TARAQQIYOT STRATEGIYASINI TA'MINLASHDA YAPONIYA TAJRIBASIDAN FOYDALANISH IMKONIYATLARI
Mamayunus Pardayev
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, professori, i.f.d.
Ozoda Pardayeva TDIU Samarqand filiali kafedra mudiri, i.f.f.d (PhD)
Annotasiya: maqolada mamlakatimizda 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasini ta'minlashda Yaponiya tajribasidan foydalanish imkoniyatlari yoritilgan. Bunda Yaponiyaning juda katta talofat ko'rib, butunlay xona-vayron bo'lib, ammo qisqa vaqtda dunyoning yetakchi davlatlar qatoridan joy olganligining hammagaga ibrat bo'ladigan tajribasi aniq yo'nalishlarda yoritilgan. Bunda Yaponiyaning tez va barqaror rivojlanishini ta'minlashga erishishda muhim omil vazifasini bajargan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy va ma'rifiy masalalarining barchasiga qisqa-qisqa izoh berilgan.
Kalit so'zlar: taraqqiyot, taraqqiyoi strategiyachi, Yaponiya tajribasi, investisiya, ilg'or texnologiya, sanoat, qishloq xo'jaligi, ta'lim, qurolli kuchlar, harbiylar.
POSSIBILITIES OF USING THE JAPANESE EXPERIENCE IN PROVIDING DEVELOPMENT STRATEGY OF UZBEKISTAN
Prof. Mamayunus Pardaev,
Samarkand Institute of Economics and Service., Uzbekistan
E-mail: [email protected]
Dr. Ozoda Pardaeva,
Samarkand branch of Tashkent State University of Economics., Uzbekistan
E-mail: ozodapardaeva@yahoo .com
Abstract: The paper discusses the possibilities of using the Japanese experience in ensuring the development strategy for 2022-2026, adopted in Uzbekistan. At the same time, the experience of Japan, which suffered a great loss and was completely destroyed, but soon became one of the world's leading countries, is highlighted in clear directions. It provides a brief overview of all the political, economic, social, spiritual and educational issues that play an important role in ensuring the rapid and sustainable development of Japan.
Key words: development, development strategy, Japanese experience, investment, advanced technology, industry, agriculture, education and military.
Kirish. Bugungi kunga kelib, globallashuv va integrasiyalashuv oqibatida jahon iqtisodiyotida rivojlanishning oldin uchramagan yangi omillari va
tendensiyalari vujudga kelmoqda. Bir tomondan jadal rivojlanish uchun ilg'or texnologiyalarni yaratish evaziga keng imkoniyatlar yaratilayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan turli sabablar, xususan pandemiya kabi salbiy oqibatlar natijasida ayrim sohalarda pasayish tendensiyalari ham kuzatilmoqda. Buning oqibatida iqtisodiyotga turli yo'nalishlarga ega bo'lgan innovasion yechimlarni amaliyotga joriy qilishni taqozo qilmoqda. Shu tufayli mamlakatimizda ham "Harakatlar strategiyasidan -Taraqqiyot strategiyasi sari" shioriga asoslangan holda "Yangi O'zbekiston strategiyasi" [1] ishlab chiqildi. Bu strategiya mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Bu borada mamlakatimiz Prezidenti ta'kidlaganidek, "2030 yilga borib o'rtacha yillik iqtisodiy o'sish sur'atlari 6,3-6,5 foiz, kapital qo'yilmalar 8,0-8,5 foiz, eksport 9,0-10,0 foizni tashkil etishiga erishishimiz kerak" Bunday taraqqiyotga erishishga barcha asoslarimiz bor. Bizda mehnat, tabiiy resurslarimiz yetarli. Faqat ulardan samarali va maqsadga muvofîq ravishda foydalanish lozim bo'ladi[2].
