"RAQAMLI TARIX" ("DIGITAL HISTORY") SOHASI XUSUSIDA
AYRIM MULOHAZALAR
Tog'ayev J.E.
t.f.f.d. (PhD), dotsent v.b., Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti. https://doi.org/10.5281/zenodo.11173403
Globallashuv jarayonida ilm-fan taraqqiyotida tezkorlik va sifat ko'rsatkichlariga erishish muhim ahamiyatga ega. Zero, axborot oqimi tobora shiddatli tus olayotgan ayni vaziyatda ta'lim oluvchilarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantira olishga erishish asosiy mezonlardan biri sanaladi.
"Raqamli tarix" sohasi doirasida tarixiy jarayonlarni anglashda axborot texnologiyalarining o'rni, fan masalalarini yechishda zamonaviy yondashuvlar [7], tarixiy voqeliklarni, faktlarni o'rganishda elektron manbalarning hamda internetning ilmiy va amaliy ahamiyatini hamda tarxiy tadqiqotda geografik axborot tizimlari, 3D modellashtirish texnologiyasining o'rni, virtual muzeylar ahamiyati, masofaviy ta'limning o'ziga xosliklari kabi masalalar ahamiyati ochib beriladi. Ma'lumki, "Digital history " atamasini ilmiy muomalaga kiritilishi amerikalik tadqiqotchi E.Eyers va U.Tomas nomlari bilan bog'liq (1997-yil, Virjiniya universiteti qoshidagi Virjiniya "Digital History" markazi).
Raqamli tarix yosh rivojlanayotgan sohalardan biri bo'lib, tarixni anglash hamda targ'ib qilishda muhim usullarni taqdim etmoqda. Texnologiya rivojlanishda davom etar ekan, raqamli tarix va boshqa fanlar o'rtasidagi munosabatlar tobora murakkablashib, fanlararo aloqalarning kuchayishi yangi ilmiy tadqiqot yo'nalishlarini shakllanishiga sabab bo'lmoqda.
Raqamli tarix sohasi shakllanishi va rivojlanishi bosqichida turli nomlar bilan ifodalangan bo'lsada, olimlar o'rtasida uning umumiy xususiyatlari e'tirof etiladi. Mazkur sohani aslida qanday nomlash masalasi mavjud ilmiy tadqiqotlarga tayanib aytadigan bo'lsak hali hanuz o'zining tugal yechimini topmagan. Shu o'rinda qayd etish kerakki, fanlararo kesishmada rivojlanayotgan har qanday yangi sohaning metodologik asoslarini ishlab chiqish, tadqiqot sohasini aniq belgilash murakkab jarayon hisoblanadi. Birgina kvantitativ tarix (Quantitative history) sohasini (miqdoriy usullar - voqelik va jarayonlarni miqdoriy ko'rsatkichlar tizimi asosida tahlil qilish) rivojlanishi misolida ham bu jarayonni kuzatish mumkin. I.D.Kovalchenko o'z kitobida kvantitativ tarix o'zining tadqiqot ob'ektini aniq belgilab olishiga o'n yillar vaqt ketganligi haqida qayd etadi [1].
Fanning shakllanishi bosqichida, tarixiy tadqiqotlar amaliyotiga kvantitativ tarix bilan bog'liq bo'lmagan yangi axborot texnologiyalari kiritila boshlanganda, yangi fanlararo yo'nalish mavzusi va usullarini faol muhokama qilish boshlandi.
Ushbu bosqich birinchi navbatda nazariy xususiyatga ega ko'plab savollarni tug'dirdi va natijada 1980-1990 yillarning oxirlarida bir qator xalqaro darajadagi ilmiy munozaralarni keltirib chiqardi.
"History and Computing" xalqaro assotsiatsiyasining ikkinchi konferensiyasida (1987-yil) Assotsiatsiya asoschilaridan biri va birinchi prezidentlaridan biri (1991-1994 yillar) M.Taller tarixiy ma'lumotlarni qayta ishlashning o'ziga xos xususiyatlarini professional tarzda muhokama qilish uchun kontseptual asos bo'lgan "Historical Computing"ning aniq nazariy asoslarini ishlab chiqishni taklif qildi. M.Taller kvantitativ tarixda qabul qilingan manbaga yo'naltirilgan yondashuv konsepsiyasining muallifi hisoblanadi. M. Taller ushbu konsepsiyaning batafsil bayonini 1993-yilda o'z tadqiqotlarida e'lon qilgan. Olim muammoga yo'naltirilgan va manbaga yo'naltirilgan yondashuvlar yoki tarixiy tadqiqotda kompyuterdan foydalanish usullarini farqlash zarurligini ta'kidlaydi [2, C. 15].
