TARIXIY ASARLARDA AYOLLAR OBRAZI TALQINI
Hasanova Hulkaroy Raximova
145-son umumiy o'rta ta'lim maktabi O'zbek tili fani o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.7437588
Annotatsiya: Mazkur maqolada badiiy tarixiy asarlarda ayollar obrazining talqin xususiyatlari haqida fikr-mulohazalar yurutilgan. Shuningdek, ushbu tahlilni Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romani namunasida tavsiflangan.
Kalit so'zlar: Badiiy adabiyot, ayollar obrazi, talqin xususiyati, O'tkan kunlar, ilmiy tahlil, psixologiya.
Tarixiy badiiy adabiyotshunoslikda asar tahliliga doir muammolarni psixoanalistik jihatdan o'rganish va uni anglash zarurati ijtimoiy sohalarda jiddiy masalalarni kun tartibiga qo'ymoqda. Ayniqsa, filologiya sohasida g'oyaviy pishiq, mazmunan mukammal, sifat jihatidan o'ta yangi ilmiy izlanishlar olib borish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayol psixologiyasini tahliliy o'rganish insonning ma'naviy olami, dunyoqarashi, tafakkur tarziga xos qonuniyatlarni kashf etishda muhim. Adabiy jarayon doim ishtimoiy muhit, adabiy-ma'naviy, madaniy hayot bilan chambarchas bog'liq holda shakllanadi. Zero, bashariyatning ongu tafakkuri, ruhiyatidagi yangilanishlar, asosan, adabiyot va san'atda o'z aksini topadi. Bunda adabiyotshunoslik fani ham o'z obyektiga yangi nigoh bilan qarash, ayol ruhiyatiga oid muammolarni chuqurroq anglash yo'lidan bordi. Badiiy adabiyotda ayolning ruhiy dramalarini to'laqonli aks ettirishda jahon nasrining ilg'or ijodiy tendensiyalariga xos jihatlar namoyon bo'lmoqda. Adabiy jarayonda ayolning ijtimoiy hayotda tutgan o'rni, uning sohir tuyg'ulari, murakkab ruhiy olamini tasvirlashda falsafiy-psixologik, ramziy-majoziy obrazlilik ustunlik qilmoqda. Bunda eng muhim vazifa muayyan xilqat ruhiyati, tasvir va ifodaning yangicha talqini bilan bog'liq.
Yozuvchi o'z asariga qahramonlar, personajlar va hayotiy unsurlar tanlar ekan, uning bu ishi doimo ma'lum maqsadga yo'naltirilgan bo'ladi. Shu sababli adib har bir obrazga ma'lum ma'no yuklaydi va uni individual sifatlar bilan tasvirlaydi, ana shu ma'no, maqsadga xos so'zlatadi, harakat qildirtiradi. Bunda har bir leksik - stilistik unsur juda muhim rol o'ynaydi.
Buni biz XX asr o'zbek adabiyotining buyuk darg'alaridan biri bo'lgan Abdulla Qodiriyning «O'tgan kunlar» romani misolida ko'rishimiz mumkin. Ushbu asar bamisoli ulkan va tiniq kuzgu, unda o'zbek millatining muayyan tarixiy sharoiti, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-ma'naviy dunyosi, bo'y-basti, qiyofasi keng ko'lamda aniq-ravshan tasvirlanadi. Shu bilan birga asarda ko'rsatilgan ayollar ya'ni
Kumush, Zaynab Xushruy va O'zbekoyim, Oftoboyim obrazlari o'ta ta'sirchan bayon etilgan. Bu xotin-qizlar bir ijtimoiy muhit va bir jinsga mansubligiga qaramasdan bir-biridan o'ta farqli, yorqin obrazlardir. Masalan Kumush, Oftoboyim ijobiy obrazda, Zaynab va Xushruh salbiy obrazda tasvirlanmoqda. Yozuvchi o'zgacha muhabbat va samimiyat bilan go'zal, Otabekka bo'lgan sof va butun vujudini qamrab oluvchi sevgi ila hayot sinovlarini yengib o'tuvchi Kumush obrazini yaratadi. Kumush -Orzubob obraz. Uning xatti harakati tasviriga kelsak Abdulla Qodiriy uni faqat erkalab chizgilar keltiradi. Uning portreti, har bir xatti-harakatida muallif mislsiz inju latofat kuzatadi. Bizning fikrimizcha, o'zbek adabiyotidagi biror ayol qahramoni ijodkor tomonidan bunday erkalatilgan emas.
Muallif Kumush obraziga jiddiy yondoshgani kabi, O'zbek oyim obraziga nisbatan komik talqin usulini qo'llaydi. "O'zbek oyim uncha-muncha to'y azalarga" "kovshim ko'chada qolgan emas", deb bormas edi. Yani muallifning "O'zbek oyim uncha-muncha to'y azalarga bormas edi" degan axboroti-gapiga qaxramon tilidan "kovshim ko'chada qolgan emas" iborasining qo'shilishi natijasida obraz tabiatidagi oqsuyaklik sifati yaqqol ko'ringan. Obraz tabiatidagi komik qirra ham aynan shu -"kovshim ko'chada qolgan emas" iborasi bilan bog'liq. Agar o'zbek oyim fikrini "ular mening tengim emas" shaklida ifoda etganida u bilan o'quvchi o'rtasida dramatik vaziyat yuzaga kelar edi. Fikrning ayni ibora vositasida ifoda etilishi esa o'quvchiga O'zbek oyimga nisbatan nafrat emas, komik tuyg'u uyg'otadi. Aslida O'zbek oyim esa qotib qolgan xarakter emas. Voqealar jarayonida, muhit ta'sirida mana shu o'jar ayol ongida, tabiatida o'zgarishlar sodir bo'ladi; chunonchi, bir vaqtlar orqavarotdan «andi» sanalib yurgan Marg'ilonlik keliniga ilk bor duch kelganda mehri jo'shib, uni mahkam bag'riga bosadi, yuzidan o'pib, negadir yig'laydi, endi Zaynab qolib Kumush tomonga o'tib ketadi.