Dunyo taraqqiyotining hozirgi holati taraqqiyotga evalyusion emas, balki revolyusion yondoshishni taqozo qilmoqda. Bu o'z navbatida o'zimizning imkoniyatlarimiz bilan birga bir qancha rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribalaridan ham foydalanishimiz maqsadga muvofîq, deb hismoblaymiz. Chunki bizning qisqa vaqtda erishgan yutuqlarimiz, rivojlangan mamlakatlar bilan bellashishga ojizlik qiladi. Shuning uchun xorijiy tajribalardan foydalanib, rivojlanishni tezlashtirish maqsadga muvofîq. Bunda ilg'or texnologiyalar yordamida raqobatbardoshligini ta'minlab kelayotgan Yaponiya tajribasi biz uchun muhim. Chunki ushbu amlakat bilan bir qancha o'xshashlik jihatlarimiz ham bor. Shu tufayli ushbu mamlakatning tajribalari nimalardan iboratligini tahlil qilib, uning qaysi jihatlaridan o'zimizda foydalanish mumkinligiga ham aniqlik kiritish maqsadga muvofîq, deb hisoblaymiz. Ushbu maqsad mazkur maqola mavzusining o'ta dolzarbligidan dalolat beradi.
Asosiy qisim. Tadqiqot metadologiyasi.
Yapon iqtisodiy taraqqiyotining siri nimada va uning tajribasidan nimalarni olishimiz mumkin?
Ma'lumki, ikkinchi jahon urushida Yaponiyada juda katta talofat ko'rgan edi. Urushdan keyin ushbu mamlakatda katta ibratamuz islohotlar amalga oshirildi. Ular tiklanishni qishloq xo'jaligidan boshlashdi. Bunda asosiy e'tibor yer islohotiga qaratildi. Hukumat katta yer egalaridan (pomeshchiklardan) 5,8 mln. gektar yerni sotib olib, mayda dehqonlarga arzonga sotdilar. Yangi yer egalari o'zlari yetishtirgan mahsulotga o'zlari egalik qila boshladilar. Shu yo'l bilan mulkdorlar sinfi shakllandi. Bunday yer islohoti haqiqiy inqilob sifatida baholandi. Shu tariqa mamlakatning qishloq xo'jaligi sohasi jadal rivojlandi. Bunga mos ravishda mamlakatda o'g'it ishlab chiqarish jadallashdi, yerga ishlov berishda texnikaga talab ortdi. Muhimi taraqqiyot uchun nima kerak bo'lsa, o'zlarida ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishga harakat qildi. Tashqaridan asosan xom ashyo va materiallarni olib tayyor mahsulotni o'zlari uchun o'zlari chiqarish prinsipida ish tutdi. Imkon qadar har bir sohada faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkorlarga to'liq mustaqillik berish bilan birga ularning
mas'uliyatini ham oshirdi. Bunda "insonparvarlik asosida mehnat qilish" shiorini joriy qildi.
Yuqoridagi tamoyil asosida faoliyat olib boradigan korxonalarda bajariladigan ishlar uchun xodimlarning mas'uliyatni oshirish, mehnatini ijodiy va qiziqarli holatga keltirib, uning mazmunini va samaradorligini oshirishga katta ahamiyat berildi. Butun tashkili-iqtisodiy omillar aynan shunga qaratilgan bo'lib, samarali va ijodiy mehnat munosib taqdirlanadigan bo'ldi. Bu bevosita yaratilgan qo'shilgan qiymat tarkibida ish haqining oshib borganligida o'z ifodasini topgan edi. Jumladan ish haqining qo'shilgan qiymatdagi hissasi 1955 yilda, 33,0 %ni tashkil qilgan bo'lsa, 1970-yillarga kelib 35,0 %dan oshigan edi. Hozirgi kunga kelib, yangidan yaratilgan qo'shilgan qiymatning 40,0 %dan ortiqrog'ini ish haqiga sarflanmoqda. Bu albatta o'z samarasini bermoqda. Shu yo'l bilan mahsulotlarning qo'shilgan qiymatini muntazam ko'paytirish orqali mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta'minlab keldi va bu jarayon davom etmoqda.
Yaponiya iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida Amerikalik moliyachi D.Dodj tomonidan ishlab chiqilgan "Dodge Line" loyihasi muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu dasturda islohotlarning mohiyati aniq belgilangan bo'lib, bunda inflyasiyani bartaraf etish bilan birga iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga qaratilgan choralar belgilangan edi. Bu moliyaviy islohot Yaponiya iqtisodiyotining rivojlanishi bilan birga tashqi savdo holatiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Natijada Yaponiyaning pul birligi bo'lgan iyena barqarorlashdi va inflyasiyaning oldi olindi. Yaponiyada uzoq davom etgan moliyaviy inqirozga shu tariqa barham berildi[3].
