Ziyoda Kadirova1
SIVILIZATSIYA: MOHIYAT VA TALQINLAR ЦИВИЛИЗАЦИЯ: СУЩНОСТЬ И ИНТЕРПРЕТАЦИИ CIVILIZATION: ESSENCE AND INTERPRETATIONS
1Alfraganus universiteti f.f.n., ORCID: 0009000453430669
Аннотация. В данной статье философски анализируются сущность понятия «цивилизация», история философских размышлений о цивилизации, сходство и различие подходов к ее объяснению, роль цивилизаций в развитии исторического развития общества. Также раскрыто содержание и суть практической работы, на которую следует обратить внимание в развитии современного общества Нового Узбекистана, в закладке основ Третьего Возрождения.
Ключевые слова: Цивилизация, история, личное общество, становление, культура, духовный рост, развитие, гражданин, Возрождение, Третье Возрождение.
Abstract. This article philosophically analyzes the essence of the concept of civilization, the history of philosophical thoughts about civilization, the similarities and differences of approaches to its explanation, the role of civilizations in the development of the historical development of society. Also, the content and essence of practical work that should be paid attention to in the development of today's New Uzbekistan society, in laying the foundations of the Third Renaissance, has been revealed.
Key words: Civilization, history, personal society, formation, culture, spiritual growth, development, citizen, renaissance, Third Renaissance.
Annotatsiya. Mazkur maqola sivilizatsiya tushunchasining mazmun-mohiyati, sivilizatsiya to'g'ridagi faylasiy fikrlar tarixi, uni tushuntirish bo'yicha yondashuvlarning o'xshash va farqli tomonlari, jamiyat tarixiy taraqqiyotining rivojida sivilizatsiyalarning o'rni masalalari falsafiy tahlil etilgan. Shuningdek, bugungi Yangi O'zbekiston jamiyati rivojlanishida, Uchinchi Renessans poydevorini qo'yishda e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan amaliy ishlar mazmun-mohiyati ochib berilgan.
Kalit so'zlar: Sivilizatsiya, tarix, kishilik jamiyati, formatsiya, madaniyat, ma'naviy yuksalish, taraqqiyot, fuqaro, renesans, Uchinchi Renessans.
KIRISH
Tarix falsafasi bilan shug'ullangan faylasuf olimlar ijodiga e'tibor qaratadigan bo'lsak uch xil yondashuv asosida tarixiy jarayonlarning rivojlanish qonunlarini tushuntirish mavjudligini ko'ramiz. Bulardan biri sivilizatsion yondashuvdir. Mazkur yondashuv asoschilari Arnold Toynbi (1889-1975) va O.Shpengler ijodida turli sivilizatsiyalar tuqnashuvi asosida jamiyat rivojlanib, taraqqiy etib borishi ta'kidlanadi. Olimlarning jamiyat rivojlanishi bo'yicha qarashlari va jamiyat tarixiy taraqqiyotini falsafiy o'rganish bugungi kunda mamlakatimiz rahbariyati va xalqimiz tomonidan tamal toshi qo'yilayotga uchinchi renesansni ilmiy tahlil etish, bu borada
mamlakatimiz oldida turgan amaliy ishlar haqida mulohaza yuritish imkoniyatini berish bilan mazkur mavzu o'ta dolzarb hisoblanadi. Shu sababli ham mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyev matbuot xodimlari bilan bo'lgan suhbatda "Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg'onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun "Yangi O'zbekiston" va "Uchinchi Renessans" so'zlari hayotimizda o'zaro uyg'un va hamohang bo'lib yangramoqda, xalqimizni ulug' maqsadlar sari ruhlantirmoqda" deb ta'lidlaydi[1].
MATERIAL VA METOD
Sivilizatsiya serqirra, sermazmun ilmiy bilish ob'yekti hisoblanadi. "Sivilizatsiya" (lotincha - fuqaroga xos, davlatga xos) tushunchasini shotland tarixchisi va faylasufi A.Fergyusson (1723-1816) jahon tarixiy jarayonining ma'lum bir bosqichini, fransuz ma'rifatparvarlari aql-idrok va adolatga asoslangan jamiyatni ifodalash uchun ishlatgan edilar. Ayrim hollarda uni madaniyatning, ba'zan faqat moddiy madaniyatning sinonimi sifatida ishlatish ham mavjudligini ta'kidlash zarur[2].
