Central Asian Journal of
Education and Innovation
QURILISH TENDERLARIDA FIRIBGARLIK HOLATLARI VA
ULARNI ANIQLASH
Saidov Dilshod Muxiddinovich
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Prokurorlik faoliyati yo'nalishi magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.14748892
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 20-Yanvar 2025 yil Ma'qullandi: 24- Yanvar 2025 yil Nashr qilindi: 27- Yanvar 2025 yil
KEY WORDS
qurilish tenderi, flribgarlik, mulk va mulk huquqi, hujjаtlаrni qalbakilashtirish, tender
natijalarini manipulyatsiya qilish va boshqalar.
Ushbu maqolada qurilish tenderlarining ahamiyati, qurilish tenderlari jarayonida yuz beradigan firibgarlik holatlari, firibgarlik jinoyatining subyekti, obyekti, predmeti to'g'risida, firibgarlikni amalga oshirish usullari, firibgarlik holatlarini aniqlash va firibgarlikni aniqlash jarayonini yanada osonlashtirishga xizmat qiluvchi tergov qilish jarayoni, shuningdek qurilish tenderida firibgarlik holatlarining oldini olishga yordam beruvchi chora-tadbirlar haqida so'zyuritiladi.
Qurilish sohasida tenderlar iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega jarayonlardan biri bo'lib, davlat va xususiy sektor o'rtasidagi hamkorlikni ta'minlashga xizmat qiladi, shuningdek, qurilish tenderlari yirik loyihalarni sifatli va samarali bajarish uchun eng yaxshi ijrochini tanlash imkonini beradi. Shu sababli, qurilish tenderlari o'tkazilish jarayoni davlat uchun ham xususiy sektor uchun ham birdek ahamiyatga ega sanaladi. Mamlakatimizda, asosan, davlat xaridlari doirasida tenderlar o'tkazilishi nazarda tutilgan. Qurilish tenderlariga atroflicha to'xtalib o'tadigan bo'lsak, qurilish tenderi - bu davlat yoki xususiy tashkilot tomonidan muayyan qurilish loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlash jarayoni hisoblanadi. Tender jarayonining asosiy maqsadi - loyiha xarajatlarini optimallashtirish, sifatli ishlovchini topish va shaffof raqobat muhitini yaratishdir, ya'ni qurilish tenderlarini o'tkazishdan asosiy maqsad bu buyurtmachi uchun ham bajaruvchi uchun ham xarajatlarni muvofiqlashtirib beradigan va eng muhimi bajarilishi lozim bo'lgan vazifa uchun eng maqbul ijrochini tanlash hisoblanadi.
ASOSIY QISM
Hamma sohalarda bo'lgani kabi qurilish tenderi o'tkazilishi jarayonida ham bir qancha jinoiy harakatlar sodir etilishi hammamizga ma'lum, garchi ushbu soha qonunchilik bilan tartibga solingan bo'lsa, ham. O'zbekiston Respublikasining "Davlat xaridlari to'g'risida"gi Qonunida belgilanishicha tender — davlat xaridini amalga oshirishning raqobatli tartib-taomili vositasida davlat xaridlarining ijrochisini aniqlash tartib-taomilini nazarda tutuvchi tanlov bo'lib, uning natijalariga ko'ra davlat xaridlari to'g'risidagi shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif etgan xarid qilish tartib-taomillarining ishtirokchisi g'olib deb topiladigan jarayon hisoblanadi. Qurilish tenderlarining ahamiyatli jihatlariga to'xtalib o'tadigan bo'lsak, ular:
Sifatni ta'minlash, ya'ni malakali qurilish tashkilotlari tanlanib, loyihaning yuqori sifatda
bajarilishi ta'minlash;
Budjetni tejash - raqobatli muhit eng qulay moliyaviy takliflarni tanlashga imkon berish;
Shaffoflikni oshirish - jarayonni qonunchilik asosida tashkil qilish korrupsion xatti-harakatlarning oldini olish hisoblanadi. Ammo, ba'zan ushbu maqsadlarni aylanib o'tgan holda jinoiy harakatlar ham sodir etiladigan holatlar uchrab turadi.