Shuningdek, Zaynabning ayollik sha'ni, nafsoniyati tahqirlanganligi, javobsiz sevgi alamida o'rtanib, sevmagan odam Otabek quchog'iga o'zini tashlab «jonsiz haykalni» o'pib quchoqlab yolvorishlari manzarasini ko'rganda Zaynabning shu qadar yurak dardi borligini bilib o'quvchi unga behad achinadi. Lekin asar yakunida Kumushni zahar berib, o'limiga sababchi bolganini ko'rib Zaynabga bo'lgan achinish hissi so'nadi.
Kumushning Toshkentda qolgani Zaynabga nechog'lik og'ir ekanligini bilish qiyin yemas. Kumush kelgan kundanoq Otabekdagi jonlanish, Yusufbek hojining Marg'ilonda shunday kelinim bor ekan, bilmay yurgan yekanmiz degan so'zlari, Zaynabga qanchalik og'ir yekanligini tasavvur qilish kerak. O'zbek oyimning Zaynabga bo'lgan munosabati o'zgaradi. Zaynab o'tirsa o'poq, tursa so'poq, undan faqat xato va kamchilliklar axtaradi. Hammaning tilida Kumush. Kumush va Zaynabning o'zaro urushlari Otabekni ham qiyin ahvolga solib qo'yadi. Yusufbek hoji Zaynab bilan Kumushni xonasiga kirgizib pand-nasihat qiladi, ikkisini
yarashtirib qo'yadi. Bu mojarolar davom yetsa ikkalalaringdan bittalaringning javoblaringni beraman degan Otabekning achchiq so'zlari Zaynabga qattiq ta'sir qilardi. Chunki Zaynab bilardi, Otabek Kumushni qanchalik sevishini. Otabekning bu gaplari Zaynabga aytilayotgandek tuyilar edi.
Kundoshlik muhitida bo'sh-bayov, mut'e Zaynab sekin-asta «haqi» ni tanib, qasoskorga aylana boradi. Biroq u hali qotil darajasiga borgan emas. Ehtimol, egachisi Xushro'y uning ko'zini ochmaganida, o'ziga «o'zligini anglatmaganida» bir umr kuydi-chiqdilar ichida Kumush bilan murosa qilib o'tavergan bo'larmidi. Demak, Zaynab ko'ngliga g'ulg'ula solgan Xushro'y ham muayyan darajada Kumush halokatiga sababchi. Biroq yozuvchi bu ayolni ham oshkora qoralamaydi.
Odamni titratib yuboradigan yana bir yorqin milliy lavha: Kumush zaharlanib o'lim to'shagida yotibdi. Qaynotasi Yusufbek hoji Kumushning boshiga kelib o'tirdi. Kelinning ko'zi yumiq, sochlari yuzi ustida parishon. Hoji kelinning sochlarini tuzatib, manglayiga qo'lini bosdi, «Oyim... oyim» deb murojaat yetadi. Bunaqa tig'iz holatda yoshi ulug' odam, qaynotaning kelin yoniga kelib parishon sochlarini tuzatishi, manglayiga qo'lini qo'yib hol-ahvol so'rashi tabiiy bir hol. Shunga qaramay Kumush ko'zini ochib besaranjom unga nazar tashlaydi va tanib... qo'zg'olmoqchi buldi. Qarangki, behush yotgan kelin bir dam o'ziga kelib qaynotasini tanib, uning oldida hijolat chekib, o'sha nochor holatda ham odob bilan qo'zg'olmoqchi, o'rnidan turmoqchi bo'ldi.
Kumushning ahvoli borgan sari og'irlashdi va kuchli qonli qaytlardan keyin bu dunyoni tark yetdi. Zaynab nima bo'ldi degan savollar tug'iladi. U Kumushning hayotiga nuqta qo'yibgina qolmay, balki o'zining baxtli hamda baxtsiz kuniga nuqta qo'ydi. U telbaga aylanib, men Kumushman deya qabristonlarda kezib yurardi.
«O'tgan kunlar» romanidagi voqealarga xulosa qilib aytganda romanni o'qigan har bir o'quvchi undagi Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, Qutidor, Oftob oyim kabi ijobiy obrazlardan bahra oladi. Zaynab, Xushro'y, Homid kabi baxil, qora niyatli salbiy obrazlarning taqdiri hamisha shu ahvolga tushushini asar davomida biladi. «O'tgan kunlar» romanini o'qiganda boshdan-oyoq qulog'ingiz ostida voqea-xodisalar ruhiga mos musiqiy ohang yeshitilib turganday bo'ladi. Bu ohanglar o'quvchi dilida har xil kayfiyatlar uyg'otadi. «O'tgan kunlar» romani hayot haqiqatlarining xilma-xil qirralarini o'zida mujassam yetgan, sir-sehrga to'la noyob go'zalliklar obidasidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Y.Eshmatova. Istiqlol davri o'zbek qissachiligida ayol ruhiyatining badiiy talqini. PhD, Dissertatsiya. B- 4.
2. U.Jo'raqulov. Qodiriy va roman tafakkuri. - Toshkent "Nurafshon business" 2020. B -93.
3. A.Qodiriy. O'tgan kunlar - Toshkent "Navro'z" 2019. B -310,314,340,375.