Nemis faylasufi O.Shpengler ushbu tushunchani madaniyatning halok bo'lish jarayoni, bosqichini, ingliz sosiologi va tarixchisi A.Toynbi esa o'ziga xos va nisbatan yopiq bo'lgan jamiyatlarni ifodalash uchun ishlatgan edi[3].
Dunyo tarixini o'rganib Toynbi shunday xulosaga kyeladi, mavjud bulgan sivilizasiyalar miqdori uncha katta ham emas. U 21 sivilizasiyani sanab o'tadi (qotib turgan sivilizasiyalaresa 37 tani tashkil otadi), aynan shuni Toynbi dunyo tarixini tashkil etuvchi strukturaviy elyemyent sifatida oladi, uni myetodologiyasining asosi qilib byelgilaydi.Bu metodologik yo'l Toynbining mahalliy sivilizatsiyalar nazariyasini shakllantirdi. Toynbi dunyo tarixini tug'ilishdan to o'limgacha bir xil bosqichlardan o'tuvchi va "yagona tarix daraxti" ning shoxlarini tashkil etuvchi shartli ravishda ajratilgan sivilizatsiyalar tizimi deb hisobladi[4].
TAHLIL VA NATIJALAR
Hozirda ham "sivilizatsiya" tushunchasining hajmi va mazmunini belgilashda turfa xillik mavjud. Chunonchi, olimlar ushbu tushunchani ijtimoiy rivojlanishning yovvoyilik va varvarlikdan keyin keladigan bosqichini yoki umuman kishilik jamiyati taraqqiyotining ma'lum
bir davrini xarakterlash uchun, (masalan, neolit yoki hozirgi zamon sivilizatsiyasi) ishlatishda davom etmoqdalar.
Ushbu tushunchani ma'lum bir ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya (masalan, quldorlik sivilizatsiyasi), geografik jihatdan (masalan, Yevropa yoki Osiyo sivilizatsiyasi) yoki diniy mansubligiga ko'ra (masalan, xristian yoki islom sivilizatsiyasi) farqlanuvchi madaniy birliklarga nisbatan ishlatish ham keng tarqalganini ta'kidlash zarur[5].
Shuningdek, mazkur tushunchani kelib chiqishi va planetar mansubligiga (masalan, Yer sivilizatsiyasi, Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar) hamda etnik asosga ko'ra farqlanuvchi (masalan, qadimgi Misr yoki Hind sivilizatsiyasi) ijtimoiy-madaniy birliklarni ifodalash uchun qo'llash hollari ham mavjud.
Bugungi kunda "sivilizatsiya" tushunchasini bozor iqtisodiyoti, demokratiyaning rivojlanganlik darajasini xarakterlash uchun ishlatish ham keng tarqalib bormoqda. Rus tilida ko'p ishlatiladigan "sivilizovanniy mir", "sivilizovanniye strani" so'zlari aynan shunday ma'noga egaligi ham fikrimizning isboti bo'la oladi.
Zamonaviy ijtimoiy fanlar o'z maqsad va vazifalaridan kelib chiqib "sivilizatsiya" tushunchasini yuqoridagi kabi ma'nolarda ishlatishda davom etmoqda. Ularning barchasiga tarixiy jarayondagi ma'lum o'ziga xosliklarni ifodalashdek bitta umumiylik xosligini qayd etish lozim.
Har qanday ilmiy tushuncha aniq mazmunga ega bo'lib, muayyan ijtimoiy hodisa, jarayonni tushuntirishga xizmat qilganda metodologik ahamiyatga ega bo'ladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, "sivilizatsiya" tushunchasining yuqoridagi talqinlarida muayyan bir yoqlamalik borligiga ishonch hosil qilish mumkin.
"Sivilizatsiya" tushunchasini ijtimoiy rivojlanishning yovvoyilik va varvarlikdan keyin keladigan bosqichini ifodalash uchun ishlatish ma'lum ma'noda o'rinli. Bunday holatda sivilizatsiya kishilik jamiyati rivojlanishining ibtidoiy holatidan keyingi davrini to'laligicha qamrab oladi. L.Morgan fikricha, varvarlikdan sivilizatsiyaga o'tish hunarmandchilikning dehqonchilikdan ajralishi, tovar ishlab chiqarishning yuzaga kelishi, savdo-sotiqning paydo bo'lishi va uni kasb qilib olgan savdogarlar qatlamining paydo bo'lishi bilan xarakterlangan. Ayni paytda, bu jarayon aqliy va jismoniy mehnatning bir-biridan ajralishi hamda siyosiy hokimiyatning qaror topishiga olib kelgan.