Mamlakatimizda qurilish tenderlarini amalga oshirish bosqichlariga to'xtalib o'tamiz. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.01.2022 yildagi 46-son "Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori va O'zbekiston Respublikasining 22.04.2021 yildagi O'RQ-684-son "Davlat xaridlari to'g'risida"gi Qonunida belgilanishiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasida tender vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning o'zida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
g'olibni aniqlash mezonlari tovarning (ishning, xizmatning) nafaqat pul bilan baholanishini, balki miqdoriy va sifat jihatidan baholanishini ham o'z ichiga oladi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo'yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravaridan ortiq (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq) miqdorni tashkil etadi.
Shuningdek, tender qonunchiligimizga ko'ra majburiy tartibda elektron shaklda o'tkazilishi nazarda tutilgan. Qurilish tenderlarini amalga oshirish bosqichlar quyidagilar hisoblanadi:
1. Tender e'lonini berish;
Tenderni tashkil qiluvchi buyurtmachi davlat reestrida tender e'lonini beradi, ya'ni Tender vositasidagi davlat xaridi to'g'risidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan cheklanmagan miqdordagi shaxslarga maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga ko'ra uning veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalarida tender o'tkazilishi to'g'risidagi e'lonni va tender bo'yicha xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yo'li bilan ma'lum qilinadi. Bu bosqichda loyiha maqsadi, talablari va shartlari batafsil bayon qilinadi.
2. Ishtirokchilarni ro'yxatga olish;
Tenderda ishtirok etishni xohlovchi tashkilotlar hujjatlarni topshiradi va zarur tekshiruvlardan o'tadi. Tender ishtirokchilarining takliflari e'londa va tender bo'yicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan tartibda ularning davlat xaridlari elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali, e'londa ko'rsatilgan muddatdan kechiktirmay elektron shaklda taqdim etiladi. Bu jarayon ishtirokchilarning malaka va tajribasini aniqlashga yordam beradi.
3. Takliflarni ko'rib chiqish;
Tender komissiyasi tomonidan taqdim etilgan takliflar baholanadi, ya'ni e'londa tender o'tkaziladigan vaqt sifatida ko'rsatilgan vaqtda davlat xaridlarining elektron tizimi avtomatik ravishda ishtirokchilar tomonidan joylashtirilgan va ularning tender takliflarini tashkil etadigan elektron hujjatlarni ko'rish imkoniyatini beradi. Davlat xaridlarining elektron tizimi ishtirokchi taklif etgan narxning boshlang'ich narxga muvofiqligini va elektron maydonlarning to'ldirilganligini tekshiradi. Agar ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx boshlang'ich narxdan yuqori bo'lsa, shuningdek biriktirilishi zarur bo'lgan hujjatlarni to'ldirish va joylashtirish uchun majburiy bo'lgan bo'sh maydonlar mavjud bo'lsa, davlat xaridlarining
elektron tizimi aniq sababni ko'rsatgan holda ishtirokchining tender taklifini rad etadi. Biriktirilgan hujjatlardagi ma'lumotlarning ishtirokchining tender taklifida ko'rsatilgan ma'lumotlarga muvofiqligini tekshirish xarid komissiyasining mas'ul kotibi tomonidan amalga oshiriladi. Bu bosqichda eng qulay moliyaviy va texnik takliflarni tanlanadi.
4. G'olibni aniqlash va shartnoma tuzish;
Tender natijalari bo'yicha shartnoma tender bo'yicha xarid qilish hujjatlarida va shartnoma tuzilayotgan tender ishtirokchisi tomonidan berilgan taklifda ko'rsatilgan shartlar asosida davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Shartnoma shartlari qonunchilikka muvofiq tayyorlanadi.
5. Ijroni monitoring qilish;
Qurilish ishlari davomida shartnoma shartlariga rioya qilinishi ustidan nazorat o'rnatiladi. Bu bosqichda sifat va hajm tekshiriladi.
