UDK 34
Eshdavlatova Z.N. magistrant
Toshkent Davlat Yuridik Universiteti O'zbekiston, Toshkent
SHAXSIY HAYOT DAXLSIZLIK HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY
KAFOLATLARI
Annotatsiya: Bugungi kunda inson jamiyatning har bir sohasida ishtirok etar ekan, uning hayoti va sha'ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari oliy qadriyat sifatida e 'tirof etiladi.
Kalit so'zlar: Konstitutsiya, daxlsizlik, shaxsiy hayot, kafolat.
Eshdavlatova Z.N. master student Tashkent State Law University Uzbekistan, Tashkent
CONSTITUTIONAL GUARANTEES OF THE RIGHT TO PRIVACY
Annotation: today, a person is involved in every aspect of society, his life and honor, dignity, rights and freedoms are recognized as the highest value.
Keywords: Constitution, inviolability, personal life, guarantee.
Inson huquqlari murakkab va ko'p qirrali hodisa hisoblanib, ularning kelib chiqishi, ijtimoiy ildizlari tarixiy, ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning ming yilliklarni bosib o'tgan va doimo siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, falsafiy ma'lumotlarning diqqat markazida bo'lgan azaliy muammolaridan biridir. An'anaga ko'ra, insonning shaxsiy hayot daxlsizlik huquqi, uy-joy daxlsizligi, yozishmalar siri kabi tabiiy huquq va erkinliklari davlat tomonidan berilmaydi, balki inson tug'ilishi bilan paydo bo'ladigan huquqlardir. Davlat esa bunday huquq va erkinliklarni faqat qonun bilan tan olishi va mustahkamlashi mumkin.
Shaxsiy hayot daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari masalasi hozirgi davr huquqiy maydondagi eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Ushbu huquqni konstitutsiyaviy kafolatlash orqali qonunchilikdagi turli ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar bartaraf etiladi va ularga asosli izoh beriladi. Shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirlarga bo'lgan huquqnining konstitutsiyaviy kafolatlari masalasini yoritish jarayonda ushbu huquqning rivojlanishi sabablarini ko'rib chiqish, ushbu munosabatlar bilan bog'liq bo'lgan amaldagi huquqiy tartibga solish hujjatlarida ham muayyan kamchiliklarni ko'rish imkoniyati vujudga keladi.
Konstitutsiyaviy kafolat tushunchasini ko'pgina olimlar huquqiy kafolatlar bilan aynan bir ma'noda ishlatishadi. T.T. Lyashenko o'z qarashlarida inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari turli formulalarda ifodalangan va umumlashtirilgan shaklda huquqiy davlat tomonidan qonun ustuvorligini ta'minlash majburiyatini oladigan huquqiy vositalar va mexanizmlar tizimi ekanligini aytib o'tgan.
A. Saidov ta'kidlashicha, huquqiy kafolat inson huquqi, erkinliklari va majburiyatlarining huquq normasida qaytd etilishi, davlat va xalqaro hamjamiyat institutlarining huquqni muhofaza qilish faoliyati bilan ularning ta'minlanishi, saqlanishi va himoyasini tushunish mumkin. Huquqiy kafolatlar qonunda belgilangan vositalar, umumiy shartlarning ifodasi hisoblanib, bevosita inson huquqlarini jamiyatda huquqiy jihatdan to'g'ri amalga oshirishni va ularning muhofaza qilish imkoniyatini ta'minlaydi.
Davlat qonun ustuvorligiga erishish uchun insonning asosiy huquqlarini ta'minlashning maxsus mexanizmlariga ega bo'lishi kerak. Yuridik fanda nisbatan yaxshi yo'lga qo'yilgan huquqiy tartibga solish mexanizmga asoslanib, insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblangan shaxsiy hayot daxlsizligini ta'minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy mexanizmi konstitutsiyaviy va huquqiy vositalarning qanchalik ishlayotganligida ko'rinadi.
Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi davrida shaxsiy daxlsizlik kafolatlarini ta'minlash masalalari tobora dolzarb bo'lib bormoqda. Rivojlangan davlatlar qatori O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham shaxsiy hayot daxlsizlik huquqi konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlangan. Ushbu huquq konstitutsiyaning 13-moddasida nazarda tutilgan bo'lib, unga ko'ra, O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko'ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr - qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
Shunigdek, yana bir qancha normalar, xususan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 va 27-moddalarida shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkamlanganligini va himoyada ekanligini ko'ramiz. Xususan, 25-moddada har bir inson erkinlik va shaxsiy hayot daxlsizligiga egaligi va bu huquqdan hech kim mahrum qila olmasligi ko'rsatilgan. Asosiy qonunimizning 27-moddasida esa hech kim qonuniy asoslarsiz birovning sha'ni va obro'siga tajovus qilishi, turar joyiga daxl qilishi, shaxsiy ma'lumotlarga oid sirlarni oshkor etishi mumkin emasligi belgilangan. Haqiqatdan ham, hech kimdan uning kelib chiqishiga, oilaviy ahvolining moliyaviy ta'minlash manbalariga, uning ishchanlik obro'siga doir ma'lumotlarni talab qilishi mumkin emas. Har bir kishi o'z hayotiga tegishli bo'lgan pochta va telegraf aloqalari, yozishma, telefon orqali so'zlashuvlari va boshqa sirlarini oshkor qilmaslik huquqiga ega. Shu sababli ham o'zga shaxslarga tegishli xat-xabarlar va ma'lumotlarni olish yoki ulardan o'z
л 8
manfaati yo'lida foydalanish ta'qiqlanishi qonunchiligimizda qonun va qonunosti hujjatlar bilan kafolatlangan.
Xalqaro darajada shaxsiy hayot daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy asoslariga nazar solsak, xalqaro huquq qoidalariga muvofiq ushbu huquqning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari yaratilgan. Ayniqsa, raqamli makonning jadal rivojlanishi davrida shaxsiy hayot daxlsizligi kafolatlarini ta'minlash masalalari tobora dolzarbligini ko'rsatmoqda. Shaxsiy ma'lumotlarning maxfiyligini qonun bo'yicha himoya qilish jismoniy shaxslar, tijorat tashkilotlari, davlat idoralari, huquqni muhofaza qilish organlari va milliy xavfsizlik xizmatlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirildi. Shaxsiy ma'lumotlarni to'playdigan va ishlatadigan korporatsiyalar uchun endi insonlarning shaxsiy daxlsizligi, oilaviy sirlariga oid ma'lumotlari aks etgan qonunchilikka e'tibor bermaslik va ularga rioya etmaslik huquqiy oqibatlarni keltirib chiqara boshladi. Masalaga umumiy yondashganda, shaxsiy hayot daxlsizlik huquqlari himoya qilish prinsiplari deyarli bir - biridan farq qilmasligi ko'rinadi, biroq unda qo'llaniladigan umumiy standartlar mamlakatlarda farq qiladi. Xususan, Yevropa Ittifoqidagi shaxsiy hayot daxlsizlik huquqi qonunlari va ularni kafolatlash masalalari Qo'shma Shtatlardagiga qaraganda ancha qat'iyroq. Stivens ta'kidlaganidek, "Yevropa Ittifoqining ma'lumotlarni himoya qilish bo'yicha direktivasi qonunchilik landshaftini yaratdi, unga ko'ra har bir Yevropa Ittifoqiga a'zo davlat direktivaning talqinini, mahalliy, madaniy va tijoratni aks ettiruvchi ma'lumotlarni himoya qilish bo'yicha mahalliy qonunlarni yaratishi shartligi belgilandi. Masalan, Germaniyada ma'lumotlarni himoya qilish bo'yicha qat'iy qonunlar mavjud. Ba'zi a'zo davlatlar o'zlarining tartibga solish yondashuvlarini qo'lladilar, Fransiya va Germaniya esa ma'lumotlar himoyasini buzganlik uchun qattiq jazolarni qo'llash uslubidan bordi". Shaxsiy hayot daxlsizlik huquqi so'nggi bir necha yil ichida xalqaro inson huquqlari kontektida tez-tez muhokama qilinib kelinadigan va xalqaro odatiy huquq sifatida e'tirof etiladigan huquqqa aylandi. Ushbu huquqning konstitutsiyaviy asoslarini yaratish va kafolatlarini ta'minlash talab darajasiga ko'tarildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 12-moddasida: "Hech kim uning shaxsiy hayotiga, oilasiga, uy-joyiga, yozishmalar, sha'ni va obro'siga tajovuz qilish yoki o'zboshimchalik bilan aralashishi mumkin emas. Har bir inson bunday aralashuv va hujumdan himoyalanish huquqiga ega", deya ta'kidlangan edi.