Shunga ham e'tibor qaratish joizki, "History and Computing" xalqaro assotsiatsiyasi 1986-yilda Londonda tashkil etilgan konferensiya doirasida "Kvantativ tarix", "Metodlar", "Kompyuter va ta'lim" kabi sho'balar mavjud bo'lgan bo'lsa, 1987-yildagi konferensiyada [2, 400-401] "Metodologiya", "Ta'lim", "Ma'lumotlar bazasi: tizimlar, metodlar va dasturlar", "Sun'iy intellekt va ekspert tizimlar", "Miqdoriy tahlil", "Demografiya, mirgatsiya va ijtimoiy tizim", "Iqtisod va jamiyat", "Siyosiy tarix", "Mintaqaviy ma'lumotlar bazasi" kabi sho'balarda tashkil etilganiyoq sohaning nazariy masalalari ko'lami naqadar keng ekanligini ko'rsatadi. Keyinchalik tashkilot o'z faoliyati davomida internet va uning ahamiyati, elektron arxivlar, muzey va axborot texnologiyalari, manbalarni raqamlashtirish, geografik axborot tizimlari kabi muhim masalalarga e'tibor qaratdi.
"History and Computing" xalqaro assotsiatsiyasi rahbarlaridan biri I.G.Anderson o'zining maqolasida [3] tarixiy informatikani ta'riflab, "ikkinchi inqilobiy rivojlanishni va axborot texnologiyalarida muhim o'zgarishlar sodir bo'lganligini qayd etadi. Bu jarayon XX asrning II yarmiga borib taqaladi" - degan fikrni ilgari suradi. Birichi inqilobni Y.Anderson 1960-yillar bilan belgilaydi. "Aynan shu davrdan boshlab tarixchilar kompyuter imkoniyatlari yordamida tarixiy manbalar tahlilidagi yuqori aniqlik, yangi yo'nalishlarning ochilishi va olib borilgan tadqiqotlarni taqqoslash imkoniyati paydo bo'lishi va qo'llanilishi bo'ldi" - deya ta'riflaydi tadqiqotchi. Bu fikrlarga qo'shilmagan holda, I.M.Garskova "tarixiy informatika fanini 1960-yillarga, ya'ni fanning vujudga kelishidan 20 yil oldin bilan belgilab bo'lmaydi" - deya ta'kidlaydi [4].
Rossiyalik olimlar sohani "tarixiy informatika" tarzida talqin etadilar. 1992-yildan o'z faoliyatini boshlagan "Tarix va kompyuter" assotsiatsiyasi Rossiya va
MDH davlatlari olimlarini soha atrofida birlashtirdi. Raqamli tarixning nazariy masalalari assotsiatsiyaning turli yillarda tashkil etilgan xalqaro konferensiyalari, ilmiy seminarlari, davra suhbatlarida muntazam muhokama etib kelinmoqda.
1993-1998 yillarda fanning uslubiy, ilmiy-nazariy asoslari, fanga oid tamoyil va yangicha yondashuvlarni tahlil qilgan konferensiyalar yilda bir marta tashkil etilgan. 1992-yilda "manbalarga yo'naltirilgan dasturiy ta'minot", "tarixiy matnlarni kompyuterlashtirilgan tahlili", "tarixiy tadqiqotlarga oid ma'lumotlar bazalari, tarixiy tadqiqotlarda statistik usullar va modellashtirish: yangi dasturiy mahsulotlar", "tarix fani va tarixiy informatika kursini o'qitishda kompyuterlar", "vizual manbalarning kompyuter tahlili", 1995-yilda "tarixiy informatika: nazariya va amaliyot muammolari", "kompyuter va miqdoriy tarix", "tarixiy jarayonlarni modellashtirish" [5, 6], "yangi axborot texnologiyalari: multimedia, kompyuter kartografiyasi, tarmoq texnologiyalari" "arxiv ishini axborotlashtirish", "axborot texnologiyalari va tarix ta'limi", 1998-yilda esa "metodologiya, metodlar va tarixshunoslik muammolari", "tarixiy demografiya", "ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tarix", "tarixiy tadqiqotlar va tarix ta'limida internet (tarixchilar uchun internet)", kabi dolzarb masalalar soha mutaxassislari ishtirokida muhokama etildi [2, 393400]. 2000-yildan boshlab esa "Tarix va kompyuter" assotsiatsiyasi har ikki yilda bir marta xalqaro konferensiya doirasida yig'ilishi belgilandi.
1997-1998 yillarda "Tarix va kompyuter" assotsiatsiyasining rasmiy sayti ishga tushdi. Ushbu internet sayti orqali fan doirasida o'tkaziladigan ilmiy seminar va konferensiyalar haqida ma'lumot olish, tadbirlarda e'lon qilingan materiallar bilan tanishish imkoniyati tug'ildi. Sayt orqali assotsiatsiya faoliyatiga oid deyarli barcha ma'lumotlar bilan tanishish mumkin (https://aik-hisc.ru/). 2012-yil kuzidan boshlab, "Tarixiy informatika" nomli ilmiy jurnal nashr etilmoqda (https://e-notabene.ru/istinf/). Mazkur ilmiy jurnal 2016-yil 31-dekabriga qadar "Tarixiy informatika. Tarixiy tadqiqotlarda axborot texnologiyalari va matematik usullar" deb nomlangan.