Yuqoridagi bosqichlardan ko'rinib turibdiki, qurilish tenderlari qurilish loyihalarini shaffof va samarali amalga oshirish uchun zaruriy vositadir. O'zbekiston qonunchiligi doirasida ushbu jarayon qat'iy nazorat qilinadi, ammo qat'iy nazorat qilinishiga qaramasdan ushbu jarayonda ham bir qancha jinoiy harakatlar ham amalga oshiriladi, masalan, qurilish tenderini amalga oshirish jarayonida firibgarlik holatlari o'ziga xos xususiyatga ega, chunki tomonlar, ya'ni buyurtmachi o'zi oldindan kelishgan yoki unga tanish bo'lgan qurilish korxonasi tenderda g'olib bo'lishi uchun, qasddan aynan ushbu qurilish korxonasiga mos keladigan talablar qo'yishi, yoki aksincha tenderda ishtirok etuvchi qurilish korxonadi tenderda g'olib bo'lish uchun hujjatlarni soxtalashtirishi kabi firibgarlik holatlari amaliyotda ko'plab uchrab turadi va biz ularga quyida atroflicha to'xtalib o'tamiz.
Avvalo, firibgarlik jinoyati tushunchasi, obyekti, subyekti, predmeti haqida qisqacha ma'lumot berib o'tamiz. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik jinoyati tushunchasi va uning javobgarlik holati ask ettirilgan, unga ko'ra firibgarlik bu aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo'li bilan o'zganing mulkini yoki o'zganing mulkiga bo'lgan huquqni qo'lga kiritish hisoblanadi, ya'ni firibgarlik jinoyati sodir etilgan bo'lishi uchun, albatta bir tomon ikkinchi tomonni qasddan aldashi yoki uning ishonchini suiiste'mol qilish yo'li bilan uning mulkini yoki mulkiy huquqini qo'lga kiritgan bo'lishi lozim hisoblanadi.
Firibgarlik jinoyatining bevosita obyekti o'zganing mulki yoki mulkiy huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan ijimoiy munosabatlar husoblanadi. Tajovuz predmeti mulkdan tashqari yuridik kategoriya sifatida o'zganing mulkiga bo'lgan huquq, mulkka bo'lgan alohida vakolatlar (masalan, aybdor uyda yashash huquqini qo'lga kiritishi mumkin) hisoblanadi.
Obyektiv tomondan firibgarlik aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo'li bilan o'zganing mulkini yoki o'zganing mulkiy huquqini qo'lga kiritishdan iborat.
Subyektiv tomondan firibgarlik to'g'ri qasddan g'arazli maqsadda sodir etiladi, ta'magirlik maqsadining mavjudligi firibgarlikning zaruriy belgisi hisoblanadi, ya'ni aybdor o'zganing mulkini qo'lga kiritish maqsadida jabrlanuvchini chalg'itayotganligini yoki bila turib ishonchini suiiste'mol qilayotganligini anglab yetadi va buning sodir etilishini xohlaydi. Shuningdek, ushbu jinoiy qilmish aybdor mulkiy foyda olish va boyib ketish maqsadida sodir etadi. G'arazli maqsadning mavjudligi firibgarlikning zaruriy alomati hisoblanadi, shu bilan birga, agar mulkni aldash yo'li bilan g'arazli maqsadlarsiz egallagan bo'lsa (masalan, boshqa shaxsning nomidan oylik ish haqini unga berib qo'yish maqsadida olish), qilmishni firibgarlik
sifatida kvalifikatsiya qilib bo'lmaydi. Shuningdek, firibgarlik jinoyatining subyekti 16 yoshga to'lgan, aqli raso har qanday shaxs bo'la oladi .
Yuqoridagilardan anglashimiz mumkinki, firibgarlik jinoyati qasddan jinoyatchining g'arazli maqsadi natijasida yuz beradi va albatta ushbu jinoyatning predmeti mulk yoki mulkiy huquq hisoblanadi. Qurilish tenderlarida firibgarlik holatlarini aniqlash alohida murakkabliklarga ega bo'lib, ularning xususiyatlari bilan bir-biridan farq qilsada, ularning barchasi bir xil vazifani amalga oshirishi bilan o'xshash sanaladi. Qurilish tenderlarida firibgarlikning quyidagi usullaridan foydalanish holatlari mavjud:
1. Soxta hujjatlar tayyorlash
•Tender ishtirokchilari o'z malakasi yoki moliyaviy holati to'g'risida noto'g'ri ma'lumotlar ko'rsatadi.