Shaxsiy hayot daxlsizlik huquqini himoya qiluvchi universal va mintaqaviy xalqaro shartnomalarning paydo bo'lishi, qonunchilik va u bilan bog'liq huquqning rivojlanish qonuniyatlarining rivojlanishi bilan birga keladigan texnik taraqqiyot jamoat munosabatlarining rivojlanishidan kelib chiqadigan harakatlantiruvchi omil bo'ldi. Yashash, erkinlik va shaxsiy hayot daxlsizlik huquqi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasi bilan kafolatlangan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12 - moddasida
ifodalangan asosiy tamoyillardan biri shaxsiy daxlsizlik, shaxsiy va oilaviy sirlarga bo'lgan huquqni rivojlantirishning yangi bosqichini belgilab berdi.
Hozirgi vaqtda shaxsiy va oilaviy hayotga bo'lgan, telefon suhbatlarining siri va uy-joy daxlsizligi huquqlari Yevropa davlatlarining aksariyat konstitutsiyalarida, shu jumladan 1994-yil 17-fevraldagi Belgiya Qirolligi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan. Germaniya Federativ Respublikasining 1949-yil 23-maydagi Asosiy Qonunida, 1975-yil Gretsiya Respublikasi Konstitutsiyasida, 1953-yil 5-iyundagi Daniya Qirolligi Konstitutsiyasida, 1944-yil 17-iyundagi Islandiya Respublikasi Konstitutsiyasida, Ispaniya Qirolligining 1978-yil 27-dekabrdagi Konstitutsiyasi, 1947-yil 22-dekabrdagi Italiya Respublikasi Konstitutsiyasi, 1968-yil 17-oktyabrdagi Lyuksemburg va 1983-yil 17-fevraldagi Niderlandiya, Portugaliya Respublikasining 1976-yil 2-apreldagi Konstitutsiyasi va boshqa konstitutsiyalarda mustahkamlandi hamda ushbu huquqning konstitutsiyaviy kafolatlari ta'minlandi.
Xulosa o'rnida shuni aytishimiz mumkinki, shaxsiy hayot daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash dolzarb muammodir. Raqamlashtirish sharoitida tartibga solishning barcha mavjud usullarini, jumladan texnologiyalar, ijtimoiy normalar va qonunchilikni qamrab oluvchi yondashuvlar, strategiyalar va vositalarni birlashtirish zarur.
Adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. - T.: Adolat, 2019.
2. Saidov. A.X. Inson huquqlari umumiy nazariyasi. IIV tizimidagi ta'lim muassasalari tinglovchi va kursantlari, shunigdek huquqni muhofaza etuvchi organlar xodimlari uchun darslik. - T.: 2012. - B. 85-89.
3. Stevens, Toby (2016), Data Protection: Objectives orOutcomes?14Sept. Available at ComputerWeekly.com.
4. Всеобщая декларация прав человека, принята Генеральной Ассамблеей ООН 10 декабря 1948 г. // Сборник документов. М., 1998.