Mamlakat iqtisodiyotini tiklash va ijtimoiy hayotini o'nglash uchun ham barcha zarur choralar ko'rildi. Yaponiya moddiy-texnika taraqqiyotini ta'minlashga qaratilgan texnologiyalarni yaratishga va bularni yaratadigan salohiyatli avlodni tarbiyalashga qaratilgan choralarni birgalikda qo'shib olib bordi. Natijada mamlakat iqtisodiyotida ilg'or texnologiyalarni joriy qilish oqibatida, odamlar dasgoh (stanok)larni boshqarishdan ozod bo'lib, ishlari axborotlarni boshqarishga o'tdi. Ushbu jarayon o'tgan asrning oxirgi choraklarida amalga oshirilgan bo'lsa, bugungi kunga kelib Yaponiya iqtisodiyotini raqamlashtirishga o'tkazishni boshladi. Bu yaponlar mehnatining xarakterini ham, iqtisodiyotning rivojlanish omillarini ham o'zgartirib yubordi. Mehnat tarkibida jismoniy mehnatning hissasi kamayib, asosan intellektual, fanga asoslangan mehnatning hissasi oshib bordi. Bu o'z navbatida shunga mos kadrlarni tayyorlashni ham taqozo qildi. Shu tariqa Yaponiya barqaror rivojlanish yo'liga tushib oldi. Bunning bir qancha sabablarini keltirish mumkin[4].
Birinchi galda, ish beruvchi tadbirkor bilan uning korxonasida ishlovchi xodim o'rtasida o'ta ishonchli va o'z navbatida katta mas'uliyatni qamrab oladigan shartnoma tuziladigan bo'ldi. Bu shartnoma ish beruvchi bilan xodim o'rtasida yaponlargagina xos bo'lgan hamkorlikni vujudga keltirdi. Bunda ish beruvchi korxona, xodimini to nafaqaga chiqquncha ish bilan ta'minlashi, xodim esa shu yillar mobaynida korxona uchun sidqidildan mehnat qilib, sadoqat bilan xizmat qilish majburiyatini oladigan bo'ldi. Bu holat ish beruvchini ham, xodimning ham bir-biriga sadoqat bilan xizmat qilish ruhiyatini yaratishga asos bo'ldi. Bunda ikki tomonda
ham ikkilanish bo'lmaydi. Ikkalasida ham mas'uliyat bilan birga katta ishonch bilan faoliyat ko'rsatishga asos bo'ladigan bo'ldi.
Eng muhim omillardan biri bo'lgan tadbirlardan yana e'tiborlisi - yapon xalqi xorijiy mamlakatlarning yutuqlarini o'rganib, o'z hayotiga tatbiq etishga kirishdi. Bir qancha davlatlar bilan do'stona aloqalarni o'rnatib, harbiy xarajatlarni kamaytirish imkoniyatidan ham foydalandi. Bunday tadbirlar kapital mablag'ining juda katta qismini ishlab chiqarish va iqtisodiyotning boshqa sohalariga yo'naltirishga imkon berdi.
Yaponiyada ta'limga juda katta ahamiyat berildi. Xususan, boshlang'ich sinflarga toki oltinchi sinfgacha asosan "Axloq tomon yo'l" dasturi ostida dars o'tishar va bunda birinchi sinfdan uchinchi sinfgacha o'quvchilar baholanmas ekan. Chunki o'quvchilar asosiy e'tiborni axloq va kishilar bilan muomala madaniyatini shakllantirishga, jamoada yakdil va hamjihat bo'lishni chuqur o'rgatishga qaratar ekan. Buning natijasida yapon xalqi o'zaro muloqotda hamisha bir-biri bilan past ohangda, turli ta'malarsiz gaplashadigan odatga ega bo'lib shakllangan. Shu tariqa yaponlarning bir necha avlodi kibrdan deyarli xoli holda, hamma insonlar teng huquq va mavqye'ga ega, degan tushuncha singdirilgan holda tarbiyalangan.
Shuningdek, tarbiyaga ta'limning ajralmas qismi sifatida katta e'tibor qaratilar ekan. Chunki bolalarni yoshligidan kattalarga va atrofdagilarga nisbatan hurmatga o'rgatish, shu bilan bog'liq tushunchalarni har kunlik mashg'ulotlarga singdirish orqali shaxsiyatni shakllantirishga harakat qilinadi. Bu davlatda bir guruh insonlar "yuqori" va yana bir guruh "past" tabaqa deyiladigan holat, ruhiyat umuman yo'q ekan. Yapon xalqi ham insonni, ham barcha ne'matlarni qadrlashni milliy qadriyat darajasida shakllantirishga erishgan xalq ekan. Shu muvoffaqiyatlar zamirida ham mustahkam intizom shakllanib boradi.