•Loyihalar uchun atayin yuqori sifatli materiallar ko'rsatilib, amalda past sifatli materiallardan foydalaniladi.
•Firibgarlar soxta sertifikatlar, litsenziyalar yoki moliyaviy imkoniyatlar haqidagi yolg'on hujjatlar bilan qatnashadi.
•Qurilish tajribasi yoki bajarilgan loyihalar haqida yolg'on ma'lumot beriladi.
2. O'zaro kelishilgan tenderlar
•Ishtirokchilar o'zaro kelishib, narxlarni manipulyatsiya qilish orqali tender natijalarini boshqaradi.
•Bunda g'olib bo'lgan kompaniya boshqa ishtirokchilar bilan oldindan kelishib, ularga "tasalli mukofoti" to'laydi.
3. Narxlarni manipulyatsiya qilish
•Tender jarayonida past narx taklif qilish, ammo shartnomani keyinchalik qo'shimcha to'lovlar orqali o'zgartirish.
•Qurilish jarayonida rejalashtirilmagan xarajatlarni yuzaga keltirib, loyiha qiymatini sun'iy oshiriladi.
•Tender yutib olingandan keyin qurilish narxi qasddan oshiriladi. Masalan, qo'shimcha ishlar, materiallar yoki xizmatlar uchun qo'shimcha xarajatlar hisoblanadi.
4. Ishlarning hajmini va sifatini buzish
•Qurilish materiallari yoki xizmatlar hajmini kamaytirish orqali ortiqcha mablag' olish.
•Loyihada belgilangan standartlarga rioya qilmaslik.
•Tender yutgan kompaniya past sifatli materiallardan foydalangan holda qurilish ishlarini olib boradi yoki qurilishda talab etilgan sifat standartlariga rioya qilmaydi.
5.Tender shartlarini manipulyatsiya qilish
•Qarindoshlik yoki tanish-bilishchilik: Tender shartlari shunday tuziladiki, faqat oldindan tanlangan kompaniya talablarni qondira oladi. Masalan, muayyan qurilish materiallaridan foydalanish yoki maxsus sertifikatlarga ega bo'lish talab etiladi.
•Noto'g'ri baholash: Komissiya maxsus kompaniyaning narxi yuqori bo'lsa ham, boshqa raqobatchilardan ustun qo'yadi.
6.Qarindosh kompaniyalarni jalb qilish
•Tender g'olibini oldindan belgilash uchun tanish yoki bog'liq kompaniyalar raqobatchi sifatida ko'rsatiladi. Bu ko'rinishda raqobat bordek tuyuladi, ammo aslida haqiqiy raqobat bo'lmaydi.
7.Korrupsiya va pora
•Tender komissiyasi a'zolariga pora berib, o'z manfaatdor kompaniyasini g'olib qilib chiqarish.
8.0'g'irlik va moliyaviy firibgarlik
•Tender byudjeti qasddan oshiriladi, so'ngra ortiqcha mablag' o'zlashtiriladi.
•Loyihada ko'rsatilmagan, lekin byudjetga kiritilgan xarajatlar hisobiga pul o'g'irlanadi.
9.O'z vaqtida bajarilmagan ishlar
•Qurilish ishlari muddatidan kechikadi, lekin oldindan to'langan pul boshqa maqsadlarda ishlatiladi.
Yuqoridagi holatlar qurilish tenderida uchrab turadigan firibgarlik holatlari hisoblanadi. Shu o'rinda A.G.Bezverxovning quyidagi fikrlarini keltirib o'tishni joiz deb topdik, ya'ni uning fikriga ko'ra "Qonun chiqaruvchi bizni firibgarlik - tadbirkorlik tizimining ajralmas qismi, ishlab chiqarish esa - bozorni tashkil etish uchun o'ziga xos "to'lov" ekaniga ishontiradi hamda ularga sabrlilik va bag'rikenglik bilan yondashish kerak ekanini tushuntiradi", - deb ta'kidlaydi . . Tadbirkorlik jarayonida firibgarlik holatlari tabiiy holdek, tuyulishi mumkin, lekin tadbirkorlik jarayonida sabrlilik va bag'rikenglik hammasidan muhim ekanligini ta'kidlaydi, ya'ni har bir ishni amalga oshirayotganda adolat bilan yondashish juda muhim, adolat bilan qilingan ish ikkala tomonga ham foyda keltiradi.
