturiy talablardan biri mazkur o'quv fanlari orasidagi aloqadorlikni ta'minlashga imkoniyat yaratishdir. Ta'limda o'quv fanlarining imkoniyatlarini birlashtirish ko'zlangan maqsadga erishishning asosiy yo'li sanaladi. Sharoit tushunchasi qamroviga o'quv muassasasi turi (maktab), o'quvchining psixologik (yosh) xususiyati, til tajribasi, o'quv predmetiga ajratiladigan vaqt (dars soatlari) kiradi. Mazkur tushuncha J.Jalolov, G'.Rahimov, M.Djusupov va boshqalarning tillar ta'limshunosligi sohasidagi tadqiqotlarida ilmiy asoslangan. Ta'lim sharoitining birinchi tarkibiy qismi - o'quvchilarning yosh xususiyatlari va umumiy saviyasi tushunchasidir. Ta'lim sharoitining ikkinchi tarkibiy qismi - «til tajribasi» tushunchasidir. Ta'lim sharoitining navbatdagi tarkibiy qismi - koreys tiliga ajratilgan «vaqt» (soatlar) tushunchasini o'z ichiga oladi. Boshqacha aytganda, «Qaerda?» savoliga a) koreys tili nutqiy muhiti bor yoki yo'q yerda o'rgatish; b) oliy ta'lim muassasasining mutaxassis va nomutaxassis guruhlarida o'qitish tadqiqot ob'yekti sifatida tanlanadi. Kimlarga?» deganda universitet talabalariga koreys tili o'rgatish;

Ta'lim sharoiti tushunchasi koreys tili ta'limida samaradorlikni ta'minlashda tabiiy sharoit, koreys tili sohibi bilan kamida 1000 soat muloqotda bo'lish, o'qituvchining pedagogik mahorati, o'quvchining yoshga oid fiziologik, psixologik va bilish faolligi xususiyatlari, o'quv predmetiga ajratilgan vaqt hamda o'quvchilarning o'quv predmetiga nisbatan munosabati va o'rganish layoqati kabi omillarni o'z ichiga oladi. Ushbu omillar haqida kengroq tasavvur hosil qilish maqsadida koreys tilining tabiiy sharoitda o'zlashtirilishi va sun'iy sharoitda o'rganilishini qiyoslab ko'ramiz: Abror - 18 yoshli toshkentlik bola. U Koreya ta'lim markazida koreys tilini ikkinchi til sifatida o'rganadi. Markazdan tashqarida u koreys tilidagi videoroliklarni ko'radi, shuningdek turli nutq vaziyatlarida koreys tilida sodir bo'layotgan kommunikatsiya va interaksiyaning jonli guvohi bo'ladi. Uyda esa u talabalar uchun koreys tilidagi subtitrli ko'rsatuvlarni ijtimoiy tarmoqlarda tomosha qiladi. U o'qituvchisi va tengdoshlari bilan o'ziga tanish mavzularda koreys tilida muloqot qila oladi. Ernest - 16 yoshda, millati koreys, Farg'onada istiqomat qilayotgan mahalliy koreys oilasida tug'ilgan. Farg'ona shahridagi Koreya ta'lim markazining 4-bosqich tinglovchisi. Makkazdan tashqarida u Janubiy Koreyalik insonlar suhbatini tinglaydi. Uyida ota-onasi bilan rus va ba'zan koreys tillarida gaplashadi, badiiy hamda multiplikatsion filmlarni koreys tilidagi subtitr yordamida