Yana bir o'zimizga olishimiz mumkin bo'lgan ibratli jihat, yaponlar ancha boy bo'lishiga qaramasdan ularda xizmatkorlar mehnatidan deyarli foydalamas ekan. Maktablarda ham o'quvchilari ustozlari bilan birga har kuni 25 daqiqa sinfxonalarni tozalash bilan shug'ullanishadi. Shu yo'l bilan bolalarni tozalikning qadriga yetishga, kamtarin bo'lib o'sishlariga asos yaratilgan. Bu esa o'z navbatida, bolalarning biri qandaydir jihatidan ustun, ikkinchisi esa past darajada emas, balki tenglik ruhiyati singdirib borilgan. Uyga qarashga va bolalarni tarbiyalashga bevosita ota-ona mas'ul bo'lib, ular bolalarning ilm olishi va tarbiyasiga qattiq e'tibo qaratadi.
Yaponiya aholisi 126 mln kishini (2021 yil) tashkil qilib, ularning asosiy qismi, ya'ni 89 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Yapon xalqi shaxsiy gigiyenaga ham qattiq ahamiyat beradi va bu tarbiyani bolalarga singdirishga maktabdan boshlaydi. Natijada butun mamlakat aholisi o'zlarining salomatliklariga e'tiborli bo'lishga ko'nikma hosil qilib ulg'ayadi. Balki shu tufaylidir, dunyoda o'rtacha umr ko'rish jihatidan aholisi eng uzoq yashaydigan davlatlardan biri sifatida shakllangan. Hozirgi paytda yapon xalqining o'rtacha umr ko'rish darajasi, ayrim ma'lumotlarda e'tirof etilishicha 85 yoshni tashkil qilishi ham ancha muvoffaqiyatlardan dalolat berib turibdi.
Yaponiyada o'quvchilarga davlatning, millatning, xalqning kelajagi deb qarashadi. Ularni har tomonlama himoya qilish lozim degan tomoyilga ham amal qilishadi. Shu tariqa farzandlarini og'zaki gap bilan emas, balki amaliy hayotda kattalar yoshlarga o'rnak bo'lib, adolatli, intizomli va mas'uliyatli harakatlari bilan tarbiyalab borishadi. Ushbu mamlakatda tarbiya bilan ilm bir-biridan ajratilmagan holda olib borilishi ham ko'p muvaffaqiyatlarning kaliti bo'lsa ajab emas.
Bundan tashqari, Yaponiyada intizom juda kuchli. Masalan, poyezdning kechikishi yilida 7 soniyaga teng. Ko'rinib turibdiki, Yaponiyada vaqt juda qadrlanadi. Mazkur xalqning yana bir tamoyili - vaqtnidan samarali foydalanish evaziga mahsulot (ish, xizmatlar)ning me'yoriga va sifatiga ham juda katta ahamiyat berar ekan. Ma'lumki, agrar iqtisodiyotga moslashgan mamlakatlar aholisi bir yilda bir marta daromad qilishadi, industrial mamlakatlarda bir oyda yoki bir haftada (qaysi muddatda oylik ma'oshini to'lashiga qarab) daromad qiladi. Yaponiya yuqori texnologiyaga asoslangan raqamli iqtisodiyot sharoitida har soniyada daromad qilishadi. Shu tufayli ushbu mamlakatda vaqt juda qadrlanadi. Shuning evaziga juda katta muvoffaqiyatlarni qo'lga kiritib kelmoqda.
Shuningdek Yaponiyaning biznes poytaxti hisoblangan Osakada shahri aholisi piyoda yurish bo'yicha birinchi hisoblanishar ekan. Bu ishga kelish va ishdan ketish jarayonida tanani chiniqtirishni ham qo'shib olib borish imkoniyatini yaratadi. Inson tanasing chiniqishida eng samarali yo'llardan biri - bu piyoda yurish. Buni ish bilan qo'shgan holda olib borishi, insonlarning bir vaqtning o'zida ikkita narsaga erishish, ya'ni salomatligini tiklash va ishga o'z vaqtida yetib kelish imkoniyatini beradi. Bu tajriba oddiydek tuyulsada, foydasi juda katta. Bularni bemalol o'zimizda ham to'liq joriy qilishimiz mumkin.