Yuqorida sanab o'tilgan firibgarlik holatlari, ya'ni Jinoyat kodeksining 168-moddasida belgilangan holatlar ba'zida bitta o'zi emas, balki boshqa moddalar bilan birgalikda sodir etilishi mumkin, masalan, aybdor firibgarlikni sodir etishda soxta hujjatlardan foydalansa, uning qilmishi firibgarlik tarkibi bilan qamrab olinadi va u O'z.R. JK 228-moddasi bilan qo'shimcha kvalifikatsiya qilinmaydi. Biroq, firibgarlik harakatini sodir etish maqsadida aybdor shaxsning o'zi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlasa, ularni qalbakilashtirsa, uning qilmishlari jinoyatlar jami bo'yicha O'z.R. JK 168-moddasi va 228-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan kvalifikatsiya qilinishi zarur ligi belgilab qo'yilgan.
Firibgarlikni aniqlashda asosiy ko'rsatkichlar quyidagilar hisoblanadi:
Tender takliflarining o'xshashligi: Turli ishtirokchilarning bir xil narxlar yoki bir xil xatoliklar bilan hujjat topshirishi;
Tadbirkorlarning aloqadorligi: Ishtirokchilar orasida bir xil manzil, bank hisoblari yoki rahbariyatdagi bog'liqliklar aniqlanishi;
Tender jarayonidagi nomuvofiqliklar: Tender e'lon qilish muddati qisqaligi yoki aniq bir tashkilotga mos shartlarning ko'rsatilishi kabi holatlar aniqladi va bu albatta ushbu holatlarda firibgarlik jinoyati mavjudligidan darak beradi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2023-yil 23-iyundagi 17-son "Firibgarlikka oid ishlar bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida"gi Qaroriga ko'ra firibgarlik o'zganing mulkini yoki mulkka bo'lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo'li bilan qonunga xilof ravishda va tekin qo'lga kiritishda ifodalanib, buning ta'sirida mulkdor (uning vakili), mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo'lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo'lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo'yilishiga imkoniyat beradi. Qurilish tenderida ham g'olib bo'lgan qurilish korxonalari tomonidan, tenderda ishtirok etayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan, shuningdek, tenderni tashkil etuvchi tashkilot tomonidan firibgarlik holatlari yuqorida sanab o'tilgan usullarda amalga oshiriladi.
Xususan, firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to'g'ri kelmaydigan yolg'on ma'lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo'yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma'lum qilinishi lozim bo'lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi, ya'ni bajaruvchi o'zi bilgan holda qasddan yolg'on ma'lumotlar taqdim qilish: lisenziyani qalbakilashtirish, o'z malakasi yoki moliyaviy holati to'g'risida noto'g'ri ma'lumotlar ko'rsatish, soxta sertifikatlar, litsenziyalar yoki moliyaviy imkoniyatlar haqidagi yolg'on hujjatlar taqdim qilishi aldash hisoblanadi.
Yuqoridagi qarorda belgilanishicha, firibgarlikda yolg'on ma'lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo'lgan har qanday holatlar bo'yicha ma'lumotlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning niyati, vakolati ham firibgarlikka taalluqli bo'lishi mumkin. Shuningdek, agar shaxs o'zaro ixtiyoriy yozma bitim, kelishuvlar (qarz shartnomasi, tilxat, kafolat xati va boshqalar) asosida o'z zimmasiga olgan majburiyatlarini uni ijro etish jarayonida yuzaga kelgan ayrim obyektiv sabablarga ko'ra (masalan, mulkiy nochorligi, shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo'lgan vaziyatning jiddiy o'zgarishi, og'ir kasalligi, favqulodda holat tufayli) bajara olmasa yoki o'zganing mulkini egallashga nisbatan qasd mavjudligini isbotlashning imkoni bo'lmasa, bunday holatlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizo sifatida baholanib, fuqarolik, iqtisodiy sud ishi yurituvi tartibida hal etilishi nazarda tutilgan.