muntazam ko'rib boradi. Rasulbek -20 yoshda, O'zDJTU 3-bosqich talabasi. U universitetdan tashqarida koreys tilidagi biror ko'rsatkich, yo'l belgisi yoki reklamani juda kam ko'radi, koreys tilida suhbatlashayotgan insonlarni deyarli uchratmaydi. U koreys tilini ustozidan rag'bat olish va ota-onasini xursand qilish uchun o'rganadi. U cheklangan miqdordagi leksik birliklar ishtirokida o'ziga tanish mavzularda juda sodda gaplar tuza oladi. Xulosa chiqaradigan bo'lsak, birinchi va ikkinchi sharoitlarda chet tilni muloqot vositasi sifatida o'zlashtirish uchun tabiiy muhit mavjud. Chunki birinchidan, vaqt cheklanmagan, ikkinchidan, jonli nutq vaziyatlarida axborotning to'g'ri talqin etilishini ta'minlovchi omillar mavjud, uchinchidan, o'rganilayotgan chet tilda muloqot qilinayotgan turli ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolish kuchli ehtiyoj va yuqori motivatsiyaga sabab bo'ladi, to'rtinchidan, o'rganilayotgan chet tilda e'tibor shaklga emas, mazmunga qaratiladi, koreys tili jonli muloqotda tajribada sinab ko'rib, mustaqil fahmlab o'rganiladi. Eng asosiysi, fikr ifodalashga shaxsiy tashabbus ko'rsatiladi. Shu sababdan, tabiiy ta'lim sharoitida koreys tili o'zlashtiriladi. Uchinchi, sun'iy muhitdagi ta'lim sharoitda esa koreys tili o'rganiladi. Ya'ni ta'lim jarayonida koreys tili o'qitish metodikasida til o'zlashtirish va til o'rganish atamalari farqlanadi. «Koreys tilini o'rgatish» metodik termini ushbu tilda gapirish, tinglab tushunish, o'qish va yozuv ko'nikma va malakalarining egallanishi ma'nosini ifodalaydi. Chunki, birinchidan, koreys tili o'quv predmeti bo'lib, unga haftasiga to'rt soat vaqt ajratiladi, ikkinchidan, o'rganilayotgan chet tilda muloqot qilishga sabab ham, ehtiyoj ham yo'q, uchinchidan, mazmunga emas, shaklga ustuvor ahamiyat qaratiladi va koreys tili bo'yicha belgilangan (B2) darajaning ta'lim mazmunidan kelib chiqib, til materiali chegaralangan miqdorda maxsus metodik tayyorlanadi. To'rtinchidan, o'quvchi dastur va o'quv rejada belgilangan nutq mavzulari doirasida chet tilda gapirishga majbur bo'ladi. Ta'lim sharoiti tushunchalardan kelib chiqib zamonaviy metodikada koreys tilini tabiiy muhitda o'zlashtirish va uni universitet sharoitida o'rganilishining ob'yektiv qonuniyatlarini ilmiy jihatdan asoslovchi nazariyalar ishlab chiqilgan. Ushbu nazariyalar quyidagi jadvalda qiyoslanadi (1-jadvalga qarang):

Koreys tilini o'zlashtirish va o'rganish nazariyalari

Nazariyalar Mutanosiblik Tillararo

Qiyoslash mezoni Koreys tili o'zlashtirish, Ingliz tili o'rganish

Mavqeyi Qardosh xalq tili, Chet til

qo'shni davlat tili,

ikkinchi til,

SHaxsning Ta'lim maqsadi va

Maqomi ijtimoiylashuvi, tabiiy vositasi, o'qitish vositasi,

nutq vaziyatlarida ta'lim jarayonida muloqot

muloqot va ayrim o'quv vositasi

predmetlarini o'rganish

vositasi

Motivatsiya Ichki motivatsiya Tashqi motivatsiya

Tashabbus

Kompetensiyalar

Jonli nutq vaziyatlarida to'satdan paydo bo'lgan fikrni ifodalashga shaxsiy tashabbus ko'rsatiladi

Pragmatik kompetensiya sezilarli darajada yuqori o'zlashtiriladi

Rejalashtirilgan maxsus ssenariy asosida fikr ifodalash usullari o'qituvchi undovi bilan mashq qilinadi

Kompetensiyalar teng o'rganiladi

- mutanosiblik nazariyasi - ona tili va koreys tilini o'zlashtirish jarayonlari aynan o'xshash;

- tillararo nazariya - ta'lim sharoitining xos xususiyatlari koreys tilini muvaffaqiyatli o'rganilishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikki nazariya ham didaktikaning onglilik tamoyili (nutq mazmunini tushunish va nutqning tarkibiy qismidagi til birliklarini anglab yetish)ga asoslanadi hamda koreys tilini egallash jarayoni kognitiv va kreativ faoliyat sifatida talqin etiladi. Koreys tili ta'limining samaradorligini ta'minlashda o'quvchilarning til o'rganishga layoqati va ishtiyoqi muhim omil sanaladigan ushbu nazariyalarni muxtasar sharhlashga o'tamiz.

Mutanosiblik nazariyasi (ing., - identic, rus - identichniy, tojdestvenniy, o'zb., - aynan o'xshash, bir xil, birday) tarafdorlarining fikricha, ona tili va ikkinchi tilni o'zlashtirish jarayonlari bir xildir. Ushbu nazariyaga binoan tillararo interferensiya chetlab o'tiladi va nutq namunalari qism (fonema, grafema, morfema va so'z)larga ajratilmasdan yaxlit o'rgatiladi.