Qayd eish joizki, yapon korxonalarida birinchilardan bo'lib "sifat to'garaklari" faoliyat ko'rsatadi. Bu to'g'arak ishdan keyin jamoada korxonani rivojlantirish bo'yicha takliflar ustida ish olib borilar ekan. Bunda doimiy ishlaydigan bilimdon mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojni aniqlash, ular tarkibini shakllanishiga hamda muttasil ravishda mehnat sharoitlari va ish qurollarini muntazam yangilanib borishga alohida ahamiyat berilar ekan. Shuningdek sanoat korxonalaridagi jihozlarni yangilab borish maqsadida, ularni eng oxirgi rusumdagilariga almashtirib turilishi oddiy holga, aniqrog'i an'anaga aylangan. Yana bir muhim jihati, Yaponiyada tabiiy boyliklar kam bo'lganligi tufayli ham iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun xomashyo va materiallarni xorijdan import qilib, qayta ishlash va yuqori qo'shimcha qiymat zanjirlarini yaratish masalasini hal qilish, ular uchun hayot mamot vazifasi bo'lib kelgan va bu an'ana hamon saqlanib qolmoqda. Hozirgi paytda ham Yaponiya xom ashyo va materiallarni, chiqindilarni sotib olish bilan birga ilg'or g'oyalar va ishlanmalarni sotib olishga ham alohida ahamiyat beradi. So'ngra g'oyalar va ixtirolarni o'zlarining amaliyotiga joriy qiladi. Natijada ular xorijiy mamlakatlarga faqat tayyor mahsulotlarni eksport qiladi. Hozirgi paytda tayyor mahsulotlarning ham innovasion turlarini eksport qiladi. Masalan, bizga bir chemodan qo'l telefonini eksport qilsa, uning evaziga kartoshka eksport qiladigan bo'lsak, qoncha hajmda va qancha vaqtda, qancha kishining mehnati singanligini hisoblab qaraydigan bo'lsak,
hozirgi kunda fan va innovasion ilg'or texnologiyaning nechog'lik katta ahamiyatga ega ekanligiga guvoh bo'lish mumkin.
Ko'rinib turibdiki, Yaponiyada deyarli aksariyat faoliyat raqamlashtirilgan. Axborotlar ham to'liq raqamlashtirilgan holda boshqariladi. Ammo yapon xalqi bularni telefondan yoki boshqa axborot manbalaridan foydalanish bilan birga nashr qilingan ishlarga ham katta ahamiyat berib kelmoqda. Masalan, Yaponiya aholisi dunyoda kishi boshiga hisoblaganda eng ko'p gazeta o'qiydigan xalq. Gazetalar soni bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi. Har ming kishiga 592 nusxadan gazeta to'g'ri keladi. Kundalik tiraj 72,7 mln nusxaga teng. Jahonda eng ilg'or telekompaniyalardan biri ham Yaponiyada bo'lib, unda 22 tilda ko'rsatuvlar olib boriladi. Ko'rsatuvlarning asosiy qismi ta'lim va tarbiyaga, inson ma'naviyatining yuksalishiga bag'ishlanar ekan. Axborotlarning qanday yo'nalishga qaratilganligidan qat'i nazar, barchasida tarbiya g'oyasi singdirilgan bo'lib, xalqni intizomga qattiq rioya qilishga hamda har bir yapon fuqarosining Vatan va xalqning oldida mas'ulligini oshirib borishga qaratilganligi bilan ham muhim. Bunday tajribadan o'zimizda foydalanish ham juda katta ahamiyatga ega, deb o'ylaymiz.