Bunday yondashuvda sivilizatsiya ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaga nisbatan kengroq mazmun kasb etadi. Jamiyatning formatsiyalarga bo'linishi sivilizatsiyaga ijtimoiy muayyanlik,
tarixiy konkretlilik bag'ishlaydi. Ammo "sivilizatsiya" tushunchasiga bunday mazmun berilganda ibtidoiy holatdan o'sib chiqqan jamiyatlar o'rtasidagi farqlar formatsiyaviy tafovutlargagina borib taqaladi. Formatsiya nazariyasi esa varvarlikdan keyingi davrda ijtimoiy rivojlanishning xilma-xil kechganini ham, bugungi kunda dunyo mamlakatlari taraqqiyotning bozor iqtisodiyotiga, demokratik qadriyatlar va inson huquqlari ustuvorligiga asoslangan bosqichida turgan yoki u tomon borayotgan paytda ular o'rtasida keskin farqlar mavjudligini ham tushuntirib berolmaydi[6].
"Sivilizatsiya" tushunchasi jamiyat rivojlanishining ixtiyoriy ma'lum bir bosqichini, shuningdek, muayyan ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani ifodalash uchun ishlatilganda esa mustaqil gnoseologik mazmunga ega bo'lmaydi. Masalan, hozirgi zamon sivilizatsiyasi, deb ishlatilganda rivojlanishning turli bosqichlarida turgan xalqlar sun'iy tarzda birlashtirilgani uchun biror-bir ilmiy qimmatga ega bo'lmasa, ikkinchi holda "ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya" tushunchasining sinonimiga aylanib, o'zining mustaqil mazmunini yo'qotadi.
"Sivilizatsiya" tushunchasini geografik jihatdan farqlanuvchi birliklarga nisbatan ishlatish esa umuman o'rinli emas. Masalan, Osiyo qit'asi hech qachon muayyan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy yaxlitlikni tashkil etmagan. Hozir ham Osiyoda rivojlanishning turli darajalarida turgan xalqlar mavjud. Albatta, ma'lum bir geografik makonda yashash ijtimoiy-madaniy hayotda qandaydir o'xshash, umumiy tomonlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Ammo bu o'zining dini, tili, madaniyati, turmush tarziga ko'ra bir-biridan farqlanuvchi turli xalqlarni mustahkam birlik, yaxlitlik, deb baholash uchun asos bo'la olmaydi.
Diniy mansubligiga ko'ra farqlanuvchi kishilar birligiga nisbatan ishlatilganda ham "sivilizatsiya" ilmiy tushuncha sifatida biror bir qimmatga ega bo'lmaydi. Chunki, birinchidan, o'tmishda ham, hozirda ham na islom olami, na xristian dunyosi mustahkam bir butunlikni, yaxlitlikni tashkil etmagan. Ikkinchidan, yuqoridagi dinlarning har birining ichida turli oqimlar mavjudki, bu ularning monolit birlikni tashkil etmasligidan dalolat beradi. Uchinchidan, diniy mansublik muayyan iz qoldirsada, lekin hech qachon xalqlar hayotini to'laligicha belgilab bermaydi.
Tahlil etilayotgan tushunchani "Yer sivilizatsiyasi", "Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar" shaklllarida ishlatilishiga ham yuqoridagicha munosabat bildirish mumkin. Zero, "sivilizatsiya" tushunchasi bunday mazmunda ishlatilganda "tarix", "kishilik jamiyati" tushunchalarining sinonimiga aylanib qoladi. Ayni paytda, Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar va ularga xos
xususiyatlarning noma'lumligi "Yer sivilizatsiyasi" tushunchasini ishlatishning o'zini mantiqsiz qilib qo'yadi.
"Sivilizatsiya" tushunchasi bozor iqtisodiyoti va demokratiyaning rivojlanganlik darajasini xarakterlash uchun ishlatilganda u dunyo davlatlari va xalqlarini "sivilizatsiyalashgan" va "sivilizatsiyalash- maganlar"ga ajratishga olib keladi, muayyan xalqlar va malakatlarga nisbatan kamsituvchi xarakter kasb etadi. Shunday ekan, bunday talqinlarga umuman qo'shilib bo'lmaydi.