Koreys tili o'qitishga bunday yondashuv koreys tilidan foydalanishga kuchli ehtiyoj mavjud bo'lgan muhitda yuqori samara beradi. Chunki koreys tili elementlarini (tarkibiy qismlarini) o'zlashtirish jarayoni ona tilini o'zlashtirish jarayoni bilan aynan o'xshash (parallel), ya'ni avval nutqiy kompetensiyalar, keyin lisoniy kompetensiyalar yoki avval tinglab tushunish, gapirish, o'qish va yozuv, keyin fonetika, leksika, grammatikani o'zlashtirish izchilligida sodir bo'ladi.

Tabiiy muhit mavjud bo'lgan xorijiy mamlakatlarda koreys tili alohida predmet sifatida emas, balki boshlang'ich ta'limda o'qitiladigan boshqa predmetlar bilan integratsiyalashtirilgan holda o'qitiladi, koreys tilidagi autentik nutqni tinglab tushunish va o'quvchilarning o'zaro yoki o'qituvchi bilan og'zaki muloqotiga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Predmetlararo bog'lanish hozirda didaktika va o'qitish metodikasida bilimlar mazmuni bilan ilmiy bilish metodlarining mutanosibligiga asoslangan yaxlit sistema sifatida tushuniladi (M.N. Skatkin, I.D. Zverev, I.Ya. Lerner va b.). Predmetlararo bog'lanishga sistemali yondashish, uning tarkibi, tuzilishi hamda vazifalarini, uning boshqa tizim ob'yektlari (o'quv jarayoni, o'quv-tarbiyaviy faoliyat va h.k.) bilan munosabatini birgalikda ochib berishni taqozo etmoqda.

Tillararo nazariyaga muvofiq koreys tili o'rganish jarayoniga ta'sir etuvchi barcha omillar hisobga olinishi lozim. Bu omillar koreys tili o'rganuvchining yoshga oid (psixologik va bilish faolligi) xususiyatlari, ta'lim mazmuni va maqsadi hamda ularga muvofiq ishlab chiqilgan

ta'lim vositalaridan iboratdir. Mazkur nazariyaga muvofiq koreys tili o'rganish jarayonida o'quvchi til tajribasiga tayanib koreys tilidagi kommunikatsiyaning yangi lisoniy tizimi «aralash/tillararo kod»ni shakllantiradi. Ya'ni ona tili tajribasi ikkinchi tilni o'rganishda, so'ngra ularning ikkovi koreys tilini egallashda (tillararo transpozitsiya va interferensiya) ijobiy va salbiy ta'sir ko'rsatadi. Shu sababdan, darslik va dasturlar tuzishda tillararo interferensiya va o'quvchining til tajribasi hisobga olinadi, ta'lim berishga mo'ljallangan qoidalar (oddiy nazariy bilimlar) amaliy ko'nikma va malakalarning egallanishini tezlatish va soddalashtirish maqsadlariga bo'ysundiriladi. Ya'ni ayrim zaruriy qoidalar yoki nazariyalarning elementlari koreys tili o'rganish jarayonini tezlashtirish va osonlashtirish maqsadida bayon etiladi. Lekin N.Galskova va Z.Nikitenkolar o'quvchilar uchun darsliklar yaratilishida tillararo interferensiyaga ko'p e'tibor qaratilishi natijasida o'quvchilarning yosh xususiyatlari (ularning motivatsiyasi va ijtimoy-madaniy tajribalari) inobatga olinmayotganligini ta'kidlashmoqda. Chunki ushbu nazariya asosidagi ta'limshunoslikda chet tilni bilish deganda, xatolardan xoli bo'lmasa-da, shu tilda gapirish/gaplashish, o'qish, tinglab tushunish va yoza olish layoqatiga ega bo'lish tushuniladi. Xatolarning yo'qligi til va nutq materiali yod olinganligini anglatadi. Bu esa koreys tili kommunikatsiya va interaksiya vositasi darajasida o'zlashtirildi, degan xulosaga olib kelmaydi. Aksincha, xatolar o'quvchining nutqiy faoliyat yuritish maqsadida ijod qilayotganligidan dalolat beradi

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Артемов В.А. Эксперимент в психологии и методике обучения иностранным языкам // Вопросы психологии и методики обучения иностранным языкам. М., 1947. Т. 1 - С. 201-215.

2. Щерба Лев Владимирович // Большая советская энциклопедия : [в 30 т.] / гл. ред. А. М. Прохоров. — 3-е изд. — М. : Советская энциклопедия, 1969—1978

3. Jalolov J. Chet tili o'qitish metodikasi. - T. 1996.

4. Sweet Henri, A primer of phonetics Hardcover - January 1, 1906

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.