Ta'kidlash zarurki, Yaponiyada iqtisodiyotning rivojlanishida yuqoridagi omillar bilan birga, asosiy omillardan biri ko'ptarmoqli sohalar va klasterlarning vujudga kelishi bo'lgan. Bularning hammasi kapitalni klaster zanjirida tez aylantirishga olib kelish bilan birga tarmoqlarning ham kengayib borishiga sabab bo'lgan. Birgina baliq yetishtirish klasterini oladigan bo'lsak, birinchi bosqichda baliqni ko'paytiradigan havzalar tashkil qilinadi, ularni yem bilan ta'minlash uchun dehqonchilik bilan ham shug'ullanishadi. Baliqni pishirib sotish uchun oshxona va savdo faoliyatlari ham shu klaster tarkibiga kiritiladi. Agar uni tayyor mahsulot qilib sotadigan bo'lsa, shu sohaga albatta qayta ishlaydigan oziq-ovqat sanoatini ham kiritish lozim bo'ladi. Yoki Yaponiyada rivojlangan kemasozlik korxonalariga e'tiborni qaratadigan bo'lsak, ushbu soha keyinchalik bir-biriga bog'liq holda mashinasozlik, kimyo jihozlari, turbinalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga ham moslashtirildi. Shu tariqa ishlab chiqarishning o'zida ham tarmoqlar bir-birin bilan bog'liq holda muttasil kengayib borgan.
Shuningdek, mamlakatda eng muhim sanoat tarmoqlari bo'lgan atom energiyasi, og'ir sanoat, mashinasozlik, stanoksozlik, robotsozlik va boshqa ilg'or innovasion texnologiyalarga asoslangan sohalarga yirik investisiyalar kiritildi. Sanoatni rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqilib ko'plab korxonalar yangi hududlarga davlat hisobidan ko'chirildi. Birida iste'molchilar manfaatiga moslashtirilgan bo'lsa, yana bir yo'nalishi xomashyo va materiallarga yaqinlashtirildi. Bunday tajribalar ham mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga katta turtki bo'ldi. Albatta bundan o'zimizda foydalanish ham muvoffaqiyatlarga olib keladigan omillardan biri hisoblanadi.
Yaponiya xorijiy mamlakatlar bilan keng ko'lamli iqtisodiy munosabatlarni yo'lga qo'ygan bo'lib, uning asosiy savdo sheriklari AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Gongkong, BAA, Saudiya Arabistoni, Avstraliya, Indoneziya hisoblanadi. Ushbu sherikchilik Yaponiyaning taraqqiyoti uchun muhim omillardan
biri bo'lib xizmat qilmoqda. Ulardan xomashyo va meteriallarni, o'zida yo'q texnologiyalarni xarid qilib, tayyor mahsulotlar bilan birga o'zi ishlab chiqqan ilg'or texnologiyalarni ham eksport qiladi. Shu tariqa nafaqat o'zi, balki sheriklari ham jadal rivojlanish bosqichiga chiqib olgan va bularning bardavomligi ta'minlanmoqda.
Yaponiya boshqa rivojlangan mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni yo'lga qo'yib, ulardan ilg'or texnika va texnologiyalar to'g'risida lisenziyalar sotib olishdan juda keng foydalanadi. Mamlakatning o'zida ilmiy-texnik izlanishlarga juda katta mablag'lar yo'naltiriladi. Yaponiya ilm-fanga ajratiladigan mablag'lar hajmi bo'yicha dunyoda 3-o'rinda turadi. Fundamental fanlar bo'yicha ushbu mamlakatda 26 ta Nobel mukofoti[6] sovrindorlari chiqqan.
Ushbu mamlakatda chiqindi, deb uni uloqtirmaydi va ko'mib tashlanmaydi. Bulardan ham samarali foydalanib, bir sohadan chiqqan chiqindini qayta ishlab, boshqa sohaga yo'naltiriladi. Ko'plab chiqindini qayta ishlovchi korxonalar barpo etilib, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Olingan tayyor mahsulotlarning asosiy qismi eksport qilinadi. Hozirgi kunlarda chiqindilardan yoqilgi ishlab chiqarish texnologiyalari ham yo'lga qo'yilmoqda. Bundan ham ko'rinib turibdiki, yapon xalqi hyech narsani "uvol" qilib tashlab yubormas ekan. Demak, Yaprniyada intizom, sifat, samaradorlik va tejamkorlik tamoyillari qo'shib olib boriladi. Bu tajribadan foydalansak ham hyech mahal o'zining ahamiyatini yo'qotmaydi.
Yana bir muhim jihat, ushbu mamlakatda xodimlarni ishga joylashtirish, ularning mavqyeini ko'tarishda korrupsiya elementlaridan holi tizim yaratilgan. Yaponiya korxonalari, yuqorida ta'kidlanganidek, ishchilarni ishga layoqatsiz bo'lib qolgunicha yoki umrbod ish bilan ta'minlash to'g'risida shartnoma tuzadi. Bunday sharoitda xodimlar intizomli, har qanday qiyinchiliklarga chidamli, korxonani o'ziniki deb biladigan va unga xiyonat qilmaydigan, balki uning muvaffaqiyati uchun kurashadigan ruhiyatga ega bo'lishadi. Bunday "psixologik yondashuv" xodimlarni jon-jahdi bilan mehnat qilishga undaydi[5].