2017-yilga kelib, assotsiatsiya faoliyati natijasi o'laroq 20 ta monografiya, 20 ta maqolalar to'plamlari chop etildi. Bundan tashqari, Rossiya va bir qator MDH davlatlari bilan hamkorlikda 9 ta darslik nashr etildi.
Bugungi kunga kelib, "Tarix va kompyuter" assotsiatsiyasi Rossiya, Belarussiya, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Latviya, Ukraina kabi davlatlardan 200 ga yaqin tadqiqotchilarni birlashtiradi va raqamli tarix sohasida ilmiy tadqiqotlarni olib bormoqda.
Ma'lumot o'rnidan qayd etish mumkinki, Londonda har yili an'anaviy tarzda "Zamonaviy arxeologiya mukofotlari" (Current Archaeology Awards) nomli tadbir o'tkazilib, muntazam yo'nalishlar bo'yicha (yil arxeologi, yil kitobi, yil loyihasi)
g'oliblar taqdirlanadi. 2017-yilda tashkil etilgan "So'nggi 50 yillikda arxeologik innovatsiyalar" nomli tanlovda ishtirok etgan va g'olib bo'lgan barcha loyihalar bevosita zamonaviy axborot texnologiyalari bilan bog'liq. Jumladan, 2017-yildagi mukofotni qo'lga kiritgan g'oliblar orasida Laurens Shou bo'lib, u taqdim etgan loyiha LIDAR deb nomlanadi. Loyiha doirasida lazerli xaritalash texnologiyasi orqali bronza va ilk temir davriga oid arxeologik manzilgohlar va shu davrga oid topilmalar aniqlangan.
LIDAR (Light Detection and Ranging) texnologiyasining havo-desant texnologiyasi topografik xaritalarni yaratishda, arxeologik yodgorliklarning aerofotosur'atlarini olishda foydalanish mumkin. Yerda qo'llaniladigan LIDAR texnologiyasidan esa qadimgi strukturalarning aniq uch o'lchamli rekonstruksiyalarini bera oladi. Shuningdek, qolgan loyihalarda uch o'lchovli modellashtirish, tarixiy davrlashtirishning zamonaviy metodlari (dendraxronologiya, radiokarbon, izotoplar tahlili), paleantropologiyada mitoxondrial DNK tahlili, arxeologik ma'lumotlar bazasi kabi masalalar yoritilgan. Darhaqiqat, kompyuter texnologiyalarining rivojlanishi modellashtirish sohasi rivojiga sezilarli ta'sir o'tkazdi. Tarixchi va arxeologilar tomonidan analizning yangi instrumentlari, ma'lumotlar bazasi bilan ishlash, tarixiy matnning lingvistik analiziga oid maxsus programmalar, geografik axborot tizimlari (GAT yoki GIS) keyinroq esa uch o'lchamli modellashtirish qo'llanila boshlandi.
Umuman olganda, raqamli tarix fanlararo hamkorlikning o'zgaruvchan kuchini namoyish etadi. Texnologiya rivojlanishda davom etar ekan, fanlar o'rtasidagi chegaralar hiralashib, tadqiqotchi olimlar o'tmishni innovatsion usullar bilan o'rganish uchun birlashadigan yo'nalishlarni yaratadi. Tarixni anglash va raqamli vositalarning sintezi nafaqat tarix haqidagi tushunchalarimizni boyitadi, balki raqamli asrda bilimlarni yaratishda yaxlit va o'zaro bog'liq yondashuvlarni rivojlantiradi.
Adabiyotlar:
1. Ковальченко И.Д. Методы исторического исследования / И.Д. Ковальченко. Отделение историко-филологических наук. 2-е изд., доп. - М.: Наука, 2003. - 486 с.
2. Гарскова И.М. Историческая информатика: эволюция междисциплинарного направления. - СПб.: Алетейя, 2018. - 408 с.
3. Anderson I.G. History and Computing // Making History. Institute of Historical Research. - London., 2008.
http : //www. history .ac .uk/mak i n ghi story/resources/arti cl es/history and comp uting.html
4. Гарскова И.М. Информационные технологии и информационный подход в исторической науке. Вестник РУДН, сер. История России, 2011, №2 4. - С. 111-125.
5. Togaev J. E. APPROACHES IN HISTORICAL RECONSTRUCTION ISSUES // НАУКА И СОВРЕМЕННОЕ ОБЩЕСТВО: АКТУАЛЬНЫЕ ВОПРОСЫ, ДОСТИЖЕНИЯ И ИННОВАЦИИ. - 2020. - С. 83-86.
6. Тогаев Ж. (2022). ^адимги давр меъморчилиги тарихини урганишда иншоотларнинг реконструкция моделларининг ахдмияти. Значение цифровых технологий в изучении истории Узбекистана, 1(01), 29-33. https://doi.org/10.47689/.v1i01.13308
7. Ишанходжаева З.Р., Тагаев Ж.Э. Цифровая трансформация науки и образования: международная конференция в Ташкенте // Историческая информатика. - 2022. - №. 4. - С. 191-197.