Qarorga ko'ra qalbaki hujjatdan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik, basharti hujjat aybdor tomonidan tayyorlangan yoki soxtalashtirilgan bo'lsa, jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va 228-moddasi birinchi yoki ikkinchi qismlari bilan kvalifikatsiya qilinishi belgilangan, ya'ni qurilish tenderi davomida tomonlardan biri yoki ikkalasi, shuningdek tenderda ishtirok etayotgan ishtirokchilar tomonidan qalbaki hujjatlardan foydalanish holati aniqlansa, ushbu holat faqatgina firibgarlikning tarkibinigina emas, balki JK 228-moddasining ham tarkibini berganligi sababli ushbu holatda har ikkala modda bilan javobgarlikka tortiladi.
Shuningdek, firibgarlikda shaxs firibgarlik maqsadida o'zi tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan, yoki boshqa shaxs tokmonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalanishi muhim hisoblanadi. Masalan, shaxs firibgarlik maqsadida o'zi tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan biroq unga bog'liq bo'lmagan holatlarga ko'ra o'zganing mulkini ololmay yoki mulkka nisbatan huquqqa ega bo'lolmay qolgan hollarda qilmish jinoyatlar majmui tarzida JK 25-moddasi ikkinchi qismi, JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Agar shaxs boshqa shaxs tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan holda firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlari JK 168-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK 228-moddasi uchinchi qismi bilan qo'shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi, chunki bunday holda hujjat aybdor tomonidan o'z maqsadiga erishish uchun aldash vositasi sifatida foydalanilgan bo'ladi.
XULOSA
Qurilish sohasidagi tenderlar ko'p hollarda davlat moliyaviy resurslari va yirik miqdordagi mablag'larni o'z ichiga oladi. Ushbu jarayonlarda firibgarlik holatlari sodir etilishi ehtimoli yuqori bo'lib, bu nafaqat iqtisodiy zarar, balki jamoatchilik ishonchini yo'qotishga ham olib keladi. Firibgarlik holatlarini aniqlash va tergov qilishda maxsus usullar, texnologiyalar va huquqiy mexanizmlardan foydalanish talab etiladi. Bu kabi
firibgarliklarning oldini olish uchun ochiq va shaffof tender jarayonlarini joriy qilish, mustaqil ekspertizani tashkil etish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni talab etadi..
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi.
2. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi.
3.O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.01.2022 yildagi 46-son "Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori
4.O'zbekiston Respublikasining 22.04.2021 yildagi O'RQ-684-son "Davlat xaridlari to'g'risida"gi qarori
5. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2023-yil 23-iyundagi 17-son "Firibgarlikka oid ishlar bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida"gi Qarori
6. Жиноят хукуки Maxcyc ;исми тушунчaси, вaзифaси, предмети Ba тизими
7. Безверхов А.Г. К проблеме декриминaлизaции экономических преступлений // Вестник Ka3aHC^^ юридического инститyтa МВД Росии. - 2014. - №4 (18). - С. 24. 8.S.S, Niyozova. O.S, Toshev. Jinoyat-huquqiy siyosat (Umumiy qism). {Matn}: darslik /Niyozova Salomat Saparovna, Toshev Otabek Sodiqovich. - T.: TDYU nashriyoti, 2024. - 149 b.
9.Жиноят хукуки: Олий укув юртлaрининг хукукшунослик бyйичa тaълим олaётгaн тaлaбaлaри учун/ Мyaллифлaр: М.Х.Рyстaмбоев, Ф.Тохиров, А.К. Эркaходжaев, Х.Б. Бобоев тaхрири остидa. Мaсъyл мyхaррир: Й.М. Kaрaкетов - Т.: "Ифтисодиёт Ba хуку; дунёси" нaшриёт уйи, 2000. - 224-б.