Ma'lumki mamlakatda korrupsiya elementlari qancha yuqori bo'lsa, xufyona iqtisodiyotning YaIMdagi hissasi ham shunchalik baland bo'ladi. Yaponiya korrupsiya bilan bevosita bog'liq bo'lgan xufyona iqtisodiyot ko'lami eng kam mamlakatlardan biriga aylangan. Xufyona iqtisodiyotning mamlakat YaIMdagi hissasi 8,0 %ni tashkil qiladi va 159 ta mamlakat o'rtasida 2-o'rinda turadi [7]. Bu bo'yicha mamlakatimizda qattiq kurash olib borilmoqda. Lekin shuni e'tirof etish kerakki, birorta salbiy odat aholi o'rtasida bir avlod davomida shakllanib qolsa, uni bartaraf qilish uchun uch avlod yashab o'tishi kerak, degan tushuncha bor. Ammo biz korrupsiyadan xoli bo'lish uchun uch avlodni kutib o'tirmasligimiz tabiiy. Shunday ekan bu boradagi yaponiya tajribasi ham biz uchun muhim bo'lib hisoblanadi.
Yuqorida bayon qilingan omillar o'z davrida Yaponiya iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun zamin yaratdi. 1950 yilga kelib sanoat ishlab chiqarish urushdan oldingi darajaga yetdi. 1951-1970 yillarda mamlakat iqtisodiyotining yillik o'sishi o'rtacha 14,6 foizni tashkil etdi. 1960 yilga kelib Yaponiya sanoatining yillik o'sishi 20 foizni tashkil qildi. Bunday o'sish hali hyech bir davlatda kuzatilmagan edi. Bu iqtisodiy rivojlanish tarixda "Yapon mo'jizasi" deb nomlandi". Shunday
qilib, Yaponiya qisqa fursat ichida xonavayron holatdan jadal rivojlangan mamlakatga aylandi.
Xulosa va takliflar.
Tadqiqot natijasida qilingan xulosalar shulardan iborat.
Yapon tajribasidan nimalarni olishimiz mumkin, degan savolga yuqoridagi holatlardan aniq xulosa qilgan holda tegishli javoblarni ham olish mumkin. Chunki, ushbu mamlakatdagi taraqqiyot asosi bo'lib kelayotgan juda ko'plab omillarni bevosita o'zimizda qo'llashimizni taqozo qiladi.
Bugungi kunda Yaponiya YaIM hajmi jihatidan dunyoda uchinchi o'rinda, robotlar ishlab chiqarish va foydalanish bo'yicha esa birinchilikni egallab turibdi. Avtomobillar ishlab chiqarish hajmi bo'yicha ikkinchi o'rinda. Agar bunday muvaffaqiyatlarning zamiriga diqqat bilan nazar soladigan bo'lsak, bunda yapon xalqining vatanparvarligi, intellektual salohiyatining yuqoriligi, ma'naviyatining yuksak darajada ekanligi, intizomning o'ta kuchli o'rnatilganligini ko'ramiz. Bunday fazilatlardan mamlakatimiz bemalol o'rnak olsa arziydi.
Yaponiyani deyarli korrupsiyasiz mamlakat, deyish mumkin. "Yashirin" iqtisodiyotida, ya'ni YaIMda yashirin iqtisodiyotning ulushi atigi 8 foizni tashkil qiladi va dunyodagi 159 ta mamlakat ichida o'z o'rniga ega. Ko'rinib turibdiki, Yaponiya xufyona iqtisodiyoti kam davlatlar qatoridan joy olgan.