"Sivilizatsiya" terminining mazmuni "ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya" va "madaniyat" tushunchalari bilan solishtirilganda oydinlashadi.
"Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya" tushunchasi jamiyatni o'zining yuzaga kelish va rivojlanish tarixiga ega bo'lgan bir butun ijtimoiy organizm sifatida qarash imkonini beradi. U jamiyatning umumiy, ichki, asosiy, takrorlanuvchan aloqa va munosabatlarini yoritishga sharoit yaratadi. Formatsiya tarix, jamiyatni hodisalar darajasida emas, balki mohiyat darajasida aks ettiradi. Shuning uchun ham, tarixni formatsiyalar darajasida tiplarga bo'lish tarixiy jarayonlarning real kechishi bilan mos kelmasligi mumkin. Chunki yuqorida ta'kidlanganidek, ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar tarixiy taraqqiyotni ob'yektiv, zaruriy, qonuniyatli jarayon sifatida qaraydi va turli tasodifiy chekinishlarni nazardan soqit qilib, uning rivojlanish mantiqini aks ettiradi.
Shunday qilib, ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar nazariyasidagi muhim tomon, bu rivojlanishning ob'yektiv qonunlari nuqtai nazaridan ma'lum bosqichda turgan jamiyatga xos bo'lgan umumiy tomonni topishdir.
Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyadan farqli ravishda sivilizatsiya jamiyatning sifatiy o'ziga xosligini, umumiy ijtimoiy qonuniyatlarning u yoki bu mamlakat doirasida amal qiladigan, ishlab chiqarish kuchlari (texnologiya), inson faoliyati, madaniyati tomonidan belgilanadigan spesifikasini ifodalaydi. Har qanday sivilizatsiya takrorlanmas madaniyati, qadriyatlari, dunyoqarashi, axloq-odob normalari hamda hayotiy tamoyillariga ega bo'ladi. Bularning barchasi sivilizatsiyani yaxlit birlik sifatida mavjud bo'lishi uchun imkoniyat yaratadi. Bu sifatiy xususiyatlardan mahrum bo'lish sivilizatsiyani halokatga olib keladi.
XULOSA
Qayd etilgan mulohazalar "sivilizatsiya" tushunchasi muayyan xalq, mamlakat (jamiyat)ga yoki uning rivojlanishining sifatiy jihatdan farqlanuvchi ayrim bosqichlariga nisbatan ishlatilgandagina aniq ilmiy mazmunga va, demakki, metodologik ahamiyatga ega bo'lishini ko'rsatadi. Aynan etnik birliklar, mamlakatlar darajasida uning o'ziga xosligi, asosiy sifatiy belgilari o'zini yaqqol namoyon etadi.
Sivilizasiyaning mohiyatini belgilashda madaniyatning o'rni va roli beqiyosdir. Zero, ishlab chiqarish sivilizatsiyaning moddiy asosini tashkil etsa, madaniyat ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab oladi, uning qiyofasini, o'ziga xos rangini belgilab beradi. Hatto ishlab chiqarish kuchlariga ham o'ziga xos xarakterlilik, ahamiyatlilik beradi. Bu bilan madaniyat ijtimoiy hayotning tashkillashuvini, ya'ni sivilizatsiyaning shakllanishi, mavjud bo'lishi va rivojlanishini belgilab beruvchi o'ziga xos negiz, o'q vazifasini o'taydi. Demak, sivilizatsiya madaniyatning konkret namoyon bo'lishini, uning real mavjud hayotini aks ettiradi.
ADABIYOTLAR RO'YATI
1. https://www.gazeta.uz/oz/2021/08/17/renaissance/
2. https://uz.wiktionary. org/wiki/sivilizatsiya
3. Mamanov A. Kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining umumiy manzarasi. Toshkent. 2023. -B. 30.
4. Po'latov Sh. Arnold Toynbining "G'arb sivilizatsiyasi" konsepsiyasining mazmun mohiyati. Eurasian journal of academic research. Volume 3 Issue 4, Part 3 April 2023. -B. 59.
5. Mamanov A. Milliy mentalitet: xususiyat va omillar. Samarqand. 2015. -B. 132.
6. Mamanov A. Kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining umumiy manzarasi. Toshkent. 2023. -B. 24.