Yaponiya O'zbekiston bilan do'stona munosabatlarni mustaqillikning ilk davridayoq o'rnatgan. O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan. Ushbu mamlakat bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma'rifiy aloqalarimiz mustahkamlanib bormoqda. Bunday sharoitda ushbu davlatning tajribasini kengroq o'rganib, amaliyotga joriy qilish imkoniyati kengayadi. Shu tufayli mamlakatimizda "Yaponiya tajribasini targ'ib qilish markazi"ni tashkil qilish maqsadga muvofiq, deb o'ylaymiz. Yaponiyaga borib o'qib va malakasini oshirgandan ko'ra shu yerga Yaponiyadan tegishli mutaxassislarni taklif qilib, ushbu mamlakat tajribasini o'rganish maqsadga muvofiq bo'ladi. Bu albatta bizga ancha arzonga tushadi. Bundan tashqari, o'z mutaxassislarimiz orasida ham Yaponiyada o'qib, malakasini oshirganlar bor. Bularni ham ushbu tadbirga sohalar bo'yicha aniqlab, safarbar qilsak foydadan xoli bo'lmaydi.
Yaponiya tajribasidan mamlakatimizda keng foydalanish uchun ancha imkoniyatlarimiz kengaygan. Faqat ulardan samarali foydalanishni yo'lga qo'yish maqsadga muvofiq. Buning huquqiy asoslari ham yaratilgan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi va Yaponiya o'rtasida 2002 yil 29 iyulda Tokioda Do'stlik, strategik sheriklik va hamkorlik qo'shma bayonat imzolangan. 2004 yildan buyon shu ikki mamlakat o'rtasida "Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqati doirasida ko'p tomonlama hamkorlik ham davom etib kelmoqda. 1999 yilda O'zbekiston -Yaponiya do'stlik markazi o'z faoliyatini boshlagan bo'lsa, shu yildan buyon O'zbek - Yapon markazi faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Shu doiradan buyon mamlakatimizda Xalqaro hamkorlik bo'yicha Yaponiya agentligi (JAYKA), Tashqi savdo bo'yicha Yaponiya tashkiloti (JETRO) mintaqaviy fliallari ham faoliyat olib bormoqda.
Xullas, agar biz Yaponiya tajribasini aniq yo'nalishlar bo'yicha o'rganishni yo'lga qo'yadigan bo'lsak, tegishli imkoniyatlar va asoslar yaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, Yaponiyani ulkan muvaffaqiyatlarga erishtirishga sabab bo'lgan omillarning ko'pchiligini yurtimizda joriy qilish mumkin. Mazkur ishlarni butun xalqimiz o'zini shu murakkab masalaga daxldor sifatida his qilib, shaxsiy mas'uliyatini oshirsagina hal qilish mumkin bo'ladi. Yana bir bor ta'kidlaymiz, "yapon mo'jizasi"ning saboqlaridan foydalanish uchun xalqimizning faqatgina surati go'zal bo'lishi yetarli emas, balki siyrati ham go'zal, imon va e'tiqodi yuksak bo'lishi taqozo etiladi. Har birimiz amaldagi qonunlarga qattiq itoat qilsak, o'z-o'zidan intizom amaliyotda o'zining mazmuni va shakliga ega bo'ladi. Agar diniy qadriyatlarimizga tayanib ish ko'radigan bo'lsak ham, har birimiz o'zimizning, oilamizning, mehnat jamoasining, Vatanning, xalqning oldidagi burchimizni to'liq anglab faoliyat olib borsak ham qattiq intizomga o'z-o'zida rioya qilishimiz uchun zaruriy odatlar shakllanadi. Bular albatta ulkan muvoffaqiyatlarga olib keladigan omillardir.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar.
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda qabul qilingan "2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi Farmoni. .// "Zarafshon" gazetasi. 2022 yil 1 fevral 12-son. 1-2 betlar.
2. Mirziyoyev Sh.M. Yangi O'zbekiston Strategiyasi. - T.: "O'zbekiston" nashriyoti. 2021. - 130 bet.
3. Raxmatov L. Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha. - T.: "Yangi kitob" nashriyoti, 2019. - 797 bet.
4. Sardor Ali Nurmatov. https://qalampir.uz/news/atom-bombasi-tor-mor-k-ilgan-yaponiya-yekhud-k-uyeshli-ulka-k-anday-oyek-k-a-turdi-44829. 24 Avgust 2021 19:40 18664.
5. Qobilov Sh.R. Korrupsiya: sabablari, shart-sharoitlari, oqibatlari va oldini olish yo'llari. Monografiya. - T.: O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi. 2019. - 368 bet.
6. https://ru.wikipedia.org/wiki/Karerop^^avpearbi Нобелевской премии из Японии
7. https : //www.kommersant.ru/